Поиск

 

Xoldor Vulqon

O'zbekiston Yozuvchilar uyushmasining a'zosi

 

 


Men bir paytlar, Zavqiyga o‘xshatma qilib:



Yer talashgan hey birodar, to‘kma inson qonini,

Sen ketarsan bu rovoqdan, yer axir, Olloniki.



deya yozgan edim.Darhaqiqat, shonli bobomiz Amir Temur imperiyasi tasarrufidagi xududlarda hozir boshqa xalqlar hayot kechirmoqda.

Shundan yetarli xulosa chiqarib, biz o‘zbekistonliklar irqchilikdan, millatchilikdan iloji boricha yiroq yurmog‘imiz, dunyodagi barcha xalqu elatlar bilan siyosiy garmoniyada, yani uyg‘unlikda, yagona oila farzandlariday tinch, ahil - inoq hayot kechirmog‘imiz kerak.

Negaki yer yuzida yashayotgan barcha insonlar Odam Atoning bolalaridir.

Bir ota - ona farzandlari, koinotdagi yakkayu yagona, "Insoniyat" deb atalgan oila a’zolarining yer talashib urishishi naqadar xunuk!

Qo‘ni qo‘shni davlatlar bilan o‘zaro ahillikda yashash g‘oyasi asosida O‘zbekiston Respublikasi prezidenti janob Mirziyoyevning bugungi olib borayotgan, murosa ustiga qurilgan siyosati juda to‘g‘ri siyosat.

Shu gapimni ham darrov maddoxlikka yo‘yuvchi, og‘ziga katta tog‘ni tiqib qo‘ysa ham, so‘rib - so'rib, kichraytirib yuborguvchi tuban kimsalar bo‘lsa, ulardan aslo xafa bo‘lmaymiz.

Chunki undaylar, hatto xafa bo‘lishga ham noloyiq.


(X.V.)


 



Ipi qo‘ldan chiqqan pufak kabi oy





Poyonsiz samolar saxrosida quyosh,
Dumalar yonayotgan shuvoq singari.
Dalalarga qo‘nar shom xasrati yuvosh,
Cho‘kar daryolarga oyning langari.

Chirildoq goh jo‘shib, gohida to‘xtab,
Chirillar, topolmay berkingani joy.
Ipi qo‘ldan chiqqan pufakka o‘xshab,
Osmonga ohista ko‘tarilar oy.


25/01/2020.
Erta bilan 9:51.
Kanada, Onterio.




Niyyat




Zulmatda chirildoq chirillagan on,
To‘lin oy porlasa paykalga qarab.
Yag‘ir do‘pping kiyib, yelkangda ketmon,
Dalalarda yursang yolg‘iz, suv tarab.

Sokin uvotlarda bo‘zraysa fonar,
Oqshom yulduzlarni birma bir yoqsa.
Og‘zini lang ochib oydin dalalar,
Oyning qo‘rg‘oniga ag‘rayib boqsa.

Suvlar jildirasa, pushtalar to‘lib,
Ko‘rshapalak uchsa shodon, ovozsiz.
O‘ltirsang porlagan oyga termulib.
Oddiy suvchi bo‘lsang, bo‘lsang savodsiz.

Shiypon tamondagi so‘rida yotsang,
G‘ir - g‘ir esaversa tungi shabada.
Uyg‘onsang to‘rg‘aylar chuldirayotgan,
O‘z ona yurtingda, tongi dalada.


7-avgust, 2010 yil.
Tungi soat 1 dan 56 daqiqa o‘tdi.
Toronto shahri, Kanada.




Xovuz





Olmos yulduzlarning g‘aznasi ochiq,
Oy - xovuz suvida hayru sadaqa.
Xovuzda nilufar g‘unchasi yopiq,
O‘ltirar zangori yaproqda baqa.

Yulduzlar baqadan qo‘rqadi yomon,
Olov sovuq suvdan qo‘rqqanday xuddi.
Tilini uzatib osmonlar tamon,
Baqa bir yulduzni yamlamay yutdi.

So‘ng yana birini, keyin boshqasin,
Yutaverdi olmos chivinday tutib.
To‘lin oy berkinib oldi, qisqasi,
Qo‘rqib, nafasini ichiga yutib.

Oy mag‘ribga juftak rostladi, qochdi,
Hademay tun o‘rnin egallar kunduz.
Xovuzda nilufar g‘unchasin ochdi.
Osmonda bitta ham qolmadi yulduz.


12 mart, 2014 yil.
Kunduz soat 2 dan 25 daqiqa o‘tdi.
Kanada.Brempton shahri.




Bahor sog‘inchi




Bahor kelar, tarqalar tuman,
Tarqaganday qayg‘uli tushlar.
Qaytib kelar bulutlar bilan,
Inlarini sog‘ingan qushlar.

O‘rik gullarini o‘par daydi yel,
Gullar boshin egar, uyalib.
Chittak nolasiga quloq tutar el,
Belkurakka o‘ychan suyanib.


01/02/2020.
Kech soat 6:57.
Kanada, Onterio.



G‘ozlar galasining bo‘m -bo‘sh chelagi




Xorg‘in kuz yomg‘iri yog‘ib, charchagan,
Yomg‘irda oynadek yuvilgan tuyg‘u.
Odamlar xayolchan qarar darchadan,
O‘ychan ko‘zlarida ismsiz qayg‘u.

Ko‘lmak kulgichida kumush xalqalar,
Pichirlar duogo‘y yomg‘irning labi.
Bir yupun majnuntol mahzun chayqalar,
Unsiz yig‘layotgan parizod kabi.

Oxir tamom bo‘ldi yomg‘ir ko‘z yoshi,
Tabiat yig‘idan to‘xtadi, tindi.
Gullarning yer qadar egildi boshi,
Borliqqa sukunat, halovat indi.

Xayolchan, tortinchoq bog‘lar bir yonda,
Marmarday yaltirar bog‘lar yo‘lagi.
G‘iyt - g‘iyt etar kuzgi g‘amgin osmonda,
G‘ozlar galasining bo‘m - bo‘sh chelagi.



9 iyul, 2011 yil.
Tungi soat 2 dan 36 daqiqa o‘tdi.
Toronto shahri, Kanada.

 


Kuzgi oynalarning unsiz ko‘z yoshi




Yomg‘irlarda yaltiraydi tosh,
Qarar o‘ychan tabiat romdan.
Yog‘ayotgan yomg‘irmas, ko‘z yosh,
Ko‘zlaringdan duvillab tomgan.

