Xoldor Vulqon
Oʼzbekiston Yozuvchilar uyushmasining aʼzosi
Qorbo’ron
(Sheʼrlar va tarjimalar)
Xoldor Vulqon 1959 yili Oʻzbekistonning Andijon viloyatida tugʻilgan. Toshkent Milliy Universitetini tamomlagan. U 1975 yildan buyon badiiy ijod bilan shugʻillanadi. Shu kungacha u rus va oʻzbek tillarida toʻrtta she’riy toʻplam, qator hikoyalar, beshta povest va ikkita roman yozgan. Bundan tashqari, Xoldor Vulqon koʻplab yapon shoirlarining she’rlarini oʻzbek tiliga tarjima qilgan.
1999 yildan buyon Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi.
Taqdir taqozosi bilan Kanadada yashaydi. Mukofot va unvonlari yoʻq.
***************************
Kitob onam Muhtaramxon Jaloliddin qizining porloq hotirasiga bagʻishlanadi. X.V.
Yillar uchib oʼtdi bamisoli oʼq,
Gʼurbatda oqardi soch -soqol, murtim.
Men seni bir zum ham unutganim yoʼq,
Meni ham unutib yuborma, Yurtim!
X.V.
Tongi sukunat
Toptalgan bahaybat samo gulhani,
Miltillaydi yulduz choʻgʻlari hamon.
Oʻz nuriga oʻzi xorgʻin chulgʻanib,
Oy suzar ohista magʻribga tomon.
Gʻira shira zulmat, tong sahar payti,
Osuda jimlikka tutaman quloq.
Bugʻdoyzor tomonda qayta va qayta,
Bedana xotinin qoʻyar qumtaloq.
15/02/2020. Kanada, Ontario.
Shamol xushtak chalar etikdoʻz kabi
Qushlar janub tamon uchmay netadi,
Telba kuz xaydasa, oʻzing oʻylagin.
Xazonlarga toʻldi bogʻlar etagi,
Choʻkirtak yirtadi shamol koʻylagin.
Farrosh xazonlarni yoqadi, toʻplab,
Sovrilib ellarga orzu, armoni.
Uchar suv oʻrniga havoni xoʻplab,
Osmon sahrosida qushlar karvoni.
Faqat Haqqa ayon maqsad, matlabi,
Ular uchar issiq oʻlkalar tomon.
Oʻychan hushtak chalar etikdoʻz kabi,
Dalalarda daydib zerikkan shamol.
03/03/2020. Kanada, Ontario.
Ma’yus chiroqlarning olmos chamani
Xilvatda erinib xuradi itlar,
Chor taraf oqarar oydinda sutdek.
Qadam tovushimdan yulduzlar, titrab,
Sohil suvlariga toʻkildi tutdek.
Kuyganyor tomonda chinqirib, chorlar,
Temir yoʻlning uchqur poʻlat samani.
Zulmatli dala -dasht ortida porlar,
Ma’yus chiroqlarning olmos chamani.
17/06/2022. Kanada, Ontario.
Kitobsevar
Shovullaydi shamol shashtida oʻrmon,
Yolgʻiz uchib yurar daydi kapalak.
Osmon bulutlardan koʻtarar xirmon,
Uzoqda qorayar kulba, kapalar.
Bogʻlarda bir oʻzi begʻam, bezarar,
Shamol kezib yurar, koʻzlari soʻqir.
Novdasiga qoʻngan kapalakni daraxt,
Oppoq kitob kabi avaylab oʻqir.
08/02/2020. Kanada. Ontario.
Qish kechasi
Oqarar qor bosgan dalalar roxi,
Zulmatda kaptarday gʻuvillaydi sim.
Goh oldga intilib, gohida toʻxtab,
Qorlarga belanib borar allakim.
Termular odamday xorgʻin darchalar,
Oqargan kimsasiz yoʻlga intizor.
Shahar uxlab yotar, qattiq charchagan,
Fonus esa loqayd maydalaydi qor.
18/06/2022. Kanada, Ontario.
Yoz oqshomi
Tun. Osuda jimlik, havo musaffo,
Oy hamon yoritar Xudoning mulkin.
Kecha shu qadar jim, sokinki, hatto,
Baqalar ovozin eshitish mumkin.
Moped tirillatib, oy mudragan payt,
Kimdir xorib, charchab, uyiga qaytar.
Bu haqda kimsasiz, sokin sukunat,
Qulogʻimga sekin, shivirlab aytar.
01/07/2022. Kanada, Ontario.
Niyat
Zulmatda chirildoq chirillagan on,
Odam boʻlib, elning koriga yarab,
Yagʻir doʻpping kiyib, elkangda ketmon,
Dalalarda yursang yolgʻiz, suv tarab.
Yulduz inson koʻzi ilgʻamas joyga,
Nayzaday sarosar uchsa ovozsiz.
Soatlab termulsang porlagan oyga,
Oddiy suvchi boʻlsang, boʻlsang savodsiz.
Shiypon tamondagi soʻrida yotsang,
Gʻir — gʻir esaversa tungi shabada.
Uygʻonsang toʻrgʻaylar chuldirayotgan,
Oʻz ona yurtingda, tongi dalada.
7-avgust, 2010 yil.Toronto shahri, Kanada.
Koʻklam chaqinlari
(Iste’dodli shoir Jontemirga)
Bogʻlarga ochilgan darchalar romi,
Sukunatga choʻmgan oʻtlogʻu dala.
Shivirlar bahorning yomgʻirli shomi,
Ohista, hech kimga bermasdan halal.
Yomgʻirli zulmatda uzoq yaqinlar,
Xayolga botganday charogʻon kunsiz,
Chaqnaydi olisda gʻamgin chaqinlar,
Osmon bilan erni payvandlab unsiz.
16/03/2020. Kanada, Ontario.
Ipi qoʻldan chiqqan pufak kabi oy
Poyonsiz samolar sahrosida quyosh,
Dumalar yonayotgan shuvoq singari.
Dalalarga qoʻnar shom hasrati yuvosh,
Choʻkar daryolarga oyning langari.
Chirildoq goh joʻshib, gohida toʻxtab,
Chirillar, topolmay berkingani joy.
Ipi qoʻldan chiqqan pufakka oʻxshab,
Osmonu falakka koʻtarilar oy.
25/01/2020. Kanada, Ontario.
Tungi laylakqor
U stol ustida yotgan qogʻoz markaziga
qalam bilan nuqta qoʻyarkan, dedi:
-Bechora, qanchalar yolgʻiz u
qogʻozning qor bosgan dalalarida!..
Soʻngra shosha pisha oʻchirgich bilan
oʻchirarkan nuqtani, oʻziga oʻzi:
-Endi qorboʻronda koʻrinmay ketdi —
dedi, qaygʻu bilan chuqur xoʻrsinib.
Soʻng darcha ortida boʻralab yogʻayotgan
tungi laylakqorga termuldi uzoq.
05/02/2020.
Kech soat 5:55.
Kanada, Ontario.
El -ulusni uyqu elitgan mahal
Uzoqlarda faryod koʻtarar poyiz,
Uxlar chiroqlarga talangan shahar.
Oy kezar dalalar ustida ma’yus,
El -ulusni uyqu elitgan mahal.
Kimsasiz, qorongʻu zulmat qa’rida,
Akillaydi daydib, charchagan itlar.
Yulduzlar koinot kipriklarida,
Omonat koʻz yoshi singari titrar.
04/03/2020.
Kunduz soat 4:51.
Kanada, Ontario.
Toʻzgʻoq
Koʻcha fonusini ayovsiz talar,
Oppoq qorchivinlar moʻri malaxdek.
Boʻronda mast -alast garmonmi chalar,
Qalin qor qoplagan bogʻda daraxtlar?
Dalalar suprasi oqarib yotar,
Xaloyiq charchagan, yotibdi uxlab.
Shamol esa, loqayd, begʻam, bexatar,
Tomdagi qorlarni toʻzgʻitar puflab.
Daraxtlar bir birin yurar axtarib,
Qoʻzgʻolganday goʻyo borliqda maxshar.
Xayoli parishon koʻcha fonuslari,
Mahzun toʻzgʻiyotgan toʻzgʻoqqa oʻxshar.
04/03/2020. Kanada, Ontario.
Kakkuqush ini
Bir odam qoʻlida uzun tayoq bilan,
Kakkuqush iniga termulganicha uzoq
kutib turdi uning indan chiqishin.
Va nihoyat kulrang kakkuqush indan
boshin chiqargancha: — kakku! kakku! -deya
oʻzini unitib sayray boshladi.
Kutib turgan odam qulochkashlab turib,
qoʻlidagi tayoq bilan bir turtgan edi,
kakkuqush gilamga top etib tushdi.
22/02/2020. Kanada. Ontario.
Shom hasrati
Olis okeanlar ortida qolgan,
Uy eshigi balki, turar ochilib.
Gʻamgin oy shu’lasi toʻshalgan polda,
Kitoblarim yotar sochilib.
Yulgʻun oʻsgan baland jarlar uzra jim,
Sas — sadosiz asta koʻtarilsa oy,
Yorishib ketadi mening lablarim,
La’lin lablaringa muxr bosgan joy.
Pastak kulbalarda chiroq yoqarlar,
Kimsasiz dalalar sukutga choʻmar.
Yum — yum yigʻlab, oxir iskabtoparlar,
Shom hasratin oydin sohilga koʻmar.
Porlasa oy samo kengliklarida,
Visol onlarini eslasang gohi,
Tunni zirillatib, zulmat qa’rida,
Uzoq chirillaydi sevgi arvoxi.
09/04/2011 Kanada.Toronto shahri.
Yulduzli osmon
Gulxan lovullaydi, zulmatli dala,
Uchqunlar chirsillab uchar havoga.
Yonarqurt singari tovlangancha alar,
Osmonu falakka boʻlar ravona.
Yonar gʻoʻzapoya, shabba, xoru xas,
Yolgʻizlik, sukunat, oydin halovat.
Nazarimda, goʻyo yulduzlarga emas,
Gulxan uchquniga toʻldi samolar.
01/02/2020. Kanada, Ontario.
Avgust
Odimlab borardi yoʻlda allakim,
Goho kular edi, yigʻlardi gohi.
Soyasi ergashib borar edi jim,
Olis uvotlarda popishak ohi.
Bugun bayram, ya’ni, tugʻilgan kuni,
Mayxoʻrlar fe’lini boʻlmas tuzatib.
Daydi kapalaklar galasi uni,
Uyiga etguncha qoʻydi kuzatib.
18/06/2022. Kunduz soat 3:47. Kanada, Ontario.
Qorboʻron
Ulovlar ham charchadi, tindi,
Oppoq qorga belandi shahar.
Koʻmib tashlar borliqni endi,
Qor tinmasa to tonga qadar.
Choʻzilgancha oʻrnimga shu dam,
Qordek oppoq oʻylarga botdim.
Yo uy yorugʻ qor shu’lasidan,
Yo chiroqni oʻchirmay yotdim.
24 oktyabr, 2014. Kanada. Bremton shahri.
Gʻozlar galasining boʻm -boʻsh chelagi
Yomgʻirdan keyingi musaffo havo,
Dov — daraxt oʻy surar, koʻlmakka boqib.
Darchalardan yoʻlga termular avom,
Xayol degan cheksiz daryoda oqib.
Bulutlar podasi samo dashtida,
Boʻsaday choʻlpillar ariqning labi.
Majnuntol chayqalar shamol shashtida,
Unsiz yigʻlayotgan parizod kabi.
Koʻlmaklar koʻzgusi yotar bir yonda,
Marmarday yaltirar bogʻlar yoʻlagi.
Gʻiyt — gʻiyt etar kuzgi gʻamgin osmonda,
Gʻozlar galasining boʻm — boʻsh chelagi.
9 iyul, 2011 yil. Toronto shahri, Kanada.
Bahor oqshomi
(Xalqimizning eng sevimli shoiralaridan biri Zebo Mirzaevaga)
Koʻz yoshday toʻkilar gilos gullari,
Soʻnadi ufqlarda otashi soʻzon.
Halovat toʻshalgan bogʻda tunlari,
Nafis oy shu’lasi, goʻzal gul toʻzon.
Oppoq gul yogʻadi misoli roʻyo,
Oydinda yorishar ovoz etmas joy.
Yaraqlagan chinni idishday goʻyo,
Sokin xovuzlarga choʻkib ketar oy.
13 may, 2014 yil. Kanada. Brempton shahri.
Goho tushlaringa kiramanmi, ayt?
Lovullab yonarkan kuzgi gulxanda,
Guv urar xayoli parishon bogʻlar.
Oʻychan kuz labida qaxrabo xanda,
Qagʻillar sukunat qoʻynida zogʻlar.
Izgʻirinda yarim yalongʻoch, yupun,
Yalang novdalari qolsa ham qaqshab,
Oppoq choyshab ichra uxlamoq uchun,
Bogʻlar echinganda ayolga oʻxshab,
Olis oʻlkalardan kelganday qaytib,
Darchangdan toʻlin oy moʻralagan payt,
Adashgan yoʻlovchi singari daydib,
Goho tushlaringa kiramanmi, ayt?
13 avgust, 2011 yil. Toronto shahri, Kanada.
Yoz kechasi
Oʻt -oʻlan kokilin avaylab tarar,
Daydi shabbodaning kemshik tarogʻi.
Bugʻdoyzor ustida begʻam, bezarar,
Yaraqlaydi oyning oʻtkir oʻrogʻi.
It xurar, sukunat berar aks -sado,
Qoʻl etmas yulduzlar sen kabi yiroq.
Tebratar xovlida gullarni sabo,
Xomush porlar daryo ortida chiroq.
Oy homush borliqni nurga belaydi,
Chirildoq chirillab, oxir charchagan.
Ilohiy shivirday kirib keladi,
Baqalar ovozi ochiq darchadan.
24/06/2022. Kanada, Ontario.
Oy uzoq tinglaydi baqalar nutqin
Vaqt oqsoqlanar, oyoqsiz yurar,
Osmon yulduzlarga yotar talanib.
Oydinda xorigan koʻppakmi xurar,
Uygʻotib uyquga ketgan dalani.
Shamol ham xovlida daydimay qoʻygan,
Yotibdi qaydadir, misoli tutqun.
Sohil suvlariga termulib, oʻychan,
Oy uzoq tinglaydi baqalar nutqin.
03/07/2022. Erta bilan soat 8:39. Kanada, Ontario.
Qorli kecha va yorugʻ niyyat
Oppoq qorzarralar uchquni sokin,
Qoʻnsa kipriginga, sochinga yuzlab.
Desang — nahot, sovuq bulutlar hokim,
Osmondan yulduzlar tushmoqda muzlab?
Dala qor ostida mudragan chogʻlar,
Daydisak el — ulus yotganda uxlab.
Qalin qorpoʻstinga oʻransa bogʻlar,
Tugamasa tunga berilgan muxlat.
Soyamiz tutashsa, uchqunlar tinmay,
Toʻzgʻisa, chirpirab tushsa elanib.
Uzoq suhbatlashsak, ketgimiz kelmay,
Fonus yorugʻida qorga belanib.
20 oktyabr, 2014 yil. Kanada. Brempton shahri.
Zulmatlarda uchqunlaydi qor
Bu xazon, koʻzlari ojiz oshiqning
Qoʻlidagi oʻqilmagan xat.
Kimsasizlik, sukunat balki,
Soʻzsiz qoʻshigʻidir soqov hofizning.
Men boʻlsam,
Kuzgi dalalarda, tungi zulmatda
Yolgʻiz uvlayotgan qora shamolman.
Sen pastak deraza yonida,
Qirovli gulzorda bulbulni kutib,
Muzlab qolgan atirgulmisan?
Chirpirab uchayotgan qor uchqunlarichi?
Yorugʻ oynalarga talpinayotgan
Son — sanoqsiz oppoq parvonalarmi?..
Aytgil, nima uchun, kimni sogʻinib,
Sochlari quvv oqardi qishning?
20 avgust, 2012 yil. Toronto shahri, Kanada.
Kuzgi oynalarning unsiz koʻz yoshi
Yomgʻirda olmosday yaltiraydi tosh,
Tabiat xayolchan boqadi romdan.
Goʻyo yogʻayotgan yomgʻirmas, koʻz yosh,
Koʻzlaringdan duvillab tomgan.
Oʻtasan, xayolchan, soyabon qoʻlda,
Deyman -oʻngimmi bu, va yoki roʻyo?
Dov -daraxt soyasi koʻlmakli yoʻlda,
Choʻkib yotar shaffof koʻzguga goʻyo.
Firoq tigʻi jismu jonim qiymalar,
Mum kabi eriydi izlaringda qum.
Termulib sen ketgan yoʻlga oynalar,
Yolgʻiz odam kabi yigʻlaydi yum — yum.
31 iyul, 2011 yil. Toronto shahri, Kanada.
Tungi qoʻngʻiroq
Yoʻlovchi turtinib borar koʻchada,
Qorzarralar aro, koʻzlab uyini.
Qaysidir darchada chiroq oʻchadi,
Chirpiraydi telba qorlar quyuni.
Qor hamon qiyalab yogʻadi tinmay,
Xaloyiq dong qotib uxlagan payti.
Zulmatlardan menga soʻngi tramvay,
Qoʻngʻiroq qiladi qayta va qayta.
24/02/2020. Kanada, Ontario.
Hijron
Izgʻirin darchalar oynasin yalar,
Qor bosgan yoʻllarning yoʻqday poyoni.
Qorchivinlar koʻcha chirogʻin talar,
Tegmasa ham uning elga ziyoni.
Darichang ortida yogʻar laylakqor,
Xushtak chalar ayoz, qoʻlida chalgʻi.
