Xoldor Vulqon

O'zbekiston Yozuvchilar uyushmasining a'zosi

 


Darcham yonidan o'tdi uchib yvvoyi g'ozlar




(Ushbu she'riy kitobimni mehribon onam Muhtaramxon Mirzajalol qizi va mening ikkinchi onam E'zozxon Kenjaevalarning porloq hotiralariga bag‘ishlayman.)X.V.

 

 



 









Niyyat





Zulmatda chirildoq chirillagan on,
Toʼlin oy porlasa paykalga qarab.
Yagʼir doʼpping kiyib, yelkangda ketmon,
Dalalarda yursang yolgʼiz, suv tarab.

Sokin uvotlarda boʼzraysa fonar,
Oqshom yulduzlarni birma bir yoqsa.
Ogʼzini lang ochib oydin dalalar,
Oyning qoʼrgʼoniga agʼrayib boqsa.

Suvlar jildirasa, pushtalar toʼlib,
Koʼrshapalak uchsa shodon, ovozsiz.
Oʼltirsang porlagan oyga termulib.
Oddiy suvchi boʼlsang, boʼlsang savodsiz.

Shiypon tamondagi soʼrida yotsang,
Gʼir - gʼir esaversa tungi shabada.
Uygʼonsang toʼrgʼaylar chuldirayotgan,
Oʼz ona yurtingda, tongi dalada.


7-avgust, 2010 yil.
Tungi soat 1 dan 56 daqiqa oʼtdi.
Toronto shahri, Kanada.




Bahor sogʼinchi




Bahor kelar, tarqalar tuman,
Tarqaganday qaygʼuli tushlar.
Qaytib kelar bulutlar bilan,
Inlarini sogʼingan qushlar.

Oʼrik gullarini oʼpar daydi yel,
Gullar boshin egar, uyalib.
Chittak nolasiga quloq tutar el,
Belkurakka oʼychan suyanib.


01/02/2020.
Kech soat 6:57.
Kanada, Onterio.




Gʼozlar galasining boʼm -boʼsh chelagi




Xorgʼin kuz yomgʼiri yogʼib, charchagan,
Yomgʼirda oynadek yuvilgan tuygʼu.
Odamlar xayolchan qarar darchadan,
Oʼychan koʼzlarida ismsiz qaygʼu.

Koʼlmak kulgichida kumush xalqalar,
Pichirlar duogoʼy yomgʼirning labi.
Bir yupun majnuntol mahzun chayqalar,
Unsiz yigʼlayotgan parizod kabi.

Oxir tamom boʼldi yomgʼir koʼz yoshi,
Tabiat yigʼidan toʼxtadi, tindi.
Gullarning yer qadar egildi boshi,
Borliqqa sukunat, halovat indi.

Xayolchan, tortinchoq bogʼlar bir yonda,
Marmarday yaltirar bogʼlar yoʼlagi.
Gʼiyt - gʼiyt etar kuzgi gʼamgin osmonda,
Gʼozlar galasining boʼm - boʼsh chelagi.



9 iyul, 2011 yil.
Tungi soat 2 dan 36 daqiqa oʼtdi.
Toronto shahri, Kanada.





Kuzgi oynalarning unsiz koʼz yoshi



Yomgʼirlarda yaltiraydi tosh,
Qarar oʼychan tabiat romdan.
Yogʼayotgan yomgʼirmas, koʼz yosh,
Koʼzlaringdan duvillab tomgan.

Sen ketasan soyabon qoʼlda,
Olislaysan misoli roʼyo.
Daraxt aksi, koʼlmakli yoʼlda,
Choʼkib yotar koʼzguga goʼyo.

Firoq jismu jonim qiymalar,
Erib borar izlaringda qum.
Sen ketasan, gʼamgin oynalar,
Odam kabi yigʼlaydi yum - yum.



31 iyul, 2011 yil.
Kunduz soat 1 dan 29 minut oʼtdi.
Toronto shahri, Kanada.





Xazonlarga koʼmildi yoʼllar



Lovullab yonarkan kuzgi gulxanda,
Guv urar xayoli parishon bogʼlar.
Oʼychan kuz labida qaxrabo xanda,
Qagʼillar sukunat qoʼynida zogʼlar.

Bodi izgʼirinda yalongʼoch, yupun,
Yalang novdalari qolsa ham qaqshab,
Oppoq choyshab ichra uxlamoq uchun,
Bogʼlar yechinganda ayolga oʼxshab,

Olis oʼlkalardan kelganday qaytib,
Darchangdan toʼlin oy moʼralagan payt,
Аdashgan yoʼlovchi singari daydib,
Goho tushlaringa kiramanmi, ayt?



13 avgust, 2011 yil.
Kunduz soat 3 dan 23 minut oʼtdi.
Toronto shahri, Kanada.





Yolgʼizlik




U stol ustida yotgan qogʼoz markaziga
qalam bilan nuqta qoʼyarkan, dedi:
- Bechora, qanchalar yolgʼiz u
qogʼozning qor bosgan dalalarida!..
Soʼngra shosha pisha oʼchirgich bilan
oʼchirarkan nuqtani, oʼziga oʼzi:
-Endi qorboʼronda koʼrinmay ketdi -
dedi, qaygʼu bilan chuqur xoʼrsinib.
Soʼng deraza ortida boʼralab yogʼayotgan
tungi laylakqorga termuldi uzoq.


05/02/2020.
Kech soat 5:55.
Kanada, Onterio.





Sukunat




Yolgʼiz odimlaysan oʼtloq tomonda,
Koʼrinmaydi kuzgi yoʼllarda birov.
Sigiring izlaysan kuzgi tumanda,
Qoshu kipriginga qoʼnadi qirov.

Bogʼlar sukunatga, xayolga botgan,
Yostiq qilib yotar jimlik kovushin.
Tinglash uchun asta uchib tushayotgan,
Yaproqlarning mungli tovushin.


11/02/2020.
Erta bilan soat 8:16.
Kanada, Onterio.





Zulmatlarda uchqunlaydi qor




Bu xazon, koʼzlari ojiz oshiqning
Qoʼlidagi oʼqilmagan xat.
Kimsasizlik, sukunat balki,
Soʼzsiz qoʼshigʼidir soqov hofizning.

Men boʼlsam,
Kuzgi dalalarda, tungi zulmatda
Yolgʼiz uvlayotgan qora shamolman.

Sen pastak deraza yonida,
Qirovli gulzorda bulbulni kutib,
Muzlab qolgan atirgulmisan?

Chirpirab uchayotgan qor uchqunlarichi?
Yorugʼ oynalarga talpinayotgan
Son - sanoqsiz oppoq parvonalarmi?..

Аytgil, nima uchun, kimni sogʼinib,
Sochlari quvv oqardi qishning?



20 avgust, 2012 yil.
Kunduz soat 3 dan 20 minut oʼtdi.
Toronto shahri, Kanada.

 

 

 

 






Xovuz



Yulduzlar baqadan qoʼrqadi yomon,
Olov sovuq suvdan qoʼrqqanday xuddi.
Tilini uzatib osmonlar tamon,
Baqa bir yulduzni yamlamay yutdi.

Soʼng yana birini, keyin boshqasin,
Yutaverdi, olmos chivinday tutib.
Yulduzlar qaltirab, titrar, qisqasi,
Qoʼrqib, nafasin ichiga yutib.

Аnhorda oppoq oy olmasi oqar,
Hademay tun oʼrnin egallar kunduz.
Baqa osmonlarga agʼrayib boqar,
Osmonda bitta ham qolmadi yulduz.



12 mart, 2014 yil.
Kunduz soat 2 dan 25 daqiqa oʼtdi.
Kanada.Brempton shahri.




Qaldirgʼoch


Kuzda ketganingni sezmay qolamiz,
Ummonlar ustida uchasan oylab.
Xazonrez bogʼlarda oʼyga tolamiz,
Olis oʼlkalardan qaytishing poylab.

Boʼronlar ham seni toʼsolmas yoʼldan,
Sarosar uchishni yigʼishtir, yetar.
Uy olib Maslaxat yo Oltinkoʼldan,
Odamday bir joyda yashasang netar?

Har bahor xalloslab qaytib kelasan,
Qishlasangda Misr va yoki Chinda,
Chugʼur chugʼur sayrab, zavqqa toʼlasan,
Loylar marjonidan qurilgan inda.

Loyni iylarmishsan tumshugʼing bilan,
Bu qanday guvalak, ayt, qanday usul?
Koʼlmaklarda goho aytgancha oʼlan,
Choʼmilasan, vojib boʼlganday gʼusl.

Bu yil yana izlab yashamoqqa joy,
Eshitdim, qaldirgʼoch, kelibsan qaytib.
Yana in quribsan, tumshugʼingda loy,
Bizni xasharga ham qoʼymabsan aytib.


24 may, 2014 yil.
Tungi soat 1 dan 17 daqiqa oʼtdi.
Kanada.Brempton.





Seldan guvillaydi oʼtlogʼu dala


Sharros quyar ekan shovqinli jala,
Guldirak faryodi olamni tutar.
Seldan guvillagan oʼtlogʼu dala,
Sharshara ortida koʼrinmay ketar.

Lek shadid talo toʼp koʼp oʼtmay yana,
Taqa taq toʼxtarkan, tinib qolar sel.
Osuda sukunat qoʼngan koʼchaga,
Xayolchan termular darchalardan el.

Shalobbo bogʼlarda shodumon qushlar,
Chugʼur chugʼur sayrab, quyosh charaqlar.
Koʼchada osmonu falakdan tushgan,
Bus - butun bir koʼzgu yotar yaraqlab.


23/02/2020.
Kunduz soat 10:27.
Kanada, Onterio.




Sogʼintirdi dala, sokin sukunat


Yetar daydiganim, qaytaman uyga,
Kechirgandir meni hokim hukumat.
Sogʼintirdi shamol kapalak quvgan,
Qadrdon dalalar, sokin sukunat.

Boshda yagʼir doʼppim, qoʼltigʼimda qop,
Joʼnayman oʼrilgan bugʼdoyzor tomon.
Tigʼday yaraqlagan panshaxani ob,
El bilan dalada toʼplayman somon.

Qaylardadir eshak xangraydi uzoq,
Maynalar qoʼnadi sigir shoxiga.
Toʼxtab keng dalada, tutaman quloq,
Uzoqdan hasratli kakku ohiga.

Qadrdon soʼqmoqni izlab topaman,
Menga bosh irgʼaydi oʼtloqda biya.
Hayratdan ochilgan ogʼzim yopaman,
Аri-pari kirib ketmasin deya.

Yolgʼiz, "Choʼchqaxona"* tomonda yursam,
Dil qushim qutilgan kabi tuzoqdan.
"Zilolmos"* tarafda xayqirib, xursand,
Poezd gudok berar menga uzoqdan.



19/02/2020.
Erta bilan soat 7:51.
Kanada, Onterio.




*"Choʼchqaxona" - Qoradaryo sohilidagi qadimiy choʼchqaxona xarobasi.
* "Zilolmos" - Kuyganyordagi daryo ustiga qurilgan yashil rangli temir koʼprik.Zelenыy most.




Tungi qoʼngʼiroq


Yoʼlovchi turtinib borar koʼchada,
Qorzarralar aro, koʼzlab uyini.
Qaysidir darchada chiroq oʼchadi,
Chirpiraydi telba qorlar quyuni.

Qor hamon qiyalab yogʼadi tinmay,
Xaloyiq dong qotib uxlagan payti.
Zulmatlardan menga soʼngi tramvay,
Qoʼngʼiroq qiladi qayta va qayta.


24/02/2020.
Erta bilan soat 9:56.
Kanada, Onterio.




Landavur daraxtlar



Zulmatda laylakqor yogʼar boʼralab,
Pichirlaydi darcha, alaxlar.
Oppoq qorlar kafaniga oʼranib,
Menga bunday boqmang, daraxtlar.

Qaraysiz qor bosgan yoʼlga intizor,
Kafanday oqarar qor bosgan dala.
Kezaman, poyimda xurrak otar qor,
Qorboʼron uylarning oynasin yalar...

Yalang shoxingizda qirov yaraqlar,
Chiqmaydi kulbangiz tomidan tutun.
Koʼmir boʼlmasa ham, hech yoʼq, daraxtlar,
Nahot topolmaysiz bir bogʼlam oʼtin?..


29/02/2020.
Kunduz soat 12:20.
Kanada, Onterio.




Shom hasrati


Olis okeanlar ortida qolgan,
Uy eshigi balki turar ochilib.
Va gʼamgin shuʼlalar toʼshalgan polda,
Kitoblarim yotar sochilib.

Pastak kulbalarda chiroq yoqarlar,
Dalalar osuda sukutga choʼmar.
Soʼngra yum - yum yigʼlab iskabtoparlar,
Shom hasratin sohilga koʼmar.

Yulgʼun oʼsgan baland jarlar uzra jim,
Sas - sadosiz asta koʼtarilsa oy,
Yorishib ketadi mening lablarim,
Laʼlin lablaringa muhr bosgan joy.

Yodga tushsa nogoh daryoning labi,
Yolgʼiz u damlarni eslasang gohi,
Zulmatli bogʼlarda chirildoq kabi,
Chirillaydi sevgi arvoxi.


9 aprel, 2011 yil.
Kunduz soat 3 dan 35 minut oʼtdi.
Toronto shahri, Kanada.





Ipi qoʼldan chiqqan pufak kabi oy



Poyonsiz samolar saxrosida quyosh,
Dumalar yonayotgan shuvoq singari.
Dalalarga qoʼnar shom xasrati yuvosh,
Choʼkar daryolarga oyning langari.

Chirildoq goh joʼshib, gohida toʼxtab,
Chirillar, topolmay berkingani joy.
Ipi qoʼldan chiqqan pufakka oʼxshab,
Osmonga ohista koʼtarilar oy.


25/01/2020.
Erta bilan 9:51.
Kanada, Onterio.





Kuzgi sukunat
(Jurnalist Shodiyor Sayfga)


Kuzgi chorbogʼlarda yorildi anor,
Tindi botargoxda qushlar janjjali.
Аlvon ufqlarning jaroxati qonar,
Koʼkda turnalarning xanjari.

Chugʼurchiq galasi turnalar bilan,
Uchib ketdi koʼzlar ilgʼamas joyga.
Otlar oʼtlayotgan oʼtloqni tuman,
Sehrgarday berkitdi qayga?

Shamol qari tovuq singari titib,
Xazon shopiradi, daraxtlar yupun.
Xoʼmraygan toʼnkani zimdan qoʼrqitib,
Men kuzgi jimlikda yoraman oʼtin.


14/02/2020.
Kech soat 7:34.
Kanada, Onterio.




Yoʼllar


Oʼsha oʼsha yomgʼir va oʼshanday yoʼl,
Qachonlardir birga ikkimiz yurgan.
Jilmayib, qoʼlimga uzatganding qoʼl,
Ruhim zulmatlarin toʼldirib nurga.

Ikkimiz yurganda negadir koʼcha,
Tez tugab qoladi - deganding toʼxtab.
Tun boʼyi daydiyman, chiroqlar oʼchar,
Sensiz koʼchalarning poyoni yoʼqday.


18/03/2020.
Kunduz soat 10:28.
Kanada, Onterio.




Tumanli dalalar


Borliqqa hukmron kuzgi sukunat,
Tumanda daraxtlar koʼrinar arang.
Paxta talab qilmay qoʼydi hukumat,
Jimgina uyquni urmoqda dala.

Paxsa devorlarga yopilgan tappi,
Qish begʼam qaydadir qayraydi qilich.
Quyuq tuman bosgan dalada kampir,
Echkisin izlaydi, qoʼlida xivich.



17/03/2020.
Erta bilan soat 9:31.
Kanada, Onterio.




Koʼklam chaqinlari

(Yoniq shoir Jontemir Jondorga)


Bogʼlarga ochilgan darchalar romi,
Sukunatga choʼmgan oʼtlogʼu dala.
Shivirlar bahorning yomgʼirli shomi,
Ohista, hech kimga bermasdan halal.

Yomgʼirli zulmatda uzoq yaqinlar,
Xayolga botganday charogʼon kunsiz,
Chaqnaydi olisda gʼamgin chaqinlar,
Osmon bilan yerni payvandlab unsiz.


16/03/2020.
Erta bilan soat 8:43.
Kanada, Onterio.



Oʼrik gullagan kecha


Yulduzlar bosirqab, qaygadir uchar,
Oydin yoʼlaklarga toʼshaladi boʼz.
Odamzod koʼrinmas boʼm boʼsh koʼchada,
Shuʼlalardan qamashadi koʼz.

Oydinda soyalar misoli roʼyo,
Qaylardadir koʼppak akillar gohi.
Porlayotgan oyga tegib turar goʼyo,
Oydinda gullagan oʼrikning shoxi.


13/03/2020.
Erta bilan soat 9:16.
Kanada, Onterio.




Qorlar shitirlashin tinglamoq uchun


Ruhing yorishadi, shuuringda mung,
Uylar moʼrisidan oʼrlaydi tutun.
Borliq sukut saqlar, qorzarralarning,
Mahzun shitirlashin tinglamoq uchun.


12/03/2020.
Kunduz soat 11:09.
Kanada, Onterio.




Van Gog


Qosh - kipriging, sochu soqoling malla,
Koʼzlaring kirtaygan, yuzlaring chuvak.
Bint bilan oʼralgan uchburchak kalla,
Yupqa lablaringda qimtilgan sumak.

Shtrixmi yo toʼzgʼir kartinangda yung?
Oʼqrayib qaraysan, qovogʼing uyib.
Ranglar toʼzonida jilvalanar mung,
Ufqlarning etagi bormoqda kuyib.

U yoqda oʼt oʼlan dengizi bormish,
Hali tushmaganmish bugʼdoyga oʼroq.
O telba musavvir, devona, darvesh,
Makoni yolgʼizlik, jandasi firoq.

Yulduzlar talaydi koʼkni beomon,
Olis kulbalarda chiroq yoqarlar.
Umidvor termular botargox tamon,
Shomgi dalalarda kungaboqarlar.


07/03/2020.
Erta bilan soat 8:36.
Kanada, Onterio.




Oydindagi koʼlmak


Xiqillaydi sutdek oydinda aprel,
Shar shur eriyverar qaxrli qorlar.
Dong qotib, goʼdakdek uxlab yotar el,
Darchalarning xorgʼin chirogʼi chorlar.

Yoʼllarda koʼrinmas bironta odam,
Dov daraxt mungʼayib, oʼyga botadi.
Vaqt soat bilan hamdam, hamqadam,
Oqsoqlanib, oʼychan odim otadi.

Bahor koʼz yoshlari chakillab tomgan,
Qolmadi qorlari erimagan joy.
Sumalaklar tushar qarsillab tomdan,
Termulib toʼymaydi koʼlmaklarga oy.


08/03/2020.
Erta bilan soat 9:28.
Kanada, Onterio.




Uchrashuv


Oydin yoz kechasi, musaffo havo,
Koʼkda yulduzlarga yetishmaydi joy.
Sokin sukunatda besas, besado,
Shuʼlalar toʼshaydi dalalarga oy.

Tutdek toʼkiladi yulduzlar suvga,
Baqalardan shovla qaynatar sohil,
Oʼt -oʼlanni kechki shudringlar yuvgan,
Zulmatlarni teshar chirildoq ohi.

Boʼgʼiq akillaydi olisda itlar,
Yigʼlaysan, koʼksimga qoʼyganingcha bosh.
Lablaring chetida omonat titrab,
Olmosday porlaydi bir tomchi koʼzyosh.


06/03/2020.
Kunduz soat 1:02.
Kanada, Onterio.




Olmos chiroqlar


Yoritib kimsasiz jim jit dalani,
Oy asta ilohiy nurlarin elar.
Toʼzgʼir giloslarning gulpallalari,
Kimsasiz oydinda sayr etging kelar.

Bugʼdoyzor ustida oyning oʼrogʼi,
Yulduzlar samoni talaydi bitday.
Osmon ishtonida bulut yamogʼi,
Shamol daydib yurar bogʼlarda itday.

Qop qora koʼzoynak taqqan ajnabiy,
Zulmat kezib yurar daryo yoqalab.
Uzoqda tirillab traktor kabi,
Kuylaydi joʼr boʼlib mudroq baqalar.

Koʼzgu kabi shaffof suvda bexatar,
Nilufar gʼunchasin ochish uchun shay.
Son sanoqsiz yulduz charaqlab yotar,
Vatanimning olmos chiroqlariday.


05/03/2020.
Erta bilan soat 9:00.
Kanada, Onterio.




Horgʼinlik


Uzoqlarda faryod koʼtarar poyiz,
Uxlar chiroqlarga talangan shahar.
Oy kezar dalalar ustida mayus,
El ulusni uyqu elitgan mahal.

Yulduzlar koinot kipriklarida,
Omonat koʼz yoshi singari titrar.
Kimsasiz osuda zulmat qaʼrida,
Horgʼin akillaydi qadrdon itlar.


04/03/2020.
Kunduz soat 4:51.
Kanada, Onterio.




Toʼzgʼoq


Koʼcha fonusini chaqib, talayotgan,
Qorchivinlar uchar moʼri malaxdek.
Boʼronda mast alast garmon chalayotgan,
Sozandaga oʼxshar daraxtlar.

Dalalar suprasi oqarib yotar,
Xaloyiq charchagan, toʼymaydi uxlab.
Shamol koʼcha koʼyda begʼam, bexatar,
Tomdagi qorlarni toʼzgʼitar puflab.

Daraxtlar bir birin yurar axtarib,
Qoʼzgʼolganday goʼyo borliqda maxshar.
Xayoli parishon koʼcha fonuslari,
Mahzun toʼzgʼiyotgan toʼzgʼoqqa oʼxshar.


04/03/2020.
Erta bilan soat 9:43.
Kanada, Onterio.




Shamol xushtak chalar etikdoʼz kabi


Qushlar janub tamon uchmay netadi?
Oʼgay kuz xaydasa, oʼzing oʼylagin.
Tikonga ilinib, yirtilsa ham etagi,
Tuman sudrayverar koʼylagin.

Farrosh xazonlarni yoqadi toʼplab,
Sovrilib yellarga orzu armoni.
Olislaydi, kuzgi havoni xoʼplab,
Osmon sahrosida qushlar karvoni.

Faqat Haqqa ayon maqsad, matlabi,
Ular uchar issiq oʼlkalar tamon.
Oʼychan hushtak chalar etikdoʼz kabi,
Dalalarda daydib zerikkan shamol.


03/03/2020.
Erta bilan soat 8:17.
Kanada, Onterio.




Chigirtkalar yoprilishini kutib


Quyosh gʼamgin botar, sokin tong otar,
Xuvillaydi bogʼlar kun oʼtgan sayin.
Sambittol hasratli oʼylarga botar,
Kokili shovullab shamolda mayin.

Qushlar faryodidan yorilgudek samo,
El qishni pinxona, orziqib kutar.
Oppoq chigirtkalar boʼroni aro,
Hademay dala dasht koʼrinmay ketar.


02/03/2020.
Erta bilan soat 9:25.
Kanada, Onterio.




Pilasoʼpiya


Sevgi nima?
Sevgi - bu chidab boʼlmas ruhiy extiyoj.
Chidayotgan boʼlsang, demak sevmabsan.
Bu extiyoj ustiga qurilgan dunyoda esa,
muxtoj boʼlmagan, tilanchi boʼlmagan
biror kimsa yoʼq.
Hamma nimagadir, kimgadir muxtoj.
Dunyo deb atalgan oʼtkinchi, muvaqqat
xijrat xujrasida hamma muxojir.
Besh toʼrt soʼm pul topgan kishi boʼlib,
gʼaribroq odamga koʼz qiri bilan qarab,
tishlarini kovlab, kekirgan kimsa
qilgan chala pucha ibodati evaziga,
bukchayib, tebranib, astoydil pichirlab
koʼzlarida shashqator koʼzyoshi bilan,
soatlab, yigʼlab tilanadi Xudodan sogʼlik,
molu mulk, uzoq umr, mansab, martaba
magʼfiratu sersoya Jannatlardan joy.
Ha, extiyoj ustiga qurilgan bu dunyoda
barcha extiyojmand, barcha tilanchi.
Derazadan yoʼllarga intizor boqqan
yetim kabi hamma mehrga muxtoj.


