Поиск

Xoldor Vulqon

O'zbekiston Yozuvchilar uyushmasining a'zosi

 

Demokratiya haqida



Demokratiya haqida



Demokratiya yer yuzidagi insonlarning dinidan, irqidan, millatidan qat’iy nazar birgalikda, ahil - inoq yashash usulidir.

O‘zbekcha qilib aytadigan bo‘lsak, bu baayni MUROSAning o‘zginasi.


Ha, har qanday jamiyatning MUROSAga extiyoji bor.

Jamiyatda Murosa barpo bo‘lishi uchun esa, shaxs yoki guruxlar faqat o‘z maqsadinigina ko‘zlab emas, boshqalarning ham manfaatlaridan kelib chiqqan holda bag‘ri kenglik bilan tolerant ish yuritmoqlari kerak.

O‘zini o‘zi sevib qolgan, boshqalar fikrini fikr xisoblamaydigan, o‘zgacha fikrga toqatsiz, o‘pkasini cho‘pga ilgan, xovliqma, ko‘zlari chanog‘idan chiqqan telbatob kimsalar bor joyda esa siyosiy MUROSAni vujudga keltirib bo‘lmaydi.

Ko‘pchilik fanatizm desa, darrov radikal dunyoqarashdagi diniy guruxlarni tushunadilar.

Aslida esa, fanatizm faqat dinda emas, dunyoviy maslakdagi kishilarda ham mavjud.
"Faqat mening fikrim to‘g‘ri, boshqa barcha ODAMlarning fikri noto‘g‘ri" deb turib olguvchi kimsa qip qizil fanatdir.

Unday kimsalarning fe’lida kki oyog‘iga bir poy etik kiygan FANATIZM illati maxalliychilik, guruxbozlik, qabilachilik, millatchilik va irqchilik ko‘rinishida zoxir bo‘ladi.
FANATIZM xuddi ShIZOFRENIYa kabi jamiyat uchun xatarli potologik xastalikdir.

Shu ma’noda MUROSA MASALASIGA millatchilik, irqchilik diniy va dunyoviy bo‘lginchiliklar kabi jirkanch illatlarsiz, diniy va dunyoviy fanatizmsiz yondoshmoq maqsadga muvofiq.

Vatan va Xalq manfaatlari yo‘lida g‘oyalari mushtarak, ammo o‘zidan boshqacha fikrlovchilarning shaxsiga tegmay, halol raqobatda bo‘ladigan, dushmanlik bilan raqobat tushunchalarini to‘g‘ri farqlay oladigan, boshqalarning faoliyatini faqat va faqat olib borayotgan ishiga qarab holis baholay biladigan darajada toqatga, yuksak siyosiy madaniyatga, odobga ega bo‘lgan shaxslargina Murosaga layoqatli kishilardir.

Achchiq bo‘lsa ham aytay, o‘zlarini muxolifat vakili deb bilguvchi ayrim kimsalar avval boshdan Respublikamizning Birinchi Prezidenti marhum Islom Karimov haqida gapirar va yozar ekanlar, uning konstitutsiyada daxlsiz deb belgilab qo‘yilgan shaxsiyatiga tajovuz qilib, nima desa deyishdi.

Natijada avvaliga murosa bilan ish yuritishga rozi bo‘lib turgan Prezident Islom Karimov ham to‘nini teskari kiyishga, taktikasini o‘zgartirishga majbur bo‘ldi.

Tabiiy, o‘z faoliyati qolib, o‘zi qolib, ota onasi, yaqinlari sha’niga tuxmat va xaqoratlar yog‘dirilgan har qanday odam qaysidir ma’noda o‘zgaradi, g‘azablanadi, ishdan qo‘li soviydi, o‘z siyosiy raqiblarining pastkashligidan, g‘irromligidan xafsalasi pir bo‘ladi.

Vaholanki odamzod farishta emas, axtarsa kamchilik hammadan topiladi.

Siz o‘sha birovni xaqoratlashga, ustidan kulishga, masxara qilishga ustasi farang, og‘zi maymoq, noodil makkor va g‘ayur kimsalarning ozgina jismoniy yoki axloqiy kamchiligini aytib ko‘ring, ularning qay ahvolga tushishini ko‘rasiz.

Oddiy bir misol:

Kimdir birovni cho‘tir deb masxaralasa, masxaralanayotgan odam uni PUChUQ desa, shu joyda murosa bo‘ladimi?

Shu joyda o‘zaro yarash, birlashish yo sulx amalga oshadimi?

Hech qachon!

Bugun hammamiz murosaga, sulxga bel bog‘lagan ekanmiz, bu yo‘lda eng zarur narsalarni: siyosiy madaniyatni va o‘zbekona odobni unutib qo‘ymasligimiz kerak.

Ya’ni eski xatolarni takrorlamaylik demoqchiman.
Tilni tiyaylik.

O‘zingni er bilsang, o‘zgani sher bil degan maqolni esdan chiqarmaylik.

Dunyoda har kim ekkanini o‘radi degan gap bor.
Nafrat, xaqorat va mazammat (masxaralash) urug‘idan hech qachon yaxshilik unmaydi.

