Xoldor Vulqon
Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasining aʼzosi
Maʼyus chiroqlarning olmos chamani
(Sheʼrlar va tarjimalar)
Ushbu sheʼriy kitobimni mehribon onam Muhtaramxon Mirzajalol qizi va mening ikkinchi onam Ezozxon Kenjaevalarning porloq hotiralariga bagʻishlayman. Mazkur kitobni yaxshi niyyat bilan oʻqiganlarni Xudo murodu maqsadlariga etkazsin.
(Xoldor Vulqon)
——————————-
Yillar uchib oʻtdi bamisoli oʻq,
Gʻurbatda oqardi soch -soqol, murtim.
Men seni bir zum ham unutganim yoʻq,
Meni ham unutib yuborma, Yurtim!
X.V.
————————-
Xoldor Vulqon 1959 yili Oʻzbekistonning Andijon viloyatida tugʻilgan. Toshkent Milliy Universitetini tamomlagan.U 1975 yildan buyon badiiy ijod bilan shugʻillanadi. Shu kungacha u rus va oʻzbek tillarida toʻrtta sheʼriy toʻplam, qator hikoyalar, beshta povest va ikkita roman yozgan. Shuningdek Xoldor Vulqon koʻplab yapon shoirlarining sheʼrlarini oʻzbek tiligan tarjima qilgan. 1999 yildan buyon Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasining aʼzosi. Taqdir taqozosi bilan Kanadada yashaydi. Mukofot va unvonlari yoʻq.
—————
Pichan oʻrayotgan odam
—————
Toʻrgʻaylar chiyillab chaladi xushtak,
Qirda oʻt oʻraman, qoʻlimda chalgʻi.
Kayfiyatim aʼlo, engilman qushdek,
Shamol daydib yurar bir oʻzi yolgʻiz.
Uzoqda qorayar kulba, kapalar,
Gullabdi oʻt -oʻlan ichida tikan.
Gʻamgin uchib yurgan oppoq kapalak,
Marhuma onamning arvoximikan?
——————
12/07/2022.
Kunduz soat 2:47.
Kanada, Onterio.
————————
Tongi sukunat
————————
Toptalgan bahaybat samo gulhani,
Miltillaydi yulduz choʻgʻlari hamon.
Oʻz nuriga oʻzi xorgʻin chulgʻanib,
Oy suzar ohista magʻribga tomon.
Gʻira shira zulmat, tong sahar payti,
Osuda jimlikka tutaman quloq.
Bugʻdoyzor tomonda qayta va qayta,
Bedana xotinin qoʻyar qumtaloq.
—————————
15/02/2020. Kanada, Onterio.
——————
Koʻklam chaqinlari
(Isteʼdodli shoir Jontemirga)
———————
Bogʻlarga ochilgan darchalar romi,
Sukunatga choʻmgan oʻtlogʻu dala.
Shivirlar bahorning yomgʻirli shomi,
Ohista, hech kimga bermasdan halal.
Yomgʻirli zulmatda uzoq yaqinlar,
Xayolga botganday charogʻon kunsiz,
Chaqnaydi olisda gʻamgin chaqinlar,
Osmon bilan erni payvandlab unsiz.
—————————
16/03/2020.
Erta bilan soat 8:43.
Kanada, Ontario.
—————-
Niyyat
——————
Zulmatda chirildoq chirillagan on,
Odam boʻlib, elning koriga yarab,
Yagʻir doʻpping kiyib, elkangda ketmon,
Dalalarda yursang yolgʻiz, suv tarab.
Yulduz inson koʻzi ilgʻamas joyga,
Nayzaday sarosar uchsa ovozsiz.
Soatlab termulsang porlagan oyga,
Oddiy suvchi boʻlsang, boʻlsang savodsiz.
Shiypon tamondagi soʻrida yotsang,
Gʻir — gʻir esaversa tungi shabada.
Uygʻonsang toʻrgʻaylar chuldirayotgan,
Oʻz ona yurtingda, tongi dalada.
——————————
7-avgust, 2010 yil.
Tungi soat 1:56.
Toronto shahri, Kanada.
———————
Gʻozlar galasining boʻm -boʻsh chelagi
———————-
Yomgʻirdan keyingi musaffo havo,
Dov — daraxt oʻy surar, koʻlmakka boqib.
Darchalardan yoʻlga termular avom,
Xayol degan cheksiz daryoda oqib.
Qushlar chugʻurlaydi, bulut tarqalar,
Yashnadi qaqragan xovuzning labi.
Majnuntol shamolda mahzun chayqalar,
Unsiz yigʻlayotgan parizod kabi.
Koʻlmaklar koʻzgusi yotar bir yonda,
Marmarday yaltirar bogʻlar yoʻlagi.
Gʻiyt — gʻiyt etar kuzgi gʻamgin osmonda,
Gʻozlar galasining boʻm — boʻsh chelagi.
—————————
9 iyul, 2011 yil.
Tungi soat 2:36.
Toronto shahri, Kanada.
——————
Zulmat
——————
Gʻamgin miltillaydi uzoqlarda choʻgʻ,
nazarimda, tutunni tutunga ulab,
tamaki chekmoqda kashanda zulmat.
Ichi moʻrining singari qorayib,
oʻpkasi ham chirib, tamom boʻlgandir…
Nega chekyapti ekan? Balki, xotini:
-Sen ham odamlarday, chet elga borib,
ishlab, pul topib kelsang, oʻlasanmi? -deya,
janjal koʻtardimikin yarim kechasi?
Oʻzi xotinining jagʻi yomonda.
Ishqilib, oxiri bahayr boʻlsin.
Xudo koʻrsatmasin, xotini shunday
janjal qilaversa, chidolmay zulmat,
uzun arqon bilan, achchiq ustida
ogʻilxonaning yoʻgʻon peshxorisiga,
osib netib qoʻysa oʻzini shartta
koʻring tomoshani.
«Dyll! Dyll!Dyll!Dyll!» » deb yurguvchi
«Ural» rusumli kajavali mototsiklini
kapa kapa qilib xaydab, shogirdi bilan
uchastkavoy leytenant Shgabuddinov
etib kelsa kerak, uzoq kutdirmay?..
Yaxshisi, bu erdan surishim kerak…
————————
02/07/2022.
Tungi soat 10:36.
Kanada, Onterio.
——————
Yoz kechasi
——————
Shamol daydib yurar, havo musaffo,
Oy hamon yoritar Xudoning mulkin.
Kecha shu qadar jim, sokinki, hatto,
Baqalar ovozin eshitish mumkin.
Moped tirillatib, oy mudragan payt,
Kimdir xorib, charchab, uyiga qaytar.
Bu haqda kimsasiz, sokin sukunat,
Qulogʻimga sekin, shivirlab aytar.
————
01/07/2022.
Kech soat 8:52.
Kanada, Onterio.
——————
Duo
——————
Mahzun uvillaydi qorli dalada,
Boʻgʻzigacha qorga botgan oʻt -oʻlan.
Arang jon saqlaydi qushlar panada,
Hech kim qor shopirmas shamoldan boʻlak.
Qorboʻron faryodin tinglayman, yotib,
Har holda, sandal bor, sovqatsa qoʻlim.
Iloho, zulmatda qorlarga botib,
Izlab topolmasin kulbamni oʻlim.
—————-
01/07/2022.
Kunduz soat 11:02.
Kanada, Onterio.
———————-
Tungi poezd
———————-
Porlab turgan mahal tom ustida oy,
Poezd koʻz ilgʻamas zulmat qaʼrida,
Chinqirdi, topolmay berkingani joy,
Olis adirlardan ham narida.
U shu qadar qattiq qichqirdiki, koʻkdan,
Yulduzlar marjonday toʻkildi suvga.
Shundanmi tun jimlik qaʼriga choʻkkan,
Shundan oʻt oʻlanni shudringmi yuvgan?
Qarayman oy nurin toʻshagan yoʻlga,
Dalalar oydinda xayolga toldi.
Poezd chinqirarkan, zardobga toʻlgan,
Yuragini boʻshatib oldi.
—————
30/06/2022.
Kech soat 8:46.
Kanada, Onterio.
———————-
Kuzgi oynalarning unsiz koʻz yoshi
———————-
Yomgʻirlarda yaltiraydi tosh,
Qarar oʻychan tabiat romdan.
Yogʻayotgan yomgʻirmas, koʻz yosh,
Koʻzlaringdan duvillab tomgan.
Sen ketasan soyabon qoʻlda,
Olislaysan misoli roʻyo.
Daraxt aksi, koʻlmakli yoʻlda,
Choʻkib yotar koʻzguga goʻyo.
Firoq jismu jonim qiymalar,
Erib borar izlaringda qum.
Sen ketasan, gʻamgin oynalar,
Odam kabi yigʻlaydi yum — yum.
—————————-
31 iyul, 2011 yil.
Kunduz soat 1:29.
Toronto shahri, Kanada.
———————-
Xazonlarga koʻmildi yoʻllar
———————
Lovullab yonarkan kuzgi gulxanda,
Guv urar xayoli parishon bogʻlar.
Oʻychan kuz labida qaxrabo xanda,
Qagʻillar sukunat qoʻynida zogʻlar.
Bodi izgʻirinda yalongʻoch, yupun,
Yalang novdalari qolsa ham qaqshab,
Oppoq choyshab ichra uxlamoq uchun,
Bogʻlar echinganda ayolga oʻxshab,
Olis oʻlkalardan kelganday qaytib,
Darchangdan toʻlin oy moʻralagan payt,
Adashgan yoʻlovchi singari daydib,
Goho tushlaringa kiramanmi, ayt?
—————————
13 avgust, 2011 yil. Kunduz soat 3:23. Toronto shahri, Kanada.
——————-
Yolgʻizlik
——————-
U stol ustida yotgan qogʻoz markaziga
qalam bilan nuqta qoʻyarkan, dedi:
— Bechora, qanchalar yolgʻiz u
qogʻozning qor bosgan dalalarida!..
Soʻngra shosha pisha oʻchirgich bilan
oʻchirarkan nuqtani, oʻziga oʻzi:
-Endi qorboʻronda koʻrinmay ketdi —
dedi, qaygʻu bilan chuqur xoʻrsinib.
Soʻng deraza ortida boʻralab yogʻayotgan
tungi laylakqorga termuldi uzoq.
————————-
05/02/2020.
Kech soat 5:55.
Kanada, Ontario.
—————————-
Zulmatlarda uchqunlaydi qor
————————-
Bu xazon, koʻzlari ojiz oshiqning
Qoʻlidagi oʻqilmagan xat.
Kimsasizlik, sukunat balki,
Soʻzsiz qoʻshigʻidir soqov hofizning.
Men boʻlsam,
Kuzgi dalalarda, tungi zulmatda
Yolgʻiz uvlayotgan qora shamolman.
Sen pastak deraza yonida,
Qirovli gulzorda bulbulni kutib,
Muzlab qolgan atirgulmisan?
Chirpirab uchayotgan qor uchqunlarichi?
Yorugʻ oynalarga talpinayotgan
Son — sanoqsiz oppoq parvonalarmi?..
Aytgil, nima uchun, kimni sogʻinib,
Sochlari quvv oqardi qishning?
——————————-
20 avgust, 2012 yil.
Kunduz soat 3:20.
Toronto shahri, Kanada.
—————-
Qadimiy soat
—————-
Turnalar joʻnaydi janubga tomon,
Dalalarga choʻkar sokin sukunat.
Ozod kezib yurar bogʻlarda shamol,
Hanuz qamamabdi uni hukumat.
Kuzgi oʻt -oʻlanni bosadi titroq,
Qaqraydi chanqagan daryoning labi.
Osilib turibdi novdada yaproq,
Qadimiy soatning kafgiri kabi.
——————
05/08/2022.
Kunduz soat 9:14.
Kanada, Onterio.
—————
Kech kuz
—————
Nechun qovogʻingni uyasan, havo?
Nega achchiq achchiq yigʻlab, yomgʻirlar
koʻchada ayovsiz savalar meni?
Koʻlmak ham ataylab akc etdirar
oyogʻimni osmondan qilib.
Men sizlarga nima yomonlik qildim?
Bogʻdagi inlarini xuvillatib,
uchib ketgan boʻlsa janubga qushlar,
ayb mendami?..
———————
02/08/2022.
Kunduz soat 10:12.
Kanada, Onterio.
———————
Xudojoʻy odam
———————
U Xudoga ishonadi, lekin Xudo ishonmas unga.
————————————
2021 yil, Kanada.
———————
Shom hasrati
———————
Olis okeanlar ortida qolgan,
Uy eshigi balki turar ochilib.
Va gʻamgin shuʼlalar toʻshalgan polda,
Kitoblarim yotar sochilib.
Pastak kulbalarda chiroq yoqarlar,
Dalalar osuda sukutga choʻmar.
Soʻngra yum — yum yigʻlab iskabtoparlar,
Shom hasratin sohilga koʻmar.
Yulgʻun oʻsgan baland jarlar uzra jim,
Sas — sadosiz asta koʻtarilsa oy,
Yorishib ketadi mening lablarim,
Laʼlin lablaringa muxr bosgan joy.
