Поиск

muvozanat.info

Xoldor Vulqon

O'zbekiston Yozuvchilar uyushmasining a'zosi

 

O'rta Osiyoda ekologiya va suv muammolarini hal qilishga oid foydali taklif va mulohazalar


Oldindan aytib qo‘yay.Men ushbu maqolam bilan o‘zimni boshqalardan aqlli qilib ko‘rsatmoqchi emasman.

Aksincha, menga non -tuz, ilm berib, o‘stirib voyaga yetkazgan xalqimning oz bo‘lsada dardiga darmon bo‘lmoq, elimning tuzini oqlamoq maqsadidagina quyidagi maqolani yozmoqdaman.

Ma’lumki, Markaziy Osiyoda ekologik vaziyat yaxshilanishidan shu mintaqada yashaydigan barcha mamlakatlar birday manfaatdor.Shunday ekan,Kaspiy dengizidan Orol dengiziga suv olib kelish uchun Panama kanaliga o‘xshagan kanalni xashar yo‘li bilan qazish ishlarida O‘rta Osiyo mamlakatlari jon deb bosh qo‘shadilar va bu hayrli ishni amalga oshirish yo‘lida ular birgalikda harakat qiladilar.

Turkmaniston Respublikasining Prezidenti, Hukumati va aholisi ruxsat barsa, qo‘shnichilik ramzi bo‘lgan bu savobli ishga rozi bo‘lsa, mazkur DO‘STLIK kanalini Kaspiy dengizining qardosh Turkmaniston xududiga tegishli qismidan qazib kelinsa, biz taklif qilayotgan tarixiy loyixa bir muncha arzonga tushadi.Negaki bu masofa Qozog‘iston xududiga tutash Kaspiy dengizi sohillaridan Orol dengizigacha bo‘lgan masofaga qaraganda yaqinroq.

O‘zbekistonga qo‘shni qardosh mamlakatlar "Bizning suvga extiyojimiz yo‘q.Kaspiy dengizidan Orol dengiziga suv olib keladigan kanalni suvga muxtoj mamalakat o‘zi qazisin" deb bu hayrli ishdan bosh tortadigan mamlakat rahbarlari esa, Orol dengizining qurishi, ekologik muxitning buzilishi va shamolda uchadigan tuz va qum to‘zoni O‘rta Osiyo mintaqasida joylashgan barcha mamlakatlar uchun birday xavf tug‘dirishini, bugungi loqaydlik ertaga o‘nglab bo‘lmas tabiat kataklizmasiga aylanib, daxshatli oqibatlarga sabab bo‘lishi mumkinligini unitib qo‘ymasliklari kerak.

Endi ba’zilar: -Xo‘p, Kaspiy dengizidan Orol dengiziga kanal orqali suv olib kelindi ham deylik.Lekin dengiz suvi nafaqat iste’molga, balki dala ekinlarini sug‘orishga ham yaroqsizku? -deyishlari mumkin.

Ha, to‘g‘ri.

Lekin kanal orqali Kaspiy dengizidan olib kelingan dengiz suvi maxsus suv tozalash inshoatlarida filtrdan, diatom tuprog‘i, (opresnitel distilyator) qurilmasidan o‘tkazilib, tuzi cho‘ktrilsa va Gidroksin kalsiy yordamida kislotasi so‘ndirilsa, u mikroblari o‘ldirilgan suv nafaqat dala ekinlarini sug‘orishga, balki iste’mol uchun ham yaroqli suvga aylanadi.

Bunday inshoatlar yordamida dengiz suvini toza ichimlik suviga aylantirish tajribasini Amerika, Kanada va Isroil mamlakatlari misolida ko‘rish mumkin.

Isroil davlati avval Galiley dengizidan kanal orqali o‘z xududiga suv olib kelib, uni filtrlab, xatto cho‘l mintaqalarini ham ekinzoru bog‘ -rog‘larga aylantirgani bugun hech kimga sir emas.

Keyinchalik ular O‘rta Yer dengizidan suvni xuddi shu tariqa, kanal orqali o‘z mamlakati xududiga olib kelib, hozirda filtrlangan dengiz suvini tejab, tomchilab sug‘orish yo‘li bilan qaqrab yotgan yerlariga hayot bag‘ishlamoqdalar, qishloq xo‘jaligini yuksaltirib, bog‘dorchilik va agrar dexqon fermerchiligini yuqori darajada rivojlantirmoqdalar.