Sen ketasan soyabon qo‘lda,
Olislaysan misoli ro‘yo.
Daraxt aksi, ko‘lmakli yo‘lda,
Cho‘kib yotar ko‘zguga go‘yo.

Sensiz endi yurak qiynalar,
Erib borar izlaringda qum.
Sen ketasan, g‘amgin oynalar,
Odam kabi yig‘laydi yum - yum.



31 iyul, 2011 yil.
Kunduz soat 1 dan 29 minut o‘tdi.
Toronto shahri, Kanada.



Xazonlarga ko‘mildi yo‘llar




Lovullab yongancha kuzgi gulxanda,
Guvillar xayoli parishon bog‘lar.
O‘ychan kuz labida qaxrabo xanda,
Qag‘illab, jimlikni buzadi zog‘lar.

Bodi izg‘irinda yalong‘och, yupun,
Yalang novdalari qolsa ham qaqshab,
Oppoq choyshab ichra uxlamoq uchun,
Bog‘lar yechinarkan ayolga o‘xshab.

Daryoning labida qamishlar nayi,
Xazonga ko‘milar yo‘laklar, tomlar,
Ko‘cha fonusiga tirab manglayin,
Yig‘lasa mo‘riday qoraygan shomlar.

Olis o‘lkalardan kelganday qaytib,
Darchangdan to‘lin oy mo‘ralagan payt,
Adashgan yo‘lovchi singari daydib,
Goho tushlaringa kiramanmi, ayt?



13 avgust, 2011 yil.
Kunduz soat 3 dan 23 minut o‘tdi.
Toronto shahri, Kanada.




Yolg‘izlik




U stol ustida yotgan qog‘oz markaziga
qalam bilan nuqta qo‘yarkan, dedi:
- Bechora, qanchalar yolg‘iz u
qog‘ozning qor bosgan dalalarida!..
So‘ngra shosha pisha o‘chirgich bilan
o‘chirarkan nuqtani, o‘ziga o‘zi:
-Endi qorbo‘ronda ko‘rinmay ketdi -
dedi, qayg‘u bilan chuqur xo‘rsinib.
So‘ng deraza ortida bo‘ralab yog‘ayotgan
Tung laylakqorga termuldi uzoq.


05/02/2020.
Kech soat 5:55.
Kanada, Onterio.




Sukunat




Yolg‘iz kezinasan o‘tloq tomonda,
Ko‘rinmaydi kuzgi yo‘llarda birov.
Sigiring izlaysan kuzgi tumanda,
Qoshu kipriginga qo‘nadi qirov.

Bog‘lar sukunatga, xayolga botgan,
Yostiq qilib yotar jimlik kovushin.
Tinglash uchun asta uchib tushayotgan,
Yaproqlarning mungli tovushin.


11/02/2020.
Erta bilan soat 8:16.
Kanada, Onterio.




Zulmatlarda uchqunlaydi qor




Bu xazon, ko‘zlari ojiz oshiqning
Qo‘lidagi o‘qilmagan xat.
Kimsasizlik, sukunat balki,
So‘zsiz qo‘shig‘idir soqov hofizning.

Men bo‘lsam,
Kuzgi dalalarda, tungi zulmatda
Yolg‘iz uvlayotgan qora shamolman.

Sen pastak deraza yonida,
Qirovli gulzorda bulbulni kutib,
Muzlab qolgan atirgulmisan?

Chirpirab uchayotgan qor uchqunlarichi?
Yorug‘ oynalarga talpinayotgan
Son - sanoqsiz oppoq parvonalarmi?..

Aytgil, nima uchun, kimni sog‘inib,
Sochlari quvv oqardi qishning?



20 avgust, 2012 yil.
Kunduz soat 3 dan 20 minut o‘tdi.
Toronto shahri, Kanada.



Qaldirg‘och



Kuzda ketganingni sezmay qolamiz,
Ummonlar ustida uchasan oylab.
Xazonrez bog‘larda o‘yga tolamiz,
Olis o‘lkalardan qaytishing poylab.

Bo‘ronlar ham seni to‘solmas yo‘ldan,
Vujudingni tuman yamlamay yutar.
Uy olib Maslaxat yo Oltinko‘ldan,
Odamday bir joyda yashasang netar?

Har bahor xalloslab qaytib kelasan,
Qishlasangda Misr va yoki Chinda,
Chug‘ur chug‘ur sayrab, zavqqa to‘lasan,
Loylar marjonidan qurilgan inda.

Loyni iylarmishsan tumshug‘ing bilan,
Bu qanday guvalak, ayt, qanday usul?
Ko‘lmaklarda goho aytgancha o‘lan,
Cho‘milasan, vojib bo‘lganday g‘usl.

Bu yil yana izlab yashamoqqa joy,
Eshitdim, qaldirg‘och, kelibsan qaytib.
Yana in quribsan, tumshug‘ingda loy,
Bizni xasharga ham qo‘ymabsan aytib.


24 may, 2014 yil.
Tungi soat 1 dan 17 daqiqa o‘tdi.
Kanada.Brempton.


Seldan guvillaydi o‘tlog‘u dala



Sharros quyar ekan shovqinli jala,
Guldirak faryodi olamni tutar.
Seldan guvillagan o‘tlog‘u dala,
Sharshara ortida ko‘rinmay ketar.

Lek shadid talo to‘p ko‘p o‘tmay yana,
Taqa taq to‘xtarkan, tinib qolar sel.
Osuda sukunat qo‘ngan ko‘chaga,
Xayolchan termular darchalardan el.

Shalobbo bog‘larda shodumon qushlar,
Chug‘ur chug‘ur sayrab, quyosh charaqlar.
Ko‘chada osmonu falakdan tushgan,
Bus - butun bir ko‘zgu yotar yaraqlab.


23/02/2020.
Kunduz soat 10:27.
Kanada, Onterio.




Sog‘intirdi dala, sokin sukunat



Yetar daydiganim, qaytaman uyga,
Kechirgandir meni hokim hukumat.
Sog‘intirdi shamol kapalak quvgan,
Qadrdon dalalar, sokin sukunat.

Boshda yag‘ir do‘ppim, qo‘ltig‘imda qop,
Jo‘nayman o‘rilgan bug‘doyzor tomon.
Tig‘day yaraqlagan panshaxani ob,
El bilan dalada to‘playman somon.

Qaylardadir eshak xangraydi uzoq,
Maynalar qo‘nadi sigir shoxiga.
Keng dalada to‘xtab, tutaman quloq,
Uzoqdan hasratli kakku ohiga.