Yodga tushsa nogoh daryoning labi,
Yolgʻiz u damlarni eslasang gohi,
Tunni zirillatib chirildoq kabi,
Uzoq chirillaydi sevgi arvoxi.
——————————
9 aprel, 2011 yil.
Kunduz soat 3:35.
Toronto shahri, Kanada.
————-
Hijron
—————
Izgʻirin darchalar oynasin yalar,
Qor bosgan yoʻllarning yoʻqday poyoni.
Qorchivinlar koʻcha chirogʻin talar,
Tegmasa ham uning elga ziyoni.
Darichang ortida yogʻar laylakqor,
Xushtak chalar ayoz qoʻlida chalgʻi.
Yostigʻing yakkamas, bola chaqang bor,
Lek hamon dunyoda yashaysan yolgʻiz.
Tortganicha oyu yillar tanobin,
Oʻtarkan shuncha yoz, bahoru qishlar.
Sen hamon ichasan koʻz yosh sharobin,
Tunlar gazakiga yostigʻing tishlab.
——————————-
13/02/2020. Kanada.
————————-
Subhi sodiq
————————-
Xaloyiq dong qotib uxlaydi hamon,
Qoraygan darchalar chirogʻi oʻchgan.
Daydib yurar dalli, devona shamol,
Xovlidan xovliga koʻchgani koʻchgan.
Yulduzlar toʻkilib xovuchlaridan,
Osmon ham uyquga ketar hoyna hoy.
Junjikib havoning sovishlaridan,
Bulut koʻrpasiga burkanadi oy.
Sabo maysalarning sochini tarab,
Tong otar, shudringa yuzlarin yuvgan.
Koʻzguga boqqanday, anhorga qarab,
Dov-daraxt tushini aytadi suvga.
————————
07/03/2022.
Tungi soat 9:28.
Kanada, Onterio.
———————-
Yomgʻirli kuz
———————
Yigʻlab, savalaydi bogʻlarni yomgʻir.
Chinor yaproqlari yopishib yotar.
yomgʻirli yoʻlakda, misoli yorliq.
Deraza ortida yalongʻochlangan
namchil novdalari kuzgi daraxtning.
Bu yalongʻoch, achchiq novdalar bilan
arzir savalasang oʻzingni oʻzing.
——————
20/01/2023.
Kunduz soat 10:30.
Kanada, Onterio.
—————
Hotira
—————
Esingda boʻlsa, bundan roppa rosa
bir necha yuz ming mangulik muqaddam
uchrashib, tanishgan edik sen bilan.
Gʻam qaygʻu, tashvish, dabdaba, boylik
butunlay begona edi biz uchun.
Qalin oʻt oʻlanli oʻtloqda ikov,
oʻynab yurar edik, ishga ham bormay.
Anvoyi gullardan gulchambar yasab,
boshinga kiydirib qoʻyardim tojday.
U paytlar mening ismim — Odam,
sening isming, Havvo edi, sevgilim…
—————
06/08/2022.
Kech soat 6:50.
Kanada, Onterio.
——————
Tungi yomgʻir
——————
Tashqarida yomgʻir, yarim tun.
Ichkarida esa, tanho bir oʻzing.
Pastak darichadan, xorgʻin va maʼyus
fonus yorugʻida jimirlayotgan
koʻlmaklarga boqasan uzoq.
Shovullar qulogʻing chigʻanogʻida
qadimiy dengizday yomgʻir shovqini.
Soʻng, negadir, sening ham birdan
yigʻlaging keladi unsiz, oʻksinib,
lek yigʻlay olmaysan,
kimsasiz orolda yolgʻiz yashayverib,
yigʻlashni unutgan odam singari.
Adoqsiz va boʻm — boʻsh koʻchada esa,
daydib yurar, yomgʻirda ivib,
yupun, yarim yalongʻoch ruhing.
Itbaliqday titrar tomchilar
sovuq oynasida derazalarning.
Yoʻq, yoʻq, yomgʻirning chakida xaltasidan
tomayotgan chakkilar emas,
chiqillaydi devorda soat,
jimlikka koʻmilgan bombaday goʻyo.
——————
06/03/2022.
Tungi soat 10:03.
Kanada, Onterio.
——————
Qaxqaxa
———————
Bogʻlarda sangʻiydi daydi shabboda,
Yulduzlar osilib turibdi arang.
Oy, meni kechirgil, bilmay, mobodo,
Tirnoqlagan boʻlsam dildagi yarang.
Soching ustarada taglab qiribsan,
Moʻychinakda yulib, kiprigu qoshing.
Osmon sahrosida yolgʻiz yuribsan,
Archilgan tuxumga oʻxshaydi boshing.
Kezasan, kimnidir topolmay, istab,
Baqalar sohilda safsata sotar.
Taqir boshing koʻrib, kulgisi qistab,
Bulbullar oydinda qaxqaxa otar.
——————-
24/06/2022.
Kunduz soat 11:35.
Kanada, Onterio.
——————-
Tappi
——————
Oʻtin, koʻmir qimmat, quvirda gaz yoʻq,
Dov daraxtni kesib, tugatdim yoqib.
Qorin ochu, ammo doim koʻngil toʻq,
Shukr, yashayapman, uvadam oqib.
Moʻrilardan aslo oʻrlamas tutun,
Qor qoplagan yoʻlda koʻrinmas birov.
Gʻuvillar elvizak, kiyimim yupun,
Kulbam darchasini qoplabdi qirov.
Ishonmassiz balki, svet yoʻq desam,
Chiroq yonmasmikin to roʻzi maxshar?
Yulduzlar eslatar choʻgʻni, oy esa,
Devorga yopilgan tappiga oʻxshar.
——————————
23/06/2022.
Kunduz soat 1:34.
Kanada, Onterio.
———————
Ipi qoʻldan chiqqan pufak kabi oy
———————
Poyonsiz samolar saxrosida quyosh,
Dumalar yonayotgan shuvoq singari.
Dalalarga qoʻnar shom xasrati yuvosh,
Choʻkar daryolarga oyning langari.
Chirildoq goh joʻshib, gohida toʻxtab,
Chirillar, topolmay berkingani joy.
Ipi qoʻldan chiqqan pufakka oʻxshab,
Osmonga ohista koʻtarilar oy.
——————————
25/01/2020.
Erta bilan 9:51. Kanada, Ontario.
——————-
Tungi qoʻngʻiroq
——————
Yoʻlovchi turtinib borar koʻchada,
Qorzarralar aro, koʻzlab uyini.
Qaysidir darchada chiroq oʻchadi,
Chirpiraydi telba qorlar quyuni.
Qor hamon qiyalab yogʻadi tinmay,
Xaloyiq dong qotib uxlagan payti.
Zulmatlardan menga soʻngi tramvay,
Qoʻngʻiroq qiladi qayta va qayta.
—————————
24/02/2020.
Erta bilan soat 9:56.
Kanada, Ontario.
——————-
Qatʼiy qaror
——————
Etar daydiganim, qaytaman uyga,
Kechirgandir meni hokim hukumat.
Sogʻintirdi shamol kapalak quvgan,
Qadrdon dalalar, sokin sukunat.
Boshda yagʻir doʻppim, qoʻltigʻimda qop,
Joʻnayman oʻrilgan bugʻdoyzor tomon.
Tigʻday yaraqlagan panshaxani ob,
El bilan dalada toʻplayman somon.
Qaylardadir eshak xangraydi uzoq,
Maynalar qoʻnadi sigir shoxiga.
Toʻxtab keng dalada, tutaman quloq,
Uzoqdan hasratli kakku ohiga.
Qadrdon soʻqmoqni izlab topaman,
Menga bosh irgʻaydi oʻtloqda biya.
Hayratdan ochilgan ogʻzim yopaman,
Ari-pari kirib ketmasin deya.
Yolgʻiz, «Choʻchqaxona»* tomonda yursam,
Dil qushim qutilgan kabi tuzoqdan.
«Zilolmos»* tarafda xayqirib, xursand,
Poezd gudok berar menga uzoqdan.
——————————-
19/02/2020. Kanada.
«Choʻchqaxona»* — biz yoshlikda futbol oʻynab katta boʻlgan qadimiy choʻchqaxona xarobalari.
«Zilolmos»* — yuk tashuvchi poezdalar oʻtadigan Kuyganyordagi yashil rangli metall koʻprik.Zelenıy most.
——————-
Landavur daraxtlar
———————
Zulmatda laylakqor yogʻar boʻralab,
Pichirlaydi darcha, goʻyo alaxlar.
Oppoq qorlar kafaniga oʻranib,
Menga bunday boqmang, daraxtlar.
Qaraysiz qor bosgan yoʻlga intizor,
Kafanday oqarar qor bosgan dala.
Kezaman, poyimda xurrak otar qor,
Qorboʻron uylarning oynasin yalar…
Yalang shoxingizda qirov yaraqlar,
Chiqmaydi kulbangiz tomidan tutun.
Koʻmir boʻlmasa ham, hech yoʻq, daraxtlar,
Nahot topolmaysiz bir bogʻlam oʻtin?..
————————-
29/02/2020.
Kunduz soat 12:20.
Kanada, Ontario.
—————
Duo
—————
Talpinganday aziz avliyolarga,
tongda yoʻl olaman yolgʻiz bir oʻzim,
olmoq uchun, hech kim yoʻqlamay qoʻygan
kimsasiz, tumanli bogʻlar duosin.
Duo qilar meni mahzun pichirlab,
gʻarib, kuzgi yarim yalongʻoch bogʻlar,
oʻranib tumanlar uvadasiga.
———————
21/06/2022.
Erta bilan soat 7:23.
Kanada, Oterio.
——————
Yoz oqshomi
——————
Oʻt -oʻlan kokilin avaylab tarar,
Daydi shabbodaning kemshik tarogʻi.
Bugʻdoyzor ustida begʻam, bezarar,
Yaraqlaydi oyning oʻtkir oʻrogʻi.
Oy borliqni oppoq nurga beladi,
Chirildoq chirillab qattiq charchagan.
Ilohiy shivirday kirib keladi,
Baqalar ovozi ochiq darchadan.
Soʻlim salqin bogʻlar, yozning havosi,
Xomush porlar daryo ortida chiroq.
Poʻkillar zulmatda koʻppak ovozi,
Qoʻl etmas yulduzlar sen kabi yiroq.
—————
24/06/2022.
Kunduz soat 11:57.
Kanada, Onterio.
——————-
Qish kechasi
——————
Derazam ortida qashqirga oʻxshab,
Izgʻirin shamolda uvillaydi sim.
Yoʻlda goh intilib, gohida toʻxtab,
Qorlarga belanib, borar allakim.
Koʻchaga qarayman pastak darchadan,
Zulmat — qor qoplagan ibtidoiy gʻor.
Shahar uxlab yotar, itdek charchagan,
Fonus esa, loqayd maydalaydi qor.
———————
18/06/2022.
Kech soat 5:56.
Kanada, Onterio.
————-
Avgust
————-
Yolgʻiz oʻzim bilan oʻzim kengashib,
Dala dashtni kezdim, feʼlimga koʻra.
Yoʻl mening ortimdan keldi ergashib,
Qayt! -desam, ortiga qaytmadi sira.
Toʻrgʻay vijirladi, ovozi tiniq,
Tutib olgim keldi, qoʻlim uzatib.
Daydi kapalaklar galasi meni,
Uyga etgunimcha qoʻydi kuzatib.
—————
18/06/2022.
Kunduz soat 3:47.
Kanada, Onterio.
————————-
Qordan yorishadi ruhim dalasi
(Odil Ikromga)
—————————
Ohista oʻchirib, qora rangni qish,
Astoydil boʻyaydi zulmatni oqqa.
Xaloyiq uxlaydi begʻam, betashvish,
Qarayman qorlardan oqargan yoqqa.
Qorli tun, misoli ibtidoiy gʻor,
Koʻchada darbadar shamol xushtagi.
Hamon oʻsha oʻsha, oʻzgarmapti qor,
Oy yoritgan dala kabi tushdagi.
Olisda oqarar qor bosgan dala,
Odamzod qadami etmagan joydek.
Qor loqayd va begʻam yogʻar maydalab,
Qorongʻu kulbamni yoritib, oydek.
————————-
05/07/2022.
Kunduz soat 12:02.
Kanada, Onterio.
———————-
Yulduzlar daryoga toʻkildi tutdek
———————-
Bugʻdoyzor tomonda soʻqmogʻu yoʻllar,
Chiziqlarga juda oʻxshar kaftdagi.
Shafaqdan qizardi daryoyu koʻllar,
Botar ufqlarga quyosh lappagi.
Shom langar tashlagan oʻtloqda aygʻir,
Jimgina oʻtlaydi, koʻtarmay boshin.
Oy asta yuksalar begʻam, beqaygʻu,
Yoritib, suvdagi sohillar toshin.
Xas -xashak ilashgan etagin sudrab,
Shabboda ortimdan ergashdi itdek.
