Поиск

Xoldor Vulqon


O‘rmon qorovuli

 

(hikoya)

Men yashaydigan pastakkina qamishtom kulba dengiz satxidan minglab kilometr balandlikda joylashgani uchun, ba‘zan uyim bulutlar ichida ko‘rinmay ketadi.Avvallari bu yerlarda havo siyrakligi sabab nafas yetishmay, burnim qonab ketar, quloqlarim tom bitib qolardi.Hozir ancha ko‘nikib qolganman.Men yashaydigan qoya ostida tog‘ daryosi buralib, shiddat bilan, quturib oqadi.Suvni uzun arqonga bog‘langan chelakda shu daryodan tortib olman.Daryo suvi shu qadar sovuqki, hatto yozda ham ichgan odamning tishlarini muzlatib qo‘yadi.Qishdagisiniku so'ramay qo‘ya qoling.Meni hayron qoldirgan narsa, shu tezoqar, yaxna suvli tog‘ daryosida ham baliqlar yashar ekaney.Bir oqshom, arqonga maxkamlangan chelakni daryodan tortib chiqarib, bunday qarasam, yopiray, paqirdagi suvda bir yarim qarich keladigan kattalikdagi baliq biltanglab aylanyaptida.Kimsasiz tog‘lar bag‘rida bir o‘zi yolg‘iz yashaydigan menday odam uchun bu kutilmagan quvonchli voqea edi.Men bu yerlarda qahrli qish chog‘lari qorlarni cho‘yan choynakka solib olovga qo‘yaman dagin, eritib, hosil bo‘lgan suvni qaynatib, choy, qaxva damlab ichaman.Tashqariga, xojatga chiqsam, tog‘ echkilarining po‘staklaridan tikilgan kiyimlarimni kiyib, belimni xuddi alpinistlarday bir uchi kulba ustuniga maxkamlangan arqon bilan bog‘lab, keyin chiqaman.Po‘stakdan tikilgan kiyimlar qo‘polligi uchun avvallari birmuncha qiynalar edim.Hozir, Xudoga shukr, ancha ko‘nikkanman.Bir gal xojatxonani ichkariga qurmoqchi ham bo‘ldim.Ammo xonada havo buzilmasin deb, mana shuncha yildan beri xojatim qistasa, qorbo‘ron esayotganiga ham qaramay, tashqaridagi hojatxonaga qatnayman.Shunday paytlari butun dunyodagi sovuq shu mening xojatxonamga kirib olganmi deya o‘ylayman.Zo‘riqishdan bo‘ynimgacha qizarib, tomirlarim o‘qlovday -o‘qlovday bo‘lib o‘tirarkanman, sovuq izg‘irinda choyxalta jonvor muzlab qolay deydi.Bir kuni kechasi qorbo‘ron xojatxonamni uchirib ketsa bo‘ladimi.Yaxshiyam o‘sha paytda men xojat qilmayotgan ekaman.Shu voqeani eslasam, yuragim ortiga tortib ketadi.Shundan keyin bo‘ronlarga achchiqma achchiq yangi, mustaxkam, keng, yorug‘, tipavoy xojatxona qurib oldim.Ba‘zan uzoq uzoqlarda bo‘rilar galasining uligan tovushlarini eshitaman.Ammo qo‘rqmayman.Chunki men yashayotgan bu baland qoyaga bo‘rilarni qo‘ying, hatto ayiqlar ham chiqolmaydi.Qo‘shnilarim ham bor, Xudoga shukr.Kulbamning shundoq biqinida o‘sgan qari qarag‘ay kovagida er -xotin olmaxonlar yashaydi.Juda axil oila.Erkak olmaxon ba‘zan xotinini quvib, qari qarag‘ayda shoxdan shoxga sakrab yuradi.Xotini bermayaptimikin deb o‘ylayman.Yong‘oqni demoqchiman.Olmaxonlar qoya devoriga tirmashib, ba‘zida tog‘ yonbag‘irlariga tushadilar.O‘sha joylarda o‘sadigan yovvoyi yong‘oqlarning mevalaridan olib chiqishsa kerakda.Tag‘in kim biladi.Bir gal olmaxon og‘zida grek yong‘og‘ini tishlab, menga yaqin bo‘lgan daraxt shoxida o‘tirgan ekan.O‘zingizdan qolar gap yo‘q, qoyadan pastga tushmay yashayverganim uchunmi, haytovur yong‘oq yegim keldida mening.Quvsam olmaxon og‘zidagi yong‘oqni tashlab qochsa kerak degan niyyatda uning ortidan yugirdim.Qayoqda, ablax yong‘oqni og‘zidan qo‘ymay chopa ketdi.Men uning ortidan quvib, qari qarag‘ay shoxiga osilib chiqmoqchiydim, ammo qarag‘ay shoxi sinib, jarlikka qulasam nima bo‘ladi deya nafsimni tiydim.Naryoqdagi qoyaga burgutlar in qurgan.O‘zlari vaxshiy bo‘lsa ham bir birlariga mehribon.Polaponlarini faqat go‘sht bilan boqadi.Qanday baxtli oila deyman.Ochig‘ini aytsam, ich -ichimdan xavasim keladi ularga.Bir kuni ishdan kelsam, kulba ichida idish tovoqlar to‘nkarilib