Поиск

Xoldor Vulqon

O'zbekiston Yozuvchilar uyushmasining a'zosi



Darcham yonidan o'tdi uchib yvvoyi g'ozlar




(Ushbu she'riy kitobimni mehribon onam Muhtaramxon Mirzajalol qizi va mening ikkinchi onam E'zozxon Kenjaevalarning porloq hotiralariga bag‘ishlayman.)X.V.

 

 

Isiriq tutatar bog‘larda tuman



Sizga o‘xshab yalqov, bekorchimas shamol,
U yupun bog‘larni soliqqa tortar.
Qushlar uchib ketar janubga tomon,
Kundan kunga elning hayrati ortar.

Isiriq tutatadi o‘tloqda tuman,
Daraxt yaproqlarin shamollar quvgan.
Kuz xovuz bo‘yida o‘ltirar hamon,
Xayoli parishon, termulib suvga.

To‘zg‘itdi barglarni daydi shabboda,
Esib o‘tar ekan yonimdan shoshib.
Bitta bargni tutib oldim havoda,
Bosib ketmasin deb sho‘rlikni moshin.


21/02/2020.
Kechki soat 7:12.
Kanada, Onterio.

 

Sabab



Oydinda dong qotib uxlolmas avom,
Sutga cho‘milganday oqbadan qayin.
Yolg‘iz odimlashda etarkanman davom,
Shamol chalib o‘tar yonimdan nayin.

Nahot ko‘zi oqib tushdi darchaning,
Oyning shu’lasiga qilolmay toqat.
Vaqt o‘tgan sari bunda barchaning,
Qisqaradi umri soat ba soat.

Mana nima uchun shovullaydi daryo,
Va porlar oy ichga yutib ovozin.
Mana nechun poyiz ko‘tarar faryod,
Varaq varaq yirtib osmon qog‘ozin.


21/02/2020.
Kech soat 5:42.
Kanada, Onterio.


Санъат асари



Тажрибали табиб цингари соат,
Текширар вақтнинг томир уришин.
Вақт эса ҳеч кимга қилмас итоат,
Ўтаверар лоқайд, жини қуришиб.

Хона деворига қўйилган илиб,
Қўли гул рассомнинг санъат асари.
Унда хору хазон ётар титилиб,
Йўловчилар ғамгин ишга шошади.

Кўмилиб ётибди хазонларга йўл,
Хаёлларим хазон каби сочилди.
Картинага аста тегизгандим қўл,
У кузги боғ томон очилди.


20/02/2020.
Кундуз соат 1:48.
Канада, Онтерио.

 

Qo‘nar dala - dashtning sochiga qirov


Xorigan yaproqlar, daqiqa sanab,
Top toza yo‘laklar uzra to‘kilar.
Shamol ivirsitgan yo‘laklarga qarab,
Farrosh, g‘azablanib, so‘kinar.

Qo‘zg‘oladi ko‘kda qushlar bo‘roni,
Osmonga alanglab qaraydi barcha.
Chirpirab raqs tushar bog‘lar xazoni,
To yiqilib qolguncha, charchab.

Janub tamon jo‘nab ketadi kuz ham,
Guvillagan qushlar to‘zoni aro.
Borliq sarg‘ayadi, misoli musxaf,
Qo‘nar dala - dashtning sochiga qirov.


21/02/2020.
Erta bilan soat 8:15.
Kanada, Onterio.

San’at asari



Tajribali tabib singari soat,
Tekshirar vaqtning tomir urishin.
Vaqt esa hech kimga qilmas itoat,
O‘taverar loqayd, jini qurishib.

Xona devoriga qo‘yilgan ilib,
Qo‘li gul rassomning san’at asari.
Unda xoru xazon yotar titilib,
Yo‘lovchilar g'amgin ishga shoshadi.

Ko‘milib yotibdi xazonlarga yo‘l,
Xayollarim xazon kabi sochildi.
Kartinaga asta tegizgandim qo‘l,
U kuzgi bog' tomon qiya ochildi.


20/02/2020.
Kunduz soat 1:48.
Kanada, Onterio.

 

Bog‘da bodi xazon yig‘laydi aytib



Serraygan yaproqsiz yalong‘och bog‘da,
Qoraydi dov daraxtlarning tanasi.
Kuz gulxani dudsiz lovullagan chog‘da,
Ular yonib ketdi chamasi.

Janub tamon uchib ketgan turnalar,
Shu ketgancha kelmadilar qaytib.
Oynalar yomg‘irdan endi tirnalar,
Bog‘da bodi xazon yig‘laydi aytib.

Hijron vujudimni qiynar beomon,
Sensiz xazon kabi sarg‘aymog‘im tayin.
Bog‘larda bir o‘zi o‘ynaydi shamol,
Sollona sochlaring singari mayin.


20/02/2020.
Erta bilan soat 8:09.
Kanada, Onterio.

Qaraysan, chelaging tushib qo‘lingdan



Qushlar uchar issiq o‘lkalar tomon,
Hademay dalalar halovat topar.
Moylanmagan temir dorvozani shamol,
Goh qiyalab ochar, gohida yopar.

G‘amgin xo‘rsinishdan endi ne foyda,
Kuzdan ko‘ra senga bahor yoqardi.
Sevgining ikkimiz uchrashgan joyda,
Kuzgi qoqio‘tday sochi oqardi.

Ko‘kda qurillasa turnalar galasi,
Qaraysan, chelaging tushib qo‘lingdan.
Mening esa tumanda daydib, adashib,
Chiqib qolgim kelar yo‘lingdan.


19/02/2020.
Kunduz soat 5:22.
Kanada, Onterio.

Sayr


Ko‘kdan oy xayoli parishon boqar,
Baqalar zulmatda kuylaydi hamon.
Oydinda sayr etish yaxshiyu, faqat,
Yolg‘izlik va yana sensizlik yomon.

Bu yulduzli kecha, o‘ngmi yo ro‘yo?
Daydib yurar latif, ilohiy nasim.
Daraxt shoxlarining soyalari go‘yo,
Oqlangan devorga chizilgan rasm.

Ishlanganday ular ganch kabi o‘yib,
Nafis soyalarga yetishmaydi joy.
Termulmog‘im uchun manzaraga to‘yib,
Tongacha porlayver, ketib qolma, oy!


19/02/2020.
Kunduz soat 2:44.
Kanada, Onterio.


Sog‘intirdi dala, sokin sukunat


Yetar daydiganim, dunyoni kezib,
Kechirgandir meni xalq va hukumat.
Vatanga qaytaman, g‘urbatdan bezib,
Sog‘intirdi dala, sokin sukunat.

Boshda yag‘ir do‘ppim, oyoqda etik,
Jo‘nayman so‘qmoqdan sohilga tomon.
Daryo shovullaydi, suvlari beshik,
Dalada odamlar to‘playdi somon.

Qaylardadir eshak xangraydi uzoq,
Maynalar qo‘nadi sigir shoxiga.
Keng dalada to‘xtab, tutaman quloq,
Hasratli sayragan kakku ohiga.

Yolg‘iz, "Cho‘chqaxona"* tomonda yursam,
Dil qushim qutilgan kabi tuzoqdan.
"Zilolmos"* tarafda xayqirib, xursand,
Poezd gudok berar menga uzoqdan.


19/02/2020.
Erta bilan soat 7:51.
Kanada, Onterio.
*"Cho‘chqaxona" - Qoradaryo sohilidagi qadimiy cho‘chqaxona xarobasi.
* "Zilolmos" - Kuyganyordagi daryo ustiga qurilgan yashil rangli temir ko‘prik.Zeleniy most.

 

Hayrat

Rahmon Qo'chqorga



U suzib borardi yog‘och qayiqda,
Yolg‘iz, bir maromda eshkaklar eshib.
Yulduzlar turkumi katta ayiqday,
Cho‘g‘lanib, falakni kuydirar, teshib.

Kuvak, kuvakkakkakkak! -deya baqalar,
Qotib - qotib kular, latifa aytib.
Daraxtlar chopadi daryo yoqalab,
Qamishlar shovullab kuylagan payti.

Oppoq nilufarlar ochilgan joyda,
Kumushday yaltirab, chayqaladi suv.
Qayiqchi bir laxza porlayotgan oyga,
Termulib, hayratdan qotib qoldiku.

Baliqlar biltanglab suzadi pastda,
Suv osti o‘tlari bilan qovushib.
Eshitilar hatto eshkaklardan asta,
Tomayotgan suvning tovushi.


18/02/2020.
Erta bilan soat 8:14.
Kanada, Onterio.


Chinqiriq



Dalalarni jimgina yoritardi oy,
Sen birdan chinqirding, ko‘tarib faryod.
Buzma sukunatning oromini, hoy,
Telbasifat poyezd, chekkanday taryok!

Yulduzlar qandilin titratdi, qara,
Sokin sukunatni buzgan tovushing.
Qudumingdan zirillar o‘tlog‘u dala,
Po‘latdan yasalgan ekan kovushing...

Hayriyat, ovozing tindi tong sahar,
O‘chirib osmonning rangi qutini.
Uzoqda uyg‘ona boshladi shahar,
Burqsitib fabrikalar tutunin.


17/02/2020.
Kunduz soat 1:34.
Kanada, Onterio.

 

Og‘zi qulog‘ida, jilmayar hilol



Darchalarning ko‘zi tushmasin oqib,
Zulmat qamramasin o‘ngu so‘limni.
Dov - daraxtlar mash’alasin yoqib,
Kuz, yoritgin tunda mening yo‘limni.

Paypaslaydi chiroq shu’lasi bilan,
Traktor zulmatli kuzgi dalani.
Etaklarin sudrar ko‘chmanchi tuman,
Osmon uxlar, yulduzlarga talanib.

Balki bo‘lar oyoqsiz ham yugirsa, yursa,
Afsuski, o‘lgudek charchagan shamol.
Og‘zi qulog‘ida, jilmayadi xursand,
Shudgorlangan dala ustida hilol.


17/02/2020.
Erta bilan soat 8:18.
Kanada, Onterio.

Kuz hasrati



Tikonga ilindi tumanlar etagi,
O‘tloqda yilqilar yurganday o‘tlab.
Dala - tuzning qurib qolgan chechagi -
Qoqio‘t to‘zg‘og‘in bo‘lmaydi butlab.

Xilvatlarda bazm quradi jinlar,
Borliq sharob to‘la qadimiy xumday.
O bo‘m- bo‘sh, taxtadan yasalgan inlar,
Hasratli boqmangiz janubga bunday!


16/02/2020.
Kunduz soat 4:54.
Kanada, Onterio.


Hiyobon



Kuzgi hiyobonda nimanidir poylab,
O‘ltirar shalog‘i chiqqan o‘rindiq.
Yegulikni shishgan lunjiga joylab,
Tinmay kavshanadi ochko‘z burunduq.

Yo piray, sen buni qayerdan bilding?
Ha, bargi xazonlar chirpirab uchar.
Tabiat hademay, erta yo indin,
Bo‘lmasaydi qishning qahriga duchor.

Uchar goh balandlab, gohida pastlab,
Chumchuqlar galasi aqldan ozgan.
Daftar ham xurpayib, qanotin rostlab,
Uchib ketmasa bas janubga g‘ozday.


16/02/2020.
Kunduz soat 2:32.
Kanada, Onterio.


Iyul



Kapalaklar jufti sevishganlar kabi,
Bir birini unsiz izlab topishar.
Qaqraydi suv to‘la daryoning labi,
Dala etagida bo‘zlar popishak.

Yo‘l qarab, sukutga cho‘madi bog‘lar,
Xovuz ko‘zgusiga termuladi tol.
Sigirlar ham soya - salqinni hoxlar,
Sukunat qilt etmas, oyoqlari shol.

Sarob jimirlaydi, yel esar mayin,
Tin olar to‘rg‘aylar sayragan o‘tloq.
Yolg‘iz raqs tushadi chirpirab quyun,
Kimsasiz yo‘llarda, to‘zg‘itib tuproq.


16/02/2020.
Erta bilan soat 8:57.
Kanada, Onterio.

 

Kuzgi sukunat




O‘ychan to‘kiladi qaxrabo barglar,
Goh to‘zg‘ib uchadi, izlab boshpana.
Ey, farrosh, kimsasiz, tumanli bog‘da,
Ko‘rmay, bosib olma xaskashni yana!

Kuzgi xiyobonlar jim xayol surib,
Sokin sukunatga tutadi quloq.
Qaysidir choyxonada, to‘rqovoqdan turib,
Bedana modasin qo‘yar qumtaloq.



15/02/2020.
Kunduz soat 10:19.
Kanada, Onterio.

Gilam



Taraqa turuq qilib, chopadi poyiz,
Uning chinqirig‘i samoga yetdi.
Oy oppoq nilufar, osmon esa xovuz,
Qaydadir bir yulduz xushidan ketdi.

Qiqirlab kuladi aqli zaif soy,
Yaproqlar pichirlab duo o‘qiydi.
Daraxt shoxlarining soyasidan oy,
Oydin yo‘laklarda gilam to‘qiydi.


15/02/2020.
Erta bilan soat 9:35.
Kanada, Onterio.

Ozodlik



Ochib yubordilar qafas darchasin,
Osmonu falakka havolandi qush.
Uchdi u, unitib barcha - barchasin,
Bilolmay, ko‘rgani o‘ngmi yoki tush.

Uchar qanotlari ketguday titilib,
Parlarini shamol tortqilab yular.
Qafas, ozod bo‘lib, qushdan qutilib,
Og‘zini lang ochgancha kular.


15/02/2020.
Erta bilan soat 8:34.
Kanada, Onterio.

Kuzgi xovli



Kuzgi dudsiz yong‘in, daraxtlar yonar,
Botargox tomonda qushlar janjjali.
Alvon ufqlarning jaroxati qonar,
Ko‘kda turnalarning xanjari.

Xazonlar galasi shamollar bilan,
Uchib ketdi ko‘zlar ilg‘amas joyga.
Otlar o‘tlayotgan o‘tloqni tuman,
Sehrgar singari berkitdi qayga?

Bangi chekayotgan chilimday burqsib,
Kulbam mo‘risidan o‘rlaydi tutun.
Men esa, dov - daraxtlarni qo‘rqitib,
O‘tmas bolta bilan yoraman o‘tin.


14/02/2020.
Kech soat 7:34.
Kanada, Onterio.


Kechuv


O‘zanidan toshar bahoriy daryo,
Bosar o‘tloqlaru dala dashtni suv.
Shamol tol kokilin o‘ynar beparvo,
Goho kapalakni quvlab ketar u.

Yalangoyoq shamol, etiklarin yechib,
Aylanadi uysiz daydi, sayoqqa.
Ko‘m - ko‘k osmonlarni o‘tadi kechib,
Daraxtlar, shoshilmay yog‘ochoyoqda.


14/02/2020.
Kunduz soat 12:53.
Kanada, Onterio.



O‘ktobr



Chalinmadi hali cherkovlarda jom,
Hali yangramadi masjidda azon.
Qo‘nmadi o‘rmonlar etagiga shom,
Bog‘larda pichirlar duogo‘y xazon.

Loqayd tentiraydi ajina shamol,
Ko‘ylagi xazondan, tushar o‘yinga.
Xayoli parishon kuz sohibjamol,
Xazondan poyondoz to‘shar yo‘limga.

Dov daraxt jandasi oqar daryoda,
Yalog‘och bog‘larning yetim armoni.
Osmon sahrosida ko‘tarar faryod,
Ko‘chmanchi qushlarning g‘arib karvoni.


14/02/2020.
Kunduz soat 12:15.
Kanada, Onterio.


Qordan yorishadi ruhing dalasi



Oppoq chivinlarning girdobi guvlab,
Telbarib, zulmatda chirpirab uchar.
Izg‘irin ularni tutolmay, quvlab,
Qorbarxan ustidan qiyalab uchar.

Tizza bo‘yi qorga botgan dov -daraxt,
Kimsasiz dala -dasht ortida uylar.
Cho‘kirtak chayqalib, ichganday araq,
Shamolda yolg‘izlik qo‘shig‘in kuylar.

Oydindek oqarar yiroq yiroqlar,
Qarayman, muzlagan oynani artib.
Qorbo‘ronda porlar mayus chiroqlar,
Bir o‘jar yo‘lovchi boradi yo‘rtib.

Qor to‘xtamay yog‘ar paxtadek xo‘ppak,
Sarjinda o‘tinlar yotar qalashib.
Erinib xuradi zulmatda ko‘ppak,
Qordan yorishadi ruhing dalasi.


14/02/2020.
Erta bilan 9:43.
Kanada, Onterio.

 

 

 

 

 

Sog‘inch


Chiyillab, sohildan ketolmay uzoq,
Oppoq chag‘alaylar uchadi minglab.
Dengiz chanog‘iga tutaman quloq,
Guvillagan qadim shovqinni tinglab.

To‘lqinlar esa, uzoqdan meni ko‘rib,
Bir birini quvlab, qumloqni yopar.
Qattiq sog‘inganday ulardan biri,
Sakrab, quchog‘imga o‘zini otar.

Olis hotiralar, biz uchrashgan joy,
Chag‘alaylar ohi girdibodimda.
Mayin sochlaringni visolgoxda oy,
Yoritgan laxzalar hamon yodimda.

Borsam, tanirmikan daryoning labi,
Qari tol boqarmi yo‘lga intizor?
Uchrashsak, shu dengiz to‘lqinlari kabi,
Otasanmi o‘zingni quchog‘imga yor?


13/02/2020.
Kunduz soat 4:06.
Kanada, Onterio.


Sovg‘a

Istasangiz, esdalik uchun shu pashshao‘ldirgichni sizga sovg‘a qilaman. Siz u bilan bekorchilik jonga tekkan mahallar, sokin sukunatli dala xovlingiz oynalariga qo‘ngan mudroq pashshalarni o‘ldirishingiz mumkin - dedim men va sohibjamol ayolga o‘zimning yaqinda nashrdan chiqqan, 2 tiyinli yupqa daftarni eslatguvchi piyozpo‘sti kitobimni sovg‘a qildim.

13/02/2020.
Kunduz soat 10:10.
Kanada, Onterio.


Gazaki


O‘ynoqlab yog‘adi tungi laylakqor,
Kumush zanjir kabi qordagi izlar.
Yo‘lovchi bemaqsad kezadi bedor,
Uyda sovuq ko‘rpa yotibdi muzlab.

Izg‘irin darchalar oynasin yalar,
Qor bosgan yo‘llarning yo‘qday poyoni.
Qorchivinlar ko‘cha chirog‘in talar,
Chiroqning hech kimga tegmas ziyoni.

Yo‘lovchi yo‘lchiroq ustunin quchib,
Yig‘laydi, yig‘isi emas yuzaki.
Uyda ayol ko‘zyosh sharobini ichib,
Tishlaydi yostiqni qilib gazaki.


13/02/2020.
Erta bilan soat 9:48.
Kanada, Onterio.


Hijron poyizi


Og‘ir g‘ijirlaydi poyezdning tishi,
Yaltillaydi yo‘lning po‘lat iloni.
Yo‘llarga urilib, ketmasmi shishib,
Sho'rlik vagonlarning yag‘ir tovoni?

Gohida sudralar, goh uchar qushday,
Chinqirar zulmatda telbaga o‘xshab.
Uzoq uzoqlarda chaladi xushtak,
Pishqiradi xorg‘in, qaydadir to‘xtab.

Perronda turibman, misoli haykal,
Poyezd esa tinmay chopadi hamon.
Hamon ketib borar bir pari paykar,
Kipriklari uzun, qoshlari kamon.


12/02/2020.
Kunduz soat 1:38.
Kanada, Onterio.


Oy porlagan oqshomlar


Chirildoqlar chirillagan tun,
Bo‘zaradi ayvon chirog‘i.
Parvonalar charx urar beun,
Tom ustida oyning o‘rog‘i.

Jovdiraydi yulduzlar ko‘zi,
Oy, "gax!" desang qo‘ngudek qo‘lga.
Devor osha, bo‘ynini cho‘zib,
Dov - daraxtlar qaraydi yo‘lga.


12/02/2020.
Kunduz soat 11:16.
Kanada, Onterio.

 

Suv tiniq, baliqlar biltanglab suzar



Daryo to‘lqinlari qumloqni yalar,
Sohillarda boshoq chiqargan sholi.
Shitirlab, shivirlab, yomg‘ir savalar,
Shamolda shovullar qamishlar yoli.

Delta suvi oppoq ko‘zagullarga to‘la,
Suv tiniq, baliqlar biltanglab suzar.
Xo‘rakni talashib, suv ostida ular,
Sal bo‘lmasa, qarmoq ipini uzar.

Yomg‘irli sohildan kelmaydi ketgim,
Ilinsada baliq qarmoqqa minglab.
Boqaman suvdagi xalqalarga jim,
Shivirlagan yomg‘ir ohini tinglab.

Yomg‘ir savalagan sohillar so‘lim,
Ko‘zlarim - bahoriy daryo o‘zani.
Suv olgani kelsang sohilga, gulim,
Ko‘zlarimga botir ko‘zani.


12/02/2020.
Erta bilan soat 8:25.
Kanada, Onterio.

 

Qishki chivinlarning oppoq galasi


Ko‘cha fonuslarin talaydi, to‘zg‘ib,
Oppoq chivinlarning telba galasi.
Qalin qorko‘rpalar ostida mizg‘ir,
Zulmatda oqargan fermer dalasi.

Muz ostida mudrab yotibdi anhor,
Kumush zanjir, kishan kabi shaldirab.
Mayli hayallasin, kechiksin bahor,
O‘kirmasin tongda momaqaldiroq.

Mayli uxlayversin, uyquni ursin,
Qirovli chorbog‘lar, qor bosgan dala.
Ko‘cha fonuslarin uxlatmasin bir zum,
Qorzarralar chivin kabi talab.


11/02/2020.
Kunduz soat 2:02.
Kanada, Onterio.

 

Sukunat



Yolg‘iz kezinasan o‘tloq tomonda,
Ko‘rinmaydi kuzgi yo‘llarda birov.
Sigiring izlaysan kuzgi tumanda,
Qoshu kipriginga qo‘nadi qirov.

Bog‘lar sukunatga, xayolga botgan,
Yostiq qilib yotar jimlik kovushin.
Tinglash uchun asta uchib tushayotgan,
Yaproqlarning mungli tovushin.


11/02/2020.
Erta bilan soat 8:16.
Kanada, Onterio.

 

Oy


Oy anhorda oqib borar yarim tun,
Suvga tushgan koptok singari behol.
Uni cho‘pak bilan surib, tutib olmoq uchun,
Enkayib, anhorga uzanadi tol.


10/02/2020.
Kech soat 5:00.
Kanada, Оnterio.

 

Dengiz oqshomi


Bandargox tamonda chiroqlar porlar,
Oydinda yaltirar shudringday tongi.
Olislardan meni o‘ziga chorlar,
Kemalarning hazin, hasratli bongi.

Suvlar sahrosida dengiz tuyalari,
O‘rkachida oqqush galasi uxlar.
Osmon chetin kemirar yulduz kuyasi,
Tugayotir tunga berilgan muxlat.

Shovullab, tebranar bahaybat beshik,
Shovqindan iborat dengiz lisoni.
O‘tadi bulutlar siynasin teshib,
Oy nuri qopdagi bigiz misoli.


10/02/2020.
Kunduz soat 3:49.
Kanada, Onterio.

 

 

Sahro


Sholoplaydi qirg‘oq, dengiz chayqalar,
Baliqchi qirg‘oqda yamayotir to‘r.
Gala gala uchgan oppoq chaykalar,
Chiyillaydi dengiz shovqiniga jo‘r.

Shamollarda chopib, qiqirlab kulgan,
To‘lqinlar bir birin quvlab, quvonar.
Va kimsaiz sahroda shamollar yulgan,
Tuyaqorinlar kabi dumalar.


10/02/2020.
Erta bilan soat 9:25.
Kanada, Onterio.

 

Yoz

(ToshDUda birga o‘qigan samarqandlik kursdoshim Shavkatbekka)


Kapalaklar uchar o'ngu so'limda,
To'rg'aylar sayraydi to'liqib, toshib,
Bug'doyzorda peshvoz chiqdi yo'limga,
Dala qo'riqchisi quchog'in ochib.

Yozgi paykallarda jimirlar sarob,
Bir maromda o'ntab, oh chekar g'urrak.
Go'yo dala etagida, jiydazorlar aro,
Javzo uxlab yotar, otgancha xurrak.



24/01/2020.
Kunduz soat 1:14.
Kanada, Onterio.

 

Tungi yolg‘izlik


Qor tobora qalinlashib borar,
Sarg‘aygan deraza o‘xshar somonga.
Dov daraxtlar esa qo‘rqa pisa qarar,
O‘tinlar qalashib yotgan tomonga.

To‘zg‘ir qor uqunlarining galasi,
O‘xshatmay uchratmas degani shu - da.
Oppoq qor qoplagan dexqon dalasi,
Tungi yolg‘izlikka o‘xshaydi juda.