Qadam tovushimdan yulduzlar titrab,
Daryo suvlariga toʻkildi tutdek.
———————-
17/06/2022.
Kech soat, 8:17.
Kanada, Ontario.
——————-
Maqsad
——————
Tom ustida gʻamgin porlayotgan oy,
Gapirsangchi axir, nimasan, kimsan?
Nechun telefonga javob berolmay,
Unsiz yigʻlayotgan ayolday jimsan?
Daryoga sakrama, bu yoʻldan qaytgin,
Dalalarni yorit, hunaring ishlat.
Boqib darchadan, u ayolga aytgil,
Tunlar yigʻlamasin, yostiqni tishlab.
Bir kun koʻzlariga boqarman toʻyib,
Sakrab oʻtib, paxsa devordan boqqa.
Soʻngra, tizzasiga boshimni qoʻyib,
Topshiraman jonni janobi Haqqa.
———————
23/06/2022.
Kunduz soat 10:45.
Kanada, Onterio.
——————
Kuzataman magʻribga oyni
——————
Shudringlarda choʻmildi oʻtloq,
Ellar bilmam chopadi qayga.
Xurar xorib, charchagan itlar,
Tom ustida porlagan oyga.
Sayoq shamol, devona, daydi,
Kezib yurar men bilan birga.
Oy uzoqroq xayol sursaydi,
Shuurimni toʻldirib nurga.
Qizaradi darchalar koʻzi,
Yoritgancha bir metr joyni.
Yarim kecha, yolgʻiz bir oʻzim,
Kuzataman magʻribga oyni.
—————
18/06/2022.
Kunduz soat 11:25.
Kanada, Onterio.
———————-
Sukunat
———————
Yolgʻiz odimlaysan oʻtloq tomonda,
Koʻrinmaydi kuzgi yoʻllarda birov.
Sigiring izlaysan kuzgi tumanda,
Qoshu kipriginga qoʻnadi qirov.
Bogʻlar sukunatga, xayolga botgan,
Yostiq qilib yotar jimlik kovushin.
Tinglash uchun asta uchib tushayotgan,
Yaproqlarning mungli tovushin.
—————————
11/02/2020.
Erta bilan soat 8:16.
Kanada, Ontario.
——————
Qaldirgʻoch
——————
Kuzda ketganingni sezmay qolamiz,
Ummonlar ustida uchasan oylab.
Xazonrez bogʻlarda oʻyga tolamiz,
Olis oʻlkalardan qaytishing poylab.
Boʻronlar ham seni toʻsolmas yoʻldan,
Sarosar uchishni yigʻishtir, etar.
Uy olib Maslaxat yo Oltinkoʻldan,
Odamday bir joyda yashasang netar?
Har bahor xalloslab qaytib kelasan,
Qishlasangda Misr va yoki Chinda,
Chugʻur chugʻur sayrab, zavqqa toʻlasan,
Loylar marjonidan qurilgan inda.
Loyni iylarmishsan tumshugʻing bilan,
Bu qanday guvalak, ayt, qanday usul?
Koʻlmaklarda goho aytgancha oʻlan,
Choʻmilasan, vojib boʻlganday gʻusl.
Bu yil yana izlab yashamoqqa joy,
Eshitdim, qaldirgʻoch, kelibsan qaytib.
Yana in quribsan, tumshugʻingda loy,
Bizni xasharga ham qoʻymabsan aytib.
——————————
24 may, 2014 yil.
Tungi soat 1:17 daqiqa oʻtdi.
Kanada. Brempton shahri.
—————————
Seldan guvillaydi oʻtlogʻu dala
(Taniqli oʻzbek syurealist rassomi Xurshid Ziyoxonovga)
———————
Sharros quyar ekan shovqinli jala,
Guldirak faryodi olamni tutar.
Seldan guvillagan oʻtlogʻu dala,
Sharshara ortida koʻrinmay ketar.
Lek shadid talo toʻp koʻp oʻtmay yana,
Taqa taq toʻxtarkan, tinib qolar sel.
Osuda sukunat qoʻngan koʻchaga,
Xayolchan termular darchalardan el.
Shalobbo bogʻlarda shodumon qushlar,
Chugʻur chugʻur sayrab, quyosh charaqlar.
Koʻchada osmonu falakdan tushgan,
Bus — butun bir koʻzgu yotar yaraqlab.
————————-
23/02/2020.
Kunduz soat 10:27.
Kanada, Ontario.
——————
Yolgʻizlik
——————
Goho uzoqlashar, goh kelar yaqin,
Shamol oʻpkasini ilgancha choʻpga,
Qilich yalongʻochlar zulmatda chaqin,
Qaldiroq osmonni tutadi toʻpga.
Kuz kelsa, keng dala qolar xuvillab,
Qushlar ham yoʻl olar janubga tomon.
Darbadar, egasiz itdek uvillar,
Yaydoq dalalarda savdoi shamol.
Xochparchin qilingan Isoday yupun,
Qoʻriqchi yoʻllarga boqadi ilxaq.
Koyiydi oʻzini, olmagani uchun,
Qaytishga muhojir qushlardan tilxat.
Uzun englarini siltab galaga,
Qoʻriqchi raqs tushar, koʻylagi boʻzdan.
Bechora, bir oʻzi biydek dalada,
Yolgʻiz yashayverib aqldan ozgan.
———————
15/06/2022.
Kech soat 8:14.
Kanada, Onterio.
———————-
Tumanli dalalar
——————
Borliqqa hukmron kuzgi sukunat,
Tumanda daraxtlar koʻrinar arang.
Paxta talab qilmay qoʻydi hukumat,
Jimgina uyquni urmoqda dala.
Paxsa devorlarga yopilgan tappi,
Qish begʻam qaydadir qayraydi qilich.
Quyuq tuman bosgan dalada kampir,
Sigirin izlaydi, qoʻlida xivich.
—————————
17/03/2020. Kanada.
——————
Kuzgi sukunat
(Jurnalist Shodiyor Sayfga)
———————
Chorbogʻlarda engak tashladi anor,
Kechki tolzorlarda qushlar janjali.
Alvon ufqlarning jaroxati qonar,
Koʻkda turnalarning kumush xanjari.
Xazon toʻzgʻitadi daydi shabboda,
Gulxandan osmonga oʻrlaydi tutun.
Men esa, shunchaki, ochiq havoda,
Bogʻlarni qoʻrqitib, yoraman oʻtin.
————————-
14/02/2020.
Kech soat 7:34.
Kanada, Ontario.
——————-
Yoʻllar
——————-
Oʻsha oʻsha yomgʻir va oʻshanday yoʻl,
Qachonlardir birga ikkimiz yurgan.
Jilmayding, koʻz yoshdan kipriklaring xoʻl,
Ruhim zulmatlarin toʻldirib nurga.
— Ikkimiz yurganda negadir koʻcha,
Tez tugab qoladi — deganding toʻxtab.
Tun boʻyi daydiyman, chiroqlar oʻchar,
Sensiz koʻchalarning poyoni yoʻqday.
———————-
18/03/2020.
Kunduz soat 10:28.
Kanada, Ontario.
————————
Oʻrik gullagan kecha
————————-
Yulduzlar bosirqab, qaygadir uchar,
Toʻlin oy toʻshaydi yoʻlaklarga boʻz.
Odamzod koʻrinmas boʻm boʻsh koʻchada,
Shuʼlalardan qamashadi koʻz.
Shabboda xovlidan xovliga shoshar,
Tunni zirillatar chirildoq ohi.
Koʻchaga talpinar devorlar osha,
Oydinda gullagan oʻriklar shoxi.
————————-
13/03/2020.Kanada.
—————————
Qorlar shitirlashin tinglamoq uchun
—————————
Ruhing yorishadi, shuuringda mung,
Uylar moʻrisidan oʻrlaydi tutun.
Borliq sukut saqlar, qorzarralarning,
Mahzun shitirlashin tinglamoq uchun.
—————————————
12/03/2020. Kanada.
——————
Van Gog
—————-
Qosh — kipriging, sochu soqoling malla,
Koʻzlaring kirtaygan, yuzlaring chuvak.
Bint bilan oʻralgan uchburchak kalla,
Yupqa lablaringda qimtilgan sumak.
Shtrixmi yo toʻzgʻir kartinangda yung?
Oʻqrayib qaraysan, qovogʻing uyib.
Ranglar toʻzonida jilvalanar mung,
Ufqlarning etagi bormoqda kuyib.
U yoqda oʻt oʻlan dengizi bormish,
Hali tushmaganmish bugʻdoyga oʻroq.
O telba musavvir, devona, darvesh,
Makoni yolgʻizlik, jandasi firoq.
Yulduzlar talaydi koʻkni beomon,
Olis kulbalarda chiroq yoqarlar.
Umidvor termular botargox tamon,
Shomgi dalalardan kungaboqarlar.
——————————-
07/03/2020. Kanada.
————————-
Chigirtkalar yoprilishini kutib
————————
Quyosh gʻamgin botar, sokin tong otar,
Xuvillaydi bogʻlar kun oʻtgan sayin.
Sambittol hasratli oʻylarga botar,
Kokili shovullab shamolda mayin.
Qushlar faryodidan yorilgudek samo,
El qishni pinxona, orziqib kutar.
Oppoq chigirtkalar boʻroni aro,
Hademay dala dasht koʻrinmay ketar.
—————————
02/03/2020. Erta bilan soat 9:25. Kanada, Ontario.
——————
Oydindagi koʻlmak
——————
Xiqillaydi sutdek oydinda aprel,
Shar shur eriyverar qaxrli qorlar.
Dong qotib, goʻdakdek uxlab yotar el,
Darchalarning xorgʻin chirogʻi chorlar.
Yoʻllarda koʻrinmas bironta odam,
Dov daraxt mungʻayib, oʻyga botadi.
Vaqt soat bilan hamdam, hamqadam,
Oqsoqlanib, oʻychan odim otadi.
Bahor koʻz yoshlari chakillab tomdi,
Qolmadi qorlari erimagan joy.
Sumalaklar tushar qarsillab tomdan,
Termular koʻlmaklar koʻzgusiga oy.
—————————
08/03/2020.
Erta bilan soat 9:28.
Kanada, Ontario.
———————
Uchrashuv
——————-
Oydin yoz kechasi, musaffo havo,
Koʻkda yulduzlarga etishmaydi joy.
Sokin sukunatda besas, besado,
Shuʼlalar toʻshaydi dalalarga oy.
Tutdek toʻkiladi yulduzlar suvga,
Baqalardan shovla qaynatar sohil,
Oʻt -oʻlanni kechki shudringlar yuvgan,
Zulmatlarni teshar chirildoq ohi.
Boʻgʻiq akillaydi olisda itlar,
Yigʻlaysan, koʻksimga qoʻyganingcha bosh.
Lablaring chetida omonat titrab,
Olmosday porlaydi bir tomchi koʻzyosh.
—————————
06/03/2020. Kunduz soat 1:02. Kanada, Ontario.
———————
Maʼyus chiroqlarning olmos chamani
———————
Yoritib kimsasiz jim jit dalani,
Oy asta ilohiy nurlarin elar.
Toʻzgʻir giloslarning gulpallalari,
Sabo oʻt -oʻlanning boshini silar..
Bugʻdoyzor ustida oyning oʻrogʻi,
Yulduzlar samoni talaydi bitday.
Osmon ishtonida bulut yamogʻi,
Shamol daydib yurar bogʻlarda itday.
Olis olislarda chinqirib, chorlar,
Temir yoʻlning uchqur poʻlat samani.
Zulmatli dala -dasht ortida porlar,
Maʼyus chiroqlarning olmos chamani.
———————
05/03/2020.
Erta bilan soat 9:00.
Kanada, Ontario.
—————
Horgʻinlik
—————
Uzoqlarda faryod koʻtarar poyiz,
Uxlar chiroqlarga talangan shahar.
Oy kezar dalalar ustida maʼyus,
El ulusni uyqu elitgan mahal.
Yulduzlar koinot kipriklarida,
Omonat koʻz yoshi singari titrar.
Kimsasiz osuda zulmat qaʼrida,
Horgʻin akillaydi qadrdon itlar.
———————-
04/03/2020.
Kunduz soat 4:51.
Kanada, Ontario.
——————
Toʻzgʻoq
—————-
Koʻcha fonusini ayovsiz talar,
Oppoq qorchivinlar moʻri malaxdek.
Boʻronda mast alast garmonmi chalar,
Qalin qor qoplagan bogʻda daraxtlar?
Dalalar suprasi oqarib yotar,
Xaloyiq charchagan, yotibdi uxlab.
Shamol koʻcha koʻyda begʻam, bexatar,
Tomdagi qorlarni toʻzgʻitar puflab.
Daraxtlar bir birin yurar axtarib,
Qoʻzgʻolganday goʻyo borliqda maxshar.
Xayoli parishon koʻcha fonuslari,
Mahzun toʻzgʻiyotgan toʻzgʻoqqa oʻxshar.
————————
04/03/2020.
Erta bilan soat 9:43.
Kanada, Onterio.
