Поиск

 

Xoldor Vulqon

O'zbekiston Yozuvchilar uyushmasining a'zosi




 

 

 

Niyyat





Zulmatda chirildoq chirillagan on,
Toʼlin oy porlasa paykalga qarab.
Yagʼir doʼpping kiyib, yelkangda ketmon,
Dalalarda yursang yolgʼiz, suv tarab.

Sokin uvotlarda boʼzraysa fonar,
Oqshom yulduzlarni birma bir yoqsa.
Ogʼzini lang ochib oydin dalalar,
Oyning qoʼrgʼoniga agʼrayib boqsa.

Suvlar jildirasa, pushtalar toʼlib,
Koʼrshapalak uchsa shodon, ovozsiz.
Oʼltirsang porlagan oyga termulib.
Oddiy suvchi boʼlsang, boʼlsang savodsiz.

Shiypon tamondagi soʼrida yotsang,
Gʼir - gʼir esaversa tungi shabada.
Uygʼonsang toʼrgʼaylar chuldirayotgan,
Oʼz ona yurtingda, tongi dalada.


7-avgust, 2010 yil.
Tungi soat 1 dan 56 daqiqa oʼtdi.
Toronto shahri, Kanada.




Bahor sogʼinchi




Bahor kelar, tarqalar tuman,
Tarqaganday qaygʼuli tushlar.
Qaytib kelar bulutlar bilan,
Inlarini sogʼingan qushlar.

Oʼrik gullarini oʼpar daydi yel,
Gullar boshin egar, uyalib.
Chittak nolasiga quloq tutar el,
Belkurakka oʼychan suyanib.


01/02/2020.
Kech soat 6:57.
Kanada, Onterio.




Gʼozlar galasining boʼm -boʼsh chelagi




Xorgʼin kuz yomgʼiri yogʼib, charchagan,
Yomgʼirda oynadek yuvilgan tuygʼu.
Odamlar xayolchan qarar darchadan,
Oʼychan koʼzlarida ismsiz qaygʼu.

Koʼlmak kulgichida kumush xalqalar,
Pichirlar duogoʼy yomgʼirning labi.
Bir yupun majnuntol mahzun chayqalar,
Unsiz yigʼlayotgan parizod kabi.

Oxir tamom boʼldi yomgʼir koʼz yoshi,
Tabiat yigʼidan toʼxtadi, tindi.
Gullarning yer qadar egildi boshi,
Borliqqa sukunat, halovat indi.

Xayolchan, tortinchoq bogʼlar bir yonda,
Marmarday yaltirar bogʼlar yoʼlagi.
Gʼiyt - gʼiyt etar kuzgi gʼamgin osmonda,
Gʼozlar galasining boʼm - boʼsh chelagi.



9 iyul, 2011 yil.
Tungi soat 2 dan 36 daqiqa oʼtdi.
Toronto shahri, Kanada.





Kuzgi oynalarning unsiz koʼz yoshi



Yomgʼirlarda yaltiraydi tosh,
Qarar oʼychan tabiat romdan.
Yogʼayotgan yomgʼirmas, koʼz yosh,
Koʼzlaringdan duvillab tomgan.

Sen ketasan soyabon qoʼlda,
Olislaysan misoli roʼyo.
Daraxt aksi, koʼlmakli yoʼlda,
Choʼkib yotar koʼzguga goʼyo.

Firoq jismu jonim qiymalar,
Erib borar izlaringda qum.
Sen ketasan, gʼamgin oynalar,
Odam kabi yigʼlaydi yum - yum.



31 iyul, 2011 yil.
Kunduz soat 1 dan 29 minut oʼtdi.
Toronto shahri, Kanada.





Xazonlarga koʼmildi yoʼllar



Lovullab yonarkan kuzgi gulxanda,
Guv urar xayoli parishon bogʼlar.
Oʼychan kuz labida qaxrabo xanda,
Qagʼillar sukunat qoʼynida zogʼlar.

Bodi izgʼirinda yalongʼoch, yupun,
Yalang novdalari qolsa ham qaqshab,
Oppoq choyshab ichra uxlamoq uchun,
Bogʼlar yechinganda ayolga oʼxshab,

Olis oʼlkalardan kelganday qaytib,
Darchangdan toʼlin oy moʼralagan payt,
Аdashgan yoʼlovchi singari daydib,
Goho tushlaringa kiramanmi, ayt?



13 avgust, 2011 yil.
Kunduz soat 3 dan 23 minut oʼtdi.
Toronto shahri, Kanada.





Yolgʼizlik




U stol ustida yotgan qogʼoz markaziga
qalam bilan nuqta qoʼyarkan, dedi:
- Bechora, qanchalar yolgʼiz u
qogʼozning qor bosgan dalalarida!..
Soʼngra shosha pisha oʼchirgich bilan
oʼchirarkan nuqtani, oʼziga oʼzi:
-Endi qorboʼronda koʼrinmay ketdi -
dedi, qaygʼu bilan chuqur xoʼrsinib.
Soʼng deraza ortida boʼralab yogʼayotgan
tungi laylakqorga termuldi uzoq.


05/02/2020.
Kech soat 5:55.
Kanada, Onterio.





Sukunat




Yolgʼiz odimlaysan oʼtloq tomonda,
Koʼrinmaydi kuzgi yoʼllarda birov.
Sigiring izlaysan kuzgi tumanda,
Qoshu kipriginga qoʼnadi qirov.

Bogʼlar sukunatga, xayolga botgan,
Yostiq qilib yotar jimlik kovushin.
Tinglash uchun asta uchib tushayotgan,
Yaproqlarning mungli tovushin.


11/02/2020.
Erta bilan soat 8:16.
Kanada, Onterio.





Zulmatlarda uchqunlaydi qor




Bu xazon, koʼzlari ojiz oshiqning
Qoʼlidagi oʼqilmagan xat.
Kimsasizlik, sukunat balki,
Soʼzsiz qoʼshigʼidir soqov hofizning.

Men boʼlsam,
Kuzgi dalalarda, tungi zulmatda
Yolgʼiz uvlayotgan qora shamolman.