yotibdi.Bilsam, kulbamga olmaxon kirib olgan ekan.To‘s -to‘s qilib, baqirib, kafgir bilan tog‘orlarni taqillatib yurib, zo‘rg‘a uni tashqariga quvib chiqardim.Pastakkina kulbamning derazasidan qor qoplagan purviqor tog‘ cho‘qqilari, quyiroqda yastanib yotgan yam -yashil qalin archazor o‘rmonlar shundoqqina ko‘rinib turadi.Yozda derazani ochib, pastga qarasangiz, chuqur jarlar aro to‘lqinlari och sherlar kabi sakrab, gumbirlab oqayotgan haybatli daryoni ko‘rib, ko‘zlaringiz tinib,boshingiz aylanib,yuragingiz ortiga tortib ketadi.Chunki mening kulbam joylashgan haybatli qoya bir tamonga tinimsiz suzib ketayotganga o‘xshaydi nazaringizda.Havo aynigan mahallar men eshik derazalarni maxkam berkitib o‘tirishga mahkumman.Agar berkitmasam, kulbamga bulutlar kirib oladi.Ox, yozda, havo ochiq oqshomlar ichiga xashak to‘latilgan qo‘lbola ko‘rpaga yonboshlaganimcha derazadan yulduzli osmonni kuzatib yotishdek zavqliroq mashg‘ulot yo‘q mening uchun.Shovullayotgan daryoni, tog‘ o‘ngirlarini, o‘rmonlarni, qorli cho‘qqilarni ohista yoritganicha g‘arb tamon og‘ayotgan oyga termulib uxlab qolaman.Bahorda bu tog‘larning yonbag‘irlari, bujurtosh qoyalar yam yashil maysalar, o‘t o‘lanlar lolalar va yovvoyi gullar ko‘rpasiga burkanadi.Ammo osmonda bulut bosqini yuzaga kelishi bilan tevarak qorong‘ilashib, shunaqa daxshatli chaqmoqlar chaqadiki,  projektor nuridan ham ming barobar kuchli bu yorug‘likdan ko‘r bo‘lib qolmasaydim deya o‘ylaysiz beixtiyor.Momaqaldiroqlar gumbirlashini eshitgan odam, hozir larzaga kelayotgan shu qoya qoq ikkiga bo‘linib ketmasa bo‘ldi deya havotirga tushadi.Navbatdagisi avvalgi momaqaldiroqdan ham kuchliroq, xuddi Yaponiya shaharlarida portlagan atom bombasiday  vaximali gumbirlab, borliqqa qutqu soladi.Keyin shunaqa shiddatli jala quyadiki, daryo shovullashi jala tovushiga singib, sel devori ortida tevarak atrof ko‘rinmay ketadi.Ko‘p o‘tmay jala qanday boshlangan bo‘lsa, yana shunday tinadi.Quyosh chiqib, qushlar sayray boshlaydi.Men kulbadan chiqib, bepoyon ko‘m -ko‘k osmonning u yog‘idan bu yog‘iga qadar egilgan mahobatli kamalakka zavq bilan termulaman.Keyin Tulada ishlab chiqarilgan ov miltig‘imni yelkamga osganimcha arqondan yasalgan vertolet narvoni orqali pastga tushib, ishga jo‘nayman.Ishim unchalik qiyin emas.Men Xisor tog‘lariga joylashgan mana shu  qo‘riqxonada hech qanday oylik maoshsiz, ko‘ngilli ravishda o‘rmon qorovuli bo‘lib ishlayman.Yomg‘irdan keyingi tog‘ so‘qmoqlaridan g‘oyat extiyot bo‘lib yurmoq joiz.Aks holda toyilib ketib, tubsizdek ko‘ringan qorong‘u jarliklar qa‘riga uchish ham hech gapmas.Men aynan mana shunday toyg‘oq so‘qmoqdan yuqoriga ko‘tarilayotib, qadrdon eshagimdan manguga ayrilganman.Bechora xurjundagi narsalar bilan birga daraga quladiyu, anchadan so‘ng gup! etgan bo‘g‘iq tovush eshitildi.Yaxshiyamki men jarlarga tirmashib, mayishib, qiyshayib o‘sgan qari jiyda shoxiga osilib qoldim.Shu shu  loygarchilikdan, toyg‘oqlikdan qo‘rqaman.Ammo shunday musaffo tog‘ havosi nafaqat menga, balki, butun borliqqa, parrandayu jonivorlarga, ayniqsa g‘oyat imillab yurguvchi shilliqqurtlarga ham eng yoqimli  palla xisoblanadi.Men shilliqqurtlarni sevaman.Nechun ularni sevmayin? Axir men aynan shu beozor jonivorlar bilan tirikmanku.Yashirib nima qilaman.To‘g‘risi, men shilliqqurtlarni tutib,terib, goho kartoshka bilan birga dimlab, goho suvga qaynatib, ba‘zan esa qovurib, yeyman.Ammo shilliqqurtlarni xomicha, tuzga tekizib yeyish mazaliroq men uchun.Albatta ularni qovurishdan avval chig‘anoqlarini etidan ajratib olaman.Keyin u chig‘anoqlarni obdon quritib, xovonchada yaxshilab tuyib tolqon qilib, nahorda kappa otaman.

