Поиск

Xoldor Vulqon

Uchrashuv

 


O shamol, men seni tanidim,
Bu sen, o‘sha dalada esgan.
G‘urrak g‘urillagan tolzorda,
Jazirama taftini kesgan.



Hamqishloqlar omonmi, shamol,
Unarmi el ekkan ziroat?
Otam yotgan mozor ustida,
Qamishlarmi qilar qiroat?



Qandingni ur, hur, ozod shamol,
Senga aslo kelmas xasadim.
Vatanimga uchirib ketgil,
She‘rlarimdan varrak yasadim.



Shamol,  bormi daryo kechuvi,
Biz qo‘y, sigir haydab o‘tgan joy?
Yaltirarmi daryo suvlari,
Qo‘rg‘onlasa sukunatda oy?



Cho‘chqaxona haliyam bormi?
Shovullarmi teraklar hamon?
Yolg‘izoyoq so‘qmoq eltarmi,
Odamlarni sohillar tamon?



Balki bulut yirtig‘i aro,
Oy siynasi qolsa ochilib.
Oydin sholipoya suvida,
Ming -ming yulduz yotar sochilib.



Kechir unsiz ko‘z yoshim uchun,
Netay,  mamlakatga sig‘madim.
Ummon orti, ulkan shaharda,
Shamol, seni tanib, yig‘ladim.

 

 

 

 

25 aprel, 2014 yil.

Kunduz soat 5 dan 0 daqiqa o‘tdi.

Kanada.

 

 

 

 

 

Xoldor Vulqon

 

 

Oydin qayinzor



(She‘riy to‘plam)







Tungi  daryo






Hademay yorishib ufqlar etagi,
Sabolar esadi sochingday mayin.
Darchadan sen yotgan uyga mo‘ralab,
Shovullayveradi shamolda qayin.




G‘ozlar chelagini g‘iytillatadi,
Bo‘g‘zidan to‘kilib sog‘inch unlari.
La‘lin lablaringda ochilar endi,
Tabassumning kuzgi atirgullari.




Olislab ketarkan surnaychi g‘ozlar.
Tungi o‘rmonlarning ustidan uchib.
G‘ozlarga pichirlab aytgancha vido,
Sen unsiz yig‘laysan yostiqni quchib.




Toshday yostiq uzra mayin sochlaring,
Yotgan mahal daryo kabi yoyilib.
Yo‘lakka yiqilar qayin soyasi,
Oyning shu‘lasiga toyilib.








7 dekabr,  2011  yil.

Kunduz  soat  10 dan  20  daqiqa  o‘tdi.

Toronto  shahri, Kanada.





 

Bir nuqtaga  termulgan odam









Junjikkan bekatda o‘ychan chehralar,
Salqin tonglar kabi musaffo tuyg‘u.
Borliqni savalar yomg‘ir qamchisi.
Olisda chaqnaydi ovozsiz qayg‘u.




Qaraysan, ko‘lmakda g‘amgin xalqalar,
Qoniqmas qaqragan dunyoning labi.
Bir paytlar eng sirli so‘zlaringni sen,
Shivirlarding menga yomg‘irlar kabi.




Quvirlar kekirib, yomg‘irlar tinar,
Oynadek  yaltirar  bog‘lar  yo‘lagi.
G‘iyt - g‘iyt etar kuzgi g‘amgin osmonda,
G‘ozlar galasining bo‘m - bo‘sh chelagi.








9 iyulь, 2011 yil.

Tungi soat 2 dan 36 daqiqa o‘tdi.

Toronto shahri, Kanada.

 

 

Tanxolik

 

 


Oydin dala singari  choyshab,

Sirtmog‘idan bo‘shatilgan soch.

Oq dalaga  xorg‘in qulagan,

Qanotlari qaro qaldirg‘och...

 


Balki hanuz kutib yasharsan,

Borolmayman endi u joyga.

Ruh talpinar o‘rmonlar uzra,

Shu'lalarin taratgan oyga.

 


Oyga o‘xshar edi  yuzlaring,

Ipak soching shu‘laday  mayin.

U shu‘la u mayinlikni men,

Unutolmoy o‘tmog‘im tayin.

 


Gul bandiday nozik bo‘yninga,

Chirmashmasin  hijron pechagi.

Qurib qolma, g‘arib  sevgimning,

Qor ostida qolgan chechagi.

 

 

22 aprelь, 2014 yil.

Kunduz soat 3 dan 55 daqiqa o‘tdi.

Kanada.

 

 



Shavkatsiz dunyo

 

(Shavkat Rahmon hotirasiga)

 

 

 

 

Narsalarning zaruratini,

Odam muxtoj bo‘lganda anglar.

Uchar g‘amgin daydi kapalak,

Botargoxda so‘nadi ranglar.