Yostigʻing yakkamas, bola chaqang bor,
Lek hamon dunyoda yashaysan yolgʻiz.
Tortganicha oyu yillar tanobin,
Oʻtarkan shuncha yoz, bahoru qishlar,
Sen hamon ichasan koʻz yosh sharobin,
Tunlar gazakiga yostigʻing tishlab.
13/02/2020. Kanada. Ontario.
Kech kuz
Nechun qovogʻingni uyasan, havo?
Nega achchiq achchiq yigʻlab, yomgʻirlar
koʻchada ayovsiz savalar meni?
Koʻlmak ham ataylab akc etdirar
oyogʻimni osmondan qilib.
Men sizlarga nima yomonlik qildim?
Bogʻdagi inlarini xuvillatib,
uchib ketgan boʻlsa janubga qushlar,
ayb mendami?..
02/08/2022. Kanada, Ontario.
Qat’iy qaror
Etar daydiganim, qaytaman uyga,
Kechirgandir meni hokim hukumat.
Sogʻintirdi shamol kapalak quvgan,
Qadrdon dalalar, sokin sukunat.
Borliqni uygʻotar tongi shabada,
Joʻnayman oʻrilgan bugʻdoyzor tomon.
Toʻrgʻaylar qoʻshigʻin tinglab dalada,
Xashak jamgʻaraman, toʻplayman somon.
Qaylardadir eshak xangraydi uzoq,
Maynalar qoʻnadi sigir shoxiga.
Toʻxtab keng dalada, tutaman quloq,
Uzoqdan hasratli kakku ohiga.
Qadrdon soʻqmoqni izlab topaman,
Menga bosh irgʻaydi oʻtloqda biya.
Hayratdan ochilgan ogʻzim yopaman,
Ari-pari kirib ketmasin deya.
Yolgʻiz, «Choʻchqaxona»* tomonda yursam,
Dil qushim qutilgan kabi tuzoqdan.
«Zilolmos»* tarafda xayqirib, xursand,
Poezd gudok berar menga uzoqdan.
19/02/2020. Kanada.
«Choʻchqaxona»* — biz yoshlikda futbol oʻynab katta boʻlgan qadimiy choʻchqaxona xarobalari.
«Zilolmos»* — yuk tashuvchi poezdlar oʻtadigan Kuyganyordagi yashil rangli metall koʻprik.Zeleniy most.
Pichan oʻrayotgan odam
Toʻrgʻaylar chiyillab chaladi xushtak,
Qirda oʻt oʻraman, qoʻlimda chalgʻi.
Kayfiyatim a’lo, engilman qushdek,
Daydi shamol sangʻib yuribdi yolgʻiz.
Uzoqda qorayar kulba, kapalar,
Gullabdi oʻt -oʻlan ichida tikan.
Uchib yurgan oppoq gʻamgin kapalak,
Marhuma onamning arvohimikan?
12/07/2022.
Kunduz soat 2:47.
Kanada, Ontario.
Yildirim
(Hamqishlogʻim, marhum shoir Olimjon Matmurodov hotirasiga)
Chaqinlar olisda chaqmoqtosh yoqar,
Dov daraxt lashkari tushgan asirga.
Qoʻshogʻiz miltiqdan goʻyo oʻq otar,
Osmonni larzaga solib, qasirgʻa.
Sel sharros quyadi, shiddati jiddiy,
Oʻt oʻlan qoʻrquvdan qaltirab, qaqshar.
Zulmatda yalt etgan yildirim, xuddi,
Insonning lahzali umriga oʻxshar.
16/07/2022. Kanada, Ontario.
Ayriliq
Yoqmasam, ka — a -a — atta koʻcha — deding,
koʻchaga chiqdim.
Koʻcha jim — jit edi, kimsasiz, oydin.
Men avvallari bilmas ekanman,
koʻchaning bunchalar
katta boʻlishin.
2002 yil , 2 oktyabr . Yarim tun .
Andijon shahri 4 — kichik daxa.
Oydin kecha
Oydin sukunatda qumloqni yuvgan,
Sohil suvlarini keladi kechging.
Xayol sursang yolgʻiz, termulib suvga,
Senga halal bermaydi hech kim.
Oppoq sukunatga oʻranib uxlar,
Oʻlguday charchagan dala, qir -qiya.
Oʻpishgani qoʻrqar sevishgan juftlar,
Birontasi koʻrib qolmasin deya.
12/07/2022. Kanada, Ontario.
Oʻrik gullagan kecha
Oqarar loypaxsa devorlar osha,
Oydinda gullagan oʻriklar shoxi.
Osmonga yulduzlar sepkili toshar,
Zulmatlar qa’rida chirildoq ohi.
Oyning shu’lasidan qamashadi koʻz,
Olisda qorayib yotar qir -adir.
Toʻlin oy toʻshaydi yoʻlaklarga boʻz,
Yulduzlar bosirqab, uchar qaygadir.
13/03/2020.Kanada. Ontario.
Yoʻl
Hotiramda hanuz pokiza, ravon,
Yomgʻirli oʻsha yoʻl, ikkimiz yurgan.
Sehrli lahzalar yodimda hamon,
Odimladik shundoq yonma yon, birga.
-Ikkimiz yurganda negadir, shu yoʻl,
Tez tugab qoladi — deding sen, asta.
Hayrlashdik, qoʻlga tutashmadi qoʻl,
Chindan koʻcha tugab qoldi birpasda.
Chiroqlar chamani ichra to sahar,
Kezaman, oʻtarkan lahzalar oʻqdek.
Odimlayman yayov, dalli, darbadar,
Sensiz endi yoʻlning poyoni yoʻqdek.
18/03/2020. Kanada, Ontario.
Zulmat
Gʻamgin miltillaydi uzoqlarda choʻgʻ,
nazarimda, tutunni tutunga ulab,
tamaki chekmoqda kashanda zulmat.
Ichi moʻrining singari qorayib,
oʻpkasi ham chirib, tamom boʻlgandir…
Nega chekyapti ekan? Balki, xotini:
-Sen ham odamlarday, chet elga borib,
ishlab, pul topib kelsang, oʻlasanmi? -deya,
janjal koʻtardimikin yarim kechasi?
Oʻzi xotinining jagʻi yomonda.
Ishqilib, oxiri bahayr boʻlsin.
Xudo koʻrsatmasin, xotini shunday
janjal qilaversa, chidolmay zulmat,
uzun arqon bilan, achchiq ustida
ogʻilxonaning yoʻgʻon peshxorisiga,
osib netib qoʻysa oʻzini shartta
koʻring tomoshani.
«Dill! Dill!Dill!Dill!» » deb yurguvchi
«Ural» rusumli kajavali motosiklini
kapa kapa qilib xaydab, shogirdi bilan
uchastkavoy leytenant Shgabuddinov
etib kelsa kerak, uzoq kutdirmay?..
Yaxshisi, bu erdan surishim kerak..
.
02/07/2022.
Tungi soat 10:36.
Kanada, Ontario.
Tungi qorboʻron
Boʻron uvillaydi qorli dalada,
Boʻgʻzigacha qorga botgan oʻt -oʻlan.
Arang jon saqlaydi qushlar panada,
Hech kim qor shopirmas shamoldan boʻlak.
Dalalar supradek oqarib yotar,
Fonus jim mungʻayib, qiymalaydi qor.
Qor bosgan yoʻlakka to tonga qadar,
Shu’la yogʻiladi darichangdan yor.
Qorboʻron faryodin tinglayman, yotib,
Har holda, sandal bor, sovqatsa qoʻlim.
Iloho, zulmatda, qorlarga botib,
Izlab topolmasin kulbamni oʻlim.
01/07/2022. Kanada, Ontario.
Gʻoʻdaygan daraxtlar yutganmi xoda?
Uzoqda hasratli maraydi buzoq,
Loʻkillab qaytadi qishloqqa poda,
Tolzorda chumchuqlar javraydi uzoq,
Daraxtlar qilt etmas, yutganday xoda.
Qaydadir chirillar chirildoq tinmay,
Etimdek bir oʻzi kezar daydi el.
Sutdek oydin tunda uyqusi kelmay,
Darchalardan oyga termuladi el.
13/07/2022. Kanada, Ontario.
Subhi sodiq
Xaloyiq dong qotib uxlaydi hamon,
Qoraygan darchalar chirogʻi oʻchgan.
Daydib yurar dalli, devona shamol,
Xovlidan xovliga koʻchgani koʻchgan.
Yulduzlar toʻkilib xovuchlaridan,
Osmon ham uyquga ketar hoyna hoy.
Charchab chirildoqning tovushlaridan,
Bulut koʻrpasiga burkanadi oy.
Daryoda tishlangan olmadek oqib,
Oy xorgʻin ohista ortga qaytadi.
Xovuz koʻzgusiga xayolchan boqib,
Daraxtlar tushini suvga aytadi.
07/03/2022. Kanada, Ontario.
Yomgʻirli kuz
Yigʻlab, savalaydi bogʻlarni yomgʻir,
chinor yaproqlari yoʻlda yamoqdek.
Deraza ortida yalongʻochlangan
namchil novdalari kuzgi daraxtning.
Bu yalongʻoch, achchiq novdalar bilan
arzir savalasang oʻzingni oʻzing.
20/01/2023. Kanada, Ontario.
Tungi yomgʻir
(Taniqli honanda va bastakor Tolibjon
Zokirovga.)
Adoqsiz va boʻm — boʻsh koʻchada goʻyo,
daydib yurar, yomgʻirda ivib,
yupun, yarim yalongʻoch ruhing.
Itbaliqday titrar tomchilar
sovuq oynasida derazalarning.
Yomgʻirning chakida xaltasidan
tomayotgan chakkilar emas,
chiqillaydi devorda soat.
Tashqarida qarsak chaladi yomgʻir,
ichkarida esa, tanho bir oʻzing.
Pastak darichadan, xorgʻin va ma’yus
fonus yorugʻida jimirlayotgan
koʻlmaklarga boqasan uzoq.
Shovullar qulogʻing chigʻanogʻida
qadimiy dengizday yomgʻir shovqini.
Shu mahal, negadir, kutilmaganda,
yigʻlaging keladi unsiz, oʻksinib,
lek yigʻlay olmaysan,
kimsasiz orolda yolgʻiz yashayverib,
yigʻlashni unutgan odam singari.
06/03/2022. Kanada, Ontario.
Moʻjiza
Qor tilsiz soqov deb senga kim aytdi?
U soʻzlay oladi, qoʻshiq ham kuylar,
Qorzarra toʻzoni toʻzgʻigan payti,
Koʻrinmay ketganda dalayu uylar.
Qalin qor qoplagan koʻchada yursang,
Bir oʻzing, salmoqli qadamlar tashlab.
Soyaboning chertib, oʻzicha xursand,
Qor asta shivirlab, gapira boshlar.
21/02/2020. Kanada. Ontario.
Qaxqaxa
Bogʻda sangʻib yurar daydi shabboda,
Yulduzlar osilib turibdi arang.
Oy, meni kechirgil, bilmay, mobodo,
Tirnoqlagan boʻlsam dildagi yarang.
Soching ustarada taglab qiribsan,
Moʻychinakda yulib, kiprigu qoshing.
Osmon sahrosida yolgʻiz yuribsan,
Archilgan tuxumga oʻxshaydi boshing.
Kezasan, kimnidir topolmay, istab,
Baqalar sohilda safsata sotar.
Taqir boshing koʻrib, kulgisi qistab,
Bulbullar oydinda qaxqaxa otar.
24/06/2022. Kanada, Ontario.
Landavur daraxtlar
(Jurnalist Vadim Sharfga)
Zulmatda laylakqor yogʻar boʻralab,
Pichirlaydi darcha, goʻyo alaxlar.
Oppoq qorlar kafaniga oʻranib,
Menga bunday boqmang, daraxtlar.
Qaraysiz qor bosgan yoʻlga intizor,
Kafanday oqarar qor bosgan dala.
Kezaman, poyimda xurrak otar qor,
Qorboʻron uylarning oynasin yalar…
Yalang shoxingizda qirov yaraqlar,
Chiqmaydi kulbangiz tomidan tutun.
Koʻmir boʻlmasa ham, hech yoʻq, daraxtlar,
Nahot topolmaysiz bir bogʻlam oʻtin?..
29/02/2020. Kanada, Ontario.
Duogoʻy bogʻlar
Talpinganday aziz avliyolarga,
tongda yoʻl olaman yolgʻiz bir oʻzim,
olmoq uchun, hech kim yoʻqlamay qoʻygan
xazonli, kimsasiz bogʻlar duosin.
Duo qilar meni mahzun pichirlab,
gʻarib, kuzgi yarim yalongʻoch bogʻlar,
oʻranib tumanlar uvadasiga.
21/06/2022.
Erta bilan soat 7:23.
Kanada, Otario.
Qordan yorishadi ruhim dalasi
(Xalqimizning sevimli shoirlaridan biri Odil Ikromga)
Ohista oʻchirib qora rangni qish,
Boʻyaydi kimsasiz zulmatni oqqa.
Xaloyiq uxlaydi begʻam, betashvish,
Qarayman qorlardan oqargan yoqqa.
Qorli tun, misoli ibtidoiy gʻor,
Koʻchada darbadar shamol xushtagi.
Hamon oʻsha oʻsha, oʻzgarmapti qor,
Oy yoritgan dala kabi tushdagi.
Uchadi goh soʻlga, gohida oʻnga,
Oppoq chivinlarning telba galasi.
Termulaman qorli kimsasiz yoʻlga,
Qordan yorishadi ruhim dalasi.
05/07/2022. Kanada, Ontario.
Toʻlqinlar qoʻypoda singari chopar
Sohilda qoyalar poyini yalab,
Moviy toʻlqinlarning galasi chopar.
Dengiz koʻylagining etagi bilan,
Ohista qumdagi izlaring yopar.
Shovullar shamolda dengiz dalasi,
Delfinlar xanjari suvni chavaqlar.
Qanotlari ila chagʻalaylar galasi,
Moviy toʻlqinlarni oʻqir, varaqlab.
09/02/2020. Kanada. Ontario.
Yomgʻirli shahar
Yomgʻirdan yuz yoshga yoshardi shahar,
Avtobus qayiqday yuradi suzib.
Yoʻlovchilarga suv sachratib oʻtar,
Hammani kuldirib, ichagin uzib.
Chiqar, old eshikka oʻzini urar,
Va orqa tamondan tushadi avom.
Avtobus odamday tirjayib kular,
Soʻng yana yoʻlida etadi davom.
09/02/2020.Kanada. Ontario.
Xushtak
Darchadan qorlarga qarayman hamon,
Qutb qashqirimas, izgʻirin uvlar.
Qordan qanot yasab ucharkan shamol,
Burgutday qoruchqun ortidan quvlar.
Qoruchqunlar uchar zulmatda oʻqday,
Oynalarni choʻqir ustiga ustak.
Olisda chinqirgan poezdga oʻxshab,
Oshxonada choynak chaladi xushtak.
08/02/2020. Kanada. Ontario.
Bogʻlar yarim yalongʻoch, yupun
Kuzning oʻychan shamoli izgʻir,
Hazin xoru xazonlar ohi.
Shamollarda chalar sibizgʻa,
Daraxtlarning yalongʻoch shoxi.
Dala qoʻriqchisi kiyingan yupun,
Yoriladi kuzgi bogʻlar anori.
Gʻamgin havolarda suzadi tutun,
Qishga tutashadi kuzning davomi.
Shamol esa yurar timirskalanib,
Goho oʻt — oʻlanni qayriydi, toʻxtab.
Xuddi galadoshin burga, bitlarin,
Izlayotgan maymunga oʻxshab.
07/02/3020. Kanada, Ontario.
Sukunat
Yolgʻiz odimlaysan oʻtloq tomonda,
Koʻrinmaydi kuzgi yoʻllarda birov.
Sigiring izlaysan kuzgi tumanda,
Qoshu kipriginga qoʻnadi qirov.
Bogʻlar sukunatga, xayolga botgan,
Yostiq qilib yotar jimlik kovushin.
Tinglash uchun asta uchib tushayotgan,
Kuzgi yaproqlarning mungli tovushin.
11/02/2020. Kanada, Ontario.
Qaldirgʻoch
Kuzda ketganingni sezmay qolamiz,
Ummonlar ustida uchasan oylab.
Xazonrez bogʻlarda oʻyga tolamiz,
Olis oʻlkalardan qaytishing poylab.
Boʻronlar ham seni toʻsolmas yoʻldan,
Sarosar uchishni yigʻishtir, etar.
Uy olib Maslaxat yo Oltinkoʻldan,
Odamday bir joyda yashasang netar?
Har bahor xalloslab qaytib kelasan,
Qishlasangda Misr va yoki Chinda,
Chugʻur chugʻur sayrab, zavqqa toʻlasan,
Loylar marjonidan qurilgan inda.
Loyni iylarmishsan tumshugʻing bilan,
Bu qanday guvalak, ayt, qanday usul?
Koʻlmaklarda goho aytgancha oʻlan,
Choʻmilasan, vojib boʻlganday gʻusl.
Bu yil yana izlab yashamoqqa joy,
Eshitdim, qaldirgʻoch, kelibsan qaytib.
Yana in quribsan, tumshugʻingda loy,
Bizni xasharga ham qoʻymabsan aytib.
24 may, 2014 yil.
Tungi soat 1:17 daqiqa oʻtdi.
Kanada. Brempton shahri.
Seldan guvillaydi oʻtlogʻu dala
(Xurshid Ziyoxonovga)
Sharros quyar ekan shovqinli jala,
Guldirak faryodi olamni tutar.
Seldan guvillagan oʻtlogʻu dala,
Shiddatli yomgʻirda koʻrinmay ketar.
