Поиск

Xoldor Vulqon

O'zbekiston Yozuvchilar uyushmasining a'zosi

 


Ma'yus chiroqlarning olmos chamani

(She'rlar va tarjimalar)



(Ushbu she'riy kitobimni mehribon onam Muhtaramxon Mirzajalol qizi va mening ikkinchi onam E'zozxon Kenjaevalarning porloq hotiralariga bag‘ishlayman.)X.V.

 

-------------------------------


Yillar uchib o‘tdi bamisoli o‘q,
G‘urbatda oqardi soch -soqol, murtim.
Men seni bir zum ham unutganim yo‘q,
Meni ham unutib yuborma, Yurtim!
X.V.

-------------------------


Xoldor Vulqon 1959 yili O‘zbekistonning Andijon viloyatida tug‘ilgan. Toshkent Milliy Universitetini tamomlagan.U 1975 yildan buyon badiiy ijod bilan shug‘illanadi. Shu kungacha u rus va o‘zbek tillarida to‘rtta she'riy to‘plam, qator hikoyalar, beshta povestь va ikkita roman yozgan. Shuningdek Xoldor Vulqon ko‘plab yapon shoirlarining she'rlarini o‘zbek tiligan tarjima qilgan. 1999 yildan buyon O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasining a'zosi. Taqdir taqozosi bilan Kanadada yashaydi. Mukofot va unvonlari yo‘q.

 




-----------------------
Tongi sukunat
------------------------


Toptalgan bahaybat samo gulhani,
Miltillaydi yulduz cho‘g‘lari hamon.
O‘z nuriga o‘zi xorg‘in chulg‘anib,
Oy suzar ohista mag‘ribga tomon.

G‘ira shira zulmat, tong sahar payti,
Osuda jimlikka tutaman quloq.
Bug‘doyzor tomonda qayta va qayta,
Bedana xotinin qo‘yar qumtaloq.


---------------------------
15/02/2020. Kanada, Onterio.




------------------
Ko‘klam chaqinlari
--------------------

Bog‘larga ochilgan darchalar romi,
Sukunatga cho‘mgan o‘tlog‘u dala.
Shivirlar bahorning yomg‘irli shomi,
Ohista, hech kimga bermasdan halal.

Yomg‘irli zulmatda uzoq yaqinlar,
Xayolga botganday charog‘on kunsiz,
Chaqnaydi olisda g‘amgin chaqinlar,
Osmon bilan yerni payvandlab unsiz.

---------------------------
16/03/2020.
Erta bilan soat 8:43.
Kanada, Ontario.




----------------
Niyyat
-----------------


Zulmatda chirildoq chirillagan on,
Odam bo‘lib, elning koriga yarab,
Yag‘ir do‘pping kiyib, yelkangda ketmon,
Dalalarda yursang yolg‘iz, suv tarab.

Yulduz inson ko‘zi ilg‘amas joyga,
Nayzaday sarosar uchsa ovozsiz.
Soatlab termulsang porlagan oyga,
Oddiy suvchi bo‘lsang, bo‘lsang savodsiz.

Shiypon tamondagi so‘rida yotsang,
G‘ir - g‘ir esaversa tungi shabada.
Uyg‘onsang to‘rg‘aylar chuldirayotgan,
O‘z ona yurtingda, tongi dalada.


------------------------------
7-avgust, 2010 yil.
Tungi soat 1:56.
Toronto shahri, Kanada.






---------------------
G‘ozlar galasining bo‘m -bo‘sh chelagi
----------------------

Yomg‘irdan keyingi musaffo havo,
Dov daraxt o‘y surar ko‘lmakka boqib.
Darchalardan yo‘lga termular avom,
Xayol degan cheksiz daryoda oqib.

Qushlar chug‘urlaydi, bulut tarqalar,
Yashnadi qaqragan xovuzning labi.
Majnuntol shamolda mahzun chayqalar,
Unsiz yig‘layotgan parizod kabi.

Ko‘lmaklar ko‘zgusi yotar bir yonda,
Marmarday yaltirar bog‘lar yo‘lagi.
G‘iyt - g‘iyt etar kuzgi g‘amgin osmonda,
G‘ozlar galasining bo‘m - bo‘sh chelagi.


--------------------------
9 iyul, 2011 yil.
Tungi soat 2:36.
Toronto shahri, Kanada.





----------------------
Kuzgi oynalarning unsiz ko‘z yoshi
----------------------

Yomg‘irlarda yaltiraydi tosh,
Qarar o‘ychan tabiat romdan.
Yog‘ayotgan yomg‘irmas, ko‘z yosh,
Ko‘zlaringdan duvillab tomgan.

Sen ketasan soyabon qo‘lda,
Olislaysan misoli ro‘yo.
Daraxt aksi, ko‘lmakli yo‘lda,
Cho‘kib yotar ko‘zguga go‘yo.

Firoq jismu jonim qiymalar,
Erib borar izlaringda qum.
Sen ketasan, g‘amgin oynalar,
Odam kabi yig‘laydi yum - yum.

----------------------------
31 iyul, 2011 yil.
Kunduz soat 1:29.
Toronto shahri, Kanada.



----------------------
Xazonlarga ko‘mildi yo‘llar
---------------------

Lovullab yonarkan kuzgi gulxanda,
Guv urar xayoli parishon bog‘lar.
O‘ychan kuz labida qaxrabo xanda,
Qag‘illar sukunat qo‘ynida zog‘lar.

Bodi izg‘irinda yalong‘och, yupun,
Yalang novdalari qolsa ham qaqshab,
Oppoq choyshab ichra uxlamoq uchun,
Bog‘lar yechinganda ayolga o‘xshab,

Olis o‘lkalardan kelganday qaytib,
Darchangdan to‘lin oy mo‘ralagan payt,
Adashgan yo‘lovchi singari daydib,
Goho tushlaringa kiramanmi, ayt?

---------------------------
13 avgust, 2011 yil. Kunduz soat 3:23. Toronto shahri, Kanada.




-------------------
Yolg‘izlik
-------------------

U stol ustida yotgan qog‘oz markaziga
qalam bilan nuqta qo‘yarkan, dedi:
- Bechora, qanchalar yolg‘iz u
qog‘ozning qor bosgan dalalarida!..
So‘ngra shosha pisha o‘chirgich bilan
o‘chirarkan nuqtani, o‘ziga o‘zi:
-Endi qorbo‘ronda ko‘rinmay ketdi -
dedi, qayg‘u bilan chuqur xo‘rsinib.
So‘ng deraza ortida bo‘ralab yog‘ayotgan
tungi laylakqorga termuldi uzoq.

-------------------------
05/02/2020.
Kech soat 5:55.
Kanada, Ontario.



----------------------------
Zulmatlarda uchqunlaydi qor
-------------------------

Bu xazon, ko‘zlari ojiz oshiqning
Qo‘lidagi o‘qilmagan xat.

Kimsasizlik, sukunat balki,
So‘zsiz qo‘shig‘idir soqov hofizning.

Men bo‘lsam,
Kuzgi dalalarda, tungi zulmatda
Yolg‘iz uvlayotgan qora shamolman.

Sen pastak deraza yonida,
Qirovli gulzorda bulbulni kutib,
Muzlab qolgan atirgulmisan?

Chirpirab uchayotgan qor uchqunlarichi?
Yorug‘ oynalarga talpinayotgan
Son - sanoqsiz oppoq parvonalarmi?..

Aytgil, nima uchun, kimni sog‘inib,
Sochlari quvv oqardi qishning?

-------------------------------
20 avgust, 2012 yil.
Kunduz soat 3:20.
Toronto shahri, Kanada




 

 








----------------
Qadimiy soat
----------------

Turnalar jo‘naydi janubga tomon,
Dalalarga cho‘kar sokin sukunat.
Ozod kezib yurar bog‘larda shamol,
Hanuz qamamabdi uni hukumat.

Kuzgi o‘t -o‘lanni bosadi titroq,
Qaqraydi chanqagan daryoning labi.
Osilib turibdi novdada yaproq,
Qadimiy soatning kafgiri kabi.

------------------
05/08/2022.
Kunduz soat 9:14.
Kanada, Onterio.




--------------
Kech kuz
--------------


Nechun qovog‘ingni uyasan, havo?
Nega achchiq achchiq yig‘lab, yomg‘irlar
ko‘chada ayovsiz savalar meni?
Ko‘lmak ham ataylab aks etdirar
oyog‘imni osmondan qilib.
Men sizlarga nima yomonlik qildim?
Bog‘dagi inlarini xuvillatib,
uchib ketgan bo‘lsa janubga qushlar,
ayb mendami?..


--------------------
02/08/2022.
Kunduz soat 10:12.
Kanada, Onterio.




---------------------
Xudojo‘y odam
--------------------

U Xudoga ishonadi, lekin Xudo ishonmas unga.

-----------------------------------
2021 yil, Kanada.




--------------------
Shom hasrati
--------------------

Olis okeanlar ortida qolgan,
Uy eshigi balki turar ochilib.
Va g‘amgin shu'lalar to‘shalgan polda,
Kitoblarim yotar sochilib.

Pastak kulbalarda chiroq yoqarlar,
Dalalar osuda sukutga cho‘mar.
So‘ngra yum - yum yig‘lab iskabtoparlar,
Shom hasratin sohilga ko‘mar.

Yulg‘un o‘sgan baland jarlar uzra jim,
Sas - sadosiz asta ko‘tarilsa oy,
Yorishib ketadi mening lablarim,
La'lin lablaringa muxr bosgan joy.

Yodga tushsa nogoh daryoning labi,
Yolg‘iz u damlarni eslasang gohi,
Tunni zirillatib chirildoq kabi,
Uzoq chirillaydi sevgi arvoxi.

-----------------------------
9 aprel, 2011 yil.
Kunduz soat 3:35.
Toronto shahri, Kanada.




-------------
Hijron
--------------


Izg‘irin darchalar oynasin yalar,
Qor bosgan yo‘llarning yo‘qday poyoni.
Qorchivinlar ko‘cha chirog‘in talar,
Tegmasa ham uning elga ziyoni.

Darichang ortida yog‘ar laylakqor,
Xushtak chalar ayoz qo‘lida chalg‘i.
Yostig‘ing yakkamas, bola chaqang bor,
Lek hamon dunyoda yashaysan yolg‘iz.

Tortganicha oyu yillar tanobin,
O‘tarkan shuncha yoz, bahoru qishlar.
Sen hamon ichasan ko‘z yosh sharobin,
Tunlar gazakiga yostig‘ing tishlab.

-------------------------------
13/02/2020. Kanada.




-------------------------
Subhi sodiq
-------------------------


Xaloyiq dong qotib uxlaydi hamon,
Qoraygan darchalar chirog‘i o‘chgan.
Daydib yurar dalli, devona shamol,
Xovlidan xovliga ko‘chgani ko‘chgan.

Yulduzlar to‘kilib xovuchlaridan,
Osmon ham uyquga ketar hoyna hoy.
Junjikib havoning sovishlaridan,
Bulut ko‘rpasiga burkanadi oy.

Sabo maysalarning sochini tarab,
Tong otar, shudringa yuzlarin yuvgan.
Ko‘zguga boqqanday, anhorga qarab,
Dov-daraxt tushini aytadi suvga.


------------------------
07/03/2022.
Tungi soat 9:28.
Kanada, Onterio.




--------------
Hotira
--------------

Esingda bo‘lsa, bundan roppa rosa
bir necha yuz ming mangulik muqaddam
uchrashib, tanishgan edik sen bilan.
G‘am qayg‘u, tashvish, dabdaba, boylik
butunlay begona edi biz uchun.
Qalin o‘t o‘lanli o‘tloqda ikov,
o‘ynab yurar edik, ishga ham bormay.
Anvoyi gullardan gulchambar yasab,
boshinga kiydirib qo‘yardim tojday.
U paytlar mening ismim - Odam,
sening isming, Havvo edi, sevgilim...

---------------
06/08/2022.
Kech soat 6:50.
Kanada, Onterio.




-----------------
Tungi yomg‘ir
-----------------


Tashqarida yomg‘ir, yarim tun.
Ichkarida esa, tanho bir o‘zing.
Pastak darichadan, xorg‘in va ma'yus
fonus yorug‘ida jimirlayotgan
ko‘lmaklarga boqasan uzoq.
Shovullar qulog‘ing chig‘anog‘ida
qadimiy dengizday yomg‘ir shovqini.
So‘ng, negadir, sening ham birdan
yig‘laging keladi unsiz, o‘ksinib,
lek yig‘lay olmaysan,
kimsasiz orolda yolg‘iz yashayverib,
yig‘lashni unutgan odam singari.
Adoqsiz va bo‘m - bo‘sh ko‘chada esa,
daydib yurar, yomg‘irda ivib,
yupun, yarim yalong‘och ruhing.
Itbaliqday titrar tomchilar
sovuq oynasida derazalarning.
Yo‘q, yo‘q, yomg‘irning chakida xaltasidan
tomayotgan chakkilar emas,
chiqillaydi devorda soat,
jimlikka ko‘milgan bombaday go‘yo.


------------------
06/03/2022.
Tungi soat 10:03.
Kanada, Onterio.




------------------
Qaxqaxa
--------------------


Bog‘larda sang‘iydi daydi shabboda,
Yulduzlar osilib turibdi arang.
Oy, meni kechirgil, bilmay, mobodo,
Tirnoqlagan bo‘lsam dildagi yarang.

Soching ustarada taglab qiribsan,
Mo‘ychinakda yulib, kiprigu qoshing.
Osmon sahrosida yolg‘iz yuribsan,
Archilgan tuxumga o‘xshaydi boshing.

Kezasan, kimnidir topolmay, istab,
Baqalar sohilda safsata sotar.
Taqir boshing ko‘rib, kulgisi qistab,
Bulbullar oydinda qaxqaxa otar.

-------------------
24/06/2022.
Kunduz soat 11:35.
Kanada, Onterio.




-------------------
Tappi
------------------



O‘tin, ko‘mir qimmat, quvirda gaz yo‘q,
Dov daraxtni kesib, tugatdim yoqib.
Qorin ochu, ammo doim ko‘ngil to‘q,
Shukr, yashayapman, uvadam oqib.

Mo‘rilardan aslo o‘rlamas tutun,
Qor qoplagan yo‘lda ko‘rinmas birov.
G‘uvillar yelvizak, kiyimim yupun,
Kulbam darchasini qoplabdi qirov.

Ishonmassiz balki, svet yo‘q desam,
Chiroq yonmasmikin to ro‘zi maxshar?
Yulduzlar eslatar cho‘g‘ni, oy esa,
Devorga yopilgan tappiga o‘xshar.


23/06/2022.
Kunduz soat 1:34.
Kanada, Onterio.




---------------------
Ipi qo‘ldan chiqqan pufak kabi oy
--------------------

Poyonsiz samolar saxrosida quyosh,
Dumalar yonayotgan shuvoq singari.
Dalalarga qo‘nar shom xasrati yuvosh,
Cho‘kar daryolarga oyning langari.

Chirildoq goh jo‘shib, gohida to‘xtab,
Chirillar, topolmay berkingani joy.
Ipi qo‘ldan chiqqan pufakka o‘xshab,
Osmonga ohista ko‘tarilar oy.

-----------------------------
25/01/2020.
Erta bilan 9:51. Kanada, Ontario.



-------------------
Tungi qo‘ng‘iroq
------------------

Yo‘lovchi turtinib borar ko‘chada,
Qorzarralar aro, ko‘zlab uyini.
Qaysidir darchada chiroq o‘chadi,
Chirpiraydi telba qorlar quyuni.

Qor hamon qiyalab yog‘adi tinmay,
Xaloyiq dong qotib uxlagan payti.
Zulmatlardan menga so‘ngi tramvay,
Qo‘ng‘iroq qiladi qayta va qayta.

---------------------------
24/02/2020.
Erta bilan soat 9:56.
Kanada, Ontario.



-------------------
Qat'iy qaror
------------------


Yetar daydiganim, qaytaman uyga,
Kechirgandir meni hokim hukumat.
Sog‘intirdi shamol kapalak quvgan,
Qadrdon dalalar, sokin sukunat.

Boshda yag‘ir do‘ppim, qo‘ltig‘imda qop,
Jo‘nayman o‘rilgan bug‘doyzor tomon.
Tig‘day yaraqlagan panshaxani ob,
El bilan dalada to‘playman somon.

Qaylardadir eshak xangraydi uzoq,
Maynalar qo‘nadi sigir shoxiga.
To‘xtab keng dalada, tutaman quloq,
Uzoqdan hasratli kakku ohiga.

Qadrdon so‘qmoqni izlab topaman,
Menga bosh irg‘aydi o‘tloqda biya.
Hayratdan ochilgan og‘zim yopaman,
Ari-pari kirib ketmasin deya.

Yolg‘iz, "Cho‘chqaxona"* tomonda yursam,
Dil qushim qutilgan kabi tuzoqdan.
"Zilolmos"* tarafda xayqirib, xursand,
Poyezd gudok berar menga uzoqdan.

-------------------------------
19/02/2020. Kanada.
"Cho‘chqaxona"* - biz yoshlikda futbol o‘ynab katta bo‘lgan qadimiy cho‘chqaxona xarobalari.
"Zilolmos"* - yuk tashuvchi poyezdalar o‘tadigan Kuyganyordagi yashil rangli metall ko‘prik.Zelenыy most.




-------------------
Landavur daraxtlar
--------------------

Zulmatda laylakqor yog‘ar bo‘ralab,
Pichirlaydi darcha, go‘yo alaxlar.
Oppoq qorlar kafaniga o‘ranib,
Menga bunday boqmang, daraxtlar.

Qaraysiz qor bosgan yo‘lga intizor,
Kafanday oqarar qor bosgan dala.
Kezaman, poyimda xurrak otar qor,
Qorbo‘ron uylarning oynasin yalar...

Yalang shoxingizda qirov yaraqlar,
Chiqmaydi kulbangiz tomidan tutun.
Ko‘mir bo‘lmasa ham, hech yo‘q, daraxtlar,
Nahot topolmaysiz bir bog‘lam o‘tin?..

-------------------------
29/02/2020.
Kunduz soat 12:20.
Kanada, Ontario.




--------------
Duo
--------------

Talpinganday aziz avliyolarga,
tongda yo‘l olaman yolg‘iz bir o‘zim,
olmoq uchun, hech kim yo‘qlamay qo‘ygan
kimsasiz, tumanli bog‘lar duosin.
Duo qilar meni mahzun pichirlab,
g‘arib, kuzgi yarim yalong‘och bog‘lar,
o‘ranib tumanlar uvadasiga.

---------------------
21/06/2022.
Erta bilan soat 7:23.
Kanada, Oterio.




-----------------
Yoz oqshomi
-----------------


O‘t -o‘lan kokilin avaylab tarar,
Daydi shabbodaning kemshik tarog‘i.
Bug‘doyzor ustida beg‘am, bezarar,
Yaraqlaydi oyning o‘tkir o‘rog‘i.

Oy borliqni oppoq nurga beladi,
Chirildoq chirillab qattiq charchagan.
Ilohiy shivirday kirib keladi,
Baqalar ovozi ochiq darchadan.

So‘lim salqin bog‘lar, yozning havosi,
Xomush porlar daryo ortida chiroq.
Po‘killar zulmatda ko‘ppak ovozi,
Qo‘l yetmas yulduzlar sen kabi yiroq.


--------------
24/06/2022.
Kunduz soat 11:57.
Kanada, Onterio.




-------------------
Qish kechasi
------------------

Derazam ortida qashqirga o‘xshab,
Izg‘irin shamolda uvillaydi sim.
Yo‘lda goh intilib, gohida to‘xtab,
Qorlarga belanib, borar allakim.

Ko‘chaga qarayman pastak darchadan,
Zulmat - qor qoplagan ibtidoiy g‘or.
Shahar uxlab yotar, itdek charchagan,
Fonus esa, loqayd maydalaydi qor.

--------------------
18/06/2022.
Kech soat 5:56.
Kanada, Onterio.




-------------
Avgust
-------------

Yolg‘iz o‘zim bilan o‘zim kengashib,
Dala dashtni kezdim, fe'limga ko‘ra.
Yo‘l mening ortimdan keldi ergashib,
Qayt! -desam, ortiga qaytmadi sira.

To‘rg‘ay vijirladi, ovozi tiniq,
Tutib olgim keldi, qo‘lim uzatib.
Daydi kapalaklar galasi meni,
Uyga yetgunimcha qo‘ydi kuzatib.

---------------
18/06/2022.
Kunduz soat 3:47.
Kanada, Onterio.




-------------------------
Qordan yorishadi ruhim dalasi
(Odil Ikromga)
--------------------------

Ohista o‘chirib, qora rangni qish,
Astoydil bo‘yaydi zulmatni oqqa.
Xaloyiq uxlaydi beg‘am, betashvish,
Qarayman qorlardan oqargan yoqqa.

Qorli tun, misoli ibtidoiy g‘or,
Ko‘chada darbadar shamol xushtagi.
Hamon o‘sha o‘sha, o‘zgarmapti qor,
Oy yoritgan dala kabi tushdagi.

Olisda oqarar qor bosgan dala,
Odamzod qadami yetmagan joydek.
Qor loqayd va beg‘am yog‘ar maydalab,
Qorong‘u kulbamni yoritib, oydek.


-------------------------
05/07/2022.
Kunduz soat 12:02.
Kanada, Onterio.