Qadrdon so‘qmoqni izlab topaman,
Menga bosh irg‘aydi o‘tloqda biya.
Hayratdan ochilgan og‘zim yopaman,
Ari-pari kirib ketmasin deya.

Yolg‘iz, "Cho‘chqaxona"* tomonda yursam,
Dil qushim qutilgan kabi tuzoqdan.
"Zilolmos"* tarafda xayqirib, xursand,
Poyezd gudok berar menga uzoqdan.



19/02/2020.
Erta bilan soat 7:51.
Kanada, Onterio.



*"Cho‘chqaxona" - Qoradaryo sohilidagi qadimiy cho‘chqaxona xarobasi.
* "Zilolmos" - Kuyganyordagi daryo ustiga qurilgan yashil rangli temir ko‘prik.Zeleniy most.




Tungi qo‘ng‘iroq



Yo‘lovchi turtinib borar ko‘chada,
Qorzarralar aro, ko‘zlab uyini.
Qaysidir darchada chiroq o‘chadi,
Chirpiraydi telba qorlar quyuni.

Qor hamon qiyalab yog‘adi tinmay,
Xaloyiq dong qotib uxlagan payti.
Zulmatlardan menga so‘ngi tramvay,
Qo‘ng‘iroq qiladi qayta va qayta.


24/02/2020.
Erta bilan soat 9:56.
Kanada, Onterio.



Landavur daraxtlar



Zulmatda laylakqor yog‘ar bo‘ralab,
Pichirlaydi darcha, alaxlar.
Oppoq qorlar kafaniga o‘ranib,
Menga bunday boqmang, daraxtlar.

Qaraysiz qor bosgan yo‘lga intizor,
Kafanday oqarar qor bosgan dala.
Yuraman, poyimda xurrak otar qor,
Qorbo‘ron uylarning oynasin yalar.

Yalang shoxingizda qirov yaraqlar,
Chiqmaydi kulbangiz tomidan tutun.
Ko‘mir bo‘lmasa ham, hech yo‘q, daraxtlar,
Nahot topolmaysiz ozgina o‘tin?..


29/02/2020.
Kunduz soat 12:20.
Kanada, Onterio.




Shom hasrati



Olis okeanlar ortida qolgan,
Uy eshigi balki turar ochilib.
Va g‘amgin shu’lalar to‘shalgan polda,
Kitoblarim yotar sochilib.

Pastak kulbalarda chiroq yoqarlar,
Dalalar osuda sukutga cho‘mar.
So‘ngra yum - yum yig‘lab iskabtoparlar,
Shom hasratin sohilga ko‘mar.

Yulg‘un o‘sgan baland jarlar uzra jim,
Sas - sadosiz asta ko‘tarilsa oy,
Yorishib ketadi mening lablarim,
La’lin lablaringa muhr bosgan joy.

Yodga tushsa nogoh daryoning labi,
Yolg‘iz u damlarni eslasang gohi,
Zulmatli bog‘larda chirildoq kabi,
Chirillar, oh chekib sevgi arvoxi.


9 aprel, 2011 yil.
Kunduz soat 3 dan 35 minut o‘tdi.
Toronto shahri, Kanada.



Kuzgi sukunat

(Jurnalist Shodiyor Sayfga)



Kuzgi chorbog‘larda yorildi anor,
Tindi botargoxda qushlar janjjali.
Alvon ufqlarning jaroxati qonar,
Ko‘kda turnalarning xanjari.

Chug‘urchiq galasi turnalar bilan,
Uchib ketdi ko‘zlar ilg‘amas joyga.
Otlar o‘tlayotgan o‘tloqni tuman,
Sehrgarday berkitdi qayga?

Shamol qari tovuq singari titib,
Xazon shopiradi, daraxtlar yupun.
Xo‘mraygan to‘nkani zimdan qo‘rqitib,
Men kuzgi jimlikda yoraman o‘tin.


14/02/2020.
Kech soat 7:34.
Kanada, Onterio.




Yo‘llar



O‘sha o‘sha yomg‘ir va o‘shanday yo‘l,
Qachonlardir birga ikkimiz yurgan.
Jilmayib, qo‘limga uzatganding qo‘l,
Ruhim zulmatlarin to‘ldirib nurga.

Ikkimiz yurganda negadir ko‘cha,
Tez tugab qoladi - deganding to‘xtab.
Tun bo‘yi daydiyman, chiroqlar o‘char,
Sensiz ko‘chalarning poyoni yo‘qday.


18/03/2020.
Kunduz soat 10:28.
Kanada, Onterio.



Tumanli dalalar



Borliqqa hukmron kuzgi sukunat,
Tumanda daraxtlar ko‘rinar arang.
Paxta talab qilmay qo‘ydi hukumat,
Jimgina uyquni urmoqda dala.

Paxsa devorlarga yopilgan tappi,
Qish beg‘am qaydadir qayraydi qilich.
Quyuq tuman bosgan dalada kampir,
Echkisin izlaydi, qo‘lida xivich.



17/03/2020.
Erta bilan soat 9:31.
Kanada, Onterio.




Ko‘klam chaqinlari



Kumushdek yaraqlar kulbalar tomi,
Sukunatga cho‘mgan o‘tlog‘u dala.
Shivirlar bahorning yomg‘irli shomi,
Ohista, hech kimga bermasdan halal.

Yomg‘irli zulmatda uzoq yaqinlar,
Xayolga botganday charog‘on kunsiz,
Chaqnar uzoqlarda g‘amgin chaqinlar,
Osmon bilan yerni payvandlab unsiz.


16/03/2020.
Erta bilan soat 8:43.
Kanada, Onterio.



Shu’lalardan qamashadi ko‘z



Yulduzlar bosirqab, qaygadir uchar,
Oydin yo‘laklarga to‘shaladi bo‘z.
Odam ko‘rinmaydi bo‘m bo‘sh ko‘chada,
Shu’lalardan qamashadi ko‘z.

Oydinda soyalar misoli ro‘yo,
Qaylardadir ko‘ppak akillar gohi.
Shulaafshon oyga tegib turar go‘yo,
Gullayotgan o‘rikning shoxi.


13/03/2020.
Erta bilan soat 9:16.
Kanada, Onterio.




Qorlar shitirlashin tinglamoq uchun



Ruhing yorishadi, shuuringda mung,
Uylar mo‘risidan o‘rlaydi tutun.
Borliq sukut saqlar, qorzarralarning,
Mahzun shitirlashin tinglamoq uchun.


12/03/2020.
Kunduz soat 11:09.
Kanada, Onterio.