Sen pastak deraza yonida,
Qirovli gulzorda bulbulni kutib,
Muzlab qolgan atirgulmisan?

Chirpirab uchayotgan qor uchqunlarichi?
Yorugʼ oynalarga talpinayotgan
Son - sanoqsiz oppoq parvonalarmi?..

Аytgil, nima uchun, kimni sogʼinib,
Sochlari quvv oqardi qishning?



20 avgust, 2012 yil.
Kunduz soat 3 dan 20 minut oʼtdi.
Toronto shahri, Kanada.

 

 

 

 

 

 




Xovuz



Yulduzlar baqadan qoʼrqadi yomon,
Olov sovuq suvdan qoʼrqqanday xuddi.
Tilini uzatib osmonlar tamon,
Baqa bir yulduzni yamlamay yutdi.

Soʼng yana birini, keyin boshqasin,
Yutaverdi, olmos chivinday tutib.
Yulduzlar qaltirab, titrar, qisqasi,
Qoʼrqib, nafasin ichiga yutib.

Аnhorda oppoq oy olmasi oqar,
Hademay tun oʼrnin egallar kunduz.
Baqa osmonlarga agʼrayib boqar,
Osmonda bitta ham qolmadi yulduz.



12 mart, 2014 yil.
Kunduz soat 2 dan 25 daqiqa oʼtdi.
Kanada.Brempton shahri.




Qaldirgʼoch


Kuzda ketganingni sezmay qolamiz,
Ummonlar ustida uchasan oylab.
Xazonrez bogʼlarda oʼyga tolamiz,
Olis oʼlkalardan qaytishing poylab.

Boʼronlar ham seni toʼsolmas yoʼldan,
Sarosar uchishni yigʼishtir, yetar.
Uy olib Maslaxat yo Oltinkoʼldan,
Odamday bir joyda yashasang netar?

Har bahor xalloslab qaytib kelasan,
Qishlasangda Misr va yoki Chinda,
Chugʼur chugʼur sayrab, zavqqa toʼlasan,
Loylar marjonidan qurilgan inda.

Loyni iylarmishsan tumshugʼing bilan,
Bu qanday guvalak, ayt, qanday usul?
Koʼlmaklarda goho aytgancha oʼlan,
Choʼmilasan, vojib boʼlganday gʼusl.

Bu yil yana izlab yashamoqqa joy,
Eshitdim, qaldirgʼoch, kelibsan qaytib.
Yana in quribsan, tumshugʼingda loy,
Bizni xasharga ham qoʼymabsan aytib.


24 may, 2014 yil.
Tungi soat 1 dan 17 daqiqa oʼtdi.
Kanada.Brempton.





Seldan guvillaydi oʼtlogʼu dala


Sharros quyar ekan shovqinli jala,
Guldirak faryodi olamni tutar.
Seldan guvillagan oʼtlogʼu dala,
Sharshara ortida koʼrinmay ketar.

Lek shadid talo toʼp koʼp oʼtmay yana,
Taqa taq toʼxtarkan, tinib qolar sel.
Osuda sukunat qoʼngan koʼchaga,
Xayolchan termular darchalardan el.

Shalobbo bogʼlarda shodumon qushlar,
Chugʼur chugʼur sayrab, quyosh charaqlar.
Koʼchada osmonu falakdan tushgan,
Bus - butun bir koʼzgu yotar yaraqlab.


23/02/2020.
Kunduz soat 10:27.
Kanada, Onterio.




Sogʼintirdi dala, sokin sukunat


Yetar daydiganim, qaytaman uyga,
Kechirgandir meni hokim hukumat.
Sogʼintirdi shamol kapalak quvgan,
Qadrdon dalalar, sokin sukunat.

Boshda yagʼir doʼppim, qoʼltigʼimda qop,
Joʼnayman oʼrilgan bugʼdoyzor tomon.
Tigʼday yaraqlagan panshaxani ob,
El bilan dalada toʼplayman somon.

Qaylardadir eshak xangraydi uzoq,
Maynalar qoʼnadi sigir shoxiga.
Toʼxtab keng dalada, tutaman quloq,
Uzoqdan hasratli kakku ohiga.

Qadrdon soʼqmoqni izlab topaman,
Menga bosh irgʼaydi oʼtloqda biya.
Hayratdan ochilgan ogʼzim yopaman,
Аri-pari kirib ketmasin deya.

Yolgʼiz, "Choʼchqaxona"* tomonda yursam,
Dil qushim qutilgan kabi tuzoqdan.
"Zilolmos"* tarafda xayqirib, xursand,
Poezd gudok berar menga uzoqdan.



19/02/2020.
Erta bilan soat 7:51.
Kanada, Onterio.




*"Choʼchqaxona" - Qoradaryo sohilidagi qadimiy choʼchqaxona xarobasi.
* "Zilolmos" - Kuyganyordagi daryo ustiga qurilgan yashil rangli temir koʼprik.Zeleniy most.




Tungi qoʼngʼiroq


Yoʼlovchi turtinib borar koʼchada,
Qorzarralar aro, koʼzlab uyini.
Qaysidir darchada chiroq oʼchadi,
Chirpiraydi telba qorlar quyuni.

Qor hamon qiyalab yogʼadi tinmay,
Xaloyiq dong qotib uxlagan payti.
Zulmatlardan menga soʼngi tramvay,
Qoʼngʼiroq qiladi qayta va qayta.


24/02/2020.
Erta bilan soat 9:56.
Kanada, Onterio.




Landavur daraxtlar



Zulmatda laylakqor yogʼar boʼralab,
Pichirlaydi darcha, alaxlar.
Oppoq qorlar kafaniga oʼranib,
Menga bunday boqmang, daraxtlar.

Qaraysiz qor bosgan yoʼlga intizor,
Kafanday oqarar qor bosgan dala.
Kezaman, poyimda xurrak otar qor,
Qorboʼron uylarning oynasin yalar...

