Поиск

224 (700x532, 99Kb)

Xoldor Vulqon

O'zbekiston Yozuvchilar uyushmasining a'zosi

Bahor oqshomi



Ko‘z yoshday to‘kilar gilos gullari,
So‘nadi ufqlarda otashi so‘zon.
Halovat to‘shalgan bog‘da tunlari,
Nafis oy shu’lasi, go‘zal gul to‘zon.

Oppoq gul yog‘adi misoli ro‘yo,
Qaldirg‘och uxlaydi tumshuqlari loy.
Kul bilan yuvilgan idishday go‘yo,
Sokin xovuzlarga cho‘kib ketar oy.



13 may, 2014 yil.
Kunduz soat 10 dan 24 daqiqa o‘tdi.
Kanada.



Olis oqshomlar



Shom qushlari sayraydi tolda,
Balki eshik turar ochilib.
G‘amgin shu’la to‘shalgan polda,
Kitoblarim yotar sochilib.

Kulbalarda chiroq yoqarlar,
Paxtazor jim sukutga cho‘mar.
Yum - yum yig‘lab iskabtoparlar,
Shom hasratin sohilga ko‘mar.

Yulg‘un o‘sgan jarlar uzra jim,
Asta sekin ko‘tarilar oy.
Yorishadi mening lablarim,
Lablaringa muhr bosgan joy.

Idish yuvib ariq bo‘yida,
U damlarni eslasang gohi,
Chigirtkaday gulzor qo‘ynida,
Chirillaydi sevgi arvoxi.



9 aprel, 2011 yil.
Kunduz soat 3 dan 35 minut o‘tdi.
Toronto shahri, Kanada.


Kimsasiz yo'llarda




Suvga cho‘kib ketdi bulutlar,
Ko‘rib kuzgi gullar ibosin.
Qirg‘oqlarda teraklar, tutlar,
Suv oqizar bog‘lar libosin.

Gala gala qushlar narida,
Shiddat bilan uchar qaygadir.
Balki daryo sohillarida,
Sholi pishib yotgan joygadir?

Ko‘prik uzra sohibjamol qiz,
Termuladi suvga, ariqqa.
Kezar ma’yus, o‘ychan qari kuz,
Sochlarini bo‘yab sariqqa.



26 avgust, 2010 yil.
Kunduz soat 10 dan 58 daqiqa o‘tdi.
Toronto shahri, Kanada.


Zulmatlarda uchqunlaydi qor


Bu xazon, ko‘zlari ojiz oshiqning
Qo‘lidagi o‘qilmagan xat.
Kimsasizlik, sukunat balki,
So‘zsiz qo‘shig‘idir soqov hofizning.

Men bo‘lsam,
Kuzgi dalalarda, tungi zulmatda
Yolg‘iz uvlayotgan qora shamolman.

Sen pastak deraza yonida,
Qirovli gulzorda bulbulni kutib,
Muzlab qolgan atirgulmisan?

Chirpirab uchayotgan qor uchqunlarichi?
Yorug‘ oynalarga talpinayotgan
Son - sanoqsiz oppoq parvonalarmi?..

Aytgil, nima uchun, kimni sog‘inib,
Sochlari quvv oqardi qishning?



20 avgust, 2012 yil.
Kunduz soat 3 dan 20 minut o‘tdi.
Toronto shahri, Kanada.



Sohillarni sog'ingan ko'ngil



To‘rg‘ay bo‘lsam tongi dalada,
Chug‘urlardim muallaq sayrab.
Qarar eding quvnab yanada,
Ko‘zga kafting soyabon aylab.

Tipratikon bo‘lsam, butunlay,
Men Vatandan ketmasdim badar.
Oy yoritgan xovlingda tinmay,
Chopar edim to tonga qadar.

Muhabbatning rubobi sindi,
Shamol bo‘lib yig‘ladi quvg‘in.
Biz uchrashgan dalada endi,
G‘uvillaydi qop - qora yulg‘un.