 

 

 

 

Xoldor Vulqon


Odil Ikromga

 

 


Yuksak, yuksaklarda bulutga yondosh,

Purviqor tog‘larning yorilgan toshi.

Sandiqday, sandiqday bujur toshlarni,

Nahot yorgan bo‘lsa odamzod boshi?

 

 

Kim bu o‘ngirlarda  yig‘ladi o‘ksib?

Sukunat qo‘shig‘in kimlar аngladi?

Shoirning ko‘ksiga urilgan hanjar,

Kimning ko‘z yoshiga cho‘kib, zangladi?

 

 

Qalin o‘t-o‘langa ko‘milgan so‘qmoq,

Pomir tog‘larida yurardim yo‘rtib.

Uzoq Kofarnihon sohillarida,

Do‘stimning  mozori ko‘rindi bo‘rtib.

 

 

Chuqur jar yoqasi, yovvoyi gullar,

U yonda Isfara, naryog‘i Vodil.

Jiydalar gullagan jarlar ustida,

Omonat ko‘prikday lapanglar Odil.

 

 

 

 

 

25 yanvar, 2014 yil.

Kunduz soat 2 dan 3 daqiqa o‘tdi.

Kanada.

 

 

 

Xoldor Vulqon


Tuqumbo‘y

(Hikoya)

 

Duduqbek Abdulsunduk ko‘zgugu qarab, bir yengi uzilib tushgan yo‘l -yo‘l pijamasiga bo‘yinbog‘ini taqarkan, teskari qilib o‘rnatilganday taasurot qoldirguvchi yelkasidagi o‘zining archilgan tuxumga o‘xshash beso‘naqay boshiga termulganicha bir zum o‘yga botdi.

- Boshimning hajmiga qaraganda men ham ancha katta yozuvchi bo‘lsam kerak? -taxminladi u.Ba‘zilar "Sening yozganlaring quruq bayonchilikdan, gazetaviy so‘zlardan tashkil topgan zerikarli bitilg‘idir.U bitilg‘ilar ichki musiqa, darddan mosuvo, suvu selsiz quruq so‘zlar to‘ppasi halos" deyishadi.Unda nega men yozgan narsalarni mening saviyamdagi adabuyatshunaslardan boshqa hech kim o‘qimaydi?Nega o‘z yozganlarimni o‘zim ham erinib, qiynalib, kezi kelsa, esnab yurib, zo‘rg‘a bir ikki qatorinigina o‘qiy olaman halos?Nega?!Ha, tushunarli. Menga esda qoladigan bir tahallus yetishmayotibdi ekan.Endi yozgan narsalarim ostiga Tuqumbo‘y deb imzo otganim bo‘lsin -diliga tugdi Duduqbek Abdulsunduk.

Keyin yalangoyoq tashqariga chiqdi.Tashqarida qirchillama qahraton qish.

Tuqumbo‘y tizza bo‘yi qorda turtinib, popkasini qo‘ltiqlaganicha ishga jo‘nadi.Izg‘rinli shamol Tuqumbo‘yning bir yengi yo‘q yo‘l -yo‘l pijamasi etagidan kirib yenglaridan chiqar, pijamasi yelkan kabi shishgandan shishib borar edi.U sovuqdan qotib qolmaslik uchun har zamonda "Pitsa pishdimi?!" deb qo‘yardi.Izg‘irinli shamol esa hamon qorlarni ayovsiz shopirib, uyoqdan buyoqqa to‘zg‘itar, Tuqumbo‘y bo‘g‘zigacha qorlarga botib, qo‘tosday yo‘rtib, olg‘a intilardi.Nihoyat u bostirmaga o‘xshash avtobus bekatiga yetib oldi.Bostirma ostida qorako‘lteri yoqali palьtoga burkanib olgan qarimsiqbashara odam avtobus kutib turar, allaqanday filьtrsiz sigaretni bosib -bosib chekar, qor bosgan yo‘llarga parishon termulganicha o‘yga tolgandi.Tuqumbo‘y bostirma ostiga kirib, bir yengi yo‘q yo‘l -yo‘l pijamasidan qorlarni siltab tushirarkan, yo‘l -yo‘l, kalta cholvorining poychasidan iliklari ko‘rinib turgan yassitovon oyoqlari bilan bir ikki depsinib qo‘ydi.Keyin qorako‘lteri yoqali palьtoga burkangan qarimsiqbashara tund yo‘lovchining o‘ychan, qayg‘uli yuzlariga asta ko‘z qirini tashladi.Yo‘lovchi esa bostirma ustuniga yelka tiraganicha hamon chekar, parvoyi falak edi.

- Tovba, bunday salom alik qilishni ham bilmaydigan yovvoyi odam ekan -o‘yladi Tuqumbo‘y.Kutilmaganda Tuqumbo‘yni yo‘tal tutdi.U kolxozning o‘pkasi ilma -teshik bo‘lib ketgan kasal qo‘yiday tilini chiqarib, yo‘talaverdi, yo‘talaverdi, oxiri sillasi qurib, zo‘riqishdan bo‘ynigacha qizarib ketdi.Bo‘g‘ilib, bir yengi uzilib tushgan pijamasining yoqalarini ochish maqsadida bo‘yinbog‘ini yechmoqchi bo‘ldi.Lekin bo‘yinbog‘ qattiq tugilib qolgani uchun uni bo‘shatishning iloji bo‘lmadi.Qarimsiq yuzli tund yo‘lovchi o‘zining yo‘tali bilan o‘y -hayollariga xalal bergan Tuqumbo‘yga o‘qrayib qarab qo‘ydi. Tuqumbo‘y qorako‘lteri yoqali palьtoga burkangan qarimsiqbashara yo‘lovchiga gap otdi: -A, bilasizmi, nima desamikin, sizga qanday tushuntirsam ekan, haligi... bo‘yinbog‘ bu latta hoch -dedi u.

