Поиск

Lotin imlosida

Xoldor Vulqon

O'zbekiston Yozuvchilar uyushmasining a'zosi

 


Ma'yus chiroqlarning olmos chamani

(She'rlar va tarjimalar)



(Ushbu she'riy kitobimni mehribon onam Muhtaramxon Mirzajalol qizi va mening ikkinchi onam E'zozxon Kenjaevalarning porloq hotiralariga bag‘ishlayman.)X.V.

 

-------------------------------


Yillar uchib o‘tdi bamisoli o‘q,
G‘urbatda oqardi soch -soqol, murtim.
Men seni bir zum ham unutganim yo‘q,
Meni ham unutib yuborma, Yurtim!
X.V.

-------------------------


Xoldor Vulqon 1959 yili O‘zbekistonning Andijon viloyatida tug‘ilgan. Toshkent Milliy Universitetini tamomlagan.U 1975 yildan buyon badiiy ijod bilan shug‘illanadi. Shu kungacha u rus va o‘zbek tillarida to‘rtta she'riy to‘plam, qator hikoyalar, beshta povestь va ikkita roman yozgan. Shuningdek Xoldor Vulqon ko‘plab yapon shoirlarining she'rlarini o‘zbek tiligan tarjima qilgan. 1999 yildan buyon O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasining a'zosi. Taqdir taqozosi bilan Kanadada yashaydi. Mukofot va unvonlari yo‘q.

 




-----------------------
Tongi sukunat
------------------------


Toptalgan bahaybat samo gulhani,
Miltillaydi yulduz cho‘g‘lari hamon.
O‘z nuriga o‘zi xorg‘in chulg‘anib,
Oy suzar ohista mag‘ribga tomon.

G‘ira shira zulmat, tong sahar payti,
Osuda jimlikka tutaman quloq.
Bug‘doyzor tomonda qayta va qayta,
Bedana xotinin qo‘yar qumtaloq.


---------------------------
15/02/2020. Kanada, Onterio.




------------------
Ko‘klam chaqinlari
--------------------

Bog‘larga ochilgan darchalar romi,
Sukunatga cho‘mgan o‘tlog‘u dala.
Shivirlar bahorning yomg‘irli shomi,
Ohista, hech kimga bermasdan halal.

Yomg‘irli zulmatda uzoq yaqinlar,
Xayolga botganday charog‘on kunsiz,
Chaqnaydi olisda g‘amgin chaqinlar,
Osmon bilan yerni payvandlab unsiz.

---------------------------
16/03/2020.
Erta bilan soat 8:43.
Kanada, Ontario.




----------------
Niyyat
-----------------


Zulmatda chirildoq chirillagan on,
Odam bo‘lib, elning koriga yarab,
Yag‘ir do‘pping kiyib, yelkangda ketmon,
Dalalarda yursang yolg‘iz, suv tarab.

Yulduz inson ko‘zi ilg‘amas joyga,
Nayzaday sarosar uchsa ovozsiz.
Soatlab termulsang porlagan oyga,
Oddiy suvchi bo‘lsang, bo‘lsang savodsiz.

Shiypon tamondagi so‘rida yotsang,
G‘ir - g‘ir esaversa tungi shabada.
Uyg‘onsang to‘rg‘aylar chuldirayotgan,
O‘z ona yurtingda, tongi dalada.


------------------------------
7-avgust, 2010 yil.
Tungi soat 1:56.
Toronto shahri, Kanada.






---------------------
G‘ozlar galasining bo‘m -bo‘sh chelagi
----------------------

Yomg‘irdan keyingi musaffo havo,
Dov daraxt o‘y surar ko‘lmakka boqib.
Darchalardan yo‘lga termular avom,
Xayol degan cheksiz daryoda oqib.

Qushlar chug‘urlaydi, bulut tarqalar,
Yashnadi qaqragan xovuzning labi.
Majnuntol shamolda mahzun chayqalar,
Unsiz yig‘layotgan parizod kabi.