Lek shadid talo toʻp koʻp oʻtmay yana,
Taqa taq toʻxtarkan, tinib qolar sel.
Osuda sukunat qoʻngan koʻchaga,
Xayolchan termular darchalardan el.
Shalobbo bogʻlarda shodumon qushlar,
Chugʻur chugʻur sayrab, safsata sotar.
Koʻchada osmonu falakdan tushgan,
Tubsiz, shaffof koʻzgu yaraqlab yotar.
23/02/2020. Kanada, Ontario.
Yolgʻizlik
Goho uzoqlashar, goh kelar yaqin,
Shamol oʻpkasini ilgancha choʻpga,
Qilich yalongʻochlar zulmatda chaqin,
Qaldiroq osmonni tutadi toʻpga.
Hademay dala — dasht qolar xuvillab,
Qushlar ham yoʻl olar janubga tomon.
Darbadar, egasiz itdek uvillar,
Yaydoq dalalarda savdoi shamol.
Xochparchin qilingan Isoday yupun,
Qoʻriqchi yoʻllarga boqadi ilxaq.
Koyiydi oʻzini, olmagani uchun,
Qaytishga muhojir qushlardan tilxat.
Uzun englarini siltab galaga,
Qoʻriqchi raqs tushar, koʻylagi boʻzdan.
Bechora, bir oʻzi biydek dalada,
Yolgʻiz yashayverib aqldan ozgan.
15/06/2022. Kanada, Ontario.
Hamqishloqlarni eslab
(Ovchi Oʻljaboy akaga bagʻishlanadi)
Oʻlja aka, bormisiz salomat, omon,
Yuribsizmi hamon, daryo yoqalab?
Oy sohil suvlarin yoritgan zamon,
Joʻr boʻlib kuylagan chogʻi baqalar?
Qadim «Choʻchqaxona», teraklar tollar,
Quloqni yorgudek qushlar shovqini.
Kunbotar chogʻlari maragan mollar,
Jarliklar soyasi, daryo toʻlqini.
Doʻstim Erkin bilan sigir boqardik,
Oʻtardik mollarni kechuvdan haydab.
Olovga termulib, gulxan yoqardik,
Daryo sohilida yurardik daydib.
Shoshilmay oʻtardi kechuvdan mollar,
Shoxiga qoʻndirib qushlarni gohi.
Shovullardi shamol shashtida tollar,
Yangrardi sohilda kakkular ohi.
Chapaevning eri, shiypon, «vaxm»lar,
Olimjon Matmurod betakror shoir.
Yurardi shirakayf, chizib rasmlar,
Yozgan she’rlariga, qolardik qoyil.
Daryo sohillarin yoritganda oy,
Ilinar qarmoqqa sazanu laqqa.
Oʻlja aka, rizq uchun, osmonga boqib,
Shukrlar aytasiz janobi Haqqa.
Bir chetda, hech kimga xalaqit bermay,
Yashaysiz kamtarin avliyoga hos.
Siz kabi insonlar nomiga she’rmas,
Besh qismli Hamsa, doston yozsa oz.
04/03/2023.Kanada, Ontario shtati.
Van Gog
Qosh — kipriging, sochu soqoling malla,
Koʻzlaring kirtaygan, yuzlaring chuvak.
Bint bilan oʻralgan uchburchak kalla,
Yupqa lablaringda qimtilgan sumak.
Shtrixmi yo toʻzgʻir kartinangda yung?
Oʻqrayib qaraysan, qovogʻing uyib.
Ranglar toʻzonida jilvalanar mung,
Ufqlarning etagi bormoqda kuyib.
U yoqda oʻt oʻlan dengizi bormish,
Hali tushmaganmish bugʻdoyga oʻroq.
O telba musavvir, devona, darvesh,
Makoni yolgʻizlik, jandasi firoq.
Yulduzlar talaydi koʻkni beomon,
Olis kulbalarda chiroq yoqarlar.
Umidvor termular botargox tamon,
Shomgi dalalardan kungaboqarlar.
7/03/2020. Kanada. Ontario.
Chigirtkalar yoprilishini kutib
Quyosh gʻamgin botar, sokin tong otar,
Xuvillaydi bogʻlar kun oʻtgan sayin.
Sambittol hasratli oʻylarga botar,
Kokili shovullab shamolda mayin.
Qushlar faryodidan yorilgudek samo,
El qishni pinxona, orziqib kutar.
Oppoq chigirtkalar boʻroni aro,
Hademay dala dasht koʻrinmay ketar.
02/03/2020. Kanada, Ontario.
Kuzgi sukunat
Kuzning lablarida qaxrabo xanda,
Pichirlab nenidir aylar qiroat.
Egnida xazondan tikilgan janda,
Misli piri murshid, sohibkaromat.
Kezadi xazonrez bogʻlarda tuman,
Qiziqtirmas uni hokim, hukumat.
Kamtarin donishmand avliyosimon,
Vazmin xayol surar kuzgi sukunat.
29/02/2020. Kanada. Ontario.
Ehtiyoj ustiga qurilgan dunyo
Sevgi nima? -deya savol berarlar,
Sevgi chidab boʻlmas sirli ehtiyoj.
Chidayotgan boʻlsang, demak, sevmabsan.
Bu ehtiyoj ustiga qurilgan dunyoda esa,
muhtoj boʻlmagan,
tilanchi boʻlmagan biror kimsa yoʻq.
Hamma nimagadir, kimgadir muhtoj.
Dunyo deb atalgan oʻtkinchi, muvaqqat
hijrat hujrasida hamma muhojir.
Besh toʻrt soʻm pul topgan kishi boʻlib,
gʻaribroq odamga koʻz qiri bilan qarab,
tishlarini kovlab, kekirgan kimsa,
qilgan chala pucha ibodati evaziga,
bukchayib, tebranib, astoydil pichirlab,
koʻzlarida shashqator koʻzyoshi bilan,
yigʻlab, tilanadi Xudodan sogʻlik,
molu mulk, uzoq umr, mansab, martaba
magʻfiratu sersoya Jannatlardan joy.
Ha, ehtiyoj ustiga qurilgan bu dunyoda
barcha ehtiyojmand, barcha tilanchi.
Darchadan yoʻllarga intizor boqqan
etim kabi hamma mehrga muhtoj.
01/03/2020. Kanada, Ontario.
Jirafa bilan suhbat
Jirafa, lallayib yurguncha, buytib,
Uzun boʻyning choʻzib, qarachi,
Koʻrinarmi mening serquyosh yurtim,
Sohillarga tutash paxta dalasi?
Koʻkqargʻa, qaldirgʻoch oʻyib, in qurgan,
Ilma teshik jarlar, misoli pishloq.
Daydi kapalaklar tentirab yurgan,
Soya salqin tolzor, qadrdon qishloq.
Shamol shovullagan qamishli sohil,
Uzoqda gulxanlar yotgandir tutab?
Tinglab kakkularning hasratli ohin,
Dexqonlar yurgandir sholisin oʻtab?
Qalin yogʻochgardish koʻzoynak taqqan,
Yoʻl qarab, mungʻaygan pastakkina uy.
Koʻzyosh kabi toshib, limillab oqqan,
Daryo, bamisoli ohanrabo kuy.
Koʻkda shodu xurram, bir birin qutlab,
chorloqlar chiyillab uchardi har tong.
Qoʻy, sigir podasi yurardi oʻtlab,
Koʻrinmayaptimi?
Attang…
23/02/2020. Kanada. Ontario.
Uchrashuv
Oydin yoz kechasi, musaffo havo,
Koʻkda yulduzlarga etishmaydi joy.
Sokin sukunatda besas, besado,
Shu’lalar toʻshaydi dalalarga oy.
Tutdek toʻkiladi yulduzlar suvga,
Sohil baqa shovla qaynatar gohi,
Oʻt -oʻlanni kechki shudringlar yuvgan,
Zulmatlarni teshar chirildoq ohi.
Boʻgʻiq akillaydi olisda itlar,
Yigʻlaysan, koʻksimga qoʻyganingcha bosh.
Lablaring chetida omonat titrab,
Olmosday porlaydi bir tomchi koʻz yosh.
06/03/2020. Kunduz soat 1:02. Kanada, Ontario.
Maqomat
Kuzning lablarida qaxrabo xanda,
Pichirlab nenidir aylar qiroat.
Egnida xazondan tikilgan janda,
Misli piri murshid, sohibkaromat.
Kezadi xazonrez bogʻlarda tuman,
Qiziqtirmas uni hokim, hukumat.
Kamtarin donishmand avliyosimon,
Vazmin xayol surar kuzgi sukunat.
29/02/2020. Kanada. Ontario.
Yoriltosh
(Akter Farxod Abdullaevga)
Kulma, savol bilan murojaat etsam,
Yoʻl chetida yolgʻiz soʻppaygan ey tosh!
Senda ham bormi qalb, bormi hasrat, gʻam,
Chiqarmi sening ham koʻzingdan koʻzyosh?
Sen ham sevganmisan birontasin, ayt?
Koʻrganda tosh qotib, paypaslab koʻksing.
Sokin sukunatda, oy porlagan payt,
Koʻz yosh toʻkkanmisan ovozsiz, oʻksib?
Sening boshingni ham yorganmi yogʻiy?
Koʻrinmas tosh bilan, ayt menga rostin.
Boshinga ogʻirroq ish tushgan chogʻi,
Koʻrib, koʻrmaganga olganmi doʻsting?
Qanday mavjudotsan, nimasan, kimsan?
Kel, bugun lojuvard nurlarga qoril.
Gapirsangchi axir, ne uchun jimsan?
Tosh, sen ham tosh boʻlib bir bora yoril!
29/07/2019. Kanada. Ontario.
Isiriq tutatar bogʻlarda tuman
Menga oʻxshab yalqov, bekorchimas shamol,
U yupun bogʻlarni soliqqa tortar.
Qushlar uchib ketar janubga tomon,
Kundan kunga elning hayrati ortar.
Isiriq tutatar bogʻlarda tuman,
Tiyramox qushlarni janubga quvgan.
Tol xovuz boʻyida serrayar hamon,
Xayoli parishon, termular suvga.
Xazonlarni quvlab daydi shabboda,
Esib oʻtar ekan yonimdan shoshib,
Bitta bargni tutib oldim havoda,
Bosib ketmasin deb shoʻrlikni moshin.
21/02/2020. Kanada, Ontario.
Qoʻnar dala — dashtning sochiga qirov
Xorigan yaproqlar, daqiqa sanab,
Top — toza yoʻlaklar uzra toʻkilar.
Shamol ivirsitgan yoʻlakka qarab,
Farrosh xoʻmraygancha soʻkinar.
Qoʻzgʻoladi koʻkda qushlar boʻroni,
Osmonga alanglab qaraydi barcha.
Chirpirab raqs tushar bogʻlar xazoni,
Soʻng erga qoʻnadi ohista, charchab.
Xazonlar sargʻayar, misoli musxaf,
Qoʻnar toʻzgʻoqlarning sochiga qirov.
Janub tomon joʻnab ketadi kuz ham,
Guvillagan qushlar boʻroni aro.
21/02/2020. Kanada. Ontario.
Qaraysan, chelaging tushib qoʻlingdan
Qushlar uchar issiq oʻlkalar tomon,
Hademay dalalar halovat topar.
Moylanmagan temir dorvozani shamol,
Goh qiyalab ochar, gohida yopar.
Gʻamgin xoʻrsinishdan endi ne foyda,
Kuzmas, senga bahor koʻproq yoqardi.
Sevgining ikkimiz uchrashgan joyda,
Kuzgi qoqioʻtday sochi oqardi.
Osuda tumanli tiyramox tongi,
Xazon chirpiraydi oʻngu soʻlingda.
Turnalar faryodi toʻla osmonga,
Qaraysan, chelaging tushib qoʻlingdan.
19/02/2020. Kanada, Ontario.
Sayr
Koʻkdan oy xayoli parishon boqar,
Baqalar zulmatda kuylaydi hamon.
Oydinda sayr etish yaxshiyu, faqat,
Yolgʻizlik va yana sensizlik yomon.
Oydin sukunatda dov daraxt mudrar,
Osmon la’l javohir -yulduzlarga boy.
Yana bir oz porla dalalar uzra,
Meni yolgʻiz tashlab ketib qolma, oy!
19/02/2020.
Kunduz soat 2:44.
Kanada, Ontario.
Oydin sohillar
Kimdir yolgʻiz suzar yogʻoch qayiqda,
Bir maromda oʻychan eshkaklar eshib.
Yuksaladi koʻkka, aslo xayiqmay,
Oy shu’ladan arqonlar eshib.
Suzarkan koʻzagul ochilgan joyga,
Mast alast chayqalar sohillarda suv.
Boqib daryo uzra porlagan oyga,
Yovvoyi hayratdan angrayadi u.
Osmon deb atalgan bepoyon tomda,
Sukut saqlar olis yulduzlar minglab,
Eshkaklardan asta chakillab tomgan,
Tomchilarning tovushin tinglab.
18/02/2020. Kanada, Ontario.
Ogʻzi qulogʻida, jilmayar hilol
Darchalarning koʻzi tushmasin oqib,
Zulmat qamramasin oʻngu soʻlimni.
Dov — daraxtlar mash’alasin yoqib,
Kuz yoritgan mahal mening yoʻlimni.
Paypaslaydi chiroq shu’lasi bilan,
Traktor zulmatda kuzgi dalani.
Mudrab yotar qishloq, misoli chaman,
Chiroqlar chiviniga talanib.
Oxista imlaysan, eshiging ochib,
Parishon sochlaring oʻynaydi shamol.
Jilmayar, ogʻzining tanobi qochib,
Shudgorlangan dala ustida hilol.
17/02/2020. Kanada, Ontario.
Qadam tovushlari
Xonada sukunat hukmron edi.
Faqat chiqillardi devorda soat.
Shu mahal xonada oʻtirgan odam
birdan qoʻrqib ketdi, eshitib,
soniya ba soniya, daqiqa ba daqiqa
tobora yaqinlashib kelayotgan
soat chiqillashiga oʻxshab ketguvchi
oʻlimining qadam tovushlarini.
22/03/2024. Kech soat 7:34. Kanada, Ontario.
Xiyobon
Yo piray, sen buni qaerdan bilding?
Ha, bargi xazonlar chirpirab uchar.
Tabiat hademay, erta yo indin,
Boʻlmasaydi qishning qahriga duchor.
Bogʻda bargi xazon uchadi pastlab,
Novdadan uzilib tushgani ozday.
Daftar ham qogʻozdan qanotin rostlab,
Uchib ketmasaydi janubga gʻozday.
16/02/2020. Kanada. Ontario.
Oydin kecha
It quvgan soqovdek chopadi poyiz,
Ogʻir vagonlarni ortidan sudrab.
Oy oppoq nilufar, osmon esa xovuz,
Xurrak otar yalqov baqalar, mudrab.
Bogʻlardan axtarar tunamoqqa joy,
Darbadar shabboda, koʻzlari soʻqir.
Daraxt shoxlarining soyasidan oy,
Yoʻlga toʻshash uchun poyondoz toʻqir.
15/02/2020. Kanada. Ontario.
Ozodlik
Ochib yubordilar qafas darchasin,
Osmonu falakka havolandi qush.
Uchdi u, unitib barcha — barchasin,
Anglolmay koʻrgani oʻngmi yoki tush.
Uchar qanotlari ketguday titilib,
Parlarini shamol avaylab silar.
Qafas, ozod boʻlib, qushdan qutilib,
Ogʻzini lang ochgancha kular.
15/02/2020.Kanada. Ontario.
Kechuv
Oʻzanidan toshar bahorgi daryo,
Bosar oʻtloqlaru dala dashtni suv.
Shamol tol kokilin oʻynar beparvo,
Goho kapalakni quvlab ketar u.
Ilonday poʻst tashlab, qorpoʻstinin echib,
Yoʻllar oʻrmalaydi, bilmam, qayoqqa.
Moviy osmonlarni oʻtadi kechib,
Daraxtlar, shoshilmay yogʻoch oyoqda.
14/02/2020. Kanada. Ontario.
Osmon sahrosida qushlar karvoni
Chalinmadi hali cherkovlarda jom,
Hali yangramadi masjidda azon.
Qoʻnmadi oʻrmonlar etagiga shom,
Pichirlar poyimda duogoʻy xazon.
Dov daraxt jandasi oqar daryoda,
Tobora yuksalar bulut xirmoni.
Yigʻlab vidolashar, koʻtarar faryod,
Osmon sahrosida qushlar karvoni.
14/02/2020.
Kunduz soat 12:15.
Kanada, Ontario.
Sogʻinch
Toʻlqinlar, uzoqdan meni koʻrib,
Bir birini quvlab, qirgʻoqqa chopar.
Sogʻingan ayolday ulardan biri,
Sakrab, quchogʻimga oʻzini otar…
Olis hotiralar, biz uchrashgan joy,
Chagʻalaylar ohi girdibodimda.
Ipakday sochlaring visolgoxda oy,
Yoritgan laxzalar hamon yodimda.
Borsam, tanirmikan daryoning labi,
Oy hamon boqarmi yoʻlga intizor?
Uchrashganda dengiz toʻlqinlari kabi,
Otasanmi oʻzingni quchogʻimga, yor?
13/02/2020. Kanada. Ontario.
Sovgʻa
Istasangiz, esdalik uchun shu pashshaoʻldirgichni sizga sovgʻa qilaman. Siz u bilan bekorchilik jonga tekkan mahallar, sokin sukunatli dala xovlingiz oynalariga qoʻngan mudroq pashshalarni oʻldirishingiz mumkin — deya men sohibjamol ayolga oʻzimning yaqinda nashrdan chiqqan, yupqa daftarni eslatguvchi piyozpoʻsti kitobimni sovgʻa qildim.