09/02/2020.
Kech soat 8:05.
Kanada, Onterio.
Deraza ortida, qorong‘i zulmatda bo‘ralab qor yog‘moqda.
Qor uchqunlari aro bo‘zargan o‘ychan ko‘cha fonuslari, uylar, dov - daraxtlar arang ko‘rinyapti.

 

Yomg‘irli shahar


Shahar yomg‘irlardan ancha yoshardi,
Avtobus qayiqday yuribdi suzib.
Xaloyiqqa ko‘lmak suvin sochadi,
Hammani kuldirib, ichagin uzib.

Chiqar, old eshikka o‘zini urar,
Va orqa tamondan tushadi avom.
Avtobus odamday tirjayib kular,
So‘ng yana yo‘lida etadi davom.


09/02/2020.
Kech soat 7:37.
Kanada, Onterio.


 

Shovullar shamolda dengiz dalasi


Qax - qax otib kular momaqaldiroq,
Dolg‘alar qo‘ypoda singari chopar.
Chekinar to‘lqinlar, chekinar firoq,
Yomg‘irlarda ruhing halovat topar.

Shovullar shamolda dengiz dalasi,
Suvning siniqlari tig'day yaraqlar.
Qanotlari ila chag‘alaylar galasi,
To‘lqinlarni o‘qir, varaqlab.


09/02/2020.
Kech soat 6:30.
Kanada, Onterio.

 

G‘arib chiroqlar


Osmonda yulduzlar yotar charaqlab,
Shahar jim, xaloyiq ketganday ko‘chib.
Oydinda o‘z soyasiga o‘zi daraxtlar,
Havotirli qaraydi, cho‘chib.

Yulduzlar jimirlar ko‘zyosh singari,
Zulmatning tim qora kipriklarida.
Suvga termuladi mayus va g‘arib,
Chiroqlar daryoning ko‘priklaridan.


09/02/2020.
Kech soat 5:30.
Kanada, Onterio.

 

Quvg‘in


Chopar, boshqa yumushi yo‘qday,
Qizigan shar uzra bir kimsa.
Shar oyog‘in kuydirar cho‘g‘day,
Yugirishdan to‘xtasa, tinsa.

Oyoqyalang chopadi, chidab,
Lovullaydi to‘piq - tovoni.
Kuygan go‘shtning qo‘lansa xidi,
Tutib ketgan butkul havoni.

Bug‘lanadi ichilgan suvlar,
Sahro, cho‘lu biyobon jimdir.
Chopayotgan odamni quvlar,
Qo‘lda chalg‘i tutgancha kimdir.


09/02/2020.
Kunduz soat 1:39.
Kanada, Onterio.

 

Toptalgan gulxan


Bulutlar lavasiga cho‘karkan quyosh,
Kun ham yonib bitar, qorayar samo.
Charchagan ko‘ppakday tin olar, yuvosh,
Tilin sakillatib yugirgan shamol,

Darchalarning olmos chirog‘i porlar,
Zirillar chirildoq chirillagan joy.
Yo‘llarga soyasin to‘shaydi tollar,
Jim, sassiz, sadosiz suzib yurar oy.

Beminnat, musaffo, shifobaxsh havo,
Baqalar qurillar uzoqda sho‘x -shan.
Miltillagan cheksiz yulduzli samo,
Toptab o‘chirilgan gulxanga o‘xshar.


09/02/2020.
Erta bilan soat 9:20.
Kanada, Onterio

 

Qushlar zanjiri


O‘t - o‘lan qoqilib kuzgi yellarga,
To‘xtovsiz chopadi, kezib dalani.
Jo‘nar, surnay chalib, olis ellarga,
Turnalar guruxin sozandalari.

Bangidek erinchoq tumanlar kezar,
To‘zg‘ir momaqaymoqlar to‘zoni.
Sen o‘tguvchi yo‘lu yo‘laklarni bezar,
Dov daraxtning o‘ychan xazoni.

G‘arib bir yetimlik borday havoda,
Ko‘milar bog‘larning anor, anjiri.
Xasratlarga to‘la cheksiz samoda,
Chuvalanar qushlar zanjiri.


08/02/2020.
Kunduz soat 3:05.
Kanada, Onterio.

 

Kitob




Shovullaydi shabada shashtida o‘rmon,
Yolg‘iz uchib yurar daydi kapalak.
Daraxt to‘xtar, mitti gullarni ko‘rmay,
Yanchib yubormaslik uchun, tepalab.

Qaydadir qizilishton vaqt o‘tgan sayin,
Uzoq taqillatar, daraxtni cho‘qir.
Novdasiga qo‘ngan kapalakni qayin,
Oppoq kitob kabi avaylab o‘qir.



08/02/2020.
Erta bilan soat 9:29.
Kanada, Onterio.

 

Xushtak




Darchadan qorlarga qarayman hamon,
Qutb qashqirimas, izg‘irin uvlar.
Qordan qanot yasab ucharkan shamol,
Oppoq uchqunlarning ortidan quvlar.

Qoruchqunlar uchar bamisoli o‘q,
Oynalarni cho‘qir ustiga ustak.
Zulmatda chinqirgan poyezd emas, yo‘q,
Oshxonada choynak chalmoqda xushtak.



08/02/2020.
Erta bilan soat 8:38.
Kanada, Onterio.

 

 

Zulmat




Qor uchqunlarining telba galasi,
Sovuq darchalarga urar o‘zini.
Qorko‘rpa ostida dexqon dalasi,
Dong qotgancha uxlar, cho‘zilib.

Guvillaydi qorli kimsasiz ko‘cha,
Qorquyun zulmatda shopiradi qor.
Xorg‘in darchalarda chiroqlar o‘char,
Tun - qordan yorishgan afsonaviy g‘or.

Oqarar yo‘llarning oppoq qog‘ozi,
Mudrayotgan shahar charchab, xorigan.
Eshitilar daydi ko‘ppak ovozi,
Tubsiz zulmatlarning qa’ridan.


08/02/2020.
Erta bilan soat 7:52.
Kanada, Onterio.

 

 

Bog‘lar yarim yalong‘och, yupun




Kuzning o‘ychan shamoli izg‘ir,
Hazin xoru xazonlar ohi.
Shamollarda chalar sibizg‘a,
Daraxtlarning yalong‘och shoxi.

Dala qo‘riqchisi kiyingan yupun,
Yoriladi kuzgi bog‘lar anori.
G‘amgin havolarda suzadi tutun,
Qishga tutashadi kuzning davomi.

Shamol yurar timirskalanib,
O‘t o‘lanni qayurar, to‘xtab.
Galadoshin burga, bitlarin,
Qarayotgan maymunga o‘xshab.



07/02/3020.
Kunduz soat 12:31.
Kanada, Onterio.



Qiyqiriq
(To‘bo xola hotirasiga)



Yozgi dalalarda kezar daydi yel,
Salqin chorbog‘larga sho‘ng‘iydi qushlar.
Sarob jimirlagan paykal aro el,
Oftob qilichining tig‘ida ishlar.

Soya salqinlarda yotgan sigirlar,
Kavshanib, ko‘zlarin yumadi, mudrab.
Havoda muallaq to‘rg‘ay vijirlar,
Jiydazor tomonda o‘ntaydi g‘urrak.

Oshpaz To‘bo hola tuproq tepada,
Qiyqirgancha elni chaqirar choyga.
Daydi kapalakni quvlar shabada,
Dov - daraxt soyasi to‘shalgan joyga.


07/02/2020.
Erta bilan soat 8:57.
Kanada, Onterio.


 

Asal


Tugab yozning surgan davru davroni,
Tindi, jimib qoldi soyu jilg‘alar.
Ko‘kda turnalarning g‘arib karvoni,
Janub tamon asta sirg‘alar.

Chumchuqlar buluti dalalar uzra,
Guvillab uchadi, misoli bo‘ron.
Bog‘larga qo‘narkan, halovat izlab,
Kuzgi daraxtlarda ko‘tarar suron.

Tujjor bozorchada hos asal sotar,
Shisha bankachaga qarayman qotib.
Sho‘rlik asalari qilt etmay yotar,
Yozda o‘zi yiqqan asalga botib.


06/02/2020.
Kunduz soat 12:43.
Kanada, Onterio.


Qishki momaqaymoq



Janubga xaydadi qushlar galasin,
Kuzning g‘arib, g‘amgin havosi.
Shudgorladi yana osmon dalasin,
Turnalarning ko‘xna omochi.

Pag‘a pag‘a yoqqan birinchi qorda,
Ko‘zdan g‘oyib bo‘ldi o‘tlog‘u dala.
Izg‘irinlar charchab, xolidan toygan,
Darchalarning sovuq oynasin yalar.

Qorlarga ko‘mildi yaqinu yiroq,
Kimsasiz so‘qmoqlar, daryolar labi.
Oppoq uchqunlarga talanar chiroq,
To‘zg‘iyotgan momaqaymoq kabi.


06/02/2020.
Kunduz soat 10:49.
Kanada, Onterio.

 

 

Mutolaa




Odam o‘qir edi qiziqarli roman,
Sahfalarga tig‘day qadaldi ko‘zlar.
Unga hayrat ichra termulgan hamon,
Qattiq qo‘rqib ketdi bechora so‘zlar.

Ayniqsa kulganda xandon, qiyqirib,
Bamisli bahoriy momaqaldiroq,
So‘zlar bir birining pinjiga kirib,
Cho‘chib, dag‘ -dag‘ titradi uzoq.

Yemay - ichmay, o‘qiyverdi odam,
Goho g‘azab bilan qisdi mushtini.
Fitnalarga turolmasdan chidab,
So‘kdi yog‘iylarning yetti pushtini.

So‘ng yig‘lab yuborsa bo‘ladimi bo‘zlab,
Kitob yozgan yozuvchini aynib so‘kib.
Ivib, shishib ketdi bechora so‘zlar,
Yog‘ayotgan ko‘z yoshlarga bo‘kib.



05/02/2020.
Kech soxot 6:58
Kanada, Onterio.

 

Yolg‘izlik



U stol ustida yotgan qog‘oz markaziga
qalam bilan nuqta qo‘yarkan, dedi:
- Bechora, qanchalar yolg‘iz u
qog'ozning qor bosgan dalalarida!..
So‘ngra shosha pisha o‘chirgich bilan
o‘chirarkan nuqtani, o‘ziga o‘zi:
-Endi qorbo‘ronda ko‘rinmay ketdi -
dedi, qayg‘u bilan chuqur xo‘rsinib.
So‘ng deraza ortida bo‘ralab yog‘ayotgan
Tungi laylakqorga termuldi uzoq.


05/02/2020.
Kech soat 5:55.
Kanada, Onterio.

 

Tongi sukunat




Osuda tong otar, sukunatli yo‘l,
Bo‘zara boshlaydi osmon yanada.
Shudringdan shalabbo, qanotlari xo‘l,
Bedanalar sayrar tongi dalada.

Xovlilardan o‘tib, xovliga ko‘char,
G‘ir g‘ir esayotgan ilohiy sabo.
Xorg‘in darchalarning chirog‘i o‘char,
Yo‘talsang, sukunat berar aks - sado,

Xaybatli quyoshga termuladi lol,
Uzoq - uzoqlardan dala, qir - qiya.
O‘t -o‘lan ichida to‘xtar majnuntol,
Shudringlar to‘kilib ketmasin deya.


05/02/2020.
Tungi soat 1:00.
Kanada, Onterio.


 

Maxshar




Boylikdan batamom qutildi daraxt,
Tashlab og‘ir tilla xazonlar yukin.
Va g‘amgin kimsasiz yo‘llarga qarab,
Xayollarga botdi, saqladi sukut.

Chorbog‘larda daydib yurarkan shamol,
Qurigan o‘t - o‘lan boshini silar.
Hazonga yonboshlab, beg‘am, bemalol,
Mayxo‘rday dong qotib uxlaging kelar.

Achchiq tutun xidi suzar havoda,
Bog‘larda o‘t -o‘lan qovjirab qaqshar.
Sahroday kimsasiz so‘yi samoda,
Qushlar qo‘zg‘aloni, faryodi maxshar.


04/02/2020.
Kunduz soat 11:04.
Kanada, Onterio.

 

Kuz hasrati


Qaxrabo barglarin to‘kadi chinor,
Bo‘m bo‘sh xiyobonlar xuvillab yotar.
Bog‘ qippa yalang‘och, o‘ynaganday qimor,
Dov - daraxt uyalib, avratin yopar.

Puflab o‘chirilgan shag‘am kabi ular,
Sirli bo‘lsin deya ayyomi visol.
Xazonlar shamolda chirpirab uchar,
Qanotlari kuygan parvonamisol.

Kuzgi tolzorlarga cho‘kadi hasrat,
Qag‘illaydi bog‘lar qarg‘ayu zog‘i.
Shamol yana xaskashni avaylab, asrab,
Xazonlarga ko‘mib qo‘ymoqchi, chog‘i.


03/02/2020.
Kech soat 6:04.
Kanada, Onterio.



Hayrat



Yo‘llarga poyondoz to‘shayotir oy,
Bir o‘zim daydiyman oydinda yayov.
Yulduzlar burgadek ko‘kni hoynahoy,
Uxlagani qo‘ymay, chaqar beayov.

Kimsasiz dala -dasht berar aks - sado,
Daryolar ortida ko‘ppaklar xursa.
Faqat jim kuzatar dunyoni Xudo,
U ovozsiz urar, mobodo ursa.

Xuddi tushda alaxsiraganday, oqib,
Bir narsalar deya valdiraydi soy.
O‘tloqda ochilgan moychechaklarga boqib,
Yana
angraygancha tildan qoldi oy.



03/02/2020.
Kunduz soat 4:04.
Kanada, Onterio.


 

Vaqt





Men, kuzgi osmonlarni hasratga to‘ldirib,
olislab borayotgan kulrang turnalarning
vidolarga to‘la faryodiman asli.
So‘ng, juda nari borsa, men, shunchaki, o‘sha
sen, xayollarga botib, uzoq termulguvchi
deraza ortidagi chetandaraxt mevalarini
loqayd cho‘qiyotgan kuzgi yomg‘irman halos.
Tag‘in kim biladi, balki qor yog‘ayotgan kecha
sen soatlab qarab ham to‘ymaydigan o‘sha
qor bilan qoplangan kimsasiz dalalarning
osuda halovati, sukunatidirman?
Ba’zan oddiy ovqatning, suvning, havoning,
muvaqqat molu dunyo, mansab martabaning
maishatning ojiz quli emasmikanman deya
bexudud o‘y - xayollarga botaman.
Tunlar vaqtni yeb, yeb, bo‘kib, xiqichoq tutgan
soatning xiqillashiga va temir yo‘lning
umurtqa pog‘onalariga qoqilib, borayotgan
poyezd g‘ildiraklari sadosiga quloq tutgancha,
oyga, xuddi muz tuynigiga termulgan baliq singari
hayrat va umidla boqaman uzoq.
Goho subhi sodiq mahal oqarishib borayotgan
osmon chetidagi yo‘l yo‘l bulutlarning
sukunati bo‘lsaydim - deya o‘yga tolaman.
Ba’zan, qor bo‘ralab yog‘ayotgan qish kechasi
qorlar to‘zoni aro goh ko‘rinib, goh yo‘qolib,
uyiga eltguvchi yo‘lni topolmay, gandiraklab,
turtinganicha yo‘rtib borayotgan mast alast,
bir yolg‘iz yo‘lovchiday sezaman o‘zni.
Stol ustida yotgan oppoq va beshafqat qog‘oz,
oy ohista yoritayotgan qorli yo‘llarni va
kuzda ochilgan paxtalardan oqargan oppoq
yurtim dalalarin eslatar menga.
Go‘yo kunlar, oylar, yillar, va hatto asrlar
o‘tib borar, oyoqlari uchida ohista yurib.
Vaqt esa, soat millarining o‘tkir jovdisida
soniyalar boshin tanasidan judo etarkan,
kafgiri bilan kinoyali bosh bosh qilib,
achchiq shiqillatib qo‘yar tilini.



02/02/2020.
Kunduz soat 10:36.
Kanada, Onterio.


Bahor sog‘inchi



Bahor kelar, tarqalar tuman,
Tarqaganday qayg‘uli tushlar.
Qaytib kelar bulutlar bilan,
Inlarini sog‘ingan qushlar.

Bog‘lar yechib muzlagan to‘nin,
Kiyar ko‘ylak yam yashil chitdan.
Daraxtlarning shoxiga qo‘nib,
Oh chekagi bog'larda chittak.

O‘rik gullarini o‘par daydi yel,
Gullar boshin egar uyalib.
Chittaklarga quloq tutar el,
Belkurakka o‘ychan suyanib.


01/02/2020.
Kech soat 6:57.
Kanada, Onterio.

 

Yulduzli osmon


Gulxan lovullaydi, zulmatli dala,
Uchqunlar chirsillab, uchar havoga.
Yonarqurt singari tovlangancha alar,
Osmonu falakka bo‘lar ravona.

Yonar g‘o‘zapoya, shabba, xoru xas,
Yolg‘izlik, sukunat, oydin halovat.
Nazarimda go‘yo yulduzlarga emas,
Alvon uchqunlarga to‘ldi samolar.


01/02/2020.
Erta bilan soat 9:38.
Kanada, Onterio.

 

Muzlagan daryo



Qishning sochi qorday oqargan,
Birinchi qor, kimgadir so‘ngi.
Odam qorga o‘ychan boqarkan,
Bilolmas, bu tushmi yo o‘ngi.

Muzlab qolgan daryodagi suv,
Oppoq jimlik, misoli ro‘yo.
Oqchorloqlar ko‘tarar qiy - chuv,
Eri urgan xotinday go‘yo.


31/01/2020.
Erta bilan soat 9:20.
Kanada, Onterio.




Bahor toshqini



Bahor toshqinlari, suv bosgan dala,
To‘lqinlar yugirib, bir birin quvar.
Va sohil toshlarin novvotday yalab,
Yulduzlarni yaraqlatib yuvar.

Suzar daryo uzra osuda tuman,
Oydinda ortimdan sudralar ko‘lkam.
Osmon yulduzlarning shu’lasi bilan,
Suvlar chuqurligin tekshirar, o‘lchab.

Shamolda sollanib yotar qamishlar,
O‘tloqlar ustida oyning o‘rog‘i.
Sokin sukunatga do‘ngan tovushlar,
Porlar darchalarning olmos chirog‘i.



29/01/2020.
Erta bilan 8:33.
Kanada, Onterio.

 


Oydin sukunat


Deraza ortida serraygan daraxt,
Osmon kambag‘almas, yulduzlarga boy.
Oqarishar oydin kimsasiz dala,
Ko‘zni qamashtirib porlayverar oy.

Alvon giloslardan bog‘lar bag‘ri qon,
Uzoqda baqalar qaynatar shovla.
Dong qotib uxlaydi xaloyiq shu on,
Uyg‘onmas, bostirib kelsa ham yovlar.

Kimsasiz sukunat, havolar tekin.
Arshga yetib borar chirildoq ohi.
Mo‘ralab qo‘yadi darchalarga sekin,
Osmonu falakning malika, moxi.
.


25/01/2020.
Tungi soat 1:54.
Kanada, Onterio.



Ipi qo‘ldan chiqqan pufak kabi oy


Poyonsiz samolar saxrosida quyosh,
Dumalar yonayotgan tuyaqorin singari.
Dalalarga qo‘nar shom xasrati yuvosh,
Cho‘kar daryolarga oyning langari.

Chirildoq goh jo‘shib, gohida to‘xtab,
Chirillar, topolmay berkingani joy.
Ipi qo‘ldan chiqqan pufakka o‘xshab,
Osmonga ohista ko‘tarilar oy.


25/01/2020.
Erta bilan 9:51.
Kanada, Onterio.






Pion


Ko‘cha fonusi o‘z plafonining yerda sinib yotgan parchalariga parishon termulganicha mahzun xayollarga g‘arq. Xuddi oppoq gulpallalari to‘kilgan pion guliday.



24/01/2020.
Kunduz soat 1:23.
Kanada, Onterio.




Tungi laylakqor



Yo‘qdir qorzarralar sanog‘i, soni,
Qish zulmat qa'rida shopiradi qor.
Yoridan ayrilgan odamday fonus,
O‘ychan termuladi yo‘lga intizor.

Ayvonda ag‘rayib yotar kovushlar,
Yorug‘ derazalar bo‘zarar hamon.
Kimsasiz bog‘larda izg‘ib, xovuchlab,
Darchalarga guruch sochadi shamol.

Qorli yo‘lga boqib, xayoling og‘ar,
Oqarar osuda dala, qir - qiya.
Qor asta shivirlab, jimgina yog‘ar,
Xaloyiq uyg‘onib ketmasin deya.



23/01/2020.
Kunduz soat 4:32.
Kanada, Onterio.



Zulmatlarda uchqunlaydi qor


Bu xazon, ko‘zlari ojiz oshiqning
Qo‘lidagi o‘qilmagan xat.
Kimsasizlik, sukunat balki,
So‘zsiz qo‘shig‘idir soqov hofizning.

Men bo‘lsam,
Kuzgi dalalarda, tungi zulmatda
Yolg‘iz uvlayotgan qora shamolman.

Sen pastak deraza yonida,
Qirovli gulzorda bulbulni kutib,
Muzlab qolgan atirgulmisan?

Chirpirab uchayotgan qor uchqunlarichi?
Yorug‘ oynalarga talpinayotgan
Son - sanoqsiz oppoq parvonalarmi?..

Aytgil, nima uchun, kimni sog‘inib,
Sochlari quvv oqardi qishning?



20 avgust, 2012 yil.
Kunduz soat 3 dan 20 minut o‘tdi.
Toronto shahri, Kanada.

 


Qorli dalalar



Xazonrez shamollar esdi guvillab,
Qushlar uchib ketdi gala va gala.
Kimsasiz xovliday qoldi xuvillab,
Qor qoplagan yaydoq kimsasiz dala.

Beligacha qorga botib, beomon,
Qurigan qamishlar bormoqda qayga?
Balki ular borar sohilga tamon,
Aylangani shamol shashtida nayga?


2017 yil, 16 noyabr'.
Kunduz soat 10 dan 48 daqiqa o‘tdi.
Kanada, Onterio.

 



Tasodifiy uchrashuv



Shamol, seni tanidim, ishon,
Bu sen, o‘sha dalada esgan.
G‘ir -g‘ir esib, ul otashfishon,
Jazirama taftini kesgan.

Hamqishloqlar omonmi, shamol,
Sog‘indimi el meni rostdan?
Yomon ko‘rma, olmagin malol,
Senga dardim aylasam doston.

Shaldirarmi daryo kechuvi,
Biz qo‘y, sigir haydab o‘tgan joy?
Yaltirarmi daryoning suvi,
Qo‘rg‘onlasa sukunatda oy?

Cho‘chqaxona haliyam bormi?
Shovullarmi teraklar hamon?
Yolg‘izoyoq so‘qmoq eltarmi,
Odamlarni sohilga tamon?

Balki bulutlarning tubida,
Oy siynasi qolar ochilib.
Shaffof sholipoya suvida,
Ming -ming yulduz yotar sochilib...

Kechir, yo‘ldan qo‘ydim nahorda,
Ulkan edim, uyga sig‘madim.
Ummon orti, olis shaharda,
Shamol, seni tanib, yig‘ladim.


25 aprel, 2014 yil.
Kunduz soat 5 dan 0 daqiqa o‘tdi.
Kanada.Brempton.



Niyyat



Zulmatda chirildoq chirillagan on,
To‘lin oy porlasa paykalga qarab.
Yag‘ir do‘pping kiyib, yelkangda ketmon,
Dalalarda yursang yolg‘iz, suv tarab.

Sokin uvotlarda bo‘zraysa fonar,
Oqshom yulduzlarni birma bir yoqsa.
Og‘zini lang ochib oydin dalalar,
Oyning qo‘rg‘oniga ag‘rayib boqsa.

Suvlar jildirasa, pushtalar to‘lib,
Ko‘rshapalak uchsa shodon, ovozsiz.
O‘ltirsang porlagan oyga termulib.
Oddiy suvchi bo‘lsang, bo‘lsang savodsiz.

Shiypon tamondagi so‘rida yotsang,
G‘ir - g‘ir esaversa tungi shabada.
Uyg‘onsang to‘rg‘aylar chuldirayotgan,
O‘z ona yurtingda, tongi dalada.


7-avgust, 2010 yil.
Tungi soat 1 dan 56 daqiqa o‘tdi.
Toronto shahri, Kanada.




Kuz yomg‘iri



O‘ylanasan kuzgi kechada,
Cheki bormi deya firoqning.
Esi og‘ar bo‘m -bo‘sh ko‘chada,
Mayus o‘yga botgan chiroqning.

To‘lar sirli shivirga havo,
Ruhing kabi musaffo, toza.
Nahot sevgi ayladi qazo,
Yomg‘ir kimga ochmoqda aza?..