Van Gog



Qosh - kipriging, sochu soqoling malla,
Ko‘zlaring kirtaygan, yuzlaring chuvak.
Bint bilan o‘ralgan uchburchak kalla,
Yupqa lablaringda qimtilgan sumak.

Shtrixmi yo to‘zg‘ir kartinangda yung?
O‘qrayib qaraysan, qovog‘ing uyib.
Ranglar to‘zonida jilvalanar mung,
Ufqlarning etagi bormoqda kuyib.

U yoqda o‘t o‘lan dengizi bormish,
Hali tushmaganmish bug‘doyga o‘roq.
O telba musavvir, devona, darvesh,
Makoni yolg‘izlik, jandasi firoq.

Yulduzlar talaydi ko‘kni beomon,
Olis kulbalarda chiroq yoqarlar.
Umidvor boqadi mag‘ribga hamon,
Chetan devor osha kungaboqarlar.


07/03/2020.
Erta bilan soat 8:36.
Kanada, Onterio.

 

 

 

 



Qaldirg‘och



Kuzda ketganingni sezmay qolar el,
Hattoki ortingdan yursa ham poylab.
Ko‘kda qanotlaring ivitsada sel,
Ummonlar ustidan uchasan oylab.

Bo‘ronlar ham seni to‘solmas yo‘ldan,
Goho seni quyuq tumanlar yutar.
Uy olib Maslaxat yo Oltinko‘ldan,
Odamday bir joyda yashasang netar?

Har bahor xalloslab qaytib kelasan,
Qishlasangda Misr va yoki Chinda,
Chug‘ur chug‘ur sayrab, zavqqa to‘lasan,
Loylar marjonidan qurilgan inda.

Loyni iylarmishsan tumshug‘ing bilan,
Bu qanday guvalak, ayt, qanday usul?
Ko‘lmaklarda goho aytgancha o‘lan,
Cho‘milasan, vojib bo‘lganday g‘usl.

Bu yil yana izlab yashamoqqa joy,
Eshitdim, qaldirg‘och, kelibsan qaytib.
Yana in quribsan, tumshug‘ingda loy,
Bizni xasharga ham qo‘ymabsan aytib.



24 may, 2014 yil.
Tungi soat 1 dan 17 daqiqa o‘tdi.
Kanada.Brempton.





Robinzon



Makonim shu, kimsasiz orol,
Kemalarning yo‘liga boqdim.
Qo‘lda qalam daxshatli qurol,
She’rim qalab, gulxanlar yoqdim.

Sohilda suv yig‘lar chamasi,
Ummonlarni keladi kechgim.
Shovqin solar to‘ti galasi,
Hayqiraman, eshitmas hech kim.

Yulduzli tun bayroqmi qaro?
Oy ham undan ketmaydi nari.
Uxlar havo ummoni aro,
Kosmosdagi orol - Yer shari.



19 iyun, 2010 yil. Kunduz soat 2 dan 44 daqiqa o‘tdi.
Toronto shahri, Kanada.





Xovuz



Yulduzli osmonning g‘aznasi ochiq,
Oy xovuz suvida hayru sadaqa.
Xovuzda ko‘zagul g‘unchasi yopiq,
O‘ltirar zangori yaproqda baqa.

Yulduzlar baqadan qo‘rqadi yomon,
Olov sovuq suvdan qo‘rqqanday xuddi.
Tilini uzatib osmonlar tamon,
Baqa bir yulduzni yamlamay yutdi.

So‘ng yana birini, keyin boshqasin,
Yutaverdi olmos chivinday tutib.
To‘lin oy berkinib oldi, qisqasi,
Qo‘rqib, nafasini ichiga yutib.

Oy mag‘ribga juftak rostladi, qochdi,
Hademay tun o‘rnin egallar kunduz.
Xovuzda nilufar g‘unchasin ochdi.
Osmonda bitta ham qolmadi yulduz.


12 mart, 2014 yil.
Kunduz soat 2 dan 25 daqiqa o‘tdi.
Kanada.Brempton shahri.





Xushtak



Darchadan qorlarga qarayman hamon,
Qutb qashqirimas, izg‘irin uvlar.
Qordan qanot yasab ucharkan shamol,
Oppoq uchqunlarning ortidan quvlar.

Qoruchqunlar uchar zulmatda o‘qday,
Oynalarni cho‘qir ustiga ustak.
Zulmatda chinqirgan poyezdga o‘xshab,
Oshxonada choynak chaladi xushtak.



08/02/2020.
Erta bilan soat 8:38.
Kanada, Onterio.




Zulmat



Qor uchqunlarining telba galasi,
Sovuq darchalarga urar o‘zini.
Qorko‘rpa ostida dexqon dalasi,
Dong qotgancha uxlar cho‘zilib.

Guvillaydi qorli kimsasiz ko‘cha,
Quyun zulmatlarda shopiradi qor.
Xorg‘in darchalarda chiroqlar o‘char,
Tun - qordan yorishgan afsonaviy g‘or.

Oqarar yo‘llarning oppoq qog‘ozi,
Mudrayotgan shahar charchab, xorigan.
Eshitilar daydi ko‘ppak ovozi,
Tubsiz zulmatlarning qa’ridan.


08/02/2020.
Erta bilan soat 7:52.
Kanada, Onterio.




Bog‘lar yarim yalong‘och, yupun



Kuzning o‘ychan shamoli izg‘ir,
Hazin xoru xazonlar ohi.
Shamollarda chalar sibizg‘a,
Daraxtlarning yalong‘och shoxi.

Dala qo‘riqchisi kiyingan yupun,
Yoriladi kuzgi bog‘lar anori.
G‘amgin havolarda suzadi tutun,
Qishga tutashadi kuzning davomi.

Shamol esa yurar timirskalanib,
O‘t o‘lanni qayriydi to‘xtab.
Galadoshin burga bitlarin,
Izlayotgan maymunga o‘xshab.



07/02/3020.
Kunduz soat 12:31.
Kanada, Onterio.





Qordan yorishadi ruhing dalasi



Tizza bo‘yi qorga botgan dov -daraxt,
Kimsasiz dala -dasht ortida uylar.
Cho‘kirtak chayqalib, ichganday araq,
Shamolda yolg‘izlik qo‘shig‘in kuylar.

Oydindek oqarar yiroq yiroqlar,
Qarayman, muzlagan oynani artib.
Qorbo‘ronda porlar mayus chiroqlar,
Qor uchquni to‘zg‘ir betartib.

Qor to‘xtamay yog‘ar paxtadek xo‘ppak,
Sarjinda o‘tinlar yotar qalashib.
Erinib xuradi zulmatda ko‘ppak,
Qordan yorishadi ruhing dalasi.



