Xoldor Vulqon


Qaldirg‘och

 

 


Yer bag‘irlab uchgan qora qaldirg‘och,

Xalqimday daladan rizqing terasan.

Tongda simga qo‘nib, qanotlaringni,

O‘tkir qaychi kabi kerasan.

 


Hajrrrr -ajrrrr! -deya o‘qiysan duo,

Aks -sado berar Xudoning arshi.

O‘tomoch ortidan rizqingni izlab,

Charx urib uchasan shamolga qarshi.

 


Kuzda ketganingni sezmay qolar el,

Hattoki ortingdan yursa ham poylab.

Tinmay qanot qoqib, xorg‘in, och-nahor,

Ummonlar ustidan uchasan oylab.

 


Qarilik ham seni to‘solmas yo‘ldan,

Bilmaysan quvvating qaygacha yetar.

Senga nima zaril, janubga uchib,

Biz kabi bir joyda yashasang netar?

 


Har bahor xalloslab qaytib kelasan,

Qishlasangda Misr va yoki Chinda,

Jimgina yashaysan chigitga o‘xshash,

Loylar marjonidan qurilgan inda.

 


Loyni iylarmishsan so‘laging bilan,

Bu qanday guvalak, ayt,  qanday usul?

Yomg‘irdan keyingi ko‘lmakda nechun,

Taxorat olasan, qilarsan g‘usl?

 


Qoyilman men senga, ey musulmon qush,

Eshitdim, sen yana kelibsan qaytib.

Yana in quribsan, tumshug‘ingda loy,

Bizni xasharga ham qo‘ymabsan aytib.

 

 

 

 

 

24 may, 2014 yil.

Tungi soat 1 dan 17 daqiqa o‘tdi.

Kanada.