Abduvali Qutbiddin.

 

Hayol  kechasi

 

Toshkent “Yozuvchi” nashriyoti 1994

* * *


Quyosh, yurting qayda, so‘ragan edim,
Tong-la nuringga dil o‘ragan edim,
Men ham sen bor yerga boraman dedim,
Ammo osmoningga ko‘ymading, quyosh,
Biror bor boshimga tekkizmading bosh.

Muyishib, mungrayib ishlagan edim,
Men ham ko‘p toshlarni tishlagan edim,
Qahring shomlarida qishlagan edim,
Hayron yoshligpmni ho‘ngratding, quyosh,
Biror bor boshimga tekkizmading bosh.

Urfu rusumingdan boshlagan edim,
Eski do‘koningni xushlagan edim,
Duru marjoningni ushlagan edim,
Oqibat manglayim mushtladim, quyosh,
Biror bor boshimga tekkizmading bosh.

Tilimni kundaga ko‘ygil, chop dedim,
Keyin dil uyiga borib yot dedim,
O‘g‘lim u, o‘zim u, asta yoq dedim,
Kulu to‘zonidan mahv bo‘lgin, quyosh,
Biror bor boshimga tekkizmading bosh.

Men odam edim-ku, men odam edim,
Loydan-da yo‘g‘rilgan matodan edim,
Iblisga aldangan atodan edim,
Ey quyosh, men seni sevaman, quyosh,
Biror bor boshimga tekkizmading bosh.

 

 

 

 

 

 

* * *


Ko‘zingni tiqma, bu mening boshpanam,
Poygakdan mo‘ltayma, aslo qo‘ymayman,
Yurak deb atalgan qizil oftobadan
O‘zim qon ichgayman, senga quymayman.

Barmog‘ing niqtama, mening peshonam
Xati tirnog‘ing-la yozilmagandir.
Men bilan Xudoning o‘rtasida g‘am
Arig‘lari sen-la qazilmagandir.

Yuzing burishtirma, mening bu yuzim,
Bosganman goh kishan, goh tikanlarga.
Ichgan bo‘lsam ichdim, hayrat qimizin,
Ezildim ezilib ezilganlardan.

Meniki bu g‘avg‘o, kerakmas dallol,
Daftarim varaqlab o‘qiy olmaysan.
Agarki, borlig‘im yirtsalar, alhol,
Menga boshqa borliq to‘qiy olmaysan.

Yo‘lu yo‘rig‘ingga yurmasman zinhor.
Eshit, faryod chiqar o‘pgan toshimdan,
Iloyo, boshingni teshmasin do‘l-qor,
Iloyo, yorilma yegan oshingdan.

* * *


Ko‘zimdan o‘pib qo‘y, Osima!
Senga olma bergum mag‘z-mag‘zi oltin.
Tishlasang, tishlaring hammasi tilla,
Lablaring yolqin...

Xohlasang beraman sehrgar kaklik,
Sayrasa bo‘g‘zidan tushadi guhar,
Uning bir qanoti atirgul, biri
Nilufar.

Istasang zumurrad tarog‘im senga,
Sochingni tarasang yarmisi zumrad.
Silasang qo‘lingu barmog‘ing bo‘lgay
Lojuvard.

...Eshikni yop deysan,
Sovuq-ku axir.
Boshim og‘riyapti, boshim.

Uh, tortib oynadan g‘ijirlar sovuq,
Ayoz ishqab o‘tar eshikka betin.
Ququlab yuborar hovlida tovuq,

Daraxtdan uzilib
Tushadi — olma —
Oltinnn,
Ol-tinnn,
Doo-o-dey...

XIYLA


Xiyla kech tushibdi sevaylik desak,
O‘g‘ri oralabdi bog‘u ravona.
Chinniday ro‘yodan eshitdik — cho‘pchak,
Xiyla begonamiz, bilsak, jahona.

Keksayib ketibdi tunlar biz uchun,
Taqsa yarqiramas eski taqinchoq.
Xiyla bekorlarga yashayman mahzun,
Xiyla ovunchimga sen bir o‘yinchoq.

Xiyla makrlaring sehrli emas,
Balo ham urmaydi na a‘juz-ma‘juz,
Hiyla nayranglarim yo‘ldan ozdirmas,
Xiyla soching emas sening chanqovuz.

Xiyla kech tushibdi sevaylik desak,
Bizga olako‘zroq xiyla zamona.
Xiyla sen ham bir oz qahrli ermak,
Xiyla men ham bir oz chala devona.

* * *


Taxayul tunida seni esladim,
Kaftingda baxt qushi, yelkangda kaftar.
Poyingda tiz cho‘kib mo‘ltirar ma‘yus
Kiyiklar.

Boshingda gulbargak, qarog‘ingda oy,
Sevdim, dedim seni, manglayi yalpiz,
Qo‘y dedi, etaging tishlab yotgan toy —
Ona qiz bu,
Ona qiz.

Qaldiroq burgutday yerga tashlandi,
Oyog‘imdan tortdi, bog‘ladi yo‘lga.
Yo‘l chopdi,
Juda ko‘p chopdi.
Tashladi malaklar cho‘milgan ko‘lga.
Sev, sev, sevv!

Tepamdan baqirib o‘tdi qaldiroq,
Ustimdan qichqirib o‘tdi shamollar.
Yonimga keldilar
Go‘zal, yalang‘och —
Sev meni, deguncha
Sohibjamollar.

Ko‘zimga mil tortdim, seni esladim,
Kaftingda baxt qushi, yelkangda kaftar.
Osmon markaziga botayotirsan,
Osmon markaziga botar
Kiyiklar.

* * *


Ninachi qanotin hijob qilsaydi,
Qil-ko‘prik yo‘l topib bera bilsaydi,
G‘am cheksak, Binafsha ovuntirsaydi,
To‘l-g‘o-na, to‘l-g‘o-na
Jon
Berar edik.

