Xoldor Vulqon


Tuqumbo‘y

(Hikoya)

 

Duduqbek Abdulsunduk ko‘zgugu qarab, bir yengi uzilib tushgan yo‘l -yo‘l pijamasiga bo‘yinbog‘ini taqarkan, teskari qilib o‘rnatilganday taasurot qoldirguvchi yelkasidagi o‘zining archilgan tuxumga o‘xshash beso‘naqay boshiga termulganicha bir zum o‘yga botdi.

- Boshimning hajmiga qaraganda men ham ancha katta yozuvchi bo‘lsam kerak? -taxminladi u.Ba‘zilar "Sening yozganlaring quruq bayonchilikdan, gazetaviy so‘zlardan tashkil topgan zerikarli bitilg‘idir.U bitilg‘ilar ichki musiqa, darddan mosuvo, suvu selsiz quruq so‘zlar to‘ppasi halos" deyishadi.Unda nega men yozgan narsalarni mening saviyamdagi adabuyatshunaslardan boshqa hech kim o‘qimaydi?Nega o‘z yozganlarimni o‘zim ham erinib, qiynalib, kezi kelsa, esnab yurib, zo‘rg‘a bir ikki qatorinigina o‘qiy olaman halos?Nega?!Ha, tushunarli. Menga esda qoladigan bir tahallus yetishmayotibdi ekan.Endi yozgan narsalarim ostiga Tuqumbo‘y deb imzo otganim bo‘lsin -diliga tugdi Duduqbek Abdulsunduk.

Keyin yalangoyoq tashqariga chiqdi.Tashqarida qirchillama qahraton qish.

Tuqumbo‘y tizza bo‘yi qorda turtinib, popkasini qo‘ltiqlaganicha ishga jo‘nadi.Izg‘rinli shamol Tuqumbo‘yning bir yengi yo‘q yo‘l -yo‘l pijamasi etagidan kirib yenglaridan chiqar, pijamasi yelkan kabi shishgandan shishib borar edi.U sovuqdan qotib qolmaslik uchun har zamonda "Pitsa pishdimi?!" deb qo‘yardi.Izg‘irinli shamol esa hamon qorlarni ayovsiz shopirib, uyoqdan buyoqqa to‘zg‘itar, Tuqumbo‘y bo‘g‘zigacha qorlarga botib, qo‘tosday yo‘rtib, olg‘a intilardi.Nihoyat u bostirmaga o‘xshash avtobus bekatiga yetib oldi.Bostirma ostida qorako‘lteri yoqali palьtoga burkanib olgan qarimsiqbashara odam avtobus kutib turar, allaqanday filьtrsiz sigaretni bosib -bosib chekar, qor bosgan yo‘llarga parishon termulganicha o‘yga tolgandi.Tuqumbo‘y bostirma ostiga kirib, bir yengi yo‘q yo‘l -yo‘l pijamasidan qorlarni siltab tushirarkan, yo‘l -yo‘l, kalta cholvorining poychasidan iliklari ko‘rinib turgan yassitovon oyoqlari bilan bir ikki depsinib qo‘ydi.Keyin qorako‘lteri yoqali palьtoga burkangan qarimsiqbashara tund yo‘lovchining o‘ychan, qayg‘uli yuzlariga asta ko‘z qirini tashladi.Yo‘lovchi esa bostirma ustuniga yelka tiraganicha hamon chekar, parvoyi falak edi.

- Tovba, bunday salom alik qilishni ham bilmaydigan yovvoyi odam ekan -o‘yladi Tuqumbo‘y.Kutilmaganda Tuqumbo‘yni yo‘tal tutdi.U kolxozning o‘pkasi ilma -teshik bo‘lib ketgan kasal qo‘yiday tilini chiqarib, yo‘talaverdi, yo‘talaverdi, oxiri sillasi qurib, zo‘riqishdan bo‘ynigacha qizarib ketdi.Bo‘g‘ilib, bir yengi uzilib tushgan pijamasining yoqalarini ochish maqsadida bo‘yinbog‘ini yechmoqchi bo‘ldi.Lekin bo‘yinbog‘ qattiq tugilib qolgani uchun uni bo‘shatishning iloji bo‘lmadi.Qarimsiq yuzli tund yo‘lovchi o‘zining yo‘tali bilan o‘y -hayollariga xalal bergan Tuqumbo‘yga o‘qrayib qarab qo‘ydi. Tuqumbo‘y qorako‘lteri yoqali palьtoga burkangan qarimsiqbashara yo‘lovchiga gap otdi: -A, bilasizmi, nima desamikin, sizga qanday tushuntirsam ekan, haligi... bo‘yinbog‘ bu latta hoch -dedi u.