13/02/2020.
Kunduz soat 10:10.
Kanada, Ontario.
Poezd
Gohida oʻrmalar, goh uchar qushday,
Chinqirar zulmatda telbaga oʻxshab.
Uzoq uzoqlarda chaladi xushtak,
Pishqiradi xorgʻin, qaydadir toʻxtab.
Mana ellik yilki, misoli haykal,
Qaqqayib turibman, perron bagʻri tosh.
Hamon ketib borar bir pari paykar,
Yum -yum yigʻlagancha, koʻzda jiqqa yosh.
12/02/2020. Kanada, Ontario.
Oy porlagan oqshomlar
Bogʻlarda chirildoq chirillagan tun,
Gʻamnok boʻzaradi ayvon chirogʻi.
Parvonalar esa charx urar beun,
Tom ustida porlar oyning oʻrogʻi.
Jovdiraydi olis yulduzlar koʻzi,
Oy, «gax!» desang goʻyo qoʻngudek qoʻlga.
Paxsa devor osha, boʻynini choʻzib,
Teraklar doʻstimday qaraydi yoʻlga.
12/02/2020. Kanada, Ontario.
Toʻlin oy
Gohida, quduqning ogʻziga oʻxshash
toʻlin oyga uzoq termulganimcha,
qurib qolgan koʻxna quduq tubidagi
yolgʻiz odam kabi sezaman oʻzni.
Goʻyo, zanjirini shaldiratganicha
tangʻir tungʻir qilib tushadiganday
yuqoridan boʻm -boʻsh quduq chelagi.
23 -03/2924. Kanada, Ontario.
Suv tiniq, baliqlar biltanglab suzar
Daryo toʻlqinlari qumloqni yalar,
Sohillarda boshoq chiqargan sholi.
Shitirlab, shivirlab, yomgʻir savalar,
Shamolda shovullar qamishlar yoli.
Yomgʻirli sohildan kelmaydi ketgim,
Jimirlaydi suvda xalqalar minglab.
Boqaman qarmoqning poʻkagiga jim,
Pichirlagan yomgʻir ohini tinglab.
Yomgʻir savalagan sohillar soʻlim,
Koʻzlarim — bahoriy daryo oʻzani.
Suv olgani kelsang sohilga, gulim,
Koʻzlarimga botir koʻzani.
12/02/2020. Kanada. Ontario.
Qishki chivinlarning oppoq galasi
Koʻcha fonuslarin talaydi, toʻzgʻib,
Oppoq chivinlarning telba galasi.
Qalin qorkoʻrpalar ostida mizgʻir,
Zulmatda oqargan dexqon dalasi.
Muz ostida mudrab yotibdi anhor,
Kumush kishan kabi shaldirab.
Mayli hayallasin, kechiksin bahor,
Koʻkda boʻkirmasin momaqaldiroq.
Toʻzgʻib uchaversin, toʻxtamay bir zum,
Oppoq qorzarralar gala va gala.
Mayli bahorgacha uyquni ursin,
Uzoqda kimsasiz qor bosgan dala.
11/02/2020.Kanada. ontario.
Sahro
Sholoplaydi qirgʻoq, dengiz chayqalar,
Oftob shu’lasida tovlanadi toʻr.
Gala gala uchgan oppoq chaykalar,
Chiyillaydi dengiz shovqiniga joʻr.
Qirgʻoqqa bosh urib, qiqirlab kulgan,
Toʻlqinlar bir birin quvlab, quvonar.
Kimsasiz sahroda shamollar yulgan,
Shuvoq, tuyaqorin kabi dumalab.
10/02/2020. Kanada. Ontario.
Yoz
Kapalaklar uchar oʻngu soʻlimda,
Toʻrgʻaylar sayraydi toʻliqib, toshib,
Bugʻdoyzorda peshvoz chiqar yoʻlimga,
Dala qoʻriqchisi, quchogʻin ochib.
Yozgi paykallarda jimirlar sarob,
Bir maromda oʻntab, oh chekar gʻurrak.
Goʻyo uzoqlarda, jiydazorlar aro,
Javzo uxlab yotar, otgancha xurrak.
24/01/2020. Kanada. Ontario.
Qorli dalalar
(Nay sozining qiroli Abdulahad Abdurashidovga)
Xazonrez shamollar esdi guvillab,
Qushlar uchib ketdi gala va gala.
Kimsasiz xovliday qoldi xuvillab,
Qor qoplagan yaydoq kimsasiz dala.
Beligacha qorga botib, beomon,
Qurigan qamishlar bormoqda qayga?
Balki ular borar sohilga tamon,
Aylangani shamol shashtida nayga?
2017 yil, 16 noyabr. Kanada. Ontario.
Maxshar
Boylikdan batamom qutildi daraxt,
Tashlab ogʻir tilla xazonlar yukin.
Va gʻamgin kimsasiz yoʻllarga qarab,
Xayollarga botdi, saqladi sukun.
Chorbogʻlarda daydib yurarkan shamol,
Qurigan oʻt — oʻlan boshini silar.
Hazonga yonboshlab, begʻam, bemalol,
Mayxoʻrday dong qotib uxlaging kelar.
Achchiq tutun xidi suzar havoda,
Bogʻlarda oʻt -oʻlan qovjirab qaqshar.
Sahroday kimsasiz soʻyi samoda,
Qushlar qoʻzgʻaloni, faryodi maxshar.
04/02/2020. Kunduz soat 11:04. Kanada. Ontario.
Kuz hasrati
Kuzak oʻt — oʻlanni avaylab, asrab,
Xazonlarga dafn etmoqchi chogʻi.
Kuzgi tolzorlarga choʻkadi hasrat,
Qagʻillaydi bogʻlar qargʻayu zogʻi.
Qaxrabo barglarin toʻkadi chinor,
Xiyobon ruhimday huvillab yotar.
Tirjayar bogʻlarda yorilgan anor,
Daraxtlar uyalib, avratin yopar.
Puflab oʻchirilgan shagʻam kabi ular,
Sirli boʻlsin deya ayyomi visol.
Xazonlar shamolda chirpirab uchar,
Shu’laga talpingan parvonamisol.
03/02/2020. Kanada, Ontario.
Hayrat
(Rahmon Qoʻchqorga)
Yoʻllarga poyondoz toʻshayotir oy,
Bir oʻzim daydiyman oydinda yayov.
Yulduzlar burgadek koʻkni hoynahoy,
Uxlagani qoʻymay, chaqar beayov.
Kimsasiz dalalar berar aks — sado,
Daryolar ortida koʻppaklar xursa.
Faqat jim kuzatar dunyoni Xudo,
U ovozsiz urar, mobodo ursa.
Dala — dasht ortida chiroqlarin yoqib,
Zulmatlar uyquga ketdi hoynahoy.
Bogʻlarda ochilgan gullarga boqib,
Yana angraygancha tildan qoldi oy.
03/02/2020. Kanada, Ontario.
Yulduzli osmon
Gulxan lovullaydi, zulmatli dala,
Uchqunlar chirsillab, uchar havoga.
Yonarqurt cingari tovlangancha alar,
Osmonu falakka boʻlar ravona.
Yonar gʻoʻzapoya, shabba, xoru xas,
Yolgʻizlik, sukunat, oydin halovat.
Nazarimda goʻyo yulduzlarga emas,
Gulxan uchquniga toʻldi samolar.
01/02/2020.Kanada. Ontario.
Muzlagan daryo
Qishning sochi oppoq oqargan,
Birinchi qor, kimgadir soʻngi.
Odam qorga oʻychan boqarkan,
Bilolmas, bu tushmi yo oʻngi.
Muzlab qolgan daryodagi suv,
Oppoq jimlik, misoli roʻyo.
Oqchorloqlar koʻtarar qiy — chuv,
Eri urgan xotinday goʻyo.
31/01/2020.Kanada. Ontario.
Xayqiriq
(Toʻbo xola hotirasiga)
Yozgi dalalarda kezar daydi el,
Salqin chorbogʻlarga shoʻngʻiydi qushlar.
Sarob jimirlagan paykal aro el,
Oftob qilichining tigʻida ishlar.
Soya salqinlarda yotgan sigirlar,
Kovshanib, koʻzlarin yumadi, mudrab.
Havoda muallaq toʻrgʻay vijirlar,
Jiydazor tomonda oʻntaydi gʻurrak.
Oshpaz Toʻbo hola tuproq tepada,
Qiyqirgancha elni chaqirar choyga.
Daydi kapalakni quvlar shabada,
Dov — daraxt soyasi toʻshalgan joyga.
07/02/2020. Kanada, Ontario.
Oydin sukunat
Xovuzga termular lallaygan daraxt,
Osmon yaraqlagan yulduzlarga boy.
Oqarishar oydin kimsasiz dala,
Koʻzni qamashtirib porlayotir oy.
Alvon giloslardan bogʻlar bagʻri qon,
Olisda baqalar qaynatar shovla.
Dong qotib uxlaydi xaloyiq shu on,
Uygʻonmas, bostirib kelsa ham yovlar.
Kimsasiz sukunat, havolar tekin.
Arshga etib borar chirildoq ohi.
Moʻralab qoʻyadi darchalarga sekin,
Osmonu falakning malika, moxi.
25/01/2020. Kanada, Ontario.
Xovlidan xovliga koʻchar daydi el
Birin ketin xorgʻin chirogʻin yoqar,
Xorgʻin shu’laafshon darchalarda el.
Oy koptogi sokin daryoda oqar,
Xovlidan xovliga koʻchar daydi el.
Bir sayoq shoirni sogʻingan ayol,
Yotolmay muzkoʻrpa toʻshalgan joyga,
Termular darchadan parishonxayol.
Dala uzra gʻamgin porlagan oyga.
14/06/2016. Kanada. Ontario.
Tungi laylakqor
Yoʻqdir qorzarralar sanogʻi, soni,
Qish zulmat qa’rida shopiradi qor.
Yoridan ayrilgan odamday fonus,
Qor qoplagan yoʻlga boqar intizor.
Ayvonda agʻrayib yotar kovushlar,
Xorgʻin derazalar boʻzarar hamon.
Kimsasiz bogʻlarda izgʻib, xovuchlab,
Darchalarga guruch sochadi shamol.
Qorli yoʻlga boqib, xayoling ogʻar,
Oqarar osuda dala, qir — qiya.
Qor asta shivirlab, jimgina yogʻar,
El -ulus uygʻonib ketmasin deya.
23/01/2020. Kanada, Ontario.
Farrosh
Koʻchmanchi qushlarga tilar bargrezon,
Bexatar safaru sabr va bardosh.
Top -toza yoʻlakka toʻkilar xazon,
Boʻralab soʻkadi shamolni farrosh.
Osmonni toʻldirib, gala va gala,
Shosha pisha uchib ketmoqda qushlar.
Uyquga ketadi hademay dala,
Koʻrmoq uchun oppoq, hayrli tushlar.
23/07/2022. Kanada, Ontario.
Boʻsa
Qayin shovullaydi, shabboda esar,
Kakku uzoqlarda oh chekar yolgʻiz.
Yoʻl yoʻl mayka kiygan oʻroqchi esa,
Astoydil oʻt oʻrar, qoʻlida chalgʻi.
Daryoda oʻrmalar erinchoq tuman,
Shamol oʻt -oʻlanni tebratib oʻtar.
Yoz daydi va dovdir kapalak bilan,
Chechaklar labidan avaylab oʻpar.
22/07/2022. Kanada, Ontario.
Kapalak
Kimsasiz osuda jim — jit yoʻlakka,
hazin shovullagan kuzgi qayinning
qahrabo barglari toʻkilar asta.
Esi ogʻib qolgan, xovlima xovli,
daydigan xazonrez sayoq shamolning.
Suv quyganday jim -jit tevarak atrof.
Bogʻda guldan gulga ohista qoʻnib,
goh kimsasiz yoʻlakni paypaslab, oʻpib,
bir oppoq kapalak, etimday yolgʻiz
uchib yurar, kimnidir izlayotganday.
Uchib yurardi u, xuddi tunlari
men yozgan she’rlarni notbukingdan
birovga koʻrsatmay oʻqiyotgan payting,
soʻzlardan soʻzlarga uchib, qoʻnguvchi
ma’yus nigohingday, sevgilim.
10/07/2022. Kanada, Ontario.
Qor
Yoʻlovchi izlarin yopib borar qor,
Izgʻirin bogʻlarda sibizgʻa chalar.
Chiroqlar olisdan boqar intizor,
Qorli tundraga oʻxshaydi dala.
Osmon uxlar edi daraxt uchida,
Yostigʻini yirtib, otdimi, netdi?
Chirpirab toʻzgʻigan parqu ichida,
Dov -daraxt, dalalar koʻrinmay ketdi.
28 oktyabr, 2014 yil. Kanada. Brempton shahri.
Gʻoya
(Onam Muhtaramxon Mirzajalol qizi hotirasiga)
Onajon, bu kechikkan gullarni endi ,
qaerga qoʻyaman, oʻzing ayt, axir,
qabring okeanlar ortida boʻlsa…
Shunday deya oʻylab, kutilmaganda
ajoyib bir gʻoya miyamga keldi.
Soʻng, senga atalgan oʻsha gullarni
oxista, avaylab oqizoq qildim
osmonlar aks etgan azim daryoga.
Senga etib borar deya oʻyladim
kechikkan va senga atalgan gullar.
Axir, sen, mana necha yillarki
oʻsha daryo suvida aks etgan mangu,
bepoyon osmonda yashaysan yolgʻiz.
05/07/2022. Kanada, Ontario.
Endi qaytib vafot etmagin
Qiynar seni hijron degan dard,
Yolgʻizmassan, bola chaqang bor.
Yigʻlamagin, koʻz yoshingni art,
Va yoʻlimga boqma intizor.
Oʻrtamizda ummon, qir -qiya,
Togʻu toshlar, tebranmas, tepsang.
Bilsam, «Meni oʻlibdi deya,
Unga aytib qoʻyinglar» debsan.
Oʻlmaganing, tirikliging rost,
Bu dunyodan erta ketmagin.
Keyin, sendan bitta iltimos,
Endi qaytib vafot etmagin…
03/07/2022.Kanada, Ontario.
Pion
Koʻcha fonusi oʻz plafonining erda sinib yotgan parchalariga parishon termulganicha mahzun xayollarga gʻarq. Xuddi oppoq gulpallalari toʻkilgan pion guliday.
24/01/2020. Kanada.
Aprel
Quyosh botib, gʻamboda, gʻarib,
Ufqlarning gulxani soʻnar.
Erigan qor suvin sipqorib,
Shom qushlari bogʻlarga qoʻnar.
Hilol koʻkda porlar parishon,
Koʻrasan koʻz ilgʻamas joyni.
Men sevaman, sevaman, ishon,
Aprel degan yolgʻonchi oyni.
Billur qandil singari tomdan,
Sumalaklar tushar uzilib.
Chakillagan iliq oqshomda,
El uyqusi ketar buzilib.
1990 yil . Bahor . Andijon shahri.
Choʻlquvar
Yoshligimda choʻlquvar edim,
Quvar edim choʻllarni yomon.
Choʻllar mendan qoʻrqib qochardi,
Kulgim qistar, eslasam hamon.
Quvmay desam uyqu bermasdi,
Quvarlikning muqaddas burchi,
Boʻronda ham quvlayverardim,
Koʻzda qumning qalampir-murchi.
Bilsam, bekor quvgan ekanman.
Daryolarda quridi suvlar.
Qasos dunyo ekan bu dunyo,
Bugun endi choʻl meni quvlar.
1988 yil. Toshkent.
Kapalak boʻroni
Esingdami, bir kun, sayr qilib yurib,
ming — minglab oppoq kapalaklarning
qurshovida qolib ketgandik ikov?
Bir birini quvlab, uchardi ular,
gullarga qoʻnishni sira istamay.
Faqat qoʻnar edi charchasa,
sening sochinga va qayrilma kipriklaringa.
Ayrilgimiz va uyga ketgimiz kelmay
uzoq vaqt sayr qilgandik birga
oppoq kapalaklar boʻroni aro.
Dov daraxt, koʻchalar, odamlar,
uylar koʻrinmay ketgandi kapalaklardan.
24/06/2022. Kanada, Ontario.
Kuzgi terak
Daydib yurgan edim, bogʻlarda badar,
Kuz sochib yubordi chumchuqlarini.
Ular uchib ketdi shoshib, qaygadir,
Shamollarda qayrab tumshuqlarini.
Kuz xazon raqsiga chorlaydi kimni?
Guvillasa yarim yalongʻoch terak.
Terak shoxidagi qoraygan inni,
Qushlar eslab, goho sogʻinsa kerak?
26 oktyabr, 2014 yil. Kanada. Brempton shahri.
Doʻst
(Oʻzbekning yoniq shoirlaridan biri, marhum doʻstim Ravshan Fayz hotirasiga)
She’rlaringda bahor, bulut bosqini,
Sharros quyar goho shiddatli jala.
Daryo izdan chiqar, bahor toshqini,
Koʻrinmay ketadi yomgʻirda dala.
Moychechak labidan avaylab oʻpar.
Yozgi oʻtloqlarda daydi kapalak.
Chugʻurchuq boʻroni guvillab oʻtar,
Xayqirar qushlarga bogʻbon kapada.
Kuz kelar, egnida xazon yamogʻi,
Gala gala uchar janubga qushlar.
Koʻchmanchi qushlarning yoʻqday sanogʻi
El qarar osmonga, yoqasin ushlab.
Anglolmas koʻrgani tushmi yo oʻngi,
Kimsasiz, tumanli dalalar roxi.