----------------------
Yulduzlar daryoga to‘kildi tutdek
----------------------

Bug‘doyzor tomonda so‘qmog‘u yo‘llar,
Chiziqlarga juda o‘xshar kaftdagi.
Shafaqdan qizardi daryoyu ko‘llar,
Botar ufqlarga quyosh lappagi.

Shom langar tashlagan o‘tloqda ayg‘ir,
Jimgina o‘tlaydi, ko‘tarmay boshin.
Oy asta yuksalar beg‘am, beqayg‘u,
Yoritib, suvdagi sohillar toshin.

Xas -xashak ilashgan etagin sudrab,
Shabboda ortimdan ergashdi itdek.
Qadam tovushimdan yulduzlar titrab,
Daryo suvlariga to‘kildi tutdek.

----------------------
17/06/2022.
Kech soat, 8:17.
Kanada, Ontario.




-------------------
Maqsad
------------------


Tom ustida g‘amgin porlayotgan oy,
Gapirsangchi axir, nimasan, kimsan?
Nechun telefonga javob berolmay,
Unsiz yig‘layotgan ayolday jimsan?

Daryoga sakrama, bu yo‘ldan qaytgin,
Dalalarni yorit, hunaring ishlat.
Boqib darchadan, u ayolga aytgil,
Tunlar yig‘lamasin, yostiqni tishlab.

Bir kun ko‘zlariga boqarman to‘yib,
Sakrab o‘tib, paxsa devordan boqqa.
So‘ngra, tizzasiga boshimni qo‘yib,
Topshiraman jonni janobi Haqqa.

--------------------
23/06/2022.
Kunduz soat 10:45.
Kanada, Onterio.




-----------------
Kuzataman mag‘ribga oyni
-----------------

Shudringlarda cho‘mildi o‘tloq,
Yellar bilmam chopadi qayga.
Xurar xorib, charchagan itlar,
Tom ustida porlagan oyga.

Sayoq shamol, devona, daydi,
Kezib yurar men bilan birga.
Oy uzoqroq xayol sursaydi,
Shuurimni to‘ldirib nurga.

Qizaradi darchalar ko‘zi,
Yoritgancha bir metr joyni.
Yarim kecha, yolg‘iz bir o‘zim,
Kuzataman mag‘ribga oyni.

---------------
18/06/2022.
Kunduz soat 11:25.
Kanada, Onterio.




----------------------
Sukunat
--------------------


Yolg‘iz odimlaysan o‘tloq tomonda,
Ko‘rinmaydi kuzgi yo‘llarda birov.
Sigiring izlaysan kuzgi tumanda,
Qoshu kipriginga qo‘nadi qirov.

Bog‘lar sukunatga, xayolga botgan,
Yostiq qilib yotar jimlik kovushin.
Tinglash uchun asta uchib tushayotgan,
Yaproqlarning mungli tovushin.

--------------------------
11/02/2020.
Erta bilan soat 8:16.
Kanada, Ontario.




-----------------
Qaldirg‘och
-----------------


Kuzda ketganingni sezmay qolamiz,
Ummonlar ustida uchasan oylab.
Xazonrez bog‘larda o‘yga tolamiz,
Olis o‘lkalardan qaytishing poylab.

Bo‘ronlar ham seni to‘solmas yo‘ldan,
Sarosar uchishni yig‘ishtir, yetar.
Uy olib Maslaxat yo Oltinko‘ldan,
Odamday bir joyda yashasang netar?

Har bahor xalloslab qaytib kelasan,
Qishlasangda Misr va yoki Chinda,
Chug‘ur chug‘ur sayrab, zavqqa to‘lasan,
Loylar marjonidan qurilgan inda.

Loyni iylarmishsan tumshug‘ing bilan,
Bu qanday guvalak, ayt, qanday usul?
Ko‘lmaklarda goho aytgancha o‘lan,
Cho‘milasan, vojib bo‘lganday g‘usl.

Bu yil yana izlab yashamoqqa joy,
Eshitdim, qaldirg‘och, kelibsan qaytib.
Yana in quribsan, tumshug‘ingda loy,
Bizni xasharga ham qo‘ymabsan aytib.

------------------------------
24 may, 2014 yil.
Tungi soat 1:17 daqiqa o‘tdi.
Kanada. Brempton shahri.




--------------------------
Seldan guvillaydi o‘tlog‘u dala
(Taniqli o‘zbek syurealist rassomi Xurshid Ziyoxonovga)
---------------------


Sharros quyar ekan shovqinli jala,
Guldirak faryodi olamni tutar.
Seldan guvillagan o‘tlog‘u dala,
Sharshara ortida ko‘rinmay ketar.

Lek shadid talo to‘p ko‘p o‘tmay yana,
Taqa taq to‘xtarkan, tinib qolar sel.
Osuda sukunat qo‘ngan ko‘chaga,
Xayolchan termular darchalardan el.

Shalobbo bog‘larda shodumon qushlar,
Chug‘ur chug‘ur sayrab, quyosh charaqlar.
Ko‘chada osmonu falakdan tushgan,
Bus - butun bir ko‘zgu yotar yaraqlab.

-------------------------
23/02/2020.
Kunduz soat 10:27.
Kanada, Ontario.




------------------
Yolg‘izlik
-----------------

Goho uzoqlashar, goh kelar yaqin,
Shamol o‘pkasini ilgancha cho‘pga,
Qilich yalong‘ochlar zulmatda chaqin,
Qaldiroq osmonni tutadi to‘pga.

Kuz kelsa, keng dala qolar xuvillab,
Qushlar ham yo‘l olar janubga tomon.
Darbadar, egasiz itdek uvillar,
Yaydoq dalalarda savdoi shamol.

Xochparchin qilingan Isoday yupun,
Qo‘riqchi yo‘llarga boqadi ilxaq.
Koyiydi o‘zini, olmagani uchun,
Qaytishga muhojir qushlardan tilxat.

Uzun yenglarini siltab galaga,
Qo‘riqchi raqs tushar, ko‘ylagi bo‘zdan.
Bechora, bir o‘zi biydek dalada,
Yolg‘iz yashayverib aqldan ozgan.

--------------------
15/06/2022.
Kech soat 8:14.
Kanada, Onterio.




----------------------
Tumanli dalalar
-----------------


Borliqqa hukmron kuzgi sukunat,
Tumanda daraxtlar ko‘rinar arang.
Paxta talab qilmay qo‘ydi hukumat,
Jimgina uyquni urmoqda dala.

Paxsa devorlarga yopilgan tappi,
Qish beg‘am qaydadir qayraydi qilich.
Quyuq tuman bosgan dalada kampir,
Sigirin izlaydi, qo‘lida xivich.

---------------------------
17/03/2020. Kanada.




------------------
Kuzgi sukunat
(Jurnalist Shodiyor Sayfga)
--------------------


Chorbog‘larda engak tashladi anor,
Kechki tolzorlarda qushlar janjali.
Alvon ufqlarning jaroxati qonar,
Ko‘kda turnalarning kumush xanjari.

Xazon to‘zg‘itadi daydi shabboda,
Gulxandan osmonga o‘rlaydi tutun.
Men esa, shunchaki, ochiq havoda,
Bog‘larni qo‘rqitib, yoraman o‘tin.


-------------------------
14/02/2020.
Kech soat 7:34.
Kanada, Ontario.




-------------------
Yo‘llar
-------------------


O‘sha o‘sha yomg‘ir va o‘shanday yo‘l,
Qachonlardir birga ikkimiz yurgan.
Jilmayding, ko‘z yoshdan kipriklaring xo‘l,
Ruhim zulmatlarin to‘ldirib nurga.

- Ikkimiz yurganda negadir ko‘cha,
Tez tugab qoladi - deganding to‘xtab.
Tun bo‘yi daydiyman, chiroqlar o‘char,
Sensiz ko‘chalarning poyoni yo‘qday.

----------------------
18/03/2020.
Kunduz soat 10:28.
Kanada, Ontario.




-----------------------
O‘rik gullagan kecha
-------------------------

Yulduzlar bosirqab, qaygadir uchar,
To‘lin oy to‘shaydi yo‘laklarga bo‘z.
Odamzod ko‘rinmas bo‘m bo‘sh ko‘chada,
Shu'lalardan qamashadi ko‘z.

Shabboda xovlidan xovliga shoshar,
Tunni zirillatar chirildoq ohi.
Ko‘chaga talpinar devorlar osha,
Oydinda gullagan o‘riklar shoxi.

-------------------------
13/03/2020.Kanada.




---------------------------
Qorlar shitirlashin tinglamoq uchun
--------------------------

Ruhing yorishadi, shuuringda mung,
Uylar mo‘risidan o‘rlaydi tutun.
Borliq sukut saqlar, qorzarralarning,
Mahzun shitirlashin tinglamoq uchun.

--------------------------------------
12/03/2020. Kanada.




-----------------
Van Gog
----------------


Qosh - kipriging, sochu soqoling malla,
Ko‘zlaring kirtaygan, yuzlaring chuvak.
Bint bilan o‘ralgan uchburchak kalla,
Yupqa lablaringda qimtilgan sumak.

Shtrixmi yo to‘zg‘ir kartinangda yung?
O‘qrayib qaraysan, qovog‘ing uyib.
Ranglar to‘zonida jilvalanar mung,
Ufqlarning etagi bormoqda kuyib.

U yoqda o‘t o‘lan dengizi bormish,
Hali tushmaganmish bug‘doyga o‘roq.
O telba musavvir, devona, darvesh,
Makoni yolg‘izlik, jandasi firoq.

Yulduzlar talaydi ko‘kni beomon,
Olis kulbalarda chiroq yoqarlar.
Umidvor termular botargox tamon,
Shomgi dalalardan kungaboqarlar.

-------------------------------
07/03/2020. Kanada.




-------------------------
Chigirtkalar yoprilishini kutib
-----------------------

Quyosh g‘amgin botar, sokin tong otar,
Xuvillaydi bog‘lar kun o‘tgan sayin.
Sambittol hasratli o‘ylarga botar,
Kokili shovullab shamolda mayin.

Qushlar faryodidan yorilgudek samo,
El qishni pinxona, orziqib kutar.
Oppoq chigirtkalar bo‘roni aro,
Hademay dala dasht ko‘rinmay ketar.

--------------------------
02/03/2020. Erta bilan soat 9:25. Kanada, Ontario.



-----------------
Oydindagi ko‘lmak
------------------


Xiqillaydi sutdek oydinda aprel,
Shar shur eriyverar qaxrli qorlar.
Dong qotib, go‘dakdek uxlab yotar el,
Darchalarning xorg‘in chirog‘i chorlar.

Yo‘llarda ko‘rinmas bironta odam,
Dov daraxt mung‘ayib, o‘yga botadi.
Vaqt soat bilan hamdam, hamqadam,
Oqsoqlanib, o‘ychan odim otadi.

Bahor ko‘z yoshlari chakillab tomdi,
Qolmadi qorlari erimagan joy.
Sumalaklar tushar qarsillab tomdan,
Termular ko‘lmaklar ko‘zgusiga oy.

--------------------------
08/03/2020.
Erta bilan soat 9:28.
Kanada, Ontario.




---------------------
Uchrashuv
-------------------


Oydin yoz kechasi, musaffo havo,
Ko‘kda yulduzlarga yetishmaydi joy.
Sokin sukunatda besas, besado,
Shu'lalar to‘shaydi dalalarga oy.

Tutdek to‘kiladi yulduzlar suvga,
Baqalardan shovla qaynatar sohil,
O‘t -o‘lanni kechki shudringlar yuvgan,
Zulmatlarni teshar chirildoq ohi.

Bo‘g‘iq akillaydi olisda itlar,
Yig‘laysan, ko‘ksimga qo‘yganingcha bosh.
Lablaring chetida omonat titrab,
Olmosday porlaydi bir tomchi ko‘zyosh.

--------------------------
06/03/2020. Kunduz soat 1:02. Kanada, Ontario.




---------------------
Ma'yus chiroqlarning olmos chamani
--------------------


Yoritib kimsasiz jim jit dalani,
Oy asta ilohiy nurlarin elar.
To‘zg‘ir giloslarning gulpallalari,
Sabo o‘t -o‘lanning boshini silar..

Bug‘doyzor ustida oyning o‘rog‘i,
Yulduzlar samoni talaydi bitday.
Osmon ishtonida bulut yamog‘i,
Shamol daydib yurar bog‘larda itday.

Olis olislarda chinqirib, chorlar,
Temir yo‘lning uchqur po‘lat samani.
Zulmatli dala -dasht ortida porlar,
Ma'yus chiroqlarning olmos chamani.

---------------------
05/03/2020.
Erta bilan soat 9:00.
Kanada, Ontario.




---------------
Horg‘inlik
---------------


Uzoqlarda faryod ko‘tarar poyiz,
Uxlar chiroqlarga talangan shahar.
Oy kezar dalalar ustida ma'yus,
El ulusni uyqu elitgan mahal.

Yulduzlar koinot kipriklarida,
Omonat ko‘z yoshi singari titrar.
Kimsasiz osuda zulmat qa'rida,
Horg‘in akillaydi qadrdon itlar.

----------------------
04/03/2020.
Kunduz soat 4:51.
Kanada, Ontario.




-----------------
To‘zg‘oq
----------------


Ko‘cha fonusini ayovsiz talar,
Oppoq qorchivinlar mo‘ri malaxdek.
Bo‘ronda mast alast garmonmi chalar,
Qalin qor qoplagan bog‘da daraxtlar?

Dalalar suprasi oqarib yotar,
Xaloyiq charchagan, yotibdi uxlab.
Shamol ko‘cha ko‘yda beg‘am, bexatar,
Tomdagi qorlarni to‘zg‘itar puflab.

Daraxtlar bir birin yurar axtarib,
Qo‘zg‘olganday go‘yo borliqda maxshar.
Xayoli parishon ko‘cha fonuslari,
Mahzun to‘zg‘iyotgan to‘zg‘oqqa o‘xshar.

------------------------
04/03/2020.
Erta bilan soat 9:43.
Kanada, Onterio.




----------------------
Shamol xushtak chalar etikdo‘z kabi
--------------------


Qushlar janub tamon uchmay netadi?
O‘gay kuz xaydasa, o‘zing o‘ylagin.
Tikonga ilinib, yirtilsa ham etagi,
Tuman sudrayverar ko‘ylagin.

Farrosh xazonlarni yoqadi, to‘plab,
Sovrilib yellarga orzu armoni.
Uchar suv o‘rniga havoni xo‘plab,
Osmon sahrosida qushlar karvoni.

Faqat Haqqa ayon maqsad, matlabi,
Ular uchar issiq o‘lkalar tamon.
O‘ychan hushtak chalar etikdo‘z kabi,
Dalalarda daydib zerikkan shamol.

------------------------------
03/03/2020.
Erta bilan soat 8:17.
Kanada, Onterio.




----------------------
Kakkuqushning ini
---------------------


Bir odam qo‘lida uzun tayoq bilan,
Kakkuqush iniga termulganicha uzoq
kutib turdi uning indan chiqishin.
Va nihoyat kulrang kakkuqush indan
boshin chiqargancha: - kakku! kakku! -deya
o‘zini unitib sayray boshladi.
Kutib turgan odam qulochkashlab turib,
qo‘lidagi tayoq bilan bir turtgan edi,
kakkuqush gilamga top etib tushdi.

-------------------------
22/02/2020. Kanada.




---------------------
Extiyoj ustiga qurilgan dunyo
-------------------


Sevgi nima?
Sevgi - bu chidab bo‘lmas ruhiy extiyoj.
Chidayotgan bo‘lsang, demak sevmabsan.
Bu extiyoj ustiga qurilgan dunyoda esa,
muxtoj bo‘lmagan, tilanchi bo‘lmagan
biror kimsa yo‘q.
Hamma nimagadir, kimgadir muxtoj.
Dunyo deb atalgan o‘tkinchi, muvaqqat
xijrat xujrasida hamma muxojir.
Besh to‘rt so‘m pul topgan kishi bo‘lib,
g‘aribroq odamga ko‘z qiri bilan qarab,
tishlarini kovlab, kekirgan kimsa
qilgan chala pucha ibodati evaziga,
bukchayib, tebranib, astoydil pichirlab
ko‘zlarida shashqator ko‘zyoshi bilan,
yig‘lab, tilanadi Xudodan sog‘lik,
molu mulk, uzoq umr, mansab, martaba
mag‘firatu sersoya Jannatlardan joy.
Ha, extiyoj ustiga qurilgan bu dunyoda
barcha extiyojmand, barcha tilanchi.
Derazadan yo‘llarga intizor boqqan
yetim kabi hamma mehrga muxtoj.

-------------------------
01/03/2020. Kanada.




------------------
Maqomat
------------------


Kuzning lablaridan arimas xanda,
Boshini yorsa ham sangi malomat.
Egnida xazondan tikilgan janda,
Misli piri murshid, sohibkaromat.

Qilt etmas xazonrez bog‘larda tuman,
Qiziqtirmas uni hokim, hukumat.
Kamtarin donishmand avliyosimon,
Vazmin xayol surar, saqlar sukunat.

-------------------------
29/02/2020. Kanada.



----------------------
Oydinda o‘riklar gullagan oqshom
----------------------


Oy somon yo‘liga shu'lasin to‘shar,
Yulduzlar uchquni chatnaydi gohi.
Navbahor loypaxsa devorlar osha,
Uzatar gullagan o‘riklar shoxin.

Yulduzlarga cheksiz koinot torday,
Jimirlar qoraygan osmon qozoni.
Oqartirar tungi yo‘lakni qorday,
O‘rik gullarining oppoq to‘zoni.

----------------------------
24/02/2020. Kanada.




-------------------

Jirafa bilan suhbat
----------------------


Jirafa, lallayib yurguncha, buytib,
Uzun bo‘yning cho‘zib, qarachi,
Ko‘rinarmi mening serquyosh yurtim,
Sohillarga tutash paxta dalasi?

Ko‘kqarg‘a, qaldirg‘och o‘yib, in qurgan,
Ilma teshik jarlar, misoli pishloq.
Daydi kapalaklar tentirab yurgan,
Soya salqin tolzor, qadrdon qishloq.

Shamol shovullagan qamishli sohil,
Uzoqda gulxanlar yotgandir tutab?
Tinglab kakkularning hasratli ohin,
Dexqonlar yurgandir sholisin o‘tab?

Qalin yog‘ochgardish ko‘zoynak taqqan,
Yo‘l qarab, mung‘aygan pastakkina uy.
Ko‘zyosh kabi toshib, limillab oqqan,
Daryo, bamisoli ohanrabo kuy.

Suvlar ko‘zgusini sindirib, butlab,
Chorloqlar chiyillab uchardi har tong.
Qirg‘oqda sigirlar yurardi o‘tlab,
Ko‘rinmayaptimi?
Attang...


-----------------------------------
23/02/2020. Kanada.




---------------------

Yoriltosh
(Akter Farxod Abdullayevga)
------------------------


Kulma, savol bilan murojaat etsam,
Yo‘l chetida yolg‘iz so‘ppaygan ey tosh!
Senda ham bormi qalb, bormi hasrat, g‘am,
Chiqarmi sening ham ko‘zingdan ko‘zyosh?

Sen ham sevganmisan birontasin, ayt?
Ko‘rganda tosh qotib, paypaslab ko‘ksing.
Sokin sukunatda, oy porlagan payt,
Ko‘z yosh to‘kkanmisan ovozsiz, o‘ksib?

Sening boshingni ham yorganmi yog‘iy?
Ko‘rinmas tosh bilan, ayt menga rostin.
Boshinga og‘irroq ish tushgan chog‘i,
Ko‘rib, ko‘rmaganga olganmi do‘sting?

Qanday mavjudotsan, nimasan, kimsan?
Kel, bugun lojuvard nurlarga qoril.
Gapirsangchi axir, ne uchun jimsan?
Tosh, sen ham tosh bo‘lib bir bora yoril!

----------------------------
29/07/2019. Kanada.




--------------------
Isiriq tutatar bog‘larda tuman
--------------------


Menga o‘xshab yalqov, bekorchimas shamol,
U yupun bog‘larni soliqqa tortar.
Qushlar uchib ketar janubga tomon,
Kundan kunga elning hayrati ortar.

Isiriq tutatar bog‘larda tuman,
Tiyramox qushlarni janubga quvgan.
Tol xovuz bo‘yida serrayar hamon,
Xayoli parishon, termular suvga.

Xazonlarni quvlab daydi shabboda,
Esib o‘tar ekan yonimdan shoshib,
Bitta bargni tutib oldim havoda,
Bosib ketmasin deb sho‘rlikni moshin.

-----------------------
21/02/2020.
Kechki soat 7:12.
Kanada, Onterio.



--------------
Shamol chalib o‘tdi yonimdan nayin
---------------


Vaqt o‘tgan sari bunda barchaning,
Qisqaradi umri soat ba soat.
Qorachig‘i oqib tushdi darchaning,
Oyning shu'lasiga qilolmay toqat.

Oydinda bemalol uxlolmas avom,
Mening ham tun bo‘yi daydishim tayin.
Yolg‘iz odimlashda etarkanman davom,
Shamol chalib o‘tdi yonimdan nayin.


---------------------
21/02/2020.
Kech soat 5:42.
Kanada, Onterio.




---------------
Mo‘jiza
--------------


Qor tilsiz soqov deb senga kim aytdi?
U so‘zlay oladi, qo‘shiq ham kuylar,
Qorzarra to‘zoni to‘zg‘igan payti,
Ko‘rinmay ketganda dalayu uylar.