Uning gapidan qorako‘lteri yoqali palьtoga burkangan qarimsiqbashara odam hayratga tushib, sigaret chekishdan bir zum to‘xtadi. Tuqumbo‘y davom etdi. -Bilasizmi, men nima uchun bugun ishga velosipedda bormayapman? -dedi u bir oyog‘i bilan ikkinchi oyog‘ini paypaslab. Qorako‘lteri yoqali palьtoga burkangan qarimsiqbashara yo‘lovchi indamadi. Ammo, g‘azablanib, sigaretni yanada burqsitibroq cheka boshladi.

-Tasavvur qiling, men velosiped xaydab ketyapman va muyulishdan xassaga tayanganicha munkillagan kampir chiqib qoldi. Velosipedimning esa tormozi yo‘q.Nima qilishim kerak?Albatta xalokatning oldini olish uchun rulьni bir tamonga buraman.Ammo kampir ham aksiga olib, men rulьni burgan tamonga qarab qochadi.Natijada tormozi ishlamaydigan agregatning g‘ildiragi kampirshoni chotidan rulь barobar ko‘taradi va biz ag‘anab tushamiz.Yaxshiyam kampirning baxtiga yerda qor bor deng. Kampir ikki qo‘lini ikki tamonga cho‘zganicha alchayib yotibdi.Xassasi ham xalokat sodir bo‘lgan joydan uncha uzoq bo‘lmagan masofada. Men qorlarni g‘arch -g‘urch bosib, kampirning yoniga yugirib borarkanman: -Kampirsho!Sizga nima bo‘ldi?!Ko‘zlaringizni oching!Meni qo‘rqitmang! -deya baqirib, zorillab yig‘layman.Kampir bo‘lsa o‘ziga kelib: -Qo‘rqma, jonim bolam, hammasi joyida.Qovurg‘amning singanini xisobga olamasa!Tashvish chekma, bir -ikki baklajka puvdasam qovurg‘am yana joyiga keladi -deydi kampir inqillab, xuddi to‘nkarilib qolgan toshbaqaday o‘nglanishga, o‘rnidan turishga harakat qilib.Yaxshiyam kampir insofli ekan.Bo‘lmasa qamalib ketishim mumkin edi -dedi Tuqumbo‘y.