 


Mehmon kelar qo‘lida chalg‘i,

Qo‘noq bo‘lib dovyurak, mardga.

Bulut uzra yotar bir shoir,

Chalingancha tuzalmas dardga.

 


Bunday dardni shoirga emas,

Dushmanga ham ko‘rmaysan ravo.

O Shavkatsiz, beShavkat dunyo,

Shoirga ber  bir qultum  havo!

 


Tom ustida yig‘layotgan kim?

Uy shiftidan o‘tmoqda chakka.

Haq yoritgan xujrasida jim,

Shavkat Rahmon yotibdi yakka.

 


Bo‘g‘ilmoqda bugun she‘riyat,

Motamlarga to‘ldi navolar.

Qiynalmoqda ololmay nafas,

Shavkat yetishmagan havolar.

 

 

 

 

22 aprel, 2014 yil.

Erta bilan soat 9 dan 56 daqiqa o‘tdi.

Kanada.

 

 

Подробнее...

 

Xoldor Vulqon

Bahor quvonchi

 

(Ismi o‘zbek milliarderi Alisher Usmonov sharafiga qo‘yilgan o‘g‘lim Alisher Usmonovga bag‘ishlanadi.)

 

 


Qara, o‘g‘lim!

Sen tishlab sindirоlmagan

Toshday qattiq o‘rik danagi

Yashil tilin ko‘rsatganicha

Iljaymoqda bahorgi bog‘da.

Mana, sen ham iljaymoqdasan

O‘sha o‘rik danagi kabi!

 

 

 

 

21/04/2014.

Tongi soat 6 dan 31 daqiqa o‘tdi.

Kanada.


 

 

Xoldor Vulqon

Quvnoq odam

 


Men dunyoda yashaganim yo‘q,

Tayyorlandim halos o‘lishga.

Kulib o‘tdim, negaki, dunyo,

Arzimaydi xafa bo‘lishga.

 


Bug‘doy so‘zim bor edi mening,

Odamlarga yaxshi so‘z aytdim.

Ammo, o‘zim shirin so‘zga zor,

Xaqoratni orqalab qaytdim.

 


Osmon - tandir, yulduzlar cho‘g‘mi?

Nahot shu oy gijdali  nonim?

Gandiraklar shirakayf el,

Musallasmi qip -qizil qonim?

 


Kulaversam otib qaxqaxa,

Mayli, meni telbaga yo‘ygin.

O‘lganimni eshitganingda,

Yig‘lamagin, jilmayib qo‘ygin.

 

 

 

 

 

7 aprel, 2014 yil.

Kech soat 5 dan 14 daqiqa o‘tdi.

Kanada.


 

 

Xoldor Vulqon


Amir Temur nega bir umr yengilmadi?

 

 


Sababi, Sohibqiron Amir Temur o‘z tuzuklarida o‘zi yozganiday, aslzoda sayidlarning hurmatini joyiga qo‘ydi, ularning nazaridan qolmaslikka harakat qilib yashadi.Bu birinchidan.Ikkinchidan, Amir Temur barchaga qo‘lidan kelganicha yaxshilik qildi, nomardlik yo‘lini tutmadi, halol yashadi.Ammo tuz yeb, tuzdonga tuflaydigan nomard kimsalar Amir Temur yaxshiliklariga yomonlik bilan javob qaytardilar va alaloqibat Xudoning qahriga giriftor bo‘lib, o‘z oyog‘idan yitdilar, tiriklik saxnasini xoru zorlik bilan tark etdilar.Gaplarimiz asosli bo‘lishi uchun tarixiy faktlarga murojaat etamiz.

Ma‘lumki, 1377 yili Amir Temur Mo‘g‘ilistonga xarbiy yurish qiladi va o‘sha yili To‘xtamishga lashkar va xarbiy siloxlar bilan katta yordam ko‘rsatadi. To‘xtamish aynan Amir Temurning yordami bilan, ya‘ni tavsiyasiga binoan oq kiygizga o‘tqazilib,"Oq o‘rda"ga xon etib tayinlanadi.To‘xtamish taxtini mustaxkamlab, xarbiy quvvatga kirib borarkan, sekin asta o‘zidan ketadi va ustozining yuziga oyoq qo‘yib, nazardan qolgan yaramas shogird kabi Amir Temur taxtiga ko‘z olaytirib, unga  zimdan qilich qayray boshlaydi.