Ko‘lmaklar ko‘zgusi yotar bir yonda,
Marmarday yaltirar bog‘lar yo‘lagi.
G‘iyt - g‘iyt etar kuzgi g‘amgin osmonda,
G‘ozlar galasining bo‘m - bo‘sh chelagi.


--------------------------
9 iyul, 2011 yil.
Tungi soat 2:36.
Toronto shahri, Kanada.





----------------------
Kuzgi oynalarning unsiz ko‘z yoshi
----------------------

Yomg‘irlarda yaltiraydi tosh,
Qarar o‘ychan tabiat romdan.
Yog‘ayotgan yomg‘irmas, ko‘z yosh,
Ko‘zlaringdan duvillab tomgan.

Sen ketasan soyabon qo‘lda,
Olislaysan misoli ro‘yo.
Daraxt aksi, ko‘lmakli yo‘lda,
Cho‘kib yotar ko‘zguga go‘yo.

Firoq jismu jonim qiymalar,
Erib borar izlaringda qum.
Sen ketasan, g‘amgin oynalar,
Odam kabi yig‘laydi yum - yum.

----------------------------
31 iyul, 2011 yil.
Kunduz soat 1:29.
Toronto shahri, Kanada.



----------------------
Xazonlarga ko‘mildi yo‘llar
---------------------

Lovullab yonarkan kuzgi gulxanda,
Guv urar xayoli parishon bog‘lar.
O‘ychan kuz labida qaxrabo xanda,
Qag‘illar sukunat qo‘ynida zog‘lar.

Bodi izg‘irinda yalong‘och, yupun,
Yalang novdalari qolsa ham qaqshab,
Oppoq choyshab ichra uxlamoq uchun,
Bog‘lar yechinganda ayolga o‘xshab,

Olis o‘lkalardan kelganday qaytib,
Darchangdan to‘lin oy mo‘ralagan payt,
Adashgan yo‘lovchi singari daydib,
Goho tushlaringa kiramanmi, ayt?

---------------------------
13 avgust, 2011 yil. Kunduz soat 3:23. Toronto shahri, Kanada.




-------------------
Yolg‘izlik
-------------------

U stol ustida yotgan qog‘oz markaziga
qalam bilan nuqta qo‘yarkan, dedi:
- Bechora, qanchalar yolg‘iz u
qog‘ozning qor bosgan dalalarida!..
So‘ngra shosha pisha o‘chirgich bilan
o‘chirarkan nuqtani, o‘ziga o‘zi:
-Endi qorbo‘ronda ko‘rinmay ketdi -
dedi, qayg‘u bilan chuqur xo‘rsinib.
So‘ng deraza ortida bo‘ralab yog‘ayotgan
tungi laylakqorga termuldi uzoq.

-------------------------
05/02/2020.
Kech soat 5:55.
Kanada, Ontario.



----------------------------
Zulmatlarda uchqunlaydi qor
-------------------------

Bu xazon, ko‘zlari ojiz oshiqning
Qo‘lidagi o‘qilmagan xat.

Kimsasizlik, sukunat balki,
So‘zsiz qo‘shig‘idir soqov hofizning.

Men bo‘lsam,
Kuzgi dalalarda, tungi zulmatda
Yolg‘iz uvlayotgan qora shamolman.

Sen pastak deraza yonida,
Qirovli gulzorda bulbulni kutib,
Muzlab qolgan atirgulmisan?

Chirpirab uchayotgan qor uchqunlarichi?
Yorug‘ oynalarga talpinayotgan
Son - sanoqsiz oppoq parvonalarmi?..

Aytgil, nima uchun, kimni sog‘inib,
Sochlari quvv oqardi qishning?

-------------------------------
20 avgust, 2012 yil.
Kunduz soat 3:20.
Toronto shahri, Kanada




 

 

Обновлено (09.09.2022 22:44)

Подробнее...

 
Еще статьи...