Поиск

Xoldor Vulqon

 

“Savob ishni har kim har kuni qilishi kerak”

Islom Karimov

 

Savob topish juda oson

 

 


Odamlar  yavmul jazoda,dashti qiyomatda, maxshar maydonida boshimga soyabon bo‘larmikan degan umidda miskin, beva bechoralarga hayru ehsonlar qiladi, molining zakotini beradi,tinmay ibodat qiladi, ro‘za tutadi,  xajga boradi hamda vaqti kelib,  o‘zining barcha yaxshi ko‘rgan narsalaridan judo bo‘lajagini, parvarish qilgan lo‘ppi yuzlari, do‘rri lablari, qaddi sumbati chirib, sarg‘aygan suyak kemiklari uqalanib, asrlar osha qorong‘u qabrda yolg‘iz yotajagini o‘ylarkan, joynamoz ustida xo‘ng -xo‘ng yig‘laydi.
Ba‘zilar bo‘lsa, savob amallari qilishga moliyaviy jixatdan qodir emasligini o‘ylab o‘ksinadi.Aslida esa, savob ishlashning moliya talab qilmaydigan yo‘llari ko‘p.Misol uchun, odamzod  orttirgan o‘z hayotiy tajribalariga tayanib, boshqalarni to‘g‘ri yo‘lga sola bilsa, shu ham juda katta savob bo‘lib uning xisobiga yozilaveradi.Mana, men ham hozirgina savob ishlamoq uchun shu maqolani yoza boshladim. Ya‘ni ortdirgan hayotiy tajribamga tayanib, kibru havosini, nafsini jilovlay olgan insonlarga ko‘rinishidan oddiy, ammo juda muhim bir mas‘alani aytmoqchiman.Men o‘z hayotimda Muhammad deb ism qo‘yilgan juda ko‘p odamlarni ko‘rdim.Bu muborak ismni yarimta aytib nom qo‘yganlar bilan to‘g‘ri foydalanganlar o‘rtasidagi tafovutni taqqoslab, xulosa chiqardimki, Payg‘ambarimiz ismlarini chala aytib nomlangan odamlar hayotda ro‘shnolik topmaganlarini ko‘rdim.Qishlog‘imizda Maman degan bola bor edi.Ammo Andijon Qishloq xo‘jaligi institutida o‘qiydigan, Muhammad deb ism qo‘yilgan o‘sha yigitni hamma Maman deyaverib, oxiri u qimorga berildi.Qarzni to‘lash uchun sigir o‘g‘irlab, qamaldi.Qamoqdan chiqib, mayga mukkasidan ketdi va bir kuni mast xolatda anxorga tushib ketib, g‘arq bo‘ldi.Uning jasadi to‘g‘onga ilinib qolgan ekan.Endi ko‘xna tarixdan bir misol keltiray.Qo‘rboshi Madaminbekning oyoq -qo‘lini arqon bilan bog‘lab, pichoq yordamida  qo‘yday so‘yishdi.Aslida u qo‘rboshining ismi Muhammadaminbek edi.Unga noto‘g‘ri ism qo‘yishgani uchun ham qo‘rboshi shunday fojiyali o‘lim topdimikin deymanda.Hamma Shermat deydigan qo‘rboshi Shermuhammadbek ham janglarda mag‘lub bo‘lib, Vatandan ketib, Afg‘onistonda yashadi, Turkiyada olamdan o‘tdi.Muhammad ismini Mamat, Mamadali, Mamatali, Mamatkarim, Matqovul  deb ham bo‘lmaydi.Muhammadkarim,Muhammadqobil desa boshqa gap. O‘zingiz o‘ylang, Muhammadqosimni Mamaqo deb yurishsa,Muhammadmusoni MATMUSA deb mazax she‘rlar yozishsa, shu yaxshimi?Muhammadrahimni Mamareym desa, Muhammadisxoqni Mamatsaq, Muhammadsiddiqni Mamasidiq, Muhammadsodiqni Mamasodiq desa, Xudoyam xafa bo‘lib ketmaydimi?Aynan shu sabab, Muhammad ismini noto‘g‘ri qo‘llangani uchun u kabi insonlarning hatto kelajak avlodlari ham azobu uqubatlarga giriftor bo‘ladilar. Bunday misollar juda ko‘p.Men ularni nomba nom sanamoqchi emasman.Endi ismlari Muhammad deya to‘liq aytilgan insonlar hayotiga nazar tashlang.Muhammad Ali degan bokschini dunyoda tanimagan odam juda kam bo‘lsa kerak.O‘zimizning Muhammadsodiq Muhammadyusuf shayx darajasidagi buyuk olim bo‘lib yetishdi.Muhammadqodir Abdullayev boks bo‘yicha olimpiada chempioni.Muhammad Yusuf dongdor shoir bo‘ldi.Muhammad Ali O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasiga rayis, Muhammadkarim el ardog‘idagi yaxshi hofiz va hokozo.Xudodan savob umidida yana shuni ham aytamanki, kimning ismida yoki familiyasida Mat qo‘shimchasi bo‘lsa, o‘sha qo‘shimchani Muhammad deya o‘zgartirib olsinlar.Nurmat bo‘lsa Nurmuhammad, Xolmat bo‘lsa Xolmuhammad, Pirmat bo‘lsa Pirmuhammad, Ermat bo‘lsa Ermuhammad, Do‘smat bo‘lsa Do‘stmuhammad qabilida.Ismlarini va otasining yoki bobosining ismini to‘g‘rilab olganlar, vaqti kelib, menga rahmat aytadilar, haqqimga duo qiladilar, Inshoollo.