01/03/2020.
Erta bilan soat 9:51.
Kanada, Onterio.




Subhidam


Tongi sukunatda, begʼam, bemalol,
El ulus dong qotib uxlayotir jim.
Chorbogʼlarda daydib yurgan, ey shamol,
Аyt, osmonni chavaqladi kim?!


29/02/2020.
Kunduz soat 11:45.
Kanada, Onterio.





Maqomat


Kuzning lablaridan arimas xanda,
Boshini yorsa ham sangi malomat.
Egnida xazondan tikilgan janda,
Misli piri murshid, sohibkaromat.

Qilt etmas xazonrez bogʼlarda tuman,
Qiziqtirmas uni hokim, hukumat.
Kamtarin donishmand avliyosimon,
Vazmin xayol surar, saqlar sukunat.


29/02/2020.
Kunduz soat 12:55.
Kanada, Onterio.




Oydinda oʼriklar gullagan oqshom


Kimsasiz yoʼlakka oy nurin toʼshar,
Yulduzlar uchquni chatnaydi gohi.
Chorbogʼlar loypaxsa devorlar osha,
Uzatar gullagan oʼriklar shoxin.

Yulduzlarga cheksiz koinot torday,
Jimirlar qoraygan osmon qozoni.
Oqartirar tungi yoʼllarni qorday,
Oʼrik gullarining oppoq toʼzoni.


24/02/2020.
Erta bilan soat 8:30.
Kanada, Onterio.




Jirafa bilan suhbat


Jirafa, lallayib yurguncha, buytib,
Uzun boʼyning choʼzib, qarachi,
Koʼrinarmi mening serquyosh yurtim,
Sohillarga tutash paxta dalasi?

Koʼkqargʼa, qaldirgʼoch oʼyib, in qurgan,
Ilma teshik jarlar, misoli pishloq.
Daydi kapalaklar tentirab yurgan,
Soya salqin tolzor, qadrdon qishloq.

Shamol shovullagan qamishli sohil,
Uzoqda gulxanlar yotgandir tutab?
Tinglab kakkularning hasratli ohin,
Dexqonlar yurgandir sholisin oʼtab?

Qalin yogʼochgardish koʼzoynak taqqan,
Yoʼl qarab, mungʼaygan pastakkina uy.
Koʼzyosh kabi toshib, limillab oqqan,
Daryo, bamisoli ohanrabo kuy.

Suvlar koʼzgusini sindirib, butlab,
Chorloqlar chiyillab uchardi har tong.
Qirgʼoqda sigirlar yurardi oʼtlab,
Koʼrinmayaptimi?
Аttang...



23/02/2020.
Kech soat 5:59.
Kanada, Onterio.




Kakkuqushning ini


Bir odam qoʼlida uzun tayoq bilan,
Kakkuqush iniga termulganicha uzoq
kutib turdi uning indan chiqishin.
Va nihoyat kulrang kakkuqush indan
boshin chiqargancha: - kakku! kakku! -deya
oʼzini unitib sayray boshladi.
Kutib turgan odam qulochkashlab turib,
qoʼlidagi tayoq bilan bir turtgan edi,
kakkuqush gilamga top etib tushdi.


22/02/2020.
Kech soat 5:53.
Kanada, Onterio.





Yoriltosh

(Xalqimizning eng sevimli akterlaridan biri Farxod Аbdullaevga)



Kulma, savol bilan murojaat etsam,
Yoʼl chetida yolgʼiz soʼppaygan ey tosh!
Senda ham bormi qalb, bormi hasrat, gʼam,
Chiqarmi sening ham koʼzingdan koʼzyosh?

Sen ham sevganmisan birontasin, ayt?
Koʼrganda tosh qotib, paypaslab koʼksing.
Sokin sukunatda, oy porlagan payt,
Koʼz yosh toʼkkanmisan ovozsiz, oʼksib?

Sening boshingni ham yorganmi yogʼiy?
Koʼrinmas tosh bilan, ayt menga rostin.
Boshinga ogʼirroq ish tushgan chogʼi,
Koʼrib, koʼrmaganga olganmi doʼsting?

Qanday mavjudotsan, nimasan, kimsan?
Kel, bugun lojuvard nurlarga qoril.
Gapirsangchi axir, ne uchun jimsan?
Tosh, sen ham tosh boʼlib bir bora yoril!



29/07/2019.
Kunduz soat 1:48.
Kanada, Onterio.




Dov - daraxt soyasi toʼshalgan yoʼlak


Quduqning boʼgʼziga oʼzini osdi,
Yolgʼizlangan zanjirband chelak.
Osmon yuzin yulduz sepkili bosdi,
Oyning shulasiga belandi yoʼlak.

Dov - daraxt soyasi toʼshalgan koʼcha,
Topolmaydi oydan berkingani joy.
Zulmatda yulduzlar uchquni uchar,
Chelakdagi suvda jilpanglaydi oy.


22/02/2020.
Kunduz soat 1:54.
Kanada, Onterio.




Isiriq tutatar bogʼlarda tuman


Menga oʼxshab yalqov, bekorchimas shamol,
U yupun bogʼlarni soliqqa tortar.
Qushlar uchib ketar janubga tomon,
Kundan kunga elning hayrati ortar.

Isiriq tutatar oʼtloqda tuman,
Tiyramox qushlarni janubga quvgan.
Tol xovuz boʼyida serrayar hamon,
Xayoli parishon, termulib suvga.

Xazonlarni quvlab daydi shabboda,
Esib oʼtar ekan yonimdan shoshib,
Bitta bargni tutib oldim havoda,
Bosib ketmasin deb shoʼrlikni moshin.


21/02/2020.
Kechki soat 7:12.
Kanada, Onterio.




Sabab


Oydinda bemalol uxlolmas avom,
Mening ham tun boʼyi daydishim tayin.
Yolgʼiz odimlashda etarkanman davom,
Shamol chalib oʼtar yonimdan nayin.

Nahot koʼzi oqib tushdi darchaning,
Oyning shuʼlasiga qilolmay toqat?
Vaqt oʼtgan sari bunda barchaning,
Qisqaradi umri soat ba soat.

Mana nima uchun shovullaydi daryo,
Va porlar oy ichga yutib ovozin.
Mana nechun poyiz koʼtarar faryod,
Zulmatlarda yirtib osmon qogʼozin.


21/02/2020.
Kech soat 5:42.
Kanada, Onterio.




Moʼjiza


Qor tilsiz soqov deb senga kim aytdi?
U soʼzlay oladi, qoʼshiq ham kuylar,
Qorzarra toʼzoni toʼzgʼigan payti,
Koʼrinmay ketganda dalayu uylar.

Soyabon ostida koʼchada yursang,
Bir oʼzing, salmoqli qadamlar tashlab.
Soyaboning chertib, oʼzicha xursand,
Qor asta shivirlab, gapira boshlar.


21/02/2020.
Kundusz soat 5:00.
Kanada, Onterio.




Qoʼnar dala - dashtning sochiga qirov


Xorigan yaproqlar daqiqa sanab,
Top - toza yoʼlaklar uzra toʼkilar.
Shamol ivirsitgan yoʼlaklarga qarab,
Farrosh aynib - achib soʼkinar.

Qoʼzgʼoladi koʼkda qushlar boʼroni,
Osmonga alanglab qaraydi barcha.
Chirpirab raqs tushar bogʼlar xazoni,
Soʼng yerga qoʼnadi ohista, charchab.

Janub tamon joʼnab ketadi kuz ham,
Guvillagan qushlar toʼzoni aro.
Bogʼlar sargʼayadi, misoli musxaf,
Qoʼnar dalalarning sochiga qirov.


21/02/2020.
Erta bilan soat 8:15.
Kanada, Onterio.




Sanʼat asari


Tajribali tabib cingari soat,
Tekshirar vaqtning tomir urishin.
Vaqt esa hech kimga qilmas itoat,
Chiqillaydi, tinglab itlar xurishin.

Xona devoriga qoʼyilgan ilib,
Qoʼli gul rassomning sanʼat asari.
Unda xoru xazon yotar titilib,
Shamol bilmas bosar tusarin.

Koʼmilib yotarkan xazonlarga yoʼl,
Xayollarim xazon kabi sochildi.
Kartinaga asta tegizgandim qoʼl,
U kuzgi bogʼ tomon qiya ochildi.


20/02/2020.
Kunduz soat 1:48.
Kanada, Onterio.




Qaraysan, chelaging tushib qoʼlingdan


Qushlar uchar issiq oʼlkalar tomon,
Hademay dalalar halovat topar.
Moylanmagan temir dorvozani shamol,
Goh qiyalab ochar, gohida yopar.

Gʼamgin xoʼrsinishdan endi ne foyda,
Kuzdan koʼra senga bahor yoqardi.
Sevgining ikkimiz uchrashgan joyda,
Kuzgi qoqioʼtday sochi oqardi.

Osuda tumanli tiyramox tongi,
Kuzgi choʼkirtaklar sogʼu soʼlingda.
Turnalar faryodi toʼla osmonga,
Qaraysan, chelaging tushib qoʼlingdan.


19/02/2020.
Kunduz soat 5:22.
Kanada, Onterio.




Sayr


Koʼkdan oy xayoli parishon boqar,
Baqalar zulmatda kuylaydi hamon.
Oydinda sayr etish yaxshiyu, faqat,
Yolgʼizlik va yana sensizlik yomon.

Yulduzli bu kecha, oʼngmi yo roʼyo?
Daydib yurar latif, ilohiy nasim.
Daraxt shoxlarining soyasi goʼyo,
Oqlangan devorga ishlangan rasm.

Oydin sukunatda dov daraxt mudrar,
Nafis soyalarga yetishmaydi joy.
Yana biroz porla dalalar uzra,
Meni yolgʼiz tashlab ketib qolma, oy!


19/02/2020.
Kunduz soat 2:44.
Kanada, Onterio.




Hayrat


U yolgʼiz suzadi yogʼoch qayiqda,
Bir maromda gʼamgin eshkaklar eshib.
Ochilar nilufar zarra xayiqmay,
Shaffof suvlar koʼzgusini teshib.

U suzar koʼzagul ochilgan joyga,
Mast alast chayqalar sohillarda suv.
Boqib daryo uzra porlayotgan oyga,
Hayratdan dong qotib, angrayadi u.

Itlar sukunatni buzar akillab,
Sohil osmon bilan borar qovushib.
Eshitilar hatto, eshkaklardan chakillab,
Tomayotgan suvning tovushi.


18/02/2020.
Erta bilan soat 8:14.
Kanada, Onterio.




Chinqiriq


Dalalarni jimgina yoritardi oy,
O poezd telbadek koʼtarma faryod!
Buzma sukunatning oromini, hoy,
Chekkan kabi afyun va taryok.

Yulduzlar qandilin titratdi, qara,
Sokin sukunatni buzdi tovushing.
Qudumingdan titrar oʼtlogʼu dala,
Poʼlatdan yasalgan ekan kovushing...

Hayriyat, ovozing tindi tong sahar,
Oʼchirib osmonning rangi qutini.
Uygʼondi uzoqda, burqsitib shahar,
Zavod fabrikalar tutunin.


17/02/2020.
Kunduz soat 1:34.
Kanada, Onterio.




Ogʼzi qulogʼida, jilmayar hilol


Darchalarning koʼzi tushmasin oqib,
Zulmat qamramasin oʼngu soʼlimni.
Dov - daraxtlar mashʼalasin yoqib,
Kuz yoritar endi mening yoʼlimni.

Paypaslaydi chiroq shuʼlasi bilan,
Traktor zulmatli kuzgi dalani.
Mudrab yotar qishloq, misoli chaman,
Olmos chiroqlarga talanib.

Jilmayib qaraysan, eshiging ochib,
Parishon sochlaring oʼynaydi shamol.
Jilmayar ogʼzining tanobi qochib,
Shudgorlangan dala ustida hilol.



17/02/2020.
Erta bilan soat 8:18.
Kanada, Onterio.




Kuz hasrati


Tikonga ilindi tumanlar etagi,
Oʼtloqda yilqilar yurganday oʼtlab.
Dala - tuzning qurib qolgan chechagi -
Qoqioʼt toʼzgʼogʼin boʼlarmi butlab?

Xilvatlarda bazm quradi jinlar,
Borliq sharob toʼla qadimiy xumday.
O boʼm boʼsh, taxtadan yasalgan inlar,
Janubga xasratla boqmangiz bunday!


16/02/2020.
Kunduz soat 4:54.
Kanada, Onterio.




Xiyobon


Yo piray, sen buni qaerdan bilding?
Ha, bargi xazonlar chirpirab uchar.
Tabiat hademay, erta yo indin,
Boʼlmasaydi qishning qahriga duchor.

Bogʼda bargi xazon uchadi pastlab,
Novdadan uzilib tushgani ozday.
Daftar ham xurpayib, qanotin rostlab,
Uchib ketmasa bas janubga gʼozday.


16/02/2020.
Kunduz soat 2:32.
Kanada, Onterio.




Iyulь


Tentirab yurgan shu yolgʼiz kapalak,
Oxir jufti bilan topishar.
Qushlarga hayqirar bogʼbon kapada,
Olis uvotlarda boʼzlar popishak.

Sarob jimirlaydi, yel esar mayin,
Tin olar toʼrgʼaylar sayragan oʼtloq.
Raqs tushar charx urib, chirpirab quyun,
Kimsasiz dalada toʼzgʼitib tuproq.

Sukunat qoʼynida serraygan terak,
Suvlar koʼzgusiga termuladi lol.
Sigirlarga soya - salqin joy kerak,
Sukunat qilt etmas, oyoqlari shol.



16/02/2020.
Erta bilan soat 8:57.
Kanada, Onterio.




Kuzgi sukunat


Oʼychan toʼkiladi qaxrabo barglar,
Turnalar karvoni janubga joʼnar.
Ey, farrosh, kimsasiz xazonli bogʼda,
Koʼrmay, bosib olma xaskashni yana!

Kuzgi xiyobonlar oʼy - xayol surib,
Sokin sukunatga tutadi quloq.
Qaysidir ayvonda, toʼrqovoqdan turib,
Bedana modasin qoʼyar qumtaloq.


15/02/2020.
Kunduz soat 10:19.
Kanada, Onterio.




Gilam


It quvgan soqovdek chopadi poyiz,
Ogʼir vagonlarni ortidan sudrab.
Oy oppoq nilufar, osmon esa xovuz,
Xurrak otaverar baqalar, mudrab.

Telarsib axtarar tunamoqqa joy,
Darbadar shabboda koʼzlari soʼqir.
Daraxt shoxlarining soyasidan oy,
Yoʼlga toʼshash uchun poyondoz toʼqir.


15/02/2020.
Erta bilan soat 9:35.
Kanada, Onterio.




Ozodlik


Ochib yubordilar qafas darchasin,
Osmonu falakka havolandi qush.
Uchdi u, unitib barcha - barchasin,
Аnglolmay koʼrgani oʼngmi yoki tush.

Uchar qanotlari ketguday titilib,
Parlarini shamol tortqilab yular.
Qafas, ozod boʼlib, qushdan qutilib,
Ogʼzini lang ochgancha kular.


15/02/2020.
Erta bilan soat 8:34.
Kanada, Onterio.




Kechuv


Oʼzanidan toshar bahoriy daryo,
Bosar oʼtloqlaru dala dashtni suv.
Shamol tol kokilin oʼynar beparvo,
Goho kapalakni quvlab ketar u.

Yalangoyoq shamol, etiklarin yechib,
Аylanadi uysiz, daydi, sayoqqa.
Koʼm - koʼk osmonlarni oʼtadi kechib,
Daraxtlar, shoshilmay yogʼochoyoqda.


14/02/2020.
Kunduz soat 12:53.
Kanada, Onterio.




Oʼktobr


Chalinmadi hali cherkovlarda jom,
Hali yangramadi masjidda azon.
Qoʼnmadi oʼrmonlar etagiga shom,
Bogʼlarda pichirlar duogoʼy xazon.

Loqayd tentiraydi ajina shamol,
Koʼylagi xazondan, tushar oʼyinga.
Xayoli parishon kuz sohibjamol,
Xazondan poyondoz toʼshar yoʼlimga.

Dov daraxt jandasi oqar daryoda,
Yalogʼoch bogʼlarning yetim armoni.
Osmon sahrosida koʼtarar faryod,
Koʼchmanchi qushlarning gʼarib karvoni.


14/02/2020.
Kunduz soat 12:15.
Kanada, Onterio.




Qordan yorishadi ruhing dalasi



Tizza boʼyi qorga botgan dov -daraxt,
Kimsasiz dala -dasht ortida uylar.
Choʼkirtak chayqalib, ichganday araq,
Shamolda yolgʼizlik qoʼshigʼin kuylar.

Oydindek oqarar yiroq yiroqlar,
Qarayman, muzlagan oynani artib.
Qorboʼronda porlar mayus chiroqlar,
Qor uchquni toʼzgʼir betartib.

Qor toʼxtamay yogʼar paxtadek xoʼppak,
Sarjinda oʼtinlar yotar qalashib.
Erinib xuradi zulmatda koʼppak,
Qordan yorishadi ruhing dalasi.



14/02/2020.
Erta bilan 9:43.
Kanada, Onterio.




Sogʼinch


Chiyillab, sohildan ketolmay uzoq,
Oppoq chagʼalaylar uchadi minglab.
Dengiz chanogʼiga tutaman quloq,
Guvillagan qadim shovqinni tinglab.

Toʼlqinlar esa, uzoqdan meni koʼrib,
Bir birini quvlab, qumloqni yopar.
Qattiq sogʼinganday ulardan biri,
Sakrab, quchogʼimga oʼzini otar.

Olis hotiralar, biz uchrashgan joy,
Chagʼalaylar ohi girdibodimda.
Mayin sochlaringni visolgoxda oy,
Yoritgan laxzalar hamon yodimda.

Borsam, tanirmikan daryoning labi,
Qari tol boqarmi yoʼlga intizor?
Uchrashsak, shu dengiz toʼlqinlari kabi,
Otasanmi oʼzingni quchogʼimga, yor?


13/02/2020.
Kunduz soat 4:06.
Kanada, Onterio.





Sovgʼa


Istasangiz, esdalik uchun shu pashshaoʼldirgichni sizga sovgʼa qilaman. Siz u bilan bekorchilik jonga tekkan mahallar, sokin sukunatli dala xovlingiz oynalariga qoʼngan mudroq pashshalarni oʼldirishingiz mumkin - deya men sohibjamol ayolga oʼzimning yaqinda nashrdan chiqqan, yupqa daftarni eslatguvchi piyozpoʼsti kitobimni sovgʼa qildim.


13/02/2020.
Kunduz soat 10:10.
Kanada, Onterio.




Hijron


Izgʼirin darchalar oynasin yalar,
Qor bosgan yoʼllarning yoʼqday poyoni.
Qorchivinlar koʼcha chirogʼin talar,
Tegmasa ham uning elga ziyoni.

Darichang ortida yogʼar laylakqor,
Xushtak chalar ayoz qoʼlida chalgʼi.
Yostigʼing yakkamas, bola chaqang bor,
Lek hamon dunyoda yashaysan yolgʼiz.

Tortganicha oyu yillar tanobin,
Oʼtarkan shuncha yoz, bahoru qishlar.
Sen hamon ichasan koʼz yosh sharobin,
Tunlar gazakiga yostigʼing tishlab.


13/02/2020.
Erta bilan soat 9:48.
Kanada, Onterio.




Poezd



Gohida oʼrmalar, goh uchar qushday,
Chinqirar zulmatda telbaga oʼxshab.
Uzoq uzoqlarda chaladi xushtak,
Pishqiradi xorgʼin, qaydadir toʼxtab.

Mana ellik yilki, misoli haykal,
Qaqqayib turibman perronda hamon.
Hamon ketib borar bir pari paykar,
Koʼzida jiqqa yosh, mangulik tamon.


12/02/2020.
Kunduz soat 1:38.
Kanada, Onterio.



Oy porlagan oqshomlar
(Latibjon Kenjaevga)



Bogʼlarda chirildoq chirillagan tun,
Gʼamnok boʼzaradi ayvon chirogʼi.
Parvonalar esa charx urar beun,
Tom ustida porlar oyning oʼrogʼi.

Jovdiraydi olis yulduzlar koʼzi,
Oy, "gax!" desang goʼyo qoʼngudek qoʼlga.
Paxsa devor osha, boʼynini choʼzib,
Teraklar doʼstimday qaraydi yoʼlga.


12/02/2020.
Kunduz soat 11:16.
Kanada, Onterio.




Suv tiniq, baliqlar biltanglab suzar


Daryo toʼlqinlari qumloqni yalar,
Sohillarda boshoq chiqargan sholi.
Shitirlab, shivirlab, yomgʼir savalar,
Shamolda shovullar qamishlar yoli.

Delta suvi oppoq koʼzagullarga toʼla,
Suv tiniq, baliqlar biltanglab suzar.
Xoʼrakni talashib, suv ostida ular,
Siltanib, qarmoqning qil ipin uzar.

Yomgʼirli sohildan kelmaydi ketgim,
Ilinsada baliq qarmoqqa minglab.
Boqaman suvdagi xalqalarga jim,
Shivirlagan yomgʼir ohini tinglab.

Yomgʼir savalagan sohillar soʼlim,
Koʼzlarim - bahoriy daryo oʼzani.
Suv olgani kelsang sohilga, gulim,
Koʼzlarimga botir koʼzani.


12/02/2020.
Erta bilan soat 8:25.
Kanada, Onterio.




Qishki chivinlarning oppoq galasi


Koʼcha fonuslarin talaydi, toʼzgʼib,
Oppoq chivinlarning telba galasi.
Qalin qorkoʼrpalar ostida mizgʼir,
Zulmatda oqargan fermer dalasi.

Muz ostida mudrab yotibdi anhor,
Kumush zanjir, kishan kabi shaldirab.
Mayli hayallasin, kechiksin bahor,
Oʼkirmasin telba momaqaldiroq.

Mayli uxlayversin, uyquni ursin,
Qirovli chorbogʼlar, qor bosgan dala.
Koʼcha fonuslarin uxlatmasin bir zum,
Qorzarralar chivin kabi talab.



11/02/2020.
Kunduz soat 2:02.
Kanada, Onterio.




Oy


Oy anhorda oqib borar yarim tun,
Suvga tushgan koptok singari behol.
Uni choʼpak bilan surib, tutib olmoq uchun,
Аnhorga enkayib uzanadi tol.


10/02/2020.
Kech soat 5:00.
Kanada, Onterio.




Dengiz oqshomi


Bandargox tamonda chiroqlar porlar,
Oydinda yaltirar shudringday tongi.
Olislardan meni oʼziga chorlar,
Kemalarning hazin, hasratli bongi.

Suvlar sahrosida dengiz tuyalari,
Oʼrkachida chagʼalay galasi uxlar.
Osmon chetin kemirar yulduz kuyasi,
Tugab borar tunga berilgan muxlat.

Shovullab, tebranar bahaybat beshik,
Shovqindan iborat dengiz lisoni.
Oʼtadi bulutlar siynasin teshib,
Oy nuri qopdagi bigiz misoli.