Soʻyu samolarga ketadi singib,
Turnalarning gʻamgin faryodi ohi.
2003 yil , 27 noyabr .
Tungi soat 9:30. Andijon.
Garchand soʻqir ishqning koʻzlari
Tumanlarda tentirab, daydib,
Dalalarda gulxan yoqarman.
Balki bir kun Vatanga qaytib,
Dorvozangni topib, qoqarman.
Qalblarga yoʻl topar roʻzi shab,
Garchand soʻqir ishqning koʻzlari.
Lablar yomgʻir kabi choʻlpillab,
Bir -birini topar oʻzlari.
Yomgʻir yigʻlar odamday asta,
Koʻz yoshlarin hech kimsa artmas…
Boshqa topqir a’zolar haqda,
Nazarimda, yozish ham shartmas.
25/06/2016. Kanada. Ontario.
Omonat yaproqlar
Daraxt qir uchida omonat zogʻlar,
Sukunatga toʻlar osmon qozoni.
Sekinroq yuraman men bunday chogʻlar,
Toʻkilmasin deya bogʻlar xazoni.
15 oktyabr, 2014 yil. Kanada. Brempton shahri.
Birinchi qor
(Oʻzbekiston xalq artisti Ozodbek Nazarbekovga)
Oppoq qor qoplagan dalalar roxin,
Angraygancha tildan qolibdi bogʻlar.
Qor yuki egibdi daraxtlar shoxin,
Qaxrli qagʻillar tumanda zogʻlar.
Baqirmay sekinroq qagʻillasa ham,
Eshitaman axir, emasman garang.
Qorkoʻchki qoʻzgʻolar yoʻtalsa odam,
Qor turar daraxtlar shoxida arang.
Qor bosgan dalalar besado, besas,
Hech kim halal bermas xayollar sursang.
Yoʻlovchi jilmayib qoʻyar, ranjimas,
Qulochkashlab turib, qor bilan ursang.
9/01/ 2013. Kanada. Toronto shahri.Kanada.
Hotira
Esingda boʻlsa, bundan roppa rosa
bir necha mangulik muqaddam
uchrashib, tanishgan edik sen bilan.
Gʻam qaygʻu, tashvish, dabdaba, boylik
butunlay begona edi biz uchun.
Qalin oʻt oʻlanli oʻtloqda ikov,
oʻynab yurar edik, ishga ham bormay.
Anvoyi gullardan gulchambar yasab,
boshinga kiydirib qoʻyardim tojday.
U paytlar mening ismim — Odam,
sening isming Havvo edi, sevgilim…
06/08/2022. Kanada, Ontario.
Tovush
Yomgʻir yaraqlatar yoʻllarni yuvib,
Mudraydi bogʻlarning qargʻayu zogʻi.
Shamol qanotlari shalobbo ivib,
Ucholmay qaydadir yotibdi chogʻi.
Fonus shu’lasidan nurafshon yoʻlak,
Sukunat odamday oʻylarga botar.
Koʻlmaklar diydasi koʻz yoshga toʻla,
Xiyobon ruhimday xuvillab yotar.
Yomgʻirda yuvilgan xiyobonda jim,
Dov daraxt yoʻlakka termulgan oni,
Eshitdim jimlikda, aniq eshitdim,
Chirt etib yaproqning uzildi joni.
28/10/ 2014. Kanada. Brempton shahri.
Cadoqatli chirildoq
Oqshom. Dala xovli, oʻyga choʻmasan,
Xonang derazasin bogʻlarga ochib.
Menchi kiprik qoqmay turaveraman.
Ering kelganda ham ketmayman qochib.
Esingdami, seni firoq oʻtida,
Kuydirib, bir zamon ketgandim oʻlib?
Mana, tagʻin qaytib keldim yoningga.
Qaytadan tirilib, chirildoq boʻlib.
Xovlingda buncha koʻp boʻlmasa gullar?
Yo bugun bayrammi, gullar saylimi?
Sevgilim, shu gullar ochilib yotgan,
Xovlingda chirillab yursam maylimi?
1999 yil , avgust .Toshkent.
Shukrona
Olloxim, anavi yon qoʻshnim borku,
oʻshandan degin,
belkurak oluvdim er agʻdargani.
Oʻsha qoʻshnim bir soat oʻtgandan keyin,
bergan belkuragin soʻrab chiqibdi.
Sen boʻlsang,
tugʻilganimdan beri ishlatib yurgan
belkurakdan afzal qoʻllarimni
mana, oʻttiz yildirki,
qaytarib ber deya qistab kelmaysan.
Yaqinda Komxozdan, B.T.I dan,
Gorgazdan, Elektrosetdan,
Soliq idorasidan
xoʻmraygan badqovoq odamlar keldi,
semiz — semiz popka koʻtarib.
Toʻlov miqdorini eshitgach,
Hushdan ketay dedim, koʻkarib.
Olloxim,
yaxshiyamki farishtalaring,
semiz — semiz popka qoʻltiqlab,
quyosh, yomgʻir , shamol xaqini
surishtirib kelmas uyimga.
Yaxshiyamki nafas yoʻlimga
havo xisoblagich oʻrnatmagansan.
1992 yil, Maslaxat qishlogʻi.
Ustoz Farid Usmonga
Qon tomirlar rishtadir, shundan jarangdor sozimiz,
Bizga shunday soz ato etgan Xudodan rozimiz.
She’r yozishdek bedavo bir dardni yuqtirgan aziz,
Kamtarin shoir Farid Usmon bizim ustozimiz.
Shum qadamlar etmagan tosh qoyalar mangu makon,
Koʻkda burgutlar kabi koʻz ilgʻamas parvozimiz.
Qilmagʻaymiz e’tibor yogʻiy gʻanimlar hayliga,
Bor adolatli Xudo -yavmul qiyomat Qozimiz.
Yigʻlamay quvnoq yasharmiz bu fano tuprogʻida,
Titratar olamni garchand oh ila faryodimiz.
16/06/2016. Kanada. Ontario.
Vatan xayoli
Botar paxtazorlar ortiga quyosh,
Lovullaydi alvon ufqlar etagi.
Tuman choʻka boshlar dalaga yuvosh,
Koʻkda yulduzlarning olmos chechagi.
Yoʻlda boʻynin choʻzib maraydi buzoq,
Poda xaydab oʻtadi koʻchadan kimdir.
Qurillar sohilda baqalar uzoq,
Oydin sukunatda, dala — dasht jimdir.
Goho daydi itlar qoʻyadi xurib,
Oy oʻychan termular chavra, chetanga.
Goho gʻam — tashvishni bir chetga surib,
Qaytging kelaverar ona Vatanga.
14/06/2016. Kanada.Ontario.
Kuz ilhomlari
Voh, kuzgi daraxt shaklida hayronani koʻrdim,
Yolgʻiz va gʻarib, bir dili vayronani koʻrdim.
Jim jit koʻchada oʻynadi raqqosa shamollar,
Charx urdi hazon girvati, parvonani koʻrdim.
Darcham yonidan oʻtdi uchib yovvoyi gʻozlar,
Parvoziyu faryodida devonani koʻrdim.
Qushlar uyasin tutdi daraxt shoxida, yo Rab,
Inlarga boqib, gʻam toʻla paymonani koʻrdim.
Za’far kapalaklar kabi uchganda xazonlar,
Barglarga koʻmilgan koʻcha, ostonani koʻrdim.
Yoʻllarga xazonlar toʻshadi kuzgi Toronto,
Boqqancha chinor bargiga Fargʻonani koʻrdim.
Ishq bodasidan mastu alast shomu sahar dil,
Uzlat uyida xilvati mayxonani koʻrdim.
Doʻst topmadi Vulqon bu jahon mulkida izlab,
Har erda gʻanim, vaxshati begonani koʻrdim.
26 oktyabr, 2010 yil. Kanada. Toronto shahri.
Qishloq sogʻinchi
Kuz xazonrez bogʻlarni quchgan,
Etim kabi yolgʻiz oʻynar el.
Qoʻl silkitar janubga uchgan,
Turnalarning karvoniga el.
Sohillardan qaytadi poda,
Sukunatga choʻmadi qishloq.
Javrar uzoq, safsata sotar,
Shomgi bogʻlar qoʻynida qushlar.
Quyosh ufqqa ketganda botib,
Porlasa oy, qaygʻudan holi.
Kurak bilan shamolga otib,
Oydinda el shopirar sholi.
Qurillamas endi baqalar,
Tulki yurar timirskalanib.
Chopar yolgʻiz daryo yoqalab,
Iskabtoparlarga talanib.
Kuyganyordan chinqirib oʻtar,
Temir yoʻlning poʻlat samani.
Sohillarda charaqlab yotar,
Chiroqlarning billur chamani.
26 oktyabr, 2014 yil.Kanada.
VATAN
(Oʻzbekiston xalq artisti Sherali Joʻraevga bagʻishlanadi)
Sen agar bugʻdoy boshoq boʻlsang somoningman, Vatan,
Toabad boshing omon boʻlsin, tovoningman, Vatan.
Barcha yaxshi, barcha oqil, barcha dono, faylasuf,
Qimtinib bir chekkada yurgan yomoningman, Vatan.
Chor taraf zulmat, tuman, uvlaydi ming -minglab shoqol,
To sahar gulxan yoqib chiqqan choʻponingman, Vatan.
Barcha jim, tilsiz pisib, mum tishlaganda, xayqirib,
Haq soʻzin dor ostida aytgan zaboningman, Vatan.
Boʻlmasin ovvora yov oybolta qayrab qatlima,
Qatl etib oʻldirsa xam oʻlmas omoningman, Vatan.
Yurtda Vulqon choʻqqidek boshim bulutlardan baland,
Yov uchun mangu oʻtib boʻlmas dovoningman, Vatan!
2004 yil, Maslaxat qishlogʻi.
Kuzatish
Jilmaygancha koʻz yoshlaringni,
Yashirasan, aldab netasan?
Men perronda qolaman yolgʻiz,
Sen poezdda yigʻlab ketasan.
Jiqqa yoshga toʻlgan koʻz bilan,
Yoʻl olasan uzoq ellarga.
Yugiraman poezd ortidan,
Soʻzlar uchar sovuq ellarga.
Chirpiraydi poyimda xazon,
Kuz borliqni tumanga belar.
Xuvillagan perronda turib,
Poezd kabi chinqirgim kelar.
1992 yil, dekabr, Toshkent.
*********************************
Yapon she’riyatidan Xoldor Vulqon tarjimalari.
Xayku va tankalar:
———————
Xayku va tankalar haqida
———————
Xayku va tankalarda koʻp qirrali nimkosa ma’no, kinoya, fisqu fasod, falsafiy mazmun mushoxadalar yoʻq.Bu ixcham poetik janr goʻzal tabiat manzaralarini, yoxud narsalar xolatini, yoki odamning muayyan ruhiy kayfiyatini aks etdirish orqali oʻquvchiga xayrat bagʻishlash, osuda tonglar kabi toza tuygʻular baxsh etish san’atidir.Xayku va tankalarda aks etdirilgan manzaralarni koʻz oldingizga keltira olsangiz, togʻdagi qishloqda oy chiqishini sargʻayib kuzatayotgan dexqonlar holatini,butazorlar ortidan ohista koʻtarilayotgan toʻlin oyni koʻrayotganday, chigirtkalar chirillashini eshitayotganday, boʻlasiz.Tahayyul va tahayyur shu’lalariga yoʻgʻrilasiz.Quyida bundan olti asr avval yozilgan yapon xaykularini va tankalarini oʻz tarjimam orqali hukmingizga havola qilaman.
—————————————-
Xoldor Vulqon. 1983 — 2013 yillar.
—————————————-
Xaykular.
———————
Matsuo Basyo
———————
***
Botargoxda qizardi quyosh,
Qizardi oʻtloqlarda oʻt -oʻlan.
Choʻgʻdek yonar shudring ham hatto!
***
Shilliqqurt teruvchi odamlar,
Kun boʻyi daydiydi dalada,
Usti boshi, engilari loy…
***
Jim -jit oydin sukunatda
Kashtan yongʻogʻini gʻajiyotgan qurtning,
Tovushini ham eshitish mumkin.
***
Choy terguvchi ayollar
Choy barglarin terib ketishdi
Kuzgi shamolday.
***
Katalakday kulbamni
Chor tarafdan yoritdi
Derazamdan moʻralagan oy.
***
Shu koʻm — koʻk dengizga uloqtiraman,
Shamol tortqilab yirtgan qalpogʻim bilan
Dabdalasi chiqqan shippagimni men.
***
Shamolda oʻntayotgan daraxt va,
Kosaga tomayotgan chakki tovushin,
Tinglab yotdim yolgʻiz, tun boʻyi.
***
O, keldingmi, darbadar qargʻa!
Sening eski ining qaylarda ekan?
Olxoʻrilar burkandi gulga!
***
Togʻ etagidagi kulbamga yoʻqlab,
Kelayotgan aziz doʻstimning
Naqd iyagidan kelar oʻt — oʻlan.
***
Tungi osmonlarga termuldim uzoq,
Va nihoyat mana, bulutlar aro,
Yaraqladi shu’laafshon oy.
***
Tungi sabo shivirlashini va
Mening she’rlarimni tushunar faqat
Dalalarda yolgʻiz tunаgan odam.
***
Guldagi shudringni ichar kapalak.
Hatto kuz kelgan boʻlsada, baribir
Yashagisi keladi uning.
***
Kuzgi bambukzorga berkindi,
Charchab, bir zumgina tin oldi
Xazonrez shamol.
***
Yaxshilab qara, huv ana!
Koʻrayapsanmi chetan devor ostidagi
Gullayotgan «choʻpon» gulini?
***
Uzoq — uzoqlarda ibodatxonaning
Qizil tomi koʻrinib turar
Gullagan giloslar buluti aro.
***
Hayotim kabi engil,
Guruch saqlash uchun qovoqdan yasalgan
Shu boʻm -boʻsh idish.
***
O, uygʻon, uygʻonsangchi ahir,
Hech yoʻq sen hamrox boʻl menga,
Charchab, uxlayotgan kapalak!
***
Hayr yorim, hayr, yaxshi bor!
Oydinda gullagan olxoʻrilarni
Eslab turgin, yod et, unutma.
***
Hoy mol baqayotgan bolalar!
Sindirib, tugatmalaring,
Xivich qilib olxoʻri shoxin!
***
Koʻxna xovuz, kimsasiz jimlik.
Birdan suvga sakradi baqa,
Xalqalandi sukunatda suv.
***
Dengiz suvi sovuq.
Chagʻalay uxlolmasdan qiynalar,
Toʻlqin uzra qalqib, chayqalib.
***
Yarim tunda uygʻonib ketdim,
Oshxonada suvi muzlab qolgan
Shisha idish yorilgan mahal.
***
Shaharda yangi yil bozori gavjum,
Qani endi, men ham borsaydim,
Tutatqi — isiriq sotib olsaydim.
***
Giloslar gullab yotgan tomonda
Jranglaydi hamon qoʻngʻiroq.
Ueno yo Asakuso tomonda balki.
***
Kun boʻyi pishgan bugʻdoyzor ustida,
Vijir -vijir qilib toʻxtamay,
Sayrab, sira toʻymadi toʻrgʻay.
***
Daraxtning shoxida boʻm -boʻsh qush ini.
Qaramoq qaygʻuli, qachonlardir koʻchib ketgan
Qoʻshnimning xuvillab yotgan uyiga.
***
Tunda shamni asta yoqar ekansan,
Xuddi chaqmoqni ushlab turganday
Tuyulding menga.
***
Yaqinda olamdan oʻtgan ayolning,
Chetan devorida ochilgan oppoq
Guli ham menga sovuq tuyuldi.
***
Qishilishton kimsasiz kulbaning,
Chirigan ustunini taqillatayotir
Toʻxtovsiz va ayovsiz choʻqib.
***
Qishloqqa kuz tashrif buyurdi yana.
Oʻtloqda shoshilmay, sekin odimlaydi
Oyoqlari uzun qarqara.
***
Dexqon sholi yanchishdan toʻxtab,
Toʻlin oyoga termuldi uzoq
Kuzgi xirmonda.
***
Gulxan olovida quritayapman
Yomgʻirda ivigan kiyimlarimni,
Kuzgi sovuq izgʻirin…
***
Koʻtarmoqda ohista qaddin,
Boyagina yomgʻir payxon qilgan
Kuzgi xrizantema gullari.
***
Iltimos, may toʻldirilgan qadaxga
Loy tushirmay uchinglar,
Barka topgur, qaldirgʻochlar!
***
Gullayotgan gilos ostida,
Xuddi rol ijro etayotgan akter kabi,
Tunash uchun choʻzilib yotdim.
***
Giloslar qiygʻos gullagan.
Tong boʻlsa, oʻsha oʻsha, begʻam,
Ohista oqarar togʻlar ortida.
***
Faqat koʻprik qoldi
Koʻzdan yoʻqolmagan.
Shovullaydi bahor yomgʻiri…
***
Goʻyo hozir, unga javoban
Qoʻngʻiroq ham zingʻillab qolar.
Hazin zuvillaydi zuvildoq.
***
Kuzataman qirgʻoqda gʻamgin,
Baliqchilar qayiqda yoqqan
Chiroqlar marjoni suzar zulmatda.
***
Pechakgullar ochilib yotar.
Boʻyni ingichka qovoqlar esa,
Oʻxshamaydi biri ikkinchisiga.
***
Yoʻq, men topa olmadim,
Senga oʻxshash narsani hali,
Yangi chiqqan oy!
***
Bulutlar qilt etmay turibdi,
Osmonning teng yarmini qoplab.
Chaqmoqlarni kutmoqda ular.
***
O, ularning koʻpligini!