Seni men ko‘zimga solib tursaydim,
Faqat yosh oqqanda aksing ko‘rsaydim,
Yurakka xat yozib senga bersaydim,
To‘l-g‘o-na, to‘l-g‘o-na
Jon
Berar edik.

Qaldirg‘och ikkimiz olib ketsaydi,
Dunyodan-da yiroq yerga eltsaydi,
So‘ng sevib o‘lmoqdin saboq o‘tsaydi,
To‘l-g‘o-na, to‘l-g‘o-na
Jon
Berar edik.

Yo semurg‘ bizlarni bola qilsaydi,
Muhabbat nahrida cho‘miltirsaydi,
Ikkimiz bir lahza birlashtirsaydi,
To‘l-g‘o-na, to‘l-g‘o-na
Jon
Berar edik.

* * *


Ne deyin, sahroda dardkashim sarob,
Sir aytarim saksovul, ne deyin.
Kundan-kun ahvolim xarobdan-xarob,
Ichdim g‘am mayin.

Voyladim, bir ohu yaqin kelmadi,
Qumga urdim yuzim, u mendan bezor,
Biror it meni Qays deb bilmadi,
Tanu jon ozor...

Ko‘p kezdim, ko‘rmadim birorta karvon,
Bilmadim qayonda mag‘ribu mashriq.
Mashaqat sohibi, arkonim armon,
Amirim qashqir...

Hukmi ravonimga bo‘ysunmas taqdir,
Endi yo‘l birgina ruhlar ko‘shkiga.
Tinch komga men qanday tushaman, axir,
Ishqiga to‘ymadim.
Ishqiga.

* * *


Charx, o‘tkir qilib qo‘y boltangni,
Chug‘urchuq, yigirgin sim, arqon,
Yuzini o‘girdi
Axir yor —
Chiqsang — chiq,
Ketsang — ket, endi, jon.

Xazoning to‘pla, ko‘m meni, bog‘,
Teringni kafan et, ey ilon,
Yuzini o‘girdi
Axir yor —
Chiqsang — chiq,
Ketsang — ket, endi, jon.

Daryo, sen muruvvat qil bir bor,
Yo‘linga qo‘shib ol laxta qon.
Yuzini o‘girdi
Axir yor —
Chiqsang — chiq,
Ketsang — ket, endi, jon.

Kecha, o‘g‘irlikka chiqqil, kel,
Boshimni sindirgin, uz, armon.
Yuzini o‘girdi
Axir yor —
Chiqsang — chiq,
Ketsang — ket, endi, jon.

Laxcha sep, tongginam, to‘yayin.
Yurakda qolmasin pushaymon.
Yuzini o‘girdi
Axir yor —
Chiqsang — chiq,
Ketsang — ket, endi, jon.

* * *


Baliqning tishi-la tilimni tildim,
Yuragim urchuqday uch aylantirdim.
Ko‘zimni qiynadim,
Qiynog‘im qiziq...
Yayradim.

Indamay ruhimga ergashib oldim,
Devona xayolim g‘ilmon sanadim.
Tuf dedim botqoqqa,
Guliston qildim...
Yayradim.

Qaldirg‘och loysuvoq qilgan ochunda
Sevgim yo‘llariga zor-zor qaradim,
Yoshlarim yal-yali
Taraldi tunda...
Yayradim.

Majnuntol darchasin ochdi, kiritdi,
Yuz bitta qizidan birin tanladim.
Xivich qasrlarda
Barglandim biram...
Yayradim.

Dunyoni tark etdim, hur safar etdim,
Yorimla tuyqusu bexabar ketdim.
O‘n besh kun to‘y berdim
Dorulbaqoda...
Yayradim,
Yayradim,
Yayradimaaa!

* * *


Qaydadir tun siyoh kokilin eshar,
Tog‘larda ezadi harir ko‘ksini.
Qaydadir jayronlar o‘ynab yurishar,
Faqat men yashayman
O‘ksinib.

Qaydadir minora qanot qoqadi,
His etib tanida shamol jismini.
Zarafshon qaygadir loyqa oqadi,
Faqat men yashayman
O‘ksinib.

Qaydadir tulporlar fazoga yetar
Tomosha qilgani tovus raqsini.
Qaqnuslar olovlar qo‘ynida yotar,
Faqat men yashayman
O‘ksinib.

Qaydadir sayhonda o‘tlar qovushar,
Qaydadir yo‘qotar oftob ko‘zini.
Qaydadir nam tortib unar tovushlar,
Faqat men yashayman
O‘ksinib.

Qaydadir kapalak shafaqni ko‘rar,
Nurlanib sezadi baxtning isini.
Qaydadir bir sanam meni deb yashar,
Faqat men yashayman
O‘ksinib.

* * *


Istardim,
Falakning qabog‘i bo‘lsa
Va qaboq ichida bo‘lsa chimildiq.
Atrofim sabuhiy mushklarga to‘lsa,
Ham sen kutsang meni
Dilintiq.

Istardim,
Yulduzlar chirog‘im bo‘lsa,
Zulmat kechalarin kechsam adog‘in.
Bir ajab, sehrli chorbog‘im bo‘lsa
Va sen yolg‘iz bo‘lsang,
Azobim.

Istardim,
Ko‘nglimni uloqtirsamu
Bu yovuz olamga...
Yurak ustiga
Seni o‘ltirgizsam,
Termilsam, termilsammmm...
Istardim...

Va lekin oyog‘im botgan,
Hayot bo‘g‘ib qo‘ygan giribonimdan.
Bu yog‘i yoshim ham o‘ttizga ketgan,
Bu yog‘i umid yo‘q toshday jonimdan
Istardim...