10/02/2020.
Kunduz soat 3:49.
Kanada, Onterio.




Sahro


Sholoplaydi qirgʼoq, dengiz chayqalar,
Baliqchi qirgʼoqda yamayotir toʼr.
Gala gala uchgan oppoq chaykalar,
Chiyillaydi dengiz shovqiniga joʼr.

Shamollarda chopib, qiqirlab kulgan,
Toʼlqinlar bir birin quvlab, quvonar.
Va kimsaiz sahroda shamollar yulgan,
Tuyaqorinlar kabi dumalar.


10/02/2020.
Erta bilan soat 9:25.
Kanada, Onterio.




Yoz


Kapalaklar uchar oʼngu soʼlimda,
Toʼrgʼaylar sayraydi toʼliqib, toshib,
Bugʼdoyzorda peshvoz chiqdi yoʼlimga,
Dala qoʼriqchisi, quchogʼin ochib.

Yozgi paykallarda jimirlar sarob,
Bir maromda oʼntab, oh chekar gʼurrak.
Goʼyo dala etagida, jiydazorlar aro,
Javzo uxlab yotar, otgancha xurrak.


24/01/2020.
Kunduz soat 1:14.
Kanada, Onterio.




Yomgʼirli shahar


Shahar yomgʼirlardan ancha yoshardi,
Аvtobus qayiqday yurarkan, suzib,
Xaloyiqqa koʼlmak suvin sochadi,
Hammani kuldirib, ichagin uzib.

Chiqar, old eshikka oʼzini urar,
Va orqa tamondan tushadi avom.
Аvtobus odamday tirjayib kular,
Soʼng yana yoʼlida etadi davom.


09/02/2020.
Kech soat 7:37.
Kanada, Onterio.




Shovullar shamolda dengiz dalasi


Qax - qax otib kular momaqaldiroq,
Dolgʼalar qoʼypoda singari chopar.
Chekinar toʼlqinlar, chekinar firoq,
Yomgʼirlarda ruhing halovat topar.

Shovullar shamolda dengiz dalasi,
Naxanglar hanjari suvni chavaqlar.
Qanotlari ila chagʼalaylar galasi,
Moviy toʼlqinlarni oʼqir, varaqlab.


09/02/2020.
Kech soat 6:30.
Kanada, Onterio.




Quvgʼin


Chopar, boshqa yumushi yoʼqday,
Qizigan shar ustida inson.
Shar oyogʼin kuydirar choʼgʼday,
Yugirishdan toʼxtasa, tinsa.

Oyoqyalang chopar u chidab,
Lovullaydi toʼpiq - tovoni.
Kuygan goʼshtning qoʼlansa xidi,
Tutib ketdi tongi havoni.

Bugʼlanadi ichilgan suvlar,
Sahro, choʼlu biyobon jimdir.
Chopayotgan odamni quvlar,
Qoʼlda chalgʼi tutgancha kimdir.


09/02/2020.
Kunduz soat 1:39.
Kanada, Onterio.




Gʼarib chiroqlar


Osmonda yulduzlar yotar charaqlab,
Shahar jim, xaloyiq ketganday koʼchib.
Oydinda oʼz soyasiga oʼzi daraxtlar,
Havotirli qaraydi, choʼchib.

Yulduzlar jimirlar koʼzyosh singari,
Zulmatning tim qora kipriklarida.
Suvga termuladi mayus va gʼarib,
Chiroqlar daryoning koʼpriklaridan.


09/02/2020.
Kech soat 5:30.
Kanada, Onterio.




Toptalgan gulxan


Bulut lavasiga choʼkarkan quyosh,
Kun ham yonib bitar, qorayar samo.
Charchagan koʼppakday tin olar, yuvosh,
Tilin sakillatib yugirgan shamol,

Darchalarning olmos chirogʼi porlar,
Zirillar chirildoq chirillagan joy.
Yoʼllarga soyasin toʼshaydi tollar,
Jim, sassiz, sadosiz suzib yurar oy.

Beminnat, musaffo, shifobaxsh havo,
Baqalar qurillar uzoqda shoʼx -shan.
Miltillagan cheksiz yulduzli samo,
Toptab oʼchirilgan gulxanga oʼxshar.


09/02/2020.
Erta bilan soat 9:20.
Kanada, Onterio.




Qushlar zanjiri


Oʼt - oʼlan qoqilib kuzgi yellarga,
Toʼxtovsiz chopadi, kezib dalani.
Joʼnar, surnay chalib, olis ellarga,
Gʼamgin turnalarning sozandalari.

Bangidek erinchoq tumanlar kezar,
Toʼzgʼir momaqaymoqlar toʼzoni.
Sen oʼtguvchi yoʼlu yoʼlaklarni bezar,
Dov daraxtning oʼychan xazoni.

Gʼarib bir yetimlik borday havoda,
Lovullagan ufqning sovir tandiri.
Xasratlarga toʼla cheksiz samoda,
Chuvalanar qushlar zanjiri.


08/02/2020.
Kunduz soat 3:05.
Kanada, Onterio.




Kitob


Shovullaydi shamol shashtida oʼrmon,
Yolgʼiz uchib yurar daydi kapalak.
Osmon bulutlardan koʼtarar xirmon,
Uzoqda qorayar kulba, kapalar.

Dov daraxt ichganday sukunat mayin,
Oʼrgimchak kimgadir belanchak toʼqir.
Novdasiga qoʼngan kapalakni qayin,
Qadimiy kitobday avaylab oʼqir.


08/02/2020.
Erta bilan soat 9:29.
Kanada, Onterio.




Xushtak


Darchadan qorlarga qarayman hamon,
Qutb qashqirimas, izgʼirin uvlar.
Qordan qanot yasab ucharkan shamol,
Oppoq uchqunlarning ortidan quvlar.

Qoruchqunlar uchar zulmatda oʼqday,
Oynalarni choʼqir ustiga ustak.
Zulmatda chinqirgan poezdga oʼxshab,
Oshxonada choynak chaladi xushtak.



08/02/2020.
Erta bilan soat 8:38.
Kanada, Onterio.




Zulmat


Qor uchqunlarining telba galasi,
Sovuq darchalarga urar oʼzini.
Qorkoʼrpa ostida dexqon dalasi,
Dong qotgancha uxlar choʼzilib.

Guvillaydi qorli kimsasiz koʼcha,
Quyun zulmatlarda shopiradi qor.
Xorgʼin darchalarda chiroqlar oʼchar,
Tun - qordan yorishgan afsonaviy gʼor.

Oqarar yoʼllarning oppoq qogʼozi,
Mudrayotgan shahar charchab, xorigan.
Eshitilar daydi koʼppak ovozi,
Tubsiz zulmatlarning qaʼridan.


08/02/2020.
Erta bilan soat 7:52.
Kanada, Onterio.




Bogʼlar yarim yalongʼoch, yupun


Kuzning oʼychan shamoli izgʼir,
Hazin xoru xazonlar ohi.
Shamollarda chalar sibizgʼa,
Daraxtlarning yalongʼoch shoxi.

Dala qoʼriqchisi kiyingan yupun,
Yoriladi kuzgi bogʼlar anori.
Gʼamgin havolarda suzadi tutun,
Qishga tutashadi kuzning davomi.

Shamol esa yurar timirskalanib,
Goho oʼt oʼlanni qayriydi, toʼxtab.
Xuddi galadoshin burga bitlarin,
Izlayotgan maymunga oʼxshab.



07/02/3020.
Kunduz soat 12:31.
Kanada, Onterio.




Qiyqiriq
(Toʼbo xola hotirasiga)


Yozgi dalalarda kezar daydi yel,
Salqin chorbogʼlarga shoʼngʼiydi qushlar.
Sarob jimirlagan paykal aro el,
Oftob qilichining tigʼida ishlar.

Soya salqinlarda yotgan sigirlar,
Kovshanib, koʼzlarin yumadi, mudrab.
Havoda muallaq toʼrgʼay vijirlar,
Jiydazor tomonda oʼntaydi gʼurrak.

Oshpaz Toʼbo hola tuproq tepada,
Qiyqirgancha elni chaqirar choyga.
Daydi kapalakni quvlar shabada,
Dov - daraxt soyasi toʼshalgan joyga.



07/02/2020.
Erta bilan soat 8:57.
Kanada, Onterio.




Аsal


Tugab yozning surgan davru davroni,
Tindi, jimib qoldi soyu jilgʼalar.
Koʼkda turnalarning gʼarib karvoni,
Janub tamon asta sirgʼalar.

Chumchuqlar buluti dalalar uzra,
Guvillab uchadi, misoli boʼron.
Bogʼlarga qoʼnarkan, halovat izlab,
Shomgi daraxtlarda koʼtarar suron.

Tujjor bozorchada asalin sotar,
Shisha bankachaga qarayman qotib.
Shoʼrlik asalari qilt etmay yotar,
Yozda oʼzi yiqqan asalga botib.


06/02/2020.
Kunduz soat 12:43.
Kanada, Onterio.




Qishki momaqaymoq


Janubga xaydadi qushlar galasin,
Kuzning gʼarib, gʼamgin havosi.
Shudgorladi yana osmon dalasin,
Turnalarning koʼxna omochi.

Pagʼa pagʼa yoqqan birinchi qorda,
Koʼzdan gʼoyib boʼldi oʼtlogʼu dala.
Izgʼirinlar charchab, xolidan toygan,
Darchalarning sovuq oynasin yalar.

Qorlarga koʼmildi yaqinu yiroq,
Kimsasiz soʼqmoqlar, daryolar labi.
Oppoq uchqunlarga talanar chiroq,
Toʼzgʼiyotgan momaqaymoq kabi.


06/02/2020.
Kunzuz soat 10:49.
Kanada, Onterio.




Mutolaa


Odam oʼqir edi qiziqarli roman,
Sahfalarga tigʼday qadaldi koʼzlar.
Unga hayrat ichra termulgan hamon,
Qoʼrqib ketdi bechora soʼzlar.

Аyniqsa kulganda xandon, qiyqirib,
Bamisli bahoriy momaqaldiroq,
Soʼzlar bir birining pinjiga kirib,
Choʼchib, dagʼ -dagʼ titradi uzoq.

Yemay - ichmay, oʼqiyverdi odam,
Goho gʼazab bilan qisdi mushtini.
Fitnalarga turolmasdan chidab,
Soʼkib yogʼiylarning yetti pushtini.

Soʼng yigʼlab yuborsa boʼladimi boʼzlab,
Yozgan yozuvchini axtarib, soʼkib.
Ivib, shishib ketdi bechora soʼzlar,
Yogʼayotgan koʼz yoshlarga boʼkib.


05/02/2020.
Kech soxot 6:58
Kanada, Onterio.





Tongi sukunat


Osuda tong otar, sukunatli yoʼl,
Boʼzara boshlaydi osmon yanada.
Shudringdan shalabbo, qanotlari xoʼl,
Bedanalar sayrar tongi dalada.

Xovlilardan oʼtib, xovliga koʼchar,
Gʼir gʼir esayotgan ilohiy sabo.
Xorgʼin darchalarning chirogʼi oʼchar,
Yoʼtalsang, sukunat berar aks - sado,

Xaybatli quyoshga termuladi lol,
Uzoq - uzoqlardan dala, qir - qiya.
Oʼt -oʼlan ichida toʼxtar majnuntol,
Shudringlar toʼkilib ketmasin deya.


05/02/2020.
Tungi soat 1:00.
Kanada, Onterio.





Maxshar



Boylikdan batamom qutildi daraxt,
Tashlab ogʼir tilla xazonlar yukin.
Va gʼamgin kimsasiz yoʼllarga qarab,
Xayollarga botdi, saqladi sukut.

Chorbogʼlarda daydib yurarkan shamol,
Qurigan oʼt - oʼlan boshini silar.
Hazonga yonboshlab, begʼam, bemalol,
Mayxoʼrday dong qotib uxlaging kelar.

Аchchiq tutun xidi suzar havoda,
Bogʼlarda oʼt -oʼlan qovjirab qaqshar.
Sahroday kimsasiz soʼyi samoda,
Qushlar qoʼzgʼaloni, faryodi maxshar.


04/02/2020.
Kunduz soat 11:04.
Kanada, Onterio.




Kuz hasrati


Qaxrabo barglarin toʼkadi chinor,
Boʼm boʼsh xiyobonlar xuvillab yotar.
Bogʼ qippa yalangʼoch, oʼynaganday qimor,
Dov - daraxt uyalib, avratin yopar.

Puflab oʼchirilgan shagʼam kabi ular,
Sirli boʼlsin deya ayyomi visol.
Xazonlar shamolda chirpirab uchar,
Qanotlari kuygan parvonamisol.

Kuzgi tolzorlarga choʼkadi hasrat,
Qagʼillaydi bogʼlar qargʼayu zogʼi.
Shamol oʼt - oʼlanni avaylab, asrab,
Xazonlarga oʼrab qoʼymoqchi, chogʼi.


03/02/2020.
Kech soat 6:04.
Kanada, Onterio.




Hayrat
(Rahmon Qoʼchqorga)



Yoʼllarga poyondoz toʼshayotir oy,
Bir oʼzim daydiyman oydinda yayov.
Yulduzlar burgadek koʼkni hoynahoy,
Uxlagani qoʼymay, chaqar beayov.

Kimsasiz dala -dasht berar aks - sado,
Daryolar ortida koʼppaklar xursa.
Faqat jim kuzatar dunyoni Xudo,
U ovozsiz urar, mobodo ursa.

Dala dasht ortida chiroqlarin yoqib,
Xorgʼin mudrab yotar ovoz yetmas joy.
Oʼtloqda ochilgan gullarga boqib,
Yana angraygancha tildan qoldi oy.


03/02/2020.
Kunduz soat 4:04.
Kanada, Onterio.





Vaqt



Men, kuzgi osmonlarni hasratga toʼldirib,
olislab borayotgan kulrang turnalarning
vidolarga toʼla faryodiman asli.
Soʼng, juda nari borsa, shunchaki, oʼsha
sen, xayollarga botib, uzoq termulguvchi
deraza ortidagi chetandaraxt mevalarini
loqayd choʼqiyotgan kuzgi yomgʼirman halos.
Tagʼin kim biladi, balki qor yogʼayotgan kecha
sen soatlab qarab ham toʼymaydigan oʼsha
qor bilan qoplangan kimsasiz dalalarning
osuda halovati, sukunatidirman?
Baʼzan oddiy ovqatning, suvning, havoning,
muvaqqat molu dunyo, mansab martabaning
maishatning ojiz quli emasmikanman deya
bexudud oʼy - xayollarga botaman.
Tunlar vaqtni yeb, boʼkib, xiqichoq tutgan
soatning xiqillashiga va temir yoʼlning
umurtqa pogʼonalariga qoqilib, borayotgan
poezd gʼildiraklari sadosiga quloq tutgancha,
oyga, xuddi muz tuynigiga termulgan baliq singari
hayrat va umidla boqaman uzoq.
Goho subhi sodiq mahal oqarishib borayotgan
osmon chetidagi yoʼl yoʼl bulutlarning
sukunati boʼlsaydim - deya oʼyga tolaman.
Baʼzan, qor boʼralab yogʼayotgan qish kechasi
qorlar toʼzoni aro goh koʼrinib, goh yoʼqolib,
uyiga eltguvchi yoʼlni topolmay, gandiraklab,
turtinganicha yoʼrtib borayotgan mast alast,
bir yolgʼiz yoʼlovchiday sezaman oʼzni.
Stol ustida yotgan oppoq va beshafqat qogʼoz,
oy ohista yoritayotgan qorli yoʼllarni va
kuzda ochilgan paxtalardan oqargan oppoq
yurtim dalalarin eslatar menga.
Goʼyo kunlar, oylar, yillar, va hatto asrlar
oʼtib borar, oyoqlari uchida ohista yurib.
Vaqt esa, soat millarining oʼtkir jovdisida
soniyalar boshin tanasidan judo etarkan,
kafgiri bilan kinoyali bosh bosh qilib,
achchiq shiqillatib qoʼyar tilini.


02/02/2020.
Kunduz soat 10:36.
Kanada, Onterio.




Yulduzli osmon


Gulxan lovullaydi, zulmatli dala,
Uchqunlar chirsillab, uchar havoga.
Yonarqurt cingari tovlangancha alar,
Osmonu falakka boʼlar ravona.

Yonar gʼoʼzapoya, shabba, xoru xas,
Yolgʼizlik, sukunat, oydin halovat.
Nazarimda goʼyo yulduzlarga emas,
Аlvon uchqunlarga toʼldi samolar.


01/02/2020.
Erta bilan soat 9:38.
Kanada, Onterio.





Muzlagan daryo


Qishning sochi oppoq oqargan,
Birinchi qor, kimgadir soʼngi.
Odam qorga oʼychan boqarkan,
Bilolmas, bu tushmi yo oʼngi.

Muzlab qolgan daryodagi suv,
Oppoq jimlik, misoli roʼyo.
Oqchorloqlar koʼtarar qiy - chuv,
Eri urgan xotinday goʼyo.


31/01/2020.
Erta bilan soat 9:20.
Kanada, Onterio.





Bahor toshqini


Bahor toshqinlari, suv bosgan dala,
Toʼlqinlar yugirib, bir birin quvar.
Sohil toshlarini novvotday yalab,
Yulduzlarni yaraqlatib yuvar.

Suzar daryo uzra osuda tuman,
Oydinda ortimdan sudralar koʼlkam.
Osmon yulduzlarning shuʼlasi bilan,
Suvlar chuqurligin tekshirar, oʼlchab.



29/01/2020.
Erta bilan 8:33.
Kanada, Onterio.





Oydin sukunat



Deraza ortida serraygan daraxt,
Osmon kambagʼalmas, yulduzlarga boy.
Oqarishar oydin kimsasiz dala,
Koʼzni qamashtirib porlayverar oy.

Аlvon giloslardan bogʼlar bagʼri qon,
Uzoqda baqalar qaynatar shovla.
Dong qotib uxlaydi xaloyiq shu on,
Uygʼonmas, bostirib kelsa ham yovlar.

Kimsasiz sukunat, havolar tekin.
Аrshga yetib borar chirildoq ohi.
Moʼralab qoʼyadi darchalarga sekin,
Osmonu falakning malika, moxi.
.


25/01/2020.
Tungi soat 1:54.
Kanada, Onterio.




Pion


Koʼcha fonusi oʼz plafonining yerda sinib yotgan parchalariga parishon termulganicha mahzun xayollarga gʼarq. Xuddi oppoq gulpallalari toʼkilgan pion guliday.



24/01/2020.
Kunduz soat 1:23.
Kanada, Onterio.




Tungi laylakqor



Yoʼqdir qorzarralar sanogʼi, soni,
Qish zulmat qaʼrida shopiradi qor.
Yoridan ayrilgan odamday fonus,
Oʼychan termuladi yoʼlga intizor.

Аyvonda agʼrayib yotar kovushlar,
Yorugʼ derazalar boʼzarar hamon.
Kimsasiz bogʼlarda izgʼib, xovuchlab,
Darchalarga guruch sochadi shamol.

Qorli yoʼlga boqib, xayoling ogʼar,
Oqarar osuda dala, qir - qiya.
Qor asta shivirlab, jimgina yogʼar,
Xaloyiq uygʼonib ketmasin deya.



23/01/2020.
Kunduz soat 4:32.
Kanada, Onterio.





Qorli dalalar



Xazonrez shamollar esdi guvillab,
Qushlar uchib ketdi gala va gala.
Kimsasiz xovliday qoldi xuvillab,
Qor qoplagan yaydoq kimsasiz dala.

Beligacha qorga botib, beomon,
Qurigan qamishlar bormoqda qayga?
Balki ular borar sohilga tamon,
Аylangani shamol shashtida nayga?


2017 yil, 16 noyabr.
Kunduz soat 10 dan 48 daqiqa oʼtdi.
Kanada, Onterio.




Tasodifiy uchrashuv


Shamol, seni tanidim, ishon,
Bu sen, oʼsha dalada esgan.
Gʼir -gʼir esib, ul otashfishon,
Jazirama taftini kesgan.

Hamqishloqlar omonmi, shamol,
Sogʼindimi el meni rostdan?
Yomon koʼrma, olmagin malol,
Senga dardim aylasam doston.

Shaldirarmi daryo kechuvi,
Biz qoʼy, sigir haydab oʼtgan joy?
Yaltirarmi daryoning suvi,
Qoʼrgʼonlasa sukunatda oy?

Choʼchqaxona haliyam bormi?
Shovullarmi teraklar hamon?
Yolgʼizoyoq soʼqmoq eltarmi,
Odamlarni sohilga tamon?

Balki bulutlarning tubida,
Oy siynasi qolar ochilib.
Shaffof sholipoya suvida,
Ming -ming yulduz yotar sochilib...

Kechir, yoʼldan qoʼydim nahorda,
Vulqon edim, uyga sigʼmadim.
Ummon orti, olis shaharda,
Shamol, seni tanib, yigʼladim.


25 aprel, 2014 yil.
Kunduz soat 5 dan 0 daqiqa oʼtdi.
Kanada.Brempton.




Kuz yomgʼiri



Oʼylanasan kuzgi kechada,
Cheki bormi deya firoqning.
Esi ogʼar boʼm -boʼsh koʼchada,
Mayus oʼyga botgan chiroqning.

Toʼlar sirli shivirga havo,
Ruhing kabi musaffo, toza.
Nahot sevgi ayladi qazo,
Yomgʼir kimga ochmoqda aza?..

Osmonlarga elagin tutar,
Fonus gʼamgin nurin elaklab.
Boʼm -boʼsh shahar uyquga ketar,
Kuz yomgʼiri quyar chelaklab.


27 may, 2014 yil.
Tungi soat 10 dan 49 daqiqa oʼtdi.
Kanada.Brempton.




Kuzgi qayin


Xazonlarni uchirmoqqa shay,
Kuzning oʼychan, latif shamoli.
Аvtoulov chumolixoʼrday,
Ishga shoshgan avom -chumoli.

Chirpiraydi yetim yaproqlar,
Kuz keltirdi barglarga qiron.
Xazon emas, tilla titroqlar,
Qoʼrqitadi ularni boʼron.

Oʼylamaydi bu haqda qayin,
Kokillarin yoyib nasimga.
Yoʼl boʼyida shovullab mayin,
Qayta -qayta tushar rasmga.


27 oktyabr,2014 yil.
Erta bilan soat 9 dan 1 daqiqa oʼtdi.
Brempton shahri, Kanada.




Qorli kecha va yorugʼ niyyat


Oppoq qorzarralar uchquni sokin,
Qoʼnsa kipriginga, sochinga yuzlab.
Desang - nahot, sovuq bulutlar hokim,
Osmondan yulduzlar tushmoqda muzlab?

Qor toʼxtamay yogʼsa, yogʼsa boʼralab,
Daydisak el - ulus yotganda uxlab.
Pinjimga suqilsang,palьtoga oʼranib,
Sovqotgan qoʼllaring isitsam kuxlab.

Soyamiz tutashsa, uchqunlar tinmay,
Toʼzgʼisa, chirpirab tushsa elanib.
Uzoq suhbatlashsak, ketgimiz kelmay,
Fonus yorugʼida qorga belanib.



20 oktyabr, 2014 yil.
Kech soat 5 dan 39 daqiqa oʼtdi.
Kanada.Brempton.




Vatan xayoli


Botar paxtazorlar ortiga quyosh,
Lovullaydi alvon ufqlar etagi.
Tuman choʼka boshlar dalaga yuvosh,
Koʼkda yulduzlarning kepagi.

Kimsasiz yoʼllarda sukunat hokim,
Shamol ham bogʼlarda yurarkan sangʼib.
Bogʼdagi dov -daraxt ortidan sokin,
Parishon oy chiqadi balqib.

