Поиск

Xoldor Vulqon

O'zbekiston Yozuvchilar uyushmasining a'zosi

A'lo mamlakatning a'lo farzandi,

Bilib qo'yki, seni Vatan kutadi!


Gʻafur  Gʻulom

 

Yaxshi niyyat



MUROSA  degan soʻzni oʻqiboq, afti bujmayib, yuzlari uchib, allergiyasi qoʻziydigan kimarsalar MUROSA gʻoyasining naqadar muhim, ulugʻ gʻoya ekanligini tushunmaydigan buyuk fanatlar va gʻaflat bosgan, gʻayratsiz, yalqov, siyosiy bangilardir.


Undaylarga bu hikmatli gaplarimiz hayf.


Biz bu maqolani ular uchun yozayotganimiz ham yoʻq.


Mazkur maqola Murosa gʻoyasi afzalligini anglay olishga qodir, teran  tafakkurli, sogʻlom aql egalari uchundir.


MUROSA  degan gʻoya mohiyatini chuqurroq anglash uchun jamiyatlarini MUROSA  gʻoyasi ustiga qurgan mutaraqqiy mamlakatlar hayotiga nazar tashlashning  oʻzi  kifoya.


Takrorlashdan charchamayman.


Amerika, Kanada, Yevropa  davlatlari, Rossiya, Boltiqboʻyi oʻlkalari, Yaponiya, Xitoy kabi MUROSALI mamlakatlarning muxolifatlari tashqarida emas.


Yaʼni bu mutaraqqiy oʻlkalarning hukumatlari oʻz muxolifatlariga toqatli.


U mamlakatlarning muxolifatlari ham oʻz navbatida, aylanib oʻtish mumkin boʻlgan mustaxkam temirbeton toʻsiqni "biznikilar" kabi peshonasi bilan urib darcha ochishga chogʻlanmagan.


Ularning muxolifatida muzokaraga kirisha olish jurʼati bilan birga muzokara jarayonida oʻzini tutish, oʻzaro hurmat, kamtarinlik va odob kabi siyosiy madaniyat yetarli.


Qolaversa, men yuqorida nomlarini zikr etgan mutaraqqiy davlatlar oʻz muxolifatini oʻziga qarshi qoʻllashlari uchun koʻzga koʻrinmas uchinchi kuchlar qoʻliga kozыrnaya qarta qilib tutqazib qoʻyadigan darajada sodda emaslar.


Nomi "Oʻzbek muxolifati", ammo oʻzi parokanda, bir - biriga  yov, kasalxonadan endigina chiqqan odamday zaif, yursa boshi  aylanib, koʻzlari  tinib ketadigan quvvatsiz, mayda - chuyda guruxlar, mahalliychi  guruxbozlar Oʻzbekistonning yer ostki va ustki boyliklari xoʻjasizlarcha  talon - taroj  qilinayotgani haqida dunyoga jar solishni yaxshi koʻradilar.


Muxolifat deb ataladigan bu guruxlar oʻsha fitnalarga oʻzlari ham  bilvosita sababchi ekanliklarini, oʻzlari bilmagan holda ular Vatanimiz yer ostki va ustki  boyliklariga koʻz tikkan pismiq yogʻiylar qoʻlidagi qoʻrqitki qurolga, doʻppi tor kelganda ishlatiladigan richagka aylanib  borayotganlaridan afsuski bexabarlar.


Baʼzi yomon niyyatli, gʻayur maqsad egalari yurtimiz boyliklarini talashga  yoʻl qoʻymayotgan rahbarlar bilan muloqotga kirishib, suhbat orasida gʻoyat ustalik  bilan, aynan shu, nomi boru oʻzi yoʻq xisobidagi "Muxolifat"  mavjudligini, va  ularning yovuz kuchlar ekaniga ishora  qilarak, ularga  qarshi birgalikda kurashmoq zarurligini yaxshilab uqtiradilar.


Soʻng jilmayganlaricha turli iqtisodiy, deylik foydali qazilmalarni  qazib chiqarish, qayta ishlash boʻyicha ulkan loyixalarni stolga qoʻyarkan,  shuni bir imzolab yuborsalar, iqtisodiy  hamkorligimiz yanada gullab  yashnagan boʻlaritti - deydilar,taʼvoze bilan qoʻl qovushtirib.