* * *


Tongdan yulib keldim, seni, Osima!
Quyoshdan taxt so‘rab, shamoldan tulpor.
Tilab, so‘rab topgan ganjim, xazinam,,
Sen — chobuksuvor!

Shamshod daraxtiga ildim halinchak,
Soldim unga turfa gullar qiqirin.
Qizg‘aldoq bargidan qilibman yo‘rgak,
Uxla, kapalak.

Boychechak og‘zidan simirdik boda,
Yalpizga tillarni oldik tegizib,
Daraxtning uchida yonar shaboda,
Chalib sibiziq.

Yuzingni anorday qizartirdi kuy,
Ko‘zim — yoqtu, oqdi, chulg‘anib chak-chak.
Yuraging gupillab, o‘ynab, tinmadi,
Taka-tak, taka-tak...

Tongdan yulib keldim, seni, Osima,
Bu she‘rim xayoldir, bu she‘rim yolg‘on.
[Garchand tegramizda shataloq otar,
oq-oppoq jayron]
Tongdan...

HOFIZGA


Sohibdilim — diloro,
Ayyit, to‘xtasin karvon.
Nay puflagan quyunning
Enasimi biyobon.

Sohibdilim — diloro,
Qayda u chashma giryon.
Jilg‘a bo‘lgan ko‘nglimni
Quritib bo‘ldi mijgon.

Sohibdilim — diloro,
Ko‘zim mening qulfmidur?
Ochib nigohim chiqsa,
Chopgan qilich zulfmidur.

Sohibdilim — diloro,
Qaqnus gulxani qani.
Bor bo‘lsa yuzga surtay,
O‘tini yo kulini.

Sohibdilim — diloro,
Ko‘p riyozat chekdim-ku,
O‘zim ketdim. Yo‘lingga
Toqatimni ekdim-ku!

Sohibdilim — diloro,
Vasling sarobmi, ro‘yo.
Hofiz emasman, ishqda
Abduvaliman go‘yo...

Sohibdilim — diloro!

* * *


Assalom, ey ahli qush,
Boshim xayol, egnim tush.
Ko‘krak qafasim sarob,
Olar nafasim azob.

Assalom, ey ahli gul,
Boshim shamol, egnim yo‘l,
Og‘zim-tamog‘im to‘zon,
Chiqar nafasim xazon.

Assalom, ey ahli tun,
Bosh qurum, egnim qurum.
Hayot degani rido,
Har bir nafasim vido.

Assalom, ey assalom.

* * *


Payg‘omlar yo‘lladim, uyg‘on, hilolim,
Junun oqshomlari ochdi jamolin,
Poyalar bog‘ladim domingga sening,
Sen mening,
Sen mening,
Sen mening.

Tiyra giryonlarda otliq dard hokim,
Ki zulfi otashi ajdardir balkim.
Iig‘laydi do‘zaxiy olovdan ashki,
Sen mening,
Sen mening,
Sen mening.

Tam-tam malaksiymo chachvonin tashlar,
Yag‘mo shamlariga ibodat boshlar,
Rizvon olmasida lablaring sening,
Sen mening,
Sen mening,
Sen mening.

Nekbin manzillarda baxtlar sochilgan,
Qo‘limu qo‘lingga zanjir osilgan,
Bizdan nima qolar, vaqtlar ichilgan,
Sen mening,
Sen mening,
Sen mening.

* * *


Sendan ko‘rgan kunim, Osima,
Sendan neki topgan bo‘lsam, tasalli.
Bir qoshiq qonimdan kechgan gulxayri
O‘zingsan, jabrimga
Sabring masalliq.

G‘amzada shahrimda quyoshim o‘zing,
Ivirsib qoqilsam, sen ko‘targuvchim.
Qo‘ynimda avaylab yurgan yulduzim,
Osimam,
Holim bilguvchim.

Kechir, va‘da etdim afsona olam,
Hamda tun — osmoni parvarda osmon.
Men aytgan Xizirmi — shayxi mukarram”
Ayub chashmasiga
Eltmadi hamon.

Kechir, hammasiga ko‘ndim, yolg‘ondir,
Shoir Abduvali yashagan emas.
Yuragimda sharros qonmas, yovg‘ondir,
Odamman,
lekin devona emas.

Bugun yuragimda titroq o‘yg‘ongan,
Izg‘iydi jandaga o‘ranib kir-chir.
Zax urgan kunlarim o‘rtab to‘lg‘ongan,
Sen meni kechir,
kechir, kechir.

* * *


Dag‘i dovonlarga xanjar ko‘tarib
Dag‘i kokiliga dildor g‘arq etgan,
Dag‘i ishq sharobi jon jomi ichra,
Dag‘i hubob qonda, sho‘x azob qonda.

Marhamatlar yog‘gan oltin kechada
Laylatulqadrni ayladik mehmon.
Dag‘i mijgon ochib qo‘ygan darchadan
Badnafs qiynog‘in obkirdi hijron.

Dag‘i ayrolig‘ning ayrolig‘ida
Qayrilgan qoshingday dovonlar tushdi.
Dag‘i dovonlarga xanjar ko‘tarib
Bizni yomon ko‘rgan yomonlar tushdn.

Enasiz qulunday alanglab kun-tun,
Xatar jarlaridan izladik rukn,
Dag‘i tilmochlikka til urdi hazon.
Bir jumla tushundik, dag‘i, biz xazon”
Biz xazon...
Biz xazon...

NAJIB HOLAT ShE‘RI


Sumandan-da tasma bog‘lab belimg‘a,
Navvotni-da qo‘yib asta tilimga,
Senga aytay dedim, sevishimni men,
Ko‘roydin yelkamda kuyishimni men.