Osmonlarga elagin tutar,
Fonus g‘amgin nurin elaklab.
Bo‘m -bo‘sh shahar uyquga ketar,
Kuz yomg‘iri quyar chelaklab.


27 may, 2014 yil.
Tungi soat 10 dan 49 daqiqa o‘tdi.
Kanada.Brempton.



Kuzgi qayin


Xazonlarni uchirmoqqa shay,
Kuzning o‘ychan, latif shamoli.
Avtoulov chumolixo‘rday,
Ishga shoshgan avom -chumoli.

Chirpiraydi yetim yaproqlar,
Kuz keltirdi barglarga qiron.
Xazon emas, tilla titroqlar,
Qo‘rqitadi ularni bo‘ron.

O‘ylamaydi bu haqda qayin,
Kokillarin yoyib nasimga.
Yo‘l bo‘yida shovullab mayin,
Qayta -qayta tushar rasmga.


27 oktyabr,2014 yil.
Erta bilan soat 9 dan 1 daqiqa o‘tdi.
Brempton shahri, Kanada.




Qorli kecha va yorug‘ niyyat



Qorong‘u zulmatda qo‘nadi sokin,
Qorlarning uchquni yelkamga yuzlab.
Nahot -deyman - sovuq bulutlar hokim,
Osmondan yulduzlar tushmoqda muzlab?

Bo‘ronlarda mahzun musiqa borday,
Bog‘lar qor qo‘ynida yotganday uxlab.
Sevaman - desayding, shivirlab qorday,
Sovqotgan qo‘llaring isitsam kuxlab.

Soyamiz tutashsa, uchqunlar tinmay,
To‘zg‘isa, chirpirab tushsa elanib.
Uzoq suhbatlashsak, ketgimiz kelmay,
Fonus yorug‘ida qorga belanib.



20 oktyabr, 2014 yil.
Kech soat 5 dan 39 daqiqa o‘tdi.
Kanada.Brempton.



Vatan xayoli



Botar paxtazorlar ortiga quyosh,
Lovullaydi alvon ufqlar etagi.
Tuman cho‘ka boshlar dalaga yuvosh,
Ko‘kda yulduzlarning olmos kepagi.

Kimsasiz yo‘llarda sukunat hokim,
Shamol ham bog‘larda yuribdi sang‘ib.
Dov -daraxtlar ortidan sokin,
Parishon oy chiqqanda balqib.

Birin ketin xorg‘in chirog‘in yoqar,
Shu'laafshon darchali uylar.
Daryoda suv sokin yaltirab oqar,
Qaylardadir yetim chirildoq kuylar.

Yo‘lda bo‘ynin cho‘zib maraydi buzoq,
Poda xaydab o‘tadi ko‘chadan kimdir.
Qurillar sohilda baqalar uzoq,
Somon yo‘li, yulduzlar jimdir.

Goho daydi itlar qo‘yadi xurib,
Oy o‘ychan termular chavra, chetanga.
Goho g‘am - tashvishni bir chetga surib,
Qaytging kelaverar ona Vatanga.



14/06/2016.
Kech soat 6:33.
Kanada.Onterio.



G‘ozlar galasining bo‘m -bo‘sh chelagi



Yog‘ar kuz yomg‘iri maydalab, ezib,
Yomg‘irda yuvilgan oynaday tuyg‘u.
Hiyobonda yolg‘iz yurarman kezib,
Ko‘lmaklar ko‘zida ismsiz qayg‘u.

Suv yuzida g‘amgin kumush xalqalar,
Shivirlar qamishli sohillar labi.
Bir yupun majnuntol yolg‘iz chayqalar,
Unsiz yig‘layotgan parizod kabi.

Oxir tamom bo‘ldi yomg‘ir ko‘z yoshi,
Tabiat yig‘idan to‘xtadi, tindi.
Yomg‘irda yuvilgan sohillar toshi,
Borliqqa musaffo halovat indi.

Tortinchoq yalong‘och bog‘lar bir yonda,
Oynadek yaltirar bog‘lar yo‘lagi.
G‘iyt - g‘iyt etar kuzgi g‘amgin osmonda,
G‘ozlar galasining bo‘m - bo‘sh chelagi.



9 iyul', 2011 yil.
Tungi soat 2 dan 36 daqiqa o‘tdi.
Toronto shahri, Kanada.



Kuzgi oynalarning unsiz ko‘z yoshi



Yomg‘irlarda yaltiraydi tosh,
Qarar o‘ychan tabiat romdan.
Yog‘ayotgan yomg‘irmas, ko‘z yosh,
Ko‘zlaringdan duvillab tomgan.

Sen ketasan soyabon qo‘lda,
Olislaysan misoli ro‘yo.
Daraxt aksi, ko‘lmakli yo‘lda,
Cho‘kkan kabi ko‘zguga go‘yo.

Sensiz endi yurak qiynalar,
Erib borar izlaringda qum.
Sen ketasan, g‘amgin oynalar,
Odam kabi yig‘laydi yum - yum.



31 iyul, 2011 yil.
Kunduz soat 1 dan 29 minut o‘tdi.
Toronto shahri, Kanada.



Xazonlarga ko‘mildi yo‘llar



Lovullab yongancha kuzgi gulxanda,
Guvillar xayoli parishon bog‘lar.
O‘ychan kuz labida qaxrabo xanda,
Telba girvatlarga termulgan chog‘lar.

Bodi izg‘irinda yalong‘och, yupun,
Yalang novdalari qolsa ham qaqshab,
Oppoq choyshab ichra uxlamoq uchun,
Bog‘lar yechinarkan ayolga o‘xshab.

Daryoning labida qamishlar nayi,
Xazonga ko‘milar yo‘laklar, tomlar,
Ko‘cha fonusiga tirab manglayin,
Yig‘lasa mo‘riday qoraygan shomlar.

Olis o‘lkalardan kelganday qaytib,
Darchangdan to‘lin oy mo‘ralagan payt,
Adashgan yo‘lovchi singari daydib,
Goho tushlaringa kiramanmi, ayt?



13 avgust, 2011 yil.
Kunduz soat 3 dan 23 minut o‘tdi.
Toronto shahri, Kanada.




Tog‘am Hurmuhammad Kenjaev hotirasiga



Hurmuhammad tog‘am she'riyatni teran anglaydigan, oliygoxni tamomlagan ziyoliy inson bo‘lganlari uchun mening she'rlarimni tahlil qilib, boshqalarga tushuntirib yurar edi.Ayniqsa: bir she'rimdagi "Osmon o simon.Xuddi yo‘qlik ramzi 0 raqamiday" degan tashbehdan uzoq hayrat va hayajon tuyib yurdilar.
Afsus shunday ajoyib inson, sevimli tog‘am olamdan o‘tib ketdilar.Ilohim, joylari Jannatdan bo‘lsin.
Anchadan beri u insonning muborak hotirasiga nimadir yozmoqchi bo‘lib yurardim.Bugun mavridi ekan.Kechasi yarim tunda uyg‘onib ketib, tog‘amning hotirasiga bir she'r yozdim.
Quyida shu she'rni o‘qiysiz.


22/10/2017.
Tungi soat 2:24.



Oydin sukunat
(Tog‘am Hurmuhammad Kenjaevning porloq hotirasiga)



Tog‘a, Chuvamada hozir hoynahoy,
Oqshom tushib, quyosh botgandir.
Oppoq chinni tovoq kabi oy,
Tentaksoyda cho‘kib yotgandir?

Toshqin buzgan ko‘prik xodasi,
Taxtalari yotgandir ko‘chib?
Suv kechardi sigir podasi,
U ko‘prikdan o‘tgani cho‘chib.

Qurillaydi balki baqalar,
Qirg‘oqlarda qamishlar ohi.
Daydi tulki suvlar yoqalab,
Quloq tutar jimlikka gohi.

So‘qmoq uni sohilga boshlar,
G‘ir g‘ir esar tungi shabada.
Ko‘rinar suv ostida toshlar,
Bog‘bon esa uxlar kapada.

Yulduzlarni jimlik xoritar,
Olis osmon -ovoz yetmas joy.
Qabringizni g‘amgin yoritar,
Jim -jit, sokin sukunatda oy.


22/10/2017.
Tungi soat 1 dan 21 daqiqa o‘tdi.
Kanada, Onterio.



Aprel'



Quyosh botib, g‘amboda, g‘arib,
Ufqlarning gulxani so‘nar.
Erigan qor suvin sipqorib,
Shom qushlari bog‘larga qo‘nar.

Hilol ko‘kda porlar parishon,
Ko‘rasan ko‘z ilg‘amas joyni.
Men sevaman, sevaman, ishon,
Aprel' degan yolg‘onchi oyni.

Billur qandil singari tomdan,
Sumalaklar tushar uzilib.
Chakillagan iliq oqshomda,
El uyqusi ketar buzilib.


1990 yil . Bahor . Andijon shahri .



Do‘st
(O‘zbekning eng yoniq shoirlaridan biri, marhum do‘stim Ravshan Fayz xotirasiga )



Gullar yerning tabassumlari,
' Qayda ? ' - deya berma savollar.
Saf chekar dov - daraxt lashkari,
Guvillaydi vaxshiy shamollar.

Boshlanarkan buyuk bulut bosqini,
Sharros quya boshlar shiddatli jala.
Ariqlar labida suvlar toshqini,
Ko‘rinmay ketadi yomg‘irda dala.

Kuz keladi so‘ngra bizga sezdirmay,
Kimsasiz yo‘llarda xazonlar raqsi.
Botargoxda esa shom qushlarining,
Murosasiz shovqini, baxsi.

Qushlar tashlab ketar inlarin so‘ngra,
Turnalar faryodi uzundan uzun.
Bog‘larda shamollar yig‘laydi xo‘ngrab,
Yomg‘ir shudgorlaydi oynalar yuzin.



2003 yil , 27 noyabr' . Tungi soat
9 dan 30 minut o‘tdi. Andijon.




Shahar yomg‘iri




Quloq tutdim yomg‘ir sasiga,
Havo giyox xidiga to‘ldi.
Bulutlarning uvadasiga,
Chaqmoqdan o‘t ketmasa bo‘ldi.

Shodliklarga to‘ladi yurak,
Yo‘lga boqar mo‘ltaygan chiroq.
Qax -qax urib kular guldurak,
Yomg‘ir yum -yum yig‘laydi biroq.

U yashnatar vohayu cho‘lni,
Novdalarga billur tizildi.
Bosib ketdi mashina yo‘lni,
Yo‘l sho‘rlikning joni uzildi.

Vaqirlaydi baqalar go‘yo,
Oynalarda titrar itbaliq.
Yomg‘ir tinib, yorishar dunyo,
Yaraqlar dil ko‘zgusi tiniq.

Boqib gullar tabassumiga,
Jilmayar bog‘ o‘ychan, sog‘ -omon.
Osilgancha xayol dumiga,
Uchib ketgim kelar sen tamon.



19 iyun', 2008 yil. Kech soat 8 dan 56 minut o‘tdi.
Toronto shahri. Kanada.



Singlim Anoraga



Ruhim oydinlarda daydigan suvchi,
Men seni eslayman, kunda, kun ora.
Jilmayib, yig‘lovchi, yig‘lab, jilmayguvchi,
Mening yuvoshgina singlim, Anora.

Subhi sodiq mahal taqirlatsalar,
Tomlar tunikasin yomg‘irlar cho‘qib.
O‘ltirarsan balki mehrobda sahar,
Sokin sukunatda nomozing o‘qib.

Ko‘zingdan yomg‘irday tirqiramasin,
Ko‘z yoshing suyulgan olmosday oqib.
Ovozsiz yig‘lasang, huvillab yotgan,
Akangning kimsasiz uyiga boqib.

Ko‘z yoshing bebaho dur kabi asra,
Tinsin kuzgi suvlar singari asab.
Mayli xovlimizda za'faron hasrat,
Yursin yaproqlardan gerbariy yasab.



6 avgust, 2010 yil.
Kunduz soat 8 dan 4 daqiqa o‘tdi.
Toronto shahri, Kanada.



Yurt sog‘inchi



Bir soat ichida dunyo qaridi,
Yosh turib sochlaring oqardi yanvar'.
Jilmayar tahayyul tumanlarida,
Lablari atirgul, sochlari anbar.

Bobur vatangado, Furqatlar daydi,
Navoiy chet elda, qalqiydi ashkim.
Kimlardir Vatanni sevaman deydi,
Undaylarga mening keladi rashkim.

Daraxtlar yugirar tepaliklarda,
Oppoq uchqunlarni to‘zg‘itganda yel.
Bahor keldi, muzni yorib chiq! - deya,
Yana boychechakni aldaydi aprel'.

Men endi mushtlashib qovoqxonada,
Aroqqa cho‘kmayman hasratga to‘lsam.
Qaniydi Vatanda, qorli dalada,
Gulxanga termulib jimgina o‘lsam.

Daydi shoir o‘ldi - deya odamlar,
Ko‘mishsa, ustimdan tortishsa tuproq.
Xonanga qamalib, yolg‘iz u damlar,
Sen o‘zing yig‘laysan hammadan ko‘proq.


1 dekabr', 2012 yil.
Kunduz soat 2 dan 12 minut o‘tdi.
Kembridj shahri, Kanada.



Cho‘lquvar



Yoshligimda cho‘lquvar edim,
Quvar edim cho‘llarni yomon.
Cho‘llar mendan qo‘rqib qochardi,
Kulgim qistar eslasam hamon.

Quvmay desam uyqu bermasdi,
Quvarlikning muqaddas burchi,
Bo‘ronda ham quvlayverardim,
Ko‘zda qumning qalampir-murchi.

Bilsam, bekor quvgan ekanman.
Daryolarda quridi suvlar.
Qasos dunyo ekan bu dunyo,
Bugun endi cho‘l meni quvlar.


1988 yil. Toshkent.



Garchand so‘qir ishqning ko‘zlari



O‘yga botgan yomg‘irli shahar,
Elovrayman, ozg‘in so‘qirman.
Ko‘r yomg‘irga aylanib, sahar,
Derazangni tinmay, cho‘qirman.

Ko‘zim oppoq ochilgan paxta,
Tergil uni jonim, etaklab.
Savob bo‘lar edi poytaxtda,
Men so‘qirni yursang yetaklab.

Tumanlarda tentirab, daydib,
Dalalarda gulxan yoqarman.
Balki bir kun vatanga qaytib,
Dorvozangni topib, qoqarman.

Paypaslayman shahlo ko‘zlaring,
Titrayotgan lablaringni ham.
Yuzlarimga bosib yuzlaring,
Shivirlaysan yomg‘irday, erkam.

Qalblarga yo‘l topar ro‘zi shab,
Garchand so‘qir ishqning ko‘zlari.
Lablar yomg‘ir kabi cho‘lpillab,
Bir -birini topar o‘zlari.

Yomg‘ir yig‘lar odamday asta,
Ko‘z yoshlarin hech kimsa artmas...
Boshqa topqir a'zolar haqda,
Nazarimda, yozish ham shartmas.



25/06/2016.
Kunduz soat 11 dan 12 daqiqa o‘tdi.
Kanada.Onterio.


Sevgi yodi



Oydin dala singari joyshab,
Sirtmog‘idan bo‘shatilgan soch.
Sukunatli yorug‘ tun -oy shab,
Qular oppoq nafis qaldirg‘och...

Hushbo‘y nafas, lablar yolqini,
Harir parda ortida fonus.
Qaro dengiz soching to‘lqini,
Bir juft cho‘qqi, oqargan konus.

Oydek to‘lib, termularding sen,
Ipak soching shu'laday mayin.
U shu'la, u mayinlikni men,
Unutolmoy o‘tmog‘im tayin.

Balki hanuz kutarsan, esiz,
Borolmayman endi u joyga.
Qanday termulardik ikkimiz,
Shu'lalarin taratgan oyga.

Gul bandiday bo‘yninga sening,
Chirmashmasin hijron pechagi.
Qurib qolma, g‘arib sevgimning,
Qor ostida qolgan chechagi.


22 aprel', 2014 yil.
Kunduz soat 3 dan 55 daqiqa o‘tdi.
Kanada.Brempton shahri.



Bahor oqshomi



Ko‘z yoshday to‘kilar gilos gullari,
So‘nadi ufqlarda otashi so‘zon.
Halovat to‘shalgan bog‘da tunlari,
Nafis oy shu'lasi, go‘zal gul to‘zon.

Oppoq gul yog‘adi misoli ro‘yo,
Qaldirg‘och uxlaydi tumshuqlari loy.
Kul bilan yuvilgan idishday go‘yo,
Sokin xovuzlarga cho‘kib ketar oy.



13 may, 2014 yil.
Kunduz soat 10 dan 24 daqiqa o‘tdi.
Kanada.Brempton.



Daryo
(Odil Ikromga)



Xisor tog‘larining etaklarida,
Yovvoyi o‘t -o‘lan odamni ko‘mar.
Shudring yaraqlaydi chechaklarida,
Va oydin sukunat o‘ylarga cho‘mar.

Asqar bu daryoni sog‘indi qancha,
Kimlar anglamadi, kimlar angladi.
Yangi oy yaraqlab misoli langar,
Shoir ko‘z yoshiga cho‘kib zangladi.

Bog‘lar shovulladi sharsharamisol,
Daryo baliqlarning unsiz ko‘z yoshi.
Pomir tizmalari, haybatli Xisor,
Shoir mozorining yodgorlik toshi.

Chor taraf tog‘u tosh, chor taraf xarsang,
U yonda Isfara, naryog‘i Vodil.
Oydin sohillarni sog‘inib borsang,
Tanirmikan seni shamollar, Odil?

Nechun Kofarnihon daryoning nomi?
Nechun u toshlarga bosh urib, qaqshar?
Cho‘kar dalalarning hasratli shomi,
Chigirtkalar ohin tinglarmi Asqar?



25 yanvar, 2014 yil.
Kunduz soat 2 dan 3 daqiqa o‘tdi.
Kanada.Brempton.



Epitafiya
(Bu dunyodan erta ketgan iste'dodli shoira Baxtiniso Mahmudova xotirasiga)



Ey bo‘ronlar ichra o‘chmay, parpirab yongan chiroq,
Bir umr yurmoqni orzu aylabon ketding yiroq.

Oyga mahzun termulib, tun kechalar bedor eding,
Jiqqa yoshli ikki oxu ko‘zlaring oydin buloq.

Turnalarga silkiding qo‘l, xo‘lashib, ko‘zlarda yosh,
Kuzgi g‘amgin bog‘u rog‘lar ohiga tutding quloq.

She'rlaringda gohi g‘am, goh otdi mag‘rur qaxqaxa,
Kimsasiz sahroda yovlar ustidan kulgan Shiroq.

Oh chekar zulmatli bog‘da shom chirildoqlar bilan,
Tungi javdarpoya uzra yarqirar oltin o‘roq.

Titragay ko‘z yoshi yanglig‘ ko‘kda yulduzlar hamon,
Mung‘ayar oydinda pastak kulba, tomi loysuvoq.

She'r o‘qib Jannatda yurgin xuru g‘ilmonlar bilan,
Qomating sarv, misli Kavsar havzida o‘sgan quroq.


03/11/2019.
Kunduz soat 11:54.
Kanada, Onterio.




Kuzgi terak



Daydib yurgan edim, bog‘larda badar,
Kuz sochib yubordi chumchuqlarini.
Ular uchib ketdi shoshib, qaygadir,
Shamollarda qayrab tumshuqlarini.

Men endi shoirmas, xazonman, xasman,
Bir mahzun navoman, hasratli kuyman.
Sharob ichmasam ham yemastu alastman,
Yomg‘ir, menga quyma.

Kuz xazon raqsiga chorlaydi kimni?
Guvillagan mahal yalong‘och terak.
Terak shoxidagi qoraygan inni,
Qushlar eslab, goho sog‘insa kerak?



26 oktyabr, 2014 yil.
Kunduz soat 4 dan 14 daqiqa o‘tdi.
Kanada.Brempton.

Daydi



Oqshom, ko‘zim kovaklariga,
Iztirobning qushi in qurar.
Ko‘z ilg‘amas zulmat qa'rida,
Yuk tashuvchi poezd chinqirar.

Yulduzlar jim yig‘lar chamasi,
Daraxt hayron ko‘kka alanglar.
Suzar ulkan xayol kemasi,
Oy langari sohilda zanglar.

Sag‘ir sevgim sig‘magan Dunda,
She'rlar bitsa arziydi yuzlab -
Deb daydidim ayozli tunda,
Ko‘z yoshlarim qolguncha muzlab.


2008 yil, kuz.
Toronto shahri, Kanada.




Shom hasrati



Shom qushlari sayraydi tolda,
Balki eshik turar ochilib.
G‘amgin shu'la to‘shalgan polda,
Kitoblarim yotar sochilib.

Kulbalarda chiroq yoqarlar,
Paxtazor jim sukutga cho‘mar.
Yum - yum yig‘lab iskabtoparlar,
Shom hasratin sohilga ko‘mar.

Yulg‘un o‘sgan jarlar uzra jim,
Asta sekin ko‘tarilar oy.
Yorishadi mening lablarim,
Lablaringa muhr bosgan joy.

Idish yuvib ariq bo‘yida,
U damlarni eslasang gohi,
Chigirtkaday gulzor qo‘ynida,
Chirillaydi sevgi arvoxi.



9 aprel', 2011 yil.
Kunduz soat 3 dan 35 minut o‘tdi.
Toronto shahri, Kanada.



Kimsasiz yo‘llarda



Suvga cho‘kib ketdi bulutlar,
Ko‘rib kuzgi gullar ibosin.
Qirg‘oqlarda teraklar, tutlar,
Suv oqizar bog‘lar libosin.

Gala gala qushlar narida,
Shiddat bilan uchar qaygadir.
Balki daryo sohillarida,
Sholi pishib yotgan joygadir?

Ko‘prik uzra sohibjamol qiz,
Termuladi suvga, ariqqa.
Kezar ma'yus, o‘ychan qari kuz,
Sochlarini bo‘yab sariqqa.


26 avgust, 2010 yil.
Kunduz soat 10 dan 58 daqiqa o‘tdi.
Toronto shahri, Kanada.



Yurak



Shovqinlardan charchab uxlaydi shahar,
Chaqmoqlar uxlaydi, uxlar guldirak.
Lekin sen ta'tilsiz har shomu sahar,
Tinimsiz ishlaysan ko‘ksimda, yurak.

Mana ellik yilki, doim birgamiz,
Sen bilan tug‘ildim, sen bilan o‘sdim.
Bunday o‘ylab ko‘rsam mudom, to xanuz,
Sen o‘zing ekansan ishonchli do‘stim.

Seni ko‘p azoblab, qiynadim, bu chin,
Ey shoir yuragim, sen meni kechir!
Soqiy bo‘lib, sunib, sog‘ligim uchun,
Vujudimga qizil qonimdan ichir.

Goho qasr bo‘lding, gohida zindon,
Seni yenglomadi, g‘ariblik, g‘urbat.
Ey, Xoldor Vulqonning olisda pinhon,
Muhabbati dafn etilgan turbat!



14 avgust, 2011 yil.
Kunduz soat 2 dan 35 minut o‘tdi.
Toronto shahri, Kanada. Ramozoni sharif.


Sohillarni sog‘ingan ko‘ngil



To‘rg‘ay bo‘lsam tongi dalada,
Chug‘urlardim muallaq sayrab.
Qarar eding quvnab yanada,
Ko‘zga kafting soyabon aylab.

Tipratikon bo‘lsam, butunlay,
Men Vatandan ketmasdim badar.
Oy yoritgan xovlingda tinmay,
Chopar edim to tonga qadar.

Muhabbatning rubobi sindi,
Shamol bo‘lib yig‘ladi quvg‘in.
Biz uchrashgan dalada endi,
G‘uvillaydi qop - qora yulg‘un.

Dov daraxtni kech kuz qaritgan,
Bog‘larda bor hayo va sharm.
Sohillarni g‘amgin yoritgan,
Oy ko‘nglimiz singari yarim.


19 iyun', 2011 yil, yakshanba.
Kundaz soat 10 dan 57 minut o‘tdi.
Toronto shahri, Kanada.



Birinchi qor



Oppoq qor qoplagach dalalar roxin,
Angraygancha tildan qolibdi bog‘lar.
Qor yuki egibdi daraxtlar shoxin,
Qaxrli qag‘illar tumanda zog‘lar.

Baqirmay sekinroq qag‘illasa ham,
Eshitaman axir, emasman garang.
Qorko‘chki qo‘zg‘olar yo‘talsa odam,
Qor turar daraxtlar shoxida arang.

Daraxtlar kiyingan, olifta, kibor,
Oppoq qorpo‘stini tersmi yo o‘ngi?
Bu oppoq tahayyur, bu musaffo qor,
Kimgadir birinchi, kimgadir so‘ngi...

Qor bosgan dalalar besado, besas,
Hech kim halal bermas xayollar sursang.
Yo‘lovchi jilmayib qo‘yar, ranjimas,
Qulochkashlab turib, qor bilan ursang.