Qorako‘lteri yoqali palьtoga o‘ralagan qarimsiqbashara yo‘lovchi Tuqumbo‘yga xavotirli qarab qo‘yarkan, badtar tezlamasiga olib cheka boshladi. Xuddi takyaxonada peshlangan chilimni chekayotganday bangiday bostirmaning ichini tutunga to‘ldirib yubordi.Tutunda qorako‘lteri yoqali palьtoga burkangan, qarimsiqbashara yo‘lovchi ko‘rinmay ketdi.Tuqumbo‘yni esa yana yo‘tal tutdi. -O‘xo‘ -o‘xo‘, o‘xxxxuv -uxxuv -o‘xxa -ixxim -ixi! -yo‘taldi u, xuddi yonayotgan uy ichida tutundan bo‘g‘ilayotgan odamday.Tuqumbo‘y nafas olgan sari uning bo‘g‘zi olislab borayotgan poyezdday ayanchli xushtak chalardi. Bir yengi yo‘q yo‘l -yo‘l pijamasining yoqasini bo‘shatishga esa tugilib qolgan bo‘yinbog‘i -latta xoch sira imkon bermasdi. -Tevarakka qalin tuman tushganga o‘xshaydi -deb qo‘ydi nixoyat Tuqumbo‘y tashvishlanib,kolxozning kasal qo‘yiday tilni chiqarganicha hamon quvv -quvv yo‘talib. Biroz vaqt o‘tgach, tumanda bostirma ustuniga yelka tiraganicha sigaret chekayotgan qorako‘l teri yoqali palьtodagi yo‘lovchining shamoili arvoxday xira ko‘rina boshladi. -Bilasizmi, yoshligimda bo‘yniga "Zenit" nomli fotoapparat osgan rasmchi kelardi.Biz bolalar "Rasmchi keldi! Rasmchiiii!" deya chuvvos solib uning ortidan chopardik.Odamlar o‘z oilasini jamlab: -O‘g‘lim, onangni chaqir! Ukalaringni ham! Kelinglar esdalikka suratga tushib, armiyadagi akanga yuboramiz! -deya xayqirardilar. Suratchi bo‘lsa, ularni saflab: -Ha, qani, manabu jo‘xoripoya ro‘parasida turinglarchi.Bu suratni ko‘rgan o‘g‘lingizning quroldosh do‘stlari "Bular olis Kubada shakarqamish plantatsiyalari fonida suratga tushishigan ko‘rinadir" deb rosa hayron bo‘ladi... Ho‘v, bola, sen o‘rtaga tur! Axa, shunday turinglar! Eee, sen qanaqa bolasan, axir? Itni xaydama, qo‘yaver,uyam o‘tiraversin cho‘nqayib.Tovuqlar ham donlayversin.Shunda surat tabiiy chiqadi!Ha, qani, kulib turinglar...Iye, sen nega ko‘cha fonusiday boshingni egib turibsan, ey bola?! E, tovba qildimey!Xuddi dafn marosimidagidek bosh egib turishingni qara! Boshingni ko‘tar! Kul... Yo‘q, sen yaxshisi kulmay qo‘yaqolsang yashi ekan.Old tishlaring tushib ketibdi, alkashlarning tishlariga o‘xshab... Qolganlar kulib tursin! Diqqat, suratga olyapman! Bir, ikki, uch! Ana bo‘ldi!Suratlaringiz yanagi shu bugunga tayyor bo‘ladi! -derdi suratkash.Yana oq -qora tasvirda!Bugun, qarang, hukumatimiz sharofati bilan hammada qo‘l telefoni bor.Kissangizdan shundoq olib, birontasiga to‘g‘rilab, tugmachani bossangiz bo‘ldi. Vjik! Surat jonivor tayyor-da. Yana rangli!Videoga olsa ham bo‘ladi.Endi parast qiling.O‘sha men velohalokatga uchragan paytim chalpak bo‘lib yotgan kampirshoni o‘rnidan turishiga ko‘maklashayotgan xolatimni qo‘l telefoni yordamida videoga olib, "Kampirchi Tuqumbo‘y" deya Yutub portaliga chiqarib yuborsa, nima bo‘lishini tasavvur qilyapsizmi, yo yo‘qmi?Uyimizning chirog‘i yorim Latopatxon ketib qolsalar ro‘zg‘orni it quvib ketadiku!Kampirshoning cholichi!Yarim metr oshpichoqni olib, ko‘chama ko‘cha quvib yursin -a meni?!.. Tuqumbo‘y shunday deb, mo‘ldir -mo‘ldir oqayotgan ko‘z yoshlarini bir yengi yo‘q yo‘l -yo‘l pijamasining peshiga artganicha yelkalarini silkitib, astoydil yig‘lay boshladi.Buni ko‘rib, qorako‘lteri yoqali palьtoga burkangan qarimsiqbashara yo‘lovchi yelkasini bostirma ustuniga tirab, qo‘lidagi bichokni to lablari kuyib qolguncha chekaverdi. Tuqumbo‘y ko‘z yoshlarini yo‘l -yo‘l pijamasining etagiga shosha pisha artib, jilmayarkan, qorako‘lteri yoqali paltoga o‘rangan tund, qarimsiqbashara yo‘lovchiga mehr bilan qaradi. -Bilasizmi, men endi yozuvchilikni tashlayman.Fermer xo‘jaligi ochib, eshak boqaman.Eshaklar juda tez ko‘payadi.Hash -pash deguncha yaylovda tsirkchilarning uzun qamchisi bilan havoni qarsillatib, uyur -uyur eshaklarni u yoqdan bu yoqqa xaydayman.Daxshatli girdobday aylanayotgan eshaklar uyuri vaximali guvillarkan, ularning tuyoqlari lolaqizg‘aldoqlar ochilib yotgan bepoyon dashtlarni larzaga keltiradi.Vox, u eshaklar jo‘r bo‘lib hangrab qolsa, ko‘ring tamoshani.Chiyyy ooooooo!Chiyyy ooooooo!I-a! I-а!degan xunuk ovozlar tutib ketadi vatanimizni! Siz hech eshaklar jangini ko‘ganmisiz?Voy bu eshaklaaaar!Yirik -yirik kurak tishlari bilan bir birlarini shunaqa tishlaydi, shunaqa tepadi!Xullas, eshaklarni sotib, pulim ko‘paysa, uyimda xususiy qamoqxona ochib, maxbuslarga namunali xizmat ko‘rsataman... Siz shunga nima deysiz? -dedi Tuqumbo‘y.Bu gaplarni eshitgan qorako‘lteri yoqali palьtoga burkangan qarimsiqbashara yo‘lovchi tutunini tutuniga ulab chekayotgan sigaretini tashladida, Tuqumbo‘yga yaqin kelib, kutilmaganda uni xippa tamog‘idan bo‘g‘di.Qorako‘lteri yoqali palьtoga o‘rangan qarimsiqbashara yo‘lovchi Tuqumbo‘yni shu qadar nafrat bilan bo‘g‘a boshladiki,bir yengi yo‘q yo‘l yo‘l pijama kiygan Tuqumbo‘yning daxshatdan ko‘zlari chaqchayib, tili saxroda chanqagan quzg‘unning tiliday chiqib, jon talvasasida tipirchilay boshladi.Shu payt tomiga g‘o‘zapoya bostirilgan bostirma yaqiniga avtobus kelib to‘xtadi.Qorako‘lteri yoqali palьtoga o‘rangan qarimsiqbashara yo‘lovchi shundagina Tuqumbo‘yning tamog‘ini qo‘yib yuborarkan, katta -katta qadamlar bilan shaxdam yurib borib, avtobusga chiqdi va shaharga jo‘nab ketdi.

 

 

Hikoyaning davomi bor va u juda qiziq.O‘qib, kulaverib qotasiz.

 

"Muvozanat" saytini kuzatib boring.