Поиск
90646770 (235x265, 20Kb)

Xoldor Vulqon

O'zbekiston Yozuvchilar uyushmasining a'zosi


"Birgalikda bartaraf qilinishi kerak boʻlgan muammolarning eng zarurlaridan biri Oʻsh viloyati, Maylisuv  xavzasiga joylashgan yadroviy chiqindilar qabristonidir.


Bu yadroviy chiqindilar qabristoni  nafaqat Qirgʻizistonning oʻziga, balki, tamomi Markaziy Osiyo mintaqasiga joylashgan mamlakatlar hayotiga jiddiy xavf tugʻdiradi.

Bu xavfli dafinada 23(Yigirma uch)ta yadroviy  chiqindilar mozori mavjud boʻlib, ularning eng xavflilari 3, 4, va 7 inchi oʻralardir."



(Quyidagi maqoladan iqtibos)

Tilsim




Andijon shahar oʻlkashunoslik muzeyi rassomlarning, shoir - yozuvchilarning, adabiyotshunos olimlarning xaftada bir yigʻilib, asarlarni muhokamadan oʻtkazadigan, dillashadigan dargoxi xisoblanardi.

Oʻsha dargoxda qizgʻish sochlari tikka - tikka oʻsgan, oq - sariqdan kelgan, moʻgʻilyuz, kulsa qiyiq  koʻzlari umuman koʻrinmay ketadigan, oʻrta boʻyli, ochiqchehra, quvnoq, qalbi begʻubor, doim doʻppi  kiyib yurguvchi, Tursinboy Tilsim tahallusi bilan aruz vaznida asarlar yozadigan bir shoir  diqqatimni tortgan edi.

Uning aruz vaznida yozgan asarlarida gʻalizlik yoʻqligi va gʻazallaridagi soʻzlar zoʻrlab  choʻzilmagani sheʼriyat muxlislarini befarq qoldirmasdi.

Tilsim aruz texnikasini mukammal egallagani, hamda hech bir shoirning gʻazallariga  oʻxshamaydigan oʻziga hos gʻazallar yozgani ham ozday, gʻazallarini shunaqa chiroyli oʻqirdiki, eshitguvchi beixtiyor sehrlanib qolardi.

Shuning uchun biz unga qayta - qayta gʻazal oʻqitaverar edik.

Andijon viloyatining adirlik xududlariga joylashgan "Orol" qishlogʻida yashovchi bu shoir kamtarin hayot kechirar, qoʻli yupqaligi bois tuzgan devonlarini nashrdan chiqarolmasdi.

Men esa unga bu borada koʻmaklasha olmayotganimdan iztirob chekardim.

Ayniqsa, kitobimga dastxat soʻraganda, Tilsimga badtar rahmim kelgan,  uning qarshisida vijdonan qiynalganman.

Tilsim aka garchand, kamtarin hayot kechirsada, ulfatchilikni joyiga qoʻyar, yolgʻon gapirmas, hech qachon birovning puliga yeb - ichmas, har qancha ichsada, mastligini bildirmaydigan, xushyor inson sifatida oʻziga yarasha obroʻ - hurmati bor edi.

Biz Tilsim aka bilan shu darajada qadrdon boʻlib ketgan edikki, oʻzim qirq yoshlarda  boʻlsamda, oltmish yoshli u shoirni senlar edim.

Senlasam, Tilsim aka hafa boʻlish oʻrniga xursand boʻlardi.

Oʻz navbatida u ham meni huddi oʻz tugʻishgan ukasiday senlardi.

Bir kuni uning taklifi bilan "Orol" qishlogʻiga bordim.Maʼlum boʻlishicha, u qishloqda tabiiy  gaz ham, vodoprovod ham yoʻq boʻlib, Ilьich chiroqlari bir sutkada zoʻrgʻa bir - ikki soatgina  yonar, baʼzan xaftalab elektr toki uzatilmas ekan.

U yoqlarga traktor shatagidagi gʻildirakli tsisternada suv keltirilar, qishloq ahli navbat turib, oʻsha tashima suvdan idishlariga toʻlatib olar ekanlar.

Kim biladi, balki u muammolar hozirda oʻz yechimini topgandir.

Hullas, mening kelganimni eshitib, Tilsim akaning qoʻni - qoʻshnilari, doʻstlari yigʻildilar.

Mehmondorchilik sheʼriyat kechasiga aylanib ketdi.

Bizning Andijonda birovning millatini surishtirib oʻtirmaydilar.

INSON boʻlsa bas.

Millatining unchalik ahamiyati yoʻq.

Agar oʻzi aytmasa, Tilsim akaning qirgʻiz aslli ekanini ham bilmagan  boʻlardim.

Men hatto uning gaplariga ishonmadim.Hazillashyapti deb oʻyladim.
Negaki, doim  doʻppi kiyib yuradigan Tilsim aka oʻzbek tilida oʻzimizdan ham yaxshi soʻzlardilar.
Shundan  keyin  bildimki, u oʻz uyida qirgʻiz, ostona xatlab koʻchaga chiqishi bilan gʻirt oʻzbekka aylanarkan - qolarkan.