9 yanvar, 2013 yil.
Tungi soat 8 dan 17 daqiqa o‘tdi.
Kembridj shahri, Kanada.



Don Mills



Quyoshni haybatli gulxanda yoqqan,
Botargox qontalash jaroxat kabi.
Suvlari yaltirab, lapanglab oqqan,
Bir azim daryoning qaqraydi labi.

Qiyillab uchguvchi qushlarning lekin,
Shovqin - suroniga muxtoj emas ul.
Bu daryo suvida oqadi sokin,
Bulbul tushlariga kirgan atirgul.

Kechuvlardan o‘tmas sigirlar morab,
To‘lqinlari tuya, tubsiz, o‘zansiz.
Shunday daryolar ham bo‘larkan, yo Rab,
Oydin to‘qaylarsiz, Tulki, Ko‘zansiz.

Bo‘yniga eng og‘ir toshlarni bog‘lab,
G‘arq bo‘lgisi kelar har kimning, axir.
G‘arq bo‘lgan chog‘imda ko‘ksimni dog‘lab,
Qurib qolma, Shopen deb atalgan nahr!

Don Mills parklarida kezsam haynahoy,
Minmayman shaytonning arobasini.
O‘rmonlar ortidan ko‘tarilgan oy,
Yoritar ko‘nglimning xarobasini.



25 iyun', 2011 yil.
Tungi soat 10 dan 40 minut o‘tdi.
Toronto shahri, Kanada.



Xirmonlarni yoritganda oy



Kuz xazonrez bog‘larni quchgan,
Yetim kabi yolg‘iz o‘ynar yel.
Qo‘l silkitar janubga uchgan,
Turnalarning karvoniga el.

Shamollarda shovullab yotar,
Maslaxat deb atalgan qishloq.
Quyosh tog‘lar ortiga botar,
Shom shamollar shashtiga mushtoq.

Sholi g‘aram ustida yotib,
Tinglayversang, kimdir gapirsa.
Kurak bilan shamolga otib,
Oydinda el sholi shopirsa.

Qurillasa mayus baqalar,
Tulki yursa timirskalanib.
Chopsa yolg‘iz daryo yoqalab,
Iskabtoparlarga talanib.

Kuyganyordan chinqirib o‘tsa,
Temir yo‘lning po‘lat samani.
Sohillarda charaqlab yotsa,
Chiroqlarning olmos chamani.



26 oktyabr, 2014 yil.
Kunduz soat 10 dan 9 daqiqa o‘tdi.
Kanada.Brempton.



Omonat yaproqlar



Goho ortda qoldim, gohida o‘zib,
Go‘yo bu yo‘llarning yo‘qday adog‘i.
Gulzorlardan nafis bo‘ynini cho‘zib,
Menga talpinardi gullar dudog‘i.

Bugun bujmayibdi, quribdi gullar,
Go‘yo chamanlarga tekkanday qarg‘ish.
Daraxtlar mung‘aygan qadrsiz qullar,
Shoxlari yalong‘och, barglari sarg‘ish.

Chinor yozgan ekan farroshga xatni,
Chetlariga bitib xasratli xokku.
Farrosh u maktubni gulxanga otdi,
Endi oh chekmaydi olisda kakku.

Daraxt qir uchida omonat zog‘lar,
Sukunatga to‘lar osmon qozoni.
Sekinroq yuraman men bunday chog‘lar,
To‘kilmasin deya bog‘lar xazoni.



15 oktyabr, 2014 yil.
Kech soat 7 dan 57 daqiqa o‘tdi.
Kanada.Brempton.



Kuzgi shamollarda xazonlar raqsi



Gurillar qushlarning telba galasi,
Osmonni to‘ldirib uchar turnalar.
Xuvillaydi bo‘m bo‘sh fermer dalasi,
Zomin tog‘larida tuman o‘rmalar.

Balki el janubga kuzatadi jim,
Turnalarning kulrang galalarini.
Oppoq qor qoplaydi hademay, do‘stim,
O‘zbekning qadimiy dalalarini.

Quyuq tuman aro bir o‘zing yursang,
Kuzgi o‘tloqlarni qirov bosgan payt,
Kimsasiz dalayu dashtlarni ko‘rsang,
Sizlarni bir shoir sog‘indi -deb ayt.



18 oktyabr, 2014 yil.
Kechki 5 dan 15 daqiqa o‘tdi.
Kanada.Brempton.



Oydin kecha


Soch soqoli oppoq rassom,
Qorli fasl shomida.
Chizganlaring, ey Pikassom,
Oynalarning romida.

Olislarda porlayotgan,
Chiroqlarga boqaman.
Sog‘inch bo‘lib chorlayotgan,
Shu'lalarda oqaman.

Hademay qir, yo‘l narida,
Boychechak suv yoqalar.
Xasrat to‘la shom qa'rida,
Qurillaydi baqalar.



29 oktyabr, 2014 yil.
Kunduz soat 4 dan 20 daqiqa o‘tdi.
Brempton shahri, Kanada.



Tovush



Yomg‘ir yog‘ar tungi yo‘llarni yuvib,
Yog‘du yog‘ayotgan yomg‘irning yog‘i.
Shamol qanotlari shalobbo ivib,
Ucholmay qaydadir yotibdi chog‘i.

Boraman, tumanli shomlarda kutgil,
Qorayganda kunning oppoq bo‘zlari.
Yo‘llarimga boqib, mungraysa butkul,
Pastak derazangning xorg‘in ko‘zlari.

Fonus yorug‘ida yomg‘irli yo‘lak,
Ko‘lmaklar jimirlab o‘ylarga botar.
Sen ham yomg‘irlarga termulsang kerak,
Xiyobon ruhimday xuvillab yotar.

Kimsasiz yo‘llardan odimlayman jim,
Sukunat tumanga singigan oni.
Eshitdim jimlikda, aniq eshitdim,
Chirt etib yaproqning uzildi joni.



28 oktyabr, 2014 yil.
Tungi soat 9 dan 33 daqiqa o‘tdi.
Brempton shahri, Kanada.



Gul hayosi



Tentirab, bekorchi, bezori shamol,
Xazonga to‘ldirdi gulzor qo‘ynini.
Ko‘rib rahmim keldi nafis, bemajol,
Kuzgi atirgulning nozik bo‘ynini.

Gul boshini egib, tikoni botgan,
Chetanli chavraga turar suyanib.
Kiyimlarin yechib, gulxanga otgan,
Telba daraxtlardan uyalib.



28 oktyabr, 2014 yil.
Kunduz soat 3 dan 21 daqiqa o‘tdi.
Brempton shahri, Kanada.



Qor



Yaproqsiz daraxtdan gurros yuksalib,
Qushlar ushoq ko‘rsa, xovliga sho‘ng‘ir.
Simlar g‘ijjagini shamollar chalib,
Qor bosgan o‘t -o‘lan sovuqda to‘ng‘ir.

Dexqon izlarini yopadi qorlar,
Kuz ketar shoshilib, ishlari chala.
Butazor shamolda g‘uvillab, chorlar,
Qorli tundraga o‘xshaydi dala.

Bulut uxlar edi daraxt uchida,
Yostig‘ini shamol yirtdimi, netdi?
Yostiqdan sochilgan parqu ichida,
Dov -daraxt, dalalar ko‘rinmay ketdi.



28 oktyabr, 2014 yil.
Kunduz soat 2 dan 12 daqiqa o‘tdi.
Brempton shahri, Kanada.


Osuda jimlik



Kuz kelibdi bildirmay, asta,
Xazonlarni avaylab, ezmay.
Qushlar galasining bir pasda,
Ketganini qolibmiz sezmay.

Miq etmaydi, xayolga botgan,
Menga ma'lum uning kimligi.
Daraxtzorda berkinib yotgan,
Bu osuda kuzning jimligi.

Yaxshiyamki hech kim yo‘q ekan,
Borganimda daraxt kesgani.
Shoshilishda ketaveribman,
Pufaykamni kiyib teskari.



26 oktyabr, 2014 yil.
Tungi soat 1 dan 50 daqiqa o‘tdi.
Kanada.Brempton.



G‘aflat



Kuz hushbo‘y bexilar xidiga to‘la,
Uzumu anorlar ilingan ombor.
Xazonlar raqsiga termulib, so‘ra:
-O‘ylarga botgan bu jimlikda kim bor?!


Bog‘da ivirsigan bu shamol bangi,
Kuppa kunduz kuni, qaranglar, netdi.
Kuzning xazonlardan to‘qilgan yangi,
Cho‘g‘dek gilamini o‘g‘irlab ketdi!



27 oktyabr, 2014 yil.
Tungi soat 11 dan 5 daqiqa o‘tdi.
Brempton shahri, Kanada.




Etika



Daraxt shoxlarini silkitgan edi,
Qaxrabo barglari to‘kildi yerga.
Farroshning so‘kinib aytganin endi,
Ayb bo‘lar deyman, kiritsak she'rga?

Farrosh qo‘llarini kuxlab, isinib,
Xazonlarni to‘plab, olovda yoqdi.
So‘ng o‘ychan tutatib tamakisini,
Xayolchan mung‘ayib, gulxanga boqdi.

Qir! qir! -deyaverib qirilib ketdi,
Turnalarning uzun nayday tomog‘i.
Kuz yig‘lab ularga qo‘lin silkitdi,
Ko‘ylagida yuzlab xazon yamog‘i.



27 oktyabr, 2014 yil.
Kech soat 7 dan 44 daqiqa o‘tdi.
Brempton shahri, Kanada.



Kuzgi o‘rmonlarda osuda jimlik



Qanday yashnar edi dala tuz,
Shovqin solib yoqqan jalada.
Endi kezar bu joylarda kuz,
Sholg‘om kovlar dexqon dalada.

Qush galasi deya o‘ylabman,
Uchib o‘tsa g‘arib xazonlar.
Men ularga qarab to‘ymabman,
Chirpiratsa telba to‘zonlar.

Darchalarga bosganicha yuz,
Yaproqlarin to‘kar qayinlar.
Yana qaytib kelinglar deb kuz,
Turnalarga qattiq tayinlar.


27 oktyabr, 2014 yil.
Kunduz soat 12 dan 22 daqiqa o‘tdi.
Brempton shahri, Kanada.



Qor quvonchi



Guppa guppa yog‘averdi qor,
Tomlar oppoq, oqardi yerlar.
Oq varaqday ko‘chayu devor,
Qorga yozging keladi she'rlar.

Qorbo‘ronda turtinib, toyib,
Yo‘lda odam tanimas do‘stin.
Qorboboday bog‘lar bukchayib,
Kiyib olgan qalin qorpo‘stin.

G‘uvillaydi qorli dalada,
Cho‘kirtaklar bo‘g‘zigacha qor.
Darchadagi chiroq panadan,
Qorli yo‘lga boqar intizor.

G‘ijirlaydi qordagi qadam,
Qor ostida qolibdi yo‘lak.
Qorga qarab to‘ymaydi odam,
Hamma xursand, farroshdan bo‘lak.



25 oktyabr, 2014 yil.
Tungi soat 11 dan 54 daqiqa o‘tdi.
Kanada.Brempton.


O‘rmonlarga tutashdi yo‘lim



Guvillaydi donishmand terak,
U Makkaga bormagan xoji.
Unga amal, mansab ne kerak,
Xazonlardan tillarang toji.

Yo‘l chetida raqsga tushar,
Nozikkina navnihol qayin.
Yaproqlari chirpirab uchar,
Shamollarda chayqalgan sayin.

Kasod bo‘ldi qushlar bozori,
Sarmoyasi talandi, sindi.
Girvatlarga sovrildi bori,
Kuz inqiroz otiga mindi.

Tumanlarda xayolga tolgan,
O‘rmonlarga tutashdi yo‘lim.
Bo‘ronlarda yaproqsiz qolgan,
Novdalarga o‘xshaydi qo‘lim.



25 oktyabr, 2014 yil.
Kunduz soat 3 dan 54 daqiqa o‘tdi.
Kanada.Brempton.



Cho‘tal



Qo‘llarida "qirol", "dama", "tuz",
Dov -daraxtlar o‘ynaydi qarta.
Qimor o‘ynab, to‘ymaydi bu kuz,
Yutqazsa ham bir necha marta.

Sarg‘aytirdi daraxtni hasrat,
Ishonmaydi aytsang birovga,
Barglarini avaylab, asrab,
Bog‘lar tikdi dovga, garovga.

Shamol tinmay chiylaydi qarta,
Kerak emas ishora -yo‘tal.
Farrosh kelar kunda bir marta,
Olmoq uchun bog‘lardan cho‘tal.


25 oktyabr,2014 yil.
Kunduz soat 3 dan 10 daqiqa o‘tdi.
Kanada.Brempton shahri.



Xovuz



Oydin osmon g‘azna singari ochiq,
Oy oydin xovuzga otilgan chaqa.
Xovuzda ko‘zagul g‘unchasi yopiq,
O‘ltirar zangori yaproqda baqa.

Yulduzlar baqadan qo‘rqadi yomon,
Olov sovuq suvdan qo‘rqqanday xuddi.
Tilini uzatib osmonlar tamon,
Baqa bir yulduzni shilt etib yutdi.

So‘ng yana birini, keyin boshqasin,
Yutaverdi olmos chivinday tutib.
To‘lin oy berkindi chiqarmay sasin,
Qo‘rqib, nafasini ichiga yutib.

Chirildoq nega jim, qayoqqa qochdi?
Dong qotib uxlaydi uyquchi kunduz.
Xovuzda ko‘zagul g‘unchasin ochdi.
Osmonda bitta ham qolmadi yulduz.


12 mart, 2014 yil.
Kunduz soat 2 dan 25 daqiqa o‘tdi.
Kanada.Breimpton shahri.



Xazon kabob



Bog‘lar kuzgi gulxanda yonar,
O‘t ketmasa bo‘ldi xashakka.
Daraxtlarning oyog‘i tolar,
Yotolmaydi tillo to‘shakka.

Quyuqlashgan tongi tumanda,
Kimdir kezib yurar, yo‘talar.
Va tumanli dala tamonda,
G‘uvillaydi kuzgi butalar.

Havo biroz qovog‘in uygan,
Lek jaranglar kuzning rubobi.
Gulxanlarda bujmayib, kuygan,
Surx novdada xazon kabobi.


21 oktyabr, 2014 yil.
Erta bilar soat 9 dan 8 daqiqa o‘tdi.
Kanada.Brempton.



Guvillaydi ruhim bo‘roni


Kuzgi osmon, mezonlar uchar,
Guvillaydi ruhim bo‘roni.
Kulrang kuzgi osmonni quchar,
Turnalarning shovqin suroni.

Yellar ohi aylandi nayga,
Tuman go‘yo muallaq tushday.
Sukunatda chirpirab qayga,
Uchayotir xazonlar qushday?


23 oktyabr, 2014 yil.
Tungi soat 3 dan 31 daqiqa o‘tdi.
Kanada.Brempton.



Kuzning g‘arib, gamgin shamoli


To‘zg‘itganing yetmasmi qasddan,
Qo‘y, quvlama yaproqni, shamol.
Sen ham hadeb izg‘iyvermasdan,
Bir zum to‘xta, madaniy dam ol.

Yosh emassan, umring ham yarim,
Qilgan savob ishlaring sana.
To‘kib kuzgi daraxt barglarin,
Farroshga ish oshirma yana.

Turnalarning buyuk karvoni,
Uchib ketdi janubga tomon.
Qanotlari bilan quchib havoni,
Yetib olsin ular manzilga omon.



22 oktyabr, 2014 yil.
Kunduz soat 3 dan 17 daqiqa o‘tdi.
Kanada.Brempton.


Kuzgi gulxan



Guvillaydi xazonrez shamol,
Namxush ko‘cha yotar yaltirab.
Bo‘m -bo‘sh yo‘lda barglar extimol,
Yuguradi misoli krab.

O‘t -o‘lanning mujgonida nam,
Sharsharadek shamol shovullar.
Hech kim senga o‘t qo‘ymasa ham,
Daraxt, barging yonar, lovullar.

Raqs tushsang, to‘zg‘iydi tuproq,
Qizil chervon yog‘ar poyinga.
Yaxshiyamki yopishdi yaproq,
Yozib bo‘lmaydigan joyinga.


22 oktyabr, 2014 yil.
Kunduz soat 2 dan 24 daqiqa o‘tdi.
Kanada.Brempton.



Nay
(Buyuk naychi sozanda va yaxshi inson Abdulahad Abdurashidovga)



Daryolarning labida hamon,
Nola qilar sohil naylari.
Chalar beg‘am sozanda shamol,
Bo‘rtib bo‘yin, tomir paylari.

Shovullaydi, oh chekadi nay,
Shamollarga to‘lganda qo‘yni.
Xorazmlik raqqosalarday,
Boshda jig‘a, ingichka bo‘yni.

Tinglayversang yomg‘irda ivib,
Shovullasa qamishlar ohi.
Sohillarda yomg‘irpo‘sh kiyib,
Qarmoq tashlab o‘ltirsang gohi.

Yolg‘iz o‘zing xayolga botsang,
Uyga ketmay xaftalab, oylab.
Tunlar qamish chaylada yotsang,
Oyning balqib chiqishin poylab.



22 oktyabr, 2014 yil.
Kunduz soat 11 dan 34 daqiqa o‘tdi.
Kanada.Brempton.



Qorbo‘ronda qolgan yo‘lovchi



Tashqarida qorbo‘ron kezar,
Qorzarralar to‘zoni quyuq.
Oynalarga etyudlar chizar,
Daydi rassom, yovvoyi buyuq.

Ulovlar ham charchadi, tindi,
Oppoq qorga belandi shahar.
Ko‘mib tashlar borliqni endi,
Qor tinmasa to tonga qadar.

Cho‘zilgancha o‘rnimga shu dam,
Qordek oppoq o‘ylarga botdim.
Yo uy yorug‘ qor shu'lasidan,
Yo chiroqni o‘chirmay yotdim.



24 oktyabr, 2014.
Kunduz soat 10 dan 53 daqiqa o‘tdi.
Kanada.Brempton.



Robinzon



Makonim shu, kimsasiz orol,
Kemalarning yo‘liga boqdim.
Odimladim misoli qirol,
Qirg‘oqlarda gulxanlar yoqdim.

Ummonlarga termuldi ko‘zim,
HAQ, menga ham muruvvat ayla!
Sohillarda yolg‘iz bir o‘zim,
Qurdim quroq qamishdan chayla.

Sohilda suv yig‘lar chamasi,
Ummonlarni keladi kechgim.
Uchar rangli to‘ti galasi,
Hayqiraman, eshitmas hech kim.

Yulduzli tun bayroqmi qaro?
Oy ham undan ketmaydi nari.
Uxlar havo ummoni aro,
Kosmosdagi orol - Yer shari.



19 iyun', 2010 yil. Kunduz soat 2 dan 44 daqiqa o‘tdi.
Toronto shahri, Kanada.



Quyuqlashar kuzgi dalada tuman



Bir yupun mavjudod yenglari uzun,
Dala adog‘ida o‘ylarga botar.
Soyasi aks etgan ko‘lmaklar yuzin,
Yomg‘irlar ayovsiz chimchilab o‘tar.

Shoirlarga o‘xshab xayolga cho‘mgan,
Yaydoq kengliklardan izlar tepani.
Yolg‘izlik va jimlik yoqadi unga,
Yoqadi sukunat, qorlar kafani.

Dalalarga kuzgi tumanlar tushsa,
Paxtalik shim kiyib, lattaxoch taqar.
Musofir qushlarning galasi uchsa,
Ularga uzoqdan mung‘ayib boqar.

Qish edi, qorlarga turtinib, bordim,
Havoga o‘rladi qarg‘alar yuzlab.
Ko‘rdim qo‘riqchini, uzoqdan ko‘rdim,
Ayozli dalada qolibdi muzlab.



26 iyul', 2012 yil.
Tongi soat 7dan 55 minut o‘tdi.
Toronto shahri, Kanada.

Yo‘lchivin
(Bo‘shliq manzarasi)



Muqaddas xandaklar ustida minglab,
Chevar o‘rgimchaklar to‘qiydi kashta.
Aqldan ozasan jimlikni tinglab,
Ne bor u davrada, bo‘shliqda, dashtda?

Yirtig‘i hayxotdek ro‘molcha bilan,
Yig‘lab bormoqdasan, do‘stim qayonlar?
Kuylaguvchi qumlar aytadi o‘lan,
O‘rmalar mehribon do‘stdek chayonlar.

Cho‘chqa oxurida uxlama, yetar,
Yovlar ko‘rinsa ham ko‘zinga do‘stdak.
Xademay yomg‘irlar qiyshayib ketar,
Qovjirar maysazor - lojuvard po‘stak.

Endi kapalakqor yog‘ar begumon,
Kimgadir birinchi, kimgadir so‘ngi.
Quyuqlashar sovuq zulmatli tuman,
Shamolda xurpayar zaminning yungi.



26 avgust, 2010 yil.
Tungi soat 10 dan 13 daqiqa ?tdi.
Toronto shahri, Kanada.



Telbalar shaharchasini sog‘inib



Jussalari machta, kiyimi yelkan,
Sevgidan telbarib qolgan avomat.
Qattiq nonni suvga ivitib yerkan,
Borxesning kitobin aylar qiroat.

Ozg‘in qo‘llarida portfel' shishar,
Namlikni o‘tkazar poyabzal charmi.
Zarb bilan yopsalar, uzilib tushar,
Eshikka qisilgan sharfning yarmi.

Qanday yog‘ardiya xazonlar parkda,
Telbalarni kuzgi tumanlar yutar.
Yarqiratib temir yo‘llarni arta,
G‘ijirlab, qip qizil tramvay o‘tar.

Yomg‘irda yuvilgan oyna yo‘lakka,
Yorliqday yopishib qolar edi barg.
Qor yog‘sa telbalar ketar pinakka,
Qutb ayig‘iday uxlar edi park.

"Kitob" nomli og‘ir dardga chalingan,
Telbalar har tamon tirqirab uchdi.
Non o‘rniga kitob sotib olingan,
Telbalik yillarim yodimga tushdi.



21 okto‘br, 2014 inji yil.
Kunduz soat 1 dan 3 daqiqa o‘tdi.
Kanada.Brempton shahri.



Dadamni sog‘inib



O‘ltirgandik porloq oyga termulib,
Daryo tamonlarda yulduz chamani.
Uzoqdan o‘tardi poezd chinqirib,
Olis temir yo‘lning uchqur samani.

Xovur chiqib turgan otning go‘ngini,
To‘pladik otlarni xurkitmay, qashib.
Keyin parnik o‘ra so‘lu o‘ngini,
Go‘ng bilan to‘ldirdik yelkada tashib.

Suvqog‘oz parnikmas, o‘tov deng qadim,
Tunlar ichkarida porlardi chiroq.
Men pechka yoquvchi go‘laxi edim,
Ko‘mir bor, gaz degan yo‘q edi biroq.

Uzoqda xorigan traktor "Altay",
Ingrardi muttasil tunning qa'rida.
Tumanda adashib qolgan odamday,
Kezardi noyabr' zulmatlarida.

Ibodat qilardi dadam uyda jim,
Balki farz nomozi, balki vitiri.
Men esa parnikda kitob o‘qirdim,
Suvqog‘oz tom uzra qorlar shitiri.



15 oktyabr, 2014 yil.
Tungi soat 9 dan 58 daqiqa o‘tdi.
Kanada.Brempton shahri.



Yolg‘izlik istab



Quchoq -quchoq oppoq, parqu bulutlar,
O‘rikning gullarga burkangan shoxi.
Bog‘larda sayragan jiblajibonlar,
Qishloqning dalaga tutashgan roxi.

Men o‘sib, ulg‘aygan uyning ayvoni,
Devorlar qo‘sh o‘rkach kulrang tuyalar.
Loypaxsa tom uzra bulut karvoni,
Qizg‘aldoqlar boshin egib, uyalar.

Kechuvlarda sigir xaydagan bola,
Yelkamda qarmog‘u qo‘limda chelak,
To‘rg‘aylar sayragan o‘tlog‘u dala,
Umrbod yodimdan chiqmasa kerak.



19/09/2014.
Kunduz soat 11 dan 54 daqiqa o‘tdi.
Kanada.Brempton.


Yoz

O‘tloqlarni payxon etarlar yomon,
Yapaloqqa yetib yomonning kuchi.
Yularlar moychechak gulin beomon,
Haqiqatni dallang aytgani uchun.

Sho‘rlik moychechaklar qochadi qayga?
Chopmoqqa ularning yo‘qdir oyog‘i,
Berkinib olarmidi bironta joyga,
Hech yo‘q bo‘lganida qo‘ltiqtayog‘i.

Esmoqda telbatob shamollar qirdan,
Uchar o‘tloq uzra savdoyi gala.
Yum yum yig‘layotgan romashkalardan,
Chayqalar kimsasiz yovvoyi dala.


Sevadi, sevmaydi, sevadi, sevmaydi, sev...



