Поиск

Xoldor Vulqon

O'zbekiston Yozuvchilar uyushmasining a'zosi

Yaxshilik



Sobiq sovet zamonlari edi.Men tug‘ilib o‘sgan Maslaxat qishlog‘i markazida joylashgan yuqumli kasalliklar bo‘limi mahalliy aholi xayotiga jiddiy xavf tug‘dira boshladi.Sariq kasallar davolanadigan bu maskandan uchib chiqqan pashshalar elning dasturxoniga qo‘nsa, qushlar uzum, anjir va giloslarni cho‘qir, sariq kasallarning qonini so‘rgan iskabtoparlar tashqaridagi sog‘lom hamqishloqlarni chaqib infeksiya tarqatar, it –mushuklar ham bolalarga bu mudxish kasallikni yuqtirar edi.

Natijada aholining ishga yaroqli qatlami jigari shishib, sekin asta yaroqsizlana boshladi.Sariq kasali bilan o‘lgan bolalar va kattalar soni ko‘payib, vaziyat daxshatli tus ola boshladi.

Hatto kasalxona yonidan o‘tayotib dimoqni yorguvchi murdalar xidini sezadigan bo‘lib qoldik.

Mening bu masalada yordam so‘rab bormagan joyim deyarli qolmadi.Oxiri, to‘yda, omma oldida so‘zga chiqib, elga vaziyatni tushuntirdim va ertaga hamma kunduz soat 12 da sariq bolnitsa oldida o‘tkaziladigan norozilik mitingiga chiqishlarini iltimos qildim.

Ertasiga o‘zim birinchi bo‘lib kasalxona yoniga keldim.Soat 11 yarim bo‘lyapti hamki odamlardan darak yo‘q.Men asabiylasha boshladim.Lekin soat 12 deganda kasalxona tamonga hamqishloqlarim daryoday oqib kela boshladi.Negadir birdan xo‘rligim kelib, ko‘zlarim achchiq yoshga to‘ldi.Lekin buni hech kimga sezdirmadim.Tuynukka nazar tashlasam, Allakpar degan duxtir va boshqalar oq xalatlarini xilpiratib, oyog‘i kuygan tovuqday vizillab yurishibdi.O‘shalar telefon qilganmi, valloxi a’lam, bir zumda rayon xokimligining mutasaddilari, militsiyaning kattalari operativ gruppa bilan yetib kelishdi.Ular orasida o‘sha paytdagi ijroqo‘m raisi, o‘zimning amakim Nazirjon Saidov ham bor.Mo‘minov degan raykomning birinchi o‘rinbosari, garchand negaligini o‘zimizdan ko‘ra yaxshiroq bilsada, bilmaganga olib, to‘planganimiz sababi bilan qiziqa boshladi.Men unga tushuntirdim.

-Uka, siz bilan kasalxonaga kirib, yuzma yuz o‘tirib, shu muammo yuzasidan gaplashib olsak bo‘ladimi? –dedi u.Bu gapni eshitib, xamqishloqlarim gurr etib meni o‘rab olishdi va Abdumalik aka degan odam: -Yo‘q, Xoldor Vulqon bizning boshlig‘imiz!U hech qayoqqa ketmaydi!Shu odam to‘plan desa to‘planamiz, tarqal desa, tarqalamiz! –dedi.

-Mening xalqdan yashiradigan sirim yo‘q.Nima gap bo‘lsa, shu yerda gaplashaveramiz.Bizning talabimiz bir xafta ichida sariq bolnitsani qishlog‘imiz markazidan ko‘chirish!Kasalxona ko‘chirilmagunicha miting davom etaveradi! –dedim men qat’iy.Nazirjon Saidov bo‘lsa: -Sen bilan bizning tomirimizda oqyatgan qon bitta, to‘g‘rimi?Hech yo‘q mening gapimga kirarsan? –deya meni o‘z pozitsiyamdan qaytarishga urina boshladi.U yoqda sariqdan hamqishloqlar pashshadek qirilyaptiyu, uning, o‘z hamqishlog‘imizning, kap - katta rahbarning gapini qarang.Ular sariq bolnitsani ko‘chirish uchun faloncha pul ketadi, siz buni tushunasizmi o‘zi?! -deyishdi menga.

-Tushunaman, lekin nahotki o‘sha siz aytayotgan summa odamlarning, aholining, sariqdan o‘layotgan bolalarning hayotidanda qimmatroq bo‘lsa? -dedim men.

Shu mahal Fozil aka degan hamqishlog‘imiz mototsiklda yetib kelib, to‘xtar ekan, ko‘ylagini yechdi.So‘ng uni mototsikl benzobakiga tiqib benzinga chiylar ekan, cho‘ntagidan zajigalkasini oldida, menga qarab: -Xoldor!Ayt, uka, bir og‘iz “ogon!” desang bo‘ldi, shartta banisasiga o‘t tortvoraman! –dedi kasalxonaga yaqinlashib.Men uni to‘xtatdim.Muammoni urush –janjal bilan emas, tinch muzokara yo‘li bilan hal qilamiz! –dedim.Shundan keyin, kelgan kattalar bu masalada bir xafta muxlat berishimizni so‘rab, mashinalariga o‘tirib, jo‘nab ketishdi.Miting tugagach, yuz metrlar narida mitinga qo‘shilmay voqeani zimdan kuzatib o‘tirgan extiyotkor odamlar mening yonimga kelib, “Xoldorbek, bopladingizda o‘ziyam” deya meni tabriklay boshladi.Shunda kimdir miyig‘ida kulib qo‘ydi.Sababini so‘rasam, u tabriklovchilar mitinga qo‘shilmay, “Hozir shu bolani it tutganday tutib ketishadi” deya bashorat qilib o‘tirishganini, endi bo‘lsa meni tabriklayotganlarini aytib berdi.Mayli, u odamlarniku tushunsa bo‘lar.Lekin o‘sha paytdagi rahbarlarchi?Axir bu ish bilan men emas, mandatli deputatlar shug‘illanishlari kerak ediku?