———————-
Shamol xushtak chalar etikdoʻz kabi
———————
Qushlar janub tamon uchmay netadi?
Oʻgay kuz xaydasa, oʻzing oʻylagin.
Tikonga ilinib, yirtilsa ham etagi,
Tuman sudrayverar koʻylagin.
Farrosh xazonlarni yoqadi, toʻplab,
Sovrilib ellarga orzu armoni.
Uchar suv oʻrniga havoni xoʻplab,
Osmon sahrosida qushlar karvoni.
Faqat Haqqa ayon maqsad, matlabi,
Ular uchar issiq oʻlkalar tamon.
Oʻychan hushtak chalar etikdoʻz kabi,
Dalalarda daydib zerikkan shamol.
——————————
03/03/2020.
Erta bilan soat 8:17.
Kanada, Onterio.
———————-
Kakkuqushning ini
———————
Bir odam qoʻlida uzun tayoq bilan,
Kakkuqush iniga termulganicha uzoq
kutib turdi uning indan chiqishin.
Va nihoyat kulrang kakkuqush indan
boshin chiqargancha: — kakku! kakku! -deya
oʻzini unitib sayray boshladi.
Kutib turgan odam qulochkashlab turib,
qoʻlidagi tayoq bilan bir turtgan edi,
kakkuqush gilamga top etib tushdi.
————————-
22/02/2020. Kanada.
———————
Extiyoj ustiga qurilgan dunyo
——————-
Sevgi nima?
Sevgi — bu chidab boʻlmas ruhiy extiyoj.
Chidayotgan boʻlsang, demak sevmabsan.
Bu extiyoj ustiga qurilgan dunyoda esa,
muxtoj boʻlmagan, tilanchi boʻlmagan
biror kimsa yoʻq.
Hamma nimagadir, kimgadir muxtoj.
Dunyo deb atalgan oʻtkinchi, muvaqqat
xijrat xujrasida hamma muxojir.
Besh toʻrt soʻm pul topgan kishi boʻlib,
gʻaribroq odamga koʻz qiri bilan qarab,
tishlarini kovlab, kekirgan kimsa
qilgan chala pucha ibodati evaziga,
bukchayib, tebranib, astoydil pichirlab
koʻzlarida shashqator koʻzyoshi bilan,
yigʻlab, tilanadi Xudodan sogʻlik,
molu mulk, uzoq umr, mansab, martaba
magʻfiratu sersoya Jannatlardan joy.
Ha, extiyoj ustiga qurilgan bu dunyoda
barcha extiyojmand, barcha tilanchi.
Derazadan yoʻllarga intizor boqqan
etim kabi hamma mehrga muxtoj.
————————-
01/03/2020. Kanada.
——————
Maqomat
——————
Kuzning lablaridan arimas xanda,
Boshini yorsa ham sangi malomat.
Egnida xazondan tikilgan janda,
Misli piri murshid, sohibkaromat.
Qilt etmas xazonrez bogʻlarda tuman,
Qiziqtirmas uni hokim, hukumat.
Kamtarin donishmand avliyosimon,
Vazmin xayol surar, saqlar sukunat.
————————-
29/02/2020. Kanada.
———————-
Oydinda oʻriklar gullagan oqshom
———————-
Oy somon yoʻliga shuʼlasin toʻshar,
Yulduzlar uchquni chatnaydi gohi.
Navbahor loypaxsa devorlar osha,
Uzatar gullagan oʻriklar shoxin.
Yulduzlarga cheksiz koinot torday,
Jimirlar qoraygan osmon qozoni.
Oqartirar tungi yoʻlakni qorday,
Oʻrik gullarining oppoq toʻzoni.
—————————-
24/02/2020. Kanada.
——————-
Jirafa bilan suhbat
———————-
Jirafa, lallayib yurguncha, buytib,
Uzun boʻyning choʻzib, qarachi,
Koʻrinarmi mening serquyosh yurtim,
Sohillarga tutash paxta dalasi?
Koʻkqargʻa, qaldirgʻoch oʻyib, in qurgan,
Ilma teshik jarlar, misoli pishloq.
Daydi kapalaklar tentirab yurgan,
Soya salqin tolzor, qadrdon qishloq.
Shamol shovullagan qamishli sohil,
Uzoqda gulxanlar yotgandir tutab?
Tinglab kakkularning hasratli ohin,
Dexqonlar yurgandir sholisin oʻtab?
Qalin yogʻochgardish koʻzoynak taqqan,
Yoʻl qarab, mungʻaygan pastakkina uy.
Koʻzyosh kabi toshib, limillab oqqan,
Daryo, bamisoli ohanrabo kuy.
Suvlar koʻzgusini sindirib, butlab,
Chorloqlar chiyillab uchardi har tong.
Qirgʻoqda sigirlar yurardi oʻtlab,
Koʻrinmayaptimi?
Attang…
————————————
23/02/2020. Kanada.
———————
Yoriltosh
(Akter Farxod Abdullaevga)
————————
Kulma, savol bilan murojaat etsam,
Yoʻl chetida yolgʻiz soʻppaygan ey tosh!
Senda ham bormi qalb, bormi hasrat, gʻam,
Chiqarmi sening ham koʻzingdan koʻzyosh?
Sen ham sevganmisan birontasin, ayt?
Koʻrganda tosh qotib, paypaslab koʻksing.
Sokin sukunatda, oy porlagan payt,
Koʻz yosh toʻkkanmisan ovozsiz, oʻksib?
Sening boshingni ham yorganmi yogʻiy?
Koʻrinmas tosh bilan, ayt menga rostin.
Boshinga ogʻirroq ish tushgan chogʻi,
Koʻrib, koʻrmaganga olganmi doʻsting?
Qanday mavjudotsan, nimasan, kimsan?
Kel, bugun lojuvard nurlarga qoril.
Gapirsangchi axir, ne uchun jimsan?
Tosh, sen ham tosh boʻlib bir bora yoril!
—————————-
29/07/2019. Kanada.
———————
Isiriq tutatar bogʻlarda tuman
———————
Menga oʻxshab yalqov, bekorchimas shamol,
U yupun bogʻlarni soliqqa tortar.
Qushlar uchib ketar janubga tomon,
Kundan kunga elning hayrati ortar.
Isiriq tutatar bogʻlarda tuman,
Tiyramox qushlarni janubga quvgan.
Tol xovuz boʻyida serrayar hamon,
Xayoli parishon, termular suvga.
Xazonlarni quvlab daydi shabboda,
Esib oʻtar ekan yonimdan shoshib,
Bitta bargni tutib oldim havoda,
Bosib ketmasin deb shoʻrlikni moshin.
————————
21/02/2020.
Kechki soat 7:12.
Kanada, Onterio.
—————
Shamol chalib oʻtdi yonimdan nayin
—————
Vaqt oʻtgan sari bunda barchaning,
Qisqaradi umri soat ba soat.
Qorachigʻi oqib tushdi darchaning,
Oyning shuʼlasiga qilolmay toqat.
Oydinda bemalol uxlolmas avom,
Mening ham tun boʻyi daydishim tayin.
Yolgʻiz odimlashda etarkanman davom,
Shamol chalib oʻtdi yonimdan nayin.
———————
21/02/2020.
Kech soat 5:42.
Kanada, Onterio.
—————
Moʻjiza
—————
Qor tilsiz soqov deb senga kim aytdi?
U soʻzlay oladi, qoʻshiq ham kuylar,
Qorzarra toʻzoni toʻzgʻigan payti,
Koʻrinmay ketganda dalayu uylar.
Soyabon ostida koʻchada yursang,
Bir oʻzing, salmoqli qadamlar tashlab.
Soyaboning chertib, oʻzicha xursand,
Qor asta shivirlab, gapira boshlar.
———————
21/02/2020. Kanada.
————————
Sanʼat asari
————————
Xona devoriga qoʻyilgan ilib,
Qoʻli gul rassomning sanʼat asari.
Unda xoru xazon yotar titilib,
Shamol bilmas bosar tusarin.
Koʻmilib yotarkan xazonlarga yoʻl,
Oʻylarim xazoni toʻzgʻib, sochildi.
Kartinaga asta tegizgandim qoʻl,
U kuzgi bogʻ tomon qiya ochildi.
—————————-
20/02/2020. Kanada.
———————-
Qoʻnar dala — dashtning sochiga qirov
————————
Xorigan yaproqlar daqiqa sanab,
Top — toza yoʻlaklar uzra toʻkilar.
Shamol ivirsitgan yoʻlaklarga qarab,
Farrosh aynib — achib soʻkinar.
Qoʻzgʻoladi koʻkda qushlar boʻroni,
Osmonga alanglab qaraydi barcha.
Chirpirab raqs tushar bogʻlar xazoni,
Soʻng erga qoʻnadi ohista, charchab.
Bogʻlar sargʻayadi, misoli musxaf,
Qoʻnar toʻzgʻoqlarning sochiga qirov.
Janub tamon joʻnab ketadi kuz ham,
Guvillagan qushlar boʻroni aro.
——————————-
21/02/2020. Kanada.
———————
Qaraysan, chelaging tushib qoʻlingdan
———————
Qushlar uchar issiq oʻlkalar tomon,
Hademay dalalar halovat topar.
Moylanmagan temir dorvozani shamol,
Goh qiyalab ochar, gohida yopar.
Gʻamgin xoʻrsinishdan endi ne foyda,
Kuzdan koʻra senga bahor yoqardi.
Sevgining ikkimiz uchrashgan joyda,
Kuzgi qoqioʻtday sochi oqardi.
Osuda tumanli tiyramox tongi,
Kuzgi choʻkirtaklar sogʻu soʻlingda.
Turnalar faryodi toʻla osmonga,
Qaraysan, chelaging tushib qoʻlingdan.
————————
19/02/2020.
Kunduz soat 5:22.
Kanada, Onterio.
——————
Sayr
——————
Koʻkdan oy xayoli parishon boqar,
Baqalar zulmatda kuylaydi hamon.
Oydinda sayr etish yaxshiyu, faqat,
Yolgʻizlik va yana sensizlik yomon.
Yulduzli bu kecha, oʻngmi yo roʻyo?
Daydib yurar latif, ilohiy nasim.
Daraxt shoxlarining soyasi goʻyo,
Oqlangan devorga ishlangan rasm.
Oydin sukunatda dov daraxt mudrar,
Koʻkda yulduzlarga etishmaydi joy.
Yana biroz porla dalalar uzra,
Meni yolgʻiz tashlab ketib qolma, oy!
————————-
19/02/2020.
Kunduz soat 2:44.
Kanada, Onterio.
——————
Hayrat
—————
U yolgʻiz suzadi yogʻoch qayiqda,
Bir maromda gʻamgin eshkaklar eshib.
Ochilar nilufar zarra xayiqmay,
Suvning shaffof koʻzgusin teshib.
U suzar koʻzagul ochilgan joyga,
Mast alast chayqalar sohillarda suv.
Boqib daryo uzra porlayotgan oyga,
Yovvoyi hayratdan angrayadi u.
Itlar sukunatni buzar akillab,
Shamol uxlar, yostiq qilib kovushin.
Eshitilar, eshkakdan asta chakillab,
Tomayotgan suvning tovushi.
—————————
18/02/2020.
Erta bilan soat 8:14.
Kanada, Onterio.
———————
Chinqiriq
———————
Dala dashtni xorgʻin yoritganda oy,
O poezd telbadek koʻtarma faryod!
Buzma sukunatning oromini, hoy,
Chekkan kabi afyun va taryok.
Yulduzlar qandilin titratdi, qara,
Sokin sukunatni buzdi tovushing.
Qudumingdan titrar oʻtlogʻu dala,
Poʻlatdan yasalgan ekan kovushing…
Hayriyat, ovozing tindi tong sahar,
Oʻchirib osmonning rangi qutini.
Hademay uygʻonar, burqsitib shahar,
Zavod — fabrikalar tutunin.
—————————
17/02/2020. Kanada.
———————-
Ogʻzi qulogʻida, jilmayar hilol
———————-
Darchalarning koʻzi tushmasin oqib,
Zulmat qamramasin oʻngu soʻlimni.
Dov — daraxtlar mashʼalasin yoqib,
Kuz yoritar endi mening yoʻlimni.
Paypaslaydi chiroq shuʼlasi bilan,
Traktor zulmatli kuzgi dalani.
Mudrab yotar qishloq, misoli chaman,
Olmos chiroqlarga talanib.
Jilmayib qaraysan, eshiging ochib,
Parishon sochlaring oʻynaydi shamol.
Jilmayar ogʻzining tanobi qochib,
Shudgorlangan dala ustida hilol.
—————————
17/02/2020.
Erta bilan soat 8:18. Kanada, Onterio.
——————-
Kuz hasrati
——————-
Tikonga ilindi tumanlar etagi,
Oʻtloqda yilqilar yurganday oʻtlab.
Dala — tuzning qurib qolgan chechagi —
Qoqioʻt toʻzgʻogʻin boʻlarmi butlab?
Xilvatlarda bazm quradi jinlar,
Borliq sharob toʻla qadimiy xumday.