Dov daraxtni kech kuz qaritgan,
Bog‘larda bor hayo va sharm.
Sohillarni g‘amgin yoritgan,
Oy ko‘nglimiz singari yarim.



19 iyun, 2011 yil, yakshanba.
Kundaz soat 10 dan 57 minut o‘tdi.
Toronto shahri, Kanada.


Birinchi qor



Oppoq qor qoplagach dalalar roxin,
Angraygancha tildan qolibdi bog‘lar.
Qor yuki egibdi daraxtlar shoxin,
Qaxrli qag‘illar tumanda zog‘lar.

Baqirmay sekinroq qag‘illasa ham,
Eshitaman axir, emasman garang.
Qorko‘chki qo‘zg‘olar yo‘talsa odam,
Qor turar daraxtlar shoxida arang.

Daraxtlar kiyingan, olifta, kibor,
Oppoq qorpo‘stini tersmi yo o‘ngi?
Bu oppoq tahayyur, bu musaffo qor,
Kimgadir birinchi, kimgadir so‘ngi...

Qor bosgan dalalar besado, besas,
Hech kim halal bermas xayollar sursang.
Yo‘lovchi jilmayib qo‘yar, ranjimas,
Qulochkashlab turib, qor bilan ursang.



9 yanvar, 2013 yil.
Tungi soat 8 dan 17 daqiqa o‘tdi.
Kembridj shahri, Kanada.



Don Mills


Quyoshni haybatli gulxanda yoqqan,
Botargox qontalash jaroxat kabi.
Suvlari yaltirab, lapanglab oqqan,
Bir azim daryoning qaqraydi labi.

Qiyillab uchguvchi qushlarning lekin,
Shovqin - suroniga muxtoj emas ul.
Bu daryo suvida oqadi sokin,
Bulbul tushlariga kirgan atirgul.

Kechuvlardan o‘tmas sigirlar morab,
To‘lqinlari tuya, tubsiz, o‘zansiz.
Shunday daryolar ham bo‘larkan, yo Rab,
Oydin to‘qaylarsiz, Tulki, Ko‘zansiz.

Bo‘yniga eng og‘ir toshlarni bog‘lab,
G‘arq bo‘lgisi kelar har kimning, axir.
G‘arq bo‘lgan chog‘imda ko‘ksimni dog‘lab,
Qurib qolma, Shopen deb atalgan nahr!

Don Mills parklarida kezsam haynahoy,
Minmayman shaytonning arobasini.
O‘rmonlar ortidan ko‘tarilgan oy,
Yoritar ko‘nglimning xarobasini.



25 iyun, 2011 yil.
Tungi soat 10 dan 40 minut o‘tdi.
Toronto shahri, Kanada.


Xirmonlarni yoritganda oy



Kuz xazonrez bog‘larni quchgan,
Yetim kabi yolg‘iz o‘ynar yel.
Qo‘l silkitar janubga uchgan,
Turnalarning karvoniga el.

Shamollarda shovullab yotar,
Maslaxat deb atalgan qishloq.
Quyosh tog‘lar ortiga botar,
Shom shamollar shashtiga mushtoq.

Sholi g‘aram ustida yotib,
Tinglayversang, kimdir gapirsa.
Kurak bilan shamolga otib,
Oydinda el sholi shopirsa.

Qurillasa mayus baqalar,
Tulki yursa timirskalanib.
Chopsa yolg‘iz daryo yoqalab,
Iskabtoparlarga talanib.

Kuyganyordan chinqirib o‘tsa,
Temir yo‘lning po‘lat samani.
Sohillarda charaqlab yotsa,
Chiroqlarning olmos chamani.



26 oktyabr, 2014 yil.
Kunduz soat 10 dan 9 daqiqa o‘tdi.
Kanada.


Omonat yaproqlar




Goho ortda qoldim, gohida o‘zib,
Go‘yo bu yo‘llarning yo‘qday adog‘i.
Gulzorlardan nafis bo‘ynini cho‘zib,
Menga talpinardi gullar dudog‘i.

