Поиск

muvozanat.info

Xoldor Vulqon

O'zbekiston Yozuvchilar uyushmasining a'zosi

 

Odamzod bu dunyoga aylanish uchun keladi



Ma’lumki, hech kim, hatto manaman degan akademik olim ham hech qachon oddiy xalqdan donishimandroq bo‘lolmaydi.

Isbot uchun xalq og‘zaki ijodini olib ko‘raylik. Xalq og‘zaki ijodi namunalariga bastalangan shunday qo‘shiqlar borki, ularni ancha muncha shoir yozolmaydi.

O‘zbek xalq maqollari esa, ming - ming yillar elagida qolgan olmos donalar, ota buvalarimizdan meros bebaho hazinalardir.

Bu maqollar shunisi bilan azizki, ular bizning milliy zexniyatimiz bilan chambarchas bog‘liq, turmush tarzimizga, urf -odat va madaniyatimizga uyg‘un.

Xalqimizning oddiy "Aylanib ketay sandan" degan gapining o‘ziyoq, doimiy aylanib turadigan koinot bilan, kosmik tumanliklar harakati bilan bog‘liq ekani haqida hech o‘ylab ko‘rganmisiz?

Buni qarangki, odamzod ixlos bilan betob farzandi atrofida aylansa, xastalik o‘ziga o‘tib, bolasi sog‘ayib ketar ekan.

So‘fiylarning gir aylanib zikr tushishlari ham aynan koinotning aylanma harakati bilan bog‘liq.

Ha, olam aylanadi.

Bugun endi "olam aylanmaydi" degan odamni osiy deya e’lon qilib, gulxanda kuydirishlari ham hech gapmas.

Goh u shaharga, goh bu shaharga borib, aylanib, yana uyiga qaytib kelaveradigan, aylana shaklda muttasil harakatlanib, olamlar bilan birga chirpirab, charx uradigan, tuproqdan bunyod etilgan odam yana tuproqqa aylanaveradi.
Oddiy, yag‘ir do‘ppi kiygan o‘zbekdan: -Ha, nima qilib yuribsan? -deya so‘rasangiz, u soddagina qilib: - Aylanib yuribman -deya javob beradi.

Ha, odamzod bu dunyoga aylanish uchun keladi.
Yo jannatiyga yo do‘zaxiyga.

Mening eng qoyil qoladigan narsam, ota bobolarimiz hali yer quyosh atrofida, quyosh sistemalari esa, yana qaysidir markaz tevaragida aylanishi to‘g‘risidagi gipoteza paydo bo‘lmagan zamonlardayoq olamni "ChARX", ya’ni aylanib turguvchi deya ataganlar.

Bunga qadimiy she’riyatimizdagi charx, charxi kajraftor (ters aylanuvchi olam) so‘zlari dalil va dastak bo‘la oladi.

Keyinchalik ma’lum bo‘ldiki, olam rostdan ham charx kabi aylanib turar ekan.

Shu ma’noda xalqimizning ruslarni "O‘rislar" deya atashi ham shunchaki aytilmaganday, xalqimiz "o‘ris" deganda O‘g‘iz ma’nosini nazarda tutganday tuyulaveradi menga.

Kim biladi, balki o‘rislar ham biz kabi qadimiy O‘g‘izlarning avlodlaridirlar?

Albatta bu bir gipoteza.

Balki bu haqda ham chuqurroq va jiddiyroq o‘ylab ko‘rish kerakdir?
"O‘zbek" atamasi ham menimcha O‘g‘iz beklari degan tushunchadan tashkil topib, O‘g‘izbeklarga aylanib, O‘G‘IZBEK tushunchasidan esa, keyinchalik O‘ZBEK atamasi paydo bo‘lganov.
Yana Valloxi a’lam.
Mening bu shaxsiy fikrlarimga hayrhox bo‘lmagan ba’zi kimsalar darrov bu gaplarimdan gula ko‘tarishga shoshilmasliklari uchun bir ajoyib o‘zbek vatandoshimiz bilan kechgan suhbatimizga to‘xtalmoqchiman.

Davrada o‘zbeklar juda ko‘p edi va ular falon sarkarda ham, falon olim ham o‘zbek bo‘lgan deya o‘zaro baxslashar, tortishar edilar.

Tabiatan kamgap, kamtarin, ammo g‘oyat donishmand suhbatdoshim esa, menga sekingina: -Odam Ato ham o‘zbek bo‘lgan ekan, haa -dedi va yelkalarini silkitib kula boshladi.

Mening ham kulgim qistadi.

Ikkalamiz rosa kuldik.

Darhaqiqat, inson bolasi qaysi irqqa, qaysi millatga, qaysi dinga qarashli bo‘lishidan qat’iy nazar, aslida bir oilaning a’zosi, Odam Atoning zurriyodi xisoblanadi.

Shu ma’noda nafaqat O‘zbekistonimizda mavjud barcha xalqlar va elatlar, balki butun dunyo xalqlari millatidan, dinidan, irqidan qat’iy nazar bir oila farzandlariday ahil inoq yashashlari kerak.

Kimda kim Odam Atoning Xudo tamonidan yaratilganini inkor qilsa, u odam musulmon bo‘ladimi, nasroniy bo‘ladimi, iudey yoki buddaviy bo‘ladimi imoni shubha ostida qoladi.

Negaki, barcha dinlar Odam Atoning Xudoi Taolo tamonidan yaratilgani to‘g‘risidagi haqiqatni inkor etmaydi.

Demoqchimanki, agar biz O‘zbekistonliklar jonajon mustaqil Vatanimizda doimo tinchlik -omonlik, hotirjamlik bo‘lishini istasak, jamiyatda chayonday ovozsiz o‘rmalab, sekin asta fashizmni oyoqlantiradigan, o‘zaro janjallarga, qonli urushlaru qirg‘in barotlarga sababchi bo‘ladigan irqchilik, millatchilik kabi jirkanch illatlardan yiroqroq yashashimiz kerak.

Hazrati Alisher Navoiy bu haqda faqat dunyo halqlariga emas, hatto olam ahliga qarata:


Olam ahli, bilingiz, ish emas dushmanlig‘,

Yor o‘ling bir biringizg‘akim, yorlig‘ ish.




deya ta’lim berganlar.

Endi, Alisher Navoiydan ham donishmandman degan kimsalar bo‘lsa, o‘zlari biladi.

Men shunchaki aytdim, qo‘ydim.



23/05/2018.
Kunduz soat 12:28.
Kanada, Onterio.

 


0_c3d3f_4c0c2109_XL (700x462, 134Kb)

 

Обновлено (23.05.2018 18:29)