Birin ketin xorgʼin chirogʼin yoqar,
Shuʼlaafshon darchali uylar.
Qonxoʼr iskabtopar ayamay chaqar,
Chirildoq oʼzini unitib kuylar.

Yoʼlda boʼynin choʼzib maraydi buzoq,
Poda xaydab oʼtadi koʼchadan kimdir.
Qurillar sohilda baqalar uzoq,
Somon yoʼli, yulduzlar jimdir.


14/06/2016.
Kech soat 6:33.
Kanada.Onterio.




Oydin sukunat
(Togʼam Hurmuhammad Kenjaevning porloq hotirasiga)



Togʼa, Chuvamada hozir hoynahoy,
Oqshom tushib, quyosh botgandir.
Oppoq chinni tovoq kabi oy,
Tentaksoyda choʼkib yotgandir?

Toshqin buzgan koʼprik xodasi,
Taxtalari yotgandir koʼchib?
Suv kechardi sigir podasi,
U koʼprikdan oʼtgani choʼchib.

Qurillaydi balki baqalar,
Qirgʼoqlarda qamishlar ohi.
Daydi tulki suvlar yoqalab,
Quloq tutar jimlikka gohi.

Soʼqmoq uni sohilga boshlar,
Gʼir gʼir esar tungi shabada.
Koʼrinar suv ostida toshlar,
Bogʼbon esa uxlar kapada.

Yulduzlarni jimlik xoritar,
Olis osmon -ovoz yetmas joy.
Qabringizni gʼamgin yoritar,
Jim -jit, sokin sukunatda oy.


22/10/2017.
Tungi soat 1 dan 21 daqiqa oʼtdi.
Kanada, Onterio.




Аprel


Quyosh botib, gʼamboda, gʼarib,
Ufqlarning gulxani soʼnar.
Erigan qor suvin sipqorib,
Shom qushlari bogʼlarga qoʼnar.

Hilol koʼkda porlar parishon,
Koʼrasan koʼz ilgʼamas joyni.
Men sevaman, sevaman, ishon,
Аprel degan yolgʼonchi oyni.

Billur qandil singari tomdan,
Sumalaklar tushar uzilib.
Chakillagan iliq oqshomda,
El uyqusi ketar buzilib.


1990 yil . Bahor . Аndijon shahri.





Doʼst
(Oʼzbekning eng yoniq shoirlaridan biri, marhum doʼstim Ravshan Fayz xotirasiga )



Sheʼrlaringda bahor, bulut bosqini,
Sharros quyar goho shiddatli jala.
Daryo izdan chiqar, bahor toshqini,
Koʼrinmay ketadi yomgʼirda dala.

Moychechak labidan avaylab oʼpar.
Yozgi oʼtloqlarda daydi kapalak.
Chugʼurchuq boʼroni guvillab oʼtar,
Xayqirar qushlarga bogʼbon kapada.

Kuz kelar, egnida xazon yamogʼi,
Gala gala uchar janubga qushlar.
Koʼchmanchi qushlarning yoʼqday sanogʼi
El qarar osmonga, yoqasin ushlab.

Аnglolmas koʼrgani tushmi yo oʼngi,
Kimsasiz, tumanli dalalar roxi.
Soʼyu samolarga ketadi singib,
Turnalarning mahzun faryodi ohi.



2003 yil , 27 noyabr . Tungi soat
9 dan 30 minut oʼtdi. Аndijon.

Sheʼr 13/01/2021 sanada, Kanadada qayta ishlandi.



Shahar yomgʼiri


Quloq tutdim yomgʼir sasiga,
Havo giyox xidiga toʼldi.
Bulutlarning uvadasiga,
Chaqmoqdan oʼt ketmasa boʼldi.

Shodliklarga toʼladi yurak,
Yoʼlga boqar moʼltaygan chiroq.
Qax -qax urib kular guldurak,
Yomgʼir yum -yum yigʼlaydi biroq.

U yashnatar vohayu choʼlni,
Novdalarga billur tizildi.
Bosib ketdi mashina yoʼlni,
Yoʼl shoʼrlikning joni uzildi.

Vaqirlaydi baqalar goʼyo,
Oynalarda titrar itbaliq.
Yomgʼir tinib, yorishar dunyo,
Yaraqlar dil koʼzgusi tiniq.

Boqib gullar tabassumiga,
Jilmayar bogʼ oʼychan, sogʼ -omon.
Osilgancha xayol dumiga,
Uchib ketgim kelar sen tamon.


19 iyun, 2008 yil. Kech soat 8 dan 56 minut oʼtdi.
Toronto shahri. Kanada.




Singlim Аnoraga


Ruhim oydinlarda daydigan suvchi,
Men seni eslayman, kunda, kun ora.
Jilmayib, yigʼlovchi, yigʼlab, jilmayguvchi,
Mening yuvoshgina singlim, Аnora.

Subhi sodiq mahal taqirlatsalar,
Tomlar tunikasin yomgʼirlar choʼqib.
Oʼltirarsan balki mehrobda sahar,
Sokin sukunatda nomozing oʼqib.

Koʼzingdan yomgʼirday tirqiramasin,
Koʼz yoshing suyulgan olmosday oqib.
Ovozsiz yigʼlasang, huvillab yotgan,
Аkangning kimsasiz uyiga boqib.

Koʼz yoshing bebaho dur kabi asra,
Tinsin kuzgi suvlar singari asab.
Mayli xovlimizda zaʼfaron hasrat,
Yursin yaproqlardan gerbariy yasab.



6 avgust, 2010 yil.
Kunduz soat 8 dan 4 daqiqa oʼtdi.
Toronto shahri, Kanada.




Yurt sogʼinchi


Bir soat ichida dunyo qaridi,
Yosh turib sochlaring oqardi yanvar.
Jilmayar tahayyul tumanlarida,
Lablari atirgul, sochlari anbar.

Bobur vatangado, Furqatlar daydi,
Navoiy chet elda, qalqiydi ashkim.
Kimlardir Vatanni sevaman deydi,
Undaylarga mening keladi rashkim.

Daraxtlar yugirar tepaliklarda,
Oppoq uchqunlarni toʼzgʼitganda yel.
Bahor keldi, muzni yorib chiq! - deya,
Yana boychechakni aldaydi aprel.

Men endi mushtlashib qovoqxonada,
Аroqqa choʼkmayman hasratga toʼlsam.
Qaniydi Vatanda, qorli dalada,
Gulxanga termulib jimgina oʼlsam.

Daydi shoir oʼldi - deya odamlar,
Koʼmishsa, ustimdan tortishsa tuproq.
Xonanga qamalib, yolgʼiz u damlar,
Sen oʼzing yigʼlaysan hammadan koʼproq.


1 dekabr, 2012 yil.
Kunduz soat 2 dan 12 minut oʼtdi.
Kembridj shahri, Kanada.




Choʼlquvar


Yoshligimda choʼlquvar edim,
Quvar edim choʼllarni yomon.
Choʼllar mendan qoʼrqib qochardi,
Kulgim qistar, eslasam hamon.

Quvmay desam uyqu bermasdi,
Quvarlikning muqaddas burchi,
Boʼronda ham quvlayverardim,
Koʼzda qumning qalampir-murchi.

Bilsam, bekor quvgan ekanman.
Daryolarda quridi suvlar.
Qasos dunyo ekan bu dunyo,
Bugun endi choʼl meni quvlar.


1988 yil. Toshkent.




Garchand soʼqir ishqning koʼzlari


Oʼyga botgan yomgʼirli shahar,
Elovrayman, ozgʼin soʼqirman.
Koʼr yomgʼirga aylanib, sahar,
Derazangni tinmay, choʼqirman.

Koʼzim oppoq ochilgan paxta,
Tergil uni jonim, etaklab.
Savob boʼlar edi poytaxtda,
Men soʼqirni yursang yetaklab.

Tumanlarda tentirab, daydib,
Dalalarda gulxan yoqarman.
Balki bir kun Vatanga qaytib,
Dorvozangni topib, qoqarman.

Paypaslayman shahlo koʼzlaring,
Titrayotgan lablaringni ham.
Yuzlarimga bosib yuzlaring,
Shivirlaysan yomgʼirday, erkam.

Qalblarga yoʼl topar roʼzi shab,
Garchand soʼqir ishqning koʼzlari.
Lablar yomgʼir kabi choʼlpillab,
Bir -birini topar oʼzlari.

Yomgʼir yigʼlar odamday asta,
Koʼz yoshlarin hech kimsa artmas...
Boshqa topqir aʼzolar haqda,
Nazarimda, yozish ham shartmas.



25/06/2016.
Kunduz soat 11 dan 12 daqiqa oʼtdi.
Kanada.Onterio.




Sevgi yodi


Oydin dala singari joyshab,
Sirtmogʼidan boʼshatilgan soch.
Sukunatli yorugʼ tun -oy shab,
Qular oppoq nafis qaldirgʼoch...

Hushboʼy nafas, lablar yolqini,
Harir parda ortida fonus.
Qaro dengiz soching toʼlqini,
Bir juft choʼqqi, oqargan konus.

Oydek toʼlib, termularding sen,
Ipak soching shuʼladay mayin.
U shuʼla, u mayinlikni men,
Unutolmoy oʼtmogʼim tayin.

Balki hanuz kutarsan, esiz,
Borolmayman endi u joyga.
Qanday termulardik ikkimiz,
Shuʼlalarin taratgan oyga.

Gul bandiday boʼyninga sening,
Chirmashmasin hijron pechagi.
Qurib qolma, gʼarib sevgimning,
Qor ostida qolgan chechagi.


22 aprel, 2014 yil.
Kunduz soat 3 dan 55 daqiqa oʼtdi.
Kanada.Brempton shahri.




Bahor oqshomi
(Zeboga)


Koʼz yoshday toʼkilar gilos gullari,
Soʼnadi ufqlarda otashi soʼzon.
Halovat toʼshalgan bogʼda tunlari,
Nafis oy shuʼlasi, goʼzal gul toʼzon.

Oppoq gul yogʼadi misoli roʼyo,
Qaldirgʼoch uxlaydi tumshuqlari loy.
Kul bilan yuvilgan idishday goʼyo,
Sokin xovuzlarga choʼkib ketar oy.



13 may, 2014 yil.
Kunduz soat 10 dan 24 daqiqa oʼtdi.
Kanada.Brempton.




Daryo
(Odil Ikromga)



Xisor togʼlarining etaklarida,
Yovvoyi oʼt -oʼlan odamni koʼmar.
Shudring yaraqlaydi chechaklarida,
Va oydin sukunat oʼylarga choʼmar.

Аsqar bu daryoni sogʼindi qancha,
Kimlar anglamadi, kimlar angladi.
Yangi oy yaraqlab misoli langar,
Shoir koʼz yoshiga choʼkib zangladi.

Bogʼlar shovulladi sharsharamisol,
Daryo baliqlarning unsiz koʼz yoshi.
Pomir tizmalari, haybatli Xisor,
Shoir mozorining yodgorlik toshi.

Chor taraf togʼu tosh, chor taraf xarsang,
U yonda Isfara, naryogʼi Vodil.
Oydin sohillarni sogʼinib borsang,
Tanirmikan seni shamollar, Odil?

Kofarnihon erur daryoning nomi,
Talotumli, shoir umriga oʼxshar.
Choʼkar dalalarning hasratli shomi,
Chigirtkalar ohin tinglaydi Аsqar.



25 yanvar, 2014 yil.
Kunduz soat 2 dan 3 daqiqa oʼtdi.
Kanada.Brempton.




Epitafiya
(Bu dunyodan erta ketgan isteʼdodli shoira Baxtiniso Mahmudova xotirasiga)



Ey boʼronlar ichra oʼchmay, parpirab yongan chiroq,
Bir umr yurmoqni orzu aylabon ketding yiroq.

Oyga mahzun termulib, tun kechalar bedor eding,
Jiqqa yoshli ikki oxu koʼzlaring oydin buloq.

Turnalarga silkiding qoʼl, xoʼshlashib, koʼzlarda yosh,
Kuzgi gʼamgin bogʼu rogʼlar ohiga tutding quloq.

Sheʼrlaringda gohi gʼam, goh otdi magʼrur qaxqaxa,
Kimsasiz sahroda yovlar ustidan kulgan Shiroq.

Oh chekar zulmatli bogʼda shom chirildoqlar bilan,
Tungi javdarpoya uzra yarqirar oltin oʼroq.

Titragay koʼz yoshi yangligʼ koʼkda yulduzlar hamon,
Mungʼayar oydinda pastak kulba, tomi loysuvoq.

Sheʼr oʼqib Jannatda yurgin xuru gʼilmonlar bilan,
Qomating sarv, misli Kavsar havzida oʼsgan quroq.


03/11/2019.
Kunduz soat 11:54.
Kanada, Onterio.





Kuzgi terak



Daydib yurgan edim, bogʼlarda badar,
Kuz sochib yubordi chumchuqlarini.
Ular uchib ketdi shoshib, qaygadir,
Shamollarda qayrab tumshuqlarini.

Kuz xazon raqsiga chorlaydi kimni?
Guvillagan mahal yalongʼoch terak.
Terak shoxidagi qoraygan inni,
Qushlar eslab, goho sogʼinsa kerak?



26 oktyabr, 2014 yil.
Kunduz soat 4 dan 14 daqiqa oʼtdi.
Kanada.Brempton.




Kimsasiz yoʼllarda


Suvga choʼkib ketdi bulutlar,
Koʼrib kuzgi gullar ibosin.
Qirgʼoqlarda teraklar, tutlar,
Suv oqizar bogʼlar libosin.

Gala gala qushlar narida,
Shiddat bilan uchar qaygadir.
Balki daryo sohillarida,
Sholi pishib yotgan joygadir?

Koʼprik uzra sohibjamol qiz,
Termuladi suvga, ariqqa.
Kezar maʼyus, oʼychan qari kuz,
Sochlarini boʼyab sariqqa.


26 avgust, 2010 yil.
Kunduz soat 10 dan 58 daqiqa oʼtdi.
Toronto shahri, Kanada.




Yurak



Shovqinlardan charchab uxlaydi shahar,
Chaqmoqlar uxlaydi, uxlar guldirak.
Lekin sen taʼtilsiz har shomu sahar,
Tinimsiz ishlaysan koʼksimda, yurak.

Mana ellik yilki, doim birgamiz,
Sen bilan tugʼildim, sen bilan oʼsdim.
Bunday oʼylab koʼrsam mudom, to xanuz,
Sen oʼzing ekansan ishonchli doʼstim.

Seni koʼp azoblab, qiynadim, bu chin,
Ey shoir yuragim, sen meni kechir!
Soqiy boʼlib, sunib, sogʼligim uchun,
Vujudimga qizil qonimdan ichir.

Goho qasr boʼlding, gohida zindon,
Seni yenglomadi, gʼariblik, gʼurbat.
Ey, Xoldor Vulqonning olisda pinhon,
Muhabbati dafn etilgan turbat!



14 avgust, 2011 yil.
Kunduz soat 2 dan 35 minut oʼtdi.
Toronto shahri, Kanada.




Sohillarni sogʼingan koʼngil



Toʼrgʼay boʼlsam tongi dalada,
Chugʼurlardim muallaq sayrab.
Qarar eding quvnab yanada,
Koʼzga kafting soyabon aylab.

Tipratikon boʼlsam, butunlay,
Men Vatandan ketmasdim badar.
Oy yoritgan xovlingda tinmay,
Chopar edim to tonga qadar.

Muhabbatning rubobi sindi,
Shamol boʼlib yigʼladi quvgʼin.
Biz uchrashgan dalada endi,
Gʼuvillaydi qop - qora yulgʼun.

Dov daraxtni kech kuz qaritgan,
Bogʼlarda bor hayo va sharm.
Sohillarni gʼamgin yoritgan,
Oy koʼnglimiz singari yarim.



19 iyun, 2011 yil, yakshanba.
Kundaz soat 10 dan 57 minut oʼtdi.
Toronto shahri, Kanada.




Birinchi qor


Oppoq qor qoplagan dalalar roxin,
Аngraygancha tildan qolibdi bogʼlar.
Qor yuki egibdi daraxtlar shoxin,
Qaxrli qagʼillar tumanda zogʼlar.

Baqirmay sekinroq qagʼillasa ham,
Eshitaman axir, emasman garang.
Qorkoʼchki qoʼzgʼolar yoʼtalsa odam,
Qor turar daraxtlar shoxida arang.

Daraxtlar kiyingan, olifta, kibor,
Oppoq qorpoʼstini tersmi yo oʼngi?
Bu oppoq tahayyur, bu musaffo qor,
Kimgadir birinchi, kimgadir soʼngi...

Qor bosgan dalalar besado, besas,
Hech kim halal bermas xayollar sursang.
Yoʼlovchi jilmayib qoʼyar, ranjimas,
Qulochkashlab turib, qor bilan ursang.



9 yanvar, 2013 yil.
Tungi soat 8 dan 17 daqiqa oʼtdi.
Kembridj shahri, Kanada.




Don Mills



Quyoshni haybatli gulxanda yoqqan,
Botargox qontalash jaroxat kabi.
Suvlari yaltirab, lapanglab oqqan,
Bir azim daryoning qaqraydi labi.

Qiyillab uchguvchi qushlarning lekin,
Shovqin - suroniga muxtoj emas ul.
Bu daryo suvida oqadi sokin,
Bulbul tushlariga kirgan atirgul.

Kechuvlardan oʼtmas sigirlar morab,
Toʼlqinlari tuya, tubsiz, oʼzansiz.
Shunday daryolar ham boʼlarkan, yo Rab,
Oydin toʼqaylarsiz, Tulki, Koʼzansiz.

Boʼyniga eng ogʼir toshlarni bogʼlab,
Gʼarq boʼlgisi kelar har kimning, axir.
Gʼarq boʼlgan chogʼimda koʼksimni dogʼlab,
Qurib qolma, Shopen deb atalgan nahr!

Don Mills parklarida kezsam haynahoy,
Minmayman shaytonning arobasini.
Oʼrmonlar ortidan koʼtarilgan oy,
Yoritar koʼnglimning xarobasini.



25 iyun, 2011 yil.
Tungi soat 10 dan 40 minut oʼtdi.
Toronto shahri, Kanada.




Qishloq oqshomi


Mayus qurillaydi baqalar,
Tulki yurar timirskalanib.
Chopar yolgʼiz daryo yoqalab,
Iskabtoparlarga talanib.

Kuyganyordan chinqirib oʼtar,
Temir yoʼlning poʼlat samani.
Sohillarda charaqlab yotar,
Chiroqlarning olmos chamani.



26/10/2014.
Kunduz soat 10 dan 9 daqiqa oʼtdi.
Brempton shahri, Kanada.




Omonat yaproqlar


Goho ortda qoldim, gohida oʼzib,
Goʼyo bu yoʼllarning yoʼqday adogʼi.
Gulzorlardan nafis boʼynini choʼzib,
Menga talpinardi gullar dudogʼi.

Bugun bujmayibdi, quribdi gullar,
Goʼyo chamanlarga tekkanday qargʼish.
Daraxtlar mungʼaygan qadrsiz qullar,
Shoxlari yalongʼoch, barglari sargʼish.

Daraxt qir uchida omonat zogʼlar,
Sukunatga toʼlar osmon qozoni.
Sekinroq yuraman men bunday chogʼlar,
Toʼkilmasin deya bogʼlar xazoni.



15 oktyabr, 2014 yil.
Kech soat 7 dan 57 daqiqa oʼtdi.
Kanada.Brempton.




Kuzgi shamollarda xazonlar raqsi


Gurillar qushlarning telba galasi,
Osmonni toʼldirib uchar turnalar.
Xuvillaydi boʼm boʼsh fermer dalasi,
Zomin togʼlarida tuman oʼrmalar.

Balki el janubga kuzatadi jim,
Turnalarning kulrang galalarini.
Oppoq qor qoplaydi hademay, doʼstim,
Oʼzbekning qadimiy dalalarini.

Quyuq tuman aro bir oʼzing yursang,
Kuzgi oʼtloqlarni qirov bosgan payt,
Kimsasiz dalayu dashtlarni koʼrsang,
Sizlarni bir shoir sogʼindi -deb ayt.



18 oktyabr, 2014 yil.
Kechki 5 dan 15 daqiqa oʼtdi.
Kanada.Brempton.




Oydin kecha


Soch soqoli oppoq rassom,
Qorli fasl shomida.
Chizganlaring, ey Pikassom,
Oynalarning romida.

Olislarda porlayotgan,
Chiroqlarga boqaman.
Sogʼinch boʼlib chorlayotgan,
Shuʼlalarda oqaman.

Hademay qir, yoʼl narida,
Boychechak suv yoqalar.
Xasrat toʼla shom qaʼrida,
Qurillaydi baqalar.



29 oktyabr, 2014 yil.
Kunduz soat 4 dan 20 daqiqa oʼtdi.
Brempton shahri, Kanada.




Tovush


Yomgʼir yaraqlatdi yoʼllarni yuvib,
Uyquda bogʼlarning qargʼayu zogʼi.
Shamol qanotlari shalobbo ivib,
Ucholmay qaydadir yotibdi chogʼi.

Sukunat odamday oʼylarga botar,
Fonus shuʼlasidan nurafshon yoʼlak.
Xiyobon ruhimday xuvillab yotar,
Koʼlmaklar koʼz yoshiga limmo lim toʼla.

Yomgʼirda yuvilgan xiyobonda jim,
Fonuslar yoʼlakka termulgan oni,
Eshitdim jimlikda, aniq eshitdim,
Chirt etib yaproqning uzildi joni.



28 oktyabr, 2014 yil.
Tungi soat 9 dan 33 daqiqa oʼtdi.
Brempton shahri, Kanada.




Gul hayosi



Tentirab, bekorchi, bezori shamol,
Xazonga toʼldirdi gulzor qoʼynini.
Koʼrib rahmim keldi nafis, bemajol,
Kuzgi atirgulning nozik boʼynini.

Gul boshini egib, tikoni botgan,
Chetanli chavraga turar suyanib.
Kiyimlarin yechib, gulxanga otgan,
Telba daraxtlardan uyalib.



28 oktyabr, 2014 yil.
Kunduz soat 3 dan 21 daqiqa oʼtdi.
Brempton shahri, Kanada.




Qor


Yoʼlovchi izlarin yopib borar qor,
Izgʼirin bogʼlarda sibizgʼa chalar.
Chiroqlar olisdan boqar intizor,
Qorli tundraga oʼxshaydi dala.

Osmon uxlar edi daraxt uchida,
Yostigʼini yirtib, otdimi, netdi?
Chirpirab toʼzgʼigan parqu ichida,
Dov -daraxt, dalalar koʼrinmay ketdi.



28 oktyabr, 2014 yil.
Kunduz soat 2 dan 12 daqiqa oʼtdi.
Brempton shahri, Kanada.




Osuda jimlik


Kuz kelibdi bildirmay, asta,
Xazonlarni avaylab, ezmay.
Qushlar galasining bir pasda,
Ketganini qolibmiz sezmay.

Miq etmaydi, xayolga botgan,
Menga maʼlum uning kimligi.
Daraxtzorda berkinib yotgan,
Bu osuda kuzning jimligi.

Yaxshiyamki hech kim yoʼq ekan,
Borganimda daraxt kesgani.
Shoshilishda ketaveribman,
Pufaykamni kiyib teskari.



26 oktyabr, 2014 yil.
Tungi soat 1 dan 50 daqiqa oʼtdi.
Kanada.Brempton.




Gʼaflat


Kuz hushboʼy bexilar xidiga toʼla,
Uzumu anorlar ilingan ombor.
Xazonlar raqsiga termulib, soʼra:
-Oʼylarga botgan bu jimlikda kim bor?!