6 iyun, 2014 yil.
Erta tong.
Kanada.Brempton shahri.




Yomg‘ir yum -yum yig‘lar ko‘z yoshga bo‘kib
(Kenja o‘g‘lim Alisherga)



Bir kun men ham po‘k etib o‘lsam,
Nogoh urmay qo‘ysa ko‘ksimda yurak,
Arshi A'lo sari ravona bo‘lsam,
Ko‘plar ich ichidan sevinsa kerak.

Akalaring kelib, baqrayib qolgan,
Ko‘zlarimni, unsiz yig‘lab yoparlar.
Do‘stlarim qo‘lida belkurak bilan,
Qabristonga qarab choparlar.

Yetim qolar stol, qog‘ozu qalam,
Ularni sevardim, sevganday seni.
Oyog‘imdan sudrab, akalaring bilan,bolam,
Tepalab, tepalab ko‘minglar meni.


20 may, 2014 yil.
Tungi soat 10 dan 16 daqiqa o‘tdi.
Kanada.Brempton shahri.




Tungi daryo



Hademay bog‘larni kezib charchagan,
Sabolar esadi sochingday mayin.
Va asta sen yotgan uyga darchadan,
Ohista mo‘ralar oydinda qayin.

Xayveyda avtolar ovozi tinar,
Faqat chiqillaydi soat millari.
La'lin lablaringda ochilar endi,
Sog‘inch g‘unchalari, hijron gullari.

Somon yo‘li - osmon zinapoyasi,
Soching daryo kabi yotar yoyilib.
Yo‘lakka yiqilar qayin soyasi,
Oyning shu'lasiga toyilib...



7 dekabr, 2011 yil.
Kunduz soat 10 dan 20 daqiqa o‘tdi.
Toronto shahri, Kanada.



Shom xasrati
(Eshqobil Shukurga)



Qumqo‘rg‘on tamonda bolalik chorlar,
Podalar qaytadi, sigirlar morab.
Kuylovchi quyunday iskabtoparlar,
Shom ham shunday go‘zal bo‘larmi, yo Rab?!

Boymoqli yo‘llari kimsasiz jimdir,
Salqin havolarda mahzun bir sovish.
Uzoq -uzoqlarda tol kesar kimdir,
Boltadan kechikib yangraydi tovush.

Qushlar shovqinidan botargoh ohi,
Faryodi Xudoning arshiga yetar.
Endi oy yoritar dalalar roxin,
Chirildoq, bir nafas tin olsang netar?

Bepoyon olamday to‘lib limillar,
To‘fonlar o‘kirgan ummonday dilim.
Vaqt toshbaqasi qumda imillar,
O‘tloqda tumanlar peshlaydi chilim.

Kechki shudringlardan ko‘z yoshi to‘kkan,
Osmon qopchig‘ining choki so‘kildi.
Olmosday porlagan yulduzlar ko‘kdan,
Sohil suvlariga tutday to‘kildi.



16 may, 2014 yil.
Kunduz soat 10 dan 0 daqiqa o‘tdi.
Kanada.



Tazarru



Men ikkiqat debman osmonni,
Kechiringlar, yettiqat ekan.
Siz sevmagan tipratikonni,
Iyagimda o‘stirsammikan?

Kechiringlar, ko‘zimga bari,
Ko‘rinibdi misoli bezak.
Sigirlarning nodir asari,
Gulga o‘xshab ketguvchi tezak.

Uzr, pisand etmagan bo‘lsam,
Nazokatli kimsalar didin.
Sassiq mushkdan yuqori qo‘ysam,
Daladagi Burganlar xidin.

Ma'zur tuting, o‘xshasa fursat,
Barmoqlarim semiz qurtlarga.
Va kuzatsam sizdan beruxsat,
Turnalarni olis yurtlarga.

Uzr, sizni odam deb gohi,
Borgan bo‘lsam bilmay topinib.
Yotgan mahal dalalar roxi,
Qorlar ko‘rpasini yopinib.



2003 yil, Andijon.




Kuzatish



Jilmaygancha ko‘z yoshlaringni,
Yashirasan, aldab netasan?
Men perronda qolaman yolg‘iz,
Sen poezdda yig‘lab ketasan.

Jiqqa yoshga to‘lgan ko‘z bilan,
Yo‘l olasan uzoq ellarga.
Yugiraman poezd ortidan,
So‘zlar uchar sovuq yellarga.

Chirpiraydi poyimda xazon,
Dekabrning bodlari yelar
Xuvillagan perronda turib,
Poezd kabi chinqirgim kelar.


1992 yil , dekabr' , Toshkent Talabalar shaharchasi.



Otamga maktub



Qo‘nalg‘a topolmay kuzgi chumchuqlar,
Gala - gala bo‘lib girdibodimda,
Charx urib osmonda misli urchuqlar,
Aylanib uchgani hamon yodimda.

Otam, o‘zing betob yotganingda ham,
Doim farzandlaring g‘amini yeysan.
Tuzalsam, poshshodan - o‘g‘limni yurtga,
Qaytaringlar deya so‘rayman - deysan.

Ko‘zlaringni sog‘inch xasrati cho‘qib,
Yo‘lga termulasan, qo‘lingda xassa.
Sandalda yotasan kitobim o‘qib,
Tumanli bog‘larni qirovlar bossa.

Daryo sohiliga borsang bahorda,
Izlaring yomg‘irli yo‘llarda ivir.
Men ummon ortida, mudroq shaharda,
Soyaday bukchayib yozaman shig‘ir.



2009 yil, 15 may. Kunduz soat 12 dan 45 minut o‘tdi.
Toronto shahri, Kanada.



Sadoqatli chirildoq



Oqshom. Dala xovli, o‘yga cho‘masan,
Xonang derazasin bog‘larga ochib.
Menchi kiprik qoqmay turaveraman.
Ering kelganda ham ketmayman qochib.

Esingdami, seni firoq o‘tida,
Kuydirib bir zamon ketgandim o‘lib.
Mana, tag‘in qaytib keldim yoningga.
Qaytadan tirilib, chirildoq bo‘lib.

Xovlingda buncha ko‘p bo‘lmasa gullar?
Yo bugun bayrammi, gullar saylimi?
Sevgilim, shu gullar ochilib yotgan,
Xovlingda chirillab yursam maylimi?


1999 yil , avgust ,
Toshkent , tunggi soat 12 yarim .
Do‘rmon . Yozuvchilar ijod bog‘i .
1 - korpus , 3 - qavat , 52 - xona .



Qadrdon qirg‘oqlar




Oqar edi daryo yoyilib,
Sensiz go‘yo yashardim xumda.
Oyog‘ingni o‘pardi suvlar,
Erir edi izlaring qumda.

Uchrashganda telbalar kabi,
So‘zlasholmay qolardik tildan.
Yo‘llaringda muxtoj nigoxim,
Uzoq edi sekundlar yildan.

La'l, javoxir yulduzlar ila,
Tun osmoni ketganda boyib.
Uxlar eding baland so‘rida,
Sochlaringni daryoday yoyib.

Dalalikda kesishgan yo‘llar,
Ko‘zlarimdan mixlagan xoching.
Qirg‘oqlarim qo‘porgan daryo -
Yot yostiqqa yoyilgan soching.

Balki hamon bizsiz soxilning,
To‘lqinlari bir - birin quvar.
Qoradaryo oy laganida,
Yulduzlarni oltindek yuvar.


8/07/2006. Kunduz soat 2:41.
Bishkek shaxri , Sovetskaya ko‘chasi ,128 -uy ,
39 - kvartira . G‘ariblikda yozildi .



Sirli maktublar



Daraxt menga yo‘lni bo‘shatgan,
O‘tganimda shu yo‘ldan doim.
Va daraxtning sarg‘ayib ketgan
Xatlariga ko‘milgan poyim.

Daraxt sho‘rlik yozgan xatlarin,
Kimdir olib o‘qishin poylar.
Maktublarin olis olisga,
Olib ketar po‘chtachi soylar.

Sevib qolgan kimnidir daraxt,
Sevgan yori yozmaydi javob,
Xatlarini yashirib, karaxt,
Yig‘lab - yig‘lab etmaydi tavof.

Daraxt har yil yozaveradi,
Siyox, dastgox, qalam, dovotsiz,
Xatlarini xech kim o‘qimas,
Uning sevgilisi savodsiz.



1991 yil , kuz , Toshkent shahri.



Toshbitik



Faqat osmon bilan tirikmas inson,
Yashab bo‘lmaydiku qadrdon yersiz.
' Yashasa bo‘ladi ' deyishing mumkin,
G‘arlar yashaganday jaxonda ersiz.

Yashab bo‘lar dersan quyoshsiz xatto,
Oydin dalalarsiz, tumansiz, qorsiz.
Vatansiz va Erksiz, tutqun qul bo‘lib,
Yashash ham mumkindir g‘urursiz, orsiz

Hatto xudosiz ham yashamoq mumkin.
Yashashing mumkindir olamda mensiz.
Qabrtoshim urib, qarg‘ama, chunki,
Men yashay olmadim dunyoda sensiz.



2000 yil , 8 iyul' , Maslaxat qishlog‘i.



Zor -intizor



Qurg‘oqchilik kunlari keldi,
Saxro kabi qaqragan ko‘zga.
Bu dunyoda, sevgilim endi,
Go‘zal so‘z yo‘q ismingdan o‘zga.

Kengliklarga chiqib ketaman
Sog‘inchlaring qiynasa yomon,
So‘zanaklar tentirab uchgan,
Jim , kimsasiz dalalar tamon.

Oqshom tushib yaraqlaydi oy,
Shu'lalarga belanar kiftim.
Yulduz to‘la poyonsiz u joy,
Dur - javoxir qadalgan shiftim.

Qurillaydi baqalar mayus,
Sohilda tun etagin teshib.
Yuksaladi ko‘klarga ruhim,
Oy nuridan arqonlar eshib.



1999 yil , avgust' . Maslaxat qishlog‘i.



Balki



Kuzgi shamol va maxzun xayol,
Chizging kelar tasvirin bo‘zga.
Cho‘kar moviy dubulg‘a - osmon,
Kuzga o‘xshab ketguvchi ko‘zga.

Ko‘rdim ko‘zing tubida g‘amni,
Arzir edi yig‘lasam uvlab.
Yupun bog‘lar bag‘ridan uchgach,
Barglar ketdi shamolni quvlab.

Sochlaringday uzun dardlaring,
Qoshlaringda yillar kuyasi.
Ko‘zing qiri xanjarday o‘tkir
Kipriklaring ko‘zyosh uyasi.

Balki sen ham muxojir qushday,
Uchib ketib qolarsan zumda.
Izlaringda daryolar ingrab,
Suvlar yig‘lar yugirib qumda.

Balki endi sensiz o‘larman,
Balki o‘lmay kirarman yuzga.
Termularman balki sog‘insam,
Ko‘zlaringa o‘xshagan kuzga.


2001 yil , avgust'. Maslaxat qishlog‘i.



Seni unutmayman



Tumanlardan chiqib kelasan,
Lek kirmaysan ostona xatlab,
Men bir umr yeta olmagan,
Olis orzu , muqaddas matlab.

Sen o‘tasan ortinga boqmay,
Tashlab asta iloxiy odim.
Izlaringda men emas , go‘yo,
Qolar ruhsiz yuz yilgi yodim.

Yuksalganday bo‘lasan ko‘kka,
Dalalarni yoritgan oydek.
Men bir chetda qolib ketaman,
Oy yorug‘i tushmagan joydek.

Termulaman seng ketgan yo‘lga,
Tumanlarga singiydi jisming.
Derazaning oynasin kuxlab,
Xovurlarga yozaman isming.



1991 yil , dekabr' . Toshkent .Talabalar shaharchasi, 14 -yotoqxona.



Hotira



Unutmayman endi hech qachon,
O‘sha qayg‘uli tongni.
O‘chgan chiroqlarni,
Oqarishib kelayotgan
Olachalpoq osmonni,
Yiroqlarni.
Fil suyagi kabi
Oppoq qo‘llaru
Shunday jussani.
Muyulishga yetganimda
Ko‘zim girdobiga
Cho‘kkan g‘ussani.
Endi u joylarga bormayman,
Borsam,
Shamollar yig‘laydi
Qamish tilida.


1993 yil.Andijon.



Sirdaryo
( Sohiba Ashurovaga)


Suv ichgani kelgan kiyikdek,
Oyoq qo‘yding toshli sohilga.
Va termulding g‘alayon solib,
Toshlarga bosh urgan johilga.

Qatra - qatra ko‘z yoshing to‘kib,
Xasratingni suvlarga aytding.
Sirlarimni saqlagil, daryo -
Deb sohildan ohista qaytding.

Ko‘zimda yosh, xasratga to‘lib,
Men dardingni tushunib yetdim.
Va ayrilmas sodiq do‘st bo‘lib,
Sirlaringni oqizib ketdim.


1996 yil, kuz. Andijon shahri.


Kuzgi sohil



Osmonni bulutlar suruvi bosdi,
Yunglari jamalak, yo‘qdir tuyog‘i.
Bu ochko‘z suruvning dastidan, rosti,
Qolmabdi osmonning qamish, qiyog‘i.

Daryo lablarida chiridi naylar,
Hayratdan osmonga baqraydi dala.
Jannat qushlariday bargi hazonlar,
Uchib o‘tib ketdi gala va gala.

Za'faron tanazzul, beqadr chervon,
Namchil yo‘laklarga yopishgan yorliq.
Daraxt olomoni - sassiz g‘alayon,
Yomg‘irlarda shishib yig‘laydi borliq.

Vaqt botqog‘ida bijg‘iydi yillar,
Daraxtlarni tutdi jimlik uvoli.
Sen esa kelmaysan, vaqt imillar,
Sovuq zulmatlarda hijron shamoli.

Chirpirab to‘zg‘iydi qaxrabo xazon,
Bezovta qushlarning vaxshiy bo‘roni.
Xazonga ko‘mildi chetanli qo‘rg‘on,
Olisda o‘rmalar poezd iloni.

To‘lqinlar to‘ymaydi qumloqni yalab,
Chorloqlar chiyillab shovqin soladi.
Gulxanga boqaman, she'rlarim qalab,
Hademay ko‘zyosh ham qaynab qoladi.



12 noyabr', 2004 yil. Yarim tun. Andijon shahri.



Bolalik
(To‘bo xola xotirasiga)


Chetan chavra bilan o‘ralgan bog‘lar,
Bog‘da giloslarning bag‘ri qonaydi.
Yulg‘inzorda shamol tentigan chog‘lar,
Kakku mening qolgan umrim sanaydi.

G‘urillaydi tolzor tamonda g‘urrak,
Traktor kemaday tashlaydi langar.
Bo‘ynin cho‘zib xangrar yaylovda eshak,
Ovozi keng dala dashtlarda yangrar.

Quymoq pishiradi quyoshdan iyun',
G‘ir g‘ir esib o‘tar daydi shabada.
Uzoq uvotlarda raqs tushar quyun,
Traktorchi uxlab yotar kapada.

Dala yo‘lda moped qo‘yganday poyga,
Tirillar, ko‘tarib qiyalikda chang.
Tepalikda elni chaqirib choyga,
Oshpaz To‘bo xola ura boshlar zang.


Tang! Tang! Tang! Tang!


1989 yil, Iyul'.Maslaxat qishlog‘i.




Qo‘shiq



Yulduzlar yaraqlab porlayveradi,
Ularning changini xech kimsa artmas.
Uzoqlardan imlab, chorlayveradi,
Koinotga sening borishing shartmas.

Zaminning eng go‘zal daraxti uchun,
O‘tkazilsa agar tanlov, ko‘riklar,
Birinchi o‘rinni olmasin nechun,
Bahorda gullagan qantak o‘riklar.

Yellar ish oshirar kelinchaklarga,
O‘rik gulpallasin to‘kib, erkalab.
O‘rik gullayverar oppoq qo‘shiqni,
Qarsagu olqishlar qilmaydi talab.

Bu gala konsertga kirishing mumkin,
Bo‘lmasa ham chiptang, puling yo tillang.
Oppoq qo‘shiqlardan ochilar shul kun,
Ruhing kapalagi berkingan pillang.



2004 yil, bahor, Andijon.



Qiziq dunyo



Qorong‘udan chiqib qorong‘ulikka,
Ketguvchi umrlar aylana chiziq.
Boshing sharga o‘xshar buning ustiga,
Shar ustida yashash undan ham qiziq.

Qiziq tuyularkan yer - bepul uchoq.
Doim xizmatingga tursa shaylanib.
Sen borib yurmasang. ochgancha quchoq,
Fasllar yoninga kelsa aylanib.

Qiziqda, bir umr koinot bilan,
Qo‘shilib aylansang, aylansang yerga.
Undan ham qizig‘i, bu voqeani.
Kimdir aylantirib yuborsa she'rga.


2000 yil 28 iyul' , yarim tun .
Maslaxat qishlog‘i .



Dengizda


Emmonoel bo‘g‘ozi, Tamsil, Eskudar,
Otmoqda yomg‘irli Istanbul tongi.
Marmaraning moviy sohili qadar,
Yangrar kemalarning xasratli bongi.


Dengizlar ortida qolgan Vatanim,
Sog‘indim Masjidu minorlaringni.
Sog‘indim, ey unib, o‘sgan maskanim,
Kuzda lovullagan chinorlaringni.

Marmara dengizi, izillab, qaqshar,
Parom chayqaladi, g‘ijirlar eshik.
To‘lqin allalaydi onaga o‘xshab,
Dengiz -dunyodagi eng ulkan beshik.

Chuvvos solib uchar ko‘kda chaykalar,
Halal berib xayol -girdibodimga,
Qiy -chuv qilib, suron ko‘tarib alar,
Daryo sohillarin soldi yodimga.

Men uyg‘oq boqaman kengliklar tamon.
G‘amlarga topolmay bo‘yinturuqlik.
Suv yuzida yarmi ko‘rinib turgan,
Qo‘rqinchli maxluqqa o‘xshar quruqlik.



1999 yil, dekabr'. Turkiya. Istanbul.
Marmara dengizi.Shalog‘i chiqqan, eski, yarmi chirib, uzulib tushgan paromda suzib ketayotib yozildi.


Hayrat


Kuchli shamol enadi qirdan,
Va aylanar yomg‘ir jalaga.
El qochadi shiyponga birdan,
Ketmonini tashlab dalaga.

Berkinadi ayvonga avom,
Borliq xayol otiga minar.
Qasirg‘alar etarkan davom,
Quyar jala va oxir tinar.

Sellar yuvib tozalab ketgan,
Sof havoga to‘ladi ayvon.
Dov daraxtlar o‘zi aks etgan,
Ko‘lmaklarga boqadi hayron.



22 oktyabr, 2014 yil.
Kech soat 8 dan 00 daqiqa o‘tdi.
Kanada.Brempton.



Enamni yod etib



Bo‘yi pastakkina Fotima enam,
Og‘zida bor edi bir dona tishi.
Ko‘rpa qavir edi mehribonginam,
Paxtani savalash sevikli ishi.

G‘ippa -g‘ippa urar edi paxtani,
Qilichday savacho‘p o‘ynar dastida.
Gohida tin olib, biroz to‘xtalib,
O‘ltirardi go‘yo bulut ustida.

Bulutlar suzadi misoli ro‘yo,
Osmonlar bag‘rida to ro‘zi maxshar.
Ko‘kda suzib yurgan bulutlar go‘yo,
Enam savalagan paxtaga o‘xshar.



24/09/2014.
Kunduz soat 12 dan 10 daqiqa o‘tdi.
Brempton shahri, Kanada.



Qaldirg‘och



Kuzda ketganingni sezmay qolar el,
Hattoki ortingdan yursa ham poylab.
Ko‘kda qanotlaring ivitsada sel,
Ummonlar ustidan uchasan oylab.

Bo‘ronlar ham seni to‘solmas yo‘ldan,
Goho seni quyuq tumanlar yutar.
Uy olib Maslaxat yo Oltinko‘ldan,
Biz kabi bir joyda yashasang netar?

Har bahor xalloslab qaytib kelasan,
Qishlasangda Misr va yoki Chinda,
Chug‘ur chug‘ur sayrab, zavqqa to‘lasan,
Loylar marjonidan qurilgan inda.

Loyni iylarmishsan tumshug‘ing bilan,
Bu qanday guvalak, ayt, qanday usul?
Ko‘lmaklarda goho aytgancha o‘lan,
Cho‘milasan, go‘yo qilganday g‘usl.

Bu yil yana izlab yashamoqqa joy,
Eshitdim, qaldirg‘och, kelibsan qaytib.
Yana in quribsan, tumshug‘ingda loy,
Bizni xasharga ham qo‘ymabsan aytib.



24 may, 2014 yil.
Tungi soat 1 dan 17 daqiqa o‘tdi.
Kanada.Brempton.



Bahor qo‘ng‘irog‘i



Botargoxda oqshom qushlari,
Bog‘lar quloq pardasin yorar.
Shovullagan terak uchlari,
Qip -qizil cho‘g‘ singari yonar.

Aytib yig‘lar iskaptoparlar,
Oh chekishdan bormikin foyda?
Osmon to‘la javoxir va la'l,
Cho‘kib yotar bir qismi soyda.

Uysiz itlar akillab, daydir,
Porlar minglab chiroq chivini.
Dov daraxtlar uxlashga shaydir,
Oy yoritar sohil suvini.

Suvchi o‘nglar ariq yoqalarini,
Osmon - qozon, zulmat kuyali.
Bahor qurillatar baqalarini,
Uning telefoni uyali.



30 dekabr, 2011 yil.
Kunduz 11 dan 11 daqiqa o‘tdi.
Toronto shahri Kanada.




Yomg‘ir



Keldi uzoq kutilgan fasl,
Chirib ketdi qorlar kafani,
O‘zi yum -yum yig‘lab, muttasil,
Ovutadi yomg‘ir xafani.

Yo‘llar egri ko‘zgu, qayrilgan,
Kim avtobus, kim kutar taksi.
Ko‘lmaklarda esdan ayrilgan,
Dov -daraxning parishon aksi.


4 aprel, 2014 yil.
Kech soat 5 dan 1 daqiqa o‘tdi.
Kanada.Brempton.


Muhojir



Ko‘zlarim sevgimiz ko‘milgan qabr,
Ko‘z yoshim ellik yil saqlangan boda.
Turnalar olislab ketgach, negadir,
So‘ppayib qoldim men yetim dunyoda.

Endi zulmatlarda shamol chekar oh,
Yalong‘och novdalar chaladi burg‘u.
Isiriq tutatar bog‘da tiyramox,
Ilohiy shovqinga yomg‘irlar urg‘u.

Shu kecha qish kelar, bo‘ron qo‘zg‘otib,
Qalin qor qoplaydi o‘rmonni demak.
Tumanda turtinib, qorlarga botib,
Tongda bo‘rsiqlarga eltiyman yemak.



5 avgust, 2011 yil.
Tungi soat 11 dan 52 minut o‘tdi.
Toronto shahri, Kanada.



Tungi osmon




Kal deb hazil qilsam gohida,
Ketib qolma, arazlama, oy.
Cheksiz osmonlarning toqida,
Yulduzlarga yetishmaydi joy.

Ular imo - ishora qilar,
Aytgan so‘zin qiyin anglamoq.
Birov artgan kabi yaltirar,
Yulduzlarga yotdir zanglamoq.

Miltillashar misoli g‘ussa,
Suvlar yerga yozilgan chitday.
Tonga yaqin yulduzlar pishsa,
Ummonlarga to‘kilar tutday.



26 aprel, 2014 yil.
Kech soat 7 dan 17 daqiqa o‘tdi.
Kanada.Brempton.



Oy bilan suhbat



Hadeb derazamdan qarayverma oy.
Qolmadimi odob, hayo va sharming?
Sendan berkingali topolmayman joy,
Kim seni kemtidi, nega yo‘q yarming?

Boshqa derazalar ketganmi qurib,
Boqsangchi qoraygan qo‘shni darchaga?
Ko‘rpaga o‘ranib, uyquni urib,
El xurrak otmoqda, qattiq charchagan.

Yalangbosh yurasan tun bo‘yi daydib,
Archilgan tuxumday yaltirar boshing.
Nahot mangu o‘sib chiqmasa qaytib,
Ustarada taglab qirilgan qoshing?



13 mart, 2014 yil.
Kech soat 7 dan 35 daqiqa o‘tdi.
Kanada.Brempton shahri.



Oydin oqshomlar



Xovlimizda kuzgacha endi,
O‘sar balki burgan, sho‘ralar.
Xuvillagan xonamga tunda,
Oy darchadan g‘amgin mo‘ralar.

Baqalarning shivirlab aytgan,
Qo‘shiqlarin tinglaydi chiroq.
Chiroq emas, sog‘inch sarg‘aytgan,
To tongacha bo‘zraygan firoq.

Xayol gilos gullarimisol,
To‘zg‘ib ketar edi saboda.
Oydin kecha o‘g‘rincha visol,
O‘ynar edi sochin shaboda.