 

 

 

18 yanvarь, 2014 yil,

Tungi soat 9 dan 8 daqiqa o‘tdi.

Kanada.

 

 

Xoldor Vulqon

Badiiy adabiyot bo‘yicha xalqaro "Naslediye" mukofotining nomzodi

Sal o‘ylabroq gapiraylik

 


Qarang, mustaqillik sharofati bilangina O‘zbekistonda adabiyot  shiddat bilan san‘atga aylanib borayotgan emish va adabiyotga mahalliy hukumat tamonidan hech qanday zug‘um yo‘q ekan.Ya‘ni tsenzura mavjud emas demoqdalar.

Do‘stlarimiz meni kechirsinlaru, bu gaplar g‘irt yolg‘on.

Agar adabiyotga zug‘um bo‘lmaganida taqdir taqazosi bilan chet ellarda yashayotgan yoniq -yorqin shoirlarimiz, yozuvchilarimizning asarlari ham mamlakat nashriyotlarida nashrdan chiqarilayotgan va kitob magazinlari va kutubxonalar peshtahtasida turgan bo‘lardi.

Modomiki kitoblar, qo‘lyozmalar, mualliflar qatag‘on qilinayotgan ekan, sizlar nimaga asoslanib, "O‘zbekistonda adabiyotga umuman tazyiq - ta‘qiqilar yo‘q" deya yolg‘on so‘zlamoqdasizlar?

Bir narsa aniqki, sizlar shaloq kursingizdan ayrilib qolish havotirida, yoki yanada balandroq kursiga o‘tirish ta‘masida yolg‘on so‘zlashga majbur bo‘layapsizlar, o‘z vijdonlaringizga qarshi bormoqdasizlar.

Sizlarning aytishingizcha, o‘zbek adabiyoti faqat mustaqillikdan keyingina san‘atga aylanayotgan emish.

Bu so‘zlaringiz bilan sovet davrida sakllangan Abdulla  Qodiriy, G‘afur G‘ulom, Abdulla Oripov, Erkin Vohidov, Said Ahmad, Anvar Obidjon, Rauf Parfi, Muhammad Solix, Shavkat Rahmon, Usmon Azim,Hamid Ismoil, Olim Otahon, Hurshid Do'stmuhammad,Maqsud Bekjon,Salomat Vafo, Iqbol Mirzo, Sharif Ahmedov, Eshqobil Shukr, Nazar Eshonqul, To‘xtamurod Rustamov, Abduvali Qutbiddin, Halima Ahmedova kabi qator shoir yozuvchilarimizning san‘at darajasidagi ijodlarini qaysi xandakka uloqtirmoqdasizlar?

Aytishlaringizcha, u asarlar publitsistika vazifasini o‘tagan emishlar.

Sizlar o‘zi nima karomat ko‘rsatdingizlarki, adabiyotimiz haqida bunday be‘mani gaplarni katta minbarlardan turib, beodoblarcha aljiramoqdasizlar?

Sizlarning yozishingizcha, yozuvchilar o‘z badiiy asarlari bilan muammolarni ko‘tarmasligi, faqat san‘at bilan shug‘illanishi kerak ekan.

Nima Sizlar, Xalqaro Nobel mukofoti sovrindorlari Lev Tolstoydan ham, Ernest Xemingueydan ham san‘atkorroq bo‘lib ketdilaringmi?

Axir Nobel Mukofoti sovrindori Uilyam Folknerning o‘z asarlari bilan irqchilikka qarshi kurashganini bilmaysizlarmi?Yo irqchilik muammo emasmi?