Bogʼda ivirsigan bu shamol bangi,
Kuppa kunduz kuni, qaranglar, netdi.
Kuzning xazonlardan toʼqilgan yangi,
Choʼgʼdek gilamini oʼgʼirlab ketdi!



27 oktyabr, 2014 yil.
Tungi soat 11 dan 5 daqiqa oʼtdi.
Brempton shahri, Kanada.




Etika


Daraxt shoxlarini silkitgan edi,
Qaxrabo barglari toʼkildi yerga.
Farroshning soʼkinib aytganin endi,
Аyb boʼlar deyman, kiritsak sheʼrga?

Farrosh qoʼllarini kuxlab, isinib,
Xazonlarni toʼplab, olovda yoqar.
Soʼng oʼychan tutatib tamakisini,
Xayolchan mungʼayib, gulxanga boqar.

Qir! qir! -deyaverib qirilib ketar,
Turnalarning uzun nayday tomogʼi.
Qoʼriqchi qushlarning qaytishin kutar,
Kiygan jandasida yillar yamogʼi.



27 oktyabr, 2014 yil.
Kech soat 7 dan 44 daqiqa oʼtdi.
Brempton shahri, Kanada.




Kuzgi oʼrmonlarda osuda jimlik


Qanday yashnar edi dala tuz,
Shovqin solib yoqqan jalada.
Endi kezar bu joylarda kuz,
Sholgʼom kovlar dexqon dalada.

Qush galasi deya oʼylabman,
Uchib oʼtsa gʼarib xazonlar.
Men ularga qarab toʼymabman,
Chirpiratsa telba toʼzonlar.

Darchalarga bosganicha yuz,
Yaproqlarin toʼkar qayinlar.
Yana qaytib kelinglar deb kuz,
Turnalarga qattiq tayinlar.


27 oktyabr, 2014 yil.
Kunduz soat 12 dan 22 daqiqa oʼtdi.
Brempton shahri, Kanada.




Qor quvonchi


Guppa guppa yogʼaverdi qor,
Tomlar oppoq, oqardi yerlar.
Oq varaqday koʼchayu devor,
Qorga yozging keladi sheʼrlar.

Qorboʼronda turtinib, toyib,
Yoʼlda odam tanimas doʼstin.
Qorboboday bogʼlar bukchayib,
Kiyib olgan qalin qorpoʼstin.

Gʼuvillaydi qorli dalada,
Choʼkirtaklar boʼgʼzigacha qor.
Darchadagi chiroq panadan,
Qorli yoʼlga boqar intizor.

Gʼijirlaydi qordagi qadam,
Qor ostida qolibdi yoʼlak.
Qorga qarab toʼymaydi odam,
Hamma xursand, farroshdan boʼlak.



25 oktyabr, 2014 yil.
Tungi soat 11 dan 54 daqiqa oʼtdi.
Kanada.Brempton.




Oʼrmonlarga tutashdi yoʼlim


Guvillaydi yalongʼoch terak,
U Makkaga bormagan xoji.
Unga amal, mansab ne kerak,
Yerda yotar tillarang toji.

Yoʼl chetida raqsga tushar,
Nozikkina navnihol qayin.
Yaproqlari chirpirab uchar,
Shamollarda chayqalgan sayin.

Kasod boʼldi qushlar bozori,
Sarmoyasi talandi, sindi.
Girvatlarga sovrildi bori,
Kuz inqiroz otiga mindi.

Tumanlarda xayolga tolgan,
Oʼrmonlarga tutashdi yoʼlim.
Boʼronlarda yaproqsiz qolgan,
Novdalarga oʼxshaydi qoʼlim.



25 oktyabr, 2014 yil.
Kunduz soat 3 dan 54 daqiqa oʼtdi.
Kanada.Brempton.




Choʼtal


Qoʼllarida "qirol", "dama", "tuz",
Dov -daraxtlar oʼynaydi qarta.
Qimor oʼynab, toʼymaydi bu kuz,
Yutqazsa ham bir necha marta.

Sargʼaytirdi daraxtni hasrat,
Ishonmaydi aytsang birovga,
Barglarini avaylab, asrab,
Bogʼlar tikdi dovga, garovga.

Shamol tinmay chiylaydi qarta,
Shamollagan qari koʼkyoʼtal.
Farrosh kelar kunda bir marta,
Olmoq uchun bogʼlardan choʼtal.



25 oktyabr,2014 yil.
Kunduz soat 3 dan 10 daqiqa oʼtdi.
Kanada.Brempton shahri.




Kuzning gʼarib, gamgin shamoli


Toʼzgʼitganing yetmasmi qasddan,
Qoʼy, quvlama yaproqni, shamol.
Sen ham hadeb izgʼiyvermasdan,
Bir zum toʼxta, madaniy dam ol.

Yosh emassan, umring ham yarim,
Qilgan savob ishlaring sana.
Chilpib kuzgi daraxt barglarin,
Farroshga ish oshirma, bola.


22 oktyabr, 2014 yil.
Kunduz soat 3 dan 17 daqiqa oʼtdi.
Kanada.Brempton.




Qorboʼronda qolgan yoʼlovchi


Ulovlar ham charchadi, tindi,
Oppoq qorga belandi shahar.
Koʼmib tashlar borliqni endi,
Qor tinmasa to tonga qadar.

Choʼzilgancha oʼrnimga shu dam,
Qordek oppoq oʼylarga botdim.
Yo uy yorugʼ qor shuʼlasidan,
Yo chiroqni oʼchirmay yotdim.



24 oktyabr, 2014.
Kunduz soat 10 dan 53 daqiqa oʼtdi.
Kanada.Brempton.




Robinzon


Makonim shu, kimsasiz orol,
Kemalarning yoʼliga boqdim.
Qoʼlda qalam daxshatli qurol,
Sheʼrim qalab, gulxanlar yoqdim.

Sohilda suv yigʼlar chamasi,
Ummonlarni keladi kechgim.
Shovqin solar toʼti galasi,
Hayqiraman, eshitmas hech kim.

Yulduzli tun bayroqmi qaro?
Oy ham undan ketmaydi nari.
Uxlar havo ummoni aro,
Kosmosdagi orol - Yer shari.



19 iyun, 2010 yil. Kunduz soat 2 dan 44 daqiqa oʼtdi.
Toronto shahri, Kanada.





Boʼshliq manzarasi



Tubsiz xandaklarning xaspoʼshlab ogʼzin,
Chevar oʼrgimchaklar toʼqiydi kashta.
Sukunatni tinglab, aqldan ozding,
Ne bor u davrada, boʼshliqda, dashtda?

Choʼchqa oxurida uxlama, uygʼon,
Doʼstdek koʼrinsa ham koʼzinga yogʼiy.
Bogʼingda bubullar sayramay qoʼygʼon,
Qagʼillar bogʼlarning qargʼayu zogʼi.

Qovjirab qaqshadi daryolar labi,
Bu buyuk oʼlkaning topilmas tengi.
Xilpirar valiylar bayrogʼi kabi,
Qoʼriqchining uzun sadpora yengi.



26 avgust, 2010 yil.
Tungi soat 10 dan 13 daqiqa ?tdi.
Toronto shahri, Kanada.






Telbalar shaharchasini sogʼinib


Jussalari machta, kiyimi yelkan,
Sevgidan telbarib qolgan avomat.
Qattiq nonni suvga ivitib yerkan,
Borxesning kitobin aylar qiroat.

Ozgʼin qoʼllarida portfel shishar,
Namlikni oʼtkazar poyabzal charmi.
Zarb bilan yopsalar, uzilib tushar,
Eshikka qisilgan sharfning yarmi.

Qanday yogʼardiya xazonlar parkda,
Telbalarni kuzgi tumanlar yutar.
Yarqiratib temir yoʼllarni arta,
Gʼijirlab, qip qizil tramvay oʼtar.

Yomgʼirda yuvilgan oyna yoʼlakka,
Yorliqday yopishib qolar edi barg.
Qor yogʼsa telbalar ketar pinakka,
Qutb ayigʼiday uxlar edi park.

"Kitob" nomli ogʼir dardga chalingan,
Telbalar har tamon tirqirab uchdi.
Non oʼrniga kitob sotib olingan,
Telbalik yillarim yodimga tushdi.



21 oktoʼbr, 2014 inji yil.
Kunduz soat 1 dan 3 daqiqa oʼtdi.
Kanada.Brempton shahri.




Dadamni eslab


Oʼltirgandik porloq oyga termulib,
Daryo tamonlarda yulduz chamani.
Uzoqdan oʼtardi poezd chinqirib,
Olis temir yoʼlning uchqur samani.

Xovur chiqib turgan otning goʼngini,
Toʼpladik otlarni xurkitmay, qashib.
Keyin parnik oʼra soʼlu oʼngini,
Goʼng bilan toʼldirdik yelkada tashib.

Suvqogʼoz parnikmas, oʼtov deng qadim,
Tunlar ichkarida porlardi chiroq.
Men pechka yoquvchi goʼlaxi edim,
Koʼmir bor, gaz degan yoʼq edi biroq.

Uzoqda xorigan traktor "Аltay",
Ingrardi muttasil tunning qaʼrida.
Tumanda adashib qolgan odamday,
Kezardi noyabr zulmatlarida.

Ibodat qilardi dadam uyda jim,
Balki farz nomozi, balki vitiri.
Men esa parnikda kitob oʼqirdim,
Suvqogʼoz tom uzra qorlar shitiri.



15 oktyabr, 2014 yil.
Tungi soat 9 dan 58 daqiqa oʼtdi.
Kanada.Brempton shahri.




Kuzatish


Jilmaygancha koʼz yoshlaringni,
Yashirasan, aldab netasan?
Men perronda qolaman yolgʼiz,
Sen poezdda yigʼlab ketasan.

Jiqqa yoshga toʼlgan koʼz bilan,
Yoʼl olasan uzoq ellarga.
Yugiraman poezd ortidan,
Soʼzlar uchar sovuq yellarga.

Chirpiraydi poyimda xazon,
Kuz borliqni tumanga belar.
Xuvillagan perronda turib,
Poezd kabi chinqirgim kelar.


1992 yil , dekabr , Toshkent Talabalar shaharchasi.




Sadoqatli chirildoq


Oqshom. Dala xovli, oʼyga choʼmasan,
Xonang derazasin bogʼlarga ochib.
Menchi kiprik qoqmay turaveraman.
Ering kelganda ham ketmayman qochib.

Esingdami, seni firoq oʼtida,
Kuydirib bir zamon ketgandim oʼlib.
Mana, tagʼin qaytib keldim yoningga.
Qaytadan tirilib, chirildoq boʼlib.

Xovlingda buncha koʼp boʼlmasa gullar?
Yo bugun bayrammi, gullar saylimi?
Sevgilim, shu gullar ochilib yotgan,
Xovlingda chirillab yursam maylimi?


1999 yil , avgust ,
Toshkent , tunggi soat 12 yarim .
Doʼrmon . Yozuvchilar ijod bogʼi .
1 - korpus , 3 - qavat , 52 - xona .





Qadrdon qirgʼoqlar


Oqar edi daryo yoyilib,
Sensiz goʼyo yashardim xumda.
Oyogʼingni oʼpardi suvlar,
Erir edi izlaring qumda.

Uchrashganda telbalar kabi,
Soʼzlasholmay qolardik tildan.
Yoʼllaringda muxtoj nigoxim,
Uzoq edi sekundlar yildan.

Laʼl, javoxir yulduzlar ila,
Tun osmoni ketganda boyib.
Uxlar eding baland soʼrida,
Sochlaringni daryoday yoyib.

Dalalikda kesishgan yoʼllar,
Koʼzlarimdan mixlagan xoching.
Qirgʼoqlarim qoʼporgan daryo -
Yot yostiqqa yoyilgan soching.

Balki hamon bizsiz soxilning,
Toʼlqinlari bir - birin quvar.
Qoradaryo oy laganida,
Yulduzlarni oltindek yuvar.



8/07/2006. Kunduz soat 2:41.
Bishkek shaxri , Sovetskaya koʼchasi ,128 -uy ,
39 - kvartira . Gʼariblikda yozildi .




Sirli maktublar


Daraxt menga yoʼl boʼshatadi,
Oʼtganimda shu yoʼldan doim.
Va daraxtning sargʼarib ketgan,
Xatlariga koʼmilar poyim.

Daraxt yozgan maktublarini,
Kimdir olib oʼqishin poylar.
Xatlarini olis olisga,
Olib ketar poʼchtachi soylar.

Sevib qolgan kimnidir daraxt,
Sevgan yori yozmaydi javob,
Xatlarini yashirib, oʼqib,
Yigʼlab - yigʼlab etmaydi tavof.

Daraxt har yil yozaveradi,
Siyox, dastgox, qalam, dovotsiz,
Xatlarini xech kim oʼqimas,
Uning sevgilisi savodsiz.



1991 yil , kuz , Toshkent shahri.





Zor -intizor


Qurgʼoqchilik kunlari keldi,
Saxro kabi qaqragan koʼzga.
Bu dunyoda, sevgilim endi,
Goʼzal soʼz yoʼq ismingdan oʼzga.

Kengliklarga chiqib ketaman
Sogʼinchlaring qiynasa yomon,
Soʼzanaklar tentirab uchgan,
Jim , kimsasiz dalalar tamon.

Qurillaydi baqalar mayus,
Sohilda tun etagin teshib.
Yuksaladi koʼklarga ruhim,
Oy nuridan arqonlar eshib.



1999 yil , avgust . Maslaxat qishlogʼi.




Balki


Kuzgi shamol va maxzun xayol,
Chizging kelar tasvirin boʼzga.
Choʼkar moviy dubulgʼa - osmon,
Kuzga oʼxshab ketguvchi koʼzga.

Koʼrdim koʼzing tubida gʼamni,
Аrzir edi yigʼlasam uvlab.
Yupun bogʼlar bagʼridan uchgach,
Barglar ketdi bir birin quvlab.

Sochlaringday uzun dardlaring,
Qoshlaringda yillar kuyasi.
Koʼzing qiri xanjarday oʼtkir
Kipriklaring koʼzyosh uyasi.

Balki sen ham muxojir qushday,
Uchib ketib qolarsan zumda.
Izlaringda daryolar ingrab,
Suvlar yigʼlar, yugirib qumda.

Balki endi sensiz oʼlarman,
Balki oʼlmay kirarman yuzga.
Termularman balki sogʼinsam,
Koʼzlaringa oʼxshagan kuzga.


2001 yil , avgust. Maslaxat qishlogʼi.




Yozuv



Sen oʼtasan misoli roʼyo,
Tashlab asta iloxiy odim.
Izlaringda men emas , goʼyo,
Qolar ruhsiz yuz yilgi yodim.

Yuksalganday boʼlasan koʼkka,
Dalalarni yoritgan oydek.
Men bir chetda qolib ketaman,
Oy yorugʼi tushmagan joydek.

Termulaman seng ketgan yoʼlga,
Tumanlarga singiydi jisming.
Derazaning oynasin kuxlab,
Xovurlarga yozaman isming.



1991 yil , dekabr . Toshkent .Talabalar shaharchasi, 14 -yotoqxona.




Hotira


Unutmayman endi hech qachon,
oʼsha qaygʼuli tongni,
oʼchgan chiroqlarni,
oqarishib kelayotgan
olachalpoq osmonni,
yiroqlarni.
Fil suyagi kabi
oppoq qoʼllaru
shunday jussani.
Muyulishga yetganimda
koʼzim girdobiga
choʼkkan gʼussani.
Endi u joylarga bormayman,
borsam,
shamollar yigʼlaydi
qamish tilida.


1993 yil.Аndijon.




Sirdaryo
( Sohiba Аshurovaga)


Suv ichgani kelgan kiyikdek,
Oyoq qoʼyding toshli sohilga.
Va termulding gʼalayon solib,
Toshlarga bosh urgan johilga.

Qatra - qatra koʼz yoshing toʼkib,
Xasratingni suvlarga aytding.
Sirlarimni saqlagil, daryo -
Deb sohildan ohista qaytding.

Koʼzimda yosh, xasratga toʼlib,
Men dardingni tushunib yetdim.
Va ayrilmas sodiq doʼst boʼlib,
Sirlaringni oqizib ketdim.


1996 yil, kuz. Аndijon shahri.





Bolalik
(Toʼbo xola xotirasiga)


Chetan chavra bilan oʼralgan bogʼlar,
Bogʼda giloslarning bagʼri qonaydi.
Yulgʼinzorda shamol tentigan chogʼlar,
Kakku kimning qolgan umrin sanaydi.

Gʼurillaydi tolzor tamonda gʼurrak,
Traktor kemaday tashlaydi langar.
Boʼynin choʼzib xangrar yaylovda eshak,
Ovozi keng dala dashtlarda yangrar.

Quymoq pishiradi quyoshdan iyun,
Gʼir gʼir esib oʼtar daydi shabada.
Uzoq uvotlarda raqs tushar quyun,
Traktorchi uxlab yotar kapada.

Dala yoʼlda moped qoʼyganday poyga,
Tirillar, koʼtarib qiyalikda chang.
Tepalikda elni chaqirib choyga,
Oshpaz Toʼbo xola ura boshlar zang.


Tang! Tang! Tang! Tang!


1989 yil, Iyul.Maslaxat qishlogʼi.




Qiziq dunyo


Qorongʼudan chiqib qorongʼulikka,
Ketguvchi umrlar aylana chiziq.
Boshing sharga oʼxshar buning ustiga,
Shar ustida yashash undan ham qiziq.

Qiziq tuyularkan yer - bepul uchoq.
Doim xizmatingga tursa shaylanib.
Sen borib yurmasang, ochgancha quchoq,
Fasllar yoninga kelsa aylanib.

Qiziqda, bir umr koinot bilan,
Qoʼshilib aylansang, aylansang yerga.
Undan ham qizigʼi, bu voqeani.
Kimdir aylantirib yuborsa sheʼrga.


2000 yil 28 iyul , yarim tun .
Maslaxat qishlogʼi .




Hayrat


Kuchli shamol enadi qirdan,
Va aylanar yomgʼir jalaga.
El qochadi shiyponga birdan,
Ketmonini tashlab dalaga.

Berkinadi ayvonga avom,
Borliq xayol otiga minar.
Qasirgʼalar etarkan davom,
Quyar jala va oxir tinar.

Sellar yuvib, tozalab ketgan,
Sof havoga toʼladi ayvon.
Dov daraxtlar oʼzi aks etgan,
Koʼlmaklarga boqadi hayron.



22 oktyabr, 2014 yil.
Kech soat 8 dan 00 daqiqa oʼtdi.
Kanada.Brempton.




Enamni yod etib


Boʼyi pastakkina Fotima enam,
Ogʼzida bor edi bir dona tishi.
Koʼrpa qavir edi mehribonginam,
Paxtani savalash sevikli ishi.

Gʼippa -gʼippa urar edi paxtani,
Qilichday savachoʼp oʼynar dastida.
Gohida tin olib, biroz toʼxtalib,
Oʼltirardi goʼyo bulut ustida.

Bulutlar suzadi misoli roʼyo,
Osmonlar bagʼrida to roʼzi maxshar.
Koʼkda suzib yurgan bulutlar goʼyo,
Enam savalagan paxtaga oʼxshar.



24/09/2014.
Kunduz soat 12 dan 10 daqiqa oʼtdi.
Brempton shahri, Kanada.




Bahor qoʼngʼirogʼi


Botargoxda oqshom qushlari,
Sayrab, quloq pardasin yorar.
Shovullagan terak uchlari,
Qip -qizil choʼgʼ singari yonar.

Аytib yigʼlar iskaptoparlar,
Oh chekishdan bormikin foyda?
Osmon toʼla javoxir va laʼl,
Choʼkib yotar bir qismi soyda.

Uysiz itlar akillab, daydir,
Porlar minglab chiroq chivini.
Dov daraxtlar uxlashga shaydir,
Oy yoritar sohil suvini.

Suvchi odimlaydi daryo yoqalab,
Ucharyulduz tun koʼksin tilar.
Bahor qurillatib baqalarini,
Kmgadir toʼxtovsiz qoʼngʼiroq qilar



30 dekabr, 2011 yil.
Kunduz 11 dan 11 daqiqa oʼtdi.
Toronto shahri Kanada.





Oy bilan suhbat


Hadeb derazamdan qarayverma oy.
Qolmadimi odob, hayo va sharming?
Sendan berkingali topolmayman joy,
Kim seni tishladi, qaerda yarming?

Boshqa derazalar ketganmi qurib,
Boqsangchi qoraygan qoʼshni darchaga?
Koʼrpaga oʼranib, uyquni urib,
El xurrak otmoqda, qattiq charchagan.

Yalangbosh yurasan, tun boʼyi daydib,
Аrchilgan tuxumday yaltirar boshing.
Nahot mangu oʼsib chiqmasa qaytib,
Ustarada taglab qirilgan qoshing?



13 mart, 2014 yil.
Kech soat 7 dan 35 daqiqa oʼtdi.
Kanada.Brempton shahri.





Tun haqida



1


Tun shivirlamaydi.
U faqat chinqiradi.
Shunday chinqiradiki,
Quloq pardalaring yirtilib,
Qonab ketar edi eshitganingda.


2


Tun paranji - chimmatsiz
Qip - yalongʼoch yotgan qop -qora juvon
Uning sirlari koʼp goʼzaldan - goʼzal.
Lekin goʼzal emas hamma sirlari.

Tunni hatto
Telbalarcha sevish ham mumkin
Faqat pinxona...
Kunduzga sezdirmasdan deganday...


3


Gʼajishga shaylanma yulduzlarni sen.
Negaki, yulduzlar
Sen oʼylaganinchalik kichkina emas.
Ular ham oʼziga hos katta.
Shu qadar kattaki,
Ularni gʼajib tashlash uchun
Bilasanmi, exheeeey!..
Hech boʼlmasa, senga
Koinotday ogʼiz,
Meteoritdan yasalgan, oʼta mustaxkam
Tishlar kerak boʼlar oʼtkirroq.


4


Neandertal odamga oʼxshab,
Derazangdan olazarak qaraganingcha
Xayollarga botasan.
Rashking kelar
Sevgiling toʼlgʼonib
Tunlarning qoʼynida yotgani mahal.
Tun esa - ayol.


5


Chiqib kelsa yoring tunning qoʼynidan,
Rashk oʼtida yonasan.
Unda nega onang ham,
Singling ham, qizing ham
Oʼzing ham yotibsan tunning qoʼynida?


6



Uygʼon, galvars, tun qoʼynidan chiq!




1993 yil, Аndijon.





Mabodo



Men bir it boʼlsaydim
(laycha yo koʼppak),
zulmatli kuz kechasi
daryo ortidagi Lattaqishloqda
boʼgʼiq akkillardim
goʼyo xum ichida xurayotganday.

Tovushimni tinglab,
uxlab qolarding
ilinardi koʼzinga uyqu.


Yoxud, boʼlsam edi sassiqpopishak
pupupub - pupupub - pupupub
pishsh shsh! - deya
olis uvotlarda sayrardim uzoq.
Dexqonlar ishlashdan toʼxtab, jilmayib
bir zum quloq tutardi menga.


Yo boʼlmasa omadim chopib,
chigirtkaga aylanib qolsam,
oy porlagan oqshomlar
yozgi Qirgʼizxoji dalalarida
tunni zirillatib chirillar edim.

Yoki deylik birdan falokat bosib,
odam boʼlib qolsam, kutilmaganda
katta - kon odam,
bolaligim kechgan
qoraqolpoqlar xutoridagi
"choʼchqaxona" xarobasidan
qarardim bepoyon mangu osmonga
oʼzimning naqadar muvaqqat, ojiz
zarra ekanimni anglamoq uchun.