Yalang shoxingizda qirov yaraqlar,
Chiqmaydi kulbangiz tomidan tutun.
Koʼmir boʼlmasa ham, hech yoʼq, daraxtlar,
Nahot topolmaysiz bir bogʼlam oʼtin?..


29/02/2020.
Kunduz soat 12:20.
Kanada, Onterio.




Shom hasrati


Olis okeanlar ortida qolgan,
Uy eshigi balki turar ochilib.
Va gʼamgin shuʼlalar toʼshalgan polda,
Kitoblarim yotar sochilib.

Pastak kulbalarda chiroq yoqarlar,
Dalalar osuda sukutga choʼmar.
Soʼngra yum - yum yigʼlab iskabtoparlar,
Shom hasratin sohilga koʼmar.

Yulgʼun oʼsgan baland jarlar uzra jim,
Sas - sadosiz asta koʼtarilsa oy,
Yorishib ketadi mening lablarim,
Laʼlin lablaringa muhr bosgan joy.

Yodga tushsa nogoh daryoning labi,
Yolgʼiz u damlarni eslasang gohi,
Zulmatli bogʼlarda chirildoq kabi,
Chirillaydi sevgi arvoxi.


9 aprel, 2011 yil.
Kunduz soat 3 dan 35 minut oʼtdi.
Toronto shahri, Kanada.





Ipi qoʼldan chiqqan pufak kabi oy



Poyonsiz samolar saxrosida quyosh,
Dumalar yonayotgan shuvoq singari.
Dalalarga qoʼnar shom xasrati yuvosh,
Choʼkar daryolarga oyning langari.

Chirildoq goh joʼshib, gohida toʼxtab,
Chirillar, topolmay berkingani joy.
Ipi qoʼldan chiqqan pufakka oʼxshab,
Osmonga ohista koʼtarilar oy.


25/01/2020.
Erta bilan 9:51.
Kanada, Onterio.





Kuzgi sukunat
(Jurnalist Shodiyor Sayfga)


Kuzgi chorbogʼlarda yorildi anor,
Tindi botargoxda qushlar janjjali.
Аlvon ufqlarning jaroxati qonar,
Koʼkda turnalarning xanjari.

Chugʼurchiq galasi turnalar bilan,
Uchib ketdi koʼzlar ilgʼamas joyga.
Otlar oʼtlayotgan oʼtloqni tuman,
Sehrgarday berkitdi qayga?

Shamol qari tovuq singari titib,
Xazon shopiradi, daraxtlar yupun.
Xoʼmraygan toʼnkani zimdan qoʼrqitib,
Men kuzgi jimlikda yoraman oʼtin.


14/02/2020.
Kech soat 7:34.
Kanada, Onterio.




Yoʼllar


Oʼsha oʼsha yomgʼir va oʼshanday yoʼl,
Qachonlardir birga ikkimiz yurgan.
Jilmayib, qoʼlimga uzatganding qoʼl,
Ruhim zulmatlarin toʼldirib nurga.

Ikkimiz yurganda negadir koʼcha,
Tez tugab qoladi - deganding toʼxtab.
Tun boʼyi daydiyman, chiroqlar oʼchar,
Sensiz koʼchalarning poyoni yoʼqday.


18/03/2020.
Kunduz soat 10:28.
Kanada, Onterio.




Tumanli dalalar


Borliqqa hukmron kuzgi sukunat,
Tumanda daraxtlar koʼrinar arang.
Paxta talab qilmay qoʼydi hukumat,
Jimgina uyquni urmoqda dala.

Paxsa devorlarga yopilgan tappi,
Qish begʼam qaydadir qayraydi qilich.
Quyuq tuman bosgan dalada kampir,
Echkisin izlaydi, qoʼlida xivich.



17/03/2020.
Erta bilan soat 9:31.
Kanada, Onterio.




Koʼklam chaqinlari


Bogʼlarga ochilgan darchalar romi,
Sukunatga choʼmgan oʼtlogʼu dala.
Shivirlar bahorning yomgʼirli shomi,
Ohista, hech kimga bermasdan halal.

Yomgʼirli zulmatda uzoq yaqinlar,
Xayolga botganday charogʼon kunsiz,
Chaqnaydi olisda gʼamgin chaqinlar,
Osmon bilan yerni payvandlab unsiz.


16/03/2020.
Erta bilan soat 8:43.
Kanada, Onterio.




Oʼrik gullagan kecha


Yulduzlar bosirqab, qaygadir uchar,
Oydin yoʼlaklarga toʼshaladi boʼz.
Odamzod koʼrinmas boʼm boʼsh koʼchada,
Shuʼlalardan qamashadi koʼz.

Oydinda soyalar misoli roʼyo,
Qaylardadir koʼppak akillar gohi.
Porlayotgan oyga tegib turar goʼyo,
Oydinda gullagan oʼrikning shoxi.


13/03/2020.
Erta bilan soat 9:16.
Kanada, Onterio.




Qorlar shitirlashin tinglamoq uchun


Ruhing yorishadi, shuuringda mung,
Uylar moʼrisidan oʼrlaydi tutun.
Borliq sukut saqlar, qorzarralarning,
Mahzun shitirlashin tinglamoq uchun.


12/03/2020.
Kunduz soat 11:09.
Kanada, Onterio.




Van Gog


Qosh - kipriging, sochu soqoling malla,
Koʼzlaring kirtaygan, yuzlaring chuvak.
Bint bilan oʼralgan uchburchak kalla,
Yupqa lablaringda qimtilgan sumak.

Shtrixmi yo toʼzgʼir kartinangda yung?
Oʼqrayib qaraysan, qovogʼing uyib.
Ranglar toʼzonida jilvalanar mung,
Ufqlarning etagi bormoqda kuyib.

U yoqda oʼt oʼlan dengizi bormish,
Hali tushmaganmish bugʼdoyga oʼroq.
O telba musavvir, devona, darvesh,
Makoni yolgʼizlik, jandasi firoq.

Yulduzlar talaydi koʼkni beomon,
Olis kulbalarda chiroq yoqarlar.
Umidvor termular botargox tamon,
Shomgi dalalarda kungaboqarlar.