Uning bir asarida qizil tanlilar qabilasining Makkatuba degan  sardori bo‘ladi va uni malaylar zambilga solib ko‘tarib yurishadi.Chunki u semizligi bois o‘zi yurolmas, ovqatni ham unga boshqalar yedirib qo‘yar, azbaroyi semizligidan qorni ko‘pchigan xamirday zambildan osilib yuradi.Bir kuni Makkatuba o‘lib qoladi va  indeytslar urf odatiga ko‘ra qabila sardorini kerakli anjomlari, oti, iti hamda sodiq quli bilan birga ko‘mish kerakligini aytadilar.Buni yaxshi bilgan Makkatubaning qora tanli sodiq quli qochib ketadi.Qul changalzor o‘rmonlar oralab, botqoqlarga botib, och -naxor sillasi qurib, uzoq qochib yuradi va bir xarobaga berkinib oladi.Ammo ta‘qib qilguvchilar qulning xididan sezib, uni xarobada qo‘lga oladilar.Keyin kallasini kesib, Makkatuba bilan birga dafn qilish maqsadida qulni lagerga olib kelisharkan, uning  so‘ngi iltimosini bajaradilar.Ya‘ni unga bir cho‘mich suv beradilar.Qul bechora o‘z umrini biroz bo‘lsa ham cho‘zish uchun suvni juda sekin ichadi.Lekin uning och biqiniga turtib, suvni tezroq ichishga qistaydilar.Oxiri, qul yutgan suvlar qon bilan aralashib cho‘michga qaytib tushadi.

Nima, sizlarning fikringizcha Folknerning bu asari publitsistikami, yo san‘at asari emasmi?U o‘sha hikoyasi bilan o‘z davrining irqchilik muammosini ko‘taribdiku.

Endi Lev Tolstoyning "Urush va tinchlik", Boris Pasternakning "Doktor jivago", Mixail Sholoxovning "Tinch Don" asarlarini bir yoqqa qo‘yib turaylikda, Ernest Xemingueyning "Chol va dengiz" asariga e‘tiborimizni qarataylik.

Xemingueyning mazkur asarida qari chol, sobiq baliqchi o‘zining hali kuchdan qolmaganini namoish qilish uchun qayiqda yolg‘iz bir o‘zi ochiq dengizga chiqadi.U ming mashaqqatlar bilan ulkan nayzabaliqni tutib, qayiq biqiniga bog‘laydi va qirg‘oqqa sudrab olib chiqa boshlaydi.Chol baliqni qirg‘oqqa olib chiqqanda esa baliqning skileti qolgan edi halos.Uni akulalar tilka -pora qilib tashlagandi.Bu asarida buyuk Xeminguey jamiyatda biron hayrli ishga bel bog‘lagan ishbilarmon o‘z biznesini ming mashaqqat bilan yuritgunicha uning sarmoyasini jamiyatdagi ochofat, yeb to‘ymas zo‘ravonlar, "AKULALAR" tilka pora qilib, uning topgan -tutganini g‘ajib, quruq ustixonini qoldirishlariga ishora qiladi va aynan mana shu asari uchun Xeminguyey Nobel mukofotini oldi.

Nima, urushga qarshi kurashib, "Alvido qurol!" asarini yozgan Ernest Xeminguey asarlari ham sizningcha publitsistikami?

San‘at asari emasmi?

Sizlar qaysi san‘at haqida gapirmoqdasizlar?Hukumatga laganbardorlik san‘ati to‘g‘risidami?

Endi Lev Tolstoyning bir hikoyasiga to‘xtalamiz.Hikoyada Ivan degan odam uzoq safarga otlanadi.Ammo uning xotini otning jilovidan tutib eriga: -Ivan, tushimda sening sochlaring oppoq bo‘lib oqarib ketgan ekan.Shu safarga bormagin -deya yalinadi. Ammo Ivan: -E, xotin kishining tushiga har narsa kiraveradi, qoch yo‘limdan! -deya xotinini turtib, yo‘lga ravona bo‘ladi.U uzoq yurib, bir shahar chetidagi chimzorda dam olarkan, otni tushovlab, boshiga xurjunini qo‘yganicha uyquga ketadi.Ivanni jandarmlar tepib uyg‘otadi va qo‘llarini qayrib, xibsga olar ekanlar, uni vaxshiy qotillikda ayblay boshlaydilar.Ivan tabiiyki, bu aybni tan olmaydi.Shunda jandarmlar tintuv o‘tkazib, uning xurjunidan qonga belangan pichoqni topib oladilar.Shunday qilib, Ivanni noxaq uzoq yillik qamoq jazosiga maxkum etadilar.Ivan qamoqda qirq yil o‘tirib, qarib, sochlari paxtadek oqarib ketadi.Uni kameradoshlari hurmatlab, otaxon deyishadi.Bir kuni kameraga yangi qotilni qamaydilar.U kameradoshlar bilan o‘zaro suhbatda maqtanib, boshidan kechirganlarini hikoya qilarkan, banogoh o‘tmishda qilgan qotilligini va qonga belangan pichog‘ini bir uxlayotgan odamning xurjuniga solib qo‘yganini, u xarp odamni jandarmlar tutib ketganini aytib, kula boshlaydi.Buni eshitgan Ivan yuqori yarusdan sakrab tusharkan, tuxmatchi qotilning yoqasidan olganicha bo‘g‘ib, uni rosa do‘pposlaydi.-Ha, iflos!Senmiding o‘sha menga tuxmat qilgan?! Men seni deb, nohaq qamalib turmada qarib, chiridim! -deya tepkilayveradi.To‘s -to‘palonni eshitib, qamoqxona nozirlari kiradilar va voqeadan xabar topib, u haqda yuqoriga yetkazadilar.Shundan keyin Ivanni ozod qilish to‘g‘risida qaror qabul qilinadi.Bir kuni ertalab nozirlar kameraga kirarkan: -Ivan, narsalaringiz bilan kameradan chiqing! Mаna sizning ozod etilganingiz to‘g‘risidagi hujjat! -deya hayqiradilar.-Ana halos, otaxon ozodlikka chiqarkanlar! Uni tezroq uyg‘otinglar, tabriklaylik uni! -deyishadi kameradoshlar.Kimdir borib, Ivan tog‘a, otaxon, uyg‘oning! Siz ozod bo‘libsiz! -deya qari maxbusni uyg‘ota boshlaydi.Ammo, afsuski, bu payt qari maxbus Ivan olamdan o‘tib bo‘lgan edi.