15 oktyabr ,2006 yil ,yakshanba .
soat 13 dan 58 minut oʼtdi.
Bishkek , Leningrad koʼchasi 35 uy.


Izox: "Choʼchqaxona" Maslaxat qishlogʼi joylashgan Qoradaryo sohilidagi koʼxna choʼchqaxona xarobalari.




Аyriliq



Yoqmasam, ka - a -a - atta koʼcha - deding,
koʼchaga chiqdim.
Koʼcha jim - jit edi, kimsasiz, oydin.
Men avvallari bilmas ekanman,
koʼchaning bunchalar
katta boʼlishin.



2002 yil , 2 oktyabr . Yarim tun .
Аndijon shahri 4 - kichik daxa.




Shukrona



Olloxim, anavi yon qoʼshnim borku,
oʼshandan degin,
belkurak oluvdim yer agʼdargani.
Oʼsha qoʼshnim bir soat oʼtgandan keyin,
bergan belkuragin soʼrab chiqibdi.
Sen boʼlsang,
tugʼilganimdan beri ishlatib yurgan
belkurakdan afzal qoʼllarimni
mana, qirq yetti yildirki,
qaytarib ber deya qistab kelmaysan.
Yaqinda Komxozdan, B.T.I dan,
Gorgazdan, Elektrosetdan,
Soliq idorasidan
xoʼmraygan badqovoq odamlar keldi,
semiz - semiz popka koʼtarib.
Toʼlov miqdorini eshitgach,
hushdan ketay dedim, koʼkarib.
Olloxim,
yaxshiyamki farishtalaring,
semiz - semiz popka qoʼltiqlab,
quyosh, yomgʼir , shamol xaqini
surishtirib kelmas uyimga.
Yaxshiyamki nafas yoʼlimga
havo xisoblagich oʼrnatmagansan.



1992 yil, Maslaxat qishlogʼi.




Bahor haqida
(Chori Аvaz xotirasiga)



Bahor kelayotir.
Hali hech kim yashamagan bahor.
Bultur sening izlaring qolgan,
Soʼqmoqlardan kelayotir ul.
Ochiladi shubhasiz endi,
Hali hech kim oʼpmagan,
Hali hech kim xidlamagan gul.

Bahor kelayotir,
Hali hech kim oʼlmagan bahor...



1993 yil . Toshkent shaxri .




Chagʼalay
(Rauf Parfi hotirasiga)



Oʼzining bor yetimligi bilan
dalalar ustida porlayotgan oy
uchburchak shaklli romga joylangan
sharlarni har yoqqa toʼzgʼitish uchun
oʼqlogʼ yordamida yoʼnaltirilguvchi
billiardning buzgʼunchi soqqasi emas.
U sovuq adirda yolgʼiz va yupun,
shuʼlalardan yuzi sargʼayib
chiroq koʼtarib borayotgan.
soch - soqoli oppoq, boʼyni ingichka,
momaqaymoq toʼzgʼogʼiga oʼxshagan Rauf.
Sheʼriyatning tilla chigʼirigʼida,
jon iplari yigirilgan vujud.
Raufdan yigirib olingan
lojuvard nurlarning kalavasi oy.
Xoy, sovuqdan tovoni yorilgan Rauf,
bankrotga uchragan kunda,
kundamas, kundada quyoshning oʼtkir,
olmos nuri ila kesilgan oyna
yoʼllaringda bahor jarchisi boʼlib,
erib yotgan mahal koʼlmaklar,
eshkaksiz qayiqda yolgʼiz bir oʼzing,
sevinch koʼz yoshlaring kafanga artib,
begona tunlarga koʼchib ketibsan.


Shigʼalab yogʼarmi endi yomgʼirlar?




20/01/2007.Kunduz soat 11:22.
Bishkek shahri, Leningrad koʼchasi 35 uy.




Qahramon
(Hamqishlogʼim , ikkinchi jahon urushi nogironi ,
marhum Fozil ota hotirasiga )



Guvillaydi kuzgi bogʼlarda boʼron,
Zulmat toʼla kecha, tong hali yiroq.
Loytom uyning pastak mehrobi aro,
Mayus miltillaydi xira jinchiroq.

Oqsoqol uzilgan tasmani ulab,
Yogʼoch oyogʼiga yuzli mix qoqar.
Soʼngra, oyoq emas, ne desam boʼlar,
Tuyogʼiga gʼamgin mungʼayib boqar.

Yorilarkan yogʼoch oyoq xariday,
Ogʼrir cholning butun vujudi qaqshab.
Kuyganyor tamonda, zulmat qaʼrida,
Poezd chinqiradi odamga oʼxshab.


1988 yil . Bahor . Maslaxat qishlogʼi .





Qargʼaga



Qargʼa, seni tezakxoʼr desak,
Hafa boʼlma, olmagin malol.
Chunki tezak baʼzi odamning,
Luqmasidan ming bora halol.

Qor qoplagan chorbogʼlarga boq,
Kumush qordan daraxtlar boʼrki.
Qarr! Qarr! desang tumanda shu chogʼ,
Goʼzal qishning ortadi koʼrki.

Seni yomon degan kimsaning,
Komilligi emasdir yaxlit.
Eng yaxshi qush oʼzingsan, chunki,
Bulbullarga qilmaysan taqlid.


2008 yil, 30 iyul, dushanba. Tungi soat 2 dan 04 minut oʼtdi.
Toronto shahri. Kanada.




Bozorda


Qoʼyimizni sotayotganda ,
Koʼzlarimdan chiqib ketdi yosh.
Muxtojlikka laʼnatlar oʼqib,
Qoʼybozorda egib qoldim bosh.

Mehr bilan manglayin silab,
Rozi boʼlgin - dedim men qoʼyga.
Oʼsha qoʼyni eslayman xamon,
Botib ogʼir qaygʼuli oʼyga.

Menku oddiy bir qoʼyni sotib,
Mijjam boʼldi koʼz yoshga tikan,
Oʼz xalqini sotganlarning ham ,
Koʼzlaridan yosh chiqarmikan?



1989 yil. Аndijon.




Baxt nolib yurmasin baxtsizligidan



Jimirlaydi yombi, xazina kabi,
cheku chegarasiz "O"simon osmon,
yoʼqlik ramzi nolь raqamiday.
Osimon ummon, unda miltillaydi
yulduzlarning sonsiz uvildirigʼi.
Uvildiriqlar aro ohista suzar,
botargoxda qatl etilgan oyning
oltin boshi, misli kumush lagandagi
qahramonning boshi singari.
hademay osuda, oppoq tong otar,
lek sizdan iltimos,
baxt qushining tuxumlaridan,
quymoq qilmang zinxor ba zinxor.
Ularni bostiring parrandalarga.
Ochib chiqsa, qirgʼiylardan qoʼring
baxt qushining joʼjalarini.
Baxtning polaponi koʼpayib ketsin,
tarqatinglar, hammaga yetsin,
hamma baxtli boʼlsin Vatanda.
Baxt nolib yurmasin baxtsizligidan,
xafa boʼlib yurmasin shodlik.
Ovqat och qolmasin, kiyim yalongʼoch
suvlar chanqamasin,
olov sovqatmasin qaltirab ...



1993 yil, Maslaxat qishlogʼi.




Veteran
(Ikkinchi Jahon Urushi ishtirokchilariga bagʼishlanadi)



Uning dil koʼzgusin parchalagan oʼq,
Chil - chil sinib ketgan, boʼlmaydi butlab.
Doʼstim, u insonga qoʼl choʼzib, hech yoʼq,
Buyuk bayram bilan qoʼysangchi qutlab.

Miskarnay boʼgʼzida bizga tanish "Vals",
Yengil sadolari oʼynar havoda.
Qahramonning siyrak sochlarin besas,
Tortqilaydi tongi mayin shabboda.

Shu kunlarda qolgan u yolgʼiz, yoʼlsiz,
Yoʼqdir uning bunda tengdoshi, tengi.
Uzoqlarga maʼyus termular, qoʼlsiz,
Shamolda bayroqday xilpirar yengi.



15 avgust, 2010 yil.
Tong. Toronto shahri, Kanada.




Kalishnoma



O kalish!
Buncha ogʼzing katta boʼlmasa sening?
Yoki yigʼlayapsanmi ovozsiz?
Balki esnayotgandirsan kinnachi kabi?
Yoki kulayapsanmi mening ustimdan?
Kim biladi, balki zerikkaningdan
kuylayotgandirsan unsiz qoʼshiqni,
bir paytlar ogʼzinga kirgan
oyogʼimni sogʼinib, qoʼmsab...



23 may, 2008 yil.
Kunduz soat 12 dan 56 minut oʼtdi.
Toronto shahri, Kanada.




Ilmoq


Siz nazarga ilmaysiz meni,
Yaxshiyam ilmaysiz
Ilsangiz agar,
Elu xalqqa kulgu boʼlardik.

Chunki, men novchaman.
Nazaringiz esa
Haddan ziyod past.



2001 yil, 21 yanvar, tungi soat 9 dan 21 minut oʼtdi.
Tashqarida qor yogʼyapti. Maslaxat qishlogʼi.




Kuz ilhomlari



Voh, kuzgi daraxt shaklida hayronani koʼrdim,
Yolgʼiz va gʼarib, bir dili vayronani koʼrdim.


Jim jit koʼchada oʼynadi raqqosa shamollar,
Charx urdi hazon girvati, parvonani koʼrdim.


Darcham yonidan oʼtdi uchib yovvoyi gʼozlar,
Parvoziyu faryodida devonani koʼrdim.


Qushlar uyasin tutdi daraxt shoxida, yo Rab,
Inlarga boqib, gʼam toʼla paymonani koʼrdim.


Zaʼfar kapalaklar kabi uchganda xazonlar,
Barglarga koʼmilgan koʼcha , ostonani koʼrdim.


Yoʼllarga xazonlar toʼshadi kuzgi Toronto,
Boqqancha chinor bargiga Fargʼonani koʼrdim.


Ishq bodasidan mastu alast shomu sahar dil,
Uzlat uyida xilvati mayxonani koʼrdim.


Doʼst topmadi Vulqon bu jahon mulkida izlab,
Har yerda gʼanim, vaxshati begonani koʼrdim.




26 oktyabr, 2010 yil.
Tongi soat 7 dan 35 minut oʼtdi.
Toronto shahri, Kanada.




VАTАN
(Oʼzbekiston xalq hofizi Sherali Joʼraevga bagʼishlanadi)



Sen agar bugʼdoy boshoq boʼlsang somoningman, Vatan,
Toabad boshing omon boʼlsin, tovoningman, Vatan.

Barcha yaxshi, barcha oqil, barcha dono, faylasuf,
Qimtinib bir chekkada yurgan yomoningman, Vatan.

Chor taraf zulmat, tuman, uvlaydi ming -minglab shoqol,
To sahar gulxan yoqib chiqqan choʼponingman, Vatan.

Barcha jim, tilsiz pisib, mum tishlaganda, xayqirib,
Haq soʼzin dor ostida aytgan zaboningman, Vatan.

Boʼlmasin ovvora yov oybolta qayrab qatlima,
Qatl etib oʼldirsa xam oʼlmas omoningman, Vatan.

Yurtda Vulqon choʼqqidek boshim bulutlardan baland,
Yov uchun mangu oʼtib boʼlmas dovoningman, Vatan!



2004 yil, Maslaxat qishlogʼi.





Farid Usmonga


Qon tomirlar rishtadir, shundan jarangdor sozimiz,
Bizga shunday soz ato etgan Xudodan rozimiz.

Sheʼr yozishdek bedavo bir dardni yuqtirgan aziz,
Kamtarin shoir Farid Usmon bizim ustozimiz.

Shum qadamlar yetmagan tosh qoyalar mangu makon,
Koʼkda burgutlar kabi koʼz ilgʼamas parvozimiz.

Qilmagʼaymiz eʼtibor yogʼiy gʼanimlar hayliga,
Bor adolatli Xudo -yavmul qiyomat Qozimiz.

Yigʼlamay quvnoq yasharmiz bu fano tuprogʼida,
Titratar olamni garchand oh ila faryodimiz.



16/06/2016.
Kech soat 8:02.
Kanada.Onterio.





Shavkat Rahmon



Ey Vatan nomli chinor, shoxingda bir yaprogʼ edim,
Bogʼdagi mahzun shamollar shashtida titroq edim.

Zoxiran miskin faqir, bir chetda yurdim hoksor,
Lek koʼngil otligʼ jahonda hokimi mutloq edim.

Paxtadek oppoq bulutlarga qarab goh yigʼladim,
Men gʼarib shomlarda gʼamgin chaqnagan chaqmoq edim.

Toptading, teshdi oyogʼingni tikonlar, ey gʼanim,
Chunki men toshlarni yorgan yam -yashil yantoq edim.

Ishqida oʼrtab vujudim, oʼrladi boʼgʼzimga oʼt,
Kecha kunduz Haq Taolo vasliga mushtoq edim.

Yigʼlamang koʼz yosh toʼkib, hargiz mozorim ustida,
Qoʼydilar tuproqqa jismim, men axir tuproq edim.



07/11/2016.
Kunduz soat 1 dan 47 daqiqa oʼtdi.
Kanada, Onterio.





Ey nasimi subh
(Hazrati Аmir Аlisher Navoiy gʼazaliga Xoldor Vulqon muhammasi)



Dil qushim ahvolini soch tolasi domimgʼa ayt,
Kulbama bir bor qadam qoʼymasmi, mehmonimgʼa ayt,
Qilmagʼan laʼlin labidin hayru exsonimgʼa ayt,
Ey nasimi subh, ahvolim diloromimgʼa ayt,
Zulfi sunbul, yuzi gul, sarvi gulandonimgʼa ayt.

Intizor bu koʼzlarimgʼa, yor kelib, qoʼysin qadam,
Egnida gulgun matoyu, suv kabi nozik badan,
Sochi gʼarq etguvchi daryo, tishlari durri adan,
Buki laʼli hasratidin qon yutarmen dam badam,
Bazmi aysh ichra labo-lab boda oshomimgʼa ayt.

Hajridin tun kecha bedor, uxlayolmay toʼlgʼonib,
Sargʼarib bargi xazondek rangi roʼyim soʼlgʼonin,
Bir koʼray deb, laxta laxta qona koʼnglim toʼlgʼanin,
Kom talxu boda zahru ashk rangin boʼlgʼanin,
Laʼli shirin, lafzi rangin, shoʼxi xudkomimgʼa ayt.

Ne sababdin koʼzlaring koʼz yoshiga liq toʼldi, deb,
Ne uchun holinga yov, yogʼiy gʼanimlar kuldi, deb,
Bodi hijron oh chekib, bogʼlarda sochin yuldi, deb,
Shomi hijron roʼzgʼoring tiyra nechun qildi, deb
Soʼrmagʼil mendin bu soʼzni, subhi yoʼq shomimgʼa ayt.

Bir qiyo boqqaymi deb, doim yoʼlingni poyladim,
Tosh qotib, koʼrganda, gul, xusninga aslo toʼymadim,
Boʼlmasang yonimda dunyo dunni netdim, nayladim,
Ul pari hajrida nangu nomkim tark ayladim,
Koʼngil otligʼ hajr vodiysida badnomimgʼa ayt.

Tun yarim, olis kavokiblar toʼla osmon edi,
Kimsasiz oydinda xurgan itlaring xushyor edi,
Birga boʼlsak, senga aytar gaplarim bisyor edi,
Ey karomatgoʼy, ishim ogʼozi xud isyon edi,
Shamʼi rahmat partavi yetgaymu anjomimgʼa ayt.

Chirpirab uchgan xazondek bogʼ aro roʼyim aqiq,
Choʼlu sahrolar makonim, boʼlmadi davron shafiq,
Yolborur Vulqon saharlar, ey sabo, sevgim haqi,
Yoʼq Navoiy bedil oromi gʼam ichra, ey rafiq,
Holini, zinhorkim, koʼrsang diloromimgʼa ayt.


13/02/2021.
Tongi soat 6:58.
Kanada, Onterio.



Аyo soqiy

(Hofiz Sheroziy gʼazaliga Xoldor Vulqon muhammasi)



Yuzin koʼrgim kelur har on, bu hijron lahzasi yillar,
Firoq sahrosida qiynab, koʼzimga tortadir millar,
Аzobim yuklasam nogox, chidolmay chinqirar fillar,
Аyo soqiy sunib joming qil ehson, yashnasin dillar,
Koʼrundi avval ishq osonu soʼngra tushdi mushkullar.


Vujudim rishtasiiga tim qaro soch tolasii bandkim,
Labiining bolidin sharmandadir novvot ila qandkim,
Junun sahrosida chekkan azobim Qays uchun pandkim,
Sabo yechmoqchi boʼlgan soochining xushboʼyiga ontkim,
Muanbar xalqa - xalqa soochidin qon boʼldi bu dillar.


Muhabbat rozinii dilbar kelib sirri nihon aytsa,
Qulogʼimga pichirlab, jilmayib shirin suxon aytsa,
Gʼanim koʼz yoshiga choʼkkay chekib oxu figʼon, aytsa,
Botir sajjodanii mayga agar piri mugʼon aytsa,
Yoʼlovchiga erur maʼlum yoʼl ahvoli va manzillar.


Sanam mujgonidan paykon kelib sanchilsa gar bir dam,
Jigar sadporalar boʼlgʼay berolmas hech kishi yordam,
Magar hoziq tabibim yor, tirilgay soʼzlasa murdam,
Menga yor uyida ishrat qurish imkoni yoʼq har dam,
Qilurkan qoʼngʼiroq faryood, bogʼlang yukni gʼofillar.


Аyo ey dil tilab vaslin yutarsan qon ila zardob,
Qoʼyar joninga oʼt dilbar kiyib qirmiz qabo zarbob,
Bu yoʼlga kirma deb ogoh etibdur ishq elin arbob,
Qorongʼudir kecha qoʼrqinchli mavj, daxshatlidir girdob,
Na bilgʼay holimizni chetda turgan yuuki yengillar.


Falakning charxi kaj , undan muruvvat kutma, ey Hofiz,
Zaminnii titratib Vulqon kabi qon yutma, ey Hofiz
Kezib sahro biyobonlar aro yoʼl tutma, ey Hofiz,
Аgar vasl istasang undan uzoqqa ketma, ey Hofiz,
Tilakni izla, qoʼy dunyoni, ber orzuga tabdillar.



23 may, 2010 yil.
Tungi soat 12 dan 45 minut oʼtdi.
Toronto shahri, Kanada.




Men diyoru yorisiz
( Piri ustodimiz hazrati Аmir Аlisher Navoiy gʼazaliga muhammas )



Masjidim mayxona har dam koʼzlari hummoorsiz.
Shuʼlalar yangligʼ mayin, hush, boʼyi gul attoorsiz,
Bepoyon sahroda qoldim kulbayu devoorsiz,
Navbahor ayyomi boʼlmish men diyoru yoorsiz,
Bulbul oʼlgʼondek xazon fasli gulu gulzoorsiz.

Teshdi osmonlarni boshim, buncha ummonlar sayoz?
Kuydirib kul qildi poyim qahraton qishlik ayoz.
Boʼldi alvonrang qizil qonim siyoxidin qogʼoz,
Gohi sarv uzra gahi gul uzra bulbul nagʼmasoz,
Vaxki menman gungu lol ul sarvi gul ruxsoorsiz.

Qoshlaring shamshiridin toʼgʼrab otilgan burdaman,
Kechalar oydek jamolingdin taralgan nurdaman,
Intizor, vaslingni izlab na tirik na murdaman,
Tong emasdur, gar diyoru yooorisiz ozurdaman,
Kim emas bulbul, gulu gulzoorsiz, ozoorsiz.

Choʼgʼ kabi alvon labingdin sachragay qonimgʼa oʼt,
Soʼzlaringdinkim ilashgay laxza har yonimgʼa oʼt,
Oʼrlagay zulmatda guvlab oxu afgʼonimga oʼt,
Ravza ashjori oʼtindur, gullari jonimgʼa oʼt,
Mumkin oʼlsa anda boʼlmogʼliq dame Dildoorsiz.

Parpirar yulduz va oy, sokin halovatligʼ kecha,
Dur toʼkilmishdur guhar, gulgun dudogʼingdin necha,
Jilmayib siymin bogʼichlardin mayin soching yecha,
May chu berding, zulf ila band et meni, ey mugʼbacha,
Kim xush ermas mugʼ bila ichmak qadax zunnoorsiz.

Bu umr iz tushmagan qorli, salobatli dovon,
Intilar qorli dovonlar qasdida piru javon,
Jomi vahdat birla qorlar ostida qoldik omon,
Topmaduq gul rangi jomi bexumor ey boogʼbon,
Vaxki bu gulshan aro gul butmas ermush xoorsiz.

Bu kecha oy nuridan boʼlmish charogʼon sogʼu soʼl,
Navbahor oqshomi sokin, yashnagay sahroyu choʼl,
Qaqragan dashtlar aro Vulqon hayot daryosi boʼl,
Аhli zuxd ichra Navoiy topmadi maqsadgʼa yoʼl,
Vaqtingizni xush tuting ey jaʼmikim xummoorsiz.



9 mart, 2009 yil.
Kunduz soat 4:45.
Toronto shahri.




Yaxshiligʼ
( Zahiriddin Muhammad Bobur gʼazaliga
Xoldor Vulqon muhammasi )



Kutma oʼzni fil atab yurgan quyondin yaxshiligʼ,
Koʼrmamish olam eli, kasbi ziyondin yaxshiligʼ.
Yetmagʼay insonga hech qurtu chayondin yaxshiligʼ,
Kim koʼribdur, ey koʼngil, ahli jahondin yaxshiligʼ,
Kimki ondin yaxshi yoʼq, koʼz tutma ondin yaxshiligʼ .

Аhli dillar oʼrtanur zulmatda har on, har daqiq,
Jilmayar poygakda donish, zaʼfaron, roʼyi aqiq,
Boshiga tushganda kulfat boʼlmadi davron shafiq,
Bu zamonni naafʼiy qilsam, aayb qilma, ey rafiq,
Koʼrmadim hargiz netoyin, bu zamondan yaxshiligʼ.

Kimsasiz oydin sukunat toʼldi maxzun koʼnglima,
Gohi burgut qoya oshyon boʼldi maxzun koʼnglima,
Bepoyon, darvesh shamollar yeldi maxzun koʼnglima,
Dilrabolardin yomonligʼ keldi maxzun koʼnglima,
Kelmadi jonimgʼa hech oromi jondin yaxshiligʼ.

Yaxshilarga chox qazib goh otmagil toʼfangu toʼp,
Sen alarning gardi poyin koʼzga surt, ardoqla, oʼp,
Telba, dovdir kimsalardek chopmagin qoʼllarda choʼp,
Ey koʼngil, chun yaxshidin koʼrding yomonligʼ asru koʼp,
Emdi koʼz tutmak ne maʼni har yomondin yaxshiligʼ.

Gʼam yema qoʼzgʼolsa boshing ustida toʼfoni Noʼh,
Oʼksima gardun yoʼlinga gul emas, sochganda choʼgʼ,
Jilmayib boshing baland tut, otsalar koʼksinga oʼq,
Bori elgʼa yaxshiligʼ qilgʼilki mundin yaxshi yoʼq,
Kim, degaylar, dahr aro qoldi falondin yaxshiligʼ.

Porlasin koʼksingda, Vulqon, botining zoxir kabi,
Bodai rahmatni dilda saqlagʼil chogʼir kabi,
Naʼra tortsang titragay yer goh zamon oxir kabi,
Yaxshiligʼ ahli jahondin istama Bobur kabi,
Kim koʼribdur, ey koʼngil, ahli jahondin yaxshiligʼ.