Soyabon ostida ko‘chada yursang,
Bir o‘zing, salmoqli qadamlar tashlab.
Soyaboning chertib, o‘zicha xursand,
Qor asta shivirlab, gapira boshlar.

---------------------
21/02/2020. Kanada.



------------------------
San'at asari
-----------------------


Xona devoriga qo‘yilgan ilib,
Qo‘li gul rassomning san'at asari.
Unda xoru xazon yotar titilib,
Shamol bilmas bosar tusarin.

Ko‘milib yotarkan xazonlarga yo‘l,
O‘ylarim xazoni to‘zg‘ib, sochildi.
Kartinaga asta tegizgandim qo‘l,
U kuzgi bog‘ tomon qiya ochildi.

----------------------------
20/02/2020. Kanada.




----------------------
Qo‘nar dala - dashtning sochiga qirov
-----------------------


Xorigan yaproqlar daqiqa sanab,
Top - toza yo‘laklar uzra to‘kilar.
Shamol ivirsitgan yo‘laklarga qarab,
Farrosh aynib - achib so‘kinar.

Qo‘zg‘oladi ko‘kda qushlar bo‘roni,
Osmonga alanglab qaraydi barcha.
Chirpirab raqs tushar bog‘lar xazoni,
So‘ng yerga qo‘nadi ohista, charchab.

Bog‘lar sarg‘ayadi, misoli musxaf,
Qo‘nar to‘zg‘oqlarning sochiga qirov.
Janub tamon jo‘nab ketadi kuz ham,
Guvillagan qushlar bo‘roni aro.


-------------------------------
21/02/2020. Kanada.



---------------------
Qaraysan, chelaging tushib qo‘lingdan
--------------------


Qushlar uchar issiq o‘lkalar tomon,
Hademay dalalar halovat topar.
Moylanmagan temir dorvozani shamol,
Goh qiyalab ochar, gohida yopar.

G‘amgin xo‘rsinishdan endi ne foyda,
Kuzdan ko‘ra senga bahor yoqardi.
Sevgining ikkimiz uchrashgan joyda,
Kuzgi qoqio‘tday sochi oqardi.

Osuda tumanli tiyramox tongi,
Kuzgi cho‘kirtaklar sog‘u so‘lingda.
Turnalar faryodi to‘la osmonga,
Qaraysan, chelaging tushib qo‘lingdan.

------------------------
19/02/2020.
Kunduz soat 5:22.
Kanada, Onterio.




------------------
Sayr
------------------


Ko‘kdan oy xayoli parishon boqar,
Baqalar zulmatda kuylaydi hamon.
Oydinda sayr etish yaxshiyu, faqat,
Yolg‘izlik va yana sensizlik yomon.

Yulduzli bu kecha, o‘ngmi yo ro‘yo?
Daydib yurar latif, ilohiy nasim.
Daraxt shoxlarining soyasi go‘yo,
Oqlangan devorga ishlangan rasm.

Oydin sukunatda dov daraxt mudrar,
Ko‘kda yulduzlarga yetishmaydi joy.
Yana biroz porla dalalar uzra,
Meni yolg‘iz tashlab ketib qolma, oy!

-------------------------
19/02/2020.
Kunduz soat 2:44.
Kanada, Onterio.



-----------------
Hayrat
---------------


U yolg‘iz suzadi yog‘och qayiqda,
Bir maromda g‘amgin eshkaklar eshib.
Ochilar nilufar zarra xayiqmay,
Suvning shaffof ko‘zgusin teshib.

U suzar ko‘zagul ochilgan joyga,
Mast alast chayqalar sohillarda suv.
Boqib daryo uzra porlayotgan oyga,
Yovvoyi hayratdan angrayadi u.

Itlar sukunatni buzar akillab,
Shamol uxlar, yostiq qilib kovushin.
Eshitilar, eshkakdan asta chakillab,
Tomayotgan suvning tovushi.

---------------------------
18/02/2020.
Erta bilan soat 8:14.
Kanada, Onterio.




--------------------
Chinqiriq
--------------------


Dala dashtni xorg‘in yoritganda oy,
O poyezd telbadek ko‘tarma faryod!
Buzma sukunatning oromini, hoy,
Chekkan kabi afyun va taryok.

Yulduzlar qandilin titratdi, qara,
Sokin sukunatni buzdi tovushing.
Qudumingdan titrar o‘tlog‘u dala,
Po‘latdan yasalgan ekan kovushing...

Hayriyat, ovozing tindi tong sahar,
O‘chirib osmonning rangi qutini.
Hademay uyg‘onar, burqsitib shahar,
Zavod - fabrikalar tutunin.

--------------------------
17/02/2020. Kanada.



----------------------
Og‘zi qulog‘ida, jilmayar hilol
----------------------


Darchalarning ko‘zi tushmasin oqib,
Zulmat qamramasin o‘ngu so‘limni.
Dov - daraxtlar mash'alasin yoqib,
Kuz yoritar endi mening yo‘limni.

Paypaslaydi chiroq shu'lasi bilan,
Traktor zulmatli kuzgi dalani.
Mudrab yotar qishloq, misoli chaman,
Olmos chiroqlarga talanib.

Jilmayib qaraysan, eshiging ochib,
Parishon sochlaring o‘ynaydi shamol.
Jilmayar og‘zining tanobi qochib,
Shudgorlangan dala ustida hilol.

---------------------------
17/02/2020.
Erta bilan soat 8:18. Kanada, Onterio.




-------------------
Kuz hasrati
-------------------


Tikonga ilindi tumanlar etagi,
O‘tloqda yilqilar yurganday o‘tlab.
Dala - tuzning qurib qolgan chechagi -
Qoqio‘t to‘zg‘og‘in bo‘larmi butlab?

Xilvatlarda bazm quradi jinlar,
Borliq sharob to‘la qadimiy xumday.
O bo‘m bo‘sh, taxtadan yasalgan inlar,
Janubga xasratla boqmangiz bunday!

------------------------
16/02/2020. Kanada.




------------------
Xiyobon
-----------------


Yo piray, sen buni qayerdan bilding?
Ha, bargi xazonlar chirpirab uchar.
Tabiat hademay, erta yo indin,
Bo‘lmasaydi qishning qahriga duchor.

Bog‘da bargi xazon uchadi pastlab,
Novdadan uzilib tushgani ozday.
Daftar ham xurpayib, qanotin rostlab,
Uchib ketmasa bas janubga g‘ozday.

-------------------------
16/02/2020. Kanada.




-----------------
Iyulь
------------------


Bog‘larda tentigan daydi kapalak,
Sevgan jufti bilan oxir topishar.
Qushlarga hayqirar bog‘bon kapada,
Olis uvotlarda bo‘zlar popishak.

Sarob sipqorganday sukunat mayin,
Tin olar to‘rg‘aylar sayragan o‘tloq.
Telbadek charx urib, chirpirar quyun,
Kimsasiz dalada to‘zg‘itib tuproq.

Omonat ko‘prikdan, qo‘lingda chelak,
Suvlar ko‘zgusiga boqasan behol.
Yo‘lga termuladi lallaygan terak,
Sukunat qilt etmas, oyoqlari shol.

-----------------------
16/02/2020.
Erta bilan soat 8:57.
Kanada, Ontario.





-------------------

Gilam
-----------------


It quvgan soqovdek chopadi poyiz,
Og‘ir vagonlarni ortidan sudrab.
Oy oppoq nilufar, osmon esa xovuz,
Xurrak otaverar baqalar, mudrab.

Telarsib axtarar tunamoqqa joy,
Darbadar shabboda, ko‘zlari so‘qir.
Daraxt shoxlarining soyasidan oy,
Yo‘lga to‘shash uchun poyondoz to‘qir.

-----------------------
15/02/2020. Kanada.




-------------------
Ozodlik
------------------


Ochib yubordilar qafas darchasin,
Osmonu falakka havolandi qush.
Uchdi u, unitib barcha - barchasin,
Anglolmay ko‘rgani o‘ngmi yoki tush.

Uchar qanotlari ketguday titilib,
Parlarini shamol tortqilab yular.
Qafas, ozod bo‘lib, qushdan qutilib,
Og‘zini lang ochgancha kular.

-----------------------
15/02/2020.Kanada.




--------------
Kechuv
-------------


O‘zanidan toshar bahoriy daryo,
Bosar o‘tloqlaru dala dashtni suv.
Shamol tol kokilin o‘ynar beparvo,
Goho kapalakni quvlab ketar u.

Og‘ir, oppoq qorpo‘stinlarin yechib,
Yo‘llar o‘rmalaydi qayoqqa?
Ko‘m - ko‘k osmonlarni o‘tadi kechib,
Daraxtlar, shoshilmay yog‘och oyoqda.

------------------------------
14/02/2020. Kanada.



--------------------
Bog‘da pichirlaydi duogo‘y xazon
-------------------


Chalinmadi hali cherkovlarda jom,
Hali yangramadi masjidda azon.
Qo‘nmadi o‘rmonlar etagiga shom,
Bog‘da pichirlaydi duogo‘y xazon.

Dov daraxt jandasi oqar daryoda,
Tobora yuksalar bulut xirmoni.
Osmon sahrosida ko‘tarar faryod,
Ko‘chmanchi qushlarning g‘arib karvoni.

-------------------------
14/02/2020.
Kunduz soat 12:15.
Kanada, Ontario.




--------------------
Qordan yorishadi ruhing dalasi
-------------------


Oydindek oqarar yiroq yiroqlar,
Qarayman, muzlagan oynani artib.
Qorbo‘ronda porlar mayus chiroqlar,
Qor uchquni to‘zg‘ir betartib.

Qor to‘xtamay yog‘ar paxtadek xo‘ppak,
Sarjinda o‘tinlar yotar qalashib.
Erinib xuradi zulmatda ko‘ppak,
Qordan yorishadi ruhing dalasi.

----------------------
14/02/2020.
Erta bilan 9:43.
Kanada, Ontario.




-----------------
Sog‘inch
-----------------


To‘lqinlar, uzoqdan meni ko‘rib,
Bir birini quvlab, qirg‘oqqa chopar.
Meni sog‘inganday ulardan biri,
Sakrab, quchog‘imga o‘zini otar...

Olis hotiralar, biz uchrashgan joy,
Chag‘alaylar ohi girdibodimda.
Mayin sochlaringni visolgoxda oy,
Yoritgan laxzalar hamon yodimda.

Borsam, tanirmikan daryoning labi,
Qari tol boqarmi yo‘lga intizor?
Uchrashganda dengiz to‘lqinlari kabi,
Otasanmi o‘zingni quchog‘imga, yor?

----------------------
13/02/2020. Kanada.



-----------------
Sovg‘a
----------------


Istasangiz, esdalik uchun shu pashshao‘ldirgichni sizga sovg‘a qilaman. Siz u bilan bekorchilik jonga tekkan mahallar, sokin sukunatli dala xovlingiz oynalariga qo‘ngan mudroq pashshalarni o‘ldirishingiz mumkin - deya men sohibjamol ayolga o‘zimning yaqinda nashrdan chiqqan, yupqa daftarni eslatguvchi piyozpo‘sti kitobimni sovg‘a qildim.

--------------------
13/02/2020.
Kunduz soat 10:10.
Kanada, Ontario.





------------------
Poyezd
-------------------


Gohida o‘rmalar, goh uchar qushday,
Chinqirar zulmatda telbaga o‘xshab.
Uzoq uzoqlarda chaladi xushtak,
Pishqiradi xorg‘in, qaydadir to‘xtab.

Mana ellik yilki, misoli haykal,
Qaqqayib turibman perronda hamon.
Hamon ketib borar bir pari paykar,
Ko‘zida jiqqa yosh, mangulik tomon.

----------------------------
12/02/2020.
Kunduz soat 1:38.
Kanada, Ontario.




------------------------
Oy porlagan oqshomlar
(Latibjon Kenjayevga)
-----------------------

Bog‘larda chirildoq chirillagan tun,
G‘amnok bo‘zaradi ayvon chirog‘i.
Parvonalar esa charx urar beun,
Tom ustida porlar oyning o‘rog‘i.

Jovdiraydi olis yulduzlar ko‘zi,
Oy, "gax!" desang go‘yo qo‘ngudek qo‘lga.
Paxsa devor osha, bo‘ynini cho‘zib,
Teraklar do‘stimday qaraydi yo‘lga.

------------------------
12/02/2020.
Kunduz soat 11:16.
Kanada, Ontario.




------------------

Suv tiniq, baliqlar biltanglab suzar
-------------------


Daryo to‘lqinlari qumloqni yalar,
Sohillarda boshoq chiqargan sholi.
Shitirlab, shivirlab, yomg‘ir savalar,
Shamolda shovullar qamishlar yoli.

Delta suvi oppoq ko‘zagullarga to‘la,
Suv tiniq, baliqlar biltanglab suzar.
Xo‘rakni talashib, suv ostida ular,
Siltanib, qarmoqning qil ipin uzar.

Yomg‘irli sohildan kelmaydi ketgim,
Ilinsada baliq qarmoqqa minglab.
Boqaman suvdagi xalqalarga jim,
Shivirlagan yomg‘ir ohini tinglab.

Yomg‘ir savalagan sohillar so‘lim,
Ko‘zlarim - bahoriy daryo o‘zani.
Suv olgani kelsang sohilga, gulim,
Ko‘zlarimga botir ko‘zani.

--------------------------------
12/02/2020. Kanada.




-------------------------
Qishki chivinlarning oppoq galasi
------------------------


Ko‘cha fonuslarin talaydi, to‘zg‘ib,
Oppoq chivinlarning telba galasi.
Qalin qorko‘rpalar ostida mizg‘ir,
Zulmatda oqargan fermer dalasi.

Muz ostida mudrab yotibdi anhor,
Kumush zanjir, kishan kabi shaldirab.
Mayli hayallasin, kechiksin bahor,
O‘kirmasin telba momaqaldiroq.

Mayli uxlayversin, uyquni ursin,
Qirovli chorbog‘lar, qor bosgan dala.
Ko‘cha fonuslarin uxlatmasin bir zum,
Oppoq qorzarralar chivini talab.

----------------------------
11/02/2020.Kanada.




----------------------
Oy
-------------------


Oy anhorda qalqir yarim tun,
Suvga tushgan koptokday behol.
Uni cho‘pak bilan surib, tutib olmoq uchun,
Anhorga enkayib uzanadi tol.

-------------------------
10/02/2020.Kanada.




--------------------
Dengiz oqshomi
-------------------


Bandargox tamonda porlaydi chiroq,
Yulduzlar yaraqlar shudringday tongi.
Olislardan meni chorlaydi uzoq,
Kemalarning bo‘g‘iq, hasratli bongi.

Suvlar sahrosida dengiz tuyalari,
O‘rkachida chag‘alay galasi uxlar.
Osmonni kemirar yulduz kuyasi,
Tugab borar tunga berilgan muxlat.

Shovullab, tebranar bahaybat beshik,
Shovqindan iborat dengiz lisoni.
O‘tadi bulutlar siynasin teshib,
Oy nuri qopdagi bigiz misoli.

--------------------
10/02/2020.
Kunduz soat 3:49.
Kanada, Ontario.




-----------------

Sahro
-------------------


Sholoplaydi qirg‘oq, dengiz chayqalar,
Oftob shu'lasida tovlanadi to‘r.
Gala gala uchgan oppoq chaykalar,
Chiyillaydi dengiz shovqiniga jo‘r.

Qirg‘oqqa bosh urib, qiqirlab kulgan,
To‘lqinlar bir birin quvlab, quvonar.
Kimsasiz sahroda shamollar yulgan,
Shuvoq, tuyaqorin kabi dumalab.

----------------------------
10/02/2020. Kanada.




---------------
Yoz
-------------


Kapalaklar uchar o‘ngu so‘limda,
To‘rg‘aylar sayraydi to‘liqib, toshib,
Bug‘doyzorda peshvoz chiqar yo‘limga,
Dala qo‘riqchisi, quchog‘in ochib.

Yozgi paykallarda jimirlar sarob,
Bir maromda o‘ntab, oh chekar g‘urrak.
Go‘yo uzoqlarda, jiydazorlar aro,
Javzo uxlab yotar, otgancha xurrak.

-------------------------
24/01/2020. Kanada.




--------------------
Yomg‘irli shahar
------------------

Yomg‘irdan yuz yoshga yoshardi shahar,
Avtobus qayiqday yuradi suzib.
Yo‘lovchilarga suv sachratib o‘tar,
Hammani kuldirib, ichagin uzib.

Chiqar, old eshikka o‘zini urar,
Va orqa tamondan tushadi avom.
Avtobus odamday tirjayib kular,
So‘ng yana yo‘lida etadi davom.

-------------------------
09/02/2020.Kanada.




----------------------
Shovullar shamolda dengiz dalasi
--------------------

Qax - qax otib kular momaqaldiroq,
Dolg‘alar qo‘ypoda singari chopar.
Chekinar to‘lqinlar, chekinar firoq,
Yomg‘irlarda ruhing halovat topar.

Shovullar shamolda dengiz dalasi,
Naxanglar hanjari suvni chavaqlar.
Qanotlari ila chag‘alaylar galasi,
Moviy to‘lqinlarni o‘qir, varaqlab.

----------------------------
09/02/2020. Kanada.



-----------------
Quvg‘in
----------------

Chopar, boshqa yumushi yo‘qday,
Cho‘g‘langan shar ustida inson.
Shar oyog‘in kuydirar cho‘g‘day,
Yugirishdan to‘xtasa, tinsa.

Oyoqyalang chopar u chidab,
Lovullaydi to‘piq - tovoni.
Kuygan go‘shtning qo‘lansa xidi,
Tutib ketdi tongi havoni.

Bug‘lanadi ichilgan suvlar,
Sahro, cho‘lu biyobon jimdir.
Chopayotgan odamni quvlar,
Qo‘lda chalg‘i tutgancha kimdir.

--------------------
09/02/2020.
Kunduz soat 1:39.
Kanada, Ontario.




--------------------
G‘arib chiroqlar
--------------------


Osmonda yulduzlar yotar charaqlab,
Shahar jim, xaloyiq ketganday ko‘chib.
Oydinda o‘z soyasiga o‘zi daraxtlar,
Havotirli qaraydi, cho‘chib.

Yulduzlar jimirlar ko‘zyosh singari,
Zulmatning tim qora kipriklarida.
Suvga termuladi mayus va g‘arib,
Fonuslar daryoning ko‘priklaridan.

------------------------
09/02/2020.
Kech soat 5:30.
Kanada, Ontario.




----------------------
Toptalgan gulxan
---------------------


Bulut lavasiga cho‘karkan quyosh,
Kun ham yonib bitar, qorayar samo.
Charchagan ko‘ppakday tin olar, yuvosh,
Tilin sakillatib yugirgan shamol.

Darchalarning olmos chirog‘i porlar,
Zirillar chirildoq chirillagan joy.
Yo‘limga soyasin to‘shaydi tollar,
Jim, sassiz, sadosiz suzib yurar oy.

Beminnat, musaffo, shifobaxsh havo,
Baqalar qurillar uzoqda sho‘x -shan.
Miltillagan cheksiz yulduzli samo,
Toptab o‘chirilgan gulxanga o‘xshar.

----------------------------
09/02/2020.
Erta bilan soat 9:20.
Kanada, Ontario.




--------------------
Kitobsevar
--------------------


Shovullaydi shamol shashtida o‘rmon,
Yolg‘iz uchib yurar daydi kapalak.
Osmon bulutlardan ko‘tarar xirmon,
Uzoqda qorayar kulba, kapalar.

Dov daraxt ichganday sukunat mayin,
O‘rgimchak kimgadir belanchak to‘qir.
Novdasiga qo‘ngan kapalakni qayin,
Oppoq kitob kabi avaylab o‘qir.

-------------------------
08/02/2020. Kanada.



--------------------
Xushtak
-------------------


Darchadan qorlarga qarayman hamon,
Qutb qashqirimas, izg‘irin uvlar.
Qordan qanot yasab ucharkan shamol,
Oppoq uchqunlarning ortidan quvlar.

Qoruchqunlar uchar zulmatda o‘qday,
Oynalarni cho‘qir ustiga ustak.
Zulmatda chinqirgan poyezdga o‘xshab,
Oshxonada choynak chaladi xushtak.

-------------------------
08/02/2020. Kanada.




-------------------
Zulmat
------------------


Qor tongacha yog‘ib chiqar chamasi,
Bog‘ kafanga o‘rangan ruxday.
Qorko‘rpa ostida dexqon dalasi,
Odam kabi dong qotib uxlar.

Guvillaydi qorli kimsasiz ko‘cha,
Quyun zulmatlarda shopiradi qor.
Xorg‘in darchalarda chiroqlar o‘char,
Tun - qordan yorishgan afsonaviy g‘or.

Yoqar qishning muzdek toza havosi,
Bog‘lar sochi oppoq, qarigan.
Eshitilar daydi ko‘ppak ovozi,
Tubsiz zulmatlarning qa'ridan.

------------------------------
08/02/2020.
Erta bilan soat 7:52.
Kanada, Ontario.




-------------------------
Bog‘lar yarim yalong‘och, yupun
----------------------


Kuzning o‘ychan shamoli izg‘ir,
Hazin xoru xazonlar ohi.
Shamollarda chalar sibizg‘a,
Daraxtlarning yalong‘och shoxi.