Mana, Lev Tolstoy o‘z hikoyasida o‘sha zamonda, jamiyatda ro‘y beradigan - butunlay begunox odamlarni qamab, avaxtada chiritish muammosini ko‘taribdiku! Yo Tolstoyning asarlari ham publitsistikami? Shu narsalarni anglab yetmagan odamlarning adabiyot haqida gapirishga, san‘at darajasida ijod qilgan ijodkorlarimizni, adabiyotimizni oyoq osti qilishlariga  haqlari bormikan?Og‘aynilar, og‘zim bor ekan deb to‘g‘ri kelgan narsani gapirib yuboravermaylik. Ayniqsa, o‘zbek adabiyoti haqida gapirayotganda sal o‘zimizning yozgan chizganimizga ham qaraylik. Biz yozgan bitilg‘ilarni birov chin yurakdan astoydil o‘qiyaptimi o‘zi, yo‘qmi, torozi pallasiga qo‘yib, keyin gapirsak, gapimiz sal ishonchliroq chiqadi.

So‘zlarim kimlargadir og‘irroq botgan bo‘lsa, ular meni kechirsin.

O‘zim uchun emas, adabiyotimiz uchun qayg‘urdim va shu maqolani yozishga majbur bo‘ldim.

Hammaga birday hurmat bilan, X.V.

 

 

 

7 yanvar, 2014 yil.

Kunduz soat 1 dan 27 daqiqa o‘tdi.

Kanada.

 

 

 

Xoldor Vulqon

 

 

Xalqqa xizmat qilish uchun prezident bo‘lish shart emas

 

 

 

Prezident degani kibrdan ko‘karib, g‘azabdan gezarib, shishib, ko‘pib, chiroyli kiyinib, kursida yalpayib o‘tiradigan odam emas, aksincha, oddiy, sodda, kechirimli, shu bilan birga talabchan, eng muhimi halol va adolatli bo‘lmog‘i kerak.Qolaversa u nomi mamlakat prezidenti bo‘lgani holda Xalqning chin ma‘nodagi xizmatkori, quli bo‘lmas ekan, unday prezident oxiri alamli balolarga giriftor bo‘ladi. Eng yomoni u o‘z avlodlarini ham xor qiladi.

Aqlli prezident esa, o‘zining yeldek zuvillab o‘tadigan muvaqqat umri mobaynida bir qatorgina ustu boshga, oddiy odamlar yeydigan taomga qanoat qilib, ichkilik ichishni, maishatni, ayshu ishratni yig‘ishtiradi,"voz -voz"liklardan saqlanadi,  elga yaxshilik qiladi, uning og‘irini yengil qilib, duolarini oladi, savob yig‘adi, oxiratda Haq Taolo roziligini topish, mangu saodat kalitini qo‘lga kiritish uchungina yashaydi, ishlaydi.Unday prezidentni Xalq Nelson Mandelani sevganday sevadi, xizmatlarini abadiy unutmaydi.O‘lsa qutuldik deya sevinmaydi.Aksincha, duvv duv ko‘z yosh to‘kib, chin yurakdan yig‘laydi, uning yoniq hotirasini parpirab yonayotgan chiroqday shamollardan avaylaydi, ardoqlaydi, u haqda afsonalar, qo‘shiqlar, dostonlar yaratadi.

Vaholanki Xalqqa xizmat qilish uchun odam albatta prezident bo‘lishi ham shart emas.Agar u insonning aqli butun bo‘lsa, o‘zining beminnat maslaxatlari bilan ham Xalq hayotini, tumush darajasini butun dunyo xalqlari havas qiladigan yuksaklikka ko‘tarishi, adolatli, halol hukmdorga davlatni to‘g‘ri idora qilishda yaqindan ko‘maklashishi mumkin.