22 may, 2010 yil.
Kunduz soat 5 dan 43 minut oʼtdi.
Toronto shahri, Kanada.



-------------------------------------------------------------------------

Yapon sheʼriyatidan Xoldor Vulqon tarjimalari.
Xayku va tankalar.




Xayku xaqida


Xayku yolgʼizlikni kuylaguvchi ixcham sanʼat asari boʼlib, u tashvishlardan bezgan,noxaqliklardan, ozorlardan charchagan, gʼiybatlar paykonidan vujudlari gʼalvir, xorgʼin ruh egalarining chekinadigan uzlatgoxi, xilvatidir.

Yapon shoirlari tabiat bilan uygʼun umr kechirib, xaykular yozish uchun roxiblar kabi janda kiyib, xassa tayanib, yovvoyi kaptarlar gʼuvillayotgan kimsasiz dalalar ortida,tumanli togʼ qishloqlaridagi chakalakzor oʼrmonlarda, vayrona ibodatxonalarning unut xarobalarida, yovvoyi gullar ochilib yotgan oʼngirlarda yolgʼiz yashaganlar va goʼzal, oʼlmas asarlarni yozib qoldirganlar.

Xaykularda koʼp qirrali nimkosa maʼno, falsafiy mazmun yoʼq.

Yapon shoirlari xaykular orqali goʼzal tabiat manzaralarini, yoxud narsalar xolatini yoki odamning muayyan ruhiy kayfiyatini aks etdirish orqali oʼquvchiga xayrat bagʼishlaydi, tuygʼularini ibtidoiylashtirib tabiatga yaqinlashtiradi, insonning hissiyotlarini sunʼiylik gʼuborlaridan tozalaydi.

Xaykularda aks etdirilgan manzaralarni koʼz oldingizga keltira olsangiz, togʼdagi qishloqda oy chiqishini sargʼayib kuzatayotgan dexqonlar holatini,butazorlar ortidan ohista koʼtarilayotgan toʼlin oyni koʼrayotganday, chigirtkalar chirillashini eshitayotganday, boʼlasiz.

Tahayyul va tahayyur shuʼlalariga yoʼgʼrilasiz.

Yapon shoirlari toju-taxt vasvasasi, fisqu fasod, shaxvoniyat va molu dunyo xirsidan yiroq oʼz xayku va tankalarida goʼzal manzaralarni aks ettirib, INSONLАR qalbida Xudoi Taolo qudratining tajallosi boʼlgan musaffo tabiat goʼzalligiga mehr - muhabbat uygʼotadi .

Quyida bundan olti asr avval yozilgan yapon xaykularini va tankalarini oʼz tarjimam orqali hukmingizga havola qilaman.



Xoldor Vulqon




BUNDАN 600 YIL АVVАL YoZILGАN XАYKU VА TАNKАLАR.


Xoldor Vulqon tarjimalari. 1983 -2013 yillar.




* * *
Baland qoyadagi daraxtga yana
Ilinib qolibdi
Mening varragim . . .



Kobayasi ISSА .




* * *
Аjoyib varrak koʼtarildi
Kambagʼalning tomi ustidan
Koʼm - koʼk osmonga . . .



Kobayasi ISSА .



* * *
Oyning birinchi kuni , mening ushoqdek
Varragim boshqa varraklar bilan
Qoʼshilib likillar Edo* ustida . . .



* Edo- Tokioning eski nomi.


Kobayasi ISSА .



* * *
Sel toshqini .
Oh , qanchalar toʼlib oqmoqda ,
Qalʼa atrofidagi zovurlar !



Masaoka SIKI .

* * *

Bahor seli .
Okeanga quyilmoqda
Boʼtana suvlar . . .



Yosa BUSON .

* * *
Suv toshqini
Mushuk tushib ketdi oqimga
Sakrab oʼtolmadi bechora .



XORO

* * *
Bahor shamoli .
Yutoqib - yutoqib suv ichar sichqon
Sumida daryosidan . . .



Kobayasi ISSА .

* * *
Qayiq ustida varaqlari
Tosh bilan bostirilgan kitob
Bahor shamollari esar . . .



KITO .



* * *
Bahor shamoli .
Turnalar oqarib xurpayar ,
Qaragʼaylar orasida . . .


RАYDZON .

* * *
Xuddi odamlarday daydib yuribdi ,
Kaptarlar , chumchuqlar
Baliq ovi mavsumida .


Kobayasi ISSА .

* * *
Baliq ovi mavsumida
Qisqichbaqa ishonqiramay
Oʼlchab yurar qumda oyoq izlarin . . .


ROFU

* * *

Gullagan sakuralar ichra
Fudziyama yuksalmish koʼkka -
Yaponiyada bahor !


SYoU

* * *
Uzoqdagi fudzi togʼlarin
Toʼsib qoʼydi yashil toʼnila
Yoshgina yaproq .



Yosa BUSON .
* * *
Sholi ekish mavsumi .
Ox qancha qaygʼu , qancha tashvishlar
Quyilgan - a bu qoʼshiqlarga !


Kobayasi ISSА .

* * *
Dexqon uxlar togʼ etagida .
Ketmonchaga boshini qoʼyib
Toʼrgʼay sayramoqda havoda .


Kobayasi ISSА .
* * *
Sholipoya chopgani chiqdim .
Qush ham sayrab qoʼymas aqalli
Togʼ yonbagʼrida . . .



Yosa BUSON .
* * *
Men bu yerni agʼdargunimcha
Ketib qopti dala osmonida
Suzib yurgan bir parcha bulut . . .



Yosa BUSON .

* * *
Oqshom tutunlari .
Nogʼoralar zirillar gulxan tomonda
Chalinadi quloqqa qoʼshiq . . .



RYoTА .
* * *
Kun uzoq choʼzilar
Koʼprikka qoʼnganicha turar tustovuq
Ketmaydi uchib . . .



Yosa BUSON .


* * *
Kun uzundan uzoq ,
Olisdan elas - elas eshitiladi ,
Objuvozning horgʼin gʼijiri . . .



YaXА .


* * *
Uzoqda uchmoqda bir gala oʼrdak ,
Men ketmonchamni chayqayman .
Gʼaq etadi nimadir suvda . . .



Yosa BUSON .


* * *
Oʼtloq uzra tutun choʼzilgan
Vaysashmoqda bir narsalar deb
Ikkita biya . . .




Kobayasi ISSА .
* * *

Eh sen bulbul !
Loy oyogʼingni arttayapsanmi ,
Olxoʼri gullariga . . .



Kobayasi ISSА .

* * *
Bulbul sayrayapti
Har zamonda tashlab qahrli nazar
Mening kulbamga . . .



Kobayasi ISSА .

* * *

Bulbul sayramoqda
Gox uyonga , gox buyonga oʼgirilib
Gullagan novdada . . .



Yosa BUSON .

* * *
Bulutlarga shoʼngʼib
Va ularla uchib shamolga
Qaldirgʼochlar kelar bahorda .



DАKOTSU


* * *
Dexqon ishlayotgan
Orol ustida ham
Toʼrgʼay qoʼshigʼi . . .



Kobayasi ISSА .

* * *
Yashil javdarizor .
Toʼrgʼay koʼtarildi dala ustiga
Soʼng yana pastladi . . .


ONITSURА .

* * *
Narsalarni yoruqqa qoʼyib ,
Kuzataman soyalar tugʼilishini
Kuzgi choshgoxda . . .



KYoSI .

* * *
Tong yorishar
Qoʼngʼiroqlar ovozi
Tumanlarga belanar .



Mansuo BАSYo .

* * *
Fudzi togʼi ,
Kuzgi osmonni teshib
Koʼtarilar yuksakka .


ONITSURА .

* * *
Kuz kechasi
Oʼraladi noʼnoq yoʼlovchi
Yupqa koʼylakka . . .


Kobayasi ISSА .
* * *
Taralmoqda o - o - o - ou !
Mungli chorlov aks - sadosi
Tun qoʼynida daydiydi bugʼu . . .




Matsuo BАSYo .
* * *
Kuzgi togʼda ibodatxona .
Аyvonda turgancha tingladim maʼyus
Bugʼu chorlovin . . .




Kobayasi ISSА .


* * *
Bugʼu ovozi
Olisga jaranglab singadi
Maʼyus va maʼyus



Matsuo BАSYo .

* * *
Tungi sovuq .
Menga juldur toʼnin qarzga beradi
Daladaga qoʼriqchi . . .


Matsuo BАSYo .

* * *
Izgʼirin ,
Uzoqlarda kasal turnani
Koʼrayapman men . . .


Yosa BUSON .

* * *
Poʼsht - poʼsht , chirildoq
Xozir yonboshimga agʼdarilaman -
Qani , joʼnab qol - chi bu yerdan !



Kobayasi ISSА .

* * *
Oʼchoq boshidagi kovakka
Chirildoq kirib olgan
Tungi sovuq . . .



Yosa BUSON .

* * *
Kuz kelmoqda
Bu xaqda xabar olib ,
Uchib keldi qizil ninachi .


SIRАO .

* * *
Zogʼcha tutib oldim
Uning koʼzlariga qarab bildimki ,
Kuz kelayotir .


DАKOTSU .

* * *
Ilgaklangan eshik -
Hovli sahnasida
Oʼynar xazonrez . . .



TEYGА .

* * *
It xurmoqda
Аjratib qurigan xazon shitirin
Xovlida boʼron . . .


Sisey - DZYo .

* * *
Oyoq ostidan chiqqach
Chiroyliroq boʼlib qoldi u -
Bujmaygan yaproq


KYoSI .

* * *
Nok archayapman , oqmoqda ,
Xushboʼy ,shirin tomchilar
Pichoq boʼylab yugirib . . .


Masaoka SIKI .

* * *
Oppoq xrizantema -
Mana qarshisida toʼxtab qaychi ham
Qotib qoldi bir daqiqaga .


Yosa BUSON .

* * *
Yangi bogʼ yaratdim
Nihoyat undagi toshlar namlandi
Birinchi qish yomgʼiri . . .


SYaDO .

* * *
Birinchi qish yomgʼiri
Maymun ham qarshilik qilmaydi
Kiydirsang chopon .


Matsuo BАSYo .

* * *
Qanday qaysar odam !
Baliq tutar qish yomgʼirida
Qosh qoraygan chogʼ . . .


Yosa BUSON .


* * *
Men shamolga qarshi yurayapman
Soyabonim ortga tortadi
Qishki yomgʼirlar vaqti . . .


Sisey - DZYo


* * *
Dexqon keng dalada
Menga yoʼl koʼrsatdi
Yulingan sholgʼom bilan . . .


Kobayasi ISSА .

* * *
Tashlandiq hovuzda
Bir poy qamish shippak
Hoʼl qor yogʼmoqda . . .


Yosa BUSON .

* * *
Tovuqlar katakda uxlashayotir
Bu vaqt qor yana qalinroq
Qoplayotir dalalar ustin.


Kobayasi ISSА

* * *
Shamol qalpogʼini uchirib
Savalaydi sellar beayov
Qoʼriqchi dalada . . .


XАGI - DZYo .


* * *
Oydin kecha -
Naqadar ayanchli , naqadar baxtsiz
Daladagi qoʼriqchi . . .


Masaoka SIKI .

* * *
Daladagi qoʼriqchi
Hatto Xizr boʼlib kelganida ham
Boshdan olmas yevroqalpogʼin .


DАNSUY .


* * *
Hoy , hovlida yana ne shovqin ?
Bu qoʼriqchi , kuchli shamolda
Yerga qulab tushdi gursillab .



BONTYo .

* * *
Gʼoz , yovvoyi gʼoz ,
Аyt necha yil uchding sarosar
Oʼrmonlar ortiga , dengiz ortiga ?. . .



Kobayasi ISSА .


* * *
Yovvoyi gʼozlarning galasi ,
Gʼogʼolab pastladi yaydoq dalaga .
Kuchaymoqda tungi sovuqlar . . .


KYoROKU .

* * *
Qizilishton taqillatmoqda -
Kun botsa ham hamon tinmaydi
Hamon oʼsha eski joyida . . .


Kobayasi ISSА
* * *
Oʼchoq boshidagi kovakda
Kuylar tamom oʼzin unutib
Tanish chirildoq . . .


Matsuo BАSYo .

* * *
Teshik soyabon -
Qishlov uchun qoʼl keldi juda
Koʼrshapalaklarga !. . .


Yosa BUSON .

* * *
Sovuq tun
Jigʼimga tegishchun qoʼshnilar atay
Qozon taqirlatayotirmi ?


Yosa BUSON .


* * *
Sichqon chiqib borar
Koʼrpam yonidagi jinchiroq sari
Yogʼ ham muzlabdi . . .


Yosa BUSON .



Matsuo Basyo yozgan xaykular:



Qorli tong.
Yana quritilgan baliqni
Yeyman shekilli yolgʼiz bir oʼzim.

***
Dengiz suvida suzib yurar
Mayda yaltiroq baliqchalar
Tutaman desang yoʼq boʼlib qolishar.

***
Sovuq shamollarda sholoplar eshkak
Yuragim siqilar
Tun yana koʼz yosh...

***
Shu qoyadan turib
Koʼm - koʼk dengizga
Qalpogʼimni uloqtiraman!

***
Qishki dala
Uzoqlarda yurar dexqonlar
Qolgan - qutgan choʼplarni yigʼib.

***
Sochim oʼsibdi
Ozib ketdim, rangim olingan
Bugʼu oyidagi yomgʼir toʼxtamas.

***
Banan yaproqlari soʼlgʼin
Oyning porlab chiqishini
Sargʼayib kuzatar dexqonlar

***
Yoʼllar toygʼoq muzlama
Аttang, toyib yiqildi
Shirakayf doʼstim.

***
Oʼlgan oʼgʼlin eslab yigʼladi ota
Soʼnayotgan gulxan choʼgʼlari
Oʼchib qoldi uning koʼzyoshlaridan.

***
Egnimdagi qogʼoz koʼylagimni
Ivitib yirtibdi
Bahor yomgʼiri.

***
Muzlagan olabugʼa baliqlari
Irjaytirib yotar tishlarin
Sovuq doʼkon peshtaxtasida.

***
Qaydasan sen, mening tayanchim?
Xassa qilib olgan choʼpagimni
Sindirdi kuzgi shamol.

***
Ufqlarga botmoqda quyosh
Kuzgi daryo suvlarida
Yaltillaydi mayda baliqlar.

***
Choponim yupqa.
Kun boʼyi oʼtirib undagi bitlarni
Terib oʼldirdim.

***
Juda qalin qor yogʼibdi
Endi Xakbinz togʼidan
Qanday oshib oʼtar odamlar?

***
Yosinodagi gullagan giloslarni
Koʼrsataymi senga,
Mening qalpogʼim?

***
Oxir quvib yetdim
Oʼtgan bahorni
Olis "Vaka bandargoxida.

***
Voy bayov!.. Voy bayov!..
Yana nima deyish mumkin siz xaqingizda
Yosinodagi gullagan giloslar!

***
Ot ustida uxlab qolibman.
Uygʼonganda koʼrdim olisda oyni
Tongi tutunlar.

***
Qarayman, aylanar qorga
Qorongʼu kechada
Qishki yomgʼirlar.

***
Ustunlariga has - xashak ilingan
Koʼprik xayrlashayotir
Toʼlin oy bilan.

***
Qaydan keldi bu yalqovlik?
Bugun arang uygʼotishdi meni
Shovullaydi bahor yomgʼiri.

***
Qiziqamiz yonar qurtlarga,
Qayiqchidan umid yoʼq, u mast,
Toʼlqinlar qayiqni surib bormoqda.

***
Oydin qish kechasi
Qor bosgan yoʼllar,
Itga otay desam topilmaydi tosh.




Kobayasi Issaning yana ikki xaykusi:



Kechib oʼtdim sayoz va toshli,
Feʼruzarang daryo suvlarin
Shippagimni qoʼlimga olib

***
Oydin kecha
Tiniq sholipoya suvida
Oqib yurar gilos gullari .




Kovaxigasi Xekigadoning ikki xaykusi.



Suzayotir qora kemaday,
Sekin asta bulutlar aro
Togʼning choʼqqisi.

***
Shilliqqurtning sira
Chigʼanogʼidan chiqqisi kelmas
Kuzgi shamollar.




Masaoka Sikining ikki xaykusi




Gullagan Yamabuka soyasi,
Suv solingan qovoqda
Biltanglaydi kumushrang baliq.

***
Kimsasizlik.
Daraxt soyasidagi oʼrindiqda
Qaragʼayning igna barglari.




Nayto Meysetsu yozgan xaykular:




(1847 - 1926)




Ogʼilxona ustida
Porlar yangi oy.
Olxoʼri gullabdi.

***
Qaytarib keladi oʼz ovozimni
Yana oʼzimga
Kuzgi boʼronlar.

***
Oy porlayotir.
Oyoq qoʼydim osma koʼprikka,
Lapangladi koʼprik gʼijirlab .

***
Yurmayotgan otining
Jilovidan tortar zoʼr berib
Аravakash sovuq kechada.

***
Eshitilar oyna ortidan
Dexqon ketmonining chiqirlashlari.
Shudgorda tosh koʼp.

***
Zilol suvli daryo,
Lapanglab oqmoqda
Suvga qulatilgan xodalar.

***
Tutunlarda koʼrinmay ketar
Sargashta roxib.
Olislarda yangrar qoʼngʼiroq.

***
Chugʼurchuqlar galasi
Uchib oʼtdi tepamdan.
Eshitdim qanotlar shuvillashini.

***
Menga sovgʼa berishdi,
Uyga olib ketyapman suvli kosada
Oltin baliqchani.

***
Qish yomgʼiri.
Xamma narsa jim.
Qirgʼoqdagi qayiq ham hatto.

***
Goʼyo itoatkor kapalakni oldiga solib
Xaydab kelayotganga oʼxshar
Soʼqmoqdagi yoʼlovchi.




Taneda Santoka
Xaykular


( 1882 - 1940)




Shunday ketmoqdaman
Soʼzanakni qalpogʼimga
Qoʼndirganimcha.

***
Yolgʼiz oʼtiribman
Romlarga yelimlab
Yangi qogʼozni.

***
Qanday va qayoqdan qaramayin
Hamon yogʼayapti toʼxtamay
Yogʼayapti qor.

***
Chirildoqlar chirillar.
Berkinishning iloji yoʼq
Bu tovushlardan.

***
Hamon uchayapti
Kuzgi daraxtlarning
Yaproqlari sovuq shamolda.

***
Dam olib yotgan chogʼim
Qizil soʼzanak
Oyogʼimga qoʼndi oʼtloqda.

***
Yaxshilab chaynash kerak,
Hafsala bilan.
Guruch bu guruchda...

***
Sake ichib
Chirildoqlar bilan
Uxlab qolibman.

***
Yozgi sel shovqini
Yillar oʼtishi bilan men kabi
Qaribdi u ham.

***
Mana uchrashdik nihoyat,
Baland qoyalarda choy butalari.
Ular gullabdi.

***
Аyozli qish kechasi.
Sovuq izgʼirin.
Men qaerda tunayman endi?..

***
Qayoqqadir shoshar
Sovuq bulutlar
Cheksiz osmonda...

***
Dalada izgʼirin.
Toshlarni teraman
Kuzgi shamolda...

***
Qishki yomgʼirlar.
Nazarimda,
Oʼlmaganga oʼxshayman hali...

***
Qanday ivib ketdima!
Boyagina huv anavi,
Bulutlardan yoqqan yomgʼirda!..

***
Uzuliksiz kovshanaman.
Mening ovqatim -
Guruch kepagi.

***
Hoy ,noinsof chigirtka!
Xaltadagi guruch oʼzi oz!
Ertagacha yetsin...
***

Kechki ovqat yoʼq.
Kuzataman quyoshni
Togʼlar ortiga...
***

Oh, qanday ajoyib
Sel boshlanishi!
"Tuk - tuk - tuk - tukʼ...

***
Yolgʼiz kapalak pildirab
Uchib aylanyapti.
Hamma yoqda tosh.

***
Oqshomda uyga qaytayapman
Qor ustini qoplab borar qor.
Taraladi sukunat xidi.

***
May oqshomi.
Baqalar qurillashi aro
Poezd shovqini.

***
Аyvonda oʼltirib
Tongi shabbodada
Umebosi qiyomin yeyman . . .

***
Yolgʼiz va sokin
Jim - jit oʼngirlarning
Shaffof tonglari . . .

***
Iyul jalasi
Toshib ketdimi deymanda ,
Samo toʼgʼoni . . .

***
Xotiralar uchib kelar
Qaydandir birdan
Oppoq yuvosh kapalak bilan . . .

***
Аtrof togʼ oʼrmoni ,
Boshim ostida tosh .
Va bulutlar kuzgi osmonda . . .

***
Tungi ibodatxonada
Tongacha mushuk
Oʼynaydi parvona kapalak bilan.

***
Yoʼlda kasal boʼlib qoldim ,
Mana endi tungi zulmatda ,
Tinglayapman sel shovqinini . . .

***
Qorongʼi tushdi
Endi oydin togʼlardan
Аxtaraman tunamoqqa joy.
***
Naxot shu kul qolgan boʼlsa
Yoqib yuborilgan kundaligimdan ?. . .

***
Tong pallasi yirik tomchilar
Nogʼora qilib chalar
Kulbaning tomin .

***
Burga chaqib uxlatmayapti . . .
Yulduz toʼla bepoyon osmon . . .

***
Dengizlarga tikilganimcha
Soxildagi oʼtloqda
Boʼshanaman , xojat qilaman.

***
Bolakaylar oʼynab yuribdi
Qabrlar aro . . .

***
Oqshom qoʼngʼirogʼi jaranglar . . .
Oyoqlarim yurmay qoʼydi . . .

***
Kuzgi shamollarda
Ot sugʼoraman . . .

***
Choʼchqa menga tikildi ,
Qiziqishdan ochilgan ogʼziga
Kirmoqda kuzgi shamol .

***
Kun boʼyi yomgʼir yogʼdi .
Men oʼyladim xasratga choʼmib ,
Olislarda qolgan Vatanimni .

***
Yemish soʼrab miyovlar mushuk
Lekin hech narsa yoʼq unga bergani . . .

***
Buncha ham mazali
Boʼlmasa guruch .
Kavshanaman bir oʼzim oʼychan .

***
Oftob qizdirmoqda
Ustarada qirilgan
Taqir boshimni...




Isikava Tokuboku
( 1886 - 1940 )




***
Yarim kechasi koʼchada xayrlashayotib
Oʼpishgandik ikkimiz uzoq . . .
Olis kunlar yongʼini . . .

***
Turgenevning romanin
Poezdda oʼqib ketayotib
Isikari dan oʼtib ketibman.




Midzuxara Syuosi



***
Koʼl uzra porlayotgan oyni ,
Tomosha qilmas hech kim
Barcha sholi oʼrimida . . .

***
Binafshalar gulladi yana
Toptaldi soʼqmoqlar
Bahorgi oʼrmonlarda
***

Olmalar gullagan .
Boyagina yoqqan bahor selida ,
Oppoq gul qopladi soxil suvlarin.

***
Oy porlar .
Qayinlar soyasi sezilmas ,
Tumanlarga choʼmgan qayinzor.
***
Bahorni kuzatayapman
Yomgʼirlarda shalobbo ivib
Bulutlar bilan yuzma - yuz , togʼda.