07/03/2020.
Erta bilan soat 8:36.
Kanada, Onterio.




Oydindagi koʼlmak


Xiqillaydi sutdek oydinda aprel,
Shar shur eriyverar qaxrli qorlar.
Dong qotib, goʼdakdek uxlab yotar el,
Darchalarning xorgʼin chirogʼi chorlar.

Yoʼllarda koʼrinmas bironta odam,
Dov daraxt mungʼayib, oʼyga botadi.
Vaqt soat bilan hamdam, hamqadam,
Oqsoqlanib, oʼychan odim otadi.

Bahor koʼz yoshlari chakillab tomgan,
Qolmadi qorlari erimagan joy.
Sumalaklar tushar qarsillab tomdan,
Termulib toʼymaydi koʼlmaklarga oy.


08/03/2020.
Erta bilan soat 9:28.
Kanada, Onterio.




Uchrashuv


Oydin yoz kechasi, musaffo havo,
Koʼkda yulduzlarga yetishmaydi joy.
Sokin sukunatda besas, besado,
Shuʼlalar toʼshaydi dalalarga oy.

Tutdek toʼkiladi yulduzlar suvga,
Baqalardan shovla qaynatar sohil,
Oʼt -oʼlanni kechki shudringlar yuvgan,
Zulmatlarni teshar chirildoq ohi.

Boʼgʼiq akillaydi olisda itlar,
Yigʼlaysan, koʼksimga qoʼyganingcha bosh.
Lablaring chetida omonat titrab,
Olmosday porlaydi bir tomchi koʼzyosh.


06/03/2020.
Kunduz soat 1:02.
Kanada, Onterio.




Olmos chiroqlar


Yoritib kimsasiz jim jit dalani,
Oy asta ilohiy nurlarin elar.
Toʼzgʼir giloslarning gulpallalari,
Kimsasiz oydinda sayr etging kelar.

Bugʼdoyzor ustida oyning oʼrogʼi,
Yulduzlar samoni talaydi bitday.
Osmon ishtonida bulut yamogʼi,
Shamol daydib yurar bogʼlarda itday.

Qop qora koʼzoynak taqqan ajnabiy,
Zulmat kezib yurar daryo yoqalab.
Uzoqda tirillab traktor kabi,
Kuylaydi joʼr boʼlib mudroq baqalar.

Koʼzgu kabi shaffof suvda bexatar,
Nilufar gʼunchasin ochish uchun shay.
Son sanoqsiz yulduz charaqlab yotar,
Vatanimning olmos chiroqlariday.


05/03/2020.
Erta bilan soat 9:00.
Kanada, Onterio.




Horgʼinlik


Uzoqlarda faryod koʼtarar poyiz,
Uxlar chiroqlarga talangan shahar.
Oy kezar dalalar ustida mayus,
El ulusni uyqu elitgan mahal.

Yulduzlar koinot kipriklarida,
Omonat koʼz yoshi singari titrar.
Kimsasiz osuda zulmat qaʼrida,
Horgʼin akillaydi qadrdon itlar.


04/03/2020.
Kunduz soat 4:51.
Kanada, Onterio.




Toʼzgʼoq


Koʼcha fonusini chaqib, talayotgan,
Qorchivinlar uchar moʼri malaxdek.
Boʼronda mast alast garmon chalayotgan,
Sozandaga oʼxshar daraxtlar.

Dalalar suprasi oqarib yotar,
Xaloyiq charchagan, toʼymaydi uxlab.
Shamol koʼcha koʼyda begʼam, bexatar,
Tomdagi qorlarni toʼzgʼitar puflab.

Daraxtlar bir birin yurar axtarib,
Qoʼzgʼolganday goʼyo borliqda maxshar.
Xayoli parishon koʼcha fonuslari,
Mahzun toʼzgʼiyotgan toʼzgʼoqqa oʼxshar.


04/03/2020.
Erta bilan soat 9:43.
Kanada, Onterio.




Shamol xushtak chalar etikdoʼz kabi


Qushlar janub tamon uchmay netadi?
Oʼgay kuz xaydasa, oʼzing oʼylagin.
Tikonga ilinib, yirtilsa ham etagi,
Tuman sudrayverar koʼylagin.

Farrosh xazonlarni yoqadi toʼplab,
Sovrilib yellarga orzu armoni.
Olislaydi, kuzgi havoni xoʼplab,
Osmon sahrosida qushlar karvoni.

Faqat Haqqa ayon maqsad, matlabi,
Ular uchar issiq oʼlkalar tamon.
Oʼychan hushtak chalar etikdoʼz kabi,
Dalalarda daydib zerikkan shamol.


03/03/2020.
Erta bilan soat 8:17.
Kanada, Onterio.




Chigirtkalar yoprilishini kutib


Quyosh gʼamgin botar, sokin tong otar,
Xuvillaydi bogʼlar kun oʼtgan sayin.
Sambittol hasratli oʼylarga botar,
Kokili shovullab shamolda mayin.

Qushlar faryodidan yorilgudek samo,
El qishni pinxona, orziqib kutar.
Oppoq chigirtkalar boʼroni aro,
Hademay dala dasht koʼrinmay ketar.


02/03/2020.
Erta bilan soat 9:25.
Kanada, Onterio.




Pilasoʼpiya


Sevgi nima?
Sevgi - bu chidab boʼlmas ruhiy extiyoj.
Chidayotgan boʼlsang, demak sevmabsan.
Bu extiyoj ustiga qurilgan dunyoda esa,
muxtoj boʼlmagan, tilanchi boʼlmagan
biror kimsa yoʼq.
Hamma nimagadir, kimgadir muxtoj.
Dunyo deb atalgan oʼtkinchi, muvaqqat
xijrat xujrasida hamma muxojir.
Besh toʼrt soʼm pul topgan kishi boʼlib,
gʼaribroq odamga koʼz qiri bilan qarab,
tishlarini kovlab, kekirgan kimsa
qilgan chala pucha ibodati evaziga,
bukchayib, tebranib, astoydil pichirlab
koʼzlarida shashqator koʼzyoshi bilan,
soatlab, yigʼlab tilanadi Xudodan sogʼlik,
molu mulk, uzoq umr, mansab, martaba
magʼfiratu sersoya Jannatlardan joy.
Ha, extiyoj ustiga qurilgan bu dunyoda
barcha extiyojmand, barcha tilanchi.
Derazadan yoʼllarga intizor boqqan
yetim kabi hamma mehrga muxtoj.


