34811 (291x329, 36Kb)

Xoldor Vulqon

O'zbekiston Yozuvchilar uyushmasining a'zosi

index (238x212, 5Kb)

Ahad Qayum


Shiddat bilan o‘sib kelayotgan adabiyotimiz navnihollari –yosh shoirlar va shoiralar haqida o‘ylar ekanman, beixtiyor O‘zbekiston qahramoni, O‘zbekiston xalq shoiri, marhum ustozimiz Erkin Vohidovning “Debocha” nomli she’ri yodimga tushadi.

Ustoz o‘z vaqtida hozirgi o‘sib kelayotgan ijodkorlar avlodi kabi turli to‘siqlarga uchrab, ba’zi rus va yevropa shoirlarining she’rlarini tarjima qilib, u she’rlarning u yer bu yerini kishi bilmas o‘zgartirib, o‘zlashtirib, o‘zini katta shoxer xisoblab yurgan, g‘arazgo‘y, baxil, razil, ko‘kbet, g‘ayur, egri qo‘llariga cho‘qmoru to‘qmoq tutgan xasad ahlining g‘ovlariga duch kelgan bo‘lsalar kerakki, shunday misralarni yozgan.


Istadim sayr aylamoqni men g‘azal bo‘stonida,

Kulmangiz ne bor senga deb Mir Alisher yonida.



Vaholanki yosh, endigina gurkirab o‘sib kelayotgan Erkin Vohidovga malomat toshlarini otgan o‘sha katta shoxerlar Hazrati Amir Alisher Navoiy haqida hammadan ko‘p, og‘iz ko‘pirtirib gapirar edilaru o‘zlari loaqal bitta g‘azalni qoyil qilib yozolmaganlar.Undaylar, afsuski hozir ham tiqilib yotibdi.
Elimizning eng sevimli hofizi Sherali Jo‘rayevning “Oshiqma oy to‘lguncha, olam chaman bo‘lguncha” degan qo‘shig‘ida aytilganiday, biroz shoshilmaslik kerak.
Bugungi atak –chechak odim otib adabiyotimizga kirib kelayotgan yosh avlodning oyog‘idan chalmasligimiz kerak.Ularga unday yozma, bunday yoz deb ko‘rsatma berishga hech kimning haqqi yo‘q.Chunki ijod ko‘ngil ishi.Ko‘ngil esa bandasiga bo‘yin sunmaydigan cheti, chegarasi yo‘q ruhoniy xilqat.Mayli, yoshlar yaxshimi, yomonmi, balandmi, pastroqmi yozaversin.Yozilgan narsalarni esa tarixning o‘zi g‘alvirdan o‘tkazib, saralab olaveradi.G‘alvirda qolgan olmos, oltin donalaridan adabiyotimiz g‘aznasi boyiydi.Tinimsiz yozaversa, bir kuni bugungi yosh ijodkor avlodga ham koinot dorvozalari sharaqlab ochiladi. Ularning yelkalariga ham gala gala ilohiy ilhom farishtalari qo‘na boshlaydi, ular ham ilhom farishtalarining qanot sharpalarini seza boshlaydilar va buyuk shoirlarga aylanadilar.Bu o‘tkinchi dunyoda hammaga yetib ortadigan adabiyotning poyonsiz dashtlarini, qo‘riqlarini yoshlardan qizg‘onmaslik, aksincha ularga dalda berib, ko‘maklashmoq kerak.
Zero Erkin Vohidov:


She’riyat dunyosi keng gulzori ko‘p, bo‘stoni ko‘p,

Har ko‘ngil arzini aytur, neki bor imkonida.




Deya yozarkan, quyidagi misralar bilan yana mavzuni davom etdiradi.



Do‘stlarim, shoir demang,Erkin g‘azal shaydosidir,

Yosh dengu ma’zur tuting, saxv o‘lsa gar devonida.




Ha, aynan bugungi o‘sib kelayotgan yosh ijodkor avlod, ertaga o‘z yo‘lini topgan buloqday qaynab, xalqimiz didini isfaxon qilichiday charxlaydigan ajoyib asarlarni yozishlariga shak –shubha yo‘q.Endigina kurtak chiqarib, barg yozayotgan nihollarni sindirib, yana payxon etilgan bog‘dan meva umidvor bo‘lish oqil odamlar ishimas.

1987 yil 15 iyunda Buxoro viloyati, Shofirkon tumani, Denov qishlog‘ida tug‘ilgan yosh shoir Ahad Qayum boshida ham shu kunlarda ko‘p kaltaklar sinayotir.

Hazrat Navoiy aytganlariday quyosh paydo bo‘layotgan mahal yulduzlar rangi o‘chadi, yitadi, yo‘qoladi.

Ahad Qayum quyoshi ko‘tarilayotgan mahal xira tortgan ko‘zlari shu’lalardan qamashib, o‘zlarining el nazaridan chetda qolayotganlarini sezgan xasad axli talvasaga tushayotgan bo‘lsa, bunga aslo ajablanmaslik kerak.

Negaki xalqimiz undaylar o‘ylayotganchalik didi past yo axmoq emas.U kimning she’rini o‘qishni, qaysi ijodkorini ardoqlashni o‘zi juda yaxshi biladigan, o‘ziga yetarli donishmand xalq.

Qolaversa, har kimning didi har xil.

Ya’ni birovning ko‘ngli tandir kabobni tusasa, kimdir palovni hushlaydi, birov norinni sevib yesa, yana kimdir G‘ijduvon somsasini yaxshi ko‘radi.
Faqat biz tayyorlagan, ichiga alebastr qo‘shilgan to‘ponnigina yeysan deya xo‘randani majburlamoq kulgili...

Ahadjon, ko‘nglingizni aslo cho‘ktirmang, ukam!Yozavering!Ko‘p o‘qing, o‘rganing, tinimsiz ishlang!

Shunda siz ham tez orada oydindagi oq teraklarga qarab, o, bu oq teraklar buncha go‘zal bo‘lmasa! -deb emas,

-O, naqadar go‘zal peslik, moxovlik! –deya tafakkur qiladigan darajadagi shoxerlarnida changingizda qoldirib ketadigan o‘zbekning eng buyuk shoirlaridan biriga aylanasiz!
Sizni hech kim sindirolmaydi.
Negaki, Ahad ham Qayum ham Xudoi Taoloning ismi sifotlaridan.

Hammaga hurmat bilan, Xoldor Vulqon.




18/02/2017.

Kunduz soat 10:00.

Kanada, Onterio.