Dala qo‘riqchisi kiyingan yupun,
Yoriladi kuzgi bog‘lar anori.
G‘amgin havolarda suzadi tutun,
Qishga tutashadi kuzning davomi.

Shamol esa yurar timirskalanib,
Goho o‘t o‘lanni qayriydi, to‘xtab.
Xuddi galadoshin burga, bitlarin,
Izlayotgan maymunga o‘xshab.

------------------------
07/02/3020.
Kunduz soat 12:31.
Kanada, Ontario.




--------------------------
Qorli dalalar
(Nay sozining qiroli Abdulahad Abdurashidovga)
-----------------------


Xazonrez shamollar esdi guvillab,
Qushlar uchib ketdi gala va gala.
Kimsasiz xovliday qoldi xuvillab,
Qor qoplagan yaydoq kimsasiz dala.

Beligacha qorga botib, beomon,
Qurigan qamishlar bormoqda qayga?
Balki ular borar sohilga tamon,
Aylangani shamol shashtida nayga?

----------------------------
2017 yil, 16 noyabr. Kanada.



----------------------
Xayqiriq
(To‘bo xola hotirasiga)
--------------------


Yozgi dalalarda kezar daydi yel,
Salqin chorbog‘larga sho‘ng‘iydi qushlar.
Sarob jimirlagan paykal aro el,
Oftob qilichining tig‘ida ishlar.

Soya salqinlarda yotgan sigirlar,
Kovshanib, ko‘zlarin yumadi, mudrab.
Havoda muallaq to‘rg‘ay vijirlar,
Jiydazor tomonda o‘ntaydi g‘urrak.

Oshpaz To‘bo hola tuproq tepada,
Qiyqirgancha elni chaqirar choyga.
Daydi kapalakni quvlar shabada,
Dov - daraxt soyasi to‘shalgan joyga.

--------------------
07/02/2020.
Erta bilan soat 8:57.
Kanada, Ontario.




-----------------
Maxshar
-----------------


Boylikdan batamom qutildi daraxt,
Tashlab og‘ir tilla xazonlar yukin.
Va g‘amgin kimsasiz yo‘llarga qarab,
Xayollarga botdi, saqladi sukun.

Chorbog‘larda daydib yurarkan shamol,
Qurigan o‘t - o‘lan boshini silar.
Hazonga yonboshlab, beg‘am, bemalol,
Mayxo‘rday dong qotib uxlaging kelar.

Achchiq tutun xidi suzar havoda,
Bog‘larda o‘t -o‘lan qovjirab qaqshar.
Sahroday kimsasiz so‘yi samoda,
Qushlar qo‘zg‘aloni, faryodi maxshar.

----------------------------
04/02/2020. Kunduz soat 11:04. Kanada.




----------------------

Kuz hasrati
---------------------


Kuzak o‘t - o‘lanni avaylab, asrab,
Xazonlarga o‘rab qo‘ymoqchi, chog‘i.
Kuzgi tolzorlarga cho‘kadi hasrat,
Qag‘illaydi bog‘lar qarg‘ayu zog‘i.

Qaxrabo barglarin to‘kadi chinor,
Bo‘m bo‘sh xiyobonlar xuvillab yotar.
Bog‘ qippa yalang‘och, o‘ynaganday qimor,
Dov - daraxt uyalib, avratin yopar.

Puflab o‘chirilgan shag‘am kabi ular,
Sirli bo‘lsin deya ayyomi visol.
Xazonlar shamolda chirpirab uchar,
Qanotlari kuygan parvonamisol.

-----------------------
03/02/2020.
Kech soat 6:04.
Kanada, Ontario.




----------------------
Hayrat
(Rahmon Qo‘chqorga)
----------------------


Yo‘llarga poyondoz to‘shayotir oy,
Bir o‘zim daydiyman oydinda yayov.
Yulduzlar burgadek ko‘kni hoynahoy,
Uxlagani qo‘ymay, chaqar beayov.

Kimsasiz dala -dasht berar aks - sado,
Daryolar ortida ko‘ppaklar xursa.
Faqat jim kuzatar dunyoni Xudo,
U ovozsiz urar, mobodo ursa.

Dala dasht ortida chiroqlarin yoqib,
Xorg‘in mudrab yotar ovoz yetmas joy.
O‘tloqda ochilgan gullarga boqib,
Yana angraygancha tildan qoldi oy.

---------------------
03/02/2020.
Kunduz soat 4:04.
Kanada, Onterio.




--------------------
Yulduzli osmon
-------------------


Gulxan lovullaydi, zulmatli dala,
Uchqunlar chirsillab, uchar havoga.
Yonarqurt cingari tovlangancha alar,
Osmonu falakka bo‘lar ravona.

Yonar g‘o‘zapoya, shabba, xoru xas,
Yolg‘izlik, sukunat, oydin halovat.
Nazarimda go‘yo yulduzlarga emas,
Gulxan uchquniga to‘ldi samolar.

----------------------
01/02/2020.Kanada.



---------------------
Muzlagan daryo
---------------------


Qishning sochi oppoq oqargan,
Birinchi qor, kimgadir so‘ngi.
Odam qorga o‘ychan boqarkan,
Bilolmas, bu tushmi yo o‘ngi.

Muzlab qolgan daryodagi suv,
Oppoq jimlik, misoli ro‘yo.
Oqchorloqlar ko‘tarar qiy - chuv,
Eri urgan xotinday go‘yo.

------------------------
31/01/2020.Kanada.




-----------------
Oydin sukunat
------------------


Xovuzga termular lallaygan daraxt,
Osmon yaraqlagan yulduzlarga boy.
Oqarishar oydin kimsasiz dala,
Ko‘zni qamashtirib porlayotir oy.

Alvon giloslardan bog‘lar bag‘ri qon,
Olisda baqalar qaynatar shovla.
Dong qotib uxlaydi xaloyiq shu on,
Uyg‘onmas, bostirib kelsa ham yovlar.

Kimsasiz sukunat, havolar tekin.
Arshga yetib borar chirildoq ohi.
Mo‘ralab qo‘yadi darchalarga sekin,
Osmonu falakning malika, moxi.

--------------------
25/01/2020.
Tungi soat 1:54.
Kanada, Ontario.




-------------------------
Tungi laylakqor
----------------------


Yo‘qdir qorzarralar sanog‘i, soni,
Qish zulmat qa'rida shopiradi qor.
Do‘stidan ayrilgan odamday fonus,
O‘ychan termuladi yo‘lga intizor.

Ayvonda ag‘rayib yotar kovushlar,
Yorug‘ derazalar bo‘zarar hamon.
Kimsasiz bog‘larda izg‘ib, xovuchlab,
Darchalarga guruch sochadi shamol.

Qorli yo‘lga boqib, xayoling og‘ar,
Oqarar osuda dala, qir - qiya.
Qor asta shivirlab, jimgina yog‘ar,
El -ulus uyg‘onib ketmasin deya.

---------------------
23/01/2020.
Kunduz soat 4:32.
Kanada, Onterio.



-------------------
Tasodifiy uchrashuv
(Sinfdosh do‘stim Ergashboy Ahmedovga)
-------------------



Shamol, seni tanidim, ishon,
Bu sen, o‘sha dalada esgan.
G‘ir -g‘ir esib, ul otashfishon,
Jazirama taftini kesgan.

Hamqishloqlar omonmi, shamol,
Sog‘indimi el meni rostdan?
Yomon ko‘rma, olmagin malol,
Senga dardim aylasam doston.

Shaldirarmi daryo kechuvi,
Biz qo‘y, sigir haydab o‘tgan joy?
Yaltirarmi daryoning suvi,
Qo‘rg‘onlasa sukunatda oy?

Cho‘chqaxona haliyam bormi?
Shovullarmi teraklar hamon?
Yolg‘izoyoq so‘qmoq eltarmi,
Odamlarni sohilga tamon?

Balki bulutlarning tubida,
Oy siynasi qolar ochilib.
Shaffof sholipoya suvida,
Ming -ming yulduz yotar sochilib...

Kechir, yo‘ldan qo‘ydim nahorda,
Gigant edim, uyga sig‘madim.
Ummon orti, olis shaharda,
Shamol, seni tanib, yig‘ladim.

---------------------------
25/02/2014. Kanada.




--------------------
Farrosh
--------------------

Osmonni to‘ldirib, gala va gala,
Shosha pisha uchib ketmoqda qushlar.
Uyquga ketadi hademay dala,
Ko‘rmoq uchun oppoq, hayrli tushlar.

Ko‘chmanchi qushlarga tilar bargrezon,
Bexatar safaru sabr va bardosh.
Top -toza yo‘lakka to‘kilar xazon,
Pichirlab so‘kadi shamolni farrosh.

--------------
23/07/2022.
Kunduz soat 9:10.
Kanada, Onterio.





------------
Bo‘sa
-----------

Qayin shovullaydi, shabboda esar,
Kakku qaylardadir sayraydi yolg‘iz.
Yo‘l yo‘l mayka kiygan o‘roqchi esa,
Astoydil o‘t o‘rar, qo‘lida chalg‘i.

Daryoda o‘rmalar erinchoq tuman,
Shamol o‘roqchining yonidan o‘tar.
Yoz daydi va dovdir kapalak bilan,
O‘tloqda gullarni avaylab o‘par.

--------------
22/07/2022.
Kech soat 7:36.
Kanada, Onterio.




-------------
Yomg‘ir qo‘shig‘i
-------------

Yomg‘ir jimib qoldi.
So‘ng, shitirlay boshladi yana,
shitirlagan kabi qamishzor,
olis va unsiz chaqinlar
chaqnayotgan ko‘klam zulmatlarida,
o‘zlarini tamom unutib,
kuylayotgan baqalarning
hazin ovozlarin eslatib menga.
Yomg‘ir derazaning oynasin chertar,
asta, qitirlatib,
she'r yozayotganday xuddi.

--------------------
20/07/2022.
Erta bilan soat 8:32.
Kanada, onterio.



----------------
Yolg‘iz daydib yurar oydinda kirpi
-----------------


Chirildoq o‘zini unutib kuylar,
Goh baland pardada, gohida bosiq.
Mudrab yotar daryo ortida uylar,
Chiroqlar marjonin bo‘yniga osib.

Xovuzga termulib, o‘y -xayol surgan,
Tollar kokilini o‘ynaydi sabo.
Sukunat dalalar ortida xurgan,
Itlar ovoziga berar aks - sado.

Porlar somon g‘aram ustida xilol,
Ko‘kda bulutlarning pardasin yirtib,
U yoqdan bu yoqqa chopib,bemalol,
Yolg‘iz daydib yurar oydinda kirpi.


----------------
19/07/2022.
Kunduz soat 10:34.
Kanada, Onterio.




----------------
Karam
----------------


Qorli oydin kecha, yolg‘iz bir o‘zim,
g‘art - g‘urt bosganimcha qorlarni
daydiyman, sen haqda muttasil o‘ylab.
Sensiz qor qoplagan jim jit ko‘chalar
o‘xshar oy yoritgan sahroga, cho‘lga.
Yorug‘ darchalardan qor uyumlariga
yog‘ilarkan xorg‘in shu'lalar,
daraxtlar soyasin to‘shaydi yo‘lga.
Balki sening olislarda qolgan
uying tomini ham, xovli, bog‘ingni
qoplagandir qalin oppoq qor.
Shular haqda o‘ylab brar ekanman,
qorlar g‘ijirlashi eslatdi menga,
oshxonada g‘art - g‘urt etkizib,
karam to‘g‘rayotgan chog‘ingni.

--------------
18/07/2022.
Erta bilan soat 9:09.
Kanada, Onterio.




--------------
Ilohiy nafas
---------------


U Isomas, kuf -suf deya dam solib,
tiriltiray desa murdani.
Felьdsher ham emas, aksiga olib,
"Tez yordam"da tunlar kezib yurgani.
Oddiy, siz bilan biz kabi odam.
U shunchaki, qahraton qish chillasida,
ohista, avaylab, kaftiga olib,
gugurt cho‘plariday ingichka, nozik
oyoqlarin kuxlab, isitib,
tumshug‘iga puflab yurib, oxiri,
tiriltirdi chalajon qushni.


----------------
16/07/2022.
Kech soat 7:57.
Kanada, Onterio.




---------------
Yildirim
--------------

Chaqinlar olisda chaqmoqtosh yoqar,
Dov daraxt lashkari tushgan asirga.
Qo‘shog‘iz miltiqdan go‘yo o‘q otar,
Osmonni larzaga solib, qasirg‘a.

Sel sharros quyadi, shiddati jiddiy,
O‘t o‘lan qo‘rquvdan qaltirab, qaqshar.
Zulmatda yalt etgan yildirim, xuddi,
Insonning lahzali umriga o‘xshar.

---------------
16/07/2022.
Kunduz soat 9:24.
Kanada, Onterio.




---------------
Yoz oqshomi
---------------

Aylanar oq qora tasvirga ranglar,
Ufqlar jaroxatin davolaydi shom.
Uzoqda kemalar faryodi yangrar,
Masjidlarda azon, cherkovlarda jom.

To‘lqinlar bir birin quvgani quvgan,
Cho‘lpillaydi azim daryoning labi.
Sohil toshlariga bosh urgan suvda,
Likillar oy qarmoq po‘kagi kabi.

---------------
12/07/2022.
Kech soat 6:22.
Kanada, Onterio.




-------------------------
Ayriliq
---------------------------


Yoqmasam, ka - a -a - atta ko‘cha - deding,
ko‘chaga chiqdim.
Ko‘cha jim - jit edi, kimsasiz, oydin.
Men avvallari bilmas ekanman,
ko‘chaning bunchalar
katta bo‘lishin.

--------------------------
2002 yil , 2 oktyabr . Yarim tun .
Andijon shahri 4 - kichik daxa.




-----------------------
Yo‘tal
-----------------------

Boshini toshlarga urib, charchagan,
Daryo xayol kabi yoyilib oqar.
Ninachi omonat qo‘nib maysaga,
Qilt etmay suvdagi aksiga boqar.

Shoshqaloq bulutlar so‘yi samoda,
Soyasi qirlardan qirlarga o‘tar.
Otlar o‘tlayotgan dala tomonda,
Bedanani yana tutadi yo‘tal.

-----------------
14/07/2022.
Kunduz soat 9:29.
Kanada, Onterio.




------------
To‘lin oy hademay yuksalar ko‘kka
------------


Uzoqda hasratli maraydi buzoq,
Lo‘killab qaytadi qishloqqa poda,
Tolzorda chumchuqlar javradi uzoq,
Daraxtlar qilt etmas, yutganday xoda.

Yulduzlar hademay to‘kilar soyga,
Chirildoq ovozi tutgay dalani.
Ayvonlardan avom termular oyga,
Iskabtoparlarga talanib.

-----------------
13/07/2022.
Kech soat 7:14.
Kanada, Onterio.




--------------
O‘rim
--------------


Osmonda to‘rg‘aylar chaladi xushtak,
Qirda o‘t o‘raman, qo‘limda chalg‘i.
Kuylagim keladi, shodlanib qushdek,
Shamol daydib yurar bir o‘zi yolg‘iz.

Uzoqda qorayar kulba, kapalar,
O‘t -o‘lan ichida gullabdi tikan.
Uchib yurgan shu g‘amgin oppoq kapalak,
Marhuma onamning arvoximikan?


-----------------
12/07/2022.
Kunduz soat 2:47.
Kanada, Onterio.




------------
Oydin kecha
------------


Xalqa xalqa bo‘lib, qumloqni yuvgan,
Sohil suvlarini keladi kechging.
To‘lqinlarni daydi shabboda quvgan,
Ko‘rinmas tevarak atrofda hech kim.

Oppoq sukunatga o‘ranib uxlar,
O‘lguday charchagan dala, qir -qiya.
O‘pishgani qo‘rqar sevishgan juftlar,
Birontasi ko‘rib qolmasin deya.

--------------
12/07/2022.
Erta bilan soat 7:12.
Kanada, Onterio.





-----------------
Kapalak
-----------------


Kimsasiz osuda jim - jit yo‘lakka,
hazin shovullagan kuzgi qayinning
qahrabo barglari to‘kilar asta.
Esi og‘ib qolgan, xovlima xovli,
daydigan xazonrez sayoq shamolning.
Suv quyganday jim -jit tevarak atrof.
Bog‘da guldan gulga ohista qo‘nib,
goh kimsasiz yo‘lakni paypaslab, o‘pib,
bir oppoq kapalak, yetimday yolg‘iz
uchib yurar, kimnidir izlayotganday.
Uchib yurardi u, xuddi tunlari
men yozgan she'rlarni notbukingdan
birovga ko‘rsatmay o‘qiyotgan payting,
so‘zlardan so‘zlarga uchib, qo‘nguvchi
ma'yus nigoxingday, sevgilim.


-------------
10/07/2022.
Kunduz soat 3:08.
Kanada, Onterio.





------------------
Dalalar ustida porlayotgan oy
------------------

Chiqillaydi vaqt bombasi,
Eshik qo‘shiq aytadi xursand.
Kulbam go‘yo muxtasham qasr,
Pol g‘ijirlab qo‘yadi yursam.

Chirillagan chirildoq ohi,
Ag‘darar tun avra astarin.
Sabolarda tebranib shohi,
Sukunatda gullar nastarin.


-----------------
08/07/2022.
Kunduz soat 4:08.
Kanada, onterio.




------------
Ko‘lmak
------------


Bositirib kelarkan bulutlar yaqin,
Miltiqdan o‘q uzar qaldiroq mergan.
Chaqmoqtosh yoqadi zulmatda chaqin,
Ikkimizni izlab, gunoxkor yerdan.

Chaqindan yaltirab yaprog‘i, shoxi,
Mahzun shovullaydi shamolda qayin.
Shivirlab, bo‘g‘zida ilohiy ohi,
Yomg‘ir birdan yog‘ib yuborar mayin.

Ko‘lmak ko‘zgusiga mo‘ltayib boqar,
Fonus o‘ychan odam singari.
Yomg‘ir oynalardan ko‘z yoshday oqar,
Sovuq yaltillaydi chaqin hanjari.

Dov daraxt shoxini shamol egadir,
Qorong‘i zulmatning ko‘zlari so‘qir.
Don -dun bo‘lmasa ham yerda, negadir,
Yomg‘ir to‘xtamasdan yo‘lakni cho‘qir.


-----------------------
07/07/2022.
Kech soat 8:55.
Kanada, Onterio.




------------
G‘oya
-----------


Onajon, bu kechikkan gullarni endi ,
qayerga qo‘yaman, o‘zing ayt, axir,
qabring okeanlar ortida bo‘lsa...
Shunday deya o‘ylab, kutilmaganda
ajoyib bir g‘oya miyamga keldi.
So‘ng, senga atalgan o‘sha gullarni
oxista, avaylab oqizoq qildim
osmonlar aks etgan azim daryoga.
Senga yetib borar deya o‘yladim
kechikkan va senga atalgan gullar.
Axir, sen, mana necha yillarki
o‘sha daryo suvida aks etgan mangu,
bepoyon osmonda yashaysan yolg‘iz.


--------------
05/07/2022.
Kunduz soat 12:38.
Kanada, Onterio.




-------------
Quvg‘in
-------------


Ergashadi ortimdan soyam,
Qaro zulmat qovog‘in uygan.
Charchaganman yashashdan g‘oyat,
Xotin xaydab yubordi uydan.

Yulduzlardan qamashar ko‘zim,
Darchalarda chiroq o‘chadi.
Yana daydib, yolg‘iz bir o‘zim,
Qarshilayman tongni ko‘chada.

--------------
04/07/2022.
Erta bilan soat 6:49.
Kanada, Onterio.




-----------
G‘am
----------


Sezdirmay, ohista kirib kelar kuz,
Ko‘ylagida yuzlab xazon yamog‘i.
Ruhimday xuvillab yotar dala -tuz,
Uyilar bulutli osmon qovog‘i.

To‘kilgan barglarni to‘zg‘itadi yel,
Yolg‘iz daydib yurar bog‘larda kuzak.
Mohir nonvoy kabi, qish g‘amida el,
Paxsa devorlarga yopadi tezak.


--------------
03/07/2022.
Kunduz soat 4:52.
Kanada, Onterio.




------------
Endi qaytib vafot etmagin
------------


Qiynar seni hijron degan dard,
Yolg‘izmassan, bola chaqang bor.
Yig‘lamagin, ko‘z yoshingni art,
Va yo‘limga boqma intizor.

O‘rtamizda ummon, qir -qiya,
Tog‘u toshlar, tebranmas, tepsang.
Bilsam, "Meni o‘libdi deya,
Unga aytib qo‘yinglar" debsan.

O‘lmaganing, tirikliging rost,
Bu dunyodan erta ketmagin.
Keyin, sendan bitta iltimos,
Endi qaytib vafot etmagin...


-----------------
03/07/2022.
Kunduz soat 4:27.
Kanada, Onterio.




----------------
Oy uzoq tinglaydi baqalar nutqin
-----------------


Yulduzlar sovuqdan qaltirab, qaqshar,
Tinchib qoldi xorg‘in itlar ovozi.
Sutdek oppoq, oydin kechaga o‘xshar,
Stol ustidagi yozuv qog‘ozi.

Bilmadim, vaqt qanday oyoqsiz yurar,
Osmon yulduzlarga yotar talanib.
Pastak derazadan ko‘rinib turar,
Oydindagi olis pichan g‘arami.

