Поиск

Xoldor Vulqon

O'zbekiston Yozuvchilar uyushmasining a'zosi

Hikmatlarga amal qilib yashaylik



Bu dunyoda har bir xalq o‘z ota -bobolari qoldirgan maqollarga, hikmatli so‘zlarga amal qilib yashamog‘i kerak.

Negaki u hikmatlar o‘sha halqning tabiatiga, zexniyatiga g‘oyat mos va yaqindir.

Ota bobolaridan qolgan hikmatli so‘zlar o‘sha xalq qo‘lida mangu so‘nmas mash’ala kabi zulmatli yo‘llarini yoritadi, shuurini oydinlashtiradi, aqlini charog‘on etadi.

Ming -ming yillar chig‘irig‘idan o‘tgan, asrlar g‘alvirida qolgan olmos donalariday bebaho u hikmatlarni ko‘z qorachig‘iday asramog‘imiz va kelajak avlodlarga yetkazmog‘imiz kerak.

U maqollarda va hikmatli so‘zlarda dinimizga, milliy madaniyatimizga, ma’naviyatimizga zid keladigan bironta ham zararli so‘z yo‘q.

Ularning hammasi hayotimizni to‘g‘ri o‘zanga solishda bizga asqotadigan, baxillik, xasad, kibru havo g‘uborlaridan tobora xira tortib borayotgan qalblarimiz ko‘zgusini tozalab, yaraqlatadigan, gunoxu ma’siyatlardan qaytaradigan, qalban va jisman sog‘lomlashtiradigan tengsiz, beminnat dori -darmonlardir.

Misol uchun hammamiz birdek hurmat qiladigan sevikli bobomiz hazrati Mir Alisher Navoiyning:


Kimki bir ko‘ngli buzuqning hotirin shod ayladi,

Oncha bo‘lg‘ay, Ka’ba vayron bo‘lsa, obod ayladi.



degan misralarini olaylik.

Endi tasavvur qiling.

Har yili milliardlab bandalar talpinadigan, tevaragida yig‘lab, labbayka aytib, million million odamlar girdobday guvillab aylanidigan muqaddas Ka’ba vayron bo‘lishini tasavvur qilib ko‘ring va uni qayta obod aylagan odamga yetadigan savobni ko‘z oldingizga keltiring.

Ko‘ngilni, inson qalbini unda Xudo borligi uchun ham muqaddas ka’baga qiyoslaydilar.

Bugun o‘z faoliyati bilan barcha o‘zbekistonliklar qalbida umid uchqunlarini paydo qilayotgan amaldagi Hukumat va Prezident Shavkat Mirziyoyev ham Navoiy bobomiz aytgan o‘sha buyuk hikmat bilan yuzma -yuz turibdi.

Agar amaldagi Hukumat va Prezident Shavkat Mirziyoyev olib borayotgan faoliyat haqiqatan ham adolatli, sharqona demokratiyaga mos keladigan siyosat bo‘lsa, birinchi Prezident marhum Islom Karimovning mintaqada tinchlik va osoyishtalikni saqlash yo‘lidagi xizmatlarini e’tirof etgan holda, yillar davomida yo‘l qo‘yilgan ayrim xatolarni takrorlamasligi, ya’ni o‘z vaqtida, aziz boshlarini kundaga qo‘yib, qo‘lidan kelganicha adolatsizlikka qarshi mardona kurashgani, qattiq quruq gaplar bilan kamchiliklarni ro‘yi rost tanqid qilgani uchun Islom Karimov tamonidan fuqaroligi bekor qilingan vatandoshlarimizning fuqaroligini qayta tiklash,(agar terrorizm bilan shug‘ullanmagan bo‘lsa, qidiruvda bo‘lmasa) ularning qadr -qimmatini joyiga qo‘yish va hurmat ehtirom bilan Vatanga qaytishlarini ta’minlash yo‘lida Hukumatning maxsus qarori qabul qilinsa, va bu borada Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tamonidan maxsus farmon imzolansa, yuqoridagi, Navoiy bobomiz aytgan hikmatga muvofiq bo‘ladi.

Shunda bir emas, yuzlab, minglab vayron bo‘lgan, munglig‘, g‘arib ko‘ngillar qayta obod bo‘ladi, amaldagi hukumatga va Prezident Mirziyoyevga bo‘lgan elning ishonchi haqiqiy ma’noda mustaxkamlanadi, xalqimiz birlashadi, jahon hamjamiyati oldida mamlakatimiz obro‘si yanada yuksaladi.

Hamisha yurtimiz tinch, xalqimiz omon bo‘lsin!



06/09/2017.

Kunduz soat 9:52.

Kanada, Onterio.