01/03/2020.
Erta bilan soat 9:51.
Kanada, Onterio.




Subhidam


Tongi sukunatda, begʼam, bemalol,
El ulus dong qotib uxlayotir jim.
Chorbogʼlarda daydib yurgan, ey shamol,
Аyt, osmonni chavaqladi kim?!


29/02/2020.
Kunduz soat 11:45.
Kanada, Onterio.





Maqomat


Kuzning lablaridan arimas xanda,
Boshini yorsa ham sangi malomat.
Egnida xazondan tikilgan janda,
Misli piri murshid, sohibkaromat.

Qilt etmas xazonrez bogʼlarda tuman,
Qiziqtirmas uni hokim, hukumat.
Kamtarin donishmand avliyosimon,
Vazmin xayol surar, saqlar sukunat.


29/02/2020.
Kunduz soat 12:55.
Kanada, Onterio.




Oydinda oʼriklar gullagan oqshom


Kimsasiz yoʼlakka oy nurin toʼshar,
Yulduzlar uchquni chatnaydi gohi.
Chorbogʼlar loypaxsa devorlar osha,
Uzatar gullagan oʼriklar shoxin.

Yulduzlarga cheksiz koinot torday,
Jimirlar qoraygan osmon qozoni.
Oqartirar tungi yoʼllarni qorday,
Oʼrik gullarining oppoq toʼzoni.


24/02/2020.
Erta bilan soat 8:30.
Kanada, Onterio.




Jirafa bilan suhbat


Jirafa, lallayib yurguncha buytib,
Uzun boʼyning choʼzib, qarachi,
Koʼrinarmi mening serquyosh yurtim,
Sohillarga tutash paxta dalasi?

Koʼkqargʼa, qaldirgʼoch oʼyib, in qurgan,
Ilma teshik jarlar, misoli pishloq.
Daydi kapalaklar tentirab yurgan,
Soya salqin tolzor, qadrdon qishloq.

Shamol shovullagan qamishli sohil,
Uzoqda gulxanlar yotgandir tutab?
Tinglab kakkularning hasratli ohin,
Dexqonlar yurgandir sholisin oʼtab?

Qalin yogʼochgardish koʼzoynak taqqan,
Yoʼl qarab, mungʼaygan pastakkina uy.
Koʼzyosh kabi toshib, limillab oqqan,
Daryo, bamisoli ohanrabo kuy.

Suvlar koʼzgusini sindirib, butlab,
Chorloqlar chiyillab uchardi har tong.
Qirgʼoqda sigirlar yurardi oʼtlab,
Koʼrinmayaptimi?
Аttang...



23/02/2020.
Kech soat 5:59.
Kanada, Onterio.




Kakkuqushning ini


Bir odam qoʼlida uzun tayoq bilan,
Kakkuqush iniga termulganicha uzoq
kutib turdi uning indan chiqishin.
Va nihoyat kulrang kakkuqush indan
boshin chiqargancha: - kakku! kakku! -deya
oʼzini unitib sayray boshladi.
Kutib turgan odam qulochkashlab turib,
qoʼlidagi tayoq bilan bir turtgan edi,
kakkuqush gilamga top etib tushdi.


22/02/2020.
Kech soat 5:53.
Kanada, Onterio.





Yoriltosh

(Xalqimizning eng sevimli akterlaridan biri Farxod Аbdullaevga)



Kulma, savol bilan murojaat etsam,
Yoʼl chetida yolgʼiz soʼppaygan ey tosh!
Senda ham bormi qalb, bormi hasrat, gʼam,
Chiqarmi sening ham koʼzingdan koʼzyosh?

Sen ham sevganmisan birontasin, ayt?
Koʼrganda tosh qotib, paypaslab koʼksing.
Sokin sukunatda, oy porlagan payt,
Koʼz yosh toʼkkanmisan ovozsiz, oʼksib?

Sening boshingni ham yorganmi yogʼiy?
Koʼrinmas tosh bilan, ayt menga rostin.
Boshinga ogʼirroq ish tushgan chogʼi,
Koʼrib, koʼrmaganga olganmi doʼsting?

Qanday mavjudotsan, nimasan, kimsan?
Kel, bugun lojuvard nurlarga qoril.
Gapirsangchi axir, ne uchun jimsan?
Tosh, sen ham tosh boʼlib bir bora yoril!



29/07/2019.
Kunduz soat 1:48.
Kanada, Onterio.




Dov - daraxt soyasi toʼshalgan yoʼlak


Quduqning boʼgʼziga oʼzini osdi,
Yolgʼizlangan zanjirband chelak.
Osmon yuzin yulduz sepkili bosdi,
Oyning shulasiga belandi yoʼlak.

Dov - daraxt soyasi toʼshalgan koʼcha,
Topolmaydi oydan berkingani joy.
Zulmatda yulduzlar uchquni uchar,
Chelakdagi suvda jilpanglaydi oy.


22/02/2020.
Kunduz soat 1:54.
Kanada, Onterio.




Isiriq tutatar bogʼlarda tuman


Menga oʼxshab yalqov, bekorchimas shamol,
U yupun bogʼlarni soliqqa tortar.
Qushlar uchib ketar janubga tomon,
Kundan kunga elning hayrati ortar.

Isiriq tutatar oʼtloqda tuman,
Tiyramox qushlarni janubga quvgan.
Tol xovuz boʼyida serrayar hamon,
Xayoli parishon, termulib suvga.

Xazonlarni quvlab daydi shabboda,
Esib oʼtar ekan yonimdan shoshib,
Bitta bargni tutib oldim havoda,
Bosib ketmasin deb shoʼrlikni moshin.