Bu so‘zlarim bilan men kimlargadir nasixat qilmoqchi emasman.

Bu bir do‘stona taklif halos.

Bugun taqdir taqozosi bilan xorijda yashayotgan O‘ZBEKISTONLIKlar tarixiy ShANS, o‘zbekcha qilib aytadigan bo‘lsak, ulkan imkoniyat bilan yuzma yuz turibdilar.

Ya’ni barchamiz shu yil dekabr oyida o‘tkaziladigan Prezidentlik Saylovlariga yaxshilik umidida hayajon bilan ko‘z tikib turibmiz.

Bu dunyoda urush janjal bilan hech kim murodiga yetgan emas.

Aksincha, faqat zarar ko‘rgan.

Muazzam shaharlari vayronalarga, kultepalarga aylangan, xalqining yarim yolchisi qirilib, qolgani qochqinlarga do‘ngan, yosh avlodlari savodsiz, iqtisodiyoti yer bilan yakson bo‘lgan, infrastrukturasi izdan chiqqan Suriyaga bunday nazar tashlasangiz, xalqimizning "Bir kun janjal boʻlgan joydan qirq kun baraka ketadi" degan gaplari naqadar to‘g‘ri ekanligiga amin bo‘lasiz.

Ba’zilar menga: "Sen nega Shavkat Mirziyoyevni maqtaysan?" deya mendan xafa bo‘lib yurdilar.

Bu borada tuppa - tuzuk do‘stlarim ham menga malomat toshlarini otdilar.

Men esa, Shavkat Miromonovichni maqtamagandim.

Men u rahbardagi mavjud yaxshi fazilatlarni e’tirof etdim halos.

Maqtanish bo‘lsa ham aytay, menda hech narsa yo‘q bo‘lsa ham, uzoqni ko‘ra bilish, kadr tanlash qobiliyati bor.

Mabodo boshqa do‘stlarimizda ham, u Vatan tashqarisida yashaydimi, Vatanda yashaydimi, bundan qat’iy nazar, ularning yaxshi fazilatlarini ko‘rsam, albatta xursand bo‘lib e’tirof etaman.

Haqiqiy jurnalistikaga hos xolislik mezoni ham aslida shu emasmi?

Buning nimasi yomon?
Esimda, 2011 yili, chet el ommaviy axborot vositalarining birida ishlovchi "qo‘shtirnoq ichidagi jurnalistlar" bir antiqa "eshittirishida" Shavkat Miromonovich Mirziyoyevning Respublikamiz qishloq xo‘jaligi uchun og‘ir damlarda ayovsiz talon - toroj qilinayotgan texnikalarni saqlab qolish yo‘lidagi kurashini tadbirsizlikka yo‘yib, traktorlarni extiyot qismlarga ajratib, g‘o‘zapoya g‘aramlari ostiga yashirib, keyin ularni qo‘shni davlatlarga(Qozog‘istonga, Tojikistonga) sotganlarni jabrdiydalarga, milliy qahramonlarga aylantirib yuborgandilar.

Xalq mulkiga hech qachon xiyonat qilmagan, g‘aznalarga qo‘l cho‘zmagan, bironta begunox odamni qamatmagan, kabinetda gap sotib o‘tirmay, tunu kun ko‘chalarda, dalalarda tinimsiz ishlayotgan ishchan va talabchan bir o‘zbek rahbarining yaxshi fazilatlarini e’tirof etish o‘rniga yomonladilar.

Shular ham jurnalits bo‘ldimi endi? -deya hayratlangan edim o‘shanda.

Ma’lumki, amaldagi Hukumatning ham, jahondagi barcha O‘ZBEKISTONLIKLARNING ham ezgu maqsadi aslida bitta.

U ham bo‘lsa, xalqimizni baxtli - saodatli ko‘rish.

Shunday ekan, umumiy maqsaddan kelib chiqib, biz O‘zbekistonliklar ham xuddi Boltiqbo‘yi respublikalaridagiday Vatan ichkarisida bir bayroq, bir umumiy g‘oya tevaragida jipslashib, 2016 yil, 4 dekabr kuni Xalqimiz saylaydigan yangi Prezident atrofida birlashaylik.

Qandaydir grantlar, allaqanday o‘tkinchi mukofotlar va boshqa manfaatlar shaklidagi tekin pishloqqa, xo‘rakka uchib, ko‘rinmas g‘animlar, pismiq yog‘iylar tutqazgan mash’ala bilan o‘z yurtimizga, o‘z uyimizga o‘zimiz o‘t qo‘ymaylik.

Yog‘iylarga emas, o‘z Xalqimizga, kindik qonimiz tomgan jonajon Vatanimizga qo‘ldan kelganicha halol xizmat qilaylik!




Sen agar bug‘doy boshoq bo‘lsang somoningman, Vatan,
To abad BOShING omon bo‘lsin, tovoningman, Vatan!


Barcha yaxshi, barcha oqil, barcha dono, faylasuf,
Qimtinib bir chekkada yurgan yomoningman, Vatan.





10/10/2016.

Tungi soat 2:30.

Kanada, Onterio.