Shamol ham xovlida daydimay qo‘ygan,
Yotibdi qaydadir, misoli tutqun.
Sohil suvlariga termulib, o‘ychan,
Oy uzoq tinglaydi baqalar nutqin.


-------------------
03/07/2022.
Erta bilan soat 8:39.
Kanada, Onterio.




---------------
Zulmat
------------------


G‘amgin miltillaydi uzoqlarda cho‘g‘,
nazarimda, tutunni tutunga ulab,
tamaki chekmoqda kashanda zulmat.
Ichi mo‘rining singari qorayib,
o‘pkasi ham chirib, tamom bo‘lgandir...
Nega chekyapti ekan? Balki, xotini:
-Sen ham odamlarday, chet elga borib,
ishlab, pul topib kelsang, o‘lasanmi? -deya,
janjal ko‘tardimikin yarim kechasi?
O‘zi xotinining jag‘i yomonda.
Ishqilib, oxiri bahayr bo‘lsin.
Xudo ko‘rsatmasin, xotini shunday
janjal qilaversa, chidolmay zulmat,
uzun arqon bilan, achchiq ustida
og‘ilxonaning yo‘g‘on peshxorisiga,
osib netib qo‘ysa o‘zini shartta
ko‘ring tomoshani.
"Dыll! Dыll!Dыll!Dыll!" " deb yurguvchi
"Ural" rusumli kajavali mototsiklini
kapa kapa qilib xaydab, shogirdi bilan
uchastkavoy leytenant Shgabuddinov
yetib kelsa kerak, uzoq kutdirmay?..
Yaxshisi, bu yerdan surishim kerak...


------------------------
02/07/2022.
Tungi soat 10:36.
Kanada, Onterio.




------------------
Yoz kechasi
-----------------


Shamol daydib yurar, havo musaffo,
Oy hamon yoritar Xudoning mulkin.
Kecha shu qadar jim, sokinki, hatto,
Baqalar ovozin eshitish mumkin.

Moped tirillatib, oy mudragan payt,
Kimdir xorib, charchab, uyiga qaytar.
Bu haqda kimsasiz, sokin sukunat,
Qulog‘imga sekin, shivirlab aytar.

------------
01/07/2022.
Kech soat 8:52.
Kanada, Onterio.




-----------------
Duo
-----------------


Mahzun uvillaydi qorli dalada,
Bo‘g‘zigacha qorga botgan o‘t -o‘lan.
Arang jon saqlaydi qushlar panada,
Hech kim qor shopirmas shamoldan bo‘lak.

Qorbo‘ron faryodin tinglayman, yotib,
Har holda, sandal bor, sovqatsa qo‘lim.
Iloho, zulmatda qorlarga botib,
Izlab topolmasin kulbamni o‘lim.

----------------
01/07/2022.
Kunduz soat 11:02.
Kanada, Onterio.





----------------------
Tungi poyezd
----------------------

Porlab turgan mahal tom ustida oy,
Poyezd ko‘z ilg‘amas zulmat qa'rida,
Chinqirdi, topolmay berkingani joy,
Olis adirlardan ham narida.

U shu qadar qattiq qichqirdiki, ko‘kdan,
Yulduzlar marjonday to‘kildi suvga.
Shundanmi tun jimlik qa'riga cho‘kkan,
Shundan o‘t o‘lanni shudringmi yuvgan?

Qarayman oy nurin to‘shagan yo‘lga,
Dalalar oydinda xayolga toldi.
Poyezd chinqirarkan, zardobga to‘lgan,
Yuragini bo‘shatib oldi.

---------------
30/06/2022.
Kech soat 8:46.
Kanada, Onterio.





--------------------
Kuz yomg‘iri
-------------------


O‘ylanasan kuzgi kechada,
Cheki bormi deya firoqning.
Esi og‘ar bo‘m -bo‘sh ko‘chada,
Mayus o‘yga botgan chiroqning.

To‘lar sirli shivirga havo,
Ruhing kabi musaffo, toza.
Nahot sevgi ayladi qazo,
Yomg‘ir kimga ochmoqda aza?..

Osmonlarga elagin tutar,
Fonus g‘amgin nurin elaklab.
Bo‘m -bo‘sh shahar uyquga ketar,
Kuz yomg‘iri quyar chelaklab.

-------------------------
27 may, 2014 yil.
Tungi soat 10 dan 49 daqiqa o‘tdi.
Kanada.Brempton.




---------------
Kuzgi qayin
----------------


Xazonlarni uchirmoqqa shay,
Kuzning o‘ychan, latif shamoli.
Avtoulov chumolixo‘rday,
Ishga shoshgan avom -chumoli.

Chirpiraydi yetim yaproqlar,
Kuz keltirdi barglarga qiron.
Xazon emas, tilla titroqlar,
Qo‘rqitadi ularni bo‘ron.

O‘ylamaydi bu haqda qayin,
Kokillarin yoyib nasimga.
Yo‘l bo‘yida shovullab mayin,
Qayta -qayta tushar rasmga.

------------------------
27/10/2014. Brempton shahri, Kanada.




-------------------
Qorli kecha va yorug‘ niyyat
-------------------


Oppoq qorzarralar uchquni sokin,
Qo‘nsa kipriginga, sochinga yuzlab.
Desang - nahot, sovuq bulutlar hokim,
Osmondan yulduzlar tushmoqda muzlab?

Qor to‘xtamay yog‘sa, yog‘sa bo‘ralab,
Daydisak el - ulus yotganda uxlab.
Pinjimga suqilsang,palьtoga o‘ranib,
Sovqotgan qo‘llaring isitsam kuxlab.

Soyamiz tutashsa, uchqunlar tinmay,
To‘zg‘isa, chirpirab tushsa elanib.
Uzoq suhbatlashsak, ketgimiz kelmay,
Fonus yorug‘ida qorga belanib.

---------------------------
20 oktyabr, 2014 yil.
Kech soat 5 dan 39 daqiqa o‘tdi.
Kanada. Brempton shahri.




--------------------
Bahor oqshomi
--------------------


Ko‘z yoshday to‘kilar gilos gullari,
So‘nadi ufqlarda otashi so‘zon.
Halovat to‘shalgan bog‘da tunlari,
Nafis oy shu'lasi, go‘zal gul to‘zon.

Oppoq gul yog‘adi misoli ro‘yo,
Oydan yorishadi ovoz yetmas joy.
Kul bilan yuvilgan idishday go‘yo,
Sokin xovuzlarga cho‘kib ketar oy.

-----------------------------
13 may, 2014 yil. Kanada.




-------------------
Pion
--------------------


Ko‘cha fonusi o‘z plafonining yerda sinib yotgan parchalariga parishon termulganicha mahzun xayollarga g‘arq. Xuddi oppoq gulpallalari to‘kilgan pion guliday.

-----------------------------------
24/01/2020. Kanada.




-----------------------
Vatan xayoli
---------------------


Botar paxtazorlar ortiga quyosh,
Lovullaydi alvon ufqlar etagi.
Tuman cho‘ka boshlar dalaga yuvosh,
Ko‘kda yulduzlarning kepagi.

Kimsasiz yo‘llarda sukunat hokim,
Shamol ham bog‘larda yurarkan sang‘ib,
Bog‘dagi dov -daraxt ortidan sokin,
Parishon oy chiqadi balqib.

Birin ketin xorg‘in chirog‘in yoqar,
Shu'laafshon darchali uylar.
Iskabtopar elni ayamay chaqar,
Chirildoq o‘zini unitib kuylar.

Yo‘lda bo‘ynin cho‘zib maraydi buzoq,
Poda xaydab o‘tar ko‘chadan kimdir.
Qurillar sohilda baqalar uzoq,
Somon yo‘li, yulduzlar jimdir.

----------------------------
14/06/2016. Kanada.




------------------------
Oydin sukunat
(Tog‘am Hurmuhammad Kenjayevning porloq hotirasiga)
---------------------------


Tog‘a, Chuvamada hozir hoynahoy,
Oqshom tushib, quyosh botgandir.
Oppoq chinni tovoq kabi oy,
Tentaksoyda cho‘kib yotgandir?

Toshqin buzgan ko‘prik xodasi,
Taxtalari yotgandir ko‘chib?
Suv kechardi sigir podasi,
U ko‘prikdan o‘tgani cho‘chib.

Qurillaydi balki baqalar,
Qirg‘oqlarda qamishlar ohi.
Daydi tulki suvlar yoqalab,
Quloq tutar jimlikka gohi.

So‘qmoq uni sohilga boshlar,
G‘ir g‘ir esar tungi shabada.
Ko‘rinar suv ostida toshlar,
Bog‘bon esa uxlar kapada.

Yulduzlarni jimlik xoritar,
Olis osmon -ovoz yetmas joy.
Qabringizni g‘amgin yoritar,
Jim -jit, sokin sukunatda oy.

-----------------------
22/10/2017. Kanada.




-----------------
Aprelь
-----------------


Quyosh botib, g‘amboda, g‘arib,
Ufqlarning gulxani so‘nar.
Erigan qor suvin sipqorib,
Shom qushlari bog‘larga qo‘nar.

Hilol ko‘kda porlar parishon,
Ko‘rasan ko‘z ilg‘amas joyni.
Men sevaman, sevaman, ishon,
Aprelь degan yolg‘onchi oyni.

Billur qandil singari tomdan,
Sumalaklar tushar uzilib.
Chakillagan iliq oqshomda,
El uyqusi ketar buzilib.

--------------------------
1990 yil . Bahor . Andijon shahri.



------------------
Cho‘lquvar
-------------------


Yoshligimda cho‘lquvar edim,
Quvar edim cho‘llarni yomon.
Cho‘llar mendan qo‘rqib qochardi,
Kulgim qistar, eslasam hamon.

Quvmay desam uyqu bermasdi,
Quvarlikning muqaddas burchi,
Bo‘ronda ham quvlayverardim,
Ko‘zda qumning qalampir-murchi.

Bilsam, bekor quvgan ekanman.
Daryolarda quridi suvlar.
Qasos dunyo ekan bu dunyo,
Bugun endi cho‘l meni quvlar.

-------------------------
1988 yil. Toshkent.



------------------
Kapalak bo‘roni
-------------------



Esingdami, bir kun, sayr qilib yurib,
ming - minglab oppoq kalaklarning
qurshovida qolib ketgandik ikov?
Bir birini quvlab, uchardi ular
gullarga qo‘nishni sira istamay.
Faqat qo‘nar edi charchasa, sening
sochinga va qayrilma kipriklaringa.
Ayrilgimiz va uyga ketgimiz kelmay
uzoq vaqt sayr qilgandik birga
oppoq kapalaklar bo‘roni aro.
Dov daraxt, ko‘chalar, odamlar, uylar
ko‘rinmay ketgandi kapalaklardan.



-------------
24/06/2022.
Kundaz soat 3:51.
Kanada, Onterio.




------------------------
Do‘st
(O‘zbekning eng yoniq shoirlaridan biri, marhum do‘stim Ravshan Fayz xotirasiga )
----------------------


She'rlaringda bahor, bulut bosqini,
Sharros quyar goho shiddatli jala.
Daryo izdan chiqar, bahor toshqini,
Ko‘rinmay ketadi yomg‘irda dala.

Moychechak labidan avaylab o‘par.
Yozgi o‘tloqlarda daydi kapalak.
Chug‘urchuq bo‘roni guvillab o‘tar,
Xayqirar qushlarga bog‘bon kapada.

Kuz kelar, egnida xazon yamog‘i,
Gala gala uchar janubga qushlar.
Ko‘chmanchi qushlarning yo‘qday sanog‘i
El qarar osmonga, yoqasin ushlab.

Anglolmas ko‘rgani tushmi yo o‘ngi,
Kimsasiz, tumanli dalalar roxi.
So‘yu samolarga ketadi singib,
Turnalarning g‘amgin faryodi ohi.

---------------------
2003 yil , 27 noyabr .
Tungi soat 9:30. Andijon.




-------------------
Ona yurt sog‘inchi
-----------------


Bir soat ichida dunyo qaridi,
Yosh turib sochlaring oqardi yanvar.
Jilmayar tahayyul tumanlarida,
Lablari atirgul, sochlari anbar.

Daraxtlar yugirar tepaliklarda,
Oppoq uchqunlarni to‘zg‘itganda yel.
Bahor keldi, muzni yorib chiq! - deya,
Yana boychechakni aldaydi aprel.

Men endi mushtlashib qovoqxonada,
Aroqqa cho‘kmayman hasratga to‘lsam.
Qaniydi Vatanda, qorli dalada,
Gulxanga termulib jimgina o‘lsam.

Daydi shoir o‘ldi - deya odamlar,
Ko‘mishsa, ustimdan tortishsa tuproq.
Xonanga qamalib, yolg‘iz u damlar,
Sen o‘zing yig‘laysan hammadan ko‘proq.

-----------------------
1 dekabr, 2012 yil.
Kunduz soat 2:12.
Kembridj shahri, Kanada.




----------------------
Garchand so‘qir ishqning ko‘zlari
---------------------


O‘yga botgan yomg‘irli shahar,
Elovrayman, qalbi so‘qirman.
Ko‘r yomg‘irga aylanib, sahar,
Derazangni qushday cho‘qirman.

Ko‘zim oppoq ochilgan paxta,
Tergil uni, jonim etaklab.
Savob bo‘lar edi poytaxtda,
Men so‘qirni yursang yetaklab.

Tumanlarda tentirab, daydib,
Dalalarda gulxan yoqarman.
Balki bir kun Vatanga qaytib,
Dorvozangni topib, qoqarman.

Paypaslayman shahlo ko‘zlaring,
Titrayotgan lablaringni ham.
Yuzlarimga bosib yuzlaring,
Shivirlaysan yomg‘irday, erkam.

Qalblarga yo‘l topar ro‘zi shab,
Garchand so‘qir ishqning ko‘zlari.
Lablar yomg‘ir kabi cho‘lpillab,
Bir -birini topar o‘zlari.

Yomg‘ir yig‘lar odamday asta,
Ko‘z yoshlarin hech kimsa artmas...
Boshqa topqir a'zolar haqda,
Nazarimda, yozish ham shartmas.

------------------------
25/06/2016. Kanada.




-------------------
Sevgi yodi
-------------------


Balki hamon meni kutarsan, esiz,
Borolmayman endi u joyga.
Qanday termulardik ikkimiz,
Shu'lalarin taratgan oyga.

Termularding porloq oyga sen,
Ipak soching shu'laday mayin.
U shu'la, u mayinlikni men,
Unutolmoy o‘tmog‘im tayin.

Gul bandiday bo‘yninga sening,
Chirmashmasin hijron pechagi.
Qurib qolma, g‘arib sevgimning,
Qor ostida qolgan chechagi.

-----------------------
22 aprelь, 2014 yil.
Kunduz soat 3:55.
Kanada. Brempton shahri.




--------------------
Kuzgi terak
--------------------


Daydib yurgan edim, bog‘larda badar,
Kuz sochib yubordi chumchuqlarini.
Ular uchib ketdi shoshib, qaygadir,
Shamollarda qayrab tumshuqlarini.

Kuz xazon raqsiga chorlaydi kimni?
Guvillagan mahal yalong‘och terak.
Terak shoxidagi qoraygan inni,
Qushlar eslab, goho sog‘insa kerak?

----------------------------
26 oktyabr, 2014 yil. Kanada.




----------------------
Kimsasiz yo‘llarda
----------------------


Suvga cho‘kib ketdi bulutlar,
Ko‘rib kuzgi gullar ibosin.
Qirg‘oqlarda teraklar, tutlar,
Suv oqizar bog‘lar libosin.

Gala gala qushlar narida,
Shiddat bilan uchar qaygadir.
Balki daryo sohillarida,
Sholi pishib yotgan joygadir?

Ko‘prik uzra sohibjamol qiz,
Termuladi suvga, ariqqa.
Kezar ma'yus, o‘ychan qari kuz,
Sochlarini bo‘yab sariqqa.

--------------------------
26 avgust, 2010 yil.
Kunduz soat 10 dan 58 daqiqa o‘tdi.
Toronto shahri, Kanada.




-----------------------
Omonat yaproqlar
--------------------

Daraxt qir uchida omonat zog‘lar,
Sukunatga to‘lar osmon qozoni.
Sekinroq yuraman men bunday chog‘lar,
To‘kilmasin deya bog‘lar xazoni.

----------------------
15 oktyabr, 2014 yil. Kanada.




-------------------
Qor
------------------


Yo‘lovchi izlarin yopib borar qor,
Izg‘irin bog‘larda sibizg‘a chalar.
Chiroqlar olisdan boqar intizor,
Qorli tundraga o‘xshaydi dala.

Osmon uxlar edi daraxt uchida,
Yostig‘ini yirtib, otdimi, netdi?
Chirpirab to‘zg‘igan parqu ichida,
Dov -daraxt, dalalar ko‘rinmay ketdi.

--------------------------
28 oktyabr, 2014 yil. Kanada.




-----------------------
Oy ko‘nglimiz singari yarim
-----------------------


To‘rg‘ay bo‘lsam tongi dalada,
Chug‘urlardim muallaq sayrab.
Qarar eding quvnab yanada,
Ko‘zga kafting soyabon aylab.

Tipratikon bo‘lsam, butunlay,
Men Vatandan ketmasdim badar.
Oy yoritgan xovlingda tinmay,
Chopar edim to tonga qadar.

Muhabbatning rubobi sindi,
Borolmayman endi sen tomon.
Biz uchrashgan dalada endi,
G‘uvillaydi darbadar shamol.

Dov daraxtni kech kuz qaritgan,
Bog‘larda bor hayo va sharm.
Sohillarni g‘amgin yoritgan,
Oy ko‘nglimiz singari yarim.

-----------------------------------
19/06/ 2011. Kanada.




------------------------------
Birinchi qor
----------------------


Oppoq qor qoplagan dalalar roxin,
Angraygancha tildan qolibdi bog‘lar.
Qor yuki egibdi daraxtlar shoxin,
Qaxrli qag‘illar tumanda zog‘lar.

Baqirmay sekinroq qag‘illasa ham,
Eshitaman axir, emasman garang.
Qorko‘chki qo‘zg‘olar yo‘talsa odam,
Qor turar daraxtlar shoxida arang.

Qor bosgan dalalar besado, besas,
Hech kim halal bermas xayollar sursang.
Yo‘lovchi jilmayib qo‘yar, ranjimas,
Qulochkashlab turib, qor bilan ursang.

----------------------------
9/01/ 2013. Kanada. Toronto shahri.




-----------------
Tovush
-----------------


Yomg‘ir yaraqlatar yo‘llarni yuvib,
Mudraydi bog‘larning qarg‘ayu zog‘i.
Shamol qanotlari shalobbo ivib,
Ucholmay qaydadir yotibdi chog‘i.

Fonus shu'lasidan nurafshon yo‘lak,
Sukunat odamday o‘ylarga botar.
Ko‘lmaklar limmo lim ko‘z yoshga to‘la,
Xiyobon ruhimday xuvillab yotar.

Yomg‘irda yuvilgan xiyobonda jim,
Dov daraxt yo‘lakka termulgan oni,
Eshitdim jimlikda, aniq eshitdim,
Chirt etib yaproqning uzildi joni.

--------------------------------
28/10/ 2014. Kanada.




-----------------------
Osuda jimlik
----------------------


Kuz kelibdi bildirmay, asta,
El ulusning tinchini buzmay.
Qushlar galasining bir pasda,
Ketganini qolibmiz sezmay.

Miq etmaydi, xayolga botgan,
Menga ma'lum uning kimligi.
Daraxtzorda berkinib yotgan,
Bu osuda kuzning jimligi.

Yaxshiyamki hech kim yo‘q ekan,
Borganimda daraxt kesgani.
Shoshilishda ketaveribman,
Pufaykamni kiyib teskari.

-----------------------
26/10/2014. Kanada.




----------------
Odob
----------------


Daraxt shoxlarini silkitgan edi,
Qaxrabo barglari to‘kildi yerga.
Farroshning so‘kinib aytganin endi,
Ayb bo‘lar deyman, kiritsak she'rga?

Farrosh qo‘llarini kuxlab, isinib,
Xazonlarni to‘plab, gulxanda yoqar.
So‘ng o‘ychan tutatib tamakisini,
Uzoq uzoqlarga xayolchan boqar.

Qir! qir! -deyaverib qirilib ketar,
Turnalarning uzun nayday tomog‘i.
Kuz bekor qushlarning qaytishin kutar,
Kiygan jandasida xazon yamog‘i.

--------------------------
27 oktyabr, 2014 yil.
Kech soat 7:44.
Brempton shahri, Kanada.




-----------------------
Endi kezar u joylarda kuz
---------------------


Qanday yashnar edi dala tuz,
Shovqin solib yoqqan jalada.
Endi kezar u joylarda kuz,
Sholg‘om kovlar dexqon dalada.

Qush galasi deya o‘ylabman,
Uchib o‘tsa g‘arib xazonlar.
Men ularga qarab to‘ymabman,
Chirpiratsa telba to‘zonlar.

Darchalarga bosganicha yuz,
Yaproqlarin to‘kar qayinlar.
Yana qaytib kelinglar deb kuz,
Turnalarga qattiq tayinlar.

--------------------------
27 oktyabr, 2014 yil.
Kunduz soat 12:22.Brempton shahri, Kanada.