O‘t -o‘lanlar ichra chekib oh,
Chirildoqlar chirillar edi.
Do‘stlar, meni olis o‘lkalarda goh,
Chidab bo‘lmas sog‘inchlar yedi.



7 mart, 2014 yil.
Tungi soat 1 dan 17 daqiqa o‘tdi.
Kanada.Brempton.




Vatan hajri



Bolalik berkindi kakku oh chekib,
To‘rg‘aylar to‘liqib sayragan joyga.
Oshpaz To‘'bo xola do‘nglikka chiqib,
Hamon odamlarni chaqirar choyga.

Qushlar shovqinidan qulog‘ing bitar,
Osilar shomlarning og‘ir qabog‘i.
Sohil suvlariga cho‘kkancha yotar,
Ko‘kdan tushib singan oyning tovog‘i.

Eh, ona qishlog‘im, ota makonim,
Yaqinsan, sen menga juda yaqinsan.
Sen bahor shomida hasratli va jim,
Ufqlarda chaqnagan g‘amgin chaqinsan.




20 yanvar, 2014 yil.
Kunduz soat 1 dan 43 daqiqa o‘tdi.
Kanada.Brempton.



Qorbo‘ron



Qorga botdim tizzamga qadar,
Muzlab qoldi havoda so‘zim.
Qor shopirgan bo‘ronda badar,
Ildamlayman yolg‘iz bir o‘zim.

O, aqldan ozayotgan qor,
Harir parda, ilohiy to‘siq.
Chirpirayver yorug‘, intizor,
Mangu mahzun, adoqsiz qo‘shiq.

Sen ko‘zlari oppoq oqargan,
Dunyoda eng buyuk so‘qirsan.
Ko‘cha fonuslarin yoqarkan,
Shivirlaysan, she'rlar o‘qirsan.

Uyqu kelmas, kelar o‘ylaging,
Qorli kecha - umr tushdagi.
Sudraladi, xarir ko‘ylaging,
Dalalarda shamol xushtagi.



24 iyun', 2014 yil.
Kech soat 8 dan 2 daqiqa o‘tdi.
Kanada.Brempton shahri.




Tun haqida



1


Tun shivirlamaydi.
U faqat chinqiradi.
Shunday chinqiradiki,
Quloq pardalaring yirtilib,
Qonab ketar edi eshitganingda.


2


Tun paranji - chimmatsiz
Qip - yalong‘och yotgan qop -qora juvon
Uning sirlari ko‘p go‘zaldan - go‘zal.
Lekin go‘zal emas hamma sirlari.

Tunni hatto
Telbalarcha sevish ham mumkin
Faqat pinxona...
Kunduzga sezdirmasdan deganday...


3


G‘ajishga shaylanma yulduzlarni sen.
Negaki, yulduzlar
Sen o‘ylaganinchalik kichkina emas.
Ular ham o‘ziga hos katta.
Shu qadar kattaki,
Ularni g‘ajib tashlash uchun
Bilasanmi, exheeeey!..
Hech bo‘lmasa, senga
Koinotday og‘iz,
Meteoritdan yasalgan, o‘ta mustaxkam
Tishlar kerak bo‘lar o‘tkirroq.


4


Neandertal odamga o‘xshab,
Derazangdan olazarak qaraganingcha
Xayollarga botasan.
Rashk kelar
Sevgiling to‘lg‘onib
Tunlarning qo‘ynida yotgani mahal.
Tun esa - ayol.


5


Chiqib kelsa yoring tunning qo‘ynidan,
Rashk o‘tida yonasan.
Unda nega onang ham,
Singling ham, qizing ham
O‘zing ham yotibsan tunning qo‘ynida?


6



Uyg‘on, galvars, tun qo‘ynidan chiq!




1993 yil, Andijon.





Mabodo



Men bir it bo‘lsaydim
(Laycha yo ko‘ppak)
Zulmatli kuz kechasi
Daryo ortidagi 'Lattaqishloq' da
Bo‘g‘iq akkillardim
Go‘yo xum ichida xurayotganday.

Tovushimni tinglab,
Uxlab qolarding
Ilinardi ko‘zinga uyqu.


Yoxud, bo‘lsam edi sassiqpopishak
Pupupub - pupupub - pupupub
Pishsh shsh! - deya
Olis uvotlarda sayrardim uzoq.
Dexqonlar ishlashdan to‘xtab, jilmayib
Bir zum quloq tutardi menga.


Yo bo‘lmasa omadim chopib,
Chigirtkaga aylanib qolsam,
Oy porlagan oqshom
Yozgi 'Qirg‘izxoji' dalalarida
Tunni zirillatib chirillar edim.


Yoki deylik birdan falokat bosib,
Odam bo‘lib qolsam kutilmaganda
Katta - kon odam.


Bolaligim kechgan
Qoraqolpoqlar xutoridagi
Cho‘chqaxona xarobasidan
Qarardim bepoyon mangu osmonga
O‘zimning naqadar muvaqqat, ojiz
Zarra ekanimni anglamoq uchun.




15 oktyabr' ,2006 yil ,yakshanba .
soat 13 dan 58 minut o‘tdi.
Bishkek , Leningrad ko‘chasi 35 uy.



Ayriliq



'Yoqmasam, ka - a -a - atta ko‘cha' deding,
Ko‘chaga chiqdim.
Ko‘cha jim - jit edi, kimsasiz, oydin.
Men avvallari bilmas ekanman,
Ko‘chaning bunchalar
Katta bo‘lishin.



2002 yil , 2 oktyabr' . Yarim tun .
Andijon shahri 4 - kichik daxa.



Shukrona



Olloxim, anavi yon qo‘shnim borku,
O‘shandan degin,
Belkurak oluvdim yer ag‘dargani.
O‘sha qo‘shnim bir soat o‘tgandan keyin,
Bergan belkuragin so‘rab chiqibdi.
Sen bo‘lsang
Tug‘ilganimdan beri ishlatib yurgan
Belkurakdan afzal qo‘llarimni
Mana, qirq yetti yildirki
Qaytarib ber deya qistab kelmaysan,
Yaqinda Komxozdan, B.T.I dan,
Gorgazdan, Elektrosetdan,
Soliq idorasidan
Odamlar keldi
Semiz - semiz popka ko‘tarib.
To‘lov miqdorini eshitgach,
Xushdan ketay dedim, ko‘karib.
Olloxim,
Yaxshiyamki farishtalaring,
Semiz - semiz popka qo‘ltiqlab,
Quyosh, yomg‘ir ,shamol xaqini
Surishtirib kelmas uyimga
Yaxshiyamki nafas yo‘limga
Havo xisoblagich o‘rnatmagansan.


1992 yil, Maslaxat qishlog‘i.



Bahor haqida
(Chori Avaz xotirasiga)



Bahor kelayotir.
Hali hech kim yashamagan bahor.
Bultur sening izlaring qolgan,
So‘qmoqlardan kelayotir ul.
Ochiladi shubhasiz endi,
Hali hech kim o‘pmagan,
Hali hech kim xidlamagan gul.

Bahor kelayotir,
Hali hech kim o‘lmagan bahor...



1993 yil . Toshkent shaxri .



O‘g‘lim Azizbekka



Magar o‘lsam, xazin bo‘zlab, xayr deb yig‘lagil, o‘g‘lim,
Zulmlarga chidab o‘tgan chayir, deb yig‘lagil ,o‘g‘lim.

Kel, ey g‘assol, ko‘ray so‘ng bor dadamning afti angorin,
Yuzidan pardani bir zum qayir, deb yig‘lagil, o‘g‘lim.

Uning xarastlarin aytsam, ulus ko‘z yoshini to‘ksa,
Bu suvda kemalar qilgay sayr deb yig‘lagil, o‘g‘lim.

Tiriklik chog‘ida bir bor kelib ahvolini so‘rmay,
Tobut ustinda va'z aytma, g‘ayr, deb yig‘lagil, o‘g‘lim.

Bugun hech bo‘lmasa shundoq ulug‘ kun xurmati yorab,
Dadamni shum g‘animlardan ayir, deb yig‘lagil, o‘g‘lim.

Bu Vulqon portlagach, kul aylabon naynov g‘animlarni,
Bugun Jannat tamon uchgan tayr, deb yig‘lagil, o‘g‘lim.



1990 yil , Maslaxat qishlog‘i .



Chag‘alay...
(Rauf Parfi hotirasiga)



O‘zining bor yetimligi bilan,
Dalalar ustida porlayotgan oy,
Uchburchak shaklli romga joylangan
Sharlarni har yoqqa to‘zg‘itish uchun
O‘qlog‘ yordamida yo‘naltirilguvchi
Billiardning buzg‘unchi soqqasi emas.


U sovuq adirda yolg‘iz va yupun,
Shu'lalardan yuzi sarg‘ayib
Chiroq ko‘tarib borayotgan.
Soch - soqoli oppoq, bo‘yni ingichka,
Momaqaymoq to‘zg‘og‘iga o‘xshagan Rauf.


She'riyatning tilla chig‘irig‘ida,
Jon iplarin yigirgan vujud.


Raufdan yigirib olingan
Lojuvard nurlarning kalavasi oy.


Xoy, sovuqdan tovoni yorilgan Rauf,
Bankrotga uchragan merosxo‘r kunda,
Kundamas, kundada Quyoshning o‘tkir,
Olmos nuri ila kesilgan oyna
Yo‘llaringda bahor jarchisi bo‘lib,
Erib yotgan mahal ko‘lmaklar,
Eshkaksiz qayiqda yolg‘iz bir o‘zing,
Sevinch ko‘z yoshlaring kafanga artib,
Begona tunlarga ko‘chib ketibsan.


Shig‘alab yog‘armi endi yomg‘irlar?




20/01/2007.Kunduz soat 11:22.
Bishkek shahri, Leningrad ko‘chasi 35 uy.




Qahramon
(Hamqishlog‘im , ikkinchi jahon urushi nogironi ,
marhum Fozil ota xotirasiga )



Guvillaydi kuzgi bog‘larda bo‘ron,
Zulmat to‘la kecha, tong hali yiroq.
Loytom uyning pastak mehrobi aro,
Mayus miltillaydi xira jinchiroq.

Oqsoqol uzilgan tasmani ulab,
Yog‘och oyog‘iga yuzli mix qoqar.
So‘ngra, oyoq emas, ne desam bo‘lar,
Tuyog‘iga g‘amgin mung‘ayib boqar.

Yorilarkan yog‘och oyoq xariday,
Og‘rir cholning butun vujudi qaqshab.
Kuyganyor tamonda, zulmat qa'rida,
Poezd chinqiradi odamga o‘xshab.




1988 yil . Bahor . Maslaxat qishlog‘i .



Tongni kutib



Tumanlar qoplagan kuzgi bog‘lardek,
Hayotim xuvillab qoldiku sizsiz.
Yorug‘, unutilmas, ma'sum chog‘lardek,
Jimjitlik qa'riga ketaman izsiz.

Qadrdon dorvoza va baland devor,
Meni tutib yeydi kimsasiz shahar.
Xorg‘in chiroqlarga termulib, bedor,
Men sizni eslayman to subhi sahar.

Qushlar egallaydi tong minbarini,
Bog‘larda yangraydi jarangdor sayroq.
Atlas ko‘ylagingiz etaklarini,
Tongi shabbodalar qilganda bayroq.



1991 yil , kuz , Maslaxat qishlog‘i .


Bahor tongi



Bo‘lmasa ham daryoda toshlar,
Sinar oyning tongi tovog‘i.
Va ohista yorisha boshlar,
Alvon ufqning zavr qobog‘i.

Termulaman bog‘larga uzoq,
G‘amlar erir maxzun navoda.
Qaylardadir ma'raydi buzoq,
Pichan xidi suzar havoda.

Oyna ko‘zi ochilgan ko‘rdek,
To‘lib - toshib sayraydi mayna.
Go‘yo tiniq ko‘ldagi o‘rdak,
G‘aqillaydi top-toza oyna.

Sen xalinchak uchasan hamon,
Yer atalgan bahaybat sharda.
Derazalar ortida shamol,
Yelkan kabi qabargan parda.



1998 yil . May . Andijon shahri.



Hayrat
(Asqar Maxkam xotirasiga)



Kofarnihon kechuvlaridan,
Sigir haydab o‘tar bolalar.
Quyosh botib, zulmat qa'rida,
Uxlar shudring tushgan dalalar.

Lekin mening ikki ko‘zim ko‘r,
Axir, bunday emasdi dastlab.
Bu yomg‘irlar nega buncha sho‘r?
Osmon buncha ketibdi pastlab?

Nega qalqib chiqmadi ko‘z yosh,
Osmonlarga boqqanim zaxot?
Nechun hech kim otmay qo‘ydi tosh?
Maxluqlardan qutildim naxot?



7 iyul', 2008 yil, kunduz soat 5 : 29.
Toronto shaxri. Kanada.



Qarg‘aga



Qarg‘a, seni tezakxo‘r desak,
Hafa bo‘lma, olmagin malol.
Chunki tezak ba'zi odamning,
Luqmasidan ming bora halol.

Qor qoplagan chorbog‘larga boq,
Kumush qordan daraxtlar bo‘rki.
Qarr! Qarr! desang tumanda shu chog‘,
Go‘zal qishning ortadi ko‘rki.

Seni yomon degan kimsaning,
Komilligi emasdir yaxlit.
Eng yaxshi qush o‘zingsan, chunki,
Bulbullarga qilmaysan taqlid.


2008 yil, 30 iyul', dushanba. Tungi soat 2 dan 04 minut o‘tdi.
Toronto shahri. Kanada.



Kosmik muhojir



Biz intildik osmonga mudom,
Osmon esa tushibdi yerga.
Uning suvda cho‘milgan chog‘in,
Tasvirlasa sig‘maydi she'rga.

Zamin hamma narsadan pastdir,
Deb o‘ylama mafkurang buzib.
Sen pastda deb o‘ylagan narsa,
Yurgan mahal kosmosda suzib.

Raketada uchmadim deysan,
Qo‘y, ko‘ksinga urmagil pichoq.
Sen osmonavt, Yer esa qadim,
HAQ yaratgan bahaybat uchoq.

Eng qudratli raketalar ham,
O‘ynolmaydi Yer bilan poyga.
Chunki yuz yil uchsa ham inson,
Borar zo‘rg‘a bir metr joyga.

Vaqti kelib ketar avlodlar,
Minib lappak arobasiga.
Bizni tashlab ona zaminning,
Oy yoritgan harobasiga.

Yashab o‘zga olamlar aro,
Tumanlikda gulhanlar yoqar.
Va sog‘ingan sayyorasiga,
Olislardan mung‘ayib boqar.



11 iyun', 2010 yil.
Kech soat 5 dan 15 minut o‘tdi.
Toronto shahri, Kanada.



Bozorda


Qo‘yimizni sotayotganda ,
Ko‘zlarimdan chiqib ketdi yosh.
Muxtojlikka la'natlar o‘qib,
Qo‘ybozorda egib qoldim bosh.

Mehr bilan manglayin silab,
Rozi bo‘lgin - dedim men qo‘yga.
O‘sha qo‘yni eslayman xamon,
G‘arq bo‘lgancha xududsiz o‘yga.

Menku oddiy bir qo‘yni sotib,
Mijjam bo‘ldi ko‘z yoshga tikan,
O‘z xalqini sotganlarning ham ,
Ko‘zlaridan yosh chiqarmikan?



1989 yil. Andijon.

Akme

(Gyotega bag‘ishlanadi)



Jimirlaydi xazina osmon,
Osmon 'O' simon.
Yo‘qlik ramzi nol' raqamiday.
'O' simon ummon.
Unda miltillaydi
Yulduzlarning sonsiz uvildirig‘i.
Uvildiriqlar aro suzar,
Ko‘zlari o‘yilgan,
Tili kesilgan,
Zulmatni yoritgan oyning kallasi.
Siz aslo qo‘rqmang,
O‘zingizni qo‘lga oling.
So‘ng o‘zingizni o‘zingiz
Xonaga qamab
Eshikni zanjirlab
Tongacha uxlang.
Tongda tirikligingizni
Anglamoq uchun
Devorga osilgan
Ko‘zguga kuxlang.
Agar paydo bo‘lsa ko‘zguda xovur,
Qo‘ni-qo‘shnilarni chaqiring.
So‘ng ularga:
-Garov o‘ynaysizlarmi,
Men tirikman! - deya baqiring.
Lekin Baxt qushining tuxumidan,
Quymoq qilmang zinxor ba zinxor.
Tuxumlarni bostiring.
Ochib chiqsa,
Qirg‘iylardan qo‘ring ularni.
Baxt qushining jo‘jalari
Ko‘payib ketsin.
Hamma baxtli bo‘lsin Vatanda.
Baxt nolib yurmasin baxtsizligidan,
Hafa bo‘lib yurmasin shodlik.
Ovqat och qolmasin,
Kiyim yalong‘och.
Suvlar chanqamasin.
Olov sovqatmasin qaltirab - qaqshab!



1993 yil, Maslaxat qishlog‘i.



Veteran
(Ikkinchi Jahon Urushi ishtirokchilariga bag‘ishlanadi)



Uning dil ko‘zgusin parchalagan o‘q,
Chil - chil sinib ketgan, bo‘lmaydi butlab.
Do‘stim, u insonga qo‘l cho‘zib, hech yo‘q,
Buyuk bayram bilan qo‘ysangchi qutlab.

Miskarnay bo‘g‘zida bizga tanish "Val's",
Yengil sadolari o‘ynar havoda.
Qahramonning siyrak sochlarin besas,
Tortqilaydi tongi mayin shabboda.

Shu kunlarda qolgan u yolg‘iz, yo‘lsiz,
Yo‘qdir uning bunda tengdoshi, tengi.
Uzoqlarga ma'yus termular, qo‘lsiz,
Shamolda bayroqday xilpirar yengi.



15 avgust, 2010 yil.
Tong. Toronto shahri, Kanada.



Kalishnoma



O, orqasi yirtilgan kalish!
Kiyilaverib maymayib, rangi o‘ngib,
Oqshayib ketgan kalish...

Buncha og‘zing katta bo‘lmasa sening?
Yoki yig‘layapsanmi ovozsiz, xo‘ngrab?
Balki esnayotgandirsan
Kinnachi kabi?

Yoki kulayapsanmi mening ustimdan?

Kim biladi,
Balki,
Qo‘shiq aytayotgandirsan
Bir paytlar og‘zinga kirgan
Oyog‘imni sog‘inib, qo‘msab...



23 may, 2008 yil.
Kunduz soat 12 dan 56 minut o‘tdi.
Toronto shahri, Kanada.



Ilmoq



Siz nazarga ilmaysiz meni,
Yaxshiyam ilmaysiz
Ilsangiz agar,
Elu xalqqa kulgu bo‘lardik.

Chunki, men novchaman.
Nazaringiz esa
Haddan ziyod past.



2001 yil, 21 yanvar', tungi soat 9 dan 21 minut o‘tdi.
Tashqarida qor yog‘yapti. Maslaxat qishlog‘i.




Kuz ilhomlari



Voh, kuzgi daraxt shaklida hayronani ko‘rdim,
Yolg‘iz va g‘arib, bir dili vayronani ko‘rdim.


Jim jit ko‘chada o‘ynadi raqqosa shamollar,
Charx urdi hazon girvati, parvonani ko‘rdim.


Darcham yonidan o‘tdi uchib yovvoyi g‘ozlar,
Parvoziyu faryodida devonani ko‘rdim.


Qushlar uyasin tutdi daraxt shoxida, yo Rab,
Inlarga boqib, g‘am to‘la paymonani ko‘rdim.


Za'far kapalaklar kabi uchganda xazonlar,
Barglarga ko‘milgan ko‘cha , ostonani ko‘rdim.


Yo‘llarga xazonlar to‘shadi kuzgi Toronto,
Boqqancha chinor bargiga Farg‘onani ko‘rdim.


Ishq bodasidan mastu alast shomu sahar dil,
Uzlat uyida xilvati mayxonani ko‘rdim.


Do‘st topmadi Vulqon bu jahon mulkida izlab,
Har yerda g‘anim, vaxshati begonani ko‘rdim.




26 oktyabr', 2010 yil.
Tongi soat 7 dan 35 minut o‘tdi.
Toronto shahri, Kanada.

VATAN
(O‘zbekiston xalq hofizi Sherali Jo‘raevga bag‘ishlanadi)



Sen agar bug‘doy boshoq bo‘lsang somoningman, Vatan,
Toabad boshing omon bo‘lsin, tovoningman, Vatan.

Barcha yaxshi, barcha oqil, barcha dono, faylasuf,
Qimtinib bir chekkada yurgan yomoningman, Vatan.

Chor taraf zulmat, tuman, uvlaydi ming -minglab shoqol,
To sahar gulxan yoqib chiqqan cho‘poningman, Vatan.

Barcha jim, tilsiz pisib, mum tishlaganda, xayqirib,
Haq so‘zin dor ostida aytgan zaboningman, Vatan.

Bo‘lmasin ovvora yov oybolta qayrab qatlima,
Qatl etib o‘ldirsa xam o‘lmas omoningman, Vatan.

Yurtda Vulqon cho‘qqidek boshim bulutlardan baland,
Yov uchun mangu o‘tib bo‘lmas dovoningman, Vatan!



2004 yil, Maslaxat qishlog‘i.




Shavkat Rahmon hotirasiga



"Osmon to‘la havolar, faqat menga yetmaydi."
Shavkat Rahmon.



Xato qilg‘ay desa kimki vabo o‘ldirdi shoirni,
Demang tillo kumush ohanrabo o‘ldirdi shoirni.

Labinda g‘unchadek nozik tabassum, qo‘ynida hanjar,
Baxil, qalbi qaro "do‘st - aqrabo" o‘ldirdi shoirni.

Yayov yolg‘iz kezarkan bir o‘zi oydin chamanlarda,
Sahar g‘ir -g‘ir esib o‘tgan sabo o‘ldirdi shoirni.

Muhabbat dardiga topmay davo, she'r yozdi u bedor,
Kiyib gulgun qabo nozik ado o‘ldirdi shoirni.

Kelib ko‘klam, chaqin chaqnab, chopib yomg‘ir aro shodon,
Shalobbo ko‘ylagi bir dilrabo o‘ldirdi shoirni.

Xazonlar raqsiga termultirib bo‘m - bo‘sh xiyobonlar,
Samoda turnalar aytgan vido o‘ldirdi shoirni.

Yalong‘och dov daraxtlar berkinib sokin tumanlarga,
Xazonli bog‘dagi sharmu hayo o‘ldirdi shoirni.

Nazm bo‘stoniga keltirdi sof muzdek havolarkim,
Bu ne qismat, qarang, oxir havo o‘ldirdi shoirni.



05/08/2015 yil.
Kechki soat 6 dan 36 daqiqa o‘tdi.
Kanada.Onterio.




Farid Usmonga


Qon tomirlar rishtadir, shundan jarangdor sozimiz,
Bizga shunday soz ato etgan Xudodan rozimiz.

She'r yozishdek bedavo bir dardni yuqtirgan aziz,
Kamtarin shoir Farid Usmon bizim ustozimiz.

Shum qadamlar yetmagan tosh qoyalar mangu makon,
Ko‘kda burgutlar kabi ko‘z ilg‘amas parvozimiz.

Qilmag‘aymiz e'tibor yog‘iy g‘animlar hayliga,
Bor adolatli Xudo -yavmul qiyomat Qozimiz.

Yig‘lamay quvnoq yasharmiz bu fano tuprog‘ida,
Titratar olamni garchand oh ila faryodimiz.



16/06/2016.
Kech soat 8:02.
Kanada.Onterio.



Men g‘arib shomlarda g‘amgin chaqnagan chaqmoq edim



Ey Vatan nomli chinor, shoxingda bir yaprog‘ edim,
Bog‘dagi mahzun shamollar shashtida titroq edim.

Zoxiran miskin faqir, bir chetda yurdim hoksor,
Lek ko‘ngil otlig‘ jahonda hokimi mutloq edim.

Katta yo‘ldan nurli manzillar tamon shoshganda el,
O‘t -o‘lan ichra ko‘rinmas kimsasiz so‘qmoq edim.

Paxtadek oppoq bulutlarga qarab goh yig‘ladim,
Men g‘arib shomlarda g‘amgin chaqnagan chaqmoq edim.

O‘tsa oy xorg‘in suzib sokin daraxtzorlar tamon,
She'r bitib oydinda tunlar to sahar uyg‘oq edim.

Kunbotar yoqlarda sohil qushlari shovqin solib,
Ko‘kka to‘lqin sapchigan tosh qoyali qirg‘oq edim.

Toptading, teshdi oyog‘ingni tikonlar, ey g‘anim,
Chunki men toshlarni yorgan yam -yashil yantoq edim.

Ishqida o‘rtab vujudim, o‘rladi bo‘g‘zimga o‘t,
Kecha kunduz Haq Taolo vasliga mushtoq edim.