— Ey nodon, deding sen, barmog‘imda cho‘g‘,
Bir ishora yetur, ko‘tarmoqga tug‘,
Oyog‘imni quchib yig‘lag‘on maysa,
Tur desam turodir, otodir nayza.

Mohlaroyim dedim. Guloyim dedim,
Kechangda bosh uzra turoyin dedim.
Jigar-bag‘rim siqib bo‘loyin dedim,
Mavjingda mavjlanib o‘loyin dedim.

— Ey nodon, deding, sen izimda yotgan,
Masiqqan oshiqdir hajrimda qotgan,
Aytsam bas, sani-da, chaqqani-chaqqan,
Ut purkab jismingni yoqqani-yoqqan.

Roziman aytganing ko‘royin dedim,
Haqqim yaratgandin so‘royin dedim,
Mohlaroyim dedim, guloyim dedim,
Uzoq umr ko‘rgin, iloyim dedim.

— Ey bolam, deding sen, ey bolam, deding,
Qaddingni ko‘tardiig, osmon engashdi,
Bo‘yningga ming bir soch Quyosh tarmashdi,
Tun senga ergashdi, kunduz ergashdi.

— Ey bolam, haqqingni berarman deding.

* * *


Ikkimiz aylanib bir tomon bo‘lsak,
Sen dilgir dildoru men yomon bo‘lsam,
Boshi tugun zamon bir tomon bo‘lsa,
Daqiqa so‘rayman yorijon bo‘lsang.
Ikkimiz aylana bir tomon bo‘lsak.

Yo‘qsil tongotarda ol karvon o‘tsa,
Ul karvon qushlari taxtravon tutsa,
Ilashsak bu baxtga, ilkis mung tutsa,
Opichlab olgali go‘zal tun o‘tsa,
Yo‘qsil tongotarda ol karvon o‘tsa.

To Mashhar bazmiga yetgunga qadar,
Men shotut barglarin aylagum daftar”
Har yozgan she‘rimni oh, gulisafsar,
Senga o‘qib bersa biyrona, agar
To mashhar bazmiga yetgunga qadar.

Ne imkon, bir tomon yuz tomon bo‘ldi,
Orziqib-orziqib ko‘z tamom bo‘ldi,
Ayroliq gadodin shohjahon bo‘ldi,
Puturlar g‘aznamga g‘aznabon bo‘ldi,
Ne imkon, bir tomon yuz tomon bo‘ldi.

Parishon-parishon qadam tashlarman,
Buzilib-buzilib alam boshlarman,
Uzilib-uzilib sitam boshlarman,
“Shu ikki qo‘limni toshtarosh etdim,
Bus-butun umrimni men adosh etdim”.

Parishon-parishon qadam tashlarman.

HISSIY ShE‘R


Nim iliq yomg‘ir, momiq yer, yumshoq osmon,
Oy luqma,
Quyosh luqma.
Osiylar arvohi chirqillar, ber-ber,
Sevgilim, sen meni yeyishdan qo‘rqma!
Qo‘llarim — raqqosa,
Ko‘ksim — nag‘ora,
Yulduz oynak xolos, sayyora langar.
Tamoshalar aro bo‘ldim tamosha,
Sevgilim, ye meni, yeyolsang agar.
Shar-shar suv yobonga tushar qum bo‘lib,
G‘ar-g‘ar o‘t qutirar yosuman vahm.
Qulog‘imda simob,
Og‘zimda zaxob,
Sevgilim, yo meni qilolsang hazm.
Do‘stu yordan bezdim,
Raqibdan bezdim,
Alangadan bo‘kdim, og‘ritdi oydin.
Gul bilan o‘ynashib orttirdim bola,
O‘zimga o‘xshagan o‘ksigan, g‘amgin.
Etagim ushlagan, qo‘yvormas tortsam,
Ko‘zidan to‘kilar shirayu sharvat.
O‘tingum, sen meni yeyishdan oldin
Bolamga ona bo‘l, shafqat qil, shafqat!
Taxtakachda kesgil,
Qirg‘ichda qirg‘il,
G‘alvirda ezg‘ila, tinchisin ko‘ngil.
Iltijom, sen meni yeyishdan avval
Bolamga yuraging avaylab siqtir.
Qoningga bo‘yalib,
Gulzorda yotgil —
Gullar yegizsinlar eng totli burdam.
Yig‘la-yu, so‘ng meni kechirgin, kechir,
Tushun, bu o‘limga oxirgi choram.
Karagin, farzanding o‘zimday xuddi
Bolamning sochingday sochi tim qora.

* * *


O‘yma onlar imkonimdan qochib borar,
Titrak ohu jahonimdan qochib borar,
Tan hansirab jon-jonimdan qochib borar,
Tortay o‘zim oy yuzingdan pardalarni,
Bo‘zim qoldi, yutay so‘nggi zardalarni.

Yalinchakman kuzning injiq chaqmog‘iday,
Ykqilgayman ho‘ng-ho‘ng yig‘lab oyog‘ingga,
Cho‘g‘day yashnab so‘nishim bor dudog‘ingda,
Bo‘zim qoldi, tortay o‘zim pardalarni,
Oy yuzingdan sidiray men zardalarni.

Kurtakladim, g‘unchaladim gurkiradim,
Ahyon-ahyon had totinib guldiradim,
Menam qalbim labga olib chuldiradim,
Bo‘zim qoldi, tortay o‘zim pardalarni,
Senga boqib yutay so‘nggi zardalarni.

G‘ashlik paydo mehrparvar sutunida,
Nomusu nang, qasdu qasos budunida,
Yuz o‘girdim yalg‘on-yashiq kun-tuningdan,
Oy yuzingdan tortay o‘zim pardalarni,
Bo‘zim qoldi, yutay so‘nggi zardalarni.