14/02/2020.
Erta bilan 9:43.
Kanada, Onterio.





Ozodlik



Ochib yubordilar qafas darchasin,
Osmonu falakka havolandi qush.
Uchdi u, unitib barcha - barchasin,
Bilolmay, ko‘rgani o‘ngmi yoki tush.

Uchar qanotlari ketguday titilib,
Parlarini shamol tortqilab yular.
Qafas, ozod bo‘lib, qushdan qutilib,
Og‘zini lang ochgancha kular.


15/02/2020.
Erta bilan soat 8:34.
Kanada, Onterio.





Xiyobon



Yo piray, sen buni qayerdan bilding?
Ha, bargi xazonlar chirpirab uchar.
Tabiat hademay, erta yo indin,
Bo‘lmasaydi qishning qahriga duchor.

Bog‘da bargi xazon uchadi pastlab,
Novdadan uzilib tushgani ozday.
Daftar ham xurpayib, qanotin rostlab,
Uchib ketmasa bas janubga g‘ozday.


16/02/2020.
Kunduz soat 2:32.
Kanada, Onterio.




Savod



Shovullaydi shamol shashtida o‘rmon,
Yolg‘iz uchib yurar daydi kapalak.
Osmon bulutlardan ko‘tarar xirmon,
Uzoqda qorayar kulba, kapalar.

Dov daraxt ichganday sukunat mayin,
O‘rgimchak xilvatda belanchak to‘qir.
Novdasiga qo‘ngan kapalakni qayin,
Muqaddas kitobday avaylab o‘qir.


08/02/2020.
Erta bilan soat 9:29.
Kanada, Onterio.




G‘arib chiroqlar



Osmonda yulduzlar yotar charaqlab,
Shahar jim, xaloyiq ketganday ko‘chib.
Oydinda o‘z soyasiga o‘zi daraxtlar,
Havotirli qaraydi, cho‘chib.

Yulduzlar jimirlar ko‘zyosh singari,
Zulmatning tim qora kipriklarida.
Suvga termuladi mayus va g‘arib,
Chiroqlar daryoning ko‘priklaridan.


09/02/2020.
Kech soat 5:30.
Kanada, Onterio.




Toptalgan gulxan



Bulut lavasiga cho‘karkan quyosh,
Kun ham yonib bitar, qorayar samo.
Charchagan ko‘ppakday tin olar, yuvosh,
Tilin sakillatib yugirgan shamol,

Darchalarning olmos chirog‘i porlar,
Zirillar chirildoq chirillagan joy.
Yo‘llarga soyasin to‘shaydi tollar,
Jim, sassiz, sadosiz suzib yurar oy.

Beminnat, musaffo, shifobaxsh havo,
Baqalar qurillar uzoqda sho‘x -shan.
Miltillagan cheksiz yulduzli samo,
Toptab o‘chirilgan gulxanga o‘xshar.


09/02/2020.
Erta bilan soat 9:20.
Kanada, Onterio.




Qushlar zanjiri



O‘t - o‘lan qoqilib kuzgi yellarga,
To‘xtovsiz chopadi, kezib dalani.
Jo‘nar, surnay chalib, olis ellarga,
Turnalar guruxin sozandalari.

Bangidek erinchoq tumanlar kezar,
To‘zg‘ir momaqaymoqlar to‘zoni.
Sen o‘tguvchi yo‘lu yo‘laklarni bezar,
Dov daraxtning o‘ychan xazoni.

G‘arib bir yetimlik borday havoda,
Lovullagan ufqning sovir tandiri.
Xasratlarga to‘la cheksiz samoda,
Chuvalanar qushlar zanjiri.


08/02/2020.
Kunduz soat 3:05.
Kanada, Onterio.




Quvg‘in



Chopar, boshqa yumushi yo‘qday,
Qizigan shar ustida inson.
Shar oyog‘in kuydirar cho‘g‘day,
Yugirishdan to‘xtasa, tinsa.

Oyoqyalang chopar u chidab,
Lovullaydi to‘piq - tovoni.
Kuygan go‘shtning qo‘lansa xidi,
Butkul tutib ketgan havoni.

Bug‘lanadi ichilgan suvlar,
Sahro, cho‘lu biyobon jimdir.
Chopayotgan odamni quvlar,
Qo‘lda chalg‘i tutgancha kimdir.


09/02/2020.
Kunduz soat 1:39.
Kanada, Onterio.




Sukunat



Yolg‘iz kezinasan o‘tloq tomonda,
Ko‘rinmaydi kuzgi yo‘llarda birov.
Sigiring izlaysan kuzgi tumanda,
Qoshu kipriginga qo‘nadi qirov.

Bog‘lar sukunatga, xayolga botgan,
Yostiq qilib yotar jimlik kovushin.
Tinglash uchun asta uchib tushayotgan,
Yaproqlarning mungli tovushin.


11/02/2020.
Erta bilan soat 8:16.
Kanada, Onterio.




Poyezd



Gohida o‘rmalar, goh uchar qushday,
Chinqirar zulmatda telbaga o‘xshab.
Uzoq uzoqlarda chaladi xushtak,
Pishqiradi xorg‘in, qaydadir to‘xtab.

Mana ellik yilki, misoli haykal,
Qaqqayib turibman perronda hamon.
Hamon ketib borar bir pari paykar,
Ko‘zida jiqqa yosh, mangulik tamon.


12/02/2020.
Kunduz soat 1:38.
Kanada, Onterio.



Oy porlagan oqshomlar
(Latibjon Kenjayevga)



Bog‘larda chirildoq chirillagan tun,
G‘amnok bo‘zaradi ayvon chirog‘i.
Parvonalar esa charx urar beun,
Tom ustida porlar oyning o‘rog‘i.

Jovdiraydi olis yulduzlar ko‘zi,
Oy, "gax!" desang go‘yo qo‘ngudek qo‘lga.
Paxsa devor osha, bo‘ynini cho‘zib,
Teraklar do‘stimday qaraydi yo‘lga.


12/02/2020.
Kunduz soat 11:16.
Kanada, Onterio.



Suv tiniq, baliqlar biltanglab suzar



Daryo to‘lqinlari qumloqni yalar,
Sohillarda boshoq chiqargan sholi.
Shitirlab, shivirlab, yomg‘ir savalar,
Shamolda shovullar qamishlar yoli.

Delta suvi oppoq ko‘zagullarga to‘la,
Suv tiniq, baliqlar biltanglab suzar.
Xo‘rakni talashib, suv ostida ular,
Bir birining kayfiyatini buzar.