Boyligi bo‘lsa,  o‘sha halol mablag‘larini KAShFIYoTLARNI RAG‘BATLANTIRIShGA, PATENTLAShGA SARFLAYDI. Negaki katta -kichik kashfiyotlar mamlakat iqtisodiyotini tez  boyitadi, o‘rta va kichik biznes tarmog‘idagi unimni, mamlakat eksport potentsialini misli ko‘rilmagan yuksakliklariga ko‘taradi. Faqat yangi kashfiyotlarga, kashshoflarga boy mamlakatgina o‘z xaridorgir tavarlari bilan jahon bozorini  egallaydi, nazorat qiladi.Unday mamlakatning yoshlari biron bir kashfiyot qilib, patentni qo‘lga kiritishga intilib yashaydi, o‘ylaydi.Bu bandlik yoshlarni diniy ekstremizm, radikal g‘oyalar qurboni bo‘lishdan saqlaydi.Bu soxa sport va shou biznesga qaraganda mamlakatimiz taraqqiyoti va tinchlik -osoyishtaligi uchun ming karra foydaliroqdir.Kashf va kashshoflik rivojlangan mamlakatda ixcham ishlab chiqarish korxonalari ko‘payib, aholi ish bilan ta‘minlanadi, homashyo qoqi bahosida qulog‘ini ushlab ketmaydi.Unday yurtda deyarli hamma ishlaydi.Xalq boyiydi.Yurt obod bo‘ladi.Unday mutaraqqiy xalqni dunyo taniydi, tan oladi, hurmat qiladi va u bilan xisoblashadi.

Mana, ko‘rdingizmi, men ham o‘zim bilmagan holda Vatanimiz iqtisodiyotini yuksaltirishga qodir beminnat bir muhim g‘oyani Xalqimizga in‘om qildim. Vaxolanki, bu kabi g‘oyalar menda juda ko‘p.Biz O‘zbekistonliklar har birimiz millatimizdan, irqimizdan, dinimizdan qat‘iy nazar, shunday fikrlamog‘imiz, el koriga yaraydigan foydali maslaxatlarni beminnat o‘rtaga tashlamog‘imiz kerak.G‘iybat, fisqu fasod, ur -sur, urushlardan, parokandaliklardan shu paytgacha hech kim, hech qaysi xalq foyda ko‘rgan emas, aksincha zarar ko‘rgan.

Kengroq fikrlashni o‘rganaylik.

 

 

 

 

 

13 dekabr, 2012 yil.

Kech soat 8 dan 23 daqiqa o‘tdi.

Kanada.

 

 

Xoldor Vulqon

 

 

Mulki xindu MARVdin kelsam topardim e‘tibor,

Shul erur aybim, Muqimiy, mardumi Farg‘onaman.

 

 

Muhammadaminho‘ja Mirzaho'ja o‘g‘li Muqimiy

 

 