Yolg‘izdirman zo‘r qayg‘uning butog‘ida,
Injilaman kuzning so‘nggi chaqmog‘iday,
Yiqilaman ho‘ng-ho‘ng yig‘lab oyog‘ingga,
Bo‘zim qoldi, tortay o‘zim pardalarni,
Oy yuzingdan sidiray men zardalarni.

QAYG‘U PIChOG‘I


I


Qirq kun chilla qurib o‘tirdim maftun.
Senga —
Kunday balqib kelguvchi bayot.
Bor-yo‘g‘imdan ajrab qolsam —
Bir yutum,
Sevgi ber ilohiy, janobi hayot.

Koshki tegsa edi nafu savobim.
Jodu makonlarda
Hiylam o‘tmadi.
Sen boshqa odamdan tug‘ma azobim,
Sen o‘zga odamni kutma, egachim.

O‘zim, yolg‘iz o‘zim senga sirdoshman,
Besh kunda besh marta
borganu qaytgan.
Sening siyshsharing g‘ijimlaganu
Jimgina qadimiy allalar aytgan.

Sen menga suklanib ko‘z urma, urma,
Devmasman,
Ko‘tarsam barcha yukingni.
Men yolg‘iz ichishga tayyorman, tayyor,
Telbalardan qolgan zahar yuqini.

Kirq kun chilla kurib o‘tirdim hayron,
Kishan nikohiga
Kiritmoq istar.
Sen rohat ko‘ribsan, men xonavayron,
Bo‘ynimga qadalgan kop-kora nishtar.

Koshki to‘ysang edi, men tugasaydim,
Ochofat kunlarning
Yo‘qdir adog‘i.
O‘sha, tashlab ketgan shuni bilsaydi.
Sen mening xotinim, qayg‘u pichog‘i.

II


Chirog‘i ingragan bevaday yum-yum
yig‘isan,
Qatori yuzimdan o‘tgan.
Cho‘lu biyobonda tevaday mungrab,
izingdan izlarim
izillab ketgan.

Yavshanday qirma-qir yurdim, yugurdim,
Soching shamolidan
Yiqildim dardmand.
Balkim sen suyangan daraxt uchidan
O‘rmalab-o‘rmalab kelguvchi qurtman.

Sen mangu ketguvchi,
Men mangu daydi,
Selday oqavergum qayroqlar urib.
Sen araz urguvchi,
Men esa g‘araz,
Kelgin, yarashaylik bir bora, hurim.

Chirog‘i, chirog‘i —
ingragan yum-yum,
yig‘iman, qatori
buzilib o‘tgan.
Qara bu xotinga, qorochug‘imga
Keskir badanidan to‘kayotir zang.

Urinishim zoye,
Umidim bekor,
Kayg‘u hujrasida qayg‘udan saboq.
Tag‘in men aldadim, yoki aldandim,
Konxo‘r tig‘laringni sevaman, pichoq.

QASIDA


Ey, hazratim Sulaymon,
Mushkulimni qil oson,
Naysonning loy-gilidan
Paydo qilib ber jahon.

Ki, unda pari paykar,
Bersin jannatdan xabar,
O‘tgan devonalardin
Olib kelsin mujdalar.

Ey, hazratim Sulaymon,
Dardima topgil darmon.
Chumolining tilidan,
Dilidan bergil makon.

Olib bir dona bug‘doy,
Tayin etgil rizqu joy.
O‘rtasidan kesgilu
Taqdim etgil yangi oy.

Qumri sayla, gulruhim,
Ravza ayla shukuhim,
Sayrog‘imdan sayrona,
Qo‘shiq to‘qiy g‘ayrona.

Abduvaliman, hay-hay,
Laqa-tam-tam, lay-lay,
Abduvaliman, hay-hay,
Laqa tam-tam, lay-lay.

* * *


Qip-qizil turnani kutdim o‘ttiz yil,
Yechay deb bo‘ynidan billur xalqani.
Otamga shifolar so‘rdim o‘ttiz yil,
Rahm qani?
Shafqat qani?

Ilohdan marhamat kutdim muntazir,
Suyangan tog‘imdan ayrildim, xolo.
Jarga qulab tushdi piri dastgirim,
Vovaylo,
Vovaylo.

Gulbutoq tobuti dedim o‘ttiz yil,
Aza ochdi qildim har bir bahorga.
Bulbuli go‘yolik qildim muttasil,
Hayot anhorday...

Some‘ turdim sidqu itoat bilan,
Parvo etmay bozor qiylu qoliga.
O‘ttiz yil qavmiga tortilib badan,
Arzu dod ayladi
Abduvalidan.

Inondim, bo‘g‘zimda shukur ming qatla,
Tufroq avrog‘iga men ham kerakman,
Shukurkim, o‘tarman qachondir hatlab,
Chippakdan chippakka,
chippakka...

* * *


Nechuk bu darddo — xayolimdan ketmas.
Uvalab, maydalab shamoildan ketmas,
Qurtday, qumursqaday yuradi, yuradi,
Ezg‘ilab o‘ldirsam, ishshayib turadi.

Nechuk bu darddo —kuchlarim chekinur,
Talvasa qoqinur, murodim o‘kinur,
Qizima, o‘g‘lima dunyoda dunyosiz
Ezildim, ezildim, topmayin tomchi nur.

Nechuk bu darddo — tushundim buncha tez,
Kezmaslik ma‘nisin boru kel bog‘in kez.
Angladim namakob to‘la bu kosani,
Beshigu belanchak, tobutu hassani.

Nechuk bu darddo — hayronolikdur,
G‘amga oshubu parvonalikdur,
Bag‘irni o‘pirmak, kemirmak, kemirmak,
Qon qaqshab sutingni o‘limga emirmak.