Son -sanoqsiz chechaklar!
Yana hammasi har -xil gullabdi!
***
Oʻz hayotini oʻrabdi
Koʻprik ustunlariga
Uvadagullar…
***
Hayr! -dedim men kimgadir,
Kimdir hayrlashdi men bilan.
Kiso togʻlarida kezib yurar kuz.
***
Top etib erga uzilib tushdi,
Kashtan daraxtining toʻpchasi.
Men uni doʻstimga sovgʻa qilaman.
***
Mana, guruch ham tugadi.
Endi guruch saqlaydigan idishga
Gul oʻtqazaman.
***
Doʻstim oʻyqlab kelsa, yaxshi boʻlardi,
Shu gʻamgin yolgʻizlik sukunatida.
Kuzgi yaproq uzilib tushdi.
***
Chiroq oʻchgan, zimiston kulba,
Bir kishilik sovuq, yarimta adyol.
Oʻransang, goʻyo chaqaman deydi.
***
Gʻir gʻir esar tungi shabada.
Suvni xalqalaydi, sakraydi baliq.
Choʻmilaman oydinda yolgʻiz.
***
Qish kechasi, yolgʻizlik.
Suyanaman, shiftga boqqancha
Kulbam oʻrtasidagi ustunga.
***
Hamon pishillab oʻtga tomayotgan,
Achchiq -achchiq koʻz yoshlarimdan
Oʻchib qolmasaydi gulxan choʻgʻlari.
***
Yakuniga etdi bahor ham.
Jiqqa yoshga toʻldi xovuzda,
Biltanglagan baliqlar koʻzi.
***
Kechki qoʻngʻiroqlar jarangi…
Oʻshani ham eshitolmaysan
Bu kimsasiz ovloqda shomlar.
***
Mening yoʻl aniqlagichim —
Uzun -uzun oʻt -oʻlan oʻsgan
Oʻtloqdagi oʻroqchi odam.
***
Kuzgi xirmonlarda don yanchiyotib,
Uzoq -uzoqlarda oh chekayotgan
Kakku ovozini tinglamoq rohat.
***
Hoy, podachi, podani xayda
Huv anavi tomonga,
Kakku sayrayotgan yoqlarga!
***
Shiddatli bahor yomgʻiri!
Boʻtana suv, quturib, toshib,
Shavaqi shovvani koʻmib tashladi.
***
Oh, qanday rohat!
Sholipoya, yashil sholilar!
Jildiraydi qaerdadir suv.
***
Quyilish dorvozasi tomonda
Uzunoyoq qarqarani koʻkragiga qadar,
Koʻmar soʻlim dengiz suvlari.
***
Shovullaydi oydinda dengiz.
Somon yoʻli esa, choʻzilgan
Uzoqdagi Sado oroligacha.
***
Hijron haqidagi xaykuni
Elpugʻichga yozayotsam, kutilmaganda,
Qirs etib qoʻlimda sinib qoldi u.
***
Oʻlgan jangchining chirib, teshilgan
Xarbiy dubulgʻasi ostida begʻam
Kuylar chirildoq.
***
Manashu bujur tosh qachonlardir
Siyoxdoni boʻlgan biror shoirning.
Oʻydigʻida yaltirar shudring.
***
Ninachi uchyapti, uchyapti hamon,
Qoʻna olmay, shamolda egilayotgan
Kurmak novdasiga.
***
Dexqonlar, hayqirib, daladan quvgan
Chumchuqlar galasi panox topdi oxir,
Choy butalari orasidan.
***
Semiz choʻchqani ham uchirib ketar,
Qishki qor qoplagan dalalarda
Charx urgan bu shiddatli quyun.
***
Oʻltiraman kulbamda yolgʻiz,
Xuddi kimdir nogʻora chalayotganday,
Tomning tunukasin taqirlatar doʻl.
***
Men qarsak chalgan mahal,
Aks -sado yangragan yoqda
Porlar toʻlin oy.
***
Yolgʻiz, pastak kimsasiz kulba.
Hatto qizilishton ham
Taqillatmas uning eshigin.
***
Sen ham koʻrgan eding va sevar eding
Yangi chiqqan oyning oʻrogʻin, doʻstim.
Endi u mozoring ustida porlar.
***
Uzoq mehmon boʻlmay,
Ketib qoldi magʻrib tomon oy,
Xontaxtani yolgʻiz qoldirib.
—————————————
Kobayasi ISSA .
————————————
***
Qiygʻos gullayotgan giloslar,
Majbur qildi otdan tushishga
Kaltafaxm amaldorni ham.
***
Dalalarga qoʻndi yovvoyi gʻozlar.
Tomoshabin odamlarni
Ado qilib boʻlmaydi sanab.
***
O, qanchalar gʻamginlik bilan,
Kuzatmoqda kapalakning
Ozod parvozini qafasdagi qush!
***
Kuz shamoli keltirdi
Bir quchoq xazon,
Oʻchoqqa yoqmoq uchun.
***
Shudring koʻzdan gʻoyib boʻldi,
Uchib ketdi, nopok bu dunyoda
Qiladigan ishi qolmaganday.
***
Dexqonlarga ham hayronman.
Ular oʻrnatgan dala qoʻriqchilarining
Hammasi qingʻir -qiyshiq.
***
Bu qoʻziqorinning zaharli ekanini va,
Eganki odamni oʻldirishini
Bilardim, avvaldan bilar edima!..
***
Yil oxirlab qolgan paytlar
Qogʻoz qanot chiqarib, birdan
Uchib ketdi qaygadir pullar…
***
Ehhey, necha kun yumaladi ekan
Bu shoʻrlik poʻrtaxol mevasi
Tekislikka tushguncha togʻdan?!
***
Arshi A’lodan tushayotganday,
Oydinda ohista erga qoʻnayotgan
Oppoq gilos gulpallalari.
***
Xaydamanglar qovoqarini!
Axir u uzoqlardan kelgan,
Oʻtloqdagi gullarni yoʻqlab.
***
Choshgoh payti soyada yotib,
Jazirama dalada ishlayotgan,
Odamlarga hurmatim ortdi.
—————————
Yosa BUSON .
—————————
***
Oydin kecha. Sayraydi boʻlbul
Kichkina tumshugʻini
Boricha ochib.
***
Toʻrgʻay sayrar toʻliqib, toshib,
Uzoq termuladi koʻkka samuray,
Engini koʻziga soyabon qilib.
***
Iliq bahor oqshomi.
Yoʻlovchilar oʻtdi, oy porlayotgan,
Bulbul chax -chax sayrayotgan payt.
***
Yugirik dengiz toʻlqinlari yuvar,
Xurpaygan oppoq qarqaraning,
Uzun -uzun oyoqlarini.
***
Oh, qanchalar maza!
Kechsang yozgi tiniq suvlarni,
Shippagingni qoʻlinga olib.
***
Ikki yoki uchta gulpalla
Bir -birining ustiga tushdi.
Pion guli toʻkilayotir.
***
Tungi pashshaxonaga qamalgan,
Yonarqurtlar uchdi zulmatda.
Quvonchlarga toʻldi yuragim!
***
Kuzgi boʻron.
Novdalarga qoʻngan chumchuq galasi
Muvozanat saqlaydi arang.
***
Oqshom, shundoq jinkoʻchada
«Bon» bayramiga ketayotgan yoʻlovchini,
Quvlab qoldi qopogʻon itlar.
***
Oy porlagan kecha koʻzi ojiz odam,
Tasodifan menga turtinib ketib,
Kulib yubordi.
***
Hatto Xudo urgan qaroqchi ham,
Joʻshib, qoʻshiq aytib yuborar
Bunday yorugʻ oydin kechada.
***
Oy tikkaga kelgan mahal.
Kimsasiz koʻchada yuribman daydib,
Yolgʻiz bir oʻzim.
***
Qirgʻoqda bir oʻzim baliq tutaman.
Gʻarib, gʻamgin kuzgi shamollar
Taranglashtiradi qarmoq ipini.
***
Xaydamanglar qovoqarini!
Axir u uzoqlardan kelgan,
Oʻtloqdagi gullarni yoʻqlab.
***
Choshgoh payti soyada yotib,
Jazirama dalada ishlayotgan,
Odamlarga hurmatim ortdi.
***
Qorli tong.
Yana quritilgan baliqni
eyman shekilli yolgʻiz bir oʻzim.
***
Dengiz suvida suzib yurar
mayda yaltiroq baliqchalar.
Tutaman desang, yoʻq boʻlib qolishar.
***
Shu qoyadan turib,
koʻm — koʻk dengizga
qalpogʻimni uloqtiraman!
***
Qishki dala.
Uzoqlarda yurar dexqonlar
qolgan — qutgan choʻplarni yigʻib.
***
Sochim oʻsibdi.
Ozib ketdim, rangim olingan
bugʻu oyidagi yomgʻir toʻxtamas.
***
Banan yaproqlari soʻlgʻin.
Oyning porlab chiqishini
sargʻayib kuzatar dexqonlar.
***
Yoʻllar toygʻoq muzlama.
Attang, toyib yiqildi
shirakayf doʻstim.
***
Oʻlgan oʻgʻlin eslab yigʻladi ota.
Soʻnayotgan gulxan choʻgʻlari
oʻchib qoldi uning koʻzyoshlaridan.
***
Egnimdagi qogʻoz koʻylagimni
ivitib yirtibdi
bahor yomgʻiri.
***
Muzlagan olabugʻa baliqlari
irjaytirib yotar tishlarin
sovuq doʻkon peshtaxtasida.
***
Qaydasan, ey mening tayanchim?
Xassa qilib olgan choʻpagimni
sindirdi kuzgi shamol.
***
Ufqlarga botmoqda quyosh.
Kuzgi daryo suvlarida
yaltillaydi mayda baliqlar.
***
Choponim yupqa.
Kun boʻyi oʻtirib, undagi bitlarni
terib oʻldirdim.
***
Juda qalin qor yogʻibdi.
Endi Xakbinz togʻidan
qanday oshib oʻtar odamlar?
***
Yosinodagi gullagan giloslarni
koʻrsataymi senga,
mening qalpogʻim?
***
Oxir quvib etdim nihoyat,
oʻtgan bahorni
olis «Vaka» bandargoxida.
***
Voy bayov!.. Voy bayov!..
Yana nima deyish mumkin siz haqingizda
Yosinodagi gullagan giloslar!
***
Ustunlariga has — xashak ilingan
koʻprik hayrlashayotir
toʻlin oy bilan.
***
Qaydan keldi bu yalqovlik?
Bugun arang uygʻotishdi meni,
shovullaydi bahor yomgʻiri.
***
Quvonchla boqamiz yonarqurtlarga,
qayiqchidan umid yoʻq, u mast.
Toʻlqinlar qayiqni surib bormoqda.
***
Oydin qish kechasi,
qor bosgan yoʻllar.
Itga otay desam topilmaydi tosh.
—————————
Kobayasi Issa
————————
***
Kechib oʻtdim sayoz va toshli,
feruzarang daryo suvlarin,
shippagimni qoʻlimga olib.
***
Oydin kecha.
Tiniq sholipoya suvida
oqib yurar gilos gullari.
————————
Kovaxigasi Xekigado
———————-
***
Suzayotir qora kemaday,
sekin asta bulutlar aro
togʻning choʻqqisi.
***
Shilliqqurtning sira
chigʻanogʻidan chiqqisi kelmas.
Kuzgi shamollar…
——————-
Masaoka Siki
——————-
Gullagan Yamabuka soyasi.
Suv solingan qovoqda
biltanglaydi kumushrang baliq.
***
Kimsasizlik.
Daraxt ostidagi shaloq oʻrindiqda
qaragʻayning igna barglari.
————————
Nayto Meysetsu
————————
***
Qaytarib keladi oʻz ovozimni
yana oʻzimga
kuzgi boʻronlar.
***
Yurmayotgan otining
jilovidan tortar zoʻr berib
aravakash sovuq kechada.
***
Eshitilar oyna ortidan
dexqon ketmonining chiqirlashlari.
Shudgorda tosh koʻp.
***
Zilol suvli daryoda,
lapanglab oqmoqda
suvga qulatilgan xodalar.
***
Tutunlarda koʻrinmay ketar
sargashta roxib.
Olislarda qoʻngʻiroq tovushi…
***
Chugʻurchuqlar galasi
uchib oʻtdi tepamdan.
Eshitdim qanotlar shuvillashini.
***
Menga sovgʻa berishdi.
Oltin baliqchani olib ketyapman
suvli qovoqda.
***
Qish yomgʻiri.
Hamma narsa jim.
Qirgʻoqdagi qayiq ham hatto.
***
Goʻyo kapalaklarni oldiga solib,
xaydab kelayotganga oʻxshar
soʻqmoqdagi yoʻlovchi.
————————
Taneda Santoka
————————
***
Shunday ketmoqdaman,
soʻzanakni qalpogʻimga
qoʻndirganimcha.
***
Yolgʻiz oʻtiribman,
romga elimlab
yangi qogʻozni.
***
Qanday va qayoqdan qaramayin,
hamon yogʻayapti toʻxtamay,
yogʻayapti qor.
***
Chirildoqlar chirillar.
Berkinishning iloji yoʻq
bu tovushlardan.
***
Uchyapti, hamon uchayapti
kuzgi daraxtlarning sargʻaygan
yaproqlari sovuq shamolda.
***
Dam olib yotgan chogʻim
qip qizil soʻzanak
oyogʻimga qoʻndi oʻtloqda.
***
Yaxshilab chaynash kerak,
xafsala bilan.
Guruch bu guruchda…
***
Boʻkib sake ichib, mast boʻlib,
chirildoqlar bilan birga
uxlab qolibman.
***
Yozgi sel shovqini.
Yillar oʻtishi bilan men kabi
sel ham qaribdi.
***
Ayozli qish kechasi,
sovuq izgʻirin.
Men qaerda tunayman endi?..
***
Qayoqqadir shoshar
sovuq bulutlar
cheksiz osmonda…
***
Dalada izgʻirin.
Toshlarni teraman
kuzgi shamolda…
***
Qanday ivib ketdima
boyagina huv anavi,
bulutlardan yoqqan yomgʻirda!..
***
Uziliksiz kavshanaman.
Mening ovqatim —
guruch kepagi.
***
Hoy, noinsof chigirtka,
xaltadagi guruch oʻzi oz,
ertagacha etsin…
***
Emoqqa ovqat yoʻq.
Kuzataman quyoshni gʻamgin
baland, olis togʻlar ortiga…
***
Yolgʻiz, begʻam, oppoq kapalak
Uchib aylanmoqda pildirab.
Hamma yoqda tosh.
***
Kulbam ayvonida yolgʻiz oʻltirib,
rohatdan koʻzlarim yumib, kavshanib,
«Uembosi» qiyomin eyman . . .
***
Yolgʻiz va sokin
jim — jit oʻngirlarning
shaffof tonglari . . .
***
Iyul jalasi.
Oʻprilib ketdimi deymanda,
osmon toʻgʻoni . . .
***
Xotiralar uchib kelar
qaydandir birdan
oppoq yuvosh kapalak bilan . . .
***
Atrof togʻ, qaragʻay oʻrmoni.
Toshni yostiq qilib yotibman.
Shosha pisha suzar kuzgi bulutlar. . .
***
Tungi ibodatxonada
tongacha mushuk
oʻynadi parvona kapalak bilan.
***
Yoʻlda kasal boʻlib qoldim.
Mana endi tungi zulmatda,
tinglayapman sel shovqinini . . .
***
Qorongʻi tushdi.
Endi oydin togʻlardan
axtaraman tunamoqqa joy.
***
Naxot shu kul qolgan boʻlsa
yoqib yuborilgan kundaligimdan ?. . .
***
Tong pallasi yirik tomchilar
nogʻora qilib chalar
pastakkina kulbam tomini.
***
Meni burga chaqib, uxlatmayapti,
yulduz toʻla bepoyon osmon . . .
***
Dengizlarga tikilganimcha
sohildagi oʻtloqda
boʻshanaman , xojat qilaman.
***
Kuzgi shamollarda
Ot sugʻoraman . . .
***
Choʻchqa menga tikildi.
Qiziqishdan ochilgan ogʻziga
kirmoqda kuzgi shamol .
***
Kun boʻyi yomgʻir yogʻdi .
Men oʻyladim hasratga choʻmib ,
olislarda qolgan Vatanimni.
***
Buncha ham mazali
boʻlmasa guruch .
Kavshanaman bir oʻzim oʻychan.
***
Oftob qizdirmoqda
ustarada taglab qirilgan
taqir boshimni…
——————-
Isikava Tokuboku
———————
***
Turgenevning romanini
poezdda oʻqib ketayotib,
«Isikari» dan oʻtib ketibman.
———————-
Midzuxara Syuosi
———————
***
Qishloq uzra gʻamgin porlagan oyni,
tomosha qilmas hech kim.
Barcha sholi oʻrimida . . .
***
Olmalar gullagan.
Boyagina yoqqan bahor selidan keyin,
oppoq gul qopladi sohil suvlarin.
***
Oy porlar .
Qayinlar soyasi sezilmas ,
tumanlarga choʻmgan qayinzor.
***
Bahorni kuzatayapman
yomgʻirlarda shalobbo ivib,
bulutlar bilan yuzma — yuz , togʻda.
***
Yomgʻirli kun.
Oqin boʻylab oqar xrizantemalar
koʻrinmaydi bironta qayiq.
***
Choy gullaydi baland qoyada.
Shom zulmati qoplagan togʻlar.
Olislardan koʻtarilar oy.
***
Qaldirgʻochlar chiyillab uchar,
gir aylanib, togʻdagi kulbamning,
tomi ustidan.