Niqob haqida


Qadim zamonlar Turkmanistonning Marv(hozirgi Mari) shahrida Hoshim ibn Hakim degan odam o‘zini payg‘ambar deb e‘lon qildi.Hoshim yuziga yetti qavat oq ipak parda tutib yurar, va uning yuzini ko‘rmoqchi bo‘lganlarga "Niqobni ochsam, yuzimdan taraladigan kuchli ilohiy nurga dosh berolmay, ko‘zlaringizning qorachiqlari oqib tushib, ko‘r bo‘lib qolasizlar" deya  elni aldaydi, qo‘rqitadi.U  gaplarga ishongan sodda ishonuvchan odamlar Marvlik Hakim tarafdorlariga aylanadilar, imonidan ayrilib, dindan chiqadilar.Hatto ular firibgar Hakim ibn Hoshimga o‘z qizlarini tortiq qiladilar.Yolg‘onchi Hoshim Hakimning xaramida yuzdan ortiq xotini bor edi.Bir kuni bir jasur odam kutilmaganda bir hamla bilan Hakim ibn Hoshimning yuzidagi niqobini yulib oladi.Shunda odamlar qo‘rquv va hayratdan turgan joylarida bir lahza qotib qoladilar.Ma‘lum bo‘lishicha, Marvlik hakimning yuzida ilohiy nurdan asar ham yo‘q bo‘lib, qo‘rqinchli mohov yuzlari va sochlari to‘kilib ketgan boshi yiringdan irib, bilchillab ketgan ekan. Odamlar hayrat va qo‘rquvdan ag‘rayib turgan payt Marvlik yolg‘onchi Hakim ibn Hoshim juftakni rostlaydi, qochib ketishga muvaffaq bo‘ladi, g‘azablangan olomon esa uni quvib yetolmay qoladi.Shu shu Marvlik Hakim ibn Hoshimning siyosiy karьerasi ostiga suv ketadi, reytingi haddan tashqari darajada pastlab, oxiri u yuzlab xotinlariga zahar solingan sharoblarni aldab ichkizib, hammalarini bir vaqtning o‘zida o‘ldiradi.So‘ng o‘ziga sodiq bir qulning boshini kesib, jasadini ichida olov yonayotgan tandirga tashlaydi, o‘zini  ham o‘sha tandirda yonib ketdi deb e‘lon qiladi.Bu safar u eng so‘ngi va eng katta yolg‘onini ishlatib, insoniyatni, tarixni, kelajak avlodlarni chalg‘itdi, aldadi.Hanuzgacha uni tandirda yonib ketgan deb yuradilar. Aslida u niqobli yolg‘onchi Hakim ibn Hoshim qamishzor botqoqlarda odamlardan berkinib, yashrinib, xoru zorlikda o‘z ajali bilan o‘ladi.Marvlik yolg‘onchi Hakim ibn Hoshim yuzlari pes, mohov bo‘lganligi uchun unga chiroyli chehra ato qilmagan Xudoni yomon ko‘rar, yuragida Yaratganga nisbatan nafrat yotardi.U tartib bilan aylanayotgan sirli olamning mazmun mohiyati haqida tafakkur qilolmaydigan, aqli, farosati, bilimi ayanchli darajada sayoz, savodsiz kimsalarni yo‘ldan urib, isyonga, urushlarga yetakladi va ming -minglab begunox odamlarning qirilib ketishiga sababchi bo‘ldi.Xudo  kasallik va musibatlarga dosh berganlarni qiyomat kuni hamma havas qiladigan mangu mukofot bilan taqdirlashini, Unga qarshi chiqqanlarni esa shu dunyoning o‘zida ham alamli azoblar bilan jazolashi muhaqqaq ekanini  Marvlik niqobli yolg‘onchi Hakim ibn Hoshim o‘z tanasida his qildi, boshidan kechirdi va alaloxir afsus nadomat bilan quturgan itdek o‘ldi.Eng hayratlanarlisi, Marvlik Hakim ibn Hoshimga o‘xshagan niqoblilar bugungi amaldagi hukumat tarkibida ham, o‘zbek muxolifati deya aytiladigan tariqday tarqoq, bir birlarining bo‘g‘zini bulьdog itlar kabi g‘ajishga tayyor, boshvoqsiz guruxlar ichida ham bor.Birlari niqob ostida odamlarning uylariga, firmalariga bostirib kirsa, muxolifat deya aytiladiganlarning orasidagilar internetda niqob kiyib olib, bir birlariga turli bo‘xtonlar, tuxmatlar, xaqoratlarga bo‘ktirilgan izoxlarni yozadilar.Bu har ikkala tamondagi muqannalar  o‘zlarining qadimiy ustozlari Marvlik yolg‘onchi Hakim ibn Hoshim, umrining oxirida qanday xor bo‘lganini, Xudoning qahriga uchraganini, quturgan itday o‘lim topganini eslasalar, biroz fikr yuritib, idrok qilsalar, o‘z niqoblaridan voz kechgan bo‘lar edilar.Vaholanki, tibbiyot, aviatsiya, payvandchilik, metallurgiya,qilichbozlik sporti, asalarichilik  va kimyodan tashqari barcha sohalarda niqob kiyib ish ko‘rish qo‘rqoqlik, imonsizlik, xudosizlik alomatidir. Ular oxiratda asqotolmaydigan o‘z xo‘jayinlariga fanatlarcha qul bo‘lib qolgan iblisiy qotil, jinoyatchi ninzalarday tanilib qolishdan g‘oyat qo‘rqadilar.Sizning miyyangizga ham niqob ortiga o‘tib, shum niyatingizni amalga oshirish fikri kelgan mahal esingizni yig‘ib, tepamizda qarab turgan Parvardigori Olamni o‘ylang.Arzimagan o‘tkinchi qoniqishni deb oxiratda sizga berilishi mumkin bo‘lgan mangu mukofotdan ayrilib qolmang!Dunyo boyliklari, qudrati qo‘lingizda bo‘lsa ham, nafas olgan saringiz umringiz tobora qisqarayotganini, gunoxlaringiz uchun boshlig‘ingiz himoya qilolmaydigan, yashirib yo yashrinib bo‘lmaydigan niqobsiz SUD mahkamasiga yaqinlashayotganingizni o‘ylang! Birovlarning diliga nohaq ozor yetkazmang, ZULM qilmang!Yomon odatlardan - niqoborti yozishmalardan, xaqorat, tuxmat va bo‘xton toshlarini pistirmadan turib otishdan shu bugunoq, hoziroq tiyiling va bu nasixatlarim uchun u dunyoda ko‘zlaringiz to‘la jiqqa yosh bilan menga rahmatlar aytasiz!Siz hali uzoq deb o‘ylayotgan o‘lim va jazo kuni juda yaqin, juda ham yaqin!Gaplarimga ishonmasangiz, yeldek zuvillab o‘tib ketgan telba umringizni tasavvurga keltirib ko‘ring.Shunda inson umrining bir lahzali ekaniga yana bir bora amin bo‘lasiz.Uyg‘oning! Ko‘zlaringizni oching!