U yozgan ajoyib gʻazallarni, muhammaslarni oʻzbekman degan ancha muncha shoirlar ham  yozolmaydi.

Tilsim aka shunaqa ajoyib odam.U hech qachon millatchik irqchilik va mahalliychilik koʻchasiga yaqin yoʻlamagan.

Qaytaga, Oʻzbekistonimiz qonunlarini, xalqimiz madaniyatini, qadriyatlarini hurmatlab,  elimizga uygʻun yashaydilar.

Men baʼzan yaxshi niyyat qilib, mabodo men ham halol yoʻl bilan besh -toʻrt soʻm pul topsam, oʻlmay sogʻ salomat Vatanga qaytsam, eng avvalo Tilsim aka kabi kitoblarini chiqara olmayotgan yozuvchi shoirlarga qoʻlimdan kelganicha yordam qilib, kitoblarini chiqarib, ularning quvonchlariga sherik boʻlib, duolarini olaman deya oʻylab qoʻyaman.

Qirgʻizistonda 2010 yil 10 -15 iyunda yuz bergan noxush voqealar chogʻi, ikki qardosh xalqlar  oʻrtasiga nafrat urugʻini ekkan chalgʻitki - provokatorlar fitnalarining qurboniga aylangan  Oʻshlik - Jalolobodlik oʻzbeklarimizni va qirgʻizlarimizni oʻylab, ezilish barobarida Tilsim  akani ham esladim va gʻazalxon shoir ajoyib inson Tursunboy Tilsim ham ur - yiqitlar  girdobida qolmadimikin - deya tashvishlandim.

Ha, geopolitik manfaatlar va mashʼum provokatsiyalar qurboniga aylangan bu ikki qardosh xalqning doʻppi bilan oqqalpoqni olib qoʻyib, astoydil yechimini axtaradigan muammolari koʻp.

Birgalikda bartaraf qilinishi kerak boʻlgan muammolarning eng zarurlaridan biri Oʻsh viloyati, Maylisuv  xavzasiga joylashgan yadroviy chiqindilar qabristonidir.


Bu yadroviy chiqindilar qabristoni  nafaqat Qirgʻizistonning oʻziga, balki, tamomi Markaziy Osiyo mintaqasiga joylashgan mamlakatlar hayotiga jiddiy xavf tugʻdiradi.Bu xavfli dafinada 23(Yigirma uch)ta yadroviy  chiqindilar mozori mavjud boʻlib, ularning eng xavflilari 3, 4, va 7 inchi oʻralardir.


U  oʻralarning ustidagi radiatsiya darajasi 100 - 200 mikrorentgentni tashkil qiladi. Bu mozorda  7,5 (Etti yarim) tonna yarim suyuq ajal chiqindisi Markaziy Osiyo xalqlarining oyogʻi ostida kulcha boʻlib yotgan zaharli ilondek hamlaga shaylanib yotibdi.


Markaziy Osiyo xalqlari oʻzaro kelishmovchiliklarni bir chetga yigʻishtirib, mintaqaga taxdid  solayotgan manabu yadroviy chiqindilar mozorini qanday qilib zararsizlantirish, yoʻqotish  ustida bosh qotirishlari hamma ishdanda zarurroq.
Bu yadroviy chiqindilarni kim, qanday maqsadda va nega aynan Markaziy Osiyoga, Qirgʻizistonga dafn qilgan?


Albatta, bu mudxish amaliyotda ruslarimizni ayblash adolatdan boʻlmaydi.


Bu, oʻsha xudosiz qizil  imperiyaning ishi desak toʻgʻriroq boʻladi.


Markaziy Osiyo xalqlari va ularning rahbarlari esa, bugun oʻzaro murosaga  kelib, birgalashib, manabu TILSIMlarni  ochmoq va umumiy muammoni bartaraf qilishga astoydil bel bogʻlamoqlari, olamga jar solib, dunyo  hamjamiyatini yordamga chorlamoqlari zarur.


Xudo  koʻrsatmasin,  agar  kuchli  zilzila  boʻlib, oʻsha yadroviy chiqindilar qabristoni yorilsa, Markaziy Osiyo xalqlariga bir - birlarini  qirgʻin qilish uchun qurolning ham keragi boʻlmay qoladi.


Chunki, bu qardosh xalqlar deyarli bir xududda yashaydilar, bir daryodan suv ichadilar, bir havodan nafas oladilar.


Gʻaflat uyqusidan tezroq uygʻonaylik, aziz oʻzbeklarim, qoraqalpoqlarim, qirgʻizlarim, qozoqlarim, tojiklarim, turkmanlarim, va ruslarim!




24 mart, 2012 yil.

Kech soat 6 dan 25 minut oʻtdi.

Toronto shahri, Kanada.

 

0_c3d3f_4c0c2109_XL (700x462, 134Kb)