-----------------
Qor quvonchi
-----------------


Guppa guppa yog‘averdi qor,
Tomlar oppoq, oqardi yerlar.
Oq varaqday ko‘chayu devor,
Qor xudoning rahmati derlar.

Qorbo‘ronda turtinib, toyib,
Yo‘lda odam tanimas do‘stin.
Qorboboday bog‘lar bukchayib,
Kiyib olgan qalin qorpo‘stin.

G‘uvillaydi qorli dalada,
Cho‘kirtaklar bo‘g‘zigacha qor.
Darchadagi chiroq panadan,
Qorli yo‘lga boqar intizor.

G‘ijirlaydi qordagi qadam,
Qor ostida qolibdi yo‘lak.
Qorga qarab to‘ymaydi odam,
Hamma xursand, farroshdan bo‘lak.

---------------------------
25/10/2014. Kanada.



----------------------
O‘rmonlarga tutashdi yo‘lim
-----------------------


Yo‘l chetida raqsga tushar,
Nozikkina navnihol qayin.
Yaproqlari chirpirab uchar,
Shamollarda chayqalgan sayin.

Kasod bo‘ldi qushlar bozori,
Sarmoyasi talandi, sindi.
Girvatlarga sovrildi bori,
Chorbog‘larda ovozi tindi.

Tumanlarda xayolga tolgan,
O‘rmonlarga tutashdi yo‘lim.
Bo‘ronlarda yaproqsiz qolgan,
Novdalarga o‘xshaydi qo‘lim.

---------------------------
25 oktyabr, 2014 yil.
Kunduz soat 3:54.
Kanada. Brempton shahri.



--------------------
Cho‘talchi
------------------


Qo‘llarida "qirol", "dama", "tuz",
Dov -daraxtlar o‘ynaydi qarta.
Qimor o‘ynab, to‘ymaydi bu kuz,
Yutqazsa ham bir necha marta.

Sarg‘aytirdi daraxtni hasrat,
Ishonmaydi aytsang birovga,
Oltinlarin avaylab, asrab,
Bog‘lar tikdi dovga, garovga.

Shamol tinmay chiylaydi qarta,
Bedanani qiynaydi yo‘tal.
Farrosh kelar kunda bir marta,
Olmoq uchun bog‘lardan cho‘tal.

----------------------------
25/10/2014. Brempton shahri. Kanada.




-----------------------
Kuzning g‘arib, g‘amgin shamoli
------------------------


To‘zg‘itganing yetmasmi qasddan,
Qo‘y, quvlama yaproqni, shamol.
Sen ham hadeb izg‘iyvermasdan,
Bir zum to‘xta, madaniy dam ol.

Yosh emassan, umring ham yarim,
Qilgan savob ishlaring sana.
Chilpib kuzgi daraxt barglarin,
Farroshga ish oshirma, bola.

----------------------------
22 oktyabr, 2014 yil. Kanada.




------------------
Qorbo‘ron
------------------


Ulovlar ham charchadi, tindi,
Oppoq qorga belandi shahar.
Ko‘mib tashlar borliqni endi,
Qor tinmasa to tonga qadar.

Cho‘zilgancha o‘rnimga shu dam,
Qordek oppoq o‘ylarga botdim.
Yo uy yorug‘ qor shu'lasidan,
Yo chiroqni o‘chirmay yotdim.

---------------------------
24 oktyabr, 2014. Kanada.



--------------------
Robinzon
-------------------


Makonim shu, kimsasiz orol,
Kemalarning yo‘liga boqdim.
Qo‘lda qalam daxshatli qurol,
She'rim qalab, gulxanlar yoqdim.

Sohilda suv yig‘lar chamasi,
Ummonlarni keladi kechgim.
Shovqin solar to‘ti galasi,
Hayqiraman, eshitmas hech kim.

Yulduzli tun bayroqmi qaro?
Oy ham undan ketmaydi nari.
Uxlar havo ummoni aro,
Kosmosdagi orol - Yer shari.

-----------------------------
19 iyun, 2010 yil. Kunduz soat 2:44.
Toronto shahri, Kanada.



---------------------
Kuz manzarasi
---------------------


Tubsiz xandaklarning xaspo‘shlab og‘zin,
Chevar o‘rgimchaklar to‘qiydi kashta.
Sukunatni tinglab, aqldan ozding,
Ne bor u davrada, bo‘shliqda, dashtda?

Do‘stdek ko‘rinadir ko‘zinga yog‘iy,
Cho‘chqa oxurida uxlama, uyg‘on.
Qag‘illar kuzakning qarg‘ayu zog‘i,
Bog‘ingda bubullar sayramay qo‘yg‘on.

Qovjirab, qaqshaydi daryolar labi,
Yolg‘iz kapalakning topilmas tengi.
Xilpirar valiylar bayrog‘i kabi,
Qo‘riqchining uzun sadpora yengi.

----------------------------
26 avgust, 2010 yil.
Tungi soat 10:13.
Toronto shahri, Kanada.




------------------
Telbalar shaharchasini sog‘inib
(Sharifjonga)
--------------------


Jussalari machta, kiyimi yelkan,
Sevgidan telbarib qolgan avomat.
Qattiq nonni suvga ivitib yerkan,
Borxesning kitobin aylar qiroat.

Ozg‘in qo‘llarida portfel shishar,
Namlikni o‘tkazar poyabzal charmi.
Zarb bilan yopsalar, uzilib tushar,
Eshikka qisilgan sharfning yarmi.

Yomg‘irda yuvilgan oyna yo‘lakka,
Yorliqday yopishib qolar edi barg.
Qor yog‘sa telbalar ketib pinakka,
Qutb ayig‘iday uxlar edi park.

"Kitob" nomli og‘ir dardga chalingan,
Telbalar har tamon tirqirab uchdi.
Non o‘rniga kitob sotib olingan,
Telbalik yillarim yodimga tushdi.

---------------------------
21/10/2014.Kanada. Brempton shahri.




----------------------
Dadamni eslab
---------------------


O‘ltirardik porloq oyga termulib,
Daryo tamonlarda yulduz chamani.
Uzoqdan o‘tardi poyezd chinqirib,
Olis temir yo‘lning uchqur samani.

Suvqog‘oz parnikmas, o‘tov deng qadim,
Tunlar ichkarida porlardi chiroq.
Men pechka yoquvchi go‘laxi edim,
Ko‘mir bor, gaz degan yo‘q edi biroq.

Uzoqda xorigan traktor "Altay",
Kezar ekan turtinib zulmat qa'rida,
Tumanda adashib qolgan odamday,
Ingrardi noyabrь zulmatlarida.

Ibodat qilardi dadam uyda jim,
Balki farz nomozi, balki vitiri.
Men esa parnikda kitob o‘qirdim,
Suvqog‘oz tom uzra qorlar shitiri.

------------------------------
15/10/2014. Kanada.




-----------------
Kuzatish
------------------


Jilmaygancha ko‘z yoshlaringni,
Yashirasan, aldab netasan?
Men perronda qolaman yolg‘iz,
Sen poyezdda yig‘lab ketasan.

Jiqqa yoshga to‘lgan ko‘z bilan,
Yo‘l olasan uzoq ellarga.
Yugiraman poyezd ortidan,
So‘zlar uchar sovuq yellarga.

Chirpiraydi poyimda xazon,
Kuz borliqni tumanga belar.
Xuvillagan perronda turib,
Poyezd kabi chinqirgim kelar.

--------------------------
1992 yil, dekabr, Toshkent, Talabalar shaharchasi.




-----------------------
Sadoqatli chirildoq
--------------------------


Oqshom. Dala xovli, o‘yga cho‘masan,
Xonang derazasin bog‘larga ochib.
Menchi kiprik qoqmay turaveraman.
Ering kelganda ham ketmayman qochib.

Esingdami, seni firoq o‘tida,
Kuydirib bir zamon ketgandim o‘lib.
Mana, tag‘in qaytib keldim yoningga.
Qaytadan tirilib, chirildoq bo‘lib.

Xovlingda buncha ko‘p bo‘lmasa gullar?
Yo bugun bayrammi, gullar saylimi?
Sevgilim, shu gullar ochilib yotgan,
Xovlingda chirillab yursam maylimi?

--------------------------------
1999 yil , avgust .Toshkent.




-----------------------
Qadrdon qirg‘oqlar
---------------------


O‘tib ketdi bir birin quvlab,
Kunlar, oylar va yillar zumda.
Esingdami, sohil suvlari?
Erir edi izlaring qumda.

Uchrashganda sehrlanganday,
So‘zlasholmay, qolardik tildan.
O‘ylar edim sen haqda tinmay,
Uzoq edi sekundlar yildan.

La'l, javoxir yulduzlar ila,
Tun osmoni ketganda boyib.
Uxlar eding baland so‘rida,
Sochlaringni daryoday yoyib.

O‘tar eding go‘yo beparvo,
Pinxon tutib ko‘zdagi yoshing.
Sevgim cho‘kib, g‘arq bo‘lgan daryo -
Yot yostiqqa yoyilgan soching.

Balki bizsiz sohilda hamon,
To‘lqinlarni shabboda quvar.
Qoradaryo oy tovog‘ida,
Yulduzlarni oltindek yuvar.

--------------------------
8/07/2006. Kunduz soat 2:41.
Bishkek shahri, Sovetskaya ko‘chasi, 128.




--------------------------
Sirli maktublar
-------------------------


Daraxt menga yo‘l bo‘shatadi,
O‘tganimda shu yo‘ldan doim.
Va daraxtning sarg‘arib ketgan,
Xatlariga ko‘milar poyim.

Daraxt yozgan maktublarini,
Kimdir olib o‘qishin poylar.
Xatlarini olis olisga,
Olib ketar po‘chtachi soylar.

Sevib qolgan kimnidir daraxt,
Sevgan yori yozmaydi javob,
Xatlarini yashirib, o‘qib,
Yig‘lab - yig‘lab etmaydi tavof.

Daraxt har yil yozaveradi,
Siyox, dastgox, qalam, dovotsiz,
Xatlarini xech kim o‘qimas,
Uning sevgilisi savodsiz.

-------------------------
1991 yil , kuz , Toshkent shahri.




-------------------------
Baxt nolib yurmasin baxtsizligidan
--------------------------


Jimirlaydi yombi, xazina kabi,
cheku chegarasiz "O"simon osmon,
yo‘qlik ramzi nolь raqamiday.
Osimon ummon. Unda miltillaydi
yulduzlarning sonsiz uvildirig‘i.
Uvildiriqlar aro ohista suzar,
botargoxda qatl etilgan oyning
oltin boshi, misli kumush lagandagi
qahramonning boshi singari.
Hademay osuda, oppoq tong otar.
Faqat sizdan bitta iltimos,
baxt qushining tuxumlaridan,
quymoq qilmang zinxor ba zinxor.
Ularni bostiring parrandalarga.
Ochib chiqsa, qirg‘iylardan qo‘ring
baxt qushining jo‘jalarini.
Baxtning polaponi ko‘payib ketsin,
tarqatinglar, hammaga yetsin,
hamma baxtli bo‘lsin Vatanda.
Baxt nolib yurmasin baxtsizligidan,
xafa bo‘lib yurmasin shodlik.
Ovqat och qolmasin, kiyim yalong‘och
suvlar chanqamasin, tomog‘i qaqrab.
Olov sovqatmasin qaltirab, qaqshab ...

--------------------------------
1993 yil, Maslaxat qishlog‘i.




--------------------------
Zor - intizor
--------------------------


Qurg‘oqchilik kunlari keldi,
Saxro kabi qaqragan ko‘zga.
Bu dunyoda, sevgilim endi,
Go‘zal so‘z yo‘q ismingdan o‘zga.

Kengliklarga chiqib ketaman
Sog‘inchlaring qiynasa yomon,
So‘zanaklar tentirab uchgan,
Jim, kimsasiz dalalar tamon.

Qurillaydi baqalar mayus,
Sohilda tun etagin teshib.
Yuksaladi ko‘klarga ruhim,
Oy nuridan arqonlar eshib.

------------------------
1999 yil , avgust. Maslaxat qishlog‘i.



------------------
Yozuv
-----------------


Sen mag‘rur o‘tasan misoli ro‘yo,
Tashlab asta iloxiy odim.
Izlaringda men emas , go‘yo,
Qolar ruhsiz yuz yilgi yodim.

Yuksalganday bo‘lasan ko‘kka,
Dalalarni yoritgan oydek.
Men bir chetda qolib ketaman,
Oy yorug‘i tushmagan joydek.

Termulaman seng ketgan yo‘lga,
Tumanlarga singiydi jisming.
Derazaning oynasin kuxlab,
Xovurlarga yozaman isming.

-----------------------------------------
1991 yil , dekabr. Toshkent. Talabalar shaharchasi, 14 -yotoqxona.




---------------------
Qarg‘aga
--------------------


Qarg‘a, seni tezakxo‘r desak,
Hafa bo‘lma, olmagin malol.
Chunki tezak ba'zi odamning,
Luqmasidan ming bora halol.

Qor qoplagan chorbog‘larga boq,
Kumush qordan daraxtlar bo‘rki.
Qarr! Qarr! - desang tumanda shu chog‘,
Go‘zal qishning ortadi ko‘rki.

Seni yomon degan kimsaning,
Komilligi emasdir yaxlit.
Eng yaxshi qush o‘zingsan, chunki,
Bulbullarga qilmaysan taqlid.

---------------------------
2008 yil, 30 iyul, dushanba. Tungi soat 2:04.
Toronto shahri. Kanada.



--------------------
Hotira
-------------------


Unutmayman endi hech qachon,
o‘sha qayg‘uli tongni,
o‘chgan chiroqlarni,
oqarishib kelayotgan
olachalpoq osmonni,
yiroqlarni.
Fil suyagi kabi
oppoq qo‘llaru
shunday jussani.
Muyulishga yetganimda
ko‘zim girdobiga
cho‘kkan g‘ussani.
Endi u joylarga bormayman,
borsam,
Shamollar yig‘laydi
qamish tilida.

---------------------------
1993 yil. Andijon.




----------------------
Qiziq dunyo
---------------------


Qorong‘udan chiqib qorong‘ulikka,
Ketguvchi umrlar aylana chiziq.
Boshing sharga o‘xshar buning ustiga,
Shar ustida yashash undan ham qiziq.

Qiziq tuyularkan yer - bepul uchoq,
Doim xizmatingga tursa shaylanib.
Sen borib yurmasang, ochgancha quchoq,
Fasllar yoninga kelsa aylanib.

Qiziqda, bir umr koinot bilan,
Qo‘shilib aylansang, aylansang yerga.
Undan ham qizig‘i, bu voqeani.
Kimdir aylantirib yuborsa she'rga.

--------------------------
2000 yil 28 iyul, yarim tun .
Maslaxat qishlog‘i .




----------------------
Tungi sayr
----------------------

Osmon degan parashyutda shom,
O‘tloqlarga qo‘narkan asta,
Sarg‘ayadi darchalarda rom,
Mashriqda oy kumush patnisday.

Oy osmonning oppoq siynasi,
Sutga go‘yo cho‘milgan kecha.
O‘rtansa dil, hijron qiynasa,
Deyman - borku kimsasiz ko‘cha.

Ruhi sokin jimlikni suygan,
Darbadarman, daydi sayoqman.
Qochib chiqdim men yana uydan,
Maxbus qochgan kabi qamoqdan.

--------------
20/06/2022.
Tungi soat 11:41.
Kanada, Onterio.




----------------------
Yomg‘irli shahar
-----------------------

Fonus o‘ychan boqadi yerga,
Ko‘lmak jimirlaydi yo‘lakda.
O‘q uzadi qaldiroq - mergan,
Yomg‘ir hamon quyar chelaklab.

Darchalardan o‘ychan boqar el,
Odimlaysan, soyabon boshda.
Ko‘lmaklardan chopib o‘tar yel,
Ko‘chada suv daryoday toshgan.

Oynalarni yuvsada yomg‘ir,
Surishtirib yurmas ish xaqin.
G‘amgin chaqnab qo‘yadi gohi,
Tramvaylar shoxida chaqin.

---------------------
21/06/2022.
Kunduz soat 11:16.
Kanada, Onterio.




------------------------
To‘rg‘ay qo‘shig‘i
-------------------------



Jo‘nayman bir o‘zim bug‘doyzor tomon,
Tabiat qilt etmas, ketganmi hushdan?
To‘rg‘ay sayrar dala ustida hamon,
Kuychi kabi, arshi a'lodan tushgan.

Havoda muallaq, qanotin rostlab,
Vijir -vijir sayrab, chorlaydi kimni?
Kuylar goh balandlab, gohida pastlab,
Yodga solib olis bolaligimni.

Osmonga boqaman, yoqamni ushlab,
Quvonchlarga to‘lib, toshadi yurak.
To‘rg‘ay yolg‘izlikni, jimlikni hushlar,
To‘rg‘aylarga ozod kengliklar kerak.

---------------
19/06/2022.
Kunduz soat 4:40.
Kanada, Onterio.






------------------------
Qo‘riqchiga
-------------------------


Kiygan kiyimlaring chirigan, yag‘ir,
Turibsan laylakdek bitta oyoqda.
Na ota onang bor, na jigar bag‘ir,
Do‘sting seni tashlab ketdi qayoqqa?

Teshib o‘tganmi yo ko‘ylagingni o‘q,
Bo‘yninga lattaxoch taqib olibsan.
Qashshoqsan, kissangda sariq chaqa yo‘q,
Dala etagida yolg‘iz qolibsan.

Baxt degani senga boqmabdi qiyo,
Olmaysan, menimcha maosh ham oylab,
Nafaqa pulini kutyapsanmi yo,
G‘irrom pochtachining yo‘lini poylab?

Fe'lingda ko‘rinmas kibrdan nishon,
Donishmand validay tejaysan so‘zni.
Men ham qo‘riqchiman, qo‘riqchi, ishon,
Doim qorovulday sezaman o‘zni.

Chetlab lovullagan ufqlar olovin,
Turnalar karvoni janubga shoshar.
Bunda shoxu gado barcha qorovul,
Hamma nimanidir qo‘riqlab yashar.


------------
19/06/2022.
Kunduz soat 2:01.
Kanada, Onterio.

 



-----------------------
Mabodo
-----------------------


Hech yo‘q, bo‘lsam edi yolg‘iz popishak
pupupub - pupupub - pupupub
pishsh shsh! - deya
olis uvotlarda sayrardim uzoq.
Dexqonlar ishlashdan to‘xtab, jilmayib
bir zum quloq tutardi menga.
Yo bo‘lmasa, omadim chopib,
chigirtkaga aylanib qolsam,
oy porlagan mahal, oqshomlar
yozgi Qirg‘izxoji dalalarida
tunni zirillatib chirillar edim.
Yoki deylik, birdan falokat bosib,
odam bo‘lib qolsam, kutilmaganda
katta - kon odam,
bolaligim kechgan daryo sohilidagi
"Cho‘chqaxona"* xarobasidan
qarardim bepoyon mangu osmonga
o‘zimning naqadar muvaqqat, ojiz
zarra ekanimni anglamoq uchun.

-------------------------
15/10/2006. Kanada.Onterio.

*"Cho‘chqaxona" - Qoradaryo sohiladagi biz bolalikda to‘p tepib, o‘ynab, katta bo‘lgan qadimiy cho‘chqaxona xarobasi.




----------------------
Shukrona
---------------------


Olloxim, anavi yon qo‘shnim borku,
o‘shandan degin,
belkurak oluvdim yer ag‘dargani.
O‘sha qo‘shnim bir soat o‘tgandan keyin,
bergan belkuragin so‘rab chiqibdi.
Sen bo‘lsang,
tug‘ilganimdan beri ishlatib yurgan
belkurakdan afzal qo‘llarimni
mana, o‘ttiz yildirki,
qaytarib ber deya qistab kelmaysan.
Yaqinda Komxozdan, B.T.I dan,
Gorgazdan, Elektrosetdan,
Soliq idorasidan
xo‘mraygan badqovoq odamlar keldi,
semiz - semiz popka ko‘tarib.
To‘lov miqdorini eshitgach,
hushdan ketay dedim, ko‘karib.
Olloxim,
yaxshiyamki farishtalaring,
semiz - semiz popka qo‘ltiqlab,
quyosh, yomg‘ir , shamol xaqini
surishtirib kelmas uyimga.
Yaxshiyamki nafas yo‘limga
havo xisoblagich o‘rnatmagansan.

-----------------------------------
1992 yil, Maslaxat qishlog‘i.




---------------------
Sukunat
--------------------

Osuda, bepoyon yulduzli osmon,
somon yo‘li kimsasiz, bo‘m -bo‘sh.
Oy yoritgan dala ortida xurar
berilib, o‘zini unutib, itlar.
Faqat sen qolganday dunyoda yolg‘iz.
Shunday oydin sukunatki, go‘yo,
aniq eshitadi butun koinot,
unitazning chuqur xo‘rsinig‘ini.

-------------------
23/07/2022.
Kunduz soat 9:36.
Kanada, Onterio.




-------------------
Veteran
(Ikkinchi Jahon Urushi ishtirokchisi, hamqishlog‘im Fozil ota hotirasiga)
--------------------

Uning dil ko‘zgusin parchalagan o‘q,
Chil - chil sinib ketgan, bo‘lmaydi butlab.
Do‘stim, u insonga qo‘l cho‘zib, hech yo‘q,
Buyuk bayram bilan qo‘ysangchi qutlab.