Bu nozik ishorani aql - farosatli odam darrov tushinib yetadi va oʻshanday  yovuz qora kuchlarga qarshi birgalikda kurashsak, bu juda yaxshiku  - deya, loyixalarni imzolashi ham hech gap emas.


Baʼzi yomon niyyatli tamonlarning yurtimizga nisbatan iqtisodiy va siyosiy interventsiyasi shu tarzda ikki tamonlama oʻzaro iqtisodiy munosabatlar fonida kun tartibiga chiqishi mumkin.


Biz Oʻzbekistonliklar hammamiz bir oila farzandlariday hamjixat boʻlsak, Vatanimiz taraqqiysi, Xalqimiz turmush darajasi yuksalishi  yoʻlida oʻzaro til topishib ishlasak, bu hamjixatlik muxolif fikrlilar deb ataladigan guruxlar uchun ham, amaldagi Hukumat uchun  ham, eng muhimi, XALQIMIZ uchun ham faqat va faqat foyda keltiradi.


Yaʼni urush janjal barxam topib, qon toʻkilmaydi, elimiz besaranjom boʻlmaydi, iqtisodiyot izdan chiqmaydi, shaharlar vayron boʻlmaydi,yurtimiz yer osti va ustki boyliklari "urush" baxona it egasini tanimaydigan toʻs toʻpalonda Suriya nefti kabi xomtalash qilinib, tashib ketilmaydi.


Bor muammolarni faqat va faqat siyosiy muzokara yoʻli bilan hal qilishda, Vatanimiz tinchligini, osoyishtaligini, Xalqimiz hotirjamligini, mintaqa barqarorligini saqlash yoʻlida biz, oʻzbekistonlik ziyoliylar boshqalarga qaraganda koʻproq burchlimiz, masʼulmiz, va hatto javobgarmiz.


Yov yurtni egallamoqchi boʻlsa, biroz mablagʻni masruf qilib, eng birinchi  mamlakatda toʻpalon uyushtirishga, xalqni bir - biriga gij - gijlashga,  barqarorlikni izdan chiqarishga kirishadi va bu xufya ishda choʻgʻni  yurtdoshlarimiz qoʻli bilan ushlaydi.


Oʻlsa, oʻshalar oʻlib, qirilib ketaveradi.


Keyin yana oʻsha "oʻzimiznikilar" vositasida qarama - qarshi tamonlar qoʻliga zimdan qurol tutqazadida, jamiyatga oʻt tortib, olovga kishi bilmas kerosin quyadilar.


Vatandoshlarim, aziz Oʻzbekistonliklar, biz hammamiz Vatanda boʻlsak, maqsadlarimiz mushtarak boʻlsa, oʻzaro talashib tortishmasak, muammolarni muzokara yoʻli bilan xal etish sanʼatini egallasak, madaniyatsizlarcha yoqalashib, bir birimizni xaqoratlab, butun dunyoga kulgi boʻlmasak, Boltiqboʻyi Respublikalari kabi jimgina, axil yashasak, Sohibqiron Amir Temur vorislari boʻlgan biz Oʻzbekistonliklarni hech qanday kuch, hech qachon yengolmaydi!
Shunda sersalom, sertabassum ayyor va makkor kuchlar "Oʻzbekistonda demokratiya yoʻq! Inson huquqlari toptalmagʻda ekan! Biz  xalqaro qonunlar doirasida oʻzbekistonlik mazlumlarga yordam berishimiz  kerak!" degan predloglar ostida yurtimizga iqtisodiy - siyosiy interventsiya "TEZ  YoRDAM"i kira olmaydi.


Yurtimiz yer ostki va ustki boyliklarini xomtalash qilishga "sabab" topa  olmaydilar.


Murosa shunday HIKMATLI gʻoyadir.


Chundilangma?


Endi, maqola soʻngida bir gap.


Rahmatli Hojiboy Tojiboyev aytganidek, yana oʻzlaring bilasizlar.


Aytib -deyish bizdan.




2  aprelь,  2012   yil,

Kunduz  soat  5  dan  12  daqiqa  oʻtdi.

Toronto  shahri,  Kanada.

x_15d42282 (604x453, 162Kb)