21/02/2020.
Kechki soat 7:12.
Kanada, Onterio.




Sabab


Oydinda bemalol uxlolmas avom,
Mening ham tun boʼyi daydishim tayin.
Yolgʼiz odimlashda etarkanman davom,
Shamol chalib oʼtar yonimdan nayin.

Nahot koʼzi oqib tushdi darchaning,
Oyning shuʼlasiga qilolmay toqat?
Vaqt oʼtgan sari bunda barchaning,
Qisqaradi umri soat ba soat.

Mana nima uchun shovullaydi daryo,
Va porlar oy ichga yutib ovozin.
Mana nechun poyiz koʼtarar faryod,
Zulmatlarda yirtib osmon qogʼozin.


21/02/2020.
Kech soat 5:42.
Kanada, Onterio.




Moʼjiza


Qor tilsiz soqov deb senga kim aytdi?
U soʼzlay oladi, qoʼshiq ham kuylar,
Qorzarra toʼzoni toʼzgʼigan payti,
Koʼrinmay ketganda dalayu uylar.

Soyabon ostida koʼchada yursang,
Bir oʼzing, salmoqli qadamlar tashlab.
Soyaboning chertib, oʼzicha xursand,
Qor asta shivirlab, gapira boshlar.


21/02/2020.
Kundusz soat 5:00.
Kanada, Onterio.




Qoʼnar dala - dashtning sochiga qirov


Xorigan yaproqlar daqiqa sanab,
Top - toza yoʼlaklar uzra toʼkilar.
Shamol ivirsitgan yoʼlaklarga qarab,
Farrosh aynib - achib soʼkinar.

Qoʼzgʼoladi koʼkda qushlar boʼroni,
Osmonga alanglab qaraydi barcha.
Chirpirab raqs tushar bogʼlar xazoni,
Soʼng yerga qoʼnadi ohista, charchab.

Janub tamon joʼnab ketadi kuz ham,
Guvillagan qushlar toʼzoni aro.
Bogʼlar sargʼayadi, misoli musxaf,
Qoʼnar dalalarning sochiga qirov.


21/02/2020.
Erta bilan soat 8:15.
Kanada, Onterio.




Sanʼat asari


Tajribali tabib cingari soat,
Tekshirar vaqtning tomir urishin.
Vaqt esa hech kimga qilmas itoat,
Chiqillaydi, tinglab itlar xurishin.

Xona devoriga qoʼyilgan ilib,
Qoʼli gul rassomning sanʼat asari.
Unda xoru xazon yotar titilib,
Shamol bilmas bosar tusarin.

Koʼmilib yotarkan xazonlarga yoʼl,
Xayollarim xazon kabi sochildi.
Kartinaga asta tegizgandim qoʼl,
U kuzgi bogʼ tomon qiya ochildi.


20/02/2020.
Kunduz soat 1:48.
Kanada, Onterio.




Qaraysan, chelaging tushib qoʼlingdan


Qushlar uchar issiq oʼlkalar tomon,
Hademay dalalar halovat topar.
Moylanmagan temir dorvozani shamol,
Goh qiyalab ochar, gohida yopar.

Gʼamgin xoʼrsinishdan endi ne foyda,
Kuzdan koʼra senga bahor yoqardi.
Sevgining ikkimiz uchrashgan joyda,
Kuzgi qoqioʼtday sochi oqardi.

Osuda tumanli tiyramox tongi,
Kuzgi choʼkirtaklar sogʼu soʼlingda.
Turnalar faryodi toʼla osmonga,
Qaraysan, chelaging tushib qoʼlingdan.


19/02/2020.
Kunduz soat 5:22.
Kanada, Onterio.




Sayr


Koʼkdan oy xayoli parishon boqar,
Baqalar zulmatda kuylaydi hamon.
Oydinda sayr etish yaxshiyu, faqat,
Yolgʼizlik va yana sensizlik yomon.

Yulduzli bu kecha, oʼngmi yo roʼyo?
Daydib yurar latif, ilohiy nasim.
Daraxt shoxlarining soyasi goʼyo,
Oqlangan devorga ishlangan rasm.

Oydin sukunatda dov daraxt mudrar,
Nafis soyalarga yetishmaydi joy.
Yana biroz porla dalalar uzra,
Meni yolgʼiz tashlab ketib qolma, oy!


19/02/2020.
Kunduz soat 2:44.
Kanada, Onterio.




Hayrat


U yolgʼiz suzadi yogʼoch qayiqda,
Bir maromda gʼamgin eshkaklar eshib.
Ochilar nilufar zarra xayiqmay,
Shaffof suvlar koʼzgusini teshib.

U suzar koʼzagul ochilgan joyga,
Mast alast chayqalar sohillarda suv.
Boqib daryo uzra porlayotgan oyga,
Hayratdan dong qotib, angrayadi u.

Itlar sukunatni buzar akillab,
Sohil osmon bilan borar qovushib.
Eshitilar hatto, eshkaklardan chakillab,
Tomayotgan suvning tovushi.


18/02/2020.
Erta bilan soat 8:14.
Kanada, Onterio.




Chinqiriq


Dalalarni jimgina yoritardi oy,
O poezd telbadek koʼtarma faryod!
Buzma sukunatning oromini, hoy,
Chekkan kabi afyun va taryok.

Yulduzlar qandilin titratdi, qara,
Sokin sukunatni buzdi tovushing.
Qudumingdan titrar oʼtlogʼu dala,
Poʼlatdan yasalgan ekan kovushing...

Hayriyat, ovozing tindi tong sahar,
Oʼchirib osmonning rangi qutini.
Uygʼondi uzoqda, burqsitib shahar,
Zavod fabrikalar tutunin.


17/02/2020.
Kunduz soat 1:34.
Kanada, Onterio.




Ogʼzi qulogʼida, jilmayar hilol


Darchalarning koʼzi tushmasin oqib,
Zulmat qamramasin oʼngu soʼlimni.
Dov - daraxtlar mashʼalasin yoqib,
Kuz yoritar endi mening yoʼlimni.