Yig‘lamang ko‘z yosh to‘kib, hargiz mozorim ustida,
Qo‘ydilar tuproqqa jismim, men axir tuproq edim.



07/11/2016.
Kunduz soat 1 dan 47 daqiqa o‘tdi.
Kanada, Onterio.


Ayo soqiy
(Hofiz Sheroziy g‘azaliga Xoldor Vulqon muhammasi)



Yuzin ko‘rgim kelur har on, bu hijron lahzasi yillar,
Firoq sahrosida qiynab, ko‘zimga tortadir millar,
Azobim yuklasam nogox, chidolmay chinqirar fillar,
Ayo soqiy sunib joming qil ehson, yashnasin dillar,
Ko‘rundi avval ishq osonu so‘ngra tushdi mushkullar.


Vujudim rishtasiiga tim qaro soch tolasii bandkim,
Labiining bolidin sharmandadir novvot ila qandkim,
Junun sahrosida chekkan azobim Qays uchun pandkim,
Sabo yechmoqchi bo‘lgan soochining xushbo‘yiga ontkim,
Muanbar xalqa - xalqa soochidin qon bo‘ldi bu dillar.


Muhabbat rozinii dilbar kelib sirri nihon aytsa,
Qulog‘imga pichirlab, jilmayib shirin suxon aytsa,
G‘anim ko‘z yoshiga cho‘kkay chekib oxu fig‘on, aytsa,
Botir sajjodanii mayga agar piri mug‘on aytsa,
Yo‘lovchiga erur ma'lum yo‘l ahvoli va manzillar.


Sanam mujgonidan paykon kelib sanchilsa gar bir dam,
Jigar sadporalar bo‘lg‘ay berolmas hech kishi yordam,
Magar hoziq tabibim yor, tirilgay so‘zlasa murdam,
Menga yor uyida ishrat qurish imkoni yo‘q har dam,
Qilurkan qo‘ng‘iroq faryood, bog‘lang yukni g‘ofillar.


Ayo ey dil tilab vaslin yutarsan qon ila zardob,
Qo‘yar joninga o‘t dilbar kiyib qirmiz qabo zarbob,
Bu yo‘lga kirma deb ogoh etibdur ishq elin arbob,
Qorong‘udir kecha qo‘rqinchli mavj, daxshatlidir girdob,
Na bilg‘ay holimizni chetda turgan yuuki yengillar.


Falakning charxi kaj , undan muruvvat kutma, ey Hofiz,
Zaminnii titratib Vulqon kabi qon yutma, ey Hofiz
Kezib sahro biyobonlar aro yo‘l tutma, ey Hofiz,
Agar vasl istasang undan uzoqqa ketma, ey Hofiz,
Tilakni izla, qo‘y dunyoni, ber orzuga tabdillar.



23 may, 2010 yil.
Tungi soat 12 dan 45 minut o‘tdi.
Toronto shahri, Kanada.




Men diyoru yorisiz
( Piri ustodimiz hazrati Amir Alisher Navoiy g‘azaliga muhammas )



Masjidim mayxona har dam ko‘zlari hummoorsiz.
Shu'lalar yanglig‘ mayin, hush, bo‘yi gul attoorsiz,
Bepoyon sahroda qoldim kulbayu devoorsiz,
Navbahor ayyomi bo‘lmish men diyoru yoorsiz,
Bulbul o‘lg‘ondek xazon fasli gulu gulzoorsiz.

Teshdi osmonlarni boshim, buncha ummonlar sayoz?
Kuydirib kul qildi poyim qahraton qishlik ayoz.
Bo‘ldi alvonrang qizil qonim siyoxidin qog‘oz,
Gohi sarv uzra gahi gul uzra bulbul nag‘masoz,
Vaxki menman gungu lol ul sarvi gul ruxsoorsiz.

Qoshlaring shamshiridin to‘g‘rab otilgan burdaman,
Kechalar oydek jamolingdin taralgan nurdaman,
Intizor, vaslingni izlab na tirik na murdaman,
Tong emasdur, gar diyoru yooorisiz ozurdaman,
Kim emas bulbul, gulu gulzoorsiz, ozoorsiz.

Cho‘g‘ kabi alvon labingdin sachragay qonimg‘a o‘t,
So‘zlaringdinkim ilashgay laxza har yonimg‘a o‘t,
O‘rlagay zulmatda guvlab oxu afg‘onimga o‘t,
Ravza ashjori o‘tindur, gullari jonimg‘a o‘t,
Mumkin o‘lsa anda bo‘lmog‘liq dame Dildoorsiz.

Parpirar yulduz va oy, sokin halovatlig‘ kecha,
Dur to‘kilmishdur guhar, gulgun dudog‘ingdin necha,
Jilmayib siymin bog‘ichlardin mayin soching yecha,
May chu berding, zulf ila band et meni, ey mug‘bacha,
Kim xush ermas mug‘ bila ichmak qadax zunnoorsiz.

Bu umr iz tushmagan qorli, salobatli dovon,
Intilar qorli dovonlar qasdida piru javon,
Jomi vahdat birla qorlar ostida qoldik omon,
Topmaduq gul rangi jomi bexumor ey boog‘bon,
Vaxki bu gulshan aro gul butmas ermush xoorsiz.

Bu kecha oy nuridan bo‘lmish charog‘on sog‘u so‘l,
Navbahor oqshomi sokin, yashnagay sahroyu cho‘l,
Qaqragan dashtlar aro Vulqon hayot daryosi bo‘l,
Ahli zuxd ichra Navoiy topmadi maqsadg‘a yo‘l,
Vaqtingizni xush tuting ey ja'mikim xummoorsiz.



9 mart, 2009 yil.
Kunduz soat 4:45.
Toronto shahri.


------------------------------------------------------------------------------------

Yapon she'riyatidan Xoldor Vulqon tarjimalari.


1983 -2006 yillar.

Maslaxat,Toshkent, Bishkek.




So'z sehri
(Xayku haqida )




Xayku yolg'izlikni kuylaguvchi ixcham san'at asari bo'lib, u tashvishlardan bezgan,noxaqliklardan, ozorlardan charchagan, g'iybatlar paykonidan vujudlari g'alvir, xorg'in ruh egalarining chekinadigan uzlatgoxi, xilvatidir.
Yapon shoirlari tabiat bilan uyg'un umr kechirib, xaykular yozish uchun roxiblar kabi janda kiyib, xassa tayanib, yovvoyi kaptarlar g'uvillayotgan kimsasiz dalalar ortida,tumanli tog' qishloqlaridagi chakalakzor o'rmonlarda, vayrona ibodatxonalarning unut xarobalarida, yovvoyi gullar ochilib yotgan o'ngirlarda yolg'iz yashaganlar va go'zal, o'lmas asarlarni yozib qoldirganlar.
Xaykularda ko'p qirrali nimkosa ma'no, falsafiy mazmun yo'q.
Yapon shoirlari xaykular orqali go'zal tabiat manzaralarini, yoxud narsalar xolatini, yoki odamning muayyan ruhiy kayfiyatini aks etdirish orqali o'quvchiga xayrat bag'ishlaydi, tuyg'ularini ibtidoiylashtirib, tabiatga yaqinlashtiradi, insonning hissiyotlarini sun'iylik g'uborlaridan tozalaydi.
Xaykularda aks etdirilgan manzaralarni ko'z oldingizga keltira olsangiz, tog'dagi qishloqda oy chiqishini sarg'ayib kuzatayotgan dexqonlar holatini,butazorlar ortidan ohista ko'tarilayotgan to'lin oyni ko'rayotganday, chigirtkalar chirillashini eshitayotganday, bo'lasiz.
Tahayyul va tahayyur shu'lalariga yo'g'rilasiz.
Quyida, bundan olti asr avval yozilgan yapon xaykularini o'z tarjimam orqali hukmingizga havola qilarkanman,shunday ajoyib yapon shoirlarining xaykularini va tankalarini ona tilimizga o'girish menga ham nasib etgani uchun Janobi Haqqa hamdu sanolar aytaman.




BUNDAN 600 YIL AVVAL YoZILGAN XAYKU VA TANKALAR:


Matsuo Basyo yozgan xaykular:





***

Qorli tong.
Yana quritilgan baliqni
Yeyman shekilli yolg'iz bir o'zim.

***

Dengiz suvida suzib yurar
Mayda yaltiroq baliqchalar
Tutaman desang yo'q bo'lib qolishar.

***

Sovuq shamollarda sholoplar eshkak
Yuragim siqilar
Tun yana ko'z yosh...

***

Shu qoyadan turib
Ko'm - ko'k dengizga
Qalpog'imni uloqtiraman!

***

Qishki dala
Uzoqlarda yurar dexqonlar
Qolgan - qutgan cho'plarni yig'ib

***
Sochim o'sibdi
Ozib ketdim, rangim olingan
Bug'u oyidagi yomg'ir to'xtamas.

***

Banan yaproqlari so'lg'in
Oyning porlab chiqishini
Sarg'ayib kuzatar dexqonlar

***

Yo'llar toyg'oq muzlama
Attang, toyib yiqildi
Shirakayf do'stim.

***

O'lgan o'g'lin eslab yig'ladi ota
So'nayotgan gulxan cho'g'lari
O'chib qoldi uning ko'zyoshlaridan.



***

Egnimdagi qog'oz ko'ylagimni
Ivitib yirtibdi
Bahor yomg'iri.

***

Muzlagan olabug'a baliqlari
Irjaytirib yotar tishlarin
Sovuq do'kon peshtaxtasida.

***

Qaydasan sen, mening tayanchim?
Xassa qilib olgan cho'pagimni
Sindirdi kuzgi shamol.

***

Ufqlarga botmoqda quyosh
Kuzgi daryo suvlarida
Yaltillaydi mayda baliqlar.

***

Choponim yupqa.
Kun bo'yi o'tirib undagi bitlarni
Terib o'ldirdim.

***

Juda qalin qor yog'ibdi
Endi Xakbinz tog'idan
Qanday oshib o'tar odamlar?

***

Yosinodagi gullagan giloslarni
Ko'rsataymi senga,
Mening qalpog'im?

***

Oxir quvib yetdim
O'tgan bahorni
Olis 'Vaka' bandargoxida.

***

Voy bayov!.. Voy bayov!..
Yana nima deyish mumkin siz xaqingizda
Yosinodagi gullagan giloslar!

***

Ot ustida uxlab qolibman.
Uyg'onganda ko'rdim olisda oyni
Tongi tutunlar.

***

Qarayman, aylanar qorga
Qorong'u kechada
Qishki yomg'irlar.

***

Ustunlariga has - xashak ilingan
Ko'prik xayrlashayotir
To'lin oy bilan.

***

Qaydan keldi bu yalqovlik?
Bugun arang uyg'otishdi meni
Shovullaydi bahor yomg'iri.

***

Qiziqamiz yonar qurtlarga,
Qayiqchidan umid yo'q, u mast,
To'lqinlar qayiqni surib bormoqda.

***

Oydin qish kechasi
Qor bosgan yo'llar,
Itga otay desam topilmaydi tosh.

***




Kobayasi Issaning yana ikki xaykusi:





***

Kechib o'tdim sayoz va toshli,
Fe'ruzarang daryo suvlarin
Shippagimni qo'limga olib

***

Oydin kecha
Tiniq sholipoya suvida
Oqib yurar gilos gullari .




Kovaxigasi Xekigadoning ikki xaykusi.




***

Suzayotir qora kemaday,
Sekin asta bulutlar aro
Tog'ning cho'qqisi.

***

Shilliqqurtning sira
Chig'anog'idan chiqqisi kelmas
Kuzgi shamollar.





Masaoka Sikining ikki xaykusi.



***

Gullagan Yamabuka soyasi,
Suv solingan qovoqda
Biltanglaydi kumushrang baliq.

***

Kimsasizlik.
Daraxt soyasidagi o'rindiqda
Qarag'ayning igna barglari.




Nayto Meysetsu yozgan xaykular:
(1847 - 1926)




***
Og'ilxona ustida
Porlar yangi oy.
Olxo'ri gullabdi.

***

Qaytarib keladi o'z ovozimni
Yana o'zimga
Kuzgi bo'ronlar.

***

Oy porlayotir.
Oyoq qo'ydim osma ko'prikka,
Lapangladi ko'prik g'ijirlab .

***

Yurmayotgan otining
Jilovidan tortar zo'r berib
Aravakash sovuq kechada.

***

Eshitilar oyna ortidan
Dexqon ketmonining chiqirlashlari.
Shudgorda tosh ko'p.

***

Zilol suvli daryo,
Lapanglab oqmoqda
Suvga qulatilgan xodalar.

***

Tutunlarda ko'rinmay ketar
Sargashta roxib.
Olislarda yangrar qo'ng'iroq.

***

Chug'urchuqlar galasi
Uchib o'tdi tepamdan.
Eshitdim qanotlar shuvillashini.

***

Menga sovg'a berishdi,
Uyga olib ketyapman suvli kosada
Oltin baliqchani.

***

Qish yomg'iri.
Xamma narsa jim.
Qirg'oqdagi qayiq ham hatto.

***

Go'yo itoatkor kapalakni oldiga solib
Xaydab kelayotganga o'xshar
So'qmoqdagi yo'lovchi.




Taneda Santoka xaykulari:
(1882 - 1940)




***

Shunday ketmoqdaman
So'zanakni qalpog'imga
Qo'ndirganimcha.

***

Yolg'iz o'tiribman
Romlarga yelimlab
Yangi qog'ozni.

***

Qanday va qayoqdan qaramayin
Hamon yog'ayapti to'xtamay
Yog'ayapti qor.

***

Chirildoqlar chirillar.
Berkinishning iloji yo'q
Bu tovushlardan.
***

Hamon uchayapti
Kuzgi daraxtlarning
Yaproqlari sovuq shamolda.

***

Dam olib yotgan chog'im
Qizil so'zanak
Oyog'imga qo'ndi o'tloqda.

***

Yaxshilab chaynash kerak,
Hafsala bilan.
Guruch bu guruchda...

***

Sake ichib
Chirildoqlar bilan
Uxlab qolibman.

***

Yozgi sel shovqini
Yillar o'tishi bilan men kabi
Qaribdi u ham.

***

Mana uchrashdik nihoyat,
Baland qoyalarda choy butalari.
Ular gullabdi.

***

Ayozli qish kechasi.
Sovuq izg'irin.
Men qayerda tunayman endi?..

***

Qayoqqadir shoshar
Sovuq bulutlar
Cheksiz osmonda...

***

Dalada izg'irin.
Toshlarni teraman
Kuzgi shamolda...

***

Qishki yomg'irlar.
Nazarimda,
O'lmaganga o'xshayman hali...

***

Qanday ivib ketdima!
Boyagina huv anavi,
Bulutlardan yoqqan yomg'irda!..

***

Uzuliksiz kovshanaman.
Mening ovqatim -
Guruch kepagi.

***

Hoy ,noinsof chigirtka!
Xaltadagi guruch o'zi oz!
Ertagacha yetsin...

***

Kechki ovqat yo'q.
Kuzataman quyoshni
Tog'lar ortiga...

***

Oh, qanday ajoyib
Sel boshlanishi!
'Tuk - tuk - tuk - tuk'...

***

Yolg'iz kapalak pildirab
Uchib aylanyapti.
Hamma yoqda tosh.

***

Oqshomda uyga qaytayapman
Qor ustini qoplab borar qor.
Taraladi sukunat xidi.

***

May oqshomi.
Baqalar qurillashi aro
Poyezd shovqini.

***

Ayvonda o'ltirib
Tongi shabbodada
Umebosi qiyomin yeyman . . .

***

Yolg'iz va sokin
Jim - jit o'ngirlarning
Shaffof tonglari . . .

***

Iyulь jalasi
Toshib ketdimi deymanda ,
Samo to'g'oni . . .

***

Xotiralar uchib kelar
Qaydandir birdan
Oppoq yuvosh kapalak bilan . . .

***

Atrof tog' o'rmoni ,
Boshim ostida tosh .
Va bulutlar kuzgi osmonda . . .

***

Tungi ibodatxonada
Tongacha mushuk
O'ynaydi parvona kapalak bilan

***

Yo'lda kasal bo'lib qoldim ,
Mana endi tungi zulmatda ,
Tinglayapman sel shovqinini . . .

***

Qorong'i tushdi
Endi oydin tog'lardan
Axtaraman tunamoqqa joy
***

Naxot shu kul qolgan bo'lsa
Yoqib yuborilgan kundaligimdan ?. . .

***

Tong pallasi yirik tomchilar
Nog'ora qilib chalar
Kulbaning tomin .

***

Burga chaqib uxlatmayapti . . .
Yulduz to'la bepoyon osmon . . .

***

Dengizlarga tikilganimcha
Soxildagi o'tloqda
Bo'shanaman , xojat qilaman.

***

Bolakaylar o'ynab yuribdi
Qabrlar aro . . .

***

Oqshom qo'ng'irog'i jaranglar . . .
Oyoqlarim yurmay qo'ydi . . .

***

Kuzgi shamollarda
Ot sug'oraman . . .

***

Cho'chqa menga tikildi ,
Qiziqishdan ochilgan og'ziga
Kirmoqda kuzgi shamol .

***

Kun bo'yi yomg'ir yog'di .
Men o'yladim xasratga cho'mib ,
Olislarda qolgan Vatanimni .

***
Yemish so'rab miyovlar mushuk
Lekin hech narsa yo'q unga bergani . . .

***

Buncha ham mazali
Bo'lmasa guruch .
Kavshanaman bir o'zim o'ychan .

***

Oftob qizdirmoqda
Ustarada qirilgan
Taqir boshimni.





Isikava Tokuboku .
( 1886 - 1940 )



***

Yarim kechasi ko'chada xayrlashayotib
O'pishgandik ikkimiz uzoq . . .
Olis kunlar yong'ini . . .

***

Turgenevning romanin
Poyezdda o'qib ketayotib
' Isikari ' dan o'tib ketibman.






Midzuxara Syuosi.





***

Ko'l uzra porlayotgan oyni ,
Tomosha qilmas hech kim
Barcha sholi o'rimida . . .

***

Binafshalar gulladi yana
Toptaldi so'qmoqlar
Bahorgi o'rmonlarda

***

Olmalar gullagan .
Boyagina yoqqan bahor selida ,
Oppoq gul qopladi soxil suvlarin .

***

Oy porlar .
Qayinlar soyasi sezilmas ,
Tumanlarga cho'mgan qayinzor

***

Bahorni kuzatayapman
Yomg'irlarda shalobbo ivib
Bulutlar bilan yuzma - yuz , tog'da.

***

Yomg'irli kun .
Oqin bo'ylab oqar xrizantemalar
Ko'rinmaydi bironta qayiq

***

Choy gullaydi baland qoyada ,
Shom zulmati qoplagan tog'lar .
Olislardan ko'tarilar oy.

***

Naxotki binafsha
Yolg'iz gulladi
Tutzorda yana . . .

***

Qaldirg'ochlar chiyillab uchar ,
Tog'lar orasidagi uyimning ,
Tomi ustidan .

***

Xagi gullayotir
Asama tog'iga chiqaman
Bulutlarni qayrib . . .

***

Jarlar aro , to'lqinlar uzra ,
Chaykalarning ini yonida
Olxo'ri gullar . . .

***

Berkinadi o't - o'lan ichra
Tunash uchun o'tloq kakkusi ,
Yaqinlashar tun . . .




Akutagava Ryunoske .



***

Xatto quyonning ham ,
Quloqlari shalpayib qoldi
Qanday issiq xavo !

***

Mana tong otdi ,
Qo'shig'ini to'xtatib birdan ,
Chirildoq jimib qoldi

***

Tog' etaklarida
Yumilib qolibdi sovuq ayozdan ,
Choy g'unchalari

***

Qishki yomg'irlar ,
Kanal qirg'og'idagi choyxonada
Yolg'iz bir mexmon . . .

***

Bog' yo'lakchasidagi
Ko'lmakda aks etar
Azaliya gullari . . .

***

Qish kechasi sovuq ,
Yo'lning ikki cheti
Bambuk o'rmoni .




Natsume Soseki .




***

Men kasal yotgan xonaning
Bambuk pardasida
Kuzgi kapalak

***

Kuzgi daryo uzra ,
Aks - sado yangrar .
Chayla qurishyapti uzoqda

***

Kuzgi daryo soxili ,
Topib oldim silliq , yapaloq .
Oppoq qayraq tosh . . .


Nakamuro Kusado .


***

Gilos mevalari
To'ldi qirmiz sharbatga
Biz o'g'il ko'rdik . . .

***

Qishki dengiz ,
Oqayotgan gul pallalariday ,
Suzar chaykalar

***

Osmonda yulduzlar,
Qayiq to'la olma ,
Uy tamon suzaman...

***

Ko'zaga suv quydim
Qo'ng'iroqlar tovushin tinglab ,
Yangi yil kechasida.


Iida Dakotsu .



***

Pechkada o'tin yonar ,
Oyna orti - sovuq dengiz uzra
Chiyillaydi chaykalar . . .

***

Pechka eshigin ochdim ,
Oxista , istamaygina
Yonadi ko'mir . . .

***

Shamolda chayqalib jaranglar
Eshigimga osilgan qo'ng'iroq
Anor gullabdi . . .

***

Pashshaxonaga kirib yotibman ,
So'nayotir kuzgi saharda
O'choqdagi kechagi cho'g'lar . . .

***

Namiqib bo'kdi tevarakdagi ,
Quvrab qolgan kuzgi maysalar.
Yomg'ir quyar tog'larni yuvib

***

Esar g'arbiy shamollar ,
Kirib kelar yomg'ir suvlari ,
Ostonaga qadar o'rmalab .

***

Inson qalbiga o'xshar
Faqat bir narsa -
Kuzgi yonar qurt . . .

***

Qor ko'mib tashladi
Barcha yo'llarni
Isinaman o'choqda yolg'iz . . .


Nayto Meysetsu .


***

Shaffof suvda
Qilt etmaydi mudroq baliqlar
Kuzgi shamol . . .


Takaxama Kyosi .



***

Qor og'irligidan qiyshaygan
Og'ilxona tamonda
Maraydi sigir . . .

***

Guvillagan sovuq shamolni ,
Ko'ksim bilan qarshi olib .
Bir zumga unutdim qariganimni . . .

***

Men bugun xar doimgidan ham ,
Qo'proq achindim gullarga
Qish shamolida

***

Baland qoya toshlar aro
Ko'rinadi mo''jaz bir qishloq ,
Qishki qaltis yo'llar .

***

Ikkiga ayrilib
Olisga cho'zilar ikki ip -
Dala so'qmoqlari

***

Xademay jimib qolar
O'tinchilar boltasi tog'da ,
Kuzgi yomg'irlar . . .

***

Uxlang Tokioliklar !
Birinchi qish yomg'iri yog'ar ,
Tungi jimlikda

***

Ariqchani loyqalatib ,
Dexqonlar sholg'om yuvar
Xafsala bilan . . .

***

Qishki bo'ron .
Fonarning xira nuri ,
Aks etadi paqir suvida

***

Mo'rini ochaman .
Qilt etmay osilib turar ,
Kul ustida mudroq o'rgimchak

***

Birinchi qish yomg'iri ,
Mening yuragimda umrbod
Qolar endi u . . .

***

Janub yoqqa uchib o'tdi qush ,
Tumshug'ida nimadir cho'qib .
Meva shekilli . . .

***

Mana , yana bitta chinor novdasi ,
Yalang'ochlandi . . .
Chor - atrof jim - jit.

***

O'tinchilar qarar ,
Tog'lardan turib ,
Vodiylarda qolgan qorlarga . . .




Kovaxigasi Xekigado .




***

Oyog'im ostida o'ralashib ,
O'sgan maysalar aro
Chiyillaydi mitti jo'jalar

***

Men tun bo'yi xayku yozaman ,
Xotinim esa
Nimanidir yamab - yasqaydi . . .

***

O'tloqqa chiqaman ,
Qizg'aldoqlar to'zg'ir shamolda
Suqsirlar uchib o'tar . . .

***

Kartoshka qaynataman,
Tovushsiz koinot bo'shliqlarida
Yig'lar bolakay . . .

***

Qoraygan o'choq mo'risi uzra
Aylanadi inga joy izlab
Qaldirg'ochlar baxorda . . .

***

Qishloqda bayram ,
Qirmizi fonarlar yonar ,
Bug'u ma'rar olis zulmatda . . .

***

Suv charxpalagin aylantirishdan ,
Charchadi odamlar
Sholi ekish mavsumida . . .
***

Bug'da pishirilgan sholg'omni
Suzmaga qo'shib yeb
O'ltirdim g'amgin . . .

***

Sovuq suyagimdan o'tib ketdi
Choshgox payti soxilda
Qarag'aylar aro daydiyman .

***

Novdalari gulga burkangan
Bexi daraxti ostida
Gullaydi binafshalar .

***

Xuv ana , uzoqda
' Yosa ' ning qishki dalalarida
Ko'rayapman qor qarqaralarin .


Isikava Takuboku .