Bugun bujmayibdi, quribdi gullar,
Go‘yo chamanlarga tekkanday qarg‘ish.
Daraxtlar mung‘aygan qadrsiz qullar,
Shoxlari yalong‘och, barglari sarg‘ish.

Chinor yozgan ekan farroshga xatni,
Chetlariga bitib xasratli xokku.
Farrosh u maktubni gulxanga otdi,
Endi oh chekmaydi olisda kakku.

Daraxt qir uchida omonat zog‘lar,
Sukunatga to‘lar osmon qozoni.
Sekinroq yuraman men bunday chog‘lar,
To‘kilmasin deya bog‘lar xazoni.



15 oktyabr, 2014 yil.
Kech soat 7 dan 57 daqiqa o‘tdi.
Kanada.



Do'st

(O‘zbekning eng yoniq lirik shoirlaridan biri, marhum do‘stim Ravshan Fayz hotirasiga)



Gullar yerning tabassumlari ,
Qayda ? - deya berma savollar .
Saf chekar dov daraxt lashkari,
Esar yovuz, vaxshiy shamollar .

Boshlanarkan bulut bosqini,
Sharros quyar shiddatli jala .
Ariqlarda suvlar toshqini,
Ko‘rinmaydi yomg‘irda dala.

Kuz keladi so‘ngra sezdirmay,
Sukunatda xazonlar raqsi.
Botargoxda shom qushlarining,
Murosasiz shovqini, baxsi.

Xuvillatib borliqni so‘ngra,
Qushlar ketar inlarin tashlab.
Qolmaganday yashashdan ma’no,
Do‘st ketganday ko‘zingni yoshlab.



2003 yil , 27 noyabr . Tungi soat
9 dan 30 minut o‘tdi. Andijon .



Singlim Anoraga




Ruhim oydinlarda daydigan suvchi,
Men seni eslayman, kunda, kun ora.
Jilmayib, yig‘lovchi, yig‘lab, jilmayguvchi,
Mening yuvoshgina singlim, Anora.

Subhi sodiq mahal taqirlatsalar,
Tomlar tunikasin yomg‘irlar cho‘qib.
O‘ltirarsan balki mehrobda sahar,
Sokin sukunatda nomozing o‘qib.

Ko‘zingdan yomg‘irday tirqiramasin,
Ko‘z yoshing suyulgan olmosday oqib.
Ovozsiz yig‘lasang, huvillab yotgan,
Akangning kimsasiz uyiga boqib.

Ko‘z yoshing bebaho dur kabi asra,
Tinsin kuzgi suvlar singari asab.
Mayli xovlimizda za’faron hasrat,
Yursin yaproqlardan gerbariy yasab.



6 avgust, 2010 yil.
Kunduz soat 8 dan 4 daqiqa o‘tdi.
Toronto shahri, Kanada.


Kuz ilhomlari




Voh, kuzgi daraxt shaklida hayronani ko‘rdim,
Yolg‘iz va g‘arib, bir dili vayronani ko‘rdim.

Jim - jit ko‘chada o‘ynadi raqqosa shamollar,
Charx urdi hazon girvati, parvonani ko‘rdim.

Darcham yonidan o‘tdi uchib yovvoyi g‘ozlar,
Hijron to‘la dil aksida devonani ko‘rdim.

Qushlar uyasin tutdi daraxt shoxida, yo, Rab,
Inlarga boqib g‘am to‘la paymonani ko‘rdim.

Za’far kapalaklar kabi uchganda xazonlar,
Barglarga ko‘milgan ko‘cha , ostonani ko‘rdim.

Yo‘llarga xazonlar to‘shadi kuzgi Toronto,
Boqqancha chinor bargiga Farg‘onani ko‘rdim.

Qalbimda Xudo, Ka’baga o‘xshaydi vujudim,
Sipqorgali ishq bodasi - mayxonani ko‘rdim.

Do‘st topmadi Vulqon bu jahon mulkida izlab,
Har yerda g‘anim, vaxshati begonani ko‘rdim.




26 oktyabr, 2010 yil.
Tongi soat 7 dan 35 minut o‘tdi.
Toronto shahri, Kanada.