Yomg‘irli sohildan kelmaydi ketgim,
Ilinsada baliq qarmoqqa minglab.
Boqaman suvdagi xalqalarga jim,
Shivirlagan yomg‘ir ohini tinglab.

Yomg‘ir savalagan sohillar so‘lim,
Ko‘zlarim - bahoriy daryo o‘zani.
Suv olgani kelsang sohilga, gulim,
Ko‘zlarimga botir ko‘zani.


12/02/2020.
Erta bilan soat 8:25.
Kanada, Onterio.




Hijron



Izg‘irin darchalar oynasin yalar,
Qor bosgan yo‘llarning yo‘qday poyoni.
Qorchivinlar ko‘cha chirog‘in talar,
Tegmasa ham uning elga ziyoni.

Darichang ortida yog‘ar laylakqor,
Xushtak chalar ayoz qo‘lida chalg‘i.
Yostig‘ing yakkamas, bola chaqang bor,
Lek hamon dunyoda yashaysan yolg‘iz.

Tortganicha oyu yillar tanobin,
O‘tarkan shuncha yoz, bahoru qishlar.
Sen hamon ichasan ko‘z yosh sharobin,
Tunlar gazakiga yostig‘ing tishlab.


13/02/2020.
Erta bilan soat 9:48.
Kanada, Onterio.




Dov - daraxt soyasi to‘shalgan yo‘lak


Quduqning bo‘g‘ziga o‘zini osdi,
Yolg‘izlangan zanjirband chelak.
Osmon yuzin yulduz sepkili bosdi,
Oyning shulasiga belandi yo‘lak.

Dov - daraxt soyasi to‘shalgan ko‘cha,
Topolmaydi oydan berkingani joy.
Zulmatda yulduzlar uchquni uchar,
Chelakdagi suvda jilpanglaydi oy.


22/02/2020.
Kunduz soat 1:54.
Kanada, Onterio.




To‘zg‘oq


Ko‘cha fonusini chaqib, talayotgan,
Qorchivinlar uchar mo‘ri malaxdek.
Bo‘ronda mast alast garmon chalayotgan,
Sozandaga o‘xshar daraxtlar.

Dalalar suprasi oqarib yotar,
Xaloyiq charchagan, to‘ymaydi uxlab.
Shamol ko‘cha ko‘yda beg‘am, bexatar,
Tomdagi qorlarni to‘zg‘itar puflab.

Daraxtlar bir birin yurar axtarib,
Qo‘zg‘olganday go‘yo borliqda maxshar.
Xayoli parishon ko‘cha fonuslari,
Mahzun to‘zg‘iyotgan to‘zg‘oqqa o‘xshar.



04/03/2020.
Erta bilan soat 9:43.
Kanada, Onterio.




Hayrat



U yolg‘iz suzadi yog‘och qayiqda,
Bir maromda g‘amgin eshkaklar eshib.
Ochilar nilufar, hech kimdan xayiqmay,
Suvning shaffof ko‘zgusini teshib.

U suzar ko‘zagullar ochilgan joyga,
Mast alast chayqalar sohillarda suv.
Boqib daryo uzra porlayotgan oyga,
Hayratdan angrayib qotib qoldi u.

Sukunatni buzar itlar akillab,
Sohil osmon bilan borar qovushib.
Eshitilar hatto, eshkaklardan chakillab,
Tomayotgan suvning tovushi.


18/02/2020.
Erta bilan soat 8:14.
Kanada, Onterio.



Chinqiriq



Dalalarni jimgina yoritardi oy,
O poyezd telbadek ko‘tarma faryod!
Buzma sukunatning oromini, hoy,
Chekkan kabi afyun va taryok.

Yulduzlar qandilin titratdi, qara,
Sokin sukunatni buzdi tovushing.
Qudumingdan titrar o‘tlog‘u dala,
Po‘latdan yasalgan ekan kovushing...

Hayriyat, ovozing tindi tong sahar,
O‘chirib osmonning rangi qutini.
Uzoqda uyg‘ondi, burqsitib shahar,
Zavod fabrikalar tutunin.


17/02/2020.
Kunduz soat 1:34.
Kanada, Onterio.




Qorli kecha va yorug‘ niyyat



Oppoq qorzarralar uchquni sokin,
Qo‘nsa kipriginga, sochinga yuzlab.
Desang - nahot, sovuq bulutlar hokim,
Osmondan yulduzlar tushmoqda muzlab?

Qor to‘xtamay yog‘sa, yog‘sa bo‘ralab,
Daydisak el - ulus yotganda uxlab.
Pinjimga suqilsang,paltoga o‘ranib,
Sovqotgan qo‘llaring isitsam kuxlab.

Soyamiz tutashsa, uchqunlar tinmay,
To‘zg‘isa, chirpirab tushsa elanib.
Uzoq suhbatlashsak, ketgimiz kelmay,
Fonus yorug‘ida qorga belanib.



20 oktyabr, 2014 yil.
Kech soat 5 dan 39 daqiqa o‘tdi.
Kanada.Brempton.



Olis - olislarda yongan chiroqlar



Yoritib kimsasiz jim jit dalani,
Oy asta ilohiy nurlarin elar.
To‘zg‘ir giloslarning gulpallalari,
Oydin yo‘laklarda sayr etging kelar.

Bug‘doyzor ustida oyning o‘rog‘i,
Yulduzlar samoni talaydi bitday.
Osmon ishtonida bulut yamog‘i,
Shamol daydib yurar bog‘larda itday.

Qop qora ko‘zoynak taqqan ajnabiy,
Zulmat kezib yurar daryo yoqalab.
Uzoqda tirillab traktor kabi,
Kuylaydi jo‘r bo‘lib mudroq baqalar.

Ko‘zgu kabi shaffof suvda bexatar,
Nilufar g‘unchasin ochish uchun shay.
Son sanoqsiz yulduz charaqlab yotar,
Vatanimning olmos chiroqlariday.


05/03/2020.
Erta bilan soat 9:00.
Kanada, Onterio.



Kuzgi sukunat
(Jurnalist Shodiyor Sayfga)




Kuzgi chorbog‘larda yorildi anor,
Tindi botargoxda qushlar janjjali.
Alvon ufqlarning jaroxati qonar,
Ko‘kda turnalarning xanjari.

Chug‘urchiq galasi turnalar bilan,
Uchib ketdi ko‘zlar ilg‘amas joyga.
Otlar o‘tlayotgan o‘tloqni tuman,
Sehrgarday berkitdi qayga?