Uning gapidan qorako‘lteri yoqali palьtoga burkangan qarimsiqbashara odam hayratga tushib, sigaret chekishdan bir zum to‘xtadi. Tuqumbo‘y davom etdi. -Bilasizmi, men nima uchun bugun ishga velosipedda bormayapman? -dedi u bir oyog‘i bilan ikkinchi oyog‘ini paypaslab. Qorako‘lteri yoqali palьtoga burkangan qarimsiqbashara yo‘lovchi indamadi. Ammo, g‘azablanib, sigaretni yanada burqsitibroq cheka boshladi.

-Tasavvur qiling, men velosiped xaydab ketyapman va muyulishdan xassaga tayanganicha munkillagan kampir chiqib qoldi. Velosipedimning esa tormozi yo‘q.Nima qilishim kerak?Albatta xalokatning oldini olish uchun rulьni bir tamonga buraman.Ammo kampir ham aksiga olib, men rulьni burgan tamonga qarab qochadi.Natijada tormozi ishlamaydigan agregatning g‘ildiragi kampirshoni chotidan rulь barobar ko‘taradi va biz ag‘anab tushamiz.Yaxshiyam kampirning baxtiga yerda qor bor deng. Kampir ikki qo‘lini ikki tamonga cho‘zganicha alchayib yotibdi.Xassasi ham xalokat sodir bo‘lgan joydan uncha uzoq bo‘lmagan masofada. Men qorlarni g‘arch -g‘urch bosib, kampirning yoniga yugirib borarkanman: -Kampirsho!Sizga nima bo‘ldi?!Ko‘zlaringizni oching!Meni qo‘rqitmang! -deya baqirib, zorillab yig‘layman.Kampir bo‘lsa o‘ziga kelib: -Qo‘rqma, jonim bolam, hammasi joyida.Qovurg‘amning singanini xisobga olamasa!Tashvish chekma, bir -ikki baklajka puvdasam qovurg‘am yana joyiga keladi -deydi kampir inqillab, xuddi to‘nkarilib qolgan toshbaqaday o‘nglanishga, o‘rnidan turishga harakat qilib.Yaxshiyam kampir insofli ekan.Bo‘lmasa qamalib ketishim mumkin edi -dedi Tuqumbo‘y.