Darvoqe, bir xafta o‘tgach, sariq kasallar davolanadigan kasalxona qishlog‘imiz markazidan Olitnko‘l tamonga, aholi yashamaydigan chekka joyga ko‘chirildi.

Hox ishoning hox ishonmang, qishlog‘imizga qo‘shni Qorayantoq mahallasining aholisi hatto mustaqillikdan keyin ham qabriston yo‘qligi sabab, yaqin yaqinlargacha o‘z marhum mahalladoshlarini qo‘shni qishloqlarga dafn etib yurishar ekan.Bu masalada yordam so‘rab bechoralarning bormagan joyi qolmabdi.Oxiri menga murojaat etishdi.Men raisu hokimlar bilan bo‘g‘ishib yurib, o‘sha qishloqqa qabriston ajrattirdim.Qorayantoqliklarning quvonganlarini, duo qilganlarini bir ko‘rsangiz edi.Bir kuni Andijonning eski shaharida bir Abduraxmon aka degan qorayantoqlik bilan uchrashib qoldik.U men bilan quchoqlashib ko‘rishib: -Uka,sizga katta rahmat.Qabristonimizga har gal marhum dafn qilinganda, xaloyiq albatta sizning haqqingizga ham duo qilyapti –dedi.Balki ishonmassiz.Lekin u gaplar men uchun milliard dollardan ham qimmat edi.Elga yaxshilik qilib, uning quvonganini ko‘rish dunyoda eng katta baxt ekanini his qilganman o‘shanda.Anashu duolarga, yaxshilik qilish gashtiga mazaxo‘rak bo‘lib, ko‘p qishloqlarning gazlashtirilishiga, toza ichimlik suvi bilan ta’minlanishiga sababchi bo‘ldim, Xudoga shukur.

Bu gaplar kimgadir maqtanish bo‘lib tuyulishi mumkin.Ammo men o‘sha ezgu ishlarimdan, menga non tuz berib katta qilgan elga ozgina bo‘lsa ham foyda keltirishga ulgurganimdan faxrlanaman.

Bundan bir necha yil avval bir hamqishlog‘im bilan telefon orqali tasodifan gaplashib qoldik.U ham el qatori Rossiyada tirikchilik qilib yurgan ekan.U telefonda: -Xoldor aka, qachon Vatanga qaytasiz? Hamma hamqishloqlar sizni kutyapti. Sizni juda sog‘inib ketdik –degan edi, “men ham sizlarni juda sog‘indim” demoqchi bo‘ldimu, lekin tomog‘imga tosh tiqilganday gapirolmay qoldim.Ko‘zlarim achchiq ko‘z yoshlardan xiralashib ketdi.Axir u mening qarindoshim yoki ukam, jigarim emas, hamqishlog‘im edi halos.Meni hamma unutdi deb yurgan edimda.Unutishmabdi.Esimda, bir mahallani gazlashtirishda yordamlashaganim uchun o‘sha mahalla vakillari tunuka tablichkalarga “Xoldor Vulqon ko‘chasi” degan yozuvni yozib, bu haqda mening fikrimni bilish uchun uyimga kelishibdi.Bu narsa bir tamonda biroz kulgiliroq bo‘lsa, ikkinchi tamondan o‘sha mahalla aholisining menga bildirgan ehtiromi edi.Bir kuni o‘sha ko‘chadan o‘tib ketayotsam, bir kampir chiqib: -O‘g‘lim, mahallamizga siz tufayli gaz keldi.Har gal gazga choy qo‘yganimizda, qozon osganimizda darrov siz yodimizga tushasiz va oilamiz bilan sizning haqqingizga duo qilamiz –degan edi.

Kim, biladi, balki baland uyning uchinchi qavatidan betonga yiqilib ham o‘lmaganimning, yana otday sog‘ayib ketganimning, ikki tilda roman, povestlar va she’riy kitoblar yozib, baxtli yashayotganimning sababi ham aslida elning duosidir.

Elga beminnat yaxshilik qilaylik.Elga yaxshilik qilishning gashti bor.

Zero Bobomiz Zahiriddin Muhammad Bobur bir g‘azalida:


Bori elg‘a yaxshiliq qilg‘ilki mundin yaxshi yo‘q,

Kim degaylar daxr aro qoldi falondin yaxshiliq.

 


deya bejiz yozmaganlar.

 

 

 

24/08/2017.

Kunduz soat 4:41 daqiqa o‘tdi.

Kanada, Onterio.