Поиск

Xoldor Vulqon

O'zbekiston Yozuvchilar uyushmasining a'zosi

G'ozlar galasining bom -bo'sh chelagi



Yog‘ar kuz yomg‘iri maydalab, ezib,
Yomg‘irda yuvilgan oynaday tuyg‘u.
Soyabon ostida yurarman kezib,
Ko‘lmaklar ko‘zida ismsiz qayg‘u.


Suv yuzida g‘amgin kumush xalqalar,
Shivirlar qamishli sohillar labi.
Bir yupun majnuntol yolg‘iz chayqalar,
Unsiz yig‘layotgan parizod kabi.


Nahot tamom bo‘ldi yomg‘ir ko‘z yoshi?
Tabiat yig‘idan to‘xtadi, tindi.
Yer qadar egildi maysalar boshi,
Borliqqa musaffo halovat indi.


Tortinchoq yalong‘och bog‘lar bir yonda,
Oynadek yaltirar bog‘lar yo‘lagi.
G‘iyt - g‘iyt etar kuzgi g‘amgin osmonda,
G‘ozlar galasining bo‘m - bo‘sh chelagi.




9 iyulь, 2011 yil.

Tungi soat 2 dan 36 daqiqa o‘tdi.

Toronto shahri, Kanada.