Miskarnay bo‘g‘zida bizga tanish "Vals",
Yengil sadolari o‘ynar havoda.
Qahramonning siyrak sochlarin besas,
To‘zg‘itib o‘ynaydi tongi shabboda.

Shu kunlarda qolgan u yolg‘iz, yo‘lsiz,
Yo‘qdir uning bunda tengdoshi, tengi.
Uzoqlarga ma'yus termular, qo‘lsiz,
Shamolda bayroqday xilpirar yengi.

-------------------------------------
15 avgust, 2010 yil.
Tong. Toronto shahri, Kanada.



------------------------------
Kuz ilhomlari
------------------------------


Voh, kuzgi daraxt shaklida hayronani ko‘rdim,
Yolg‘iz va g‘arib, bir dili vayronani ko‘rdim.

Jim jit ko‘chada o‘ynadi raqqosa shamollar,
Charx urdi hazon girvati, parvonani ko‘rdim.

Darcham yonidan o‘tdi uchib yovvoyi g‘ozlar,
Parvoziyu faryodida devonani ko‘rdim.

Qushlar uyasin tutdi daraxt shoxida, yo Rab,
Inlarga boqib, g‘am to‘la paymonani ko‘rdim.

Za'far kapalaklar kabi uchganda xazonlar,
Barglarga ko‘milgan ko‘cha, ostonani ko‘rdim.

Yo‘llarga xazonlar to‘shadi kuzgi Toronto,
Boqqancha chinor bargiga Farg‘onani ko‘rdim.

Ishq bodasidan mastu alast shomu sahar dil,
Uzlat uyida xilvati mayxonani ko‘rdim.

Do‘st topmadi Vulqon bu jahon mulkida izlab,
Har yerda g‘anim, vaxshati begonani ko‘rdim.

---------------------------
26 oktyabr, 2010 yil. Kanada.





-------------------------------------

VATAN
(O‘zbekiston xalq hofizi Sherali Jo‘rayevga bag‘ishlanadi)
------------------------------


Sen agar bug‘doy boshoq bo‘lsang somoningman, Vatan,
Toabad boshing omon bo‘lsin, tovoningman, Vatan.

Barcha yaxshi, barcha oqil, barcha dono, faylasuf,
Qimtinib bir chekkada yurgan yomoningman, Vatan.

Chor taraf zulmat, tuman, uvlaydi ming -minglab shoqol,
To sahar gulxan yoqib chiqqan cho‘poningman, Vatan.

Barcha jim, tilsiz pisib, mum tishlaganda, xayqirib,
Haq so‘zin dor ostida aytgan zaboningman, Vatan.

Bo‘lmasin ovvora yov oybolta qayrab qatlima,
Qatl etib o‘ldirsa xam o‘lmas omoningman, Vatan.

Yurtda Vulqon cho‘qqidek boshim bulutlardan baland,
Yov uchun mangu o‘tib bo‘lmas dovoningman, Vatan!

------------------------------
2004 yil. Andijon.


--------------------------
****************************




Yapon she'riyatidan Xoldor Vulqon tarjimalari

Xayku va tankalar:

---------------

Xayku va tankalar xaqida

Xayku va tankalarda ko‘p qirrali nimkosa ma'no, kinoya, fisqu fasod, falsafiy mazmun mushoxadalar yo‘q.Bu ixcham poetik janr go‘zal tabiat manzaralarini, yoxud narsalar xolatini, yoki odamning muayyan ruhiy kayfiyatini aks etdirish orqali o‘quvchiga xayrat bag‘ishlash, osuda tonglar kabi toza tuyg‘ular baxsh etish san'atidir.Xayku va tankalarda aks etdirilgan manzaralarni ko‘z oldingizga keltira olsangiz, tog‘dagi qishloqda oy chiqishini sarg‘ayib kuzatayotgan dexqonlar holatini,butazorlar ortidan ohista ko‘tarilayotgan to‘lin oyni ko‘rayotganday, chigirtkalar chirillashini eshitayotganday, bo‘lasiz.Tahayyul va tahayyur shu'lalariga yo‘g‘rilasiz.Quyida bundan olti asr avval yozilgan yapon xaykularini va tankalarini o‘z tarjimam orqali hukmingizga havola qilaman.

Xoldor Vulqon
O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasining a'zosi
1983 - 2013 yillar.

---------------------------------

Xaykular.



--------------------
Matsuo Basyo
-------------------


***
Qorli tong.
Yana quritilgan baliqni
yeyman shekilli yolg‘iz bir o‘zim.


***
Dengiz suvida suzib yurar
mayda yaltiroq baliqchalar.
Tutaman desang, yo‘q bo‘lib qolishar.

***
Shu qoyadan turib,
ko‘m - ko‘k dengizga
qalpog‘imni uloqtiraman!


***
Qishki dala.
Uzoqlarda yurar dexqonlar
qolgan - qutgan cho‘plarni yig‘ib.

***
Sochim o‘sibdi.
Ozib ketdim, rangim olingan
bug‘u oyidagi yomg‘ir to‘xtamas.


***
Banan yaproqlari so‘lg‘in.
Oyning porlab chiqishini
sarg‘ayib kuzatar dexqonlar.


***
Yo‘llar toyg‘oq muzlama.
Attang, toyib yiqildi
shirakayf do‘stim.


***
O‘lgan o‘g‘lin eslab yig‘ladi ota.
So‘nayotgan gulxan cho‘g‘lari
o‘chib qoldi uning ko‘zyoshlaridan.


***
Egnimdagi qog‘oz ko‘ylagimni
ivitib yirtibdi
bahor yomg‘iri.


***
Muzlagan olabug‘a baliqlari
irjaytirib yotar tishlarin
sovuq do‘kon peshtaxtasida.

***
Qaydasan sen, mening tayanchim?
Xassa qilib olgan cho‘pagimni
sindirdi kuzgi shamol.


***
Ufqlarga botmoqda quyosh.
Kuzgi daryo suvlarida
yaltillaydi mayda baliqlar.


***
Choponim yupqa.
Kun bo‘yi o‘tirib undagi bitlarni
terib o‘ldirdim.


***
Juda qalin qor yog‘ibdi.
Endi Xakbinz tog‘idan
qanday oshib o‘tar odamlar?


***
Yosinodagi gullagan giloslarni
ko‘rsataymi senga,
mening qalpog‘im?

***
Oxir quvib yetdim nihoyat,
O‘tgan bahorni
Olis "Vaka" bandargoxida.

***
Voy bayov!.. Voy bayov!..
Yana nima deyish mumkin siz xaqingizda
Yosinodagi gullagan giloslar!


***
Ustunlariga has - xashak ilingan
ko‘prik xayrlashayotir
to‘lin oy bilan.


***
Qaydan keldi bu yalqovlik?
Bugun arang uyg‘otishdi meni,
shovullaydi bahor yomg‘iri.

***
Quvonchla boqamiz yonarqurtlarga,
qayiqchidan umid yo‘q, u mast.
To‘lqinlar qayiqni surib bormoqda.


***
Oydin qish kechasi
qor bosgan yo‘llar.
Itga otay desam topilmaydi tosh.


---------------------------
Kobayasi Issa
----------------------------


***
Kechib o‘tdim sayoz va toshli,
fe'ruzarang daryo suvlarin,
shippagimni qo‘limga olib.

***
Oydin kecha.
Tiniq sholipoya suvida
oqib yurar gilos gullari.


----------------------------
Kovaxigasi Xekigado
---------------------------


***
Suzayotir qora kemaday,
sekin asta bulutlar aro
tog‘ning cho‘qqisi.


***
Shilliqqurtning sira
chig‘anog‘idan chiqqisi kelmas
kuzgi shamollar.




------------------------
Masaoka Siki
---------------------------


Gullagan Yamabuka soyasi.
Suv solingan qovoqda
biltanglaydi kumushrang baliq.


***
Kimsasizlik.
Daraxt ostidagi shaloq o‘rindiqda
qarag‘ayning igna barglari.



------------------------
Nayto Meysetsu
-------------------------

***
Qaytarib keladi o‘z ovozimni
yana o‘zimga
kuzgi bo‘ronlar.

***
Yurmayotgan otining
jilovidan tortar zo‘r berib
aravakash sovuq kechada.


***
Eshitilar oyna ortidan
dexqon ketmonining chiqirlashlari.
Shudgorda tosh ko‘p.


***
Zilol suvli daryoda,
lapanglab oqmoqda
suvga qulatilgan xodalar.


***
Tutunlarda ko‘rinmay ketar
sargashta roxib.
Olislarda yangrar qo‘ng‘iroq.

***
Chug‘urchuqlar galasi
uchib o‘tdi tepamdan.
Eshitdim qanotlar shuvillashini.


***
Menga sovg‘a berishdi.
Oltin baliqchani olib ketyapman
suvli qovoqda.


***
Qish yomg‘iri.
Hamma narsa jim.
Qirg‘oqdagi qayiq ham hatto.


***
Go‘yo itoatkor kapalakni oldiga solib,
xaydab kelayotganga o‘xshar
so‘qmoqdagi yo‘lovchi.


------------------------
Taneda Santoka
---------------------------

***
Shunday ketmoqdaman
so‘zanakni qalpog‘imga
qo‘ndirganimcha.

***
Yolg‘iz o‘tiribman
romga yelimlab
yangi qog‘ozni.
***
Qanday va qayoqdan qaramayin,
hamon yog‘ayapti to‘xtamay
yog‘ayapti qor.

***
Chirildoqlar chirillar.
Berkinishning iloji yo‘q
bu tovushlardan.

***
Hamon uchayapti
kuzgi daraxtlarning
yaproqlari sovuq shamolda.

***
Dam olib yotgan chog‘im
qip qizil so‘zanak
oyog‘imga qo‘ndi o‘tloqda.

***
Yaxshilab chaynash kerak,
xafsala bilan.
Guruch bu guruchda...
***
Bo‘kib sake ichib, mast bo‘lib,
chirildoqlar bilan birga
uxlab qolibman.

***
Yozgi sel shovqini
yillar o‘tishi bilan men kabi
qaribdi u ham.

***
Ayozli qish kechasi
sovuq izg‘irin.
Men qayerda tunayman endi?..

***
Qayoqqadir shoshar
sovuq bulutlar
cheksiz osmonda...

***
Dalada izg‘irin.
toshlarni teraman
kuzgi shamolda...

***
Qanday ivib ketdima
boyagina huv anavi,
bulutlardan yoqqan yomg‘irda!..
***
Uziliksiz kavshanaman.
Mening ovqatim -
guruch kepagi.

***
Hoy, noinsof chigirtka!
xaltadagi guruch o‘zi oz!
ertagacha yetsin...

***
Yemoqqa ovqat yo‘q.
kuzataman quyoshni g‘amgin
baland, olis tog‘lar ortiga...

***
Yolg‘iz, beg‘am, oppoq kapalak
Uchib aylanmoqda pildirab.
Hamma yoqda tosh.

***
Kulbam ayvonida yolg‘iz o‘ltirib,
rohatdan ko‘zlarim yumib, kavshanib,
Uembosi qiyomin yeyman . . .

***
Yolg‘iz va sokin
jim - jit o‘ngirlarning
shaffof tonglari . . .

***
Iyulь jalasi
o‘prilib ketdimi deymanda,
samo to‘g‘oni . . .
***
Xotiralar uchib kelar
qaydandir birdan
oppoq yuvosh kapalak bilan . . .

***
Atrof tog‘, qarag‘ay o‘rmoni.
Toshni yostiq qilib yotibman.
Shosha pisha suzar kuzgi bulutlar. . .

***
Tungi ibodatxonada
tongacha mushuk
o‘ynaydi parvona kapalak bilan.

***
Yo‘lda kasal bo‘lib qoldim.
Mana endi tungi zulmatda,
tinglayapman sel shovqinini . . .

***
Qorong‘i tushdi.
Endi oydin tog‘lardan
axtaraman tunamoqqa joy.
***
Naxot shu kul qolgan bo‘lsa
yoqib yuborilgan kundaligimdan ?. . .

***
Tong pallasi yirik tomchilar
nog‘ora qilib chalar
pastakkina kulbam tomini.

***
Meni burga chaqib, uxlatmayapti,
yulduz to‘la bepoyon osmon . . .

***
Dengizlarga tikilganimcha
sohildagi o‘tloqda
bo‘shanaman , xojat qilaman.

***
Kuzgi shamollarda
Ot sug‘oraman . . .
***
Cho‘chqa menga tikildi.
Qiziqishdan ochilgan og‘ziga
Kirmoqda kuzgi shamol .

***
Kun bo‘yi yomg‘ir yog‘di .
Men o‘yladim xasratga cho‘mib ,
olislarda qolgan Vatanimni.

***
Buncha ham mazali
bo‘lmasa guruch .
Kavshanaman bir o‘zim o‘ychan.

***
Oftob qizdirmoqda
ustarada taglab qirilgan
taqir boshimni...




-----------------------------
Isikava Tokuboku
---------------------------

***
Turgenevning romanini
poyezdda o‘qib ketayotib
"Isikari" dan o‘tib ketibman.


-------------------------
Midzuxara Syuosi
-------------------------


***
Qishloq uzra g‘amgin porlagan oyni,
tomosha qilmas hech kim.
Barcha sholi o‘rimida . . .

***
Olmalar gullagan .
boyagina yoqqan bahor selida,
oppoq gul qopladi soxil suvlarin.
***
Oy porlar .
Qayinlar soyasi sezilmas ,
tumanlarga cho‘mgan qayinzor.

***
Bahorni kuzatayapman
yomg‘irlarda shalobbo ivib
bulutlar bilan yuzma - yuz , tog‘da.

***
Yomg‘irli kun .
Oqin bo‘ylab oqar xrizantemalar
ko‘rinmaydi bironta qayiq.

***
Choy gullaydi baland qoyada ,
shom zulmati qoplagan tog‘lar.
Olislardan ko‘tarilar oy.
***
Qaldirg‘ochlar chiyillab uchar ,
gir aylanib, tog‘dagi kulbamning,
tomi ustidan.

***
Xagi gullayotgan.
Asama tog‘iga chiqaman
bulutlarni qayrib . . .
***
Jarlar aro , to‘lqinlar uzra ,
chag‘alaylar ini yonida
olxo‘ri gullar . . .

***
Berkinadi o‘t - o‘lan ichra
tunash uchun o‘tloq kakkusi ,
yaqinlashar tun . . .

--------------------------
Akutagava Ryunoske
--------------------------

***
Mana tong otdi.
Qo‘shig‘ini to‘xtatib birdan ,
chirildoq jimib qoldi.

***
Tog‘ etaklarida
yumilib qolibdi sovuq ayozdan ,
choy g‘unchalari.

***
Qishki yomg‘irlar,
kanal qirg‘og‘idagi choyxonada
yolg‘iz bir mexmon . . .

***
Bog‘ yo‘lakchasidagi
ko‘lmakda aks etar
Azaliya gullari . . .



----------------------------
Natsume Soseki
---------------------------


***
Men kasal yotgan xonaning
bambuk pardasiga ohista qo‘ndi
kuzgi kapalak.

***
Kuzgi daryo, baland sohillar.
Daryo uzra aks - sado yangrar.
chayla qurishyapti uzoqda.


------------------
Iida Dakotsu
--------------------

***
Pechka eshikchasin ochib, qarayman.
Ko‘mir oxista, istamaygina,
"qraq, qraq" etib yonmoqda ekan. . .
***
Shamolda chayqalib jaranglar
eshikka osilgan mitti qo‘ng‘iroq.
Anor gullabdi . . .

***
Pashshaxonaga kirib yotibman
so‘nayotir kuzgi saharda.
O‘choqdagi kechagi cho‘g‘lar . . .

***
Qor ko‘mib tashladi
barcha yo‘llarni.
Isinaman o‘choq oldida yolg‘iz . . .


---------------------
Nayto Meysetsu
-------------------


***
Shaffof suvda
qilt etmaydi mudroq baliqlar.
Kuzgi shamol . . .



------------------

Takaxama Kyosi
---------------------


***
Guvillagan sovuq shamolni,
ko‘ksim bilan qarshi olib .
bir zumga unutdim qariganimni . . .

***
Xademay jimib qolar
o‘tinchining boltasi tog‘da.
Kuzgi yomg‘irlar . . .
***
Loyqalatib ariq suvini,
dexqon sholg‘om yuvar
hafsala bilan . . .
***
Birinchi qish yomg‘iri,
mening yuragimda umrbod
qolar endi u . . .

***
Boshim uzra uchib o‘tdi qush,
tumshug‘ida nimadir cho‘qib .
Meva shekilli . . .

***
Mana , yana bitta chinor novdasi,
yaproqlarin to‘kib, yalang‘ochlandi . . .
Suv quyganday jim jit chor taraf.

***
Baland tog‘ yonbag‘irlaridan turib,
o‘tinchilar o‘ychan termulib qarar,
vodiydagi qolgan qutgan qorlarga . ..


--------------------
Kovaxigasi Xekigado
---------------------

***
Oyog‘im ostida o‘ralashib ,
o‘sib yotgan maysalar aro
chiyillaydi mitti jo‘jalar.
***
Men tun bo‘yi xayku yozaman,
kamsuqumgina xotinim esa,
kiyimini yamab - yasqaydi . . .

***
O‘tloqqa chiqaman ,
qizg‘aldoqlar to‘zg‘ir shamolda.
Suqsirlar uchib o‘tar sarosar. . .

***
Kartoshka qaynataman.
Go‘yo koinotning bo‘shliqlarida
yig‘lar bolakay . . .
***
Qoraygan o‘choq mo‘risi uzra
aylanadi inga joy izlab
qaldirg‘ochlar baxorda . . .

***
Qishloqda bayram,
qirmizi fonuslar yonar.
Bo‘kiradi bug‘u zulmatda . . .
***
Suv charxpalagin aylantirishdan,
Charchab holdan toydi odamlar
Sholi ekish mavsumida . . .

***
Bug‘da pishirilgan sholg‘omni
Suzmaga qo‘shib yeb
O‘ltirdim g‘amgin . . .

***
Sovuq suyagimdan o‘tib ketdi
Choshgox payti soxilda
Qarag‘aylar aro daydiyman hamon.


-------------------------
Isikava Takuboku
----------------------------

Kasalxona derazasiga
yaqin olib kelishdi meni.
Odamlarni ko‘rib quvondim.
***
Oxiri uloqtirdim
kuya yegan telpagimni men.
olti yil kiydim uni.



-----------------------
Toki Dzemmaro
-----------------------

***
Uzoqlarni ko‘rsatdim barmog‘im bilan,
u yoqlarda, u o‘lkalarda
oqib yotar Volga daryosi.
***
Uziliksiz, xuddi telbadek,
o‘ylayverdim achchiq tamaki chekib
olis Sibir qorlari xaqda.

***
Qayta - qayta o‘qiyman ko‘zlarimda yosh,
yurakka yaqin Turgenevning bu kitobi.
Muqovasi sarg‘ayib ketgan...

***
Ox, necha bor o‘chdi papiros cho‘g‘i,
hasratli o‘ylar -
achchiq Rus tamakisi, qish...



-------------------------
Nasivaki Dzyundzaburo
-------------------------

Kuzgi daryo qirg‘og‘i.
Uzun - uzun o‘t - o‘lan ichra
baliq tutar qarmoqda kimdir.



---------------------------
Masaoka Siki
---------------------------

***
Chirildoqlar chirillar,
ammo ming afsus
quloqlari kardir otamning...
***
Qishloqdan shaharga kelib,
gullagan gilosni tomosha qilayotgan
dexqon hamyonini kesib ketishdi...

***
Rangpar oy.
Mening birdan
tarvuz o‘g‘irlagim keldi negadir.
***
O‘g‘rini tutib,
simyog‘ochga bog‘lab qo‘ydilar.
tungi ayoz...

***
Oqshom,
hovuzdagi o‘rdaklar ustiga
qor yog‘ayotir.
***
Shom payti qiynalib yurib,
fonusni osdim
gullayotgan gilos shoxiga...

***
Tumanlarning qa'ridan chiqdim.
Ehhe, qanchalar buyuk dengiz
ro‘paramda yastanib yotar!
***
Yozgi daryo.
Ko‘prik boru lekin,
otlar o‘tar sayoz kechuvdan...

***
Juda ko‘pchilik
yotib olgan kema saxniga.
Porlar yozgi oy...

***
Ortimga o‘grilgan paytim,
hozirgina yonimdan o‘tgan yo‘lovchi
tumanlarda ko‘rinmay ketdi...
***
Qayiqdan, ko‘priklardan
kir yoyadigan joydan,
hamma yoqdan qararlar oyga...
***
Bahor oqshomi,
kimdir o‘tdi yonimdan
sibizg‘a chalib...

***
Qanday qayg‘uli ko‘rinish!
O‘rgimchak to‘riga
kapalaklar ilinib yotar...



-----------------------------
Tankalar
Saygyo she'riyatidan
-------------------------------


***
Duvillab to‘kildi
uzun - uzun o‘t - o‘lanlardan .
billur shudringlar.
Kuzgi shamol guvillar
Myagino dalalarida.

***
Nixoyat kuzgi osmonda,
qosh qoraygan on,
arang - arang yaltirab,
ko‘rindi nihoyat uzoq kutdirgan,
sog‘intirgan oy.

***
Endi qandoq qilaman men,
ko‘ylagimning namchil yengida
yalt etdi shu'la.
Botib ketdi bulut ortiga
kuzgi mayus oy.

***
Kuz oqshomi, oydinda
yoprildi bulutlar
oy yuzin to‘smoq uchun.
Yo‘q , ko‘zlarimni aldabdi
g‘ozlar galasining ko‘lankalari.
***
Osmonda oy yo‘q.
Chiqarmikin u ?
Men ayvonda o‘ltirganimcha
uzoq kutdim, juda ham uzoq
oy chiqishin tog‘li qishloqda.