Amir Temur o‘z yurtidan uzoqlarda xarbiy yurishlar, jangu jadallar bilan band paytidan foydalanib, To‘xtamish Mavaraunnahrga xujum qiladi hamda хorazmliklar yordami bilan Buxoroni bosib oladi.Bu surbetlikni va xiyonatni eshitgan Amir Temur g‘azabga to‘ladi.So‘ng xarbiy yurishlarni vaqtincha to‘xtatib, ortiga qaytadi va To‘xtamishxon qo‘shinlarini yer bilan yakson qilib, mamlakatni yovlardan tozalaydi,qo‘lga tushgan asirlarni va sotqin, xoinlarni tutib, ayovsiz jazolaydi, qatl etdiradi.O‘sha janglarda Urganch kultepaga aylanadi.To‘xtamish o‘z lashkarlarini tashlab,sharmandalarcha Ashtarxonga, hozirgi Astraxanga qochib ketadi, va iniga yashrinadi.Lekin u tarixiy voqeadan yetarli xulosa chiqarmaydi.To‘xtamish goh Rusiyaga, goh Kafkaz o‘lkalariga xujum qilar, u mamlakatlarning aholisiga zulm o‘tkazib, molini talar, yurtiga o‘t qo‘yib shaharlarini vayron qilar, Kafkaz ortidagi Sheroz(Eron), Bog‘dod(Iroq) Damashq(Suriya) mamlakatlariga ham taxdid solar, tinchlik bermasdi.U o‘ta xaddidan oshib borardi.

Amir Temur esa dunyodagi mazlum xalqlarini To‘xtamish kabi noloyiq, zolim, adolatsiz hukmdorlardan, kalamushlardan halos qilish uchun Xudo yo‘lida zolimlarga qarshi murosasiz kurash olib borardi.Amir Temur avval Damashqni keyin Bog‘dodni zulmkor shoxlardan halos qilarkan, yana xarbiy haloskorlik yurishlarda davom etadi.O‘sha zamonlardagi  zolim podsholardan yana biri turk sultoni Boyazid Yildirim edi.Boyazidning esini kiritib qo‘yish uchun Amir Temur o‘z qo‘shinlari bilan Tog‘li Qorabog‘da qishlab, bahorda g‘arbga,Turkiyaga cherik tortadi.U Anqarani fatx etib, Boyazid Yildirimni asir oladi.Boyazid Yildirim 1403 sana asirlikda olamdan o‘tadi.Turkiyani zolim sultondan ozod qilgan Amir Temur endi Xindiston safariga tadorik ko‘ra boshlaydi.Aynan o‘sha paytlarda Bog‘dodda taxtdan ag‘darilgan Sulton Ahmad Jaloir Misr sultoni Baroko‘x poyiga bosh urib boradi.Misr sultoni Baroko‘x Amir Temurning ashaddiy dushmani To‘xtamish bilan til biriktirib, Sulton Ahmad Jaloirga yordam beradilar va Amir Temurning Xindiston sari azimat qilganidan, Panjobda ekanidan foydalanib, Damashqni va Alepponi egallab oladilar hamda Sulton Ahmad Jaloirni Bog‘dod taxtiga o‘tqazadilar.Amir Temur esa o‘z qo‘shinlari bilan Xindukush tog‘laridan oshib o‘tib, Afg‘onistonni va Xindistonni zolimlar zulmidan xalos qilishga kirishadi.Afg‘oniston va Xindistonni zolimlardan tozalab, katta zafarlar bilan Samarqandga qaytgan Sohibqirondan  Rusiya knyazliklarining, Kafkaz mamlakatlarining elchilari mazlum o‘lkalarniTo‘xtamish zulmidan ozod qilishini so‘rab,  poyiga bosh uradilar.Shundan keyin Amir Temur o‘zining shavkatli qo‘shinlari bilan Astraxanь sari yurish qiladi, To‘xtamishni o‘rda po‘rdasi bilan oyog‘ini osmondan qilib, kulini ko‘kka sovuradi.Shunday qilib, Amir Temur Yevropani Boyazid Yildirimning, Rusiya, Mo‘g‘iliston va Kafkazni To‘xtamish zulmidan ozod qildi.Amir Temur 1405 yili  Xitoyda ham tartib va adolat o‘rnatish uchun qo‘shin tortib ketayotib, sovuq yanvar oyida sochlarini ustarada taglab qirdirishi oqibatida shamollab qoladi va O‘tror(Xozirgi Qozog‘iston territoriyasi)da kasallanadi.Bir oy to‘shakka mixlanib yotgach, Amir Temur 1405 yili 18 fevralda olamdan ko‘z yumadi. U o‘zining mardligi, halolligi,  adolat istagan mazlumlar dardini tinglab, raiyyatga zulm qilmasligi, aslzoda sayidlarni, avliyolarni xorlamasligi sabab umrining oxirigacha yengilmadi.Vafotidan so‘ng o‘z pirining oyoq tamonlariga dafn etishlarini vasiyat qilgan shunday ulug‘, kamtarin zotning avlodlari ekanimiz bilan biz o‘zbeklar har qancha iftihor qilsak oz.

 

 

 

 

6 aprel, 2014 yil.

Kech soat 7 dan 44 daqiqa o‘tdi.

Kanada.

 

 
Еще статьи...