O boʻm boʻsh, taxtadan yasalgan inlar,
Janubga xasratla boqmangiz bunday!
————————
16/02/2020. Kanada.
——————
Xiyobon
——————
Yo piray, sen buni qaerdan bilding?
Ha, bargi xazonlar chirpirab uchar.
Tabiat hademay, erta yo indin,
Boʻlmasaydi qishning qahriga duchor.
Bogʻda bargi xazon uchadi pastlab,
Novdadan uzilib tushgani ozday.
Daftar ham xurpayib, qanotin rostlab,
Uchib ketmasa bas janubga gʻozday.
————————-
16/02/2020. Kanada.
——————
Iyul
——————
Bogʻlarda tentigan daydi kapalak,
Sevgan jufti bilan oxir topishar.
Qushlarga hayqirar bogʻbon kapada,
Olis uvotlarda boʻzlar popishak.
Sarob sipqorganday sukunat mayin,
Tin olar toʻrgʻaylar sayragan oʻtloq.
Telbadek charx urib, chirpirar quyun,
Kimsasiz dalada toʻzgʻitib tuproq.
Omonat koʻprikdan, qoʻlingda chelak,
Suvlar koʻzgusiga boqasan behol.
Yoʻlga termuladi lallaygan terak,
Sukunat qilt etmas, oyoqlari shol.
————————
16/02/2020.
Erta bilan soat 8:57.
Kanada, Ontario.
——————-
Gilam
——————
It quvgan soqovdek chopadi poyiz,
Ogʻir vagonlarni ortidan sudrab.
Oy oppoq nilufar, osmon esa xovuz,
Xurrak otaverar baqalar, mudrab.
Telarsib axtarar tunamoqqa joy,
Darbadar shabboda, koʻzlari soʻqir.
Daraxt shoxlarining soyasidan oy,
Yoʻlga toʻshash uchun poyondoz toʻqir.
————————
15/02/2020. Kanada.
——————-
Ozodlik
——————
Ochib yubordilar qafas darchasin,
Osmonu falakka havolandi qush.
Uchdi u, unitib barcha — barchasin,
Anglolmay koʻrgani oʻngmi yoki tush.
Uchar qanotlari ketguday titilib,
Parlarini shamol tortqilab yular.
Qafas, ozod boʻlib, qushdan qutilib,
Ogʻzini lang ochgancha kular.
————————
15/02/2020.Kanada.
—————
Kechuv
————-
Oʻzanidan toshar bahoriy daryo,
Bosar oʻtloqlaru dala dashtni suv.
Shamol tol kokilin oʻynar beparvo,
Goho kapalakni quvlab ketar u.
Ogʻir, oppoq qorpoʻstinlarin echib,
Yoʻllar oʻrmalaydi qayoqqa?
Koʻm — koʻk osmonlarni oʻtadi kechib,
Daraxtlar, shoshilmay yogʻoch oyoqda.
——————————
14/02/2020. Kanada.
———————
Bogʻda pichirlaydi duogoʻy xazon
——————-
Chalinmadi hali cherkovlarda jom,
Hali yangramadi masjidda azon.
Qoʻnmadi oʻrmonlar etagiga shom,
Bogʻda pichirlaydi duogoʻy xazon.
Dov daraxt jandasi oqar daryoda,
Tobora yuksalar bulut xirmoni.
Osmon sahrosida koʻtarar faryod,
Koʻchmanchi qushlarning gʻarib karvoni.
————————-
14/02/2020.
Kunduz soat 12:15.
Kanada, Ontario.
———————
Qordan yorishadi ruhing dalasi
——————-
Oydindek oqarar yiroq yiroqlar,
Qarayman, muzlagan oynani artib.
Qorboʻronda porlar mayus chiroqlar,
Qor uchquni toʻzgʻir betartib.
Qor toʻxtamay yogʻar paxtadek xoʻppak,
Sarjinda oʻtinlar yotar qalashib.
Erinib xuradi zulmatda koʻppak,
Qordan yorishadi ruhing dalasi.
———————-
14/02/2020.
Erta bilan 9:43.
Kanada, Ontario.
——————
Sogʻinch
——————
Toʻlqinlar, uzoqdan meni koʻrib,
Bir birini quvlab, qirgʻoqqa chopar.
Meni sogʻinganday ulardan biri,
Sakrab, quchogʻimga oʻzini otar…
Olis hotiralar, biz uchrashgan joy,
Chagʻalaylar ohi girdibodimda.
Mayin sochlaringni visolgoxda oy,
Yoritgan laxzalar hamon yodimda.
Borsam, tanirmikan daryoning labi,
Qari tol boqarmi yoʻlga intizor?
Uchrashganda dengiz toʻlqinlari kabi,
Otasanmi oʻzingni quchogʻimga, yor?
———————-
13/02/2020. Kanada.
——————
Sovgʻa
—————-
Istasangiz, esdalik uchun shu pashshaoʻldirgichni sizga sovgʻa qilaman. Siz u bilan bekorchilik jonga tekkan mahallar, sokin sukunatli dala xovlingiz oynalariga qoʻngan mudroq pashshalarni oʻldirishingiz mumkin — deya men sohibjamol ayolga oʻzimning yaqinda nashrdan chiqqan, yupqa daftarni eslatguvchi piyozpoʻsti kitobimni sovgʻa qildim.
———————
13/02/2020.
Kunduz soat 10:10.
Kanada, Ontario.
——————
Poezd
——————-
Gohida oʻrmalar, goh uchar qushday,
Chinqirar zulmatda telbaga oʻxshab.
Uzoq uzoqlarda chaladi xushtak,
Pishqiradi xorgʻin, qaydadir toʻxtab.
Mana ellik yilki, misoli haykal,
Qaqqayib turibman perronda hamon.
Hamon ketib borar bir pari paykar,
Koʻzida jiqqa yosh, mangulik tomon.
—————————-
12/02/2020.
Kunduz soat 1:38.
Kanada, Ontario.
————————
Oy porlagan oqshomlar
(Latibjon Kenjaevga)
————————
Bogʻlarda chirildoq chirillagan tun,
Gʻamnok boʻzaradi ayvon chirogʻi.
Parvonalar esa charx urar beun,
Tom ustida porlar oyning oʻrogʻi.
Jovdiraydi olis yulduzlar koʻzi,
Oy, «gax!» desang goʻyo qoʻngudek qoʻlga.
Paxsa devor osha, boʻynini choʻzib,
Teraklar doʻstimday qaraydi yoʻlga.
————————
12/02/2020.
Kunduz soat 11:16.
Kanada, Ontario.
——————
Suv tiniq, baliqlar biltanglab suzar
——————-
Daryo toʻlqinlari qumloqni yalar,
Sohillarda boshoq chiqargan sholi.
Shitirlab, shivirlab, yomgʻir savalar,
Shamolda shovullar qamishlar yoli.
Delta suvi oppoq koʻzagullarga toʻla,
Suv tiniq, baliqlar biltanglab suzar.
Xoʻrakni talashib, suv ostida ular,
Siltanib, qarmoqning qil ipin uzar.
Yomgʻirli sohildan kelmaydi ketgim,
Ilinsada baliq qarmoqqa minglab.
Boqaman suvdagi xalqalarga jim,
Shivirlagan yomgʻir ohini tinglab.
Yomgʻir savalagan sohillar soʻlim,
Koʻzlarim — bahoriy daryo oʻzani.
Suv olgani kelsang sohilga, gulim,
Koʻzlarimga botir koʻzani.
———————————
12/02/2020. Kanada.
————————-
Qishki chivinlarning oppoq galasi
————————
Koʻcha fonuslarin talaydi, toʻzgʻib,
Oppoq chivinlarning telba galasi.
Qalin qorkoʻrpalar ostida mizgʻir,
Zulmatda oqargan fermer dalasi.
Muz ostida mudrab yotibdi anhor,
Kumush zanjir, kishan kabi shaldirab.
Mayli hayallasin, kechiksin bahor,
Oʻkirmasin telba momaqaldiroq.
Mayli uxlayversin, uyquni ursin,
Qirovli chorbogʻlar, qor bosgan dala.
Koʻcha fonuslarin uxlatmasin bir zum,
Oppoq qorzarralar chivini talab.
—————————-
11/02/2020.Kanada.
———————-
Oy
——————-
Oy anhorda qalqir yarim tun,
Suvga tushgan koptokday behol.
Uni choʻpak bilan surib, tutib olmoq uchun,
Anhorga enkayib uzanadi tol.
————————-
10/02/2020.Kanada.
———————
Dengiz oqshomi
——————-
Bandargox tamonda porlaydi chiroq,
Yulduzlar yaraqlar shudringday tongi.
Olislardan meni chorlaydi uzoq,
Kemalarning boʻgʻiq, hasratli bongi.
Suvlar sahrosida dengiz tuyalari,
Oʻrkachida chagʻalay galasi uxlar.
Osmonni kemirar yulduz kuyasi,
Tugab borar tunga berilgan muxlat.
Shovullab, tebranar bahaybat beshik,
Shovqindan iborat dengiz lisoni.
Oʻtadi bulutlar siynasin teshib,
Oy nuri qopdagi bigiz misoli.
———————
10/02/2020.
Kunduz soat 3:49.
Kanada, Ontario.
——————
Sahro
——————-
Sholoplaydi qirgʻoq, dengiz chayqalar,
Oftob shuʼlasida tovlanadi toʻr.
Gala gala uchgan oppoq chaykalar,
Chiyillaydi dengiz shovqiniga joʻr.
Qirgʻoqqa bosh urib, qiqirlab kulgan,
Toʻlqinlar bir birin quvlab, quvonar.
Kimsasiz sahroda shamollar yulgan,
Shuvoq, tuyaqorin kabi dumalab.
—————————-
10/02/2020. Kanada.
—————
Yoz
————-
Kapalaklar uchar oʻngu soʻlimda,
Toʻrgʻaylar sayraydi toʻliqib, toshib,
Bugʻdoyzorda peshvoz chiqar yoʻlimga,
Dala qoʻriqchisi, quchogʻin ochib.
Yozgi paykallarda jimirlar sarob,
Bir maromda oʻntab, oh chekar gʻurrak.
Goʻyo uzoqlarda, jiydazorlar aro,
Javzo uxlab yotar, otgancha xurrak.
————————-
24/01/2020. Kanada.
———————
Yomgʻirli shahar
——————
Yomgʻirdan yuz yoshga yoshardi shahar,
Avtobus qayiqday yuradi suzib.
Yoʻlovchilarga suv sachratib oʻtar,
Hammani kuldirib, ichagin uzib.
Chiqar, old eshikka oʻzini urar,
Va orqa tamondan tushadi avom.
Avtobus odamday tirjayib kular,
Soʻng yana yoʻlida etadi davom.
————————-
09/02/2020.Kanada.
———————-
Shovullar shamolda dengiz dalasi
———————
Qax — qax otib kular momaqaldiroq,
Dolgʻalar qoʻypoda singari chopar.
Chekinar toʻlqinlar, chekinar firoq,
Yomgʻirlarda ruhing halovat topar.
Shovullar shamolda dengiz dalasi,
Naxanglar hanjari suvni chavaqlar.
Qanotlari ila chagʻalaylar galasi,
Moviy toʻlqinlarni oʻqir, varaqlab.
—————————-
09/02/2020. Kanada.
——————
Quvgʻin
—————-
Chopar, boshqa yumushi yoʻqday,
Choʻgʻlangan shar ustida inson.
Shar oyogʻin kuydirar choʻgʻday,
Yugirishdan toʻxtasa, tinsa.
Oyoqyalang chopar u chidab,
Lovullaydi toʻpiq — tovoni.
Kuygan goʻshtning qoʻlansa xidi,
Tutib ketdi tongi havoni.
Bugʻlanadi ichilgan suvlar,
Sahro, choʻlu biyobon jimdir.
Chopayotgan odamni quvlar,
Qoʻlda chalgʻi tutgancha kimdir.
———————
09/02/2020.
Kunduz soat 1:39.
Kanada, Ontario.
———————
Gʻarib chiroqlar
———————
Osmonda yulduzlar yotar charaqlab,
Shahar jim, xaloyiq ketganday koʻchib.
Oydinda oʻz soyasiga oʻzi daraxtlar,
Havotirli qaraydi, choʻchib.
Yulduzlar jimirlar koʻzyosh singari,
Zulmatning tim qora kipriklarida.
Suvga termuladi mayus va gʻarib,
Fonuslar daryoning koʻpriklaridan.
————————
09/02/2020.
Kech soat 5:30.
Kanada, Ontario.
———————-
Toptalgan gulxan
———————
Bulut lavasiga choʻkarkan quyosh,
Kun ham yonib bitar, qorayar samo.
Charchagan koʻppakday tin olar, yuvosh,
Tilin sakillatib yugirgan shamol.
Darchalarning olmos chirogʻi porlar,
Zirillar chirildoq chirillagan joy.
Yoʻlimga soyasin toʻshaydi tollar,
Jim, sassiz, sadosiz suzib yurar oy.