Paypaslaydi chiroq shuʼlasi bilan,
Traktor zulmatli kuzgi dalani.
Mudrab yotar qishloq, misoli chaman,
Olmos chiroqlarga talanib.

Jilmayib qaraysan, eshiging ochib,
Parishon sochlaring oʼynaydi shamol.
Jilmayar ogʼzining tanobi qochib,
Shudgorlangan dala ustida hilol.



17/02/2020.
Erta bilan soat 8:18.
Kanada, Onterio.




Kuz hasrati


Tikonga ilindi tumanlar etagi,
Oʼtloqda yilqilar yurganday oʼtlab.
Dala - tuzning qurib qolgan chechagi -
Qoqioʼt toʼzgʼogʼin boʼlarmi butlab?

Xilvatlarda bazm quradi jinlar,
Borliq sharob toʼla qadimiy xumday.
O boʼm boʼsh, taxtadan yasalgan inlar,
Janubga xasratla boqmangiz bunday!


16/02/2020.
Kunduz soat 4:54.
Kanada, Onterio.




Xiyobon


Yo piray, sen buni qaerdan bilding?
Ha, bargi xazonlar chirpirab uchar.
Tabiat hademay, erta yo indin,
Boʼlmasaydi qishning qahriga duchor.

Bogʼda bargi xazon uchadi pastlab,
Novdadan uzilib tushgani ozday.
Daftar ham xurpayib, qanotin rostlab,
Uchib ketmasa bas janubga gʼozday.


16/02/2020.
Kunduz soat 2:32.
Kanada, Onterio.




Iyulь


Tentirab yurgan shu yolgʼiz kapalak,
Oxir jufti bilan topishar.
Qushlarga hayqirar bogʼbon kapada,
Olis uvotlarda boʼzlar popishak.

Sarob jimirlaydi, yel esar mayin,
Tin olar toʼrgʼaylar sayragan oʼtloq.
Raqs tushar charx urib, chirpirab quyun,
Kimsasiz dalada toʼzgʼitib tuproq.

Sukunat qoʼynida serraygan terak,
Suvlar koʼzgusiga termuladi lol.
Sigirlarga soya - salqin joy kerak,
Sukunat qilt etmas, oyoqlari shol.



16/02/2020.
Erta bilan soat 8:57.
Kanada, Onterio.




Kuzgi sukunat


Oʼychan toʼkiladi qaxrabo barglar,
Turnalar karvoni janubga joʼnar.
Ey, farrosh, kimsasiz xazonli bogʼda,
Koʼrmay, bosib olma xaskashni yana!

Kuzgi xiyobonlar oʼy - xayol surib,
Sokin sukunatga tutadi quloq.
Qaysidir ayvonda, toʼrqovoqdan turib,
Bedana modasin qoʼyar qumtaloq.


15/02/2020.
Kunduz soat 10:19.
Kanada, Onterio.




Gilam


It quvgan soqovdek chopadi poyiz,
Ogʼir vagonlarni ortidan sudrab.
Oy oppoq nilufar, osmon esa xovuz,
Xurrak otaverar baqalar, mudrab.

Telarsib axtarar tunamoqqa joy,
Darbadar shabboda koʼzlari soʼqir.
Daraxt shoxlarining soyasidan oy,
Yoʼlga toʼshash uchun poyondoz toʼqir.


15/02/2020.
Erta bilan soat 9:35.
Kanada, Onterio.




Ozodlik


Ochib yubordilar qafas darchasin,
Osmonu falakka havolandi qush.
Uchdi u, unitib barcha - barchasin,
Аnglolmay koʼrgani oʼngmi yoki tush.

Uchar qanotlari ketguday titilib,
Parlarini shamol tortqilab yular.
Qafas, ozod boʼlib, qushdan qutilib,
Ogʼzini lang ochgancha kular.


15/02/2020.
Erta bilan soat 8:34.
Kanada, Onterio.




Kechuv


Oʼzanidan toshar bahoriy daryo,
Bosar oʼtloqlaru dala dashtni suv.
Shamol tol kokilin oʼynar beparvo,
Goho kapalakni quvlab ketar u.

Yalangoyoq shamol, etiklarin yechib,
Аylanadi uysiz, daydi, sayoqqa.
Koʼm - koʼk osmonlarni oʼtadi kechib,
Daraxtlar, shoshilmay yogʼochoyoqda.


14/02/2020.
Kunduz soat 12:53.
Kanada, Onterio.




Oʼktobr


Chalinmadi hali cherkovlarda jom,
Hali yangramadi masjidda azon.
Qoʼnmadi oʼrmonlar etagiga shom,
Bogʼlarda pichirlar duogoʼy xazon.

Loqayd tentiraydi ajina shamol,
Koʼylagi xazondan, tushar oʼyinga.
Xayoli parishon kuz sohibjamol,
Xazondan poyondoz toʼshar yoʼlimga.

Dov daraxt jandasi oqar daryoda,
Yalogʼoch bogʼlarning yetim armoni.
Osmon sahrosida koʼtarar faryod,
Koʼchmanchi qushlarning gʼarib karvoni.


14/02/2020.
Kunduz soat 12:15.
Kanada, Onterio.




Qordan yorishadi ruhing dalasi



Tizza boʼyi qorga botgan dov -daraxt,
Kimsasiz dala -dasht ortida uylar.
Choʼkirtak chayqalib, ichganday araq,
Shamolda yolgʼizlik qoʼshigʼin kuylar.

Oydindek oqarar yiroq yiroqlar,
Qarayman, muzlagan oynani artib.
Qorboʼronda porlar mayus chiroqlar,
Qor uchquni toʼzgʼir betartib.

Qor toʼxtamay yogʼar paxtadek xoʼppak,
Sarjinda oʼtinlar yotar qalashib.
Erinib xuradi zulmatda koʼppak,
Qordan yorishadi ruhing dalasi.



14/02/2020.
Erta bilan 9:43.
Kanada, Onterio.




Sogʼinch


Chiyillab, sohildan ketolmay uzoq,
Oppoq chagʼalaylar uchadi minglab.
Dengiz chanogʼiga tutaman quloq,
Guvillagan qadim shovqinni tinglab.