 

 

 

5 dekabrь, 2013 yil.

Erta tong.

Kanada.

 

 

Xoldor Vulqon

O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasining a‘zosi

Badiiy asarlar ko‘zgusida tarixlar aks etadi



Badiiy asarlar sehrli ko‘zgu - afsonaviy  Jahonoyna kabi bizga asrlar  xronikasini namoyish qiladilar.


Hazrati Alisher Navoiyning:


Yuzni gullardin bezabmu bizni qurbon aylading,

Yo yuzinga tegdi qonlar bizni qurbon aylagach.



deya yozgan misralarini tahlil qilishga harakat qilamiz.
Yuqoridagi baytlari  bilan Alisher  Navoiy  o‘sha olis zamonlarning jallodlari odamlarni qay yo‘sinda qatl etganini, jallod yuzlariga qurbonning qoni sachrashi kabi  mash‘um manzaralar  vositasida qilich  bilan  omma  ko‘zi  o‘ngida amalga oshirilgan qatl  saxnasini avlodlarga yetkazadi.
Shoir  yorining g‘amzalar  qilichi bilan boshini tanasidan judo qilganda ul go‘zalning yuzlariga maqtul oshiq, ya‘ni o‘zining qoni sachragani va shu sabab ma‘shuqaning yuzlari gulday qizargan  holatni   ifodalarkan, so‘z  bilan  ishlangan  mahobatli polotnoni tamosha qilayotgan odamday g‘azal qarshisida hayratdan bir laxza qotib qolasiz.
Navoiy bu go‘zal qatlning azoblari rohat ekaniga ishora qilib, mutlaq, mangu jannatga hukm qilingan shuhado kabi sevinadi.
Shu o‘rinda qatl so‘zining ko‘pligi “Qutul” ekanini muxtaram o‘quvchi bizdanda  yaxshiroq  bilsa kerak."Qatl" va "Qutul" so‘zlari o‘zakdosh.Lug‘otimizdagi arabiy "Qutul" so‘zi faqat dunyoviy zulmdan, yovdan halos bo‘lish ma‘nosini anglatibgina qolmay, balki oxirat azoblaridan qutulishga ham ishorat beradir.
Endi keyingi baytni qarang. U baytni o‘qir ekanmiz, qadimda bir o‘lkani bosib olgan xukmdor , o‘sha o‘lkaning vayron qilingan shaharlari o‘rnini omochda shudgorlatib, urug‘ ekkani to‘g‘risidagi faktlarni bilib olamiz.
G‘azal misralarining qatlamlarida qadimgi zamonlarning suratlari dinozavr suyaklari kabi diqqatimizni tortadi. Ayni paytda Alisher Navoiy yorning nozu istig‘nolari, sog‘inchli qiynoqlari xunrez hanjar va nayzalar kabi obod ko‘nglini xarobaga aylantirgani, hijron omochlarida shudgor qilib, sog‘inch urug‘ini ekib, yana u ekinlarni yashnatish uchun ko‘z yoshlari bilan sug‘orayotganidan hayratlanadi.


Tiyg‘ ila paykonlaring yetdi, ko‘ngil bo‘lgach xarob,

Suv quyib tuxm ekding ul kishvarni vayron aylagach.



"tuxum" degani urug‘ degan ma‘noni anglatadi.Hamma mavjudod tuxmdan,  urug‘dan vujudga keladi.Ya‘ni hamma narsa tuxmdan chiqadi.Jumladan odam bolasi ham.
G‘azalda pirimiz Navoiy hazratlari bug‘doy yo arpa urug‘ini nazarda tutganlar albatta.
Endi navbatdagi misralarga nazar tashlang.


Qon emaskim yopdi gulgun xulla jannat xozini,

Iishq maqtulin qatl aylarda uryon aylagach.


Qatl etilgan maqtulning avval uryon, ya‘ni yalong‘ochlantirilib so‘ng qatl etishdek mash‘um  manzarani so‘zlar yelkalari  yag‘ir  hammollar  kabi asrlardan asrga olib o‘tar ekanlar, shoir maqtul qonini uning tanasi ustiga yopilgan hullaga, Jannatda hurlar kiyib yurguvchi harir matoga o‘xshatadi. G‘azalda aks etdirilgan mudxish manzara vositasida qatldan so‘ng maqtul qonining hurlar kiyadigan harir mato - xulladay qizarishi  beixtiyor ko‘z oldimizga keladi.