Beminnat, musaffo, shifobaxsh havo,
Baqalar qurillar uzoqda shoʻx -shan.
Miltillagan cheksiz yulduzli samo,
Toptab oʻchirilgan gulxanga oʻxshar.
—————————-
09/02/2020.
Erta bilan soat 9:20.
Kanada, Ontario.
———————
Kitobsevar
———————
Shovullaydi shamol shashtida oʻrmon,
Yolgʻiz uchib yurar daydi kapalak.
Osmon bulutlardan koʻtarar xirmon,
Uzoqda qorayar kulba, kapalar.
Dov daraxt ichganday sukunat mayin,
Oʻrgimchak kimgadir belanchak toʻqir.
Novdasiga qoʻngan kapalakni qayin,
Oppoq kitob kabi avaylab oʻqir.
————————-
08/02/2020. Kanada.
———————
Xushtak
——————-
Darchadan qorlarga qarayman hamon,
Qutb qashqirimas, izgʻirin uvlar.
Qordan qanot yasab ucharkan shamol,
Oppoq uchqunlarning ortidan quvlar.
Qoruchqunlar uchar zulmatda oʻqday,
Oynalarni choʻqir ustiga ustak.
Zulmatda chinqirgan poezdga oʻxshab,
Oshxonada choynak chaladi xushtak.
————————-
08/02/2020. Kanada.
——————-
Zulmat
——————
Qor tongacha yogʻib chiqar chamasi,
Bogʻ kafanga oʻrangan ruxday.
Qorkoʻrpa ostida dexqon dalasi,
Odam kabi dong qotib uxlar.
Guvillaydi qorli kimsasiz koʻcha,
Quyun zulmatlarda shopiradi qor.
Xorgʻin darchalarda chiroqlar oʻchar,
Tun — qordan yorishgan afsonaviy gʻor.
Yoqar qishning muzdek toza havosi,
Bogʻlar sochi oppoq, qarigan.
Eshitilar daydi koʻppak ovozi,
Tubsiz zulmatlarning qaʼridan.
——————————
08/02/2020.
Erta bilan soat 7:52.
Kanada, Ontario.
————————-
Bogʻlar yarim yalongʻoch, yupun
———————-
Kuzning oʻychan shamoli izgʻir,
Hazin xoru xazonlar ohi.
Shamollarda chalar sibizgʻa,
Daraxtlarning yalongʻoch shoxi.
Dala qoʻriqchisi kiyingan yupun,
Yoriladi kuzgi bogʻlar anori.
Gʻamgin havolarda suzadi tutun,
Qishga tutashadi kuzning davomi.
Shamol esa yurar timirskalanib,
Goho oʻt oʻlanni qayriydi, toʻxtab.
Xuddi galadoshin burga, bitlarin,
Izlayotgan maymunga oʻxshab.
————————
07/02/3020.
Kunduz soat 12:31.
Kanada, Ontario.
—————————
Qorli dalalar
(Nay sozining qiroli Abdulahad Abdurashidovga)
————————
Xazonrez shamollar esdi guvillab,
Qushlar uchib ketdi gala va gala.
Kimsasiz xovliday qoldi xuvillab,
Qor qoplagan yaydoq kimsasiz dala.
Beligacha qorga botib, beomon,
Qurigan qamishlar bormoqda qayga?
Balki ular borar sohilga tamon,
Aylangani shamol shashtida nayga?
—————————-
2017 yil, 16 noyabr. Kanada.
———————-
Xayqiriq
(Toʻbo xola hotirasiga)
———————
Yozgi dalalarda kezar daydi el,
Salqin chorbogʻlarga shoʻngʻiydi qushlar.
Sarob jimirlagan paykal aro el,
Oftob qilichining tigʻida ishlar.
Soya salqinlarda yotgan sigirlar,
Kovshanib, koʻzlarin yumadi, mudrab.
Havoda muallaq toʻrgʻay vijirlar,
Jiydazor tomonda oʻntaydi gʻurrak.
Oshpaz Toʻbo hola tuproq tepada,
Qiyqirgancha elni chaqirar choyga.
Daydi kapalakni quvlar shabada,
Dov — daraxt soyasi toʻshalgan joyga.
———————
07/02/2020.
Erta bilan soat 8:57.
Kanada, Ontario.
——————
Maxshar
——————
Boylikdan batamom qutildi daraxt,
Tashlab ogʻir tilla xazonlar yukin.
Va gʻamgin kimsasiz yoʻllarga qarab,
Xayollarga botdi, saqladi sukun.
Chorbogʻlarda daydib yurarkan shamol,
Qurigan oʻt — oʻlan boshini silar.
Hazonga yonboshlab, begʻam, bemalol,
Mayxoʻrday dong qotib uxlaging kelar.
Achchiq tutun xidi suzar havoda,
Bogʻlarda oʻt -oʻlan qovjirab qaqshar.
Sahroday kimsasiz soʻyi samoda,
Qushlar qoʻzgʻaloni, faryodi maxshar.
—————————-
04/02/2020. Kunduz soat 11:04. Kanada.
———————-
Kuz hasrati
———————
Kuzak oʻt — oʻlanni avaylab, asrab,
Xazonlarga oʻrab qoʻymoqchi, chogʻi.
Kuzgi tolzorlarga choʻkadi hasrat,
Qagʻillaydi bogʻlar qargʻayu zogʻi.
Qaxrabo barglarin toʻkadi chinor,
Boʻm boʻsh xiyobonlar xuvillab yotar.
Bogʻ qippa yalangʻoch, oʻynaganday qimor,
Dov — daraxt uyalib, avratin yopar.
Puflab oʻchirilgan shagʻam kabi ular,
Sirli boʻlsin deya ayyomi visol.
Xazonlar shamolda chirpirab uchar,
Qanotlari kuygan parvonamisol.
————————
03/02/2020.
Kech soat 6:04.
Kanada, Ontario.
———————-
Hayrat
(Rahmon Qoʻchqorga)
———————-
Yoʻllarga poyondoz toʻshayotir oy,
Bir oʻzim daydiyman oydinda yayov.
Yulduzlar burgadek koʻkni hoynahoy,
Uxlagani qoʻymay, chaqar beayov.
Kimsasiz dala -dasht berar aks — sado,
Daryolar ortida koʻppaklar xursa.
Faqat jim kuzatar dunyoni Xudo,
U ovozsiz urar, mobodo ursa.
Dala dasht ortida chiroqlarin yoqib,
Xorgʻin mudrab yotar ovoz etmas joy.
Oʻtloqda ochilgan gullarga boqib,
Yana angraygancha tildan qoldi oy.
———————
03/02/2020.
Kunduz soat 4:04.
Kanada, Onterio.
———————
Yulduzli osmon
——————-
Gulxan lovullaydi, zulmatli dala,
Uchqunlar chirsillab, uchar havoga.
Yonarqurt cingari tovlangancha alar,
Osmonu falakka boʻlar ravona.
Yonar gʻoʻzapoya, shabba, xoru xas,
Yolgʻizlik, sukunat, oydin halovat.
Nazarimda goʻyo yulduzlarga emas,
Gulxan uchquniga toʻldi samolar.
———————-
01/02/2020.Kanada.
———————
Muzlagan daryo
———————
Qishning sochi oppoq oqargan,
Birinchi qor, kimgadir soʻngi.
Odam qorga oʻychan boqarkan,
Bilolmas, bu tushmi yo oʻngi.
Muzlab qolgan daryodagi suv,
Oppoq jimlik, misoli roʻyo.
Oqchorloqlar koʻtarar qiy — chuv,
Eri urgan xotinday goʻyo.
————————
31/01/2020.Kanada.
——————
Oydin sukunat
——————
Xovuzga termular lallaygan daraxt,
Osmon yaraqlagan yulduzlarga boy.
Oqarishar oydin kimsasiz dala,
Koʻzni qamashtirib porlayotir oy.
Alvon giloslardan bogʻlar bagʻri qon,
Olisda baqalar qaynatar shovla.
Dong qotib uxlaydi xaloyiq shu on,
Uygʻonmas, bostirib kelsa ham yovlar.
Kimsasiz sukunat, havolar tekin.
Arshga etib borar chirildoq ohi.
Moʻralab qoʻyadi darchalarga sekin,
Osmonu falakning malika, moxi.
———————
25/01/2020.
Tungi soat 1:54.
Kanada, Ontario.
————————-
Tungi laylakqor
———————-
Yoʻqdir qorzarralar sanogʻi, soni,
Qish zulmat qaʼrida shopiradi qor.
Doʻstidan ayrilgan odamday fonus,
Oʻychan termuladi yoʻlga intizor.
Ayvonda agʻrayib yotar kovushlar,
Yorugʻ derazalar boʻzarar hamon.
Kimsasiz bogʻlarda izgʻib, xovuchlab,
Darchalarga guruch sochadi shamol.
Qorli yoʻlga boqib, xayoling ogʻar,
Oqarar osuda dala, qir — qiya.
Qor asta shivirlab, jimgina yogʻar,
El -ulus uygʻonib ketmasin deya.
———————
23/01/2020.
Kunduz soat 4:32.
Kanada, Onterio.
——————-
Tasodifiy uchrashuv
(Sinfdosh doʻstim Ergashboy Ahmedovga)
——————-
Shamol, seni tanidim, ishon,
Bu sen, oʻsha dalada esgan.
Gʻir -gʻir esib, ul otashfishon,
Jazirama taftini kesgan.
Hamqishloqlar omonmi, shamol,
Sogʻindimi el meni rostdan?
Yomon koʻrma, olmagin malol,
Senga dardim aylasam doston.
Shaldirarmi daryo kechuvi,
Biz qoʻy, sigir haydab oʻtgan joy?
Yaltirarmi daryoning suvi,
Qoʻrgʻonlasa sukunatda oy?
Choʻchqaxona haliyam bormi?
Shovullarmi teraklar hamon?
Yolgʻizoyoq soʻqmoq eltarmi,
Odamlarni sohilga tamon?
Balki bulutlarning tubida,
Oy siynasi qolar ochilib.
Shaffof sholipoya suvida,
Ming -ming yulduz yotar sochilib…
Kechir, yoʻldan qoʻydim nahorda,
Gigant edim, uyga sigʻmadim.
Ummon orti, olis shaharda,
Shamol, seni tanib, yigʻladim.
—————————
25/02/2014. Kanada.
———————
Farrosh
———————
Osmonni toʻldirib, gala va gala,
Shosha pisha uchib ketmoqda qushlar.
Uyquga ketadi hademay dala,
Koʻrmoq uchun oppoq, hayrli tushlar.
Koʻchmanchi qushlarga tilar bargrezon,
Bexatar safaru sabr va bardosh.
Top -toza yoʻlakka toʻkilar xazon,
Pichirlab soʻkadi shamolni farrosh.
—————
23/07/2022.
Kunduz soat 9:10.
Kanada, Onterio.
————
Boʻsa
————
Qayin shovullaydi, shabboda esar,
Kakku qaylardadir sayraydi yolgʻiz.
Yoʻl yoʻl mayka kiygan oʻroqchi esa,
Astoydil oʻt oʻrar, qoʻlida chalgʻi.
Daryoda oʻrmalar erinchoq tuman,
Shamol oʻroqchining yonidan oʻtar.
Yoz daydi va dovdir kapalak bilan,
Oʻtloqda gullarni avaylab oʻpar.
—————
22/07/2022.
Kech soat 7:36.
Kanada, Onterio.
————-
Yomgʻir qoʻshigʻi
————-
Yomgʻir jimib qoldi.
Soʻng, shitirlay boshladi yana,
shitirlagan kabi qamishzor,
olis va unsiz chaqinlar
chaqnayotgan koʻklam zulmatlarida,
oʻzlarini tamom unutib,
kuylayotgan baqalarning
hazin ovozlarin eslatib menga.
Yomgʻir derazaning oynasin chertar,
asta, qitirlatib,
sheʼr yozayotganday xuddi.
———————
20/07/2022.
Erta bilan soat 8:32.
Kanada, onterio.
—————-
Yolgʻiz daydib yurar oydinda kirpi
——————
Chirildoq oʻzini unutib kuylar,
Goh baland pardada, gohida bosiq.
Mudrab yotar daryo ortida uylar,
Chiroqlar marjonin boʻyniga osib.
Xovuzga termulib, oʻy -xayol surgan,
Tollar kokilini oʻynaydi sabo.
Sukunat dalalar ortida xurgan,
Itlar ovoziga berar aks — sado.
Porlar somon gʻaram ustida xilol,
Koʻkda bulutlarning pardasin yirtib,
U yoqdan bu yoqqa chopib,bemalol,
Yolgʻiz daydib yurar oydinda kirpi.
—————-
19/07/2022.
Kunduz soat 10:34.
Kanada, Onterio.
—————-
Karam
—————-
Qorli oydin kecha, yolgʻiz bir oʻzim,
gʻart — gʻurt bosganimcha qorlarni
daydiyman, sen haqda muttasil oʻylab.
Sensiz qor qoplagan jim jit koʻchalar
oʻxshar oy yoritgan sahroga, choʻlga.