***
Kunduzgiday yop - yorug‘ kecha
ko‘lankam ham ko‘rinmas.
Oy yaraqlab porlar
borar manzilimni angladim
qo‘ng‘iroqlar tovushidan.

***
Shudringlarin to‘kmay
uzib oldim men
gullagan Xagi butog‘ini,
chigirtkalar qo‘shig‘in tinglab
oy yorug‘ida.

***
Qora siyox bilan yozilgan
xatlarga o‘xshab
g‘ozlar qanot qoqib
g‘og‘olab uchar
tungi osmonda.

***
O‘t - o‘lanlarni qayrib
yurdim qayg‘uga botib
va shudringlardan og‘irlashdi
ko‘ylagim yengi.
Chigirtkalar menga qo‘shilib yig‘lar.

***
Bahor tumanlari,
qayoqqa , qaysi tarafga
uchib ketdi ekan qirg‘ovullar ?
Ular tuxum qo‘ygan o‘tloqqa
bolalar o‘t qo‘yibdi...
***
Tuman qoplagan dala,
o‘raman o‘t - o‘lanni.
Tumanlar qayg‘uli
bolaligim berkinib olgan
huv olisda , tumanlardan ham narida.
***
Tumanli tepaliklar tamonga
berkingan qirg‘ovullar.
Uzoq - uzoqlardan
qanotlar sharpasi
sezilar menga...

***
Tinchim yo‘qolgan mening,
tinimsiz o‘ylayman, qaysi o‘ngirda
qaysi tog‘ yonbag‘irida
qaysi olcha
gullar ekan birinchi bo‘lib?..


----------------------------
Vakayama Bokusiy yozgan tankalar
----------------------------

***
Vulqon poyida o‘sgan
qarag‘ay o‘rmonida
oy kumush shu'lalar taratgan kecha
tun bo‘yi tinmay
sayradi kakku.
***
Eski kvartalda
ufqdagi shom bulutlariga
qarab to‘ymayman .
Kechki soat vaqtin xabarlab,
jom chaladi ibodatxona.

***
Sajdagoxdan tushaman ,
zinama - zina yurib, oxista
va quyuqlashayotgan zulmatda
butun vujudim bilan
his qilaman bu kuz , bu tunni . . .

***
Shom hasrati cho‘kkan kulbada
qirmiz ko‘mirlarga sochsang
ozgina sake,
hushbo‘y ko‘katlarning xidiga
to‘lib ketar o‘shanda xonang .

***
Uzoq uzoqlarda qorli cho‘qqilar,
haybatli qoyalar poyida esa
Shovullaydi dolg‘ali dengiz.
Qirg‘oq bo‘ylab sayr qilaman
bahor quvonchiga to‘lib vujudim.

***
Yarim kecha oydinda yolg‘iz
kulbamga qaytaman.
So‘ng zinapoyada to‘xtayman,
yengimdagi archa ignabarglarin
qoqib tushirmoq uchun.

***
Bulutlar tarqadi.
Men Asama cho‘qqisidagi
so‘qmoq uzra yuribman daydib.
Vulqon mo‘risi ustida
bulut parchasiga o‘xshagan tutun.

***
Termulaman ko‘m ko‘k dengizga,
eshitaman suvlar shovqinin.
to‘lqinlar qoyaga o‘zini urar,
goho ko‘kka sapchib , goxida pastlab
Yuragimni to‘ldirar g‘amga.

***
Dud burqsigan loypaxsa o‘choq,
tutun xidi kelar
kurujkadagi qaynoq suvdan.
Tog‘dagi qishki kulbada sovir
g‘aribgina kechki ovqatim.

***
Daraxt shoxlari aro
porlaydi qishki quyosh.
Yuzlarimni ohista silar
uning xorg‘in nurlari.
Yoritadi , lekin isitmas !
**
Men uzoqqa ketdim .
va dengiz soxilida
tunamoqchi bo‘ldim.
Endi yotgan edim, yarim kechasi.
quydi daxshatli jala.



-----------------------
Yosii Isamu
----------------------


***
Havoda suzadi tamaki xidi,
oydin kecha kimsasiz yo‘llar.
Jubbamga burkanib, yuribman daydib
qing‘ir - qiyshiq jinko‘chalarda.
Gion xavosidan simirib yolg‘iz . . .

***
Poytaxtda ayoz.
Muzlab qolmadimikan Uchib ketayotib
qo‘ng‘iroqlar jarangi?..
Asta valdirayman
sovib qolgan soke ustida . . .
***
Bilganimda edi, o‘shal derazadan
tumanli zulmatlar aro porlagan
fonusning xira xorg‘in yog‘dusi aro
oydin sukunatda oynasin asta
taqillatgan bo‘lardim albat.

***
Nahot hech kim kelmas o‘lganimdan so‘ng
so‘ppayib yotgan yolg‘iz qabrimni
ziyorat qilmoqqa, ko‘zyoshi to‘kib?
O‘lganingdan keyin unutilishingni
O‘ylamoq qayg‘uli . . .

***
Eshitdim , Bokusiy tark etibdi
oxiri bu telba dunyoni.
O, kuz bunchalar mayus va g‘arib,
hattoki yurt ba yurt daydib yursamda ,
hatto yeb - ichsamda, huzurlansamda ! . .
***
Kamdan - kam odamga nasib qiladi
totmoqlik namxush qayg‘uni -
lablar bilan xis qilmoq
tinimsiz ichilgan sake ta'mini
hayot va mamotning chegarasida . . .

***
Fevralь oyi oxirlab borar,
eshitaman olis qaldiroqlarni -
bahorning birinchi aks - sadosi .
Krab chig‘anog‘ida Sake qaynatyapman
dengiz sohilida bir o‘zim, yolg‘iz.
***
Qayerda , qanday va qachon ,
tark etarkinman bu dunyoni men
Men xayotim xaqida o‘ylayman,
o‘limim xaqida fikr qilaman
Ino tekisligida, oydinda.
***
Iztirobli o‘ylar og‘ushida jim
o‘choqqa o‘t qalayman, puflayman tutun.
Va tun bo‘yi bedor o‘ltirib
hasratli bexudud o‘yga cho‘maman
qizargan ko‘mirlarni kovlab, ag‘darib . . .

***
Sening fikringa qo‘shilmagan
odamlarni savalash shartmi?
Yaxshisi qo‘linga tolxivich olib
o‘z - o‘zingni ayovsiz savalab
momataloq qilgan yaxshiroq . . .

***
Xasratli qayg‘ular!
Bugun yana o‘choqdagi ko‘mir cho‘g‘ida
sake isityapman bir o‘zim yolg‘iz.
Kundan kun tobora qishga
singib borayotir Nirao darasi . . .


---------------------
Ito Satio
-------------------

***
Men yomg‘irli tunda
pion gullarini sog‘inib ketdim .
va toshfonarni yoqib, ohista
tashqariga chiqdim, pion gullarini
ko‘rib kelmoqlik uchun.

***
Ko‘rayapman - tosh ustin yopib
va daraxtlar poyini qoplab,
go‘yo birgalashib , yig‘ilib ,
hamkorlikda chirpiramoqqa
hozirlanar bargi xazonlar . . .

***
Xorigan yer, charchagan osmon
tong otguncha uyquga ketar.
Zulmat quyuqlashar
va bepoyon dengiz ustidan
beg‘amgina ko‘tarilar oy . . .



----------------------------
Simaki Akaxiko
---------------------------


***
Gullayotgan o‘tloqlar aro
o‘t - o‘lanli so‘qmoqdan yurib
yetib keldim bug‘doyzorga men.
Va xo‘rsinib, dedim: -Jim - jitlik!
o‘rdak g‘aqilladi menga javoban . . .

***
Yarim kecha
quyuqlashgan tumanlar aro
sizar yog‘dular
va sirg‘algan oy shu'lasida
g‘ira - shira jilvalanar suv . . .

***
O‘rmon sayxonligidagi
uzun uzun o‘t -o‘lan o‘sgan o‘tloqda
o‘ylanib o‘ltirib, yolg‘iz bir o‘zim
tog‘li o‘lka bilan xayirlashyapman.
Qayg‘uli va og‘ir bu yurak uchun.
***
Chiroq shu'lasiga talpinganicha
parvonalar aylanar uchib.
Uyda , men bilan yonma - yon ,
bolalarim uxlar
eski - tuskilarga o‘ranib, qotib . . .

***
Yomg‘ir tindi, yorishdi osmon.
shundan bo‘lsa kerak,
havo toza, muzdek musaffo.
Guruch qog‘ozining qirg‘oqlarida ,
yonib tugayotir botish shu'lasi . . .

***
Jim kimsasiz tungi ko‘chalar.
So‘ngan kullar qurumi bosgan
o‘choq mo‘risining qirg‘oqlarini
qirov bilan bezaydi
izg‘irin ayoz . . .

***
Uzoq uzoqlardan, zulmat qa'ridan
elas elas eshitilar quloqqa
to‘lqinlarning bo‘g‘iq shovqini.
Daraxtlar soyasi cho‘zilib yotgan
oydinda raqs tushar dexqonlar.
***
Yozayapman , yozayapman ,
qorong‘i tushsada
hatto chiroqni yoqish uchun ham
o‘rnimdan turgim kelmas.
Yolg‘iz qarshilayman oqshomni shunday . . .

***
Dalalarda erib ketdi qor,
qo‘ng‘ir tuproq yalong‘ochlandi
va osilib turar yer uzra
botayotgan quyosh lappagi,
ko‘rinishi kichik va sovuq . . .



--------------------------
Nagatsuka Takasi
---------------------------


***
Dala ortidagi zovurda
boshlarini chiqarib suvdan
baqalar kuylaydi.
Bahorgi o‘rmonlarda esa
kalinalar gullabdi oppoq .
***
Uy oldidagi bog‘da
sukunatli sokin tumanlar.
Tongi g‘ira - shirada
badyan shoxlaridan to‘kilgan
xazonlarni supuraman jim.

***
Loviya palaklari
yig‘ishtirib olingan.
kuzgi daladagi
to‘rsaygan kulrang tikanlar aro
chigirtkalar chirillar g‘amgin . . .

***
O ,Kameliya guli ,
muzlab sovqotding ,
sovuq shamolda.
senga xech kim achinib boqmas .
o‘xshash bizning taqdirlarimiz . . .

***
Bugun tunda jarangdor
ovoz bilan kuylar chirildoq .
Qayerdadir shu yaqin atrofda -
balki , misol uchun , oshxonada , yoki
sabzovot solingan to‘rvada kuylar . . .


----------------------
Koidzumi Tikasi
----------------------

***
Botayotgan kunning shu'lasi
qirmizi yong‘inday shomgi tog‘larda .
bambuklarning qoraygan
soyalari esa aks etar
qog‘oz devorda . . .

***
Qo‘shnilar meni
bug‘li xammomida cho‘milish uchun
taklif qilishdi .
Qaytayotib osmonga boqdim .
uchqunlardi qor . . .

***
Qadrdon do‘stimni
ziyorat qilgani bordim.
Juda erta ochilibdi
oppoq moychechaklar
chetan devorli bog‘larda.
***
Fonarni o‘chirib
boraman tong saxar chog‘i .
va ko‘raman olisda
oppoq tumanlar bulut singari
yumalanib suzar yer uzra . . .




--------------------
Syaku Tyoku
----------------------


***
Bo‘m - bo‘sh yo‘l .
quyiladi atrofga jimlik.
Qichishadi burun katagim
yoqilgan gulxanning achchiq dudidan .
choy qaynatmoqdaman . . .

***
Qalbda xotirjamlik !
baxor bo‘ronidan so‘ng
hamma narsa tinchlandi, mana.
Eshitila boshladi ko‘chada yana
yog‘och kovushlarning to‘qillashlari . . .

***
Bulutlardan sizib o‘tayotgan
oyning xira yog‘dusida
toshayotgan daryo kechuvidagi
sholipoyalar aro
bo‘qoq tortgan sholilar xidi . . .

***
Tog‘dagi qishloq
qor bosgan daraxtlar .
oppoq osuda jimlik.
Odam ham , it ham ko‘rinmas
qarg‘alar yuribdi kulbam oldida.

***
Mana , yana qaytib keldim men,
tomida oy porlab turgan o‘sha
tog‘dagi pastakkina kulbamga.
Oshxonada yangrar qadrdon qo‘shiq .
bu mening hamxonam - yolg‘iz chirildoq . . .




---------------
Xaykular
---------------


* * *
Baland qoyadagi daraxtga yana
ilinib qolibdi
mening varragim . . .

Kobayasi ISSA .

* * *
Oyning birinchi kuni , mening ushoqdek
varragim boshqa varraklar bilan
qo‘shilib likillar Edo* ustida . . .
---------------------
* Edo- Tokioning eski nomi.

Kobayasi ISSA .


* * *
Sel toshqini.
Oh, qanchalar to‘lib oqmoqda
qal'a atrofidagi zovurlar !

Masaoka SIKI .


* * *

Bahor seli.
Okeanga quyilmoqda
bo‘tana suvlar . . .

Yosa BUSON .


* * *
Suv toshqini.
Mushuk tushib ketdi oqimga
Sakrab o‘tolmadi bechora .

XORO

* * *
Bahor shamoli.
Yutoqib - yutoqib suv ichar sichqon
Sumida daryosidan . . .

Kobayasi ISSA .

* * *
Ajoyib varrak ko‘tarildi
kambag‘alning tomi ustidan
ko‘m - ko‘k osmonga . . .

Kobayasi ISSA .


* * *
Qayiq ustida varaqlari
tosh bilan bostirilgan kitob.
Bahor shamollari esar . . .

KITO

* * *
Bahor shamoli .
Turnalar oqarib xurpayar ,
qarag‘aylar orasida . . .

RAYDZON .


* * *
Xuddi odamlarday daydib yuribdi
kaptarlar , chumchuqlar
baliq ovi mavsumida .

Kobayasi ISSA .


* * *
Baliq ovi mavsumida
qisqichbaqa ishonqiramay
o‘lchab yurar qumda oyoq izlarin . . .

ROFU

* * *
Sholi ekish mavsumi.
Ox qancha qayg‘u, qancha tashvishlar
quyilgan - a bu qo‘shiqlarga !

Kobayasi ISSA .


* * *
Dexqon uxlar tog‘ etagida,
ketmonchaga boshini qo‘yib.
To‘rg‘ay sayramoqda havoda.

Kobayasi ISSA


* * *
Sholipoya chopgani chiqdim .
Qush ham sayrab qo‘ymas aqalli
tog‘ yonbag‘rida . . .

Yosa BUSON .

* * *
Men bu yerni ag‘dargunimcha
ketib qopti dala osmonida
suzib yurgan bir parcha bulut . . .

Yosa BUSON

* * *
Oqshom tutunlari.
Nog‘oralar zirillar gulxan tomonda.
Chalinadi quloqqa qo‘shiq . . .

RYoTA .


* * *
Kun uzoq cho‘zilar.
Ko‘prikka qo‘nganicha turar tustovuq.
Ketmaydi uchib . . .

Yosa BUSON .

* * *
Kun uzundan uzoq.
Olisdan elas - elas eshitiladi ,
objuvozning horg‘in g‘ijiri . . .

YaXA .


* * *
Uzoqda uchmoqda bir gala o‘rdak.
Men ketmonchamni chayqayman.
G‘aq etadi nimadir suvda . . .

Yosa BUSON .


* * *
O‘tloq uzra tutun cho‘zilgan.
Vaysashmoqda bir narsalar deb
ikkita biya . . .

Kobayasi ISSA .
* * *

Eh sen bulbul!
Loy oyog‘ingni arttayapsanmi ,
olxo‘ri gullariga . . .

Kobayasi ISSA .


* * *
Bulbul sayrayapti,
har zamonda tashlab qahrli nazar
mening kulbamga . . .

Kobayasi ISSA .


* * *
Dexqon ishlayotgan
orol ustida ham
to‘rg‘ay qo‘shig‘i . . .

Kobayasi ISSA .


* * *
Yashil javdarizor.
To‘rg‘ay ko‘tarildi dala ustiga
so‘ng yana pastladi . . .

ONITSURA .


* * *
Narsalarni yoruqqa qo‘yib,
kuzataman soyalar tug‘ilishini
kuzgi choshgoxda . . .

KYoSI .


* * *
Tong yorishar.
Qo‘ng‘iroqlar ovozi
tumanlarga belanar.

Matsuo BASYo .

* * *
Kuz kechasi.
O‘raladi no‘noq yo‘lovchi
yupqa ko‘ylakka . . .

Kobayasi ISSA .


* * *
Taralmoqda o - o - o - ou !
Mungli chorlov aks - sadosi.
Tun qo‘ynida daydiydi bug‘u . . .

Matsuo BASYo .


* * *
Kuzgi tog‘da ibodatxona.
Ayvonda turgancha tingladim ma'yus
bug‘u chorlovin. . .

Kobayasi ISSA .
* * *
Bug‘u ovozi
olisga jaranglab singadi
ma'yus va ma'yus.

Matsuo BASYo .


* * *
Tungi sovuq.
Menga juldur to‘nin qarzga berarmi
daladaga yolg‘iz qo‘riqchi? . .

Matsuo BASYo .


* * *
Izg‘irin.
Uzoqda xurpaygan turnani
ko‘rayapman men . . .

Yosa BUSON .

* * *
Po‘sht - po‘sht , chirildoq,
hozir yonboshimga ag‘darilaman.
Qani , jo‘nab qol - chi bu yerdan !

Kobayasi ISSA .


* * *
O‘choq boshidagi kovakka
chirildoq kirib olgan.
Tungi sovuq . . .

Yosa BUSON .


* * *
Kuz kelmoqda.
Bu xaqda xabar olib ,
uchib keldi qizil ninachi .

SIRAO .


* * *
Zog‘cha tutib oldim.
Uning ko‘zlariga qarab bildimki,
kuz kelayotir .

DAKOTSU .


* * *
Ilgaklangan eshik.
Hovli sahnasida
o‘ynar xazonrez . . .

TEYGA .


* * *
Akillaydi bezovta ko‘ppak,
ajratib qurigan xazon shitirin.
Xovlida bo‘ron . . .

Sisey - DZYo .

* * *
Oppoq xrizantema.
Mana qarshisida to‘xtab qaychi ham
qotib qoldi bir daqiqaga .

Yosa BUSON .

* * *
Yangi bog‘ yaratdim.
Nihoyat undagi toshlar namlandi
birinchi qish yomg‘iri . . .

SYaDO .


* * *
Birinchi qish yomg‘iri.
Maymun ham qarshilik qilmaydi
kiydirsang chopon.

Matsuo BASYo .

* * *
Qanday qaysar odam !
Baliq tutar qish yomg‘irida
qosh qoraygan chog‘ . . .

Yosa BUSON .


* * *
Men shamolga qarshi yurayapman.
Soyabonim ortga tortadi
qishki yomg‘irlar vaqti . . .

Sisey - DZYo


* * *
Dexqon keng dalada
menga yo‘l ko‘rsatdi
yulingan sholg‘om bilan . . .

Kobayasi ISSA .

* * *
Tovuqlar katakda uxlashayotir.
Qor esa yanada qalinroq
qoplayotir dalalar ustin.

Kobayasi ISSA

* * *
Shamol qalpog‘ini uchirib,
savalaydi sellar beayov
Qo‘riqchi dalada . . .

XAGI - DZYo .


* * *
Oydin kecha.
Naqadar ayanchli , naqadar baxtsiz
daladagi qo‘riqchi . . .

Masaoka SIKI .


* * *
Daladagi qo‘riqchi
hatto Xizr bo‘lib kelganida ham
boshdan olmas yevroqalpog‘in .

DANSUY


* * *
Hoy, hovlida yana ne shovqin?!
Bu qo‘riqchi, kuchli shamolda
yerga qulab tushdi gursillab.

BONTYo .


* * *
G‘oz, yovvoyi g‘oz,
ayt necha yil uchding sarosar
o‘rmonlar ortiga, dengiz ortiga ?. . .

Kobayasi ISSA .

* * *
Yovvoyi g‘ozlarning galasi
g‘og‘olab pastladi yaydoq dalaga .
Kuchaymoqda tungi sovuqlar . . .

KYoROKU .

* * *
Qizilishton taqillatmoqda.
Kun botsa ham hamon tinmaydi
hamon o‘sha eski joyida . . .

Kobayasi ISSA


* * *
O‘choq boshidagi kovakda
kuylar tamom o‘zin unutib
tanish chirildoq . . .

Matsuo BASYo .

* * *
Teshik soyabon -
qishlov uchun qo‘l keldi juda
Ko‘rshapalaklarga !. . .

Yosa BUSON .


* * *
Sovuq tun.
Jig‘imga tegishchun qo‘shnilar atay
qozon taqirlatayotirmi?

Yosa BUSON .


* * *
Sichqon chiqib borar
ko‘rpam yonidagi jinchiroq sari.
Yog‘ ham muzlabdi . . .

Yosa BUSON .








x_15d42282 (604x453, 162Kb)