Qorako‘lteri yoqali palьtoga o‘ralagan qarimsiqbashara yo‘lovchi Tuqumbo‘yga xavotirli qarab qo‘yarkan, badtar tezlamasiga olib cheka boshladi. Xuddi takyaxonada peshlangan chilimni chekayotganday bangiday bostirmaning ichini tutunga to‘ldirib yubordi.Tutunda qorako‘lteri yoqali palьtoga burkangan, qarimsiqbashara yo‘lovchi ko‘rinmay ketdi.Tuqumbo‘yni esa yana yo‘tal tutdi. -O‘xo‘ -o‘xo‘, o‘xxxxuv -uxxuv -o‘xxa -ixxim -ixi! -yo‘taldi u, xuddi yonayotgan uy ichida tutundan bo‘g‘ilayotgan odamday.Tuqumbo‘y nafas olgan sari uning bo‘g‘zi olislab borayotgan poyezdday ayanchli xushtak chalardi. Bir yengi yo‘q yo‘l -yo‘l pijamasining yoqasini bo‘shatishga esa tugilib qolgan bo‘yinbog‘i -latta xoch sira imkon bermasdi. -Tevarakka qalin tuman tushganga o‘xshaydi -deb qo‘ydi nixoyat Tuqumbo‘y tashvishlanib,kolxozning kasal qo‘yiday tilni chiqarganicha hamon quvv -quvv yo‘talib. Biroz vaqt o‘tgach, tumanda bostirma ustuniga yelka tiraganicha sigaret chekayotgan qorako‘l teri yoqali palьtodagi yo‘lovchining shamoili arvoxday xira ko‘rina boshladi. -Bilasizmi, yoshligimda bo‘yniga "Zenit" nomli fotoapparat osgan rasmchi kelardi.Biz bolalar "Rasmchi keldi! Rasmchiiii!" deya chuvvos solib uning ortidan chopardik.Odamlar o‘z oilasini jamlab: -O‘g‘lim, onangni chaqir! Ukalaringni ham! Kelinglar esdalikka suratga tushib, armiyadagi akanga yuboramiz! -deya xayqirardilar. Suratchi bo‘lsa, ularni saflab: -Ha, qani, manabu jo‘xoripoya ro‘parasida turinglarchi.Bu suratni ko‘rgan o‘g‘lingizning quroldosh do‘stlari "Bular olis Kubada shakarqamish plantatsiyalari fonida suratga tushishigan ko‘rinadir" deb rosa hayron bo‘ladi... Ho‘v, bola, sen o‘rtaga tur! Axa, shunday turinglar! Eee, sen qanaqa bolasan, axir? Itni xaydama, qo‘yaver,uyam o‘tiraversin cho‘nqayib.Tovuqlar ham donlayversin.Shunda surat tabiiy chiqadi!Ha, qani, kulib turinglar...Iye, sen nega ko‘cha fonusiday boshingni egib turibsan, ey bola?! E, tovba qildimey!Xuddi dafn marosimidagidek bosh egib turishingni qara! Boshingni ko‘tar! Kul... Yo‘q, sen yaxshisi kulmay qo‘yaqolsang yashi ekan.Old tishlaring tushib ketibdi, alkashlarning tishlariga o‘xshab... Qolganlar kulib tursin! Diqqat, suratga olyapman! Bir, ikki, uch! Ana bo‘ldi!Suratlaringiz yanagi shu bugunga tayyor bo‘ladi! -derdi suratkash.Yana oq -qora tasvirda!Bugun, qarang, hukumatimiz sharofati bilan hammada qo‘l telefoni bor.Kissangizdan shundoq olib, birontasiga to‘g‘rilab, tugmachani bossangiz bo‘ldi. Vjik! Surat jonivor tayyor-da. Yana rangli!Videoga olsa ham bo‘ladi.Endi parast qiling.O‘sha men velohalokatga uchragan paytim chalpak bo‘lib yotgan kampirshoni o‘rnidan turishiga ko‘maklashayotgan xolatimni qo‘l telefoni yordamida videoga olib, "Kampirchi Tuqumbo‘y" deya Yutub portaliga chiqarib yuborsa, nima bo‘lishini tasavvur qilyapsizmi, yo yo‘qmi?Uyimizning chirog‘i yorim Latopatxon ketib qolsalar ro‘zg‘orni it quvib ketadiku!Kampirshoning cholichi!Yarim metr oshpichoqni olib, ko‘chama ko‘cha quvib yursin -a meni?!.. Tuqumbo‘y shunday deb, mo‘ldir -mo‘ldir oqayotgan ko‘z yoshlarini bir yengi yo‘q yo‘l -yo‘l pijamasining peshiga artganicha yelkalarini silkitib, astoydil yig‘lay boshladi.Buni ko‘rib, qorako‘lteri yoqali palьtoga burkangan qarimsiqbashara yo‘lovchi yelkasini bostirma ustuniga tirab, qo‘lidagi bichokni to lablari kuyib qolguncha chekaverdi. Tuqumbo‘y ko‘z yoshlarini yo‘l -yo‘l pijamasining etagiga shosha pisha artib, jilmayarkan, qorako‘lteri yoqali paltoga o‘rangan tund, qarimsiqbashara yo‘lovchiga mehr bilan qaradi. -Bilasizmi, men endi yozuvchilikni tashlayman.Fermer xo‘jaligi ochib, eshak boqaman.Eshaklar juda tez ko‘payadi.Hash -pash deguncha yaylovda tsirkchilarning uzun qamchisi bilan havoni qarsillatib, uyur -uyur eshaklarni u yoqdan bu yoqqa xaydayman.Daxshatli girdobday aylanayotgan eshaklar uyuri vaximali guvillarkan, ularning tuyoqlari lolaqizg‘aldoqlar ochilib yotgan bepoyon dashtlarni larzaga keltiradi.Vox, u eshaklar jo‘r bo‘lib hangrab qolsa, ko‘ring tamoshani.Chiyyy ooooooo!Chiyyy ooooooo!I-a! I-а!degan xunuk ovozlar tutib ketadi vatanimizni! Siz hech eshaklar jangini ko‘ganmisiz?Voy bu eshaklaaaar!Yirik -yirik kurak tishlari bilan bir birlarini shunaqa tishlaydi, shunaqa tepadi!Xullas, eshaklarni sotib, pulim ko‘paysa, uyimda xususiy qamoqxona ochib, maxbuslarga namunali xizmat ko‘rsataman... Siz shunga nima deysiz? -dedi Tuqumbo‘y.Bu gaplarni eshitgan qorako‘lteri yoqali palьtoga burkangan qarimsiqbashara yo‘lovchi tutunini tutuniga ulab chekayotgan sigaretini tashladida, Tuqumbo‘yga yaqin kelib, kutilmaganda uni xippa tamog‘idan bo‘g‘di.Qorako‘lteri yoqali palьtoga o‘rangan qarimsiqbashara yo‘lovchi Tuqumbo‘yni shu qadar nafrat bilan bo‘g‘a boshladiki,bir yengi yo‘q yo‘l yo‘l pijama kiygan Tuqumbo‘yning daxshatdan ko‘zlari chaqchayib, tili saxroda chanqagan quzg‘unning tiliday chiqib, jon talvasasida tipirchilay boshladi.Shu payt tomiga g‘o‘zapoya bostirilgan bostirma yaqiniga avtobus kelib to‘xtadi.Qorako‘lteri yoqali palьtoga o‘rangan qarimsiqbashara yo‘lovchi shundagina Tuqumbo‘yning tamog‘ini qo‘yib yuborarkan, katta -katta qadamlar bilan shaxdam yurib borib, avtobusga chiqdi va shaharga jo‘nab ketdi.

 

 

Hikoyaning davomi bor va u juda qiziq.O‘qib, kulaverib qotasiz.

 

"Muvozanat" saytini kuzatib boring.