Yorugʻ darchalardan qor uyumlariga
yogʻilarkan xorgʻin shuʼlalar,
daraxtlar soyasin toʻshaydi yoʻlga.
Balki sening olislarda qolgan
uying tomini ham, xovli, bogʻingni
qoplagandir qalin oppoq qor.
Shular haqda oʻylab brar ekanman,
qorlar gʻijirlashi eslatdi menga,
oshxonada gʻart — gʻurt etkizib,
karam toʻgʻrayotgan chogʻingni.
—————
18/07/2022.
Erta bilan soat 9:09.
Kanada, Onterio.
—————
Ilohiy nafas
—————
U Isomas, kuf -suf deya dam solib,
tiriltiray desa murdani.
Feldsher ham emas, aksiga olib,
«Tez yordam»da tunlar kezib yurgani.
Oddiy, siz bilan biz kabi odam.
U shunchaki, qahraton qish chillasida,
ohista, avaylab, kaftiga olib,
gugurt choʻplariday ingichka, nozik
oyoqlarin kuxlab, isitib,
tumshugʻiga puflab yurib, oxiri,
tiriltirdi chalajon qushni.
—————-
16/07/2022.
Kech soat 7:57.
Kanada, Onterio.
—————
Yildirim
—————
Chaqinlar olisda chaqmoqtosh yoqar,
Dov daraxt lashkari tushgan asirga.
Qoʻshogʻiz miltiqdan goʻyo oʻq otar,
Osmonni larzaga solib, qasirgʻa.
Sel sharros quyadi, shiddati jiddiy,
Oʻt oʻlan qoʻrquvdan qaltirab, qaqshar.
Zulmatda yalt etgan yildirim, xuddi,
Insonning lahzali umriga oʻxshar.
—————
16/07/2022.
Kunduz soat 9:24.
Kanada, Onterio.
—————
Yoz oqshomi
—————
Aylanar oq qora tasvirga ranglar,
Ufqlar jaroxatin davolaydi shom.
Uzoqda kemalar faryodi yangrar,
Masjidlarda azon, cherkovlarda jom.
Toʻlqinlar bir birin quvgani quvgan,
Choʻlpillaydi azim daryoning labi.
Sohil toshlariga bosh urgan suvda,
Likillar oy qarmoq poʻkagi kabi.
—————
12/07/2022.
Kech soat 6:22.
Kanada, Onterio.
————————-
Ayriliq
—————————
Yoqmasam, ka — a -a — atta koʻcha — deding,
koʻchaga chiqdim.
Koʻcha jim — jit edi, kimsasiz, oydin.
Men avvallari bilmas ekanman,
koʻchaning bunchalar
katta boʻlishin.
—————————
2002 yil , 2 oktyabr . Yarim tun .
Andijon shahri 4 — kichik daxa.
————————
Koʻkyoʻtal bedana
————————
Boshini toshlarga urib, charchagan,
Daryo xayol kabi yoyilib oqar.
Ninachi omonat qoʻnib maysaga,
Suvdagi oʻz aksiga boqar.
Qizarar osmonning ichak chavogʻi,
Shamolda tebranib qoʻyar butalar.
Shamollatganmikin deyman, tomogʻin,
Uzoqda bedana tinmay yoʻtalar.
——————
14/07/2022.
Kunduz soat 9:29.
Kanada, Onterio.
————
Gʻoʻdaygan daraxtlar yutganmi xoda?
————
Uzoqda hasratli maraydi buzoq,
Loʻkillab qaytadi qishloqqa poda,
Tolzorda chumchuqlar javraydi uzoq,
Gʻoʻdaygan daraxtlar yutganmi xoda?
Qaydadir chirillar chirildoq tinmay,
Etimdek bir oʻzi kezar daydi el.
Sutdek oydin tunda uyqusi kelmay,
Darchalardan oyga termuladi el.
——————
13/07/2022.
Kech soat 7:14.
Kanada, Onterio.
————
Oydin kecha
————
Xalqa xalqa boʻlib, qumloqni yuvgan,
Sohil suvlarini keladi kechging.
Toʻlqinlarni daydi shabboda quvgan,
Koʻrinmas tevarak atrofda hech kim.
Oppoq sukunatga oʻranib uxlar,
Oʻlguday charchagan dala, qir -qiya.
Oʻpishgani qoʻrqar sevishgan juftlar,
Birontasi koʻrib qolmasin deya.
—————
12/07/2022.
Erta bilan soat 7:12.
Kanada, Onterio.
——————
Kapalak
——————
Kimsasiz osuda jim — jit yoʻlakka,
hazin shovullagan kuzgi qayinning
qahrabo barglari toʻkilar asta.
Esi ogʻib qolgan, xovlima xovli,
daydigan xazonrez sayoq shamolning.
Suv quyganday jim -jit tevarak atrof.
Bogʻda guldan gulga ohista qoʻnib,
goh kimsasiz yoʻlakni paypaslab, oʻpib,
bir oppoq kapalak, etimday yolgʻiz
uchib yurar, kimnidir izlayotganday.
Uchib yurardi u, xuddi tunlari
men yozgan sheʼrlarni notbukingdan
birovga koʻrsatmay oʻqiyotgan payting,
soʻzlardan soʻzlarga uchib, qoʻnguvchi
maʼyus nigoxingday, sevgilim.
————-
10/07/2022.
Kunduz soat 3:08.
Kanada, Onterio.
——————
Dalalar ustida porlayotgan oy
——————
Chiqillaydi vaqt bombasi,
Eshik qoʻshiq aytadi xursand.
Kulbam goʻyo muxtasham qasr,
Pol gʻijirlab qoʻyadi yursam.
Sabolarda tebranib shohi,
Sukunatda gullar nastarin.
Chirillagan chirildoq ohi,
Agʻdarar tun avra astarin.
——————
08/07/2022.
Kunduz soat 4:08.
Kanada, onterio.
————
Koʻlmak
————
Bositirib kelarkan bulutlar yaqin,
Miltiqdan oʻq uzar qaldiroq mergan.
Chaqmoqtosh yoqadi zulmatda chaqin,
Ikkimizni izlab, gunoxkor erdan.
Chaqindan yaltirab yaprogʻi, shoxi,
Mahzun shovullaydi shamolda qayin.
Shivirlab, boʻgʻzida ilohiy ohi,
Yomgʻir birdan yogʻib yuborar mayin.
Koʻlmak koʻzgusiga moʻltayib boqar,
Fonus oʻychan odam singari.
Yomgʻir oynalardan koʻz yoshday oqar,
Sovuq yaltillaydi chaqin hanjari.
Dov daraxt shoxini shamol egadir,
Qorongʻi zulmatning koʻzlari soʻqir.
Don -dun boʻlmasa ham erda, negadir,
Yomgʻir toʻxtamasdan yoʻlakni choʻqir.
————————
07/07/2022.
Kech soat 8:55.
Kanada, Onterio.
————
Gʻoya
————
Onajon, bu kechikkan gullarni endi ,
qaerga qoʻyaman, oʻzing ayt, axir,
qabring okeanlar ortida boʻlsa…
Shunday deya oʻylab, kutilmaganda
ajoyib bir gʻoya miyamga keldi.
Soʻng, senga atalgan oʻsha gullarni
oxista, avaylab oqizoq qildim
osmonlar aks etgan azim daryoga.
Senga etib borar deya oʻyladim
kechikkan va senga atalgan gullar.
Axir, sen, mana necha yillarki
oʻsha daryo suvida aks etgan mangu,
bepoyon osmonda yashaysan yolgʻiz.
—————
05/07/2022.
Kunduz soat 12:38.
Kanada, Onterio.
————-
Quvgʻin
————-
Ergashadi ortimdan soyam,
Qaro zulmat qovogʻin uygan.
Charchaganman yashashdan gʻoyat,
Xotin xaydab yubordi uydan.
Yulduzlardan qamashar koʻzim,
Darchalarda chiroq oʻchadi.
Yana daydib, yolgʻiz bir oʻzim,
Qarshilayman tongni koʻchada.
—————
04/07/2022.
Erta bilan soat 6:49.
Kanada, Onterio.
————
Gʻam
———-
Sezdirmay, ohista kirib kelar kuz,
Koʻylagida yuzlab xazon yamogʻi.
Ruhimday xuvillab yotar dala -tuz,
Uyilar bulutli osmon qovogʻi.
Toʻkilgan barglarni toʻzgʻitadi el,
Yolgʻiz daydib yurar bogʻlarda kuzak.
Mohir nonvoy kabi, qish gʻamida el,
Paxsa devorlarga yopadi tezak.
—————
03/07/2022.
Kunduz soat 4:52.
Kanada, Onterio.
————
Endi qaytib vafot etmagin
————
Qiynar seni hijron degan dard,
Yolgʻizmassan, bola chaqang bor.
Yigʻlamagin, koʻz yoshingni art,
Va yoʻlimga boqma intizor.
Oʻrtamizda ummon, qir -qiya,
Togʻu toshlar, tebranmas, tepsang.
Bilsam, «Meni oʻlibdi deya,
Unga aytib qoʻyinglar» debsan.
Oʻlmaganing, tirikliging rost,
Bu dunyodan erta ketmagin.
Keyin, sendan bitta iltimos,
Endi qaytib vafot etmagin…
——————
03/07/2022.
Kunduz soat 4:27.
Kanada, Onterio.
—————-
Oy uzoq tinglaydi baqalar nutqin
——————
Yulduzlar sovuqdan qaltirab, qaqshar,
Tinchib qoldi xorgʻin itlar ovozi.
Sutdek oppoq, oydin kechaga oʻxshar,
Stol ustidagi yozuv qogʻozi.
Bilmadim, vaqt qanday oyoqsiz yurar,
Osmon yulduzlarga yotar talanib.
Pastak derazadan koʻrinib turar,
Oydindagi olis pichan gʻarami.
Shamol ham xovlida daydimay qoʻygan,
Yotibdi qaydadir, misoli tutqun.
Sohil suvlariga termulib, oʻychan,
Oy uzoq tinglaydi baqalar nutqin.
——————-
03/07/2022.
Erta bilan soat 8:39.
Kanada, Onterio.
—————
Zulmat
——————
Gʻamgin miltillaydi uzoqlarda choʻgʻ,
nazarimda, tutunni tutunga ulab,
tamaki chekmoqda kashanda zulmat.
Ichi moʻrining singari qorayib,
oʻpkasi ham chirib, tamom boʻlgandir…
Nega chekyapti ekan? Balki, xotini:
-Sen ham odamlarday, chet elga borib,
ishlab, pul topib kelsang, oʻlasanmi? -deya,
janjal koʻtardimikin yarim kechasi?
Oʻzi xotinining jagʻi yomonda.
Ishqilib, oxiri bahayr boʻlsin.
Xudo koʻrsatmasin, xotini shunday
janjal qilaversa, chidolmay zulmat,
uzun arqon bilan, achchiq ustida
ogʻilxonaning yoʻgʻon peshxorisiga,
osib netib qoʻysa oʻzini shartta
koʻring tomoshani.
«Dyll! Dyll!Dyll!Dyll!» » deb yurguvchi
«Ural» rusumli kajavali mototsiklini
kapa kapa qilib xaydab, shogirdi bilan
uchastkavoy leytenant Shgabuddinov
etib kelsa kerak, uzoq kutdirmay?..
Yaxshisi, bu erdan surishim kerak…
————————
02/07/2022.
Tungi soat 10:36.
Kanada, Onterio.
——————
Yoz kechasi
——————
Shamol daydib yurar, havo musaffo,
Oy hamon yoritar Xudoning mulkin.
Kecha shu qadar jim, sokinki, hatto,
Baqalar ovozin eshitish mumkin.
Moped tirillatib, oy mudragan payt,
Kimdir xorib, charchab, uyiga qaytar.
Bu haqda kimsasiz, sokin sukunat,
Qulogʻimga sekin, shivirlab aytar.
————
01/07/2022.
Kech soat 8:52.
Kanada, Onterio.
——————
Duo
——————
Mahzun uvillaydi qorli dalada,
Boʻgʻzigacha qorga botgan oʻt -oʻlan.
Arang jon saqlaydi qushlar panada,
Hech kim qor shopirmas shamoldan boʻlak.
Qorboʻron faryodin tinglayman, yotib,
Har holda, sandal bor, sovqatsa qoʻlim.
Iloho, zulmatda qorlarga botib,
Izlab topolmasin kulbamni oʻlim.
—————-
01/07/2022.
Kunduz soat 11:02.
Kanada, Onterio.
———————-
Tungi poezd
———————-
Porlab turgan mahal tom ustida oy,
Poezd koʻz ilgʻamas zulmat qaʼrida,
Chinqirdi, topolmay berkingani joy,
Olis adirlardan ham narida.
U shu qadar qattiq qichqirdiki, koʻkdan,
Yulduzlar marjonday toʻkildi suvga.
Shundanmi tun jimlik qaʼriga choʻkkan,
Shundan oʻt oʻlanni shudringmi yuvgan?
Qarayman oy nurin toʻshagan yoʻlga,
Dalalar oydinda xayolga toldi.