Ular aynan shu yo‘l bilan o‘z mamlakatlaridagi suv muammosini bartaraf qilishga erishdilar.

Biz yuqorida yozgan Kaspiy dengizidan kanal orqali orol dengiziga suv olib kelish yo‘lidagi qardosh, qo‘shni mamlakatlarning o‘zaro hamjixatligi allaqanday millatchilik, irqchilikka, panturkizm yoki panislomizm kabi radikal g‘oyalarga mutlaqo aloqasi yo‘q.

Qo‘shni qardosh mamlakatlar bir oila farzandlariday ahil inoq yashashlari bilan birga Rossiya, Xitoy, Yevropa va G‘arb mamlakatlari bilan ham dinidan va irqidan qat’iy nazar uyg‘unlikda, (garmoniyada) tolerant, ya’ni bag‘ri kenglik, o‘zaro hurmat va do‘stlikka qurilgan umuminsoniy g‘oyalar asosida yashamoqlari joiz.

Endi Kaspiy dengizidan Orol dengiziga suv olib kelishning O‘rta Osiyo mamlakatlari uchun asosiy foydalarini sanaymiz.

1.Orol dengizi suvga to‘ladi, O‘rta Osiyo mintaqasida izdan chiqqan ekologik muxit yaxshilanadi.

2.Kanal qurilishi davomida O‘rta Osiyo aholisining katta qismi ish bilan ta’minlanadi.

3.O‘zbekiston, Qirg‘iziston, Tojikiston mamlakatlarining eksport maxsulotlari kanalda qatnovi yo‘lga qo‘yiladigan suzuvchi transportlar yordamida Yevropa bozoriga olib chiqiladi.

4.Orol dengizida baliqchilik rivojlanadi, baliqlarni konservalaydigan,baliq uvildiriqlarini, ya’ni ikralarni qadoqlaydigan zavodlar evaziga dengiz bo‘yida yashaydigan Qozog‘istonning orolbo‘yi aholisi va Qoraqalpoqiston Avtonom Respublikasi, Xorazm vohasi, qardosh Turkmanistonning Xorazmga tutash O‘zbekistonga chegaradosh mintaqalaridagi aholisi ish bilan ta’minlanadi.

5.Kaspiy dengizidan keltirilguvchi suv yordamida qudratli elektrostansiyalarning turbinalarini ishga tushirish va ishlab chiqariladigan arzon elektr quvvati xisobiga O‘rta Osiyo mamlakatlari aholisini to‘la va uzuliksiz elektroenergiya bilan ta’minlash imkoniyati paydo bo‘ladi.

6. Bundan tashqari dengiz bo‘ylarida milliy bog‘lar, qo‘riqxonalar, dam olish maskanlari, plyajlar,sanatoriya - davolanish maskanlari, delfinariyalar, okeanariumlar, yaxtklublar barpo etilisa, mintaqada turizm ham rivojlanadi.

7.Bu o‘zaro hamjixatlik O‘rta Osiyodagi qardosh mamlakatlar do‘stligini mustaxkamlaydi.
O‘rta Osiyo mintaqasini ekologik nosozlikdan, iqtisodiy inqirozdan, o‘zaro janjalu urushlardan, vayronagarchiliklardan saqlaydi.


O‘rta Osiyo mintaqasida joylashgan qardosh va qo‘shni mamlakatlarning rahbarlari, turli ko‘zga ko‘rinmas, o‘rtabuzar g‘ayur kuchlarning fitna -provokatsiyalariga uchib, dedi dedi gaplarni ko‘paytirmasliklari, har bir so‘zni o‘ylab gapirib, aql bilan ish yuritmoqlari, o‘zaro janjallashmasliklari, aksincha mintaqada yuzaga kelgan va kelishi mumkin bo‘lgan ekologik, siyosiy -ijtimoiy muammolarni hamjixatlik bilan hal qilish san’atini o‘zlashtirmoqlari kerak.



19/10/2017.
Kunduz soat 12 dan 26 daqiqa o‘tdi.
Kanada, Onterio.

 

 

0_c3d3f_4c0c2109_XL (700x462, 134Kb)