Nechuk bu darddo qutqargin, panohim,
Holimni bildirib uchdi-ku nigohim,
Mehringdan umidim, sehringdan umidim.
Ruhimning ko‘zini seni deb yummadim.

QO‘ShIQ


Sachrab kelgin olovim, suvday toshib o‘yin tush,
Ko‘zlarimdir tutatqi, titrab-titrab o‘yin tush.

Yer osmonga barobar, osmon yerga barobar,
Yeru quyosh kokilin tortib-tortib o‘yin tush.

Vujudimdan dud chikar, dilim aro o‘t chiqar,
Devonaman-devona, ey olovim, o‘yin tush.

Odamlikdan voz kechdim, sening qahringni ichdim,
Gurullayman gurr-gurr, gurillatib o‘yin tush.

Jonim, degin, o‘t purka, otashlaringga surka,
Ingrab-ingrab, oh sen ham, ingrab-ingrab o‘yin tush,

Ey olovim, lovulla, ey olovim, lovulla,
Bo‘lak-bo‘lak, bo‘laklab, otib-otib o‘yin tush.

Yer osmonga barobar, osmon yerga barobar,
Men hammaga birodar, hamma menga birodar.

Lov-lov lov-lov o‘yin tush, gur-gurr, gur-gurr o‘yin tush,
Ustun bo‘lsang kuyib ket, butun bo‘lsang bitib ket,

Yilt-yilt, yilt-yilt o‘tib ket, sim-sim, sim-sim sitib ket,
Milt-milt, milt-milt o‘tib ket, lim-lim, milt-milt botib ket.

ILLO...


Illo, bu tong menga, boshim qo‘yganman,
Illo, tongni chertib o‘zim sayratgan.
Illo, bu tosh menga, ko‘zim o‘yganman,
Illo...

Sening balchig‘ingda nilufargulday
Palaklarim tashlab yashadim, illo.
Onlar biqirlagan juft qora ko‘lday,
Oydinni cho‘ktirdim,
Sen uchun, illo...

Devordagi dog‘day mudhish seskanib,
Toblandim quyoshning dog‘ida, illo.
Sharpamga o‘ranib zimlarga cho‘kdim,
Illo...

Tizim yernikimas, boshim fazoga,
Kindikka nayini ulagan momo,
Meni yuvintirib bersin jazoga,
Illo...

* * *


Harna yomg‘ir yog‘ar, yuvar aybimiz,
Kecha sir saqlaydi, ochilmas sira.
Ne bo‘ldi, kuydimi oxiratimiz,
Shirin diydor kechdi,
Bokiram.

Tarozi ko‘tarib kelgan farishta,
Iqror etsa etar, g‘am yema, jonim.
Toparman men seni o‘sha gardishda,
Yana bir qucharman,
Toza armonim.

Itlar kopsalar ham yong‘in kunlarda,
Samolarda isming aytgum chirqillab.
Ruhim yirtsalar-da xalqob tunlarda.
Yana bir labingga
Qo‘yansakman lab.

Ko‘zlardan, qo‘rqaman, dema, men o‘zim
Yuragimni bergum, to‘yib cho‘qirlar,
Ezilma, bir kuni chumchuqday uchib,
Bag‘ringda uxlarman,
Yana chug‘urlab.

Harna yomg‘ir yog‘ar, yuvar aybimiz,
Kechib kechirmaydi g‘animat dayr.
Yomg‘irpo‘shni ochding, ojiz qaysimiz,
Xayr, Xayr, Xayr...

* * *


Osima!
Bizga yot tevarak — chovut,
Atrof qisirlaydi.
Qisadi — panja,
Yupunsan, kiygali sovuting yo‘qmi,
Jirkanchdir iskanja.

Qayirib, sindirib tashlolsaydim men,
Yopishib kolmasdi yuzingga bu qor,
Qutqarib ol debon yalindim yuz bor,
Aldadi musiqor.

Osima!
Tovoning qoni oqdimi,
Shimirgan maysaning rangi alvondir.
Ranjlisan. Bekinsang yupanching yo‘qmi?
Burdsiz zamondir.

Dog‘liman, dog‘li-ya,
Qovriladirman,
G‘urbat arshlariga qo‘yarman narvon,
Men seni rohatga tushiradurman,
Ururman tug‘yon.

Osima!
Bizga yot tevarak chovut,
Qochgali hamroh yo‘q, shamoldan bo‘lak.
Osima, sen qolgil, men sekin boray —
Tevarak...
Tevarak...
Tevarak...

* * *


Ichikdim. Sog‘indim seni, shekilli,
Tongim rangi sariq, xasta kunduzim.
Ihrab quyosh chikar, o‘qchib oy sho‘rlik,
Osima —
Sen kimning qizi!

Ko‘rpaga burkansam, ko‘rpa ilvirar,
Yostiqqa yopishsam, ilvirar yostiq.
O‘y menga sig‘maydi, uy menga sig‘mas,
bosiriq — bosiriq...

Zirillar borligim yursam, yo‘l ko‘nmas,
Qoyaga tirmashsam, puchmayar qoya.
Qargasam, qargishim duoga o‘xshar,
voooya...

Ichikdim. Sog‘indim seni, shekilli,
Xo‘rligim keltirar g‘alati gina.
Nimaga odamlar shod, hurram, mamnun,
Bizlar odammasmi,
Osima?!

* * *


Kubro tug‘in tutgan Samandar shohid,
Mulki vayronimda zog‘ menga murid,
Oyog‘im ostiga to‘shalgan dardim,
Cho‘k tushdim.
Axtardim.

Piyola qarshimda, osmon qistanar,
Afsus, to‘ldirolmas yorug‘ga, afsus.
Chaqirib charchagan chuqur kenglikka,
Chiqaman xomush.