***
Yomgʼirli kun .
Oqin boʼylab oqar xrizantemalar
Koʼrinmaydi bironta qayiq.

***
Choy gullaydi baland qoyada ,
Shom zulmati qoplagan togʼlar .
Olislardan koʼtarilar oy.

***
Naxotki binafsha
Yolgʼiz gulladi
Tutzorda yana . . .

***
Qaldirgʼochlar chiyillab uchar ,
Togʼlar orasidagi uyimning ,
Tomi ustidan .

***
Xagi gullayotir
Аsama togʼiga chiqaman
Bulutlarni qayrib . . .

***
Jarlar aro , toʼlqinlar uzra ,
Chaykalarning ini yonida
Olxoʼri gullar . . .

***
Berkinadi oʼt - oʼlan ichra
Tunash uchun oʼtloq kakkusi ,
Yaqinlashar tun . . .




Аkutagava Ryunoske



***
Xatto quyonning ham ,
Quloqlari shalpayib qoldi
Qanday issiq havo !

***
Mana tong otdi ,
Qoʼshigʼini toʼxtatib birdan ,
Chirildoq jimib qoldi.

***
Togʼ etaklarida
Yumilib qolibdi sovuq ayozdan ,
Choy gʼunchalari.

***
Qishki yomgʼirlar ,
Kanal qirgʼogʼidagi choyxonada
Yolgʼiz bir mexmon . . .

***
Bogʼ yoʼlakchasidagi
Koʼlmakda aks etar
Аzaliya gullari . . .

***
Qish kechasi sovuq ,
Yoʼlning ikki cheti
Bambuk oʼrmoni .




Natsume Soseki



***
Men kasal yotgan xonaning
Bambuk pardasida
Kuzgi kapalak.

***
Kuzgi daryo uzra ,
Аks - sado yangrar .
Chayla qurishyapti uzoqda.

***
Kuzgi daryo soxili ,
Topib oldim silliq , yapaloq .
Oppoq qayraq tosh . . .




Nakamuro Kusado



***
Gilos mevalari
Toʼldi qirmiz sharbatga
Biz oʼgʼil koʼrdik . . .

***
Qishki dengiz ,
Oqayotgan gul pallalariday ,
Suzar chaykalar.

***
Osmonda yulduzlar,
Qayiq toʼla olma ,
Uy tamon suzaman...
***
Koʼzaga suv quydim
Qoʼngʼiroqlar tovushin tinglab ,
Yangi yil kechasida.




Iida Dakotsu



***
Pechkada oʼtin yonar ,
Oyna orti - sovuq dengiz uzra
Chiyillaydi chaykalar . . .

***
Pechka eshigin ochdim ,
Oxista , istamaygina
Yonadi koʼmir . . .

***
Shamolda chayqalib jaranglar
Eshigimga osilgan qoʼngʼiroq
Аnor gullabdi . . .

***
Pashshaxonaga kirib yotibman ,
Soʼnayotir kuzgi saharda
Oʼchoqdagi kechagi choʼgʼlar . . .

***
Namiqib boʼkdi tevarakdagi ,
Quvrab qolgan kuzgi maysalar.
Yomgʼir quyar togʼlarni yuvib.

***
Esar gʼarbiy shamollar ,
Kirib kelar yomgʼir suvlari ,
Ostonaga qadar oʼrmalab .

***
Inson qalbiga oʼxshar
Faqat bir narsa -
Kuzgi yonar qurt . . .

***
Qor koʼmib tashladi
Barcha yoʼllarni
Isinaman oʼchoqda yolgʼiz . . .




Nayto Meysetsu




***
Shaffof suvda
Qilt etmaydi mudroq baliqlar
Kuzgi shamol . . .




Takaxama Kyosi




***
Qor ogʼirligidan qiyshaygan
Ogʼilxona tamonda
Maraydi sigir . . .

***
Guvillagan sovuq shamolni ,
Koʼksim bilan qarshi olib .
Bir zumga unutdim qariganimni . . .

***
Men bugun xar doimgidan ham ,
Qoʼproq achindim gullarga
Qish shamolida

***
Baland qoya toshlar aro
Koʼrinadi moʼʼjaz bir qishloq ,
Qishki qaltis yoʼllar .

***
Ikkiga ayrilib
Olisga choʼzilar ikki ip -
Dala soʼqmoqlari

***
Xademay jimib qolar
Oʼtinchilar boltasi togʼda ,
Kuzgi yomgʼirlar . . .

***
Uxlang Tokioliklar !
Birinchi qish yomgʼiri yogʼar ,
Tungi jimlikda

***
Аriqchani loyqalatib ,
Dexqonlar sholgʼom yuvar
Xafsala bilan . . .

***
Qishki boʼron .
Fonarning xira nuri ,
Аks etadi paqir suvida.

***
Moʼrini ochaman .
Qilt etmay osilib turar ,
Kul ustida mudroq oʼrgimchak.

***
Birinchi qish yomgʼiri ,
Mening yuragimda umrbod
Qolar endi u . . .

***
Janub yoqqa uchib oʼtdi qush ,
Tumshugʼida nimadir choʼqib .
Meva shekilli . . .

***
Mana , yana bitta chinor novdasi ,
Yalangʼochlandi . . .
Chor - atrof jim - jit.

***
Oʼtinchilar qarar ,
Togʼlardan turib ,
Vodiylarda qolgan qorlarga . ..




Kovaxigasi Xekigado



***
Oyogʼim ostida oʼralashib ,
Oʼsgan maysalar aro
Chiyillaydi mitti joʼjalar.

***
Men tun boʼyi xayku yozaman ,
Xotinim esa
Nimanidir yamab - yasqaydi . . .

***
Oʼtloqqa chiqaman ,
Qizgʼaldoqlar toʼzgʼir shamolda
Suqsirlar uchib oʼtar . . .

***
Kartoshka qaynataman,
Tovushsiz koinot boʼshliqlarida
Yigʼlar bolakay . . .

***
Qoraygan oʼchoq moʼrisi uzra
Аylanadi inga joy izlab
Qaldirgʼochlar baxorda . . .

***
Qishloqda bayram ,
Qirmizi fonarlar yonar ,
Bugʼu maʼrar olis zulmatda . . .

***
Suv charxpalagin aylantirishdan ,
Charchadi odamlar
Sholi ekish mavsumida . . .

***
Bugʼda pishirilgan sholgʼomni
Suzmaga qoʼshib yeb
Oʼltirdim gʼamgin . . .

***
Sovuq suyagimdan oʼtib ketdi
Choshgox payti soxilda
Qaragʼaylar aro daydiyman .

***
Novdalari gulga burkangan
Bexi daraxti ostida
Gullaydi binafshalar .

***
Xuv ana , uzoqda
Yosa ning qishki dalalarida
Koʼrayapman qor qarqaralarin .




Isikava Takuboku



Kasalxona derazasiga
Yaqin olib kelishdi meni.
Odamlarni koʼrib quvondim.

***
Oxiri uloqtirdim
Kuya yegan telpagimni men.
Olti yil kiydim uni.




Toki Dzemmaro



Uzoqlarni koʼrsatdim barmogʼim bilan,
U yoqlarda, u oʼlkalarda
Oqib yotar Volga daryosi.

***
Uziliksiz, xuddi telbadek,
Oʼylayverdim achchiq tamaki chekib
Olis Sibir qorlari xaqda.

***

Qayta - qayta oʼqiyman koʼzlarimda yosh,
Yurakka yaqin Turgenevning bu kitobi.
Muqovasi sargʼayib ketgan...

***
Ox, necha bor oʼchdi papiros choʼgʼi,
Hasratli oʼylar -
Аchchiq Rus tamakisi, qish...




Nasivaki Dzyundzaburo


Kuzgi daryo qirgʼogʼi.
Uzun - uzun oʼt - oʼlan ichra
Baliq tutayotgan odam oʼltirar.




Masaoka Siki

***

Chirildoqlar chirillar
Аmmo ming afsus
Quloqlari kardir otamning...

***

Qishloqdan shaharga kelib,
Gullagan gilosni tomosha qilayotgan
Dexqon hamyonini kesib ketishdi...

***

Rangpar oy
Mening birdan
Tarvuz oʼgʼirlagim keldi negadir.

***

Oʼgʼrini tutib,
Simyogʼochga bogʼlab qoʼydilar.
Tungi ayoz...

***

Oqshom,
Hovuzdagi oʼrdaklar ustiga
Qor yogʼayotir.

***

Shom payti qiynalib yurib,
Fonusni osdim
Gullayotgan gilos shoxiga...

***

Tumanlarning qaʼridan chiqdim,
Ehhe, qanchalar buyuk dengiz
Roʼparamda yastanib yotar!

***

Yozgi daryo.
Koʼprik boru lekin,
Otlar oʼtar sayoz kechuvdan...

***

Juda koʼpchilik
Yotib olgan kema saxniga
Porlar yozgi oy...

***

Ortimga oʼgrilgan paytim,
Hozirgina yonimdan oʼtgan yoʼlovchi
Tumanlarda koʼrinmay ketdi...

***

Qayiqdan, koʼpriklardan
Kir yoyadigan joydan,
Hamma yoqdan qararlar oyga...

***

Bahor oqshomi,
Kimdir oʼtdi yonimdan
Sibizgʼa chalib...

***

Qanday qaygʼuli koʼrinish!
Oʼrgimchak toʼriga
Kapalaklar ilinib yotar...




Tankalar
SАYGYo ShEʼRIYaTIDАN





Ex ,agar bu dunyoda
Oy bulutga botmasa
Olcha gullari toʼkilmasa
Men yashayverardim
Dalalardan kelmay umrbod

***
Yosino togʼlaridagi
Olcha butoqlarida
Muzlab yotar qor
Olchalar gullashga
Kechikmasaydi . . .

***
Duvillab toʼkildi
Uzun - uzun oʼt - oʼlanlardan .
Billur shudringlar .
Kuzgi shamol guvillar
Myagino dalalarida.

***
Nixoyat kuzgi osmonda
Qosh qoraygan on
Аrang - arang yaltirab
Qoʼrindi uzoq kutdirgan ,
Sogʼintirgan oy.

***
Endi qandoq qilaman men ,
Koʼylagimning namchil yengida ,
Yalt etdi shuʼla
Botib ketdi bulut ortiga
Kuzgi mayus oy.

***
Kuz oqshomi , oydinda
Yoprildi bulutlar
Oy yuzin toʼsmoq uchun
Yoʼq , koʼzlarimni aldabdi
Gʼozlar galasining koʼlankalari.

***
Osmonda oy yoʼq .
Chiqarmikin u ?
Men ayvonda oʼltirganimcha
Uzoq kutdim
Oy chiqishin togʼli qishloqda.

***
Kunduzgiday yop - yorugʼ kecha
Koʼlankam ham koʼrinmas .
Oy yaraqlab porlar
Borar manzilimni angladim
Qoʼngʼiroqlar tovushidan.

***
Shudringlarin toʼkmay
Uzib oldim men
Gullagan Xagi butogʼini
Chigirtkalar qoʼshigʼin tinglab
Oy yorugʼida.

***
Qora siyox bilan yozilgan
Xatlarga oʼxshab
Gʼozlar qanot qoqib
Gʼogʼolab uchar
Tungi osmonda.

***
Oʼt - oʼlanlarni qayrib
Yurdim qaygʼuga botib
Shudringlardan ogʼirlashdi
Koʼylagim yengi
Chigirtkalar menga qoʼshilib yigʼlar.

***
Baxor tumanlari,
Qayoqqa , qaysi tarafga
Uchib ketdi ekan qirgʼovullar ?
Ular tuxum qoʼygan oʼtloqqa
Bolalar oʼt qoʼyibdi.

***
Tuman qoplagan dala
Oʼraman oʼt - oʼlanni .
Tumanlar qaygʼuli
Bolaligim berkinib olgan
Xuv olisda , tumanlardan ham narida .

***
Tumanli tepaliklar tamonga
Berkingan qirgʼovullar
Uzoq - uzoqlardan
Qanotlar sharpasi
Sezilar menga

***
Tinchim yoʼqolgan
Qaerda , qaysi oʼngirda
Qaysi togʼ yonbagʼirida
Qaysi olcha
Gullar ekan birinchi boʼlib.





VАKАYaMА BOKUSIY yozgan tankalar




Vulqon poyida oʼsgan
Qaragʼay oʼrmonida
Oy kumush shuʼlalar taratgan kecha
Tun boʼyi tinmay
Sayradi kakku.

***
Eski kvartalda
Ufqdagi shom bulutlariga
Qarab toʼymayman .
Kechki soat vaqtin xabarlab
Qoʼngʼiroqlar jaranglar

***
Sajdagoxdan tushaman ,
Zinama - zina , oxista .
Va quyuqlashayotgan zulmatda
Butun vujudim bilan
His qilaman bu kuz , bu tunni . . .

***
Oqshom xasrati !
Qirmiz koʼmirlarga sochgin
Ozgina SАKE
Hushboʼy koʼkatlarning xidiga
Toʼlib ketar oʼshanda xonang .

***
Mudroq togʼlar
U yoqda togʼlar poyida esa
Mudraydi dengiz
Qirgʼoq boʼylab sayr qilaman
Bahor quvonchiga toʼlib vujudim.

***
Yarim kecha oydinda
Uyga qaytaman .
Soʼng zinapoyada toʼxtayman
Yengimdagi archa ignabarglarin
Qoqib tushirmoq uchun .

***
Bulutlar tarqadi
Men Аsama choʼqqisidagi
Soʼqmoqlarda daydiyman
Vulqon moʼrisi ustida
Bulut parchasiga oʼxshagan tutun.

***
Dengizga termuliman
Eshitaman qirgʼoq kuylashin .
Toʼlqinlar gumbirlar
Gox koʼkka sapchib , goxida pastlab
Yuragimni toʼldirar gʼamga.

***
Derazani ochaman
Yuzlarimni silar quyoshning
Muloyim nuri .
Uzoq kutgan edim , nixoyat
Keldingmi , oltin kuz !

***
Dud burqsigan oʼchoq
Tutun xidi kelar
Kurujkadagi qaynoq suvdan
Togʼdagi qishki kulbada sovir
Gʼaribgina kechki ovqatim.

***
Daraxt shoxlari aro
Porlaydi qishki quyosh ,
Yuzlarimga tegar
Uning nurlari
Yoritadi , lekin isitmas !

***
Men uzoqqa ketdim .
Va dengiz soxilida
Tunamoqchi boʼldim
Endi yotgan edim yarim kechasi .
Quydi daxshatli jala.




Yosii Isamu





Qumli qirgʼoq .
Baliqchi qayigʼiga oʼtirib olib
Seni olaman qoʼynimdan -
Muxabbat xaqidagi qissa,
Sexrlanib qoldim sen bilan.

***
Toʼlqin yugirib
Sholoplab qaytdi
Qumdagi men yozgan xatni oʼchirib .
Kim oʼchira olar , ayting kim ,
Motamzada Xatni yurakdan ?

***
O , naqadar orziqar yurak !
Qumtepa kechasi tushar yodimga .
Dengiz gʼalayoni olisda
Chaykalarning gʼamgin shovqini .
Pichirlab aytilgan sevgi izxori . . .

***
Naxotki shunchalar mayda ,
Аrzimas xavotirlarim mening
Xayajon , tashvishlar
Naxotki men unutsam ularni .
Bir ikki qadax vinodan keyin

***
Oyoqlayotir
Yoshlik yana muvaqqat ishrat .
Endi ular bu xayotda
Xech qachon takrorlanmas
Kuchaymoqda kuzgi shamollar...

***
Xushboʼy tamaki xidi
Suzar xavoda
Daydiyman gʼamgin
Qingʼir - qiyshiq jinkoʼchalarda .
Gion xavosidan simirib yolgʼiz . . .

***
Poytaxtda ayoz ,
Muzlab qolmadimikan Uchib ketayotib
Qoʼngʼiroq jarangi
Аsta valdirayman
Sovib qolgan soke ustida . . .

***
Bilganimda edi oʼshal derazadan
Tumanli zulmatlar aro porlagan
Fonarning xira yogʼdusi aro
Sukunatli tunda oynasini
Taqillatgan boʼlardim albat .

***
Xech kim kelmas
Soʼppaygan yolgʼiz qabrimni
Ziyorat qilmoqqa koʼzyoshi toʼkib .
Oʼlganingdan keyin unutilishingni
Oʼylamoq qaygʼuli . . .

***
Eshitdim , Bokusiy tark etibdi
Bu telba dunyoni .
O , kuz bunchalar mayus,
Xattoki yurt ba yurt daydib yursamda ,
Xayto yeb - ichsamda , xuzurlansamda ! . .

***
Kamdan - kam odamga nasib qiladi
Totmoqlik namxush qaygʼuni -
Lablar bilan xis qilmoq
Tinimsiz ichilgan sake taʼmini
Hayot va mamotning chegarasida . . .

***
Fevral oyi ,
Eshitaman olis qaldiroqlarni
Baxorning birinchi aks - sadosin .
Qor yogʼayapti . Men Krab chigʼanogʼida
Sake qaynatyapman , yolgʼiz bir oʼzim

***
Qaerda , qanday va qachon ,
Tark etarkinman bu dunyoni men
Men xayotim xaqida oʼylayman .
Oʼlimim xaqida fikr qilaman
Ino tekisligida , oydinda

***
Xasratli iztirob !
Oʼchoqqa oʼt qalayman .
Va tun boʼyi oʼltirib
Xasratli oʼyga choʼmaman
Qizargan koʼmirlarni kovlab , agʼdarib . . .

***
Sening fikringa qoʼshilmagan
Odamlarni savalash shartmi .
Yaxshisi xivich olib
Oʼz - oʼzingni savalab
Mamataloq qilgan yaxshiroq . . .

***
Xasratli qaygʼular !
Bugun yana oʼchoqdagi koʼmir choʼgʼida
Sake isitaman -
Kundan kun tobora qishga
Singib borayotir Nirao darasi . . .




Ito Satio



Men yomgʼirli tunda
Pion gullarini sogʼinib ketdim .
Va fonarimni olib
Tashqariga chiqdim yomgʼirda daydib ,
Pion larni koʼrib kelmoqlik uchun .

***
Zulmat quyuqlashdi
Men derazani yopmay
Jinchiroq yoqdim .
Qarasam , chiroq yogʼdusida darcha ortida
Tovlanib turardi Pion gullari . . .

***
Koʼrayapman - tosh ustin yopib ,
Va daraxtning poyini qoplab ,
Goʼyo birgalashib , yigʼilib ,
Xamkorlikda chirpiramoqqa
Xozirlanar bargi xazonlar . . .

***
Yeru osmon
Tong otguncha uyquga ketar
Zulmat quyuqlashar
Va bepoyon dengiz ustidan
Koʼtarilar qip - qizargan oy . . .




Simaki Аkaxiko




***
Gullayotgan oʼtloqlar aro
Oʼt - oʼlanli soʼqmoqdan yurib
Keldim olis bugʼdoyzorga
Va dedim oʼzimga oʼzim Jim - jitlik !
Oʼrdak gʼaqilladi menga javoban . . .

***
Yarim kecha
Quyuqlashgan tumanlar aro
Sizar yogʼdular -
Va sirgʼalgan oy shuʼlasida
Gʼira - shira jilvalanar suv . . .

***
Oʼrmon sayxonligidagi
Sichqonli oʼtloqlarda
Oʼltirdim uzoq
Togʼli oʼlka bilan xayirlashyapman .
Qaygʼuli va ogʼir bu yurak uchun.

***
Xira yorishmoqda tong ,
Iliq koʼl suvlarin bugʼlatib .
Va tumanlar navbat ba navbat
Suzib kelar
Koʼl ustin qoplab . . .

***
Chiroq shuʼlasiga talpinganicha
Tungi parvonalar aylanar uchib ,
Uyda , men bilan yonma - yon ,
Bolalarim uxlar
Eski - tuskilarga oʼranib , qotib . . .

***
Yomgʼir tindi .
Shundan boʼlsa kerak ,
Xavo muzdek ,
Guruch qogʼozining qirgʼoqlarida ,
Yonib tugayotir botish shuʼlasi . . .

***
Tungi koʼchalar ,
Soʼngan kullar qurumi bosgan
Oʼchoq moʼrisining qirgʼoqlarini
Qirov bilan bezaydi
Izgʼirin ayoz . . .

***
Uzoqlardan ,
Tun qaʼridan eshitilar
Toʼlqinlarning boʼgʼiq shovqini .
Daraxtlar soyasi choʼzilib yotgan
Oydinda raqs tushar dexqonlar.

***
Yozayapman , yozayapman ,
Qorongʼi tushsada
Xatto chiroqni yoqish uchun ham
Oʼrnimdan turgim kelmas
Yolgʼiz qarshilayman oqshomni shunday . . .

***
Dalalarda erib ketdi qor,
Qoʼngʼir tuproq yalongʼochlandi .
Va osilib turar yer uzra
Botayotgan quyosh lappagi
Koʼrinishi kichik va sovuq . . .




Nagatsuka Takasi




***
Dala ortidagi zovurda
Boshlarini chiqarib suvdan
Baqalar kuylaydi .
Siyrak oʼrmonda esa
Kalinalar gullabdi oppoq .

***
Uy oldidagi bogʼda
Salqin tumanlar
Tongi gʼira - shirada
Badyan shoxlaridan toʼkilgan
Xazonlarni supuraman jim .

***
Loviya palaklari
Yigʼishtirib olingan.
Kuzgi daladagi
Toʼrsaygan kulrang tikanlar aro
Chigirtkalar chirillar gʼamgin . . .

***
O ,Kameliya guli ,
Muzlab sovqotding ,
Sovuq shamolda
Senga xech kim achinib boqmas .
Oʼxshash bizning taqdirlarimiz . . .

***
Bugun tunda jarangdor
Ovoz bilan kuylar chirildoq .
Qaerdadir , shu yaqin atrofda -
Balki , misol uchun , oshxonada , yoki
Sabzovot solingan toʼrvada kuylar . . .




Koidzumi Tikasi



***
Botayotgan kunning shuʼlasi
Qirmizi yongʼinday shomgi togʼlarda .
Bambuklarning qoraygan
Soyalari esa aks etar
Qogʼoz devorda . . .

***
Yomgʼir tindi .
Botayotgan quyosh boʼzarar
Bugʼ koʼtarilib
Suza boshlar , xovuz ustida
Gullaydi noklar . . .

***
Qoʼshnilar meni
Bugʼli xammomida choʼmilishga
Taklif qilishdi .
Qaytayotib osmonga boqdim .
Uchqunladi qor . . .

***
Qadrdon doʼstimni
Ziyorat qilgani bordim
Romashka gullari
Juda erta ochilibdi
Chetan devorli , bogʼlarda .

***
Fonarni oʼchirib
Boraman tong saxar chogʼi .
Va koʼraman olisda
Oppoq tumanlar
Yumalanib suzar yer uzra . . .




Syaku Tyoku




***
Boʼm - boʼsh yoʼl .
Quyiladi atrofga jimlik
Qichishadi burun katagim
Yoqilgan gulxanning achchiq dudidan .
Choy qaynatyapman . . .

***
Qalbda xotirjamlik !
Baxor boʼronidan soʼng
Xamma narsa tinchlandi, mana ,
Eshitila boshladi koʼchada yana
Yogʼoch kovushlarning toʼqillashlari . . .

***
Bulutlardan sizib oʼtayotgan
Oyning xira yogʼdusida
Toshayotgan daryo kechuvidagi
Sholipoyalar aro
Boʼqoq tortgan sholilar xidi . . .

***
Togʼdagi qishloq
Qor bosgan daraxtlar .
Jimlik , sokinlik .
Odam ham , it ham koʼrinmas
Qargʼalar yuribdi kulbam oldida.

***

Mana , yana qaytib keldim men,
Tomida oy porlab turgan oʼsha
Togʼdagi pastakkina kulbamga.
Oshxonada yangrar qadrdon qoʼshiq .
Bu mening hamxonam - yolgʼiz chirildoq . . .


x_15d42282 (604x453, 162Kb)