Shamol qari tovuq singari titib,
Xazon shopiradi, daraxtlar yupun.
Xo‘mraygan to‘nkani zimdan qo‘rqitib,
Men kuzgi jimlikda yoraman o‘tin.




14/02/2020.
Kech soat 7:34.
Kanada, Onterio.




Yurt sog‘inchi



Bir soat ichida dunyo qaridi,
Yosh turib sochlaring oqardi yanvar.
Jilmayar hotirot tumanlarida,
Lablari atirgul, sochlari anbar.

Bobur vatangado, Furqatlar daydi,
Navoiy chet elda, qalqiydi ashkim.
Kimlardir Vatanni sevaman deydi,
Undaylarga mening keladi rashkim.

Daraxtlar yugirar tepaliklarda,
Oppoq uchqunlarni to‘zg‘itganda yel.
Bahor keldi, muzni yorib chiq! - deya,
Yana boychechakni aldaydi aprel.

Men endi mushtlashib qovoqxonada,
Aroqqa cho‘kmayman hasratga to‘lsam.
Qaniydi Vatanda, qorli dalada,
Gulxanga termulib jimgina o‘lsam.

Daydi shoir o‘ldi - deya odamlar,
Ko‘mishsa, ustimdan tortishsa tuproq.
Xonanga qamalib, yolg‘iz u damlar,
Sen o‘zing yig‘laysan hammadan ko‘proq.


1 dekabr, 2012 yil.
Kunduz soat 2 dan 12 minut o‘tdi.
Kembridj shahri, Kanada.




Tasodifiy uchrashuv



Shamol, seni tanidim, ishon,
Bu sen, o‘sha dalada esgan.
G‘ir -g‘ir esib, ul otashfishon,
Jazirama taftini kesgan.

Hamqishloqlar omonmi, shamol,
Sog‘indimi el meni rostdan?
Yomon ko‘rma, olmagin malol,
Senga dardim aylasam doston.

Shaldirarmi daryo kechuvi,
Biz qo‘y, sigir haydab o‘tgan joy?
Yaltirarmi daryoning suvi,
Qo‘rg‘onlasa sukunatda oy?

Cho‘chqaxona haliyam bormi?
Shovullarmi teraklar hamon?
Yolg‘izoyoq so‘qmoq eltarmi,
Odamlarni sohilga tamon?

Balki bulutlarning tubida,
Oy siynasi qolar ochilib.
Shaffof sholipoya suvida,
Ming -ming yulduz yotar sochilib...

Kechir, yo‘ldan qo‘ydim nahorda,
Vulqon edim, uyga sig‘madim.
Ummon orti, olis shaharda,
Shamol, seni tanib, yig‘ladim.



25 aprel, 2014 yil.
Kunduz soat 5 dan 0 daqiqa o‘tdi.
Kanada.Brempton.




G‘ozlar galasining bo‘m -bo‘sh chelagi



Yog‘ar kuz yomg‘iri maydalab, ezib,
Yomg‘irda yuvilgan oynaday tuyg‘u.
Hiyobonda yolg‘iz yurarman kezib,
Ko‘lmaklar ko‘zida ismsiz qayg‘u.

Suv yuzida g‘amgin kumush xalqalar,
Shivirlar qamishli sohillar labi.
Bir yupun majnuntol yolg‘iz chayqalar,
Unsiz yig‘layotgan parizod kabi.

Oxir tamom bo‘ldi yomg‘ir ko‘z yoshi,
Tabiat yig‘idan to‘xtadi, tindi.
Yomg‘irda yuvildi sohillar toshi,
Borliqqa musaffo halovat indi.

Tortinchoq yalong‘och bog‘lar bir yonda,
Oynadek yaltirar bog‘lar yo‘lagi.
G‘iyt - g‘iyt etar kuzgi g‘amgin osmonda,
G‘ozlar galasining bo‘m - bo‘sh chelagi.



9 iyul, 2011 yil.
Tungi soat 2 dan 36 daqiqa o‘tdi.
Toronto shahri, Kanada.





Pion



Ko‘cha fonusi o‘z plafonining yerda sinib yotgan parchalariga parishon termulganicha mahzun xayollarga g‘arq. Xuddi oppoq gulpallalari to‘kilgan pion guliday.


24/01/2020.
Kunduz soat 1:23.
Kanada, Onterio.




Tungi laylakqor



Yo‘qdir qorzarralar sanog‘i, soni,
Qish zulmat qa’rida shopiradi qor.
Yoridan ayrilgan odamday fonus,
O‘ychan termuladi yo‘lga intizor.

Ayvonda ag‘rayib yotar kovushlar,
Za’faron darchalar to‘shaydi somon.
Zulmatlar qa’rida goho, xovuchlab,
Darchalarga guruch sochadi shamol.

Qorli yo‘lga boqib, xayoling og‘ar,
Oqarar osuda dala, qir - qiya.
Qor asta shivirlab, jimgina yog‘ar,
Xaloyiq uyg‘onib ketmasin deya.



23/01/2020.
Kunduz soat 4:32.
Kanada, Onterio.




Zulmatlarda uchqunlaydi qor



Bu xazon, ko‘zlari ojiz oshiqning
Qo‘lidagi o‘qilmagan xat.
Kimsasizlik, sukunat balki,
So‘zsiz qo‘shig‘idir soqov hofizning.

Men bo‘lsam,
Kuzgi dalalarda, tungi zulmatda
Yolg‘iz uvlayotgan qora shamolman.

Sen pastak deraza yonida,
Qirovli gulzorda bulbulni kutib,
Muzlab qolgan atirgulmisan?

Chirpirab uchayotgan qor uchqunlarichi?
Yorug‘ oynalarga talpinayotgan
Son - sanoqsiz oppoq parvonalarmi?..

Aytgil, nima uchun, kimni sog‘inib,
Sochlari quvv oqardi qishning?





20 avgust, 2012 yil.
Kunduz soat 3 dan 20 minut o‘tdi.
Toronto shahri, Kanada.




Muzlagan daryo



Qishning sochi qorday oqargan,
Birinchi qor, kimgadir so‘ngi.
Odam qorga o‘ychan boqarkan,
Bilolmas, bu tushmi yo o‘ngi.

Muzlab qolgan daryodagi suv,
Oppoq jimlik, misoli ro‘yo.
Oqchorloqlar ko‘tarar qiy - chuv,
Eri urayotgan xotinday go‘yo.



31/01/2020.
Erta bilan soat 9:20.
Kanada, Onterio.




