Xoldor Vulqon


ABDULLA ORIPOV SHE‘RIYATI HAQIDA

 


Abdulla Oripov ijodiga chuqurroq nazar tashlash uchun uning oltmishinchi yillarida yozgan she‘rlariga murojaat qilmoq kerak.Negaki, shoirning aynan o‘sha davrlarda yozgan she‘rlari adabiyotimizda voqea bo‘ldi, se'riyat muhlislarining e‘tiborini tortdi, muhabbatini qozondi. Eslang.Cho‘lponning "Oydanda go‘zaldir, kundanda go‘zal"  misralarida "go‘zal" degan umumiy sifat bor va u sifatning mazmun mohiyati ochib berilmagan.Ifoda yo‘q.Haqiqiy shoir ana o‘sha umumiy sifatning biron detalga tegishli mazmunini, mohiyatini, shaklu shamoilini so‘z bilan ifodalab, o‘sha holatni o‘z tafakkur chirog‘i bilan yoritarak, o‘qiguvchining tuyg‘u rishtalariga teginadi, ularni tebratadi.Abdulla Oripov "Go‘zal" so‘zini ishlatmagan holda go‘zallikni tasvirlaydi.So‘z bilan qog‘oz bo‘ziga oqshom manzarasini chizadi.

 

Kecha oqshom falakda oy bo‘zarib botganda

 

deya yozarkan, ko‘z oldingizga lop etib, sokin yoz oqshomi, teraklar ortida bo‘zarib turgan oyning gardishi namoyon bo‘ladi.Shoir aytmasa ham, o‘sha osuda oqshom chigirtkalarining bir moromda chirillashlarini eshitayotganday bo‘lasiz.Voqealar izchilligiga ham e‘tibor bering.Oy bo‘zarib botayotgan mudroq va xorg‘in kecha.

 

Zuxro yulduz miltirab, xira handa otganda

 

deya davom etarkan, shoir yulduzni jonlantiradi.U boshqa e‘jodkorlar kabi "Yulduz porlamag‘da" demaydi.Uningcha yulduz xira handa otadi. Hammamiz subhi sodiq mahal o‘sha xira porlayotgan yulduzga qarab ag‘rayib qolgandaymiz go‘yo.Demak, tun oyoqlamoqda.Ammo lirik qahramon hanuz uyg‘oq.Nega? Chunki, birinchi muhabbatini eslab, uning uyqusi qochgan.

 

Ruhimda bir mayuslik, sokinlik uyg‘otganda

 

degan misralarni o‘qigan odam "Yo tovba, odatda odamni shovqin uyg‘otardi.Abdulla Oripovni esa, aksincha, sokinlik, jimlik uyg‘otar ekanda" deya hayratlanishi ham mumkin.Ha, shoirni shovqinlar emas, sokinlik uyg‘otadi, kimsasiz jimlik unga uyqu bermaydi.Abdulla Oripov yuqorida aytganimiz, umumiy tushunchani, mavhumlikni aniqlashtirmoqda, tiniqlashtirmoqda, u tushunchaga shakl -shamoil bermoqda.U "Uyqum ochilib yoki qochib ketgan payt" deb yozishi ham mumkin edi.Agar o‘shanday yozganda Abdulla Oripovni hech kim shoir deb tan olmagan bo‘lardi.Haqiqiy shoir har bir she‘rida, har bir misrasida yangi, hali boshqa shoirlar ishlatmagan tashbehlarni qo‘llaydi va u tashbehlarni izlab ham yurmaydi.Ular o‘zi quyilib kelaveradi.Shoir odam shovqinlar ichida uxlashi mumkin, ammo u sokinlik, oydinlik ichra uxlolmaydi.

 

 

"Munojot" she‘rida Abdulla Oripov

 

Eshilib, to‘lg‘onib, ingranadi kuy

 

deya yozadi. Abdulla Oripov ko‘zga ko‘rinmas ohangni, dardni, tuyg‘uni tasvirlaydi, kuyning, iztirobning, g‘amning, hasratning, suratini chizadi.U avval "Eshiliiiib" deydi.Keyin "To‘lg‘oniiiib" deya tasvirni yanada yuqori pardalarga ko‘tararkan, "Ingranadi kuy" deya dardli ohang harakatini aniq ifodalaydi.Ana o‘sha aniq va tiniq ifoda, tasvir jozibasi bizni hayratlantiradi, sehrlab qo‘yadi.

 

Qaydan kelayotir bu ohi frayod?

 

deya shoir bo‘ynini cho‘zib, asrlar devoridan moziyga qarayotganday tuyuladi go‘yo.

 

Kim u yig‘layotgan, Navoiymikan?

Vayo may kuychisi Hayyommikan, dood!

 

deb yozilgan baytni o‘qirkansiz, u so‘zlar, u misralar shoir yuragidan, vujudidan otilib, titilib, sitilib chiqayotganini his qilasiz.Shoir mazmunni qofiyaga yem qilmagani kabi, qofiyani ham mazmunga qurbon qilmaydi.Eng muhimi, u she‘rdagi dardni, ruhiy iztirobni, badiiylikni, tuyg‘uni saqlab qoladi.

Abdulla Oripovning kitoblariga qo‘ygan nomlari ham insonga osuda tong kabi tiniq tuyg‘u, dalalar etagida sayragan popishak ohiday hasratli qayg‘u baxsh etadi.

"Yurtim shamoli", "Yillar armoni" va hokazo.Shoir "Ayol" she‘rida:

 

Sevgidan yetimu umrdan yarim,

Qurigan ko‘ksida yolg‘iz belanchak.

 

deydi.Bu misralar bir beva ayolga so‘zlarning asriy toshlaridan yo‘nilgan qayg‘uli haykaldir.Abdulla Oripov o‘sha she‘rida;

 

Qaqragan lablarda olovli nafas

 

deya ayriliq iztirobidan yonib kul bo‘lgan beva ayol vujudining o‘tli xaroratini birovlar ishlatmagan o‘ziga hos tashbehlar bilan qiyomiga yetkazib ifodalaydi.

 

Yillar ham o‘tdilar, hamon u yolg‘iz,

Mung‘ayib termular botguvchi kunga.

 

degan misralarini o‘qib, yolg‘iz ayolning botguvchi quyoshga mung‘ayib termulgan holatini his etasiz.She‘rni davom etdirarkan, shoir o‘zi tuygan qayg‘u otashini ichiga sig‘dirolmay portlab ketadi go‘yo,

 

Ey nomard tabiat, bormi senda his,

Qaytadan baxt bersang bo‘lmasmi unga?!

 


deya hayqiradi.Ha, haqiqiy shoirlar she‘r yozayotib bir zum aqldan ozadilar, o‘zini unitib yozadilar.Unday she‘rlar shoir ruhining tub -tubidan, yuragining qa‘ridan otilib chiqadi.Yuqorida biz tadqiq qilib topgan olmos qirralarni Abdulla Oripovning deyarli barcha she‘rlarida uchratish mumkin.

Abdulla aka, yaxshi yuribsizmi shuytib?Musofirning duosi naqd deydilar.Sizni uzoq -uzoqlardan turib duo qilamiz, ustoz.Adabiyotimiz, xalqimiz, yaqinlaringiz, do‘stlaringiz, va biz kabi daydi shogirdlaringiz baxtiga doimo sog‘ -omon bo‘ling!

Hurmat bilan, Xoldor Vulqon.

 

 

30/03/2014.

Kunduz soat 10 dan 5 daqiqa o‘tdi.

Kanada.