 

 

Xoldor Vulqon

 

“Savob ishni har kim har kuni qilishi kerak”

Islom Karimov

 

Savob topish juda oson

 

 


Odamlar  yavmul jazoda,dashti qiyomatda, maxshar maydonida boshimga soyabon bo‘larmikan degan umidda miskin, beva bechoralarga hayru ehsonlar qiladi, molining zakotini beradi,tinmay ibodat qiladi, ro‘za tutadi,  xajga boradi hamda vaqti kelib,  o‘zining barcha yaxshi ko‘rgan narsalaridan judo bo‘lajagini, parvarish qilgan lo‘ppi yuzlari, do‘rri lablari, qaddi sumbati chirib, sarg‘aygan suyak kemiklari uqalanib, asrlar osha qorong‘u qabrda yolg‘iz yotajagini o‘ylarkan, joynamoz ustida xo‘ng -xo‘ng yig‘laydi.
Ba‘zilar bo‘lsa, savob amallari qilishga moliyaviy jixatdan qodir emasligini o‘ylab o‘ksinadi.Aslida esa, savob ishlashning moliya talab qilmaydigan yo‘llari ko‘p.Misol uchun, odamzod  orttirgan o‘z hayotiy tajribalariga tayanib, boshqalarni to‘g‘ri yo‘lga sola bilsa, shu ham juda katta savob bo‘lib uning xisobiga yozilaveradi.Mana, men ham hozirgina savob ishlamoq uchun shu maqolani yoza boshladim. Ya‘ni ortdirgan hayotiy tajribamga tayanib, kibru havosini, nafsini jilovlay olgan insonlarga ko‘rinishidan oddiy, ammo juda muhim bir mas‘alani aytmoqchiman.Men o‘z hayotimda Muhammad deb ism qo‘yilgan juda ko‘p odamlarni ko‘rdim.Bu muborak ismni yarimta aytib nom qo‘yganlar bilan to‘g‘ri foydalanganlar o‘rtasidagi tafovutni taqqoslab, xulosa chiqardimki, Payg‘ambarimiz ismlarini chala aytib nomlangan odamlar hayotda ro‘shnolik topmaganlarini ko‘rdim.Qishlog‘imizda Maman degan bola bor edi.Ammo Andijon Qishloq xo‘jaligi institutida o‘qiydigan, Muhammad deb ism qo‘yilgan o‘sha yigitni hamma Maman deyaverib, oxiri u qimorga berildi.Qarzni to‘lash uchun sigir o‘g‘irlab, qamaldi.Qamoqdan chiqib, mayga mukkasidan ketdi va bir kuni mast xolatda anxorga tushib ketib, g‘arq bo‘ldi.Uning jasadi to‘g‘onga ilinib qolgan ekan.Endi ko‘xna tarixdan bir misol keltiray.Qo‘rboshi Madaminbekning oyoq -qo‘lini arqon bilan bog‘lab, pichoq yordamida  qo‘yday so‘yishdi.Aslida u qo‘rboshining ismi Muhammadaminbek edi.Unga noto‘g‘ri ism qo‘yishgani uchun ham qo‘rboshi shunday fojiyali o‘lim topdimikin deymanda.Hamma Shermat deydigan qo‘rboshi Shermuhammadbek ham janglarda mag‘lub bo‘lib, Vatandan ketib, Afg‘onistonda yashadi, Turkiyada olamdan o‘tdi.Muhammad ismini Mamat, Mamadali, Mamatali, Mamatkarim, Matqovul  deb ham bo‘lmaydi.Muhammadkarim,Muhammadqobil desa boshqa gap. O‘zingiz o‘ylang, Muhammadqosimni Mamaqo deb yurishsa,Muhammadmusoni MATMUSA deb mazax she‘rlar yozishsa, shu yaxshimi?Muhammadrahimni Mamareym desa, Muhammadisxoqni Mamatsaq, Muhammadsiddiqni Mamasidiq, Muhammadsodiqni Mamasodiq desa, Xudoyam xafa bo‘lib ketmaydimi?Aynan shu sabab, Muhammad ismini noto‘g‘ri qo‘llangani uchun u kabi insonlarning hatto kelajak avlodlari ham azobu uqubatlarga giriftor bo‘ladilar. Bunday misollar juda ko‘p.Men ularni nomba nom sanamoqchi emasman.Endi ismlari Muhammad deya to‘liq aytilgan insonlar hayotiga nazar tashlang.Muhammad Ali degan bokschini dunyoda tanimagan odam juda kam bo‘lsa kerak.O‘zimizning Muhammadsodiq Muhammadyusuf shayx darajasidagi buyuk olim bo‘lib yetishdi.Muhammadqodir Abdullayev boks bo‘yicha olimpiada chempioni.Muhammad Yusuf dongdor shoir bo‘ldi.Muhammad Ali O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasiga rayis, Muhammadkarim el ardog‘idagi yaxshi hofiz va hokozo.Xudodan savob umidida yana shuni ham aytamanki, kimning ismida yoki familiyasida Mat qo‘shimchasi bo‘lsa, o‘sha qo‘shimchani Muhammad deya o‘zgartirib olsinlar.Nurmat bo‘lsa Nurmuhammad, Xolmat bo‘lsa Xolmuhammad, Pirmat bo‘lsa Pirmuhammad, Ermat bo‘lsa Ermuhammad, Do‘smat bo‘lsa Do‘stmuhammad qabilida.Ismlarini va otasining yoki bobosining ismini to‘g‘rilab olganlar, vaqti kelib, menga rahmat aytadilar, haqqimga duo qiladilar, Inshoollo.

 

 

 

18 yanvarь, 2014 yil,

Tungi soat 9 dan 8 daqiqa o‘tdi.

Kanada.

 

 

Xoldor Vulqon

Badiiy adabiyot bo‘yicha xalqaro "Naslediye" mukofotining nomzodi

Sal o‘ylabroq gapiraylik

 


Qarang, mustaqillik sharofati bilangina O‘zbekistonda adabiyot  shiddat bilan san‘atga aylanib borayotgan emish va adabiyotga mahalliy hukumat tamonidan hech qanday zug‘um yo‘q ekan.Ya‘ni tsenzura mavjud emas demoqdalar.