Qiy-chuv ko‘taradi Zuhro yo Zuhal,
Gapirar, bandaman, tushunolmayman.
Yetaklab olgani kelganlar bilan,
Negadir,
Qo‘shilolmayman.

Tiniq payt. Sabrdan xalvolar yegan,
Uch-to‘rt oltin tanga berar, olmayman.
Mulki vayronimga hulvolar kelsa,
Bu yerda
Bo‘lmayman.

Zog‘ ila hasratning qopini sudrab,
Biror do‘ngu tog‘da, yo dala-dashtda,
Axtarib, axtarib yana axtarib
Kiraman
Qishga...

* * *


Sendan qafas hidi ufurar nechun?
Sendan chirqillaydi qayg‘u, vahima.
Agar jonim kerak bo‘lsa, ola qol,
Faqat,
Yig‘lama, Osima...

Yetti gul husningni tamosha qilsin,
Yetti qush seni deb cheksin dardu g‘am.
Tila tilagingni, ko‘zim ko‘r bo‘lsin,
Faqat,
Yig‘lama, Osima.

Bilsang bas, shohona tal‘atim edi,
Kechasi malakla xilvatim edi,
Yetmish uch parida suvratim edi,
Osima!
Osima!

Bir nusxa ko‘chirdim, nusxaki go‘zal,
Har bir harf kumush, har nuqtaki la‘l —
Sevgimdir, yo‘q desang vujudim qiyma,
Faqat,
Yig‘lama, Osima!

Dunyoning boshi nur, oxiri g‘orat —
Tushga borayapmiz, qo‘lda gulsavat,
Men unga tush va baxt solaman g‘alat,
Yig‘lama, Osima!
Faqat...

* * *


Tongdan yulib keldim, seni, Osima!
Quyoshdan taxt so‘rab, shamoldan tulpor.
Tilab, so‘rab topgan ganjim, xazinam,
Sen — chobuksuvor!

Shamshod daraxtiga ildim halinchak,
Soldim unga turfa gullar qiqirin.
Qizg‘aldoq bargidan qilibman yo‘rgak,
Uxla, kapalak.

Boychechak og‘zidan simirdik boda,
Yalpizga tillarni oldik tegizib.
Daraxtning uchida yonar shaboda,
Chalib sibiziq.

Yuzingni anorday qizartirdi kuy,
Ko‘zim — yoqtu, oqdi, chulg‘anib chak-chak
Yuraging gupillab, o‘ynab, tinmadi,
Taka-taka, taka-tak…

Tongdan yulib keldim, seni, Osima,
Bu she‘rim xayoldir, bu she‘rim yolg‘on
(Garchand tegramizda shatoloq otar,
oq-oppoq jayron).
Tongdan...

* * *


Chuvidim, ro‘zg‘orim bo‘lmadi obod,
Na Jamshidga havas, na mayl Kaykubod.
Bugundan taskinu ertadan imdod,
dod, dod, dod.

Subh bog‘i ila tillashdim takror,
Men, dedi, kampirman, aldoqchi, makkor.
Chalsang chal, beraymi qadimiy dutor,
xor, xor, xor.

Chaldim maqomiga o‘zim yo‘rg‘alab,
Dilni goh kafanlab, goho yo‘rgaklab,
So‘zgami, tuzgami ochdim, irmaklab,
lab, lab, lab.

Chuvidim, uzrimni aytdim bolamga,
Men kirib chiquvchi qaysi olamdan,
Borim shu, qochganim qochgan odamdan,
Ba‘zan,
Ahyon,
Kam-kam.

MUNGIMSAN, ShE‘RIYaT


Simlaru zanjirlar qo‘limda,
Qahrlar, zahrlar yo‘limda,
Amrlar, bujurlar so‘limda,
Mungimda mungimsan, she‘riyat.

Haqorat, naqorat yonimda,
Hasratu kasratlar jonimda,
O‘tadir nafratlar qonimdan,
Mungimda mungimsan, she‘riyat.

Qichqirar, baqirar oyoqlar,
Qiyqirar, chiyqirar tuyoqlar,
Kuchanib yorilar tamoqlar,
Mungimda mungimsan, she‘riyat.

Vatanlar chiqadir vatandan,
Badanlar chiqadir badandan,
Odamlar chiqadir odamdan,
Mungimda mungimsan, she‘riyat.

Battolning pinhona nag‘masi,
Qattolning qurtlagan luqmasi,
Barisi tufroqning talvasi,
Mungimda mungimsan, she‘riyat.

Ko‘nglima yashrinib bopladim,
Yurakning qo‘rida tobladim,
Eng go‘zal qiz bilan uxladim,
Mungimda mungimsan, she‘riyat.

Ko‘chmanchi ko‘ronlar buhroni,
To‘tiqush donolar giryoni,
Mulkimdan topolmas Zuhroni,
Mungimda mungimsan, she‘riyat.

Yolg‘izlik bog‘ida, qorong‘u
Daraxtning mevasi qor ogu,
Tatibman, jismimda yangrog‘i,
Mungimda mungimsan, she‘riyat.

Kun sari, kun sari, kun sari,
Oshiqar karvonlar sarvari,
Munglanib un sari, un sari...
Mungimda mungimsan, she‘riyat.

Vasllar, fasllar qo‘nog‘i,
Gullaru tullarning qabog‘i,
Qo‘tir did da‘volar sirtmog‘i,
Mungimda mungimsan, she‘riyat.

Gardishning idishi ichida,
Har chaman, ham ko‘lmak ichida,
Hashorat ham inson ichida,
Mungimda mungimsan, she‘riyat.

Oshyonni titkilar vasvoslar,
Go‘shada go‘sht izlar g‘avvaslar,
Podshosi, gadssi — liboslar,
Mungimda mungimsan, she‘riyat.