Yolg‘izlik



U stol ustida yotgan qog‘oz markaziga
qalam bilan nuqta qo‘yarkan, dedi:
- Bechora, qanchalar yolg‘iz u
qog‘ozning qor bosgan dalalarida!..
So‘ngra shosha pisha o‘chirgich bilan
o‘chirarkan nuqtani, o‘ziga o‘zi:
-Endi qorbo‘ronda ko‘rinmay ketdi -
dedi, qayg‘u bilan chuqur xo‘rsinib.
So‘ng deraza ortida bo‘ralab yog‘ayotgan
tungi laylakqorga termuldi uzoq.



05/02/2020.
Kech soat 5:55.
Kanada, Onterio.




Yomg‘irli shahar



Shahar yomg‘irlardan ancha yoshardi,
Avtobus qayiqday yuribdi suzib.
Xaloyiqqa ko‘lmak suvin sochadi,
Hammani kuldirib, ichagin uzib.

Chiqar, old eshikka o‘zini urar,
Va orqa tamondan tushadi avom.
Avtobus odamday tirjayib kular,
So‘ng yana yo‘lida etadi davom.



09/02/2020.
Kech soat 7:37.
Kanada, Onterio.




Hayratul abror



Yo‘llarga poyondoz to‘shayotir oy,
Bir o‘zim daydiyman oydinda yayov.
Yulduzlar burgadek ko‘kni hoynahoy,
Uxlagani qo‘ymay, chaqar beayov.

Kimsasiz dala -dasht berar aks - sado,
Daryolar ortida ko‘ppaklar xursa.
Faqat jim kuzatar dunyoni Xudo,
U ovozsiz urar, mobodo ursa.

Xuddi tushda alaxsiraganday, oqib,
Bir narsalar deya valdiraydi soy.
O‘tloqda ochilgan moychechaklarga boqib,
Angraygancha yana tildan qoldi oy.



03/02/2020.
Kunduz soat 4:04.
Kanada, Onterio.



Jirafa bilan suhbat



Jirafa, lallayib yurguncha buytib,
Uzun bo‘yning cho‘zib, qarachi,
Ko‘rinarmi mening serquyosh yurtim,
Sohillarga tutash paxta dalasi?

Ko‘kqarg‘a, qaldirg‘och o‘yib, in qurgan,
Ilma teshik jarlar, misoli pishloq.
Daydi kapalaklar tentirab yurgan,
Soya salqin tolzor, qadrdon qishloq.

Shamol shovullagan qamishli sohil,
Uzoqda gulxanlar yotgandir tutab?
Tinglab kakkularning hasratli ohin,
Dexqonlar yurgandir sholisin o‘tab?

Qalin yog‘ochgardish ko‘zoynak taqqan,
Yo‘l qarab, mung‘aygan pastakkina uy.
Ko‘zyosh kabi toshib, limillab oqqan,
Daryo, bamisoli ohanrabo kuy.

Suvlar ko‘zgusini sindirib, butlab,
Chorloqlar chiyillab uchardi har tong.
Qirg‘oqda sigirlar yurardi o‘tlab,
Ko‘rinmayaptimi?
Attang...



23/02/2020.
Kech soat 5:59.
Kanada, Onterio.




Maxshar



Boylikdan batamom qutildi daraxt,
Tashlab og‘ir tilla xazonlar yukin.
Va g‘amgin kimsasiz yo‘llarga qarab,
Xayollarga botdi, saqlay deb sukut.

Chorbog‘larda daydib yurarkan shamol,
Qurigan o‘t - o‘lan boshini silar.
Hazonga yonboshlab, beg‘am, bemalol,
Mayxo‘rday dong qotib uxlaging kelar.

Achchiq tutun xidi suzar havoda,
Bog‘larda o‘t -o‘lan qovjirab qaqshar.
Sahroday kimsasiz so‘yi samoda,
Qushlar qo‘zg‘aloni, faryodi maxshar.



04/02/2020.
Kunduz soat 11:04.
Kanada, Onterio.




Kakkuqushning ini



Bir odam qo‘lida uzun tayoq bilan,
Kakkuqush iniga termulganicha uzoq
kutib turdi uning indan chiqishin.
Va nihoyat kulrang kakkuqush indan
boshin chiqargancha: - kakku! kakku! -deya
o‘zini unitib sayray boshladi.
Kutib turgan odam qulochkashlab turib,
qo‘lidagi tayoq bilan bir turtgan edi,
kakkuqush gilamga top etib tushdi.



22/02/2020.
Kech soat 5:53.
Kanada, Onterio.




Qaraysan, chelaging tushib qo‘lingdan



Qushlar uchar issiq o‘lkalar tomon,
Hademay dalalar halovat topar.
Moylanmagan temir dorvozani shamol,
Goh qiyalab ochar, gohida yopar.

G‘amgin xo‘rsinishdan endi ne foyda,
Kuzdan ko‘ra senga bahor yoqardi.
Sevgining ikkimiz uchrashgan joyda,
Kuzgi qoqio‘tday sochi oqardi.

Osuda tumanli tiyramox tongi,
Kuzgi cho‘kirtaklar sog‘u so‘lingda.
Turnalar faryodi to‘la osmonga,
Qaraysan, chelaging tushib qo‘lingdan.



19/02/2020.
Kunduz soat 5:22.
Kanada, Onterio.


 

Yulduzli osmon



Gulxan lovullaydi, zulmatli dala,
Uchqunlar chirsillab, uchar havoga.
Yonarqurt singari tovlangancha alar,
Osmonu falakka bo‘lar ravona.

Yonar g‘o‘zapoya, shabba, xoru xas,
Yolg‘izlik, sukunat, oydin halovat.
Nazarimda go‘yo yulduzlarga emas,
Alvon uchqunlarga to‘ldi samolar.



01/02/2020.
Erta bilan soat 9:38.
Kanada, Onterio.




Qishki chivinlarning oppoq galasi



Ko‘cha fonuslarin talaydi, to‘zg‘ib,
Oppoq chivinlarning telba galasi.
Qalin qorko‘rpalar ostida mizg‘ir,
Zulmatda oqargan fermer dalasi.

Muz ostida mudrab yotibdi anhor,
Kumush zanjir, kishan kabi shaldirab.
Mayli hayallasin, kechiksin bahor,
O‘kirmasin telba momaqaldiroq.

Mayli uxlayversin, uyquni ursin,
Qirovli chorbog‘lar, qor bosgan dala.
Ko‘cha fonuslarin uxlatmasin bir zum,
Qorzarra galasi chivin kabi talab.



11/02/2020.
Kunduz soat 2:02.
Kanada, Onterio.