Do‘stlarimiz meni kechirsinlaru, bu gaplar g‘irt yolg‘on.

Agar adabiyotga zug‘um bo‘lmaganida taqdir taqazosi bilan chet ellarda yashayotgan yoniq -yorqin shoirlarimiz, yozuvchilarimizning asarlari ham mamlakat nashriyotlarida nashrdan chiqarilayotgan va kitob magazinlari va kutubxonalar peshtahtasida turgan bo‘lardi.

Modomiki kitoblar, qo‘lyozmalar, mualliflar qatag‘on qilinayotgan ekan, sizlar nimaga asoslanib, "O‘zbekistonda adabiyotga umuman tazyiq - ta‘qiqilar yo‘q" deya yolg‘on so‘zlamoqdasizlar?

Bir narsa aniqki, sizlar shaloq kursingizdan ayrilib qolish havotirida, yoki yanada balandroq kursiga o‘tirish ta‘masida yolg‘on so‘zlashga majbur bo‘layapsizlar, o‘z vijdonlaringizga qarshi bormoqdasizlar.

Sizlarning aytishingizcha, o‘zbek adabiyoti faqat mustaqillikdan keyingina san‘atga aylanayotgan emish.

Bu so‘zlaringiz bilan sovet davrida sakllangan Abdulla  Qodiriy, G‘afur G‘ulom, Abdulla Oripov, Erkin Vohidov, Said Ahmad, Anvar Obidjon, Rauf Parfi, Muhammad Solix, Shavkat Rahmon, Usmon Azim,Hamid Ismoil, Olim Otahon, Hurshid Do'stmuhammad,Maqsud Bekjon,Salomat Vafo, Iqbol Mirzo, Sharif Ahmedov, Eshqobil Shukr, Nazar Eshonqul, To‘xtamurod Rustamov, Abduvali Qutbiddin, Halima Ahmedova kabi qator shoir yozuvchilarimizning san‘at darajasidagi ijodlarini qaysi xandakka uloqtirmoqdasizlar?

Aytishlaringizcha, u asarlar publitsistika vazifasini o‘tagan emishlar.

Sizlar o‘zi nima karomat ko‘rsatdingizlarki, adabiyotimiz haqida bunday be‘mani gaplarni katta minbarlardan turib, beodoblarcha aljiramoqdasizlar?

Sizlarning yozishingizcha, yozuvchilar o‘z badiiy asarlari bilan muammolarni ko‘tarmasligi, faqat san‘at bilan shug‘illanishi kerak ekan.

Nima Sizlar, Xalqaro Nobel mukofoti sovrindorlari Lev Tolstoydan ham, Ernest Xemingueydan ham san‘atkorroq bo‘lib ketdilaringmi?

Axir Nobel Mukofoti sovrindori Uilyam Folknerning o‘z asarlari bilan irqchilikka qarshi kurashganini bilmaysizlarmi?Yo irqchilik muammo emasmi?

Uning bir asarida qizil tanlilar qabilasining Makkatuba degan  sardori bo‘ladi va uni malaylar zambilga solib ko‘tarib yurishadi.Chunki u semizligi bois o‘zi yurolmas, ovqatni ham unga boshqalar yedirib qo‘yar, azbaroyi semizligidan qorni ko‘pchigan xamirday zambildan osilib yuradi.Bir kuni Makkatuba o‘lib qoladi va  indeytslar urf odatiga ko‘ra qabila sardorini kerakli anjomlari, oti, iti hamda sodiq quli bilan birga ko‘mish kerakligini aytadilar.Buni yaxshi bilgan Makkatubaning qora tanli sodiq quli qochib ketadi.Qul changalzor o‘rmonlar oralab, botqoqlarga botib, och -naxor sillasi qurib, uzoq qochib yuradi va bir xarobaga berkinib oladi.Ammo ta‘qib qilguvchilar qulning xididan sezib, uni xarobada qo‘lga oladilar.Keyin kallasini kesib, Makkatuba bilan birga dafn qilish maqsadida qulni lagerga olib kelisharkan, uning  so‘ngi iltimosini bajaradilar.Ya‘ni unga bir cho‘mich suv beradilar.Qul bechora o‘z umrini biroz bo‘lsa ham cho‘zish uchun suvni juda sekin ichadi.Lekin uning och biqiniga turtib, suvni tezroq ichishga qistaydilar.Oxiri, qul yutgan suvlar qon bilan aralashib cho‘michga qaytib tushadi.

Nima, sizlarning fikringizcha Folknerning bu asari publitsistikami, yo san‘at asari emasmi?U o‘sha hikoyasi bilan o‘z davrining irqchilik muammosini ko‘taribdiku.

Endi Lev Tolstoyning "Urush va tinchlik", Boris Pasternakning "Doktor jivago", Mixail Sholoxovning "Tinch Don" asarlarini bir yoqqa qo‘yib turaylikda, Ernest Xemingueyning "Chol va dengiz" asariga e‘tiborimizni qarataylik.