Qarlug‘och, qarqunoq — pushtirang
Ohangdan kelgaylar, turfarang —
Dunyoda nima ko‘p, chovut, chang...
Mungimda mungimsan, she‘riyat.

Na ro‘zg‘or, na yumush, na tashvish,
Sohilda qish ila g‘amlashish
Va g‘amdan aysh qilib quyulish,
Mungimda mungimsan, she‘riyat.

Ne zarur johu-jahd, lafz-kalom,
Ho‘l-quruq tanlamas chang, to‘zon,
Men so‘zon, sen so‘zon, ul so‘zon,
Mungimda mungimsan, she‘riyat.

Kun sari, kun sari, kun sari,
Oshiqar tun sari sarvarim,
Munglanib, munglanib un sari,
Mungimda mungimsan, she‘riyat.

Mungimda mungimsan, she‘riyat.

* * *


Subhlar xo‘playdi patli havoni,
Bir kun yolg‘onchilik qiladi airelь.
Men sening kelishikg hech istamayman.
Biroq kel.

Zar ip eshayapti yog‘dular tomib,
Zim-ziyo hovoncha ezg‘alaydi un.
Qavib, taxlab qo‘ydi shoyi ko‘rpani
Sen uchun tun.

Jarangdor soching ham bo‘lar po‘pakli,
Tillaqosh topilar ko‘k sandig‘ida.
Uch gaz bulut kessa bo‘lar chimildiq
Visol tog‘ida.

... Kiprikka ilingan shabnam cho‘g‘dayin,
Bir kun haqiqatgo‘y bo‘lmadi aprelь,
Men sening kelishing hech istamayman,
Biroq kel,
Eshityapsanmi?

Anbar in‘om etar senga chechaklar,
Tobe mamlakatdir senga xush chaman.
Men esa chimildiqqa kiraman-u,
Tizzanga bosh qo‘yib yig‘lab olaman.
Eshityapsanmi?

Girdoblar chulg‘aydi patli havoni,
Bir kun o‘zi kabi laqmadir aprelь.
Men sening kelishing hech istamayman,
Biroq kel.

TUYG‘U


Sen rayhonga suykala, so‘lasan,

Tomchiday tomchilab tundan keyingi

Tong emas, yo‘q, tip-tiniq shabnam...

Jonu ko‘zim, bor, nurga cho‘milgin.


Masihnafas damsen, tirilgaydir u,

Qizg‘aldoq yoping‘ich, yum-yum yumilgin.

Ilinj bodasidan tug‘ilar tuyg‘u,

Jonu ko‘zim, bor, nurga cho‘milgin.


Qiyqim-qiyqim sado yog‘ilar, tingla,

Yurakda im ila charxpalak urgin.

Koinot qadarsen, oxirating yo‘q,

Jonu ko‘zim, bor, nurga cho‘milgin.


Nidolar qilgil, xatolar qilgil,

Azolar qilgil, sadolar qilgil,

Albat nurli-nurli vidolar qilgil,

Jonu ko‘zim, bor, nurga cho‘milgin.

E. Sh. A. S. ga


Ey do‘st, qanday qilib ko‘nglingni olay,

Ne etsam guldurak senga yalingay

Va sening tegrangda yurar aylona —

Yuragim ustida qo‘lim sayrona,

Ey do‘st, ishqingdaman masrur.


Ne etsam, tog‘ ochar shundoq o‘zini,

Men kirib sen uchun obchiqolsam qo‘r.

Chordona o‘tirsam sen bilan birga,

His etsam sen bilan muhabbat, shuur,

Ey do‘st, ishqingdaman masrur.


Gardi kapalakman, sendan so‘rorim;

Qo‘shilib kapalak misoln aylan.

Ey do‘st, qanday qilsam, ko‘nglingni olsam,

Ko‘nglingga munosib qaysi bir gulshan.

Ey do‘st, ishqingdaman masrur.


Shunday bir shalola havodan tushsaydi,

Lab ochsak sabodan gul-lola tushsaydi,

Olovni qavigan qiz-bola tushsaydi,

Tiqilinch g‘urbatda pok nola tushsaydi,


Sen bilan birma-bir shod ulfat tushsaydik,

Ishqimiz o‘rtada parvona tushsaydi,

Ey do‘st, ishqingdaman masrur.

Qani u, qani u o‘sha gul, chambil,


Qani u, qani u o‘sha tuyg‘ular.

Qani u, qani u o‘sha susambil,

Tush bilan to‘shakka kirgan qayg‘ular,

Ey do‘st, ishqingdaman masrur.

* * *


Sarvim, arazlabsiz, hijob tutibsiz,

Bizni qora ko‘rib, simob yutibsiz.

O‘lib bo‘larmidi bizsiz, bilmabsiz,

Ahvolimiz o‘xshash, hech o‘ylamabsiz.


Mijgonda quyoshni bandi saqlabsiz,

Sho‘rlikni kimga asrandi saqlabsiz,

To‘zonni sovutib g‘avg‘oga boshlabsiz,

Sarvim, xatomasmi, bizni tashlabsiz.


Gardun iqbol sari yurmasa yurmabdi,

Mayxona changini qormasa qormabdi,

Shungayam shunchami, xo‘rlasa xo‘rlabdi,

Baribir ko‘nmaymiz, zo‘rlasa zo‘rlabdi.


Oqshom kulbasida biz-da mehmonmiz,

Avjlansak, yalang‘och mohitobonmiz.

Hijolatlar bo‘lmang, gul-gulistonmiz,

Biz shunday ayonmiz, shunday tamommiz.


Oh, orzu orzumi beomonlikda,

Oh, darmon darmonmi bedarmonlikda.

Sizdan so‘rovimiz, ilinjimiz shu:

Sarvim, bizga qayting — sargardonlikka

Bizga qayting, sarvim...