***
Xagi gullayotgan
Asama togʻiga chiqaman
bulutlarni goʻyoki qayrib . . .
***
Baland jarlar aro, toʻlqinlar uzra,
chagʻalaylar ini yonida
olxoʻri gullar . . .
***
Berkinadi oʻt — oʻlan ichra
tunash uchun oʻtloq kakkusi ,
yaqinlashar tun . . .
————————
Akutagava Ryunoske
———————
***
Mana tong otdi.
Qoʻshigʻini toʻxtatib, birdan ,
chirildoq jimib qoldi.
***
Togʻ etaklarida
yumilib qolibdi sovuq ayozdan ,
choy gʻunchalari.
***
Qishki yomgʻirlar.
Kanal qirgʻogʻidagi choyxonada
yolgʻiz bir mehmon . . .
***
Bogʻ yoʻlakchasidagi
koʻlmakda aks etar.
Azaliya gullari . . .
————————
Natsume Soseki
————————
***
Men kasal yotgan xonaning
bambuk pardasiga ohista qoʻndi
kuzgi kapalak.
***
Kuzgi daryo, baland sohillar.
Daryo uzra aks — sado yangrar.
chayla qurishyapti uzoqda.
———————-
Iida Dakotsu
————————
***
Pechka eshikchasin ochib, qarasam,
koʻmir oxista, istamaygina,
«qraq, qraq» etib, yonmoqda ekan. . .
***
Shamolda chayqalib, jaranglar
eshikka osilgan mitti qoʻngʻiroq.
Anor gullabdi . . .
***
Pashshaxonaga kirib yotibman.
Soʻnayotir kuzgi saharda
oʻchoqdagi kechagi choʻgʻlar . . .
***
Qor koʻmib tashladi
barcha yoʻllarni.
Isinaman oʻchoq oldida yolgʻiz . . .
———————
Nayto Meysetsu
———————-
***
Shaffof suvda
qilt etmaydi mudroq baliqlar.
Kuzgi shamol . . .
————————
Takaxama Kyosi
———————-
***
Guvillagan sovuq shamolni,
koʻksim bilan qarshi olib .
bir zumga unutdim qariganimni . . .
***
Hademay jimib qolar
oʻtinchining boltasi togʻda.
Kuzgi yomgʻirlar . . .
***
Loyqalatib ariq suvini,
dexqon sholgʻom yuvar
hafsala bilan . . .
***
Birinchi qish yomgʻiri.
Mening yuragimda umrbod
qolar endi u . . .
***
Boshim uzra uchib oʻtdi qush,
tumshugʻida nimadir choʻqib.
Meva shekilli . . .
***
Mana , yana bitta chinor novdasi,
yaproqlarin toʻkib, yalangʻochlandi . . .
Suv quyganday jim jit chor taraf.
***
Baland togʻ yonbagʻirlaridan turib,
oʻtinchilar oʻychan termulib qarar,
vodiydagi qolgan qutgan qorlarga . ..
———————-
Kovaxigasi Xekigado
———————-
***
Oyogʻim ostida oʻralashib ,
oʻsib yotgan maysalar aro
chiyillaydi mitti joʻjalar.
***
Men tun boʻyi xayku yozaman.
Kamsuqumgina xotinim esa,
kiyimini yamab — yasqaydi . . .
***
Oʻtloqqa chiqaman.
Qizgʻaldoqlar toʻzgʻir shamolda
va suqsirlar uchib oʻtar sarosar. . .
***
Kartoshka qaynataman.
Goʻyo qaydadir, koinotning boʻshliqlarida
yigʻlar bolakay . . .
***
Qoraygan oʻchoq moʻrisi uzra
aylanadi inga joy izlab
qaldirgʻochlar bahorda . . .
***
Qishloqda bayram,
qirmizi fonuslar yonar.
Boʻkiradi bugʻu zulmatda . . .
***
Suv charxpalagin aylantirishdan,
charchab holdan toydi odamlar
sholi ekish mavsumida . . .
***
Bugʻda pishirilgan sholgʻomni
Suzmaga qoʻshib eb,
oʻltirdim gʻamgin . . .
***
Sovuq suyagimdan oʻtib ketdi.
Choshgox payti sohilda
qaragʻaylar aro daydiyman hamon.
————————
Isikava Takuboku
————————
Kasalxona derazasiga
yaqin olib kelishdi meni.
Odamlarni koʻrib, quvondim.
***
Oxiri uloqtirdim
kuya egan telpagimni men.
Olti yil kiydim uni.
——————-
Toki Dzemmaro
——————
***
Uzoqlarni koʻrsatdim barmogʻim bilan,
u yoqlarda, u oʻlkalarda
oqib yotar Volga daryosi.
***
Uziliksiz, xuddi telbadek,
oʻylayverdim achchiq tamaki chekib,
olis Sibir qorlari haqda.
***
Qayta — qayta oʻqiyman koʻzlarimda yosh,
yurakka yaqin Turgenevning bu kitobini.
Muqovasi sargʻayib ketgan…
***
Oh, necha bor oʻchdi papiros choʻgʻi,
Hasratli oʻylar —
Achchiq Rus tamakisi, qish…
———————
Nasivaki Dzyundzaburo
———————
Kuzgi daryo qirgʻogʻi.
Uzun uzun oʻt — oʻlan ichra
Baliq tutar qarmoqda kimdir.
———————-
Masaoka Siki
———————-
***
Chirildoqlar chirillar,
ammo ming afsus
quloqlari kardir otamning…
***
Qishloqdan shaharga kelib,
gullagan gilosni tomosha qilayotgan
dexqon hamyonini kesib ketishdi…
***
Rangpar oy.
Mening birdan
tarvuz oʻgʻirlagim keldi negadir.
***
Oʻgʻrini tutib,
simyogʻochga bogʻlab qoʻydilar.
Tungi ayoz…
***
Qish oqshomi.
Xovuzdagi oʻrdaklar ustiga
qor yogʻayotir.
***
Shom payti qiynalib yurib,
fonusni osdim
gullayotgan gilos shoxiga…
***
Tumanlarning qa’ridan chiqdim.
Ehhe, qanchalar buyuk dengiz
roʻparamda yastanib yotar!
***
Yozgi daryo.
Koʻprik boru lekin,
otlar oʻtar sayoz kechuvdan…
***
Odamlar koʻpchilik boʻlib,
yotib olgan kema saxniga.
Porlar yozgi oy…
***
Ortimga oʻgrilgan paytim,
hozirgina yonimdan oʻtgan yoʻlovchi
tumanlarda koʻrinmay ketdi…
***
Qayiqdan, koʻpriklardan
kir yoyadigan joydan,
hamma yoqdan qararlar oyga…
***
Bahor oqshomi.
Kimdir oʻtdi yonimdan
sibizgʻa chalib…
***
Qanday qaygʻuli koʻrinish!
Oʻrgimchak toʻriga
kapalaklar ilinib yotar…
———————
Saygyo she’riyatidan:
Tankalar
—————————
***
Duvillab toʻkildi
uzun uzun oʻt — oʻlanlardan.
billur shudringlar.
Kuzgi shamol guvillar
Myagino dalalarida.
***
Kech kuzak osmoni,
qosh qoraygan on,
arang — arang yaltirab,
koʻrindi nihoyat uzoq kutdirgan,
sogʻintirgan oy.
***
Endi qandoq qilaman men,
koʻylagimning namchil engida
yalt etdi shu’la.
Botib ketdi bulut ortiga
kuzgi mayus oy.
***
Kuz oqshomi, oydinda
yoprildi bulutlar
oy yuzin toʻsmoq uchun.
Yoʻq, koʻzlarimni aldabdi
gʻozlar galasining koʻlankalari.
***
Osmonda oy yoʻq.
Chiqarmikin u ?
Men ayvonda oʻltirganimcha
uzoq kutdim, juda ham uzoq
oy chiqishin togʻli qishloqda.
***
Kunduzgiday yop — yorugʻ kecha
koʻlankam ham koʻrinmas.
Oy yaraqlab porlar
borar manzilimni angladim
qoʻngʻiroqlar tovushidan.
***
Shudringlarin toʻkmay,
uzib oldim men
gullagan Xagi butogʻini,
chigirtkalar qoʻshigʻin tinglab
oy yorugʻida.
***
Qora siyox bilan yozilgan
xatlarga oʻxshab
gʻozlar qanot qoqib,
gʻogʻolab uchar
tungi osmonda.
***
Oʻt — oʻlanlarni qayrib,
yurdim qaygʻuga botib.
Shudringlardan ogʻirlashdi
koʻylagim engi.
Chigirtkalar menga qoʻshilib yigʻlar.
***
Bahor tumanlari.
Qayoqqa, qaysi tarafga
uchib ketdi ekan qirgʻovullar?
Ular tuxum qoʻygan oʻtloqqa
bolalar oʻt qoʻyibdi…
***
Tuman qoplagan dala.
Oʻraman oʻt — oʻlanni.
Tumanlar qaygʻuli.
Bolaligim berkinib olgan
huv olisda , tumanlardan ham narida.
***
Tumanli tepaliklar tomonga
berkingan qirgʻovullar.
Uzoq — uzoqlardan
qanotlar sharpasi
sezilar menga…
***
Tinchim yoʻqolgan mening.
Tinimsiz oʻylayman, qaysi oʻngirda
qaysi togʻ yonbagʻirida
qaysi olcha
gullar ekan birinchi boʻlib?..
————————
Vakayama Bokusiy yozgan tankalar
———————
***
Vulqon poyida oʻsgan
qaragʻay oʻrmoni tepasida oy
kumush shu’lalar taratgan kecha
tun boʻyi tinmay
sayradi kakku.
***
Eski kvartalda,
ufqdagi shom bulutlariga
qarab toʻymayman .
Kechki soat vaqtin xabarlab,
jom chaladi ibodatxona.
***
Sajdagoxdan tushaman ,
zinama — zina yurib, ohista
va quyuqlashayotgan zulmatda
butun vujudim bilan
his qilaman bu kuz , bu tunni . . .
***
Shom hasrati choʻkkan kulbada
qirmiz koʻmirlarga sochsang
ozgina sake,
hushboʻy koʻkatlarning xidiga
toʻlib ketar oʻshanda xonang .
***
Uzoq uzoqlarda qorli choʻqqilar.
Haybatli qoyalar poyida esa
shovullaydi dolgʻali dengiz.
Qirgʻoq boʻylab sayr qilaman
bahor quvonchiga toʻlib vujudim.
***
Yarim kecha oydinda yolgʻiz
kulbamga qaytaman.
Soʻng zinapoyada toʻxtayman,
engimdagi archa ignabarglarin
qoqib tushirmoq uchun.
***
Bulutlar tarqadi.
Men Asama choʻqqisidagi
soʻqmoq uzra yuribman daydib.
Vulqon moʻrisi ustida
bulut parchasiga oʻxshagan tutun.
***
Termulaman koʻm koʻk dengizga,
eshitaman suvlar shovqinin.
Toʻlqinlar qoyaga oʻzini urar,
goho koʻkka sapchib , gohida pastlab,
yuragimni toʻldirar gʻamga.
***
Dud burqsigan loypaxsa oʻchoq.
Tutun xidi kelar
kurujkadagi qaynoq suvdan.
Togʻdagi qishki kulbada sovir
gʻaribgina kechki ovqatim.
***
Daraxt shoxlari aro
porlaydi qishki quyosh.
Yuzlarimni ohista silar
uning xorgʻin nurlari.
Yoritadi , lekin isitmas !
***
Men uzoqqa ketdim .
va dengiz sohilida
tunamoqchi boʻldim.
Endi yotgan edim, yarim kechasi.
Sharros quydi daxshatli jala.
———————
Yosii Isamu
———————
***
Havoda suzadi tamaki xidi,
oydin kecha, kimsasiz yoʻllar.
Jubbamga burkanib, yuribman, daydib
qingʻir — qiyshiq jinkoʻchalarda.
Gion xavosidan simirib yolgʻiz . . .
***
Poytaxtda ayoz.
Muzlab qolmadimikan uchib ketayotib
qoʻngʻiroqlar jarangi?..
Asta valdirayman
sovib qolgan sake ustida . . .
***
Bilganimda edi, oʻshal derazadan
tumanli zulmatlar aro porlagan
fonusning xira va xorgʻin yogʻdusi aro
oydin sukunatda oynasin asta
taqillatgan boʻlardim albat.
***
Nahot hech kim kelmas oʻlganimdan soʻng
soʻppayib yotgan yolgʻiz qabrimni
ziyorat qilmoqqa, koʻz yoshi toʻkib?
Oʻlganingdan keyin unutilishingni
Oʻylamoq qaygʻuli . . .
***
Eshitdim , Bokusiy tark etibdi
oxiri bu telba dunyoni.
O, kuz bunchalar mayus va gʻarib,
hattoki yurt ba yurt daydib yursamda,
hatto eb — ichsamda, huzurlansamda ! . .
***
Kamdan — kam odamga nasib qiladi
totib namxush qaygʻuni —
lablar bilan his qilmoq
tinimsiz ichilgan sake ta’mini
hayot va mamotning chegarasida . . .
***
Fevral oyi oxirlab borar,
olis momaqaldiroq tovushi —
bahorning ilk aks — sadosi.
Krab chigʻanogʻida Sake qaynatyapman
dengiz sohilida bir oʻzim, yolgʻiz.
***
Qaerda , qanday va qachon ,
tark etarkinman bu dunyoni men.
Men hayotim haqida oʻylayman,
oʻylayman oʻlimim haqida uzoq
oydin Ino tekisligida.
***
Iztirobli oʻylar ogʻushida jim
oʻchoqqa oʻt qalayman, puflayman tutun
va tun boʻyi bedor oʻltirib,
hasratli bexudud oʻyga choʻmaman,
qizargan koʻmirlarni kovlab, agʻdarib . . .
***
Sening fikringa qoʻshilmagan
odamlarni savalash shartmi?
Yaxshisi qoʻlinga tolxivich olib,
oʻz — oʻzingni ayovsiz savalab,
momataloq qilgan yaxshiroq . . .
***
Hasratli qaygʻular!
Bugun yana oʻchoqdagi koʻmir choʻgʻida
sake isityapman bir oʻzim yolgʻiz.
Kundan kun tobora qishga
singib borayotir Nirao darasi . . .
———————
Ito Satio
———————
***
Men yomgʻirli tunda
pion gullarini sogʻinib ketdim .
Soʻng toshfonarni yoqib, ohista
tashqariga chiqdim, pion gullarini
koʻrib kelmoqlik uchun.
***
Koʻrayapman — tosh ustin yopib,
va daraxtlar poyini qoplab,
goʻyo birgalashib, yigʻilib,
hamkorlikda chirpiramoqqa
hozirlanar bargi xazonlar . . .
***
Xorigan er, charchagan osmon
tong otguncha uyquga ketar.
Zulmat quyuqlashar
va bepoyon dengiz ustidan
begʻamgina koʻtarilar oy . . .
———————
Simaki Akaxiko
———————
***
Gullayotgan oʻtloqlar aro
oʻt — oʻlanli soʻqmoqdan yurib,
etib keldim bugʻdoyzorga men.
Va xoʻrsinib, dedim: -Jim — jitlik!
oʻrdak gʻaqilladi menga javoban . . .
***
Yarim kecha
quyuqlashgan tumanlar aro
sizar yogʻdular
va sirgʻalgan oy shu’lasida
gʻira — shira jilvalanar suv . . .
***
Oʻrmon sayxonligidagi
uzun uzun oʻt -oʻlan oʻsgan oʻtloqda
oʻylanib oʻltirib, yolgʻiz bir oʻzim
togʻli oʻlka bilan xayirlashyapman.
Qaygʻuli va ogʻir bu yurak uchun.
***
Chiroq shu’lasiga talpinganicha
parvonalar aylanar uchib.
Uyda, men bilan yonma — yon,
bolalarim uxlar
eski — tuskilarga oʻranib, qotib . . .
***
Yomgʻir tindi, yorishdi osmon.
Shundan boʻlsa kerak,
havo toza, muzdek musaffo.
Guruch qogʻozining qirgʻoqlarida ,
yonib tugayotir botish shu’lasi . . .
***
Jim kimsasiz tungi koʻchalar.
Soʻngan kullar qurumi bosgan
oʻchoq moʻrisining qirgʻoqlarini
qirov bilan bezar
izgʻirin ayoz . . .
***
Uzoq uzoqlardan, zulmat qa’ridan
elas elas eshitilar quloqqa
toʻlqinlarning boʻgʻiq shovqini.
Daraxtlar soyasi choʻzilib yotgan
oydinda raqs tushar dexqonlar.
***
Yozayapman , yozayapman ,
qorongʻi tushsa ham oy shu’lasida.
Hatto chiroqni yoqish uchun ham
oʻrnimdan turgim kelmas.
Yolgʻiz qarshilayman oqshomni shunday . . .
***
Dalalarda erib ketdi qor,
qoʻngʻir tuproq yalongʻochlandi
va osilib turar er uzra
botayotgan quyosh lappagi.
Koʻrinishi kichik va sovuq . . .
—————————
Nagatsuka Takasi
—————————
***
Dala ortidagi zovurda
boshlarini chiqarib suvdan
baqalar kuylaydi.
Bahorgi oʻrmonlarda esa
kalinalar gullabdi oppoq .
***
Uy oldidagi bogʻda
sukunatli sokin tumanlar.
Tongi gʻira — shirada
badyan shoxlaridan toʻkilgan
xazonlarni supuraman jim.
***
Loviya palaklari
yigʻishtirib olingan.
Kuzgi daladagi
toʻrsaygan kulrang tikanlar aro
chigirtkalar chirillar gʻamgin . . .