Toʼlqinlar esa, uzoqdan meni koʼrib,
Bir birini quvlab, qumloqni yopar.
Qattiq sogʼinganday ulardan biri,
Sakrab, quchogʼimga oʼzini otar.

Olis hotiralar, biz uchrashgan joy,
Chagʼalaylar ohi girdibodimda.
Mayin sochlaringni visolgoxda oy,
Yoritgan laxzalar hamon yodimda.

Borsam, tanirmikan daryoning labi,
Qari tol boqarmi yoʼlga intizor?
Uchrashsak, shu dengiz toʼlqinlari kabi,
Otasanmi oʼzingni quchogʼimga, yor?


13/02/2020.
Kunduz soat 4:06.
Kanada, Onterio.





Sovgʼa


Istasangiz, esdalik uchun shu pashshaoʼldirgichni sizga sovgʼa qilaman. Siz u bilan bekorchilik jonga tekkan mahallar, sokin sukunatli dala xovlingiz oynalariga qoʼngan mudroq pashshalarni oʼldirishingiz mumkin - deya men sohibjamol ayolga oʼzimning yaqinda nashrdan chiqqan, yupqa daftarni eslatguvchi piyozpoʼsti kitobimni sovgʼa qildim.


13/02/2020.
Kunduz soat 10:10.
Kanada, Onterio.




Hijron


Izgʼirin darchalar oynasin yalar,
Qor bosgan yoʼllarning yoʼqday poyoni.
Qorchivinlar koʼcha chirogʼin talar,
Tegmasa ham uning elga ziyoni.

Darichang ortida yogʼar laylakqor,
Xushtak chalar ayoz qoʼlida chalgʼi.
Yostigʼing yakkamas, bola chaqang bor,
Lek hamon dunyoda yashaysan yolgʼiz.

Tortganicha oyu yillar tanobin,
Oʼtarkan shuncha yoz, bahoru qishlar.
Sen hamon ichasan koʼz yosh sharobin,
Tunlar gazakiga yostigʼing tishlab.


13/02/2020.
Erta bilan soat 9:48.
Kanada, Onterio.




Poezd



Gohida oʼrmalar, goh uchar qushday,
Chinqirar zulmatda telbaga oʼxshab.
Uzoq uzoqlarda chaladi xushtak,
Pishqiradi xorgʼin, qaydadir toʼxtab.

Mana ellik yilki, misoli haykal,
Qaqqayib turibman perronda hamon.
Hamon ketib borar bir pari paykar,
Koʼzida jiqqa yosh, mangulik tamon.


12/02/2020.
Kunduz soat 1:38.
Kanada, Onterio.




Oy porlagan oqshomlar
(Latibjon Kenjaevga)


Bogʼlarda chirildoq chirillagan tun,
Gʼamnok boʼzaradi ayvon chirogʼi.
Parvonalar esa charx urar beun,
Tom ustida porlar oyning oʼrogʼi.

Jovdiraydi olis yulduzlar koʼzi,
Oy, "gax!" desang goʼyo qoʼngudek qoʼlga.
Paxsa devor osha, boʼynini choʼzib,
Teraklar doʼstimday qaraydi yoʼlga.


12/02/2020.
Kunduz soat 11:16.
Kanada, Onterio.




Suv tiniq, baliqlar biltanglab suzar


Daryo toʼlqinlari qumloqni yalar,
Sohillarda boshoq chiqargan sholi.
Shitirlab, shivirlab, yomgʼir savalar,
Shamolda shovullar qamishlar yoli.

Delta suvi oppoq koʼzagullarga toʼla,
Suv tiniq, baliqlar biltanglab suzar.
Xoʼrakni talashib, suv ostida ular,
Siltanib, qarmoqning qil ipin uzar.

Yomgʼirli sohildan kelmaydi ketgim,
Ilinsada baliq qarmoqqa minglab.
Boqaman suvdagi xalqalarga jim,
Shivirlagan yomgʼir ohini tinglab.

Yomgʼir savalagan sohillar soʼlim,
Koʼzlarim - bahoriy daryo oʼzani.
Suv olgani kelsang sohilga, gulim,
Koʼzlarimga botir koʼzani.


12/02/2020.
Erta bilan soat 8:25.
Kanada, Onterio.




Qishki chivinlarning oppoq galasi


Koʼcha fonuslarin talaydi, toʼzgʼib,
Oppoq chivinlarning telba galasi.
Qalin qorkoʼrpalar ostida mizgʼir,
Zulmatda oqargan fermer dalasi.

Muz ostida mudrab yotibdi anhor,
Kumush zanjir, kishan kabi shaldirab.
Mayli hayallasin, kechiksin bahor,
Oʼkirmasin telba momaqaldiroq.

Mayli uxlayversin, uyquni ursin,
Qirovli chorbogʼlar, qor bosgan dala.
Koʼcha fonuslarin uxlatmasin bir zum,
Qorzarralar chivin kabi talab.



11/02/2020.
Kunduz soat 2:02.
Kanada, Onterio.




Oy


Oy anhorda oqib borar yarim tun,
Suvga tushgan koptok singari behol.
Uni choʼpak bilan surib, tutib olmoq uchun,
Аnhorga enkayib uzanadi tol.


10/02/2020.
Kech soat 5:00.
Kanada, Onterio.




Dengiz oqshomi


Bandargox tamonda chiroqlar porlar,
Oydinda yaltirar shudringday tongi.
Olislardan meni oʼziga chorlar,
Kemalarning hazin, hasratli bongi.

Suvlar sahrosida dengiz tuyalari,
Oʼrkachida chagʼalay galasi uxlar.
Osmon chetin kemirar yulduz kuyasi,
Tugab borar tunga berilgan muxlat.

Shovullab, tebranar bahaybat beshik,
Shovqindan iborat dengiz lisoni.
Oʼtadi bulutlar siynasin teshib,
Oy nuri qopdagi bigiz misoli.


10/02/2020.
Kunduz soat 3:49.
Kanada, Onterio.