Xemingueyning mazkur asarida qari chol, sobiq baliqchi o‘zining hali kuchdan qolmaganini namoish qilish uchun qayiqda yolg‘iz bir o‘zi ochiq dengizga chiqadi.U ming mashaqqatlar bilan ulkan nayzabaliqni tutib, qayiq biqiniga bog‘laydi va qirg‘oqqa sudrab olib chiqa boshlaydi.Chol baliqni qirg‘oqqa olib chiqqanda esa baliqning skileti qolgan edi halos.Uni akulalar tilka -pora qilib tashlagandi.Bu asarida buyuk Xeminguey jamiyatda biron hayrli ishga bel bog‘lagan ishbilarmon o‘z biznesini ming mashaqqat bilan yuritgunicha uning sarmoyasini jamiyatdagi ochofat, yeb to‘ymas zo‘ravonlar, "AKULALAR" tilka pora qilib, uning topgan -tutganini g‘ajib, quruq ustixonini qoldirishlariga ishora qiladi va aynan mana shu asari uchun Xeminguyey Nobel mukofotini oldi.

Nima, urushga qarshi kurashib, "Alvido qurol!" asarini yozgan Ernest Xeminguey asarlari ham sizningcha publitsistikami?

San‘at asari emasmi?

Sizlar qaysi san‘at haqida gapirmoqdasizlar?Hukumatga laganbardorlik san‘ati to‘g‘risidami?

Endi Lev Tolstoyning bir hikoyasiga to‘xtalamiz.Hikoyada Ivan degan odam uzoq safarga otlanadi.Ammo uning xotini otning jilovidan tutib eriga: -Ivan, tushimda sening sochlaring oppoq bo‘lib oqarib ketgan ekan.Shu safarga bormagin -deya yalinadi. Ammo Ivan: -E, xotin kishining tushiga har narsa kiraveradi, qoch yo‘limdan! -deya xotinini turtib, yo‘lga ravona bo‘ladi.U uzoq yurib, bir shahar chetidagi chimzorda dam olarkan, otni tushovlab, boshiga xurjunini qo‘yganicha uyquga ketadi.Ivanni jandarmlar tepib uyg‘otadi va qo‘llarini qayrib, xibsga olar ekanlar, uni vaxshiy qotillikda ayblay boshlaydilar.Ivan tabiiyki, bu aybni tan olmaydi.Shunda jandarmlar tintuv o‘tkazib, uning xurjunidan qonga belangan pichoqni topib oladilar.Shunday qilib, Ivanni noxaq uzoq yillik qamoq jazosiga maxkum etadilar.Ivan qamoqda qirq yil o‘tirib, qarib, sochlari paxtadek oqarib ketadi.Uni kameradoshlari hurmatlab, otaxon deyishadi.Bir kuni kameraga yangi qotilni qamaydilar.U kameradoshlar bilan o‘zaro suhbatda maqtanib, boshidan kechirganlarini hikoya qilarkan, banogoh o‘tmishda qilgan qotilligini va qonga belangan pichog‘ini bir uxlayotgan odamning xurjuniga solib qo‘yganini, u xarp odamni jandarmlar tutib ketganini aytib, kula boshlaydi.Buni eshitgan Ivan yuqori yarusdan sakrab tusharkan, tuxmatchi qotilning yoqasidan olganicha bo‘g‘ib, uni rosa do‘pposlaydi.-Ha, iflos!Senmiding o‘sha menga tuxmat qilgan?! Men seni deb, nohaq qamalib turmada qarib, chiridim! -deya tepkilayveradi.To‘s -to‘palonni eshitib, qamoqxona nozirlari kiradilar va voqeadan xabar topib, u haqda yuqoriga yetkazadilar.Shundan keyin Ivanni ozod qilish to‘g‘risida qaror qabul qilinadi.Bir kuni ertalab nozirlar kameraga kirarkan: -Ivan, narsalaringiz bilan kameradan chiqing! Mаna sizning ozod etilganingiz to‘g‘risidagi hujjat! -deya hayqiradilar.-Ana halos, otaxon ozodlikka chiqarkanlar! Uni tezroq uyg‘otinglar, tabriklaylik uni! -deyishadi kameradoshlar.Kimdir borib, Ivan tog‘a, otaxon, uyg‘oning! Siz ozod bo‘libsiz! -deya qari maxbusni uyg‘ota boshlaydi.Ammo, afsuski, bu payt qari maxbus Ivan olamdan o‘tib bo‘lgan edi.

Mana, Lev Tolstoy o‘z hikoyasida o‘sha zamonda, jamiyatda ro‘y beradigan - butunlay begunox odamlarni qamab, avaxtada chiritish muammosini ko‘taribdiku! Yo Tolstoyning asarlari ham publitsistikami? Shu narsalarni anglab yetmagan odamlarning adabiyot haqida gapirishga, san‘at darajasida ijod qilgan ijodkorlarimizni, adabiyotimizni oyoq osti qilishlariga  haqlari bormikan?Og‘aynilar, og‘zim bor ekan deb to‘g‘ri kelgan narsani gapirib yuboravermaylik. Ayniqsa, o‘zbek adabiyoti haqida gapirayotganda sal o‘zimizning yozgan chizganimizga ham qaraylik. Biz yozgan bitilg‘ilarni birov chin yurakdan astoydil o‘qiyaptimi o‘zi, yo‘qmi, torozi pallasiga qo‘yib, keyin gapirsak, gapimiz sal ishonchliroq chiqadi.

So‘zlarim kimlargadir og‘irroq botgan bo‘lsa, ular meni kechirsin.

O‘zim uchun emas, adabiyotimiz uchun qayg‘urdim va shu maqolani yozishga majbur bo‘ldim.

Hammaga birday hurmat bilan, X.V.

 

 

 

7 yanvar, 2014 yil.

Kunduz soat 1 dan 27 daqiqa o‘tdi.

Kanada.

 

 

 
Еще статьи...