***

Kasalxona derazasiga
Yaqin olib kelishdi meni.
Odamlarni ko'rib quvondim.
***
Oxiri uloqtirdim
Kuya yegan telpagimni men.
Olti yil kiydim uni.

***


Toki Dzemmaro.





***

Uzoqlarni ko'rsatdim barmog'im bilan,
U yoqlarda, u o'lkalarda
Oqib yotar Volga daryosi.

***

Uziliksiz, xuddi telbadek,
O'ylayverdim achchiq tamaki chekib
Olis Sibir qorlari xaqda.

***

Qayta - qayta o'qiyman ko'zlarimda yosh,
Yurakka yaqin Turgenьevning bu kitobi.
Muqovasi sarg'ayib ketgan...

***

Ox, necha bor o'chdi papiros cho'g'i,
Hasratli o'ylar -
Achchiq Rus tamakisi, qish...

***


Nasivaki Dzyundzaburo.



***


Kuzgi daryo qirg'og'i.
Uzun - uzun o't - o'lan ichra
Baliq tutayotgan odam o'ltirar.

***




TANKALAR:





SAYGYo ShE'RIYaTIDAN




***
Ex ,agar bu dunyoda
Oy bulutga botmasa
Olcha gullari to'kilmasa
Men yashayverardim
Dalalardan kelmay umrbod
***

' Yosino ' tog'laridagi
Olcha butoqlarida
Muzlab yotar qor
Olchalar gullashga
Kechikmasaydi . . .

***

Duvillab to'kildi
Uzun - uzun o't - o'lanlardan .
Billur shudringlar .
Kuzgi shamol guvillar
' Myagino ' dalalarida

***

Nixoyat kuzgi osmonda
Qosh qoraygan on
Arang - arang yaltirab
Qo'rindi uzoq kutdirgan ,
Sog'intirgan oy

***

Endi qandoq qilaman men ,
Ko'ylagimning namchil yengida ,
Yalt etdi shu'la
Botib ketdi bulut ortiga
Kuzgi mayus oy

***

Kuz oqshomi , oydinda
Yoprildi bulutlar
Oy yuzin to'smoq uchun
Yo'q , ko'zlarimni aldabdi
G'ozlar galasining ko'lankalari

***

Osmonda oy yo'q .
Chiqarmikin u ?
Men ayvonda o'ltirganimcha
Uzoq kutdim
Oy chiqishin tog'li qishloqda

***

Kunduzgiday yop - yorug' kecha
Ko'lankam ham ko'rinmas .
Oy yaraqlab porlar
Borar manzilimni angladim
Qo'ng'iroqlar tovushidan

***

Shudringlarin to'kmay
Uzib oldim men
Gullagan Xagi butog'ini
Chigirtkalar qo'shig'in tinglab
Oy yorug'ida

***

Qora siyox bilan yozilgan
Xatlarga o'xshab
G'ozlar qanot qoqib
G'og'olab uchar
Tungi osmonda

***

O't - o'lanlarni qayrib
Yurdim qayg'uga botib
Shudringlardan og'irlashdi
Ko'ylagim yengi
Chigirtkalar menga qo'shilib yig'lar

***

Baxor tumanlari,
Qayoqqa , qaysi tarafga
Uchib ketdi ekan qirg'ovullar ?
Ular tuxum qo'ygan o'tloqqa
Bolalar o't qo'yibdi

***

Tuman qoplagan dala
O'raman o't - o'lanni .
Tumanlar qayg'uli
Bolaligim berkinib olgan
Xuv olisda , tumanlardan ham narida .

***

Tumanli tepaliklar tamonga
Berkingan qirg'ovullar
Uzoq - uzoqlardan
Qanotlar sharpasi
Sezilar menga

***

Tinchim yo'qolgan
Qayerda , qaysi o'ngirda
Qaysi tog' yonbag'irida
Qaysi olcha
Gullar ekan birinchi bo'lib.





VAKAYaMA BOKUSIY yozgan tankalar .




***

Vulqon poyida o'sgan
Qarag'ay o'rmonida
Oy kumush shu'lalar taratgan kecha
Tun bo'yi tinmay
Sayradi kakku

***

Eski kvartalda
Ufqdagi shom bulutlariga
Qarab to'ymayman .
Kechki soat vaqtin xabarlab
Qo'ng'iroqlar jaranglar

***

Sajdagoxdan tushaman ,
Zinama - zina , oxista .
Va quyuqlashayotgan zulmatda
Butun vujudim bilan
Xis qilaman bu kuz , bu tunni . . .

***

Oqshom xasrati !
Qirmiz ko'mirlarga sochgin
Ozgina SAKE
Xushbo'y ko'katlarning xidiga
To'lib ketar o'shanda xonang .

***

Mudroq tog'lar
U yoqda tog'lar poyida esa
Mudraydi dengiz
Qirg'oq bo'ylab sayr qilaman
Baxor quvonchiga to'lib vujudim

***

Yarim kecha oydinda
Uyga qaytaman .
So'ng zinapoyada to'xtayman
Yengimdagi archa ignabarglarin
Qoqib tushirmoq uchun .

***

Bulutlar tarqadi
Men Asama cho'qqisidagi
So'qmoqlarda daydiyman
Vulqon mo'risi ustida
Bulut parchasiga o'xshagan tutun

***

Dengizga termuliman
Eshitaman qirg'oq kuylashin .
To'lqinlar gumbirlar
Gox ko'kka sapchib , goxida pastlab
Yuragimni to'ldirar g'amga

***

Derazani ochaman
Yuzlarimni silar quyoshning
Muloyim nuri .
Uzoq kutgan edim , nixoyat
Keldingmi , oltin kuz !

***

Dud burqsigan o'choq
Tutun xidi kelar
Kurujkadagi qaynoq suvdan
Tog'dagi qishki kulbada sovir
G'aribgina kechki ovqatim

***

Daraxt shoxlari aro
Porlaydi qishki quyosh ,
Yuzlarimga tegar
Uning nurlari
Yoritadi , lekin isitmas !

***

Men uzoqqa ketdim .
Va dengiz soxilida
Tunamoqchi bo'ldim
Endi yotgan edim yarim kechasi .
Quydi daxshatli jala.




Yosii Isamu .





Qumli qirg'oq .
Baliqchi qayig'iga o'tirib olib
Seni olaman qo'ynimdan -
Muxabbat xaqidagi qissa,
Sexrlanib qoldim sen bilan

***

To'lqin yugirib
Sholoplab qaytdi
Qumdagi men yozgan xatni o'chirib .
Kim o'chira olar , ayting kim ,
Motamzada Xatni yurakdan ?

***

O , naqadar orziqar yurak !
Qumtepa kechasi tushar yodimga .
Dengiz g'alayoni olisda
Chaykalarning g'amgin shovqini .
Pichirlab aytilgan sevgi izxori . . .

***

Naxotki shunchalar mayda ,
Arzimas xavotirlarim mening
Xayajon , tashvishlar
Naxotki men unutsam ularni .
Bir ikki qadax vinodan keyin

***

Oyoqlayotir
Yoshlik yana muvaqqat ishrat .
Endi ular bu xayotda
Xech qachon takrorlanmas
Kuchaymoqda kuzgi shamollar...

***

Xushbo'y tamaki xidi
Suzar xavoda
Daydiyman g'amgin
Qing'ir - qiyshiq jinko'chalarda .
' Gion ' xavosidan simirib yolg'iz . . .

***

Poytaxtda ayoz ,
Muzlab qolmadimikan Uchib ketayotib
Qo'ng'iroq jarangi
Asta valdirayman
Sovib qolgan soke ustida . . .

***

Bilganimda edi o'shal derazadan
Tumanli zulmatlar aro porlagan
Fonarning xira yog'dusi aro
Sukunatli tunda oynasini
Taqillatgan bo'lardim albat .

***

Xech kim kelmas
So'ppaygan yolg'iz qabrimni
Ziyorat qilmoqqa ko'zyoshi to'kib .
O'lganingdan keyin unutilishingni
O'ylamoq qayg'uli . . .

***

Eshitdim , Bokusiy tark etibdi
Bu telba dunyoni .
O , kuz bunchalar mayus,
Xattoki yurt ba yurt daydib yursamda ,
Xayto yeb - ichsamda , xuzurlansamda ! . .

***

Kamdan - kam odamga nasib qiladi
Totmoqlik namxush qayg'uni -
Lablar bilan xis qilmoq
Tinimsiz ichilgan sake ta'mini
Xayot va mamotning chegarasida . . .

***

Fevralь oyi ,
Eshitaman olis qaldiroqlarni
Baxorning birinchi aks - sadosin .
Qor yog'ayapti . Men Krab chig'anog'ida
Sake qaynatyapman , yolg'iz bir o'zim

***

Qayerda , qanday va qachon ,
Tark etarkinman bu dunyoni men
Men xayotim xaqida o'ylayman .
O'limim xaqida fikr qilaman
' Ino ' tekisligida , oydinda

***

Xasratli iztirob !
O'choqqa o't qalayman .
Va tun bo'yi o'ltirib
Xasratli o'yga cho'maman
Qizargan ko'mirlarni kovlab , ag'darib . . .

***

Sening fikringa qo'shilmagan
Odamlarni savalash shartmi .
Yaxshisi xivich olib
O'z - o'zingni savalab
Mamataloq qilgan yaxshiroq . . .

***

Xasratli qayg'ular !
Bugun yana o'choqdagi ko'mir cho'g'ida
Sake isitaman -
Kundan kun tobora qishga
Singib borayotir ' Nirao ' darasi . . .




Ito Satio .


Men yomg'irli tunda
' Pion ' gullarini sog'inib ketdim .
Va fonarimni olib
Tashqariga chiqdim yomg'irda daydib ,
' Pion ' larni ko'rib kelmoqlik uchun .

***

Zulmat quyuqlashdi
Men derazani yopmay
Jinchiroq yoqdim .
Qarasam , chiroq yog'dusida darcha ortida
Tovlanib turardi ' Pion ' gullari . . .

***

Ko'rayapman - tosh ustin yopib ,
Va daraxtning poyini qoplab ,
Go'yo birgalashib , yig'ilib ,
Xamkorlikda chirpiramoqqa
Xozirlanar bargi xazonlar . . .

***

Yeru osmon
Tong otguncha uyquga ketar
Zulmat quyuqlashar
Va bepoyon dengiz ustidan
Ko'tarilar qip - qizargan oy . . .





Simaki Akaxiko .



***

Gullayotgan o'tloqlar aro
O't - o'lanli so'qmoqdan yurib
Keldim olis bug'doyzorga
Va dedim o'zimga o'zim ' Jim - jitlik ! '
O'rdak g'aqilladi menga javoban . . .

***

Yarim kecha
Quyuqlashgan tumanlar aro
Sizar yog'dular -
Va sirg'algan oy shu'lasida
G'ira - shira jilvalanar suv . . .

***

O'rmon sayxonligidagi
Sichqonli o'tloqlarda
O'ltirdim uzoq
Tog'li o'lka bilan xayirlashyapman .
Qayg'uli va og'ir bu yurak uchun

***

Xira yorishmoqda tong ,
Iliq ko'l suvlarin bug'latib .
Va tumanlar navbat ba navbat
Suzib kelar
Ko'l ustin qoplab . . .

***

Chiroq shu'lasiga talpinganicha
Tungi parvonalar aylanar uchib ,
Uyda , men bilan yonma - yon ,
Bolalarim uxlar
Eski - tuskilarga o'ranib , qotib . . .

***

Yomg'ir tindi .
Shundan bo'lsa kerak ,
Xavo muzdek ,
Guruch qog'ozining qirg'oqlarida ,
Yonib tugayotir botish shu'lasi . . .

***

Tungi ko'chalar ,
So'ngan kullar qurumi bosgan
O'choq mo'risining qirg'oqlarini
Qirov bilan bezaydi
Izg'irin ayoz . . .

***

Uzoqlardan ,
Tun qa'ridan eshitilar
To'lqinlarning bo'g'iq shovqini .
Daraxtlar soyasi cho'zilib yotgan
Oydinda raqs tushar dexqonlar

***

Yozayapman , yozayapman ,
Qorong'i tushsada
Xatto chiroqni yoqish uchun ham
O'rnimdan turgim kelmas
Yolg'iz qarshilayman oqshomni shunday . . .

***

Dalalarda erib ketdi qor,
Qo'ng'ir tuproq yalong'ochlandi .
Va osilib turar yer uzra
Botayotgan quyosh lappagi
Ko'rinishi kichik va sovuq . . .




Nagatsuka Takasi .


***

Dala ortidagi zovurda
Boshlarini chiqarib suvdan
Baqalar kuylaydi .
Siyrak o'rmonda esa
Kalinalar gullabdi oppoq .

***

Uy oldidagi bog'da
Salqin tumanlar
Tongi g'ira - shirada
' Badьyan ' shoxlaridan to'kilgan
Xazonlarni supuraman jim .

***

Loviya palaklari
Yig'ishtirib olingan.
Kuzgi daladagi
To'rsaygan kulrang tikanlar aro
Chigirtkalar chirillar g'amgin . . .

***

O ,Kameliya guli ,
Muzlab sovqotding ,
Sovuq shamolda
Senga xech kim achinib boqmas .
O'xshash bizning taqdirlarimiz . . .

***

Bugun tunda jarangdor
Ovoz bilan kuylar chirildoq .
Qayerdadir , shu yaqin atrofda -
Balki , misol uchun , oshxonada , yoki
Sabzovot solingan to'rvada kuylar . . .


Koidzumi Tikasi


***

Botayotgan kunning shu'lasi
Qirmizi yong'inday shomgi tog'larda .
Bambuklarning qoraygan
Soyalari esa aks etar
Qog'oz devorda . . .

***

Yomg'ir tindi .
Botayotgan quyosh bo'zarar
Bug' ko'tarilib
Suza boshlar , xovuz ustida
Gullaydi noklar . . .

***

Qo'shnilar meni
Bug'li xammomida cho'milishga
Taklif qilishdi .
Qaytayotib osmonga boqdim .
Uchqunladi qor . . .

***

Qadrdon do'stimni
Ziyorat qilgani bordim
Romashka gullari
Juda erta ochilibdi
Chetan devorli , bog'larda .

***

Fonarni o'chirib
Boraman tong saxar chog'i .
Va ko'raman olisda
Oppoq tumanlar
Yumalanib suzar yer uzra . . .




Syaku Tyoku.




***

Bo'm - bo'sh yo'l .
Quyiladi atrofga jimlik
Qichishadi burun katagim
Yoqilgan gulxanning achchiq dudidan .
Choy qaynatyapman . . .

***

Qalbda xotirjamlik !
Baxor bo'ronidan so'ng
Xamma narsa tinchlandi, mana ,
Eshitila boshladi ko'chada yana
Yog'och kovushlarning to'qillashlari . . .

***

Bulutlardan sizib o'tayotgan
Oyning xira yog'dusida
Toshayotgan daryo kechuvidagi
Sholipoyalar aro
Bo'qoq tortgan sholilar xidi . . .

***

Tog'dagi qishloq
Qor bosgan daraxtlar .
Jimlik , sokinlik .
Odam ham , it ham ko'rinmas
Qarg'alar yuribdi uylar oldida

***

Mana , yana qaytib keldim men ,
O'sha tog'lardagi pastak kulbamga
Oshxonada yangrar
G'aroyib qo'shiq .
Bu yangi hamxonam - qora chirildoq . . .
Xoldor Vulqon tarjimasi.






XAYKULAR:






***


Baland qoyadagi daraxtga yana
Ilinib qolibdi
Mening varragim . . .


Kobayasi ISSA .

* * *

Ajoyib varrak ko'tarildi
Kambag'alning tomi ustidan
Ko'm - ko'k osmonga . . .


Kobayasi ISSA .

***

Oyning birinchi kuni , mening ushoqdek
Varragim boshqa varraklar bilan
Qo'shilib likillar Edo* ustida . . .


---------------------------------------
(* Edo- Tokioning eski nomi.)




Kobayasi ISSA .


* * *

Sel toshqini .
Oh , qanchalar to'lib oqmoqda ,
Qal'a atrofidagi zovurlar !


Masaoka SIKI .

* * *

Bahor seli .
Okeanga quyilmoqda
Bo'tana suvlar . . .


Yosa BUSON .

* * *

Suv toshqini
Mushuk tushib ketdi oqimga
Sakrab o'tolmadi bechora .


XORO

* * *

Bahor shamoli .
Yutoqib - yutoqib suv ichar sichqon
Sumida daryosidan . . .


Kobayasi ISSA .

* * *

Qayiq ustida varaqlari
Tosh bilan bostirilgan kitob
Bahor shamollari esar . . .


KITO .

* * *

Bahor shamoli .
Turnalar oqarib xurpayar ,
Qarag'aylar orasida . . .


RAYDZON .

* * *

Xuddi odamlarday daydib yuribdi ,
Kaptarlar , chumchuqlar
Baliq ovi mavsumida .


Kobayasi ISSA .

* * *

Baliq ovi mavsumida
Qisqichbaqa ishonqiramay
O'lchab yurar qumda oyoq izlarin . . .


ROFU

* * *

Gullagan sakuralar ichra
Fudziyama yuksalmish ko'kka -
Yaponiyada bahor !


SYoU

* * *

Uzoqdagi fudzi tog'larin
To'sib qo'ydi yashil to'nila
Yoshgina yaproq .


Yosa BUSON .

* * *

Sholi ekish mavsumi .
Ox qancha qayg'u , qancha tashvishlar
Quyilgan - a bu qo'shiqlarga !


Kobayasi ISSA .

* * *

Dexqon uxlar tog' etagida .
Ketmonchaga boshini qo'yib
To'rg'ay sayramoqda havoda .


Kobayasi ISSA .

* * *

Sholipoya chopgani chiqdim .
Qush ham sayrab qo'ymas aqalli
Tog' yonbag'rida . . .


Yosa BUSON .

* * *

Men bu yerni ag'dargunimcha
Ketib qopti dala osmonida
Suzib yurgan bir parcha bulut . . .


Yosa BUSON .

* * *

Oqshom tutunlari .
Nog'oralar zirillar gulxan tomonda
Chalinadi quloqqa qo'shiq . . .


RYoTA .

* * *

Kun uzoq cho'zilar
Ko'prikka qo'nganicha turar tustovuq
Ketmaydi uchib . . .


Yosa BUSON .

* * *

Kun uzundan uzoq ,
Olisdan elas - elas eshitiladi ,
Objuvozning horg'in g'ijiri . . .


YaXA .

* * *

Uzoqda uchmoqda bir gala o'rdak ,
Men ketmonchamni chayqayman .
' G'aq ' etadi nimadir suvda . . .


Yosa BUSON .

***

O'tloq uzra tutun cho'zilgan
Vaysashmoqda bir narsalar deb
Ikkita biya . . .


Kobayasi ISSA .

* * *

Eh sen bulbul !
Loy oyog'ingni arttayapsanmi ,
Olxo'ri gullariga . . .


Kobayasi ISSA .

* * *

Bulbul sayrayapti
Har zamonda tashlab qahrli nazar
Mening kulbamga . . .


Kobayasi ISSA .

* * *

Bulbul sayramoqda
Gox uyonga , gox buyonga o'girilib
Gullagan novdada . . .


Yosa BUSON .

* * *

Bulutlarga sho'ng'ib
Va ularla uchib shamolga
Qaldirg'ochlar kelar bahorda .


DAKOTsU .

* * *

Dexqon ishlayotgan
Orol ustida ham
To'rg'ay qo'shig'i . . .


Kobayasi ISSA .

* * *

Yashil javdarizor .
To'rg'ay ko'tarildi dala ustiga
So'ng yana pastladi . . .


ONITsURA .

* * *

Narsalarni yoruqqa qo'yib ,
Kuzataman soyalar tug'ilishini
Kuzgi choshgoxda . . .


KYoSI .

* * *

Tong yorishar
Qo'ng'iroqlar ovozi
Tumanlarga belanar .


Mantsuo BASYo .

* * *

Fudzi tog'i ,
Kuzgi osmonni teshib
Ko'tarilar yuksakka .


ONITsURA .

* * *

Kuz kechasi
O'raladi no'noq yo'lovchi
Yupqa ko'ylakka . . .


Kobayasi ISSA .

* * *

Taralmoqda ' o - o - o - ou ! '
Mungli chorlov aks - sadosi
Tun qo'ynida daydiydi bug'u . . .


Matsuo BASYo .

* * *

Kuzgi tog'da ibodatxona .
Ayvonda turgancha tingladim ma'yus
Bug'u chorlovin . . .


Kobayasi ISSA .

* * *

Bug'u ovozi
Olisga jaranglab singadi
Ma'yus va ma'yus


Matsuo BASYo .

* * *

Tungi sovuq .
Menga juldur to'nin qarzga beradi
Daladaga qo'riqchi . . .


Matsuo BASYo .

* * *

Izg'irin ,
Uzoqlarda kasal turnani
Ko'rayapman men . . .


Yosa BUSON .

* * *

Po'sht - po'sht , chirildoq
Xozir yonboshimga ag'darilaman -
Qani , jo'nab qol - chi bu yerdan !


Kobayasi ISSA .

* * *

O'choq boshidagi kovakka
Chirildoq kirib olgan
Tungi sovuq . . .


Yosa BUSON .

* * *

Kuz kelmoqda
Bu xaqda xabar olib ,
Uchib keldi qizil ninachi .


SIRAO .

* * *

Zog'cha tutib oldim
Uning ko'zlariga qarab bildimki ,
Kuz kelayotir .


DAKOTsU .

* * *

Ilgaklangan eshik -
Hovli sahnasida
O'ynar xazonrez . . .


TEYGA .

* * *

It xurmoqda
Ajratib qurigan xazon shitirin
Xovlida bo'ron . . .


Sisey - DZYo .

* * *

Oyoq ostidan chiqqach
Chiroyliroq bo'lib qoldi u -
Bujmaygan yaproq.


KYoSI .

* * *

Nok archayapman , oqmoqda ,
Xushbo'y ,shirin tomchilar
Pichoq bo'ylab yugirib . . .


Masaoka SIKI .

* * *

Oppoq xrizantema -
Mana qarshisida to'xtab qaychi ham
Qotib qoldi bir daqiqaga .


Yosa BUSON .

* * *

Yangi bog' yaratdim
Nihoyat undagi toshlar namlandi
Birinchi qish yomg'iri . . .


SYaDO .

* * *

Birinchi qish yomg'iri
Maymun ham qarshilik qilmaydi
Kiydirsang chopon .


Matsuo BASYo .

* * *

Qanday qaysar odam !
Baliq tutar qish yomg'irida
Qosh qoraygan chog' . . .


Yosa BUSON .

* * *

Men shamolga qarshi yurayapman
Soyabonim ortga tortadi
Qishki yomg'irlar vaqti . . .


Sisey - DZYo .

* * *

Dexqon keng dalada
Menga yo'l ko'rsatdi
Yulingan sholg'om bilan . . .


Kobayasi ISSA .
* * *

Tashlandiq hovuzda
Bir poy qamish shippak
Ho'l qor yog'moqda . . .


Yosa BUSON .

* * *

Tovuqlar katakda uxlashayotir
Bu vaqt qor yana qalinroq
Qoplayotir dalalar ustin.


Kobayasi ISSA

* * *

Shamol qalpog'ini uchirib
Savalaydi sellar beayov
Qo'riqchi dalada . . .


XAGI - DZYo .

* * *

Oydin kecha -
Naqadar ayanchli , naqadar baxtsiz
Daladagi qo'riqchi . . .


Masaoka SIKI .

* * *

Daladagi qo'riqchi
Hatto Xizr bo'lib kelganida ham
Boshdan olmas yevroqalpog'in .


DANSUY .

* * *

Hoy , hovlida yana ne shovqin ?
Bu qo'riqchi , kuchli shamolda
Yerga qulab tushdi gursillab .


BONTYo .

* * *

G'oz , yovvoyi g'oz ,
Ayt necha yil uchding sarosar
O'rmonlar ortiga , dengiz ortiga ?. . .


Kobayasi ISSA .

* * *

Yovvoyi g'ozlarning galasi ,
G'og'olab pastladi yaydoq dalaga .
Kuchaymoqda tungi sovuqlar . . .


KYoROKU .

* * *

Qizilishton taqillatmoqda -
Kun botsa ham hamon tinmaydi
Hamon o'sha eski joyida . . .


Kobayasi ISSA .

* * *

O'choq boshidagi kovakda
Kuylar tamom o'zin unutib
Tanish chirildoq . . .


Matsuo BASYo .

* * *

Teshik soyabon -
Qishlov uchun qo'l keldi juda
Ko'rshapalaklarga !. . .


Yosa BUSON .

* * *

Sovuq tun
Jig'imga tegishchun qo'shnilar atay
Qozon taqirlatayotirmi ?


Yosa BUSON .

* * *

Sichqon chiqib borar
Ko'rpam yonidagi jinchiroq sari
Yog' ham muzlabdi . . .




Yosa BUSON .



 

x_15d42282 (604x453, 162Kb)