Yana bir misolni Devonai Mashrabdan keltirish mumkin. Boborahim Mashrab “Yig‘larman” nomli g‘azalida :


Alololar etib butxona yig‘larman



– deya yozadi.
“Alololar etib” degani Butxonadagi nasroniylarning Xochga chormix qilingan o‘z payg‘ambarlari “Iisus Xristos qayta tirildi” ma‘nosidagi “Alleluya! Alleluya!” deya hayqirishlariga ishoradir. Ya‘ni Mashrab Olloxning ishqida o‘zini yo‘qotib, esi og‘ib, devona bo‘lib, hatto o‘z dinini ham unitib,  butxonalarga kirib, "alleluya!" deya elning ta‘nayu malomatlariga uchragani haqida zorlanmoqda. Bu misradagi so‘zlar qadimgi ota – buvalarimiz ham boshqa diniy urf – odatlarni, udumlarni juda yaxshi bilishgani haqida, va o‘sha zamonlarda ham diniy bag‘rikenglik bo‘lganidan darak beradi.Bunday misollarni istagancha keltirish mumkin deya o‘ylayman. So‘zlar ham arxiologik qazuv chog‘ida topilgan ko‘xna buyumlar kabi tarixlardan so‘ylaydi, ular moziyning xilvat hazinalarini oy kabi yoritadilar.
Endi yana Hazrati Alisher Navoiyga qaytamiz. Hazrat o‘zining “Topmadim” radifli g‘azalidagi misrada:


Bir kamon abro‘da tuzlukdin nishone topmadim



- deya yozadi. Bu qarama - qarshi ma‘noli so‘zlar o‘yinidan iborat misra Aruz vaznidagi "Tazod", ya‘ni zidlash san‘atining go‘zal namunasidir.
Shoir tazod san‘atini qo‘llarkan, kamon abro‘, ya‘ni egma qosh egriligini tuz, ya‘ni to‘g‘rilikka zidlaydi, qoshlari egma, ammo qalbi egri, xiyonatkor, satang ayollarda tuzlikdin - to‘g‘rilikdan hatto nishona ham topmadim – deydi.
Shu ma‘noda sohibqiron bobomiz Amir Temur hazratlarining kitobiga "Temur tuzuklari" deya nom berilishi ham mazkur kitob tuzlikka, ya‘ni to‘g‘rilikka yetaklaydigan qo‘llanma ekaniga ishoradir.
Endi, zakiy o‘quvchilarda : "To‘g‘ri" ma‘nosini anglatguvchi so‘zning biz iste‘mol qilguvchi ne‘mat bo‘lmish tuzga nima aloqasi bor?" degan savol tug‘ilishi tabiiy.
Bu o‘rinda "Tuz" so‘zi ovqat ta‘mini to‘g‘rilovchi mazmunida iste‘mol qilinadi.
O‘zbeklar bolasiga ba‘zan: - Qilig‘ingni tuzat! - deb qo‘yadiki, bu ham qilig‘ingni to‘g‘rila, ya‘ni fe‘lingni tuzat deganidir.
"Tuzliq" so‘zi bilan "Tuzluk" so‘zlari ma‘no jixatidan farqli bo‘lsalarda, yaxshilikka yomonlik bilan javob qaytarguvchi, taomni yeb, dasturxonga ketini artib ketadigan kimsaning tuz saqlanadigan qutiga tuflashi, to‘g‘rilikka tuflash ma‘nosida uyg‘undir.
To‘g‘rilik esa tuz kabi zarur va muqaddas tushuncha.
Men "tuz" so‘zining asl ma‘nosini saqlab qololgan shaklini arab va fors so‘zlari interventsiyasi unchalik kuchli ta‘sir qilmagan, degradatsiyaga uchramagan qirg‘iz tilida ko‘rdim.
Taqdir taqozosi bilan Bishkek shahrida yashab yurgan vaqtlarim, bir kuni ko‘chada ketayotib, bir qirg‘iz yigitdan: "To‘go‘lo‘k mo‘lda ko‘shesi qay jerde?" deya yo‘l so‘radim.Qirg‘iz yigit: -Svetofordan qayrilib, tuz basasiz, bayke -dedi.Tuz basasiz deganda u to‘g‘ri yursangiz, To‘go‘lo‘k mo‘ldo‘ ko‘chasiga chiqasiz degan ma‘noda gapirdi.Tuz qirg‘iz tilida to‘g‘ri degan ma‘noni tashiydi.
Tuzatish - to‘g‘rilash mazmunini bildirsa, "Tuzum" so‘zi to‘g‘ri siyosat olib borguvchi tizim, ya‘ni qonun doirasida ishlaydigan siyosiy va ijtimoiy sistema ma‘nosiga ega.
Agar tuzum tuz bo‘lsa, ya‘ni to‘g‘ri bo‘lsa yaxshi.
Ha, so‘zlar vaqtning oydin sahrolari aro  zalvorli yukdan tuyalari bo‘kirib borayotgan vazmin karvonlardir.






11/08/2010.

Kunduz soat 4 dan 55 daqiqa o‘tdi.

Toronto shahri, Kanada

 

 

 

 
Еще статьи...