***
O ,Kameliya guli ,
muzlab sovqotding ,
sovuq shamolda.
Senga xech kim achinib boqmas .
Oʻxshash bizning taqdirlarimiz . . .
***
Bugun tunda jarangdor
ovoz bilan kuylar chirildoq.
Qaerdadir shu yaqin atrofda —
balki , misol uchun , oshxonada , yoki
sabzovot solingan toʻrvada kuylar. . .
———————
Koidzumi Tikasi
———————-
***
Botayotgan kunning shu’lasi
qirmizi yongʻinday shomgi togʻlarda.
Bambuklarning qoraygan
soyalari esa aks etar
qogʻoz devorda . . .
***
Qoʻshnilar meni
bugʻli xammomida choʻmilish uchun
taklif qilishdi.
Qaytayotib osmonga boqdim,
uchqunlardi qor . . .
***
Qadrdon doʻstimni
ziyorat qilgani bordim.
Juda erta ochilibdi
oppoq moychechaklar
chetan devorli bogʻlarda.
***
Fonarni oʻchirib
boraman tong sahar chogʻi
va koʻraman olisda
oppoq tumanlar bulut singari
yumalanib suzar er uzra . . .
———————
Syaku Tyoku
———————
***
Boʻm — boʻsh yoʻl .
quyiladi atrofga jimlik.
Qichishadi burun katagim
yoqilgan gulxanning achchiq dudidan.
Choy qaynatmoqdaman . . .
***
Qalbda xotirjamlik.
Bahor boʻronidan soʻng
hamma narsa tinchlandi, mana.
Eshitila boshladi koʻchada yana
yogʻoch kovushlarning toʻqillashlari . . .
***
Bulutlardan sizib oʻtayotgan
oyning xira yogʻdusida
toshayotgan daryo kechuvidagi
sholipoyalar aro
boʻqoq tortgan sholilar xidi . . .
***
Togʻdagi qishloq
qor bosgan daraxtlar .
oppoq osuda jimlik.
Odam ham, it ham koʻrinmas
qargʻalar yuribdi kulbam oldida.
***
Mana , yana qaytib keldim men,
tomida oy porlab turgan oʻsha
togʻdagi pastakkina kulbamga.
Oshxonada yangrar qadrdon qoʻshiq .
bu mening hamxonam — yolgʻiz chirildoq . . .
————————
Xaykular
————————
* * *
Baland qoyadagi daraxtga yana
ilinib qolibdi
mening varragim . . .
—————————————
Kobayasi ISSA .
————————————
***
Qiygʻos gullayotgan giloslar,
Majbur qildi otdan tushishga
Befarosat amaldorni ham.
***
Dalalarga qoʻndi yovvoyi gʻozlar.
Tomoshabin odamlarni
Ado qilib boʻlmaydi sanab.
***
O, qanchalar gʻamginlik bilan,
Kuzatmoqda kapalakning
Ozod parvozini qafasdagi qush!
***
Kuz shamoli keltirdi
Bir quchoq xazon,
Oʻchoqqa yoqmoq uchun.
***
Shudring koʻzdan gʻoyib boʻldi,
Uchib ketdi, nopok bu dunyoda
Qiladigan ishi qolmaganday.
***
Dexqonlarga ham hayronman.
Ular oʻrnatgan dala qoʻriqchilarining
Hammasi qingʻir -qiyshiq.
***
Bu qoʻziqorinning zaharli ekanini va,
Eganki odamni oʻldirishini
Bilardim, avvaldan bilar edima!..
***
Yil oxirlab qolgan paytlar
Qogʻoz qanot chiqarib, birdan
Uchib ketdi qaygadir pullar…
***
Ehhey, necha kun yumaladi ekan
Bu shoʻrlik poʻrtaxol mevasi
Tekislikka tushguncha togʻdan?!
***
Arshi A’lodan tushayotganday,
Oydinda ohista erga qoʻnayotgan
Oppoq gilos gulpallalari.
***
Xaydamanglar qovoqarini!
Axir u uzoqlardan kelgan,
Oʻtloqdagi gullarni yoʻqlab.
***
Choshgoh payti soyada yotib,
Jazirama dalada ishlayotgan,
Odamlarga hurmatim ortdi.
—————————
Yosa BUSON .
—————————
* * *
Bahor seli.
Okeanga quyilmoqda
boʻtana suvlar . . .
***
Oydin kecha. Sayraydi boʻlbul
Kichkina tumshugʻini
Boricha ochib.
***
Oʻtaverar shoshib bahor kunlari,
Bir -birini kuvlab, oldinma — keyin.
Men esa, oʻtmishda yashayman hamon.
***
Quyosh ham ohista botmoqda ufqqa.
Kitlar koʻrinmadi bugun negadir.
Qoraymoqda dengiz yuzasi.
***
Toʻrgʻay sayrar toʻliqib, toshib,
Uzoq termuladi koʻkka samuray,
Engini koʻziga soyabon qilib.
***
Iliq bahor oqshomi.
Yoʻlovchilar oʻtdi, oy porlayotgan,
Bulbul chax -chax sayrayotgan payt.
***
Ogʻir, ulkan qoʻngʻiroq chetiga
Qoʻnib turar omonat
Engil kapalak.
***
Yugirik dengiz toʻlqinlari yuvar,
Xurpaygan oppoq qarqaraning,
Uzun -uzun oyoqlarini.
***
Oh, qanchalar maza!
Kechsang yozgi tiniq suvlarni,
Shippagingni qoʻlinga olib.
***
Ikki yoki uchta gulpalla
Bir -birining ustiga tushdi.
Pion guli toʻkilayotir.
***
Tungi pashshaxonaga qamalgan,
Yonarqurtlar uchdi zulmatda.
Quvonchlarga toʻldi yuragim!
***
Kuzgi boʻron.
Novdalarga qoʻngan chumchuq galasi
Muvozanat saqlaydi arang.
***
Oqshom, shundoq jinkoʻchada
«Bon» bayramiga ketayotgan yoʻlovchini,
Quvlab qoldi qopogʻon itlar.
***
Oy porlagan kecha koʻzi ojiz odam,
Tasodifan menga turtinib ketib,
Kulib yubordi.
***
Hatto Xudo urgan qaroqchi ham,
Joʻshib, qoʻshiq aytib yuborar
Bunday yorugʻ oydin kechada.
***
Oy tikkaga kelgan mahal.
Kimsasiz koʻchada yuribman daydib,
Yolgʻiz bir oʻzim.
***
Tol novdalari bargsiz,
Ariq suvi tiniq va sayoz,
Toshlar yalangʻoch.
***
Qirgʻoqda bir oʻzim baliq tutaman.
Gʻarib, gʻamgin kuzgi shamollar
Taranglashtiradi qarmoq ipini.
***
Kuzgi soʻlgʻin oʻtloq.
Ehhe, qancha qoʻytikon yopishibdi,
Otning dumiga!
***
Sovuq ayoz, qorongʻu kecha.
Zulmatda turtinib xotinimning,
Tarogʻini bosib, sindirdim yana.
***
Bir maromda shigʻillar arra.
O, qashshoqlik, o, kambagʻallik!
Qaxraton qish, qor bosgan dala.
***
Porlar dala uzra shu’laafshon oy.
Men unga termulgancha, unutdim,
Qandaydir shoirona iztiroblarni…
* * *
Oyning birinchi kuni , mening ushoqdek
varragim boshqa varraklar bilan
qoʻshilib likillar Edo* ustida . . .
———————
* Edo- Tokioning eski nomi.
Kobayasi ISSA .
* * *
Sel toshqini.
Oh, qanchalar toʻlib oqmoqda
qal’a atrofidagi zovurlar !
——————————-
Masaoka SIKI .
* * *
Suv toshqini.
Mushuk tushib ketdi oqimga
Sakrab oʻtolmadi bechora .
——————————
XORO
* * *
Bahor shamoli.
Yutoqib — yutoqib suv ichar sichqon
Sumida daryosidan . . .
——————————
Kobayasi ISSA .
* * *
Ajoyib varrak koʻtarildi
kambagʻalning tomi ustidan
koʻm — koʻk osmonga . . .
—————————-
Kobayasi ISSA .
* * *
Qayiq ustida varaqlari
tosh bilan bostirilgan kitob.
Bahor shamollari esar . . .
————————
KITO.
***
Kapalaklar uchib yuribdi
U yoqdan buyoqqa xorgʻin,
Oʻtgan bahorni izlab.
Gomey.
***
Kuzgi toʻlin oy.
O, mumkin boʻlsaydi qayta tugʻilmoq,
Men togʻda qaragʻay boʻlardim albat!
Ryota.
***
Oppoq lotos gulin
Kesib oldim oʻroq bilan
Yugirik toʻlqinlar aro.
Idzen.
***
Bir kechada pechakgul,
Chirmashibdi quduq chelagiga.
Endi qoʻshnilardan olaman suvni.
Tiyo.
****
Xovuz uzra qizil ninachi
Tutyapti, tutyapti, tutyapti hamon
Suvdagi oʻz aksini.
Tiyo.
***
Oy toʻlgan kecha.
Qushlar ham hatto
Inlarini berkitmay uxlar.
Tiyo.
***
O, porloq oy!
Men sen tomon yuraman, sen esa,
Badtar olislaysan.
Tiyo.
***
Vannadagi suvni
Qayga toʻkishimni bilmayman.
Hamma yoqda chirildoq.
Onisura.
***
Sovuq qish kechasi
Xuvillagan daladagi qoʻriqchi
Qargʻalarga qoʻnalgʻa boʻldi.
Kikaku.
***
Quyosh botayotir ufqlar bagʻriga.
Kimsasiz jim -jit koʻchada yolgʻiz,
Uchib yurar daydi kapalak.
Kikaku.
***
Ogʻir tavaqali dorvoza
Tambalangan allaqachonlar.
Oy porlaydi ayozli tunda.
Kikaku.
***
El kabi tez uchadi yillar,
Oʻn yil oʻtibdiya darrov oradan.
Kechagina qabrga qoʻygandik uni!
Kikaku.
* * *
Bahor shamoli .
Turnalar oqarib xurpayar ,
qaragʻaylar orasida . . .
—————————-
RAYDZON .
* * *
Xuddi odamlarday daydib yuribdi
kaptarlar , chumchuqlar
baliq ovi mavsumida .
———————————
Kobayasi ISSA .
* * *
Baliq ovi mavsumida
qisqichbaqa ishonqiramay
oʻlchab yurar qumda oyoq izlarin . . .
———————
ROFU
* * *
Sholi ekish mavsumi.
Ox qancha qaygʻu, qancha tashvishlar
quyilgan — a bu qoʻshiqlarga !
—————————
Kobayasi ISSA .
* * *
Dexqon uxlar togʻ etagida,
ketmonchaga boshini qoʻyib.
Toʻrgʻay sayramoqda havoda.
————————————
Kobayasi ISSA
* * *
Sholipoya chopgani chiqdim .
Qush ham sayrab qoʻymas aqalli
togʻ yonbagʻrida . . .
———————-
Yosa BUSON .
* * *
Men bu erni agʻdargunimcha
ketib qopti dala osmonida
suzib yurgan bir parcha bulut . . .
————————-
Yosa BUSON
* * *
Oqshom tutunlari.
Nogʻoralar zirillar gulxan tomonda.
Chalinadi quloqqa qoʻshiq . . .
————————
RYoTA .
* * *
Kun uzoq choʻzilar.
Koʻprikka qoʻnganicha turar tustovuq.
Ketmaydi uchib . . .
—————————
Yosa BUSON .
* * *
Kun uzundan uzoq.
Olisdan elas elas eshitiladi ,
objuvozning xorgʻin gʻijiri . . .
—————————
YaXA .
* * *
Uzoqda uchmoqda bir gala oʻrdak.
Men ketmonchamni chayqayman.
Gʻaq etadi nimadir suvda . . .
—————————
Yosa BUSON .
* * *
Oʻtloq uzra tutun choʻzilgan.
Vaysashmoqda bir narsalar deb
ikkita biya . . .
—————————-
Kobayasi ISSA .
* * *
Eh sen bulbul!
Olxoʻri gullariga
Oyoqlaring loyin artayapsanmi?!
——————————
Kobayasi ISSA .
* * *
Bulbul sayrayapti,
har zamonda tashlab qahrli nazar
mening kulbamga . . .
—————————
Kobayasi ISSA .
* * *
Dexqon ishlayotgan
orol ustida ham
toʻrgʻay qoʻshigʻi . . .
———————————
Kobayasi ISSA .
* * *
Yashil javdarizor.
Toʻrgʻay koʻtarildi dala ustiga
soʻng yana pastladi . . .
—————————
ONITSURA .
* * *
Narsalarni yoruqqa qoʻyib,
kuzataman soyalar tugʻilishini
kuzgi choshgoxda . . .
————————-
KYoSI .
* * *
Tong yorishar.
Qoʻngʻiroqlar ovozi
tumanlarga belanar.
————————-
Matsuo BASYo .
* * *
Kuz kechasi.
Oʻraladi noʻnoq yoʻlovchi
yupqa koʻylakka . . .
——————————
Kobayasi ISSA .
* * *
Taralmoqda o — o — o — ou !
Mungli chorlov aks — sadosi.
Tun qoʻynida daydiydi bugʻu . . .
————————
Matsuo BASYo .
* * *
Kuzgi togʻda ibodatxona.
Ayvonda turgancha tingladim mayus
bugʻu chorlovin. . .
————————
Kobayasi ISSA .
* * *
Bugʻu ovozi
olisga jaranglab singadi
mayus va mayus.
————————-
Matsuo BASYo .
* * *
Tungi sovuq.
Menga juldur toʻnin qarzga berarmi
daladaga yolgʻiz qoʻriqchi? . .
—————————
Matsuo BASYo .
* * *
Izgʻirin.
Uzoqda xurpaygan turnani
koʻrayapman men . . .
—————————-
Yosa BUSON .
* * *
Poʻsht — poʻsht , chirildoq,
hozir yonboshimga agʻdarilaman.
Qani, joʻnab qolchi bu erdan !
————————
Kobayasi ISSA .
* * *
Oʻchoq boshidagi kovakka
chirildoq kirib olgan.
Tungi sovuq . . .
————————
Yosa BUSON .
* * *
Kuz kelmoqda.
Bu haqda xabar olib ,
uchib keldi qizil ninachi .
——————
SIRAO .
* * *
Zogʻcha tutib oldim.
Uning koʻzlariga qarab bildimki,
kuz kelayotir .
————————
DAKOTSU .
* * *
Ilgaklangan eshik.
Hovli sahnasida
oʻynar xazonrez . . .
———————-
TEYGA .
* * *
Akillaydi bezovta koʻppak,
ajratib qurigan xazon shitirin.
Xovlida boʻron . . .
———————
Sisey — DZYo .
* * *
Oppoq xrizantema.
Mana qarshisida toʻxtab qaychi ham
qotib qoldi bir daqiqaga .
———————
Yosa BUSON .
* * *
Yangi bogʻ yaratdim.
Nihoyat undagi toshlar namlandi.
Birinchi qish yomgʻiri . . .
————————
SYaDO .
* * *
Birinchi qish yomgʻiri.
Maymun ham qarshilik qilmaydi
kiydirsang chopon.
————————-
Matsuo BASYo .
* * *
Qanday qaysar odam !
Baliq tutar qish yomgʻirida
qosh qoraygan chogʻ . . .
————————
Yosa BUSON .
* * *
Men shamolga qarshi yurayapman.
Soyabonim ortga tortadi
qishki yomgʻirlar vaqti . . .
————————
Sisey — DZYo
* * *
Dexqon keng dalada
menga yoʻl koʻrsatdi
yulingan sholgʻom bilan . . .
———————-
Kobayasi ISSA .
* * *
Tovuqlar katakda uxlashayotir.
Qor esa yanada qalinroq
qoplayotir dalalar ustin.
———————————
Kobayasi ISSA
* * *
Shamol qalpogʻini uchirib,
savalaydi sellar beayov.
Qoʻriqchi dalada . . .
—————————-
XAGI — DZYo .
* * *
Oydin kecha.
Naqadar ayanchli , naqadar baxtsiz
daladagi qoʻriqchi . . .
——————————
Masaoka SIKI.
* * *
Daladagi qoʻriqchi
hatto Xizr boʻlib kelganida ham
boshdan olmas evroqalpogʻin.
—————-
DANSUY
* * *
Hoy, hovlida yana ne shovqin?!
Bu qoʻriqchi, kuchli shamolda
erga qulab tushdi gursillab.
—————
BONTYo .
* * *
Gʻoz, yovvoyi gʻoz,
ayt necha yil uchding sarosar
oʻrmonlar ortiga, dengiz ortiga?. .
—————
Kobayasi ISSA.
* * *
Yovvoyi gʻozlarning galasi
gʻogʻolab pastladi yaydoq dalaga .
Kuchaymoqda tungi sovuqlar . . .
——————
KYoROKU.
* * *
Qizilishton taqillatmoqda.
Kun botsa ham hamon tinmaydi
hamon oʻsha eski joyida . . .
——————-
Kobayasi ISSA.
* * *
Oʻchoq boshidagi kovakda
kuylar tamom oʻzin unutib
tanish chirildoq . . .
—————-
Matsuo BASYo.
* * *
Teshik soyabon —
qishlov uchun qoʻl keldi juda
koʻrshapalaklarga . . .
—————-
Yosa BUSON.
* * *
Sovuq tun.
Jigʻimga tegish uchun qoʻshnilar atay
qozon taqirlatayotirmi?
—————-
Yosa BUSON.
* * *
Sichqon chiqib borar
koʻrpam yonidagi jinchiroq sari.
Yogʻ ham muzlabdi . . .
————
Yosa BUSON.