Poezd chinqirarkan, zardobga toʻlgan,
Yuragini boʻshatib oldi.
—————
30/06/2022.
Kech soat 8:46.
Kanada, Onterio.
———————
Kuz yomgʻiri
——————-
Oʻylanasan kuzgi kechada,
Cheki bormi deya firoqning.
Esi ogʻar boʻm -boʻsh koʻchada,
Mayus oʻyga botgan chiroqning.
Toʻlar sirli shivirga havo,
Ruhing kabi musaffo, toza.
Nahot sevgi ayladi qazo,
Yomgʻir kimga ochmoqda aza?..
Osmonlarga elagin tutar,
Fonus gʻamgin nurin elaklab.
Boʻm -boʻsh shahar uyquga ketar,
Kuz yomgʻiri quyar chelaklab.
————————-
27 may, 2014 yil.
Tungi soat 10 dan 49 daqiqa oʻtdi.
Kanada.Brempton.
—————
Kuzgi qayin
—————-
Xazonlarni uchirmoqqa shay,
Kuzning oʻychan, latif shamoli.
Avtoulov chumolixoʻrday,
Ishga shoshgan avom -chumoli.
Chirpiraydi etim yaproqlar,
Kuz keltirdi barglarga qiron.
Xazon emas, tilla titroqlar,
Qoʻrqitadi ularni boʻron.
Oʻylamaydi bu haqda qayin,
Kokillarin yoyib nasimga.
Yoʻl boʻyida shovullab mayin,
Qayta -qayta tushar rasmga.
————————
27/10/2014. Brempton shahri, Kanada.
——————-
Qorli kecha va yorugʻ niyyat
——————-
Oppoq qorzarralar uchquni sokin,
Qoʻnsa kipriginga, sochinga yuzlab.
Desang — nahot, sovuq bulutlar hokim,
Osmondan yulduzlar tushmoqda muzlab?
Qor toʻxtamay yogʻsa, yogʻsa boʻralab,
Daydisak el — ulus yotganda uxlab.
Pinjimga suqilsang,paltoga oʻranib,
Sovqotgan qoʻllaring isitsam kuxlab.
Soyamiz tutashsa, uchqunlar tinmay,
Toʻzgʻisa, chirpirab tushsa elanib.
Uzoq suhbatlashsak, ketgimiz kelmay,
Fonus yorugʻida qorga belanib.
—————————
20 oktyabr, 2014 yil.
Kech soat 5 dan 39 daqiqa oʻtdi.
Kanada. Brempton shahri.
———————
Bahor oqshomi
———————
Koʻz yoshday toʻkilar gilos gullari,
Soʻnadi ufqlarda otashi soʻzon.
Halovat toʻshalgan bogʻda tunlari,
Nafis oy shuʼlasi, goʻzal gul toʻzon.
Oppoq gul yogʻadi misoli roʻyo,
Oydan yorishadi ovoz etmas joy.
Kul bilan yuvilgan idishday goʻyo,
Sokin xovuzlarga choʻkib ketar oy.
——————————
13 may, 2014 yil. Kanada.
——————-
Pion
———————
Koʻcha fonusi oʻz plafonining erda sinib yotgan parchalariga parishon termulganicha mahzun xayollarga gʻarq. Xuddi oppoq gulpallalari toʻkilgan pion guliday.
————————————
24/01/2020. Kanada.
————————
Vatan xayoli
———————
Botar paxtazorlar ortiga quyosh,
Lovullaydi alvon ufqlar etagi.
Tuman choʻka boshlar dalaga yuvosh,
Koʻkda yulduzlarning kepagi.
Kimsasiz yoʻllarda sukunat hokim,
Shamol ham bogʻlarda yurarkan sangʻib,
Bogʻdagi dov -daraxt ortidan sokin,
Parishon oy chiqadi balqib.
Birin ketin xorgʻin chirogʻin yoqar,
Shuʼlaafshon darchali uylar.
Iskabtopar elni ayamay chaqar,
Chirildoq oʻzini unitib kuylar.
Yoʻlda boʻynin choʻzib maraydi buzoq,
Poda xaydab oʻtar koʻchadan kimdir.
Qurillar sohilda baqalar uzoq,
Somon yoʻli, yulduzlar jimdir.
—————————-
14/06/2016. Kanada.
————————
Oydin sukunat
(Togʻam Hurmuhammad Kenjaevning porloq hotirasiga)
—————————
Togʻa, Chuvamada hozir hoynahoy,
Oqshom tushib, quyosh botgandir.
Oppoq chinni tovoq kabi oy,
Tentaksoyda choʻkib yotgandir?
Toshqin buzgan koʻprik xodasi,
Taxtalari yotgandir koʻchib?
Suv kechardi sigir podasi,
U koʻprikdan oʻtgani choʻchib.
Qurillaydi balki baqalar,
Qirgʻoqlarda qamishlar ohi.
Daydi tulki suvlar yoqalab,
Quloq tutar jimlikka gohi.
Soʻqmoq uni sohilga boshlar,
Gʻir gʻir esar tungi shabada.
Koʻrinar suv ostida toshlar,
Bogʻbon esa uxlar kapada.
Yulduzlarni jimlik xoritar,
Olis osmon -ovoz etmas joy.
Qabringizni gʻamgin yoritar,
Jim -jit, sokin sukunatda oy.
————————
22/10/2017. Kanada.
——————
Aprel
——————
Quyosh botib, gʻamboda, gʻarib,
Ufqlarning gulxani soʻnar.
Erigan qor suvin sipqorib,
Shom qushlari bogʻlarga qoʻnar.
Hilol koʻkda porlar parishon,
Koʻrasan koʻz ilgʻamas joyni.
Men sevaman, sevaman, ishon,
Aprel degan yolgʻonchi oyni.
Billur qandil singari tomdan,
Sumalaklar tushar uzilib.
Chakillagan iliq oqshomda,
El uyqusi ketar buzilib.
—————————
1990 yil . Bahor . Andijon shahri.
——————
Choʻlquvar
——————-
Yoshligimda choʻlquvar edim,
Quvar edim choʻllarni yomon.
Choʻllar mendan qoʻrqib qochardi,
Kulgim qistar, eslasam hamon.
Quvmay desam uyqu bermasdi,
Quvarlikning muqaddas burchi,
Boʻronda ham quvlayverardim,
Koʻzda qumning qalampir-murchi.
Bilsam, bekor quvgan ekanman.
Daryolarda quridi suvlar.
Qasos dunyo ekan bu dunyo,
Bugun endi choʻl meni quvlar.
————————-
1988 yil. Toshkent.
——————
Kapalak boʻroni
——————-
Esingdami, bir kun, sayr qilib yurib,
ming — minglab oppoq kalaklarning
qurshovida qolib ketgandik ikov?
Bir birini quvlab, uchardi ular
gullarga qoʻnishni sira istamay.
Faqat qoʻnar edi charchasa, sening
sochinga va qayrilma kipriklaringa.
Ayrilgimiz va uyga ketgimiz kelmay
uzoq vaqt sayr qilgandik birga
oppoq kapalaklar boʻroni aro.
Dov daraxt, koʻchalar, odamlar, uylar
koʻrinmay ketgandi kapalaklardan.
————-
24/06/2022.
Kundaz soat 3:51.
Kanada, Onterio.
————————
Doʻst
(Oʻzbekning eng yoniq shoirlaridan biri, marhum doʻstim Ravshan Fayz xotirasiga )
———————-
Sheʼrlaringda bahor, bulut bosqini,
Sharros quyar goho shiddatli jala.
Daryo izdan chiqar, bahor toshqini,
Koʻrinmay ketadi yomgʻirda dala.
Moychechak labidan avaylab oʻpar.
Yozgi oʻtloqlarda daydi kapalak.
Chugʻurchuq boʻroni guvillab oʻtar,
Xayqirar qushlarga bogʻbon kapada.
Kuz kelar, egnida xazon yamogʻi,
Gala gala uchar janubga qushlar.
Koʻchmanchi qushlarning yoʻqday sanogʻi
El qarar osmonga, yoqasin ushlab.
Anglolmas koʻrgani tushmi yo oʻngi,
Kimsasiz, tumanli dalalar roxi.
Soʻyu samolarga ketadi singib,
Turnalarning gʻamgin faryodi ohi.
———————
2003 yil , 27 noyabr .
Tungi soat 9:30. Andijon.
——————-
Ona yurt sogʻinchi
——————
Bir soat ichida dunyo qaridi,
Yosh turib sochlaring oqardi yanvar.
Jilmayar tahayyul tumanlarida,
Lablari atirgul, sochlari anbar.
Daraxtlar yugirar tepaliklarda,
Oppoq uchqunlarni toʻzgʻitganda el.
Bahor keldi, muzni yorib chiq! — deya,
Yana boychechakni aldaydi aprel.
Men endi mushtlashib qovoqxonada,
Aroqqa choʻkmayman hasratga toʻlsam.
Qaniydi Vatanda, qorli dalada,
Gulxanga termulib jimgina oʻlsam.
Daydi shoir oʻldi — deya odamlar,
Koʻmishsa, ustimdan tortishsa tuproq.
Xonanga qamalib, yolgʻiz u damlar,
Sen oʻzing yigʻlaysan hammadan koʻproq.
————————
1 dekabr, 2012 yil.
Kunduz soat 2:12.
Kembridj shahri, Kanada.
———————-
Garchand soʻqir ishqning koʻzlari
———————
Oʻyga botgan yomgʻirli shahar,
Elovrayman, qalbi soʻqirman.
Koʻr yomgʻirga aylanib, sahar,
Derazangni qushday choʻqirman.
Koʻzim oppoq ochilgan paxta,
Tergil uni, jonim etaklab.
Savob boʻlar edi poytaxtda,
Men soʻqirni yursang etaklab.
Tumanlarda tentirab, daydib,
Dalalarda gulxan yoqarman.
Balki bir kun Vatanga qaytib,
Dorvozangni topib, qoqarman.
Paypaslayman shahlo koʻzlaring,
Titrayotgan lablaringni ham.
Yuzlarimga bosib yuzlaring,
Shivirlaysan yomgʻirday, erkam.
Qalblarga yoʻl topar roʻzi shab,
Garchand soʻqir ishqning koʻzlari.
Lablar yomgʻir kabi choʻlpillab,
Bir -birini topar oʻzlari.
Yomgʻir yigʻlar odamday asta,
Koʻz yoshlarin hech kimsa artmas…
Boshqa topqir aʼzolar haqda,
Nazarimda, yozish ham shartmas.
————————
25/06/2016. Kanada.
——————-
Sevgi yodi
——————-
Balki hamon meni kutarsan, esiz,
Borolmayman endi u joyga.
Qanday termulardik ikkimiz,
Shuʼlalarin taratgan oyga.
Termularding porloq oyga sen,
Ipak soching shuʼladay mayin.
U shuʼla, u mayinlikni men,
Unutolmoy oʻtmogʻim tayin.
Gul bandiday boʻyninga sening,
Chirmashmasin hijron pechagi.
Qurib qolma, gʻarib sevgimning,
Qor ostida qolgan chechagi.
————————
22 aprel, 2014 yil.
Kunduz soat 3:55.
Kanada. Brempton shahri.
———————
Kuzgi terak
———————
Daydib yurgan edim, bogʻlarda badar,
Kuz sochib yubordi chumchuqlarini.
Ular uchib ketdi shoshib, qaygadir,
Shamollarda qayrab tumshuqlarini.
Kuz xazon raqsiga chorlaydi kimni?
Guvillagan mahal yalongʻoch terak.
Terak shoxidagi qoraygan inni,
Qushlar eslab, goho sogʻinsa kerak?
—————————-
26 oktyabr, 2014 yil. Kanada.
———————-
Kimsasiz yoʻllarda
———————-
Suvga choʻkib ketdi bulutlar,
Koʻrib kuzgi gullar ibosin.
Qirgʻoqlarda teraklar, tutlar,
Suv oqizar bogʻlar libosin.
Gala gala qushlar narida,
Shiddat bilan uchar qaygadir.
Balki daryo sohillarida,
Sholi pishib yotgan joygadir?
Koʻprik uzra sohibjamol qiz,
Termuladi suvga, ariqqa.
Kezar maʼyus, oʻychan qari kuz,
Sochlarini boʻyab sariqqa.
—————————
26 avgust, 2010 yil.
Kunduz soat 10 dan 58 daqiqa oʻtdi.
Toronto shahri, Kanada.
————————
Omonat yaproqlar
———————
Daraxt qir uchida omonat zogʻlar,
Sukunatga toʻlar osmon qozoni.
Sekinroq yuraman men bunday chogʻlar,
Toʻkilmasin deya bogʻlar xazoni.
———————-
15 oktyabr, 2014 yil. Kanada.
——————-
Qor
——————
Yoʻlovchi izlarin yopib borar qor,
Izgʻirin bogʻlarda sibizgʻa chalar.
Chiroqlar olisdan boqar intizor,
Qorli tundraga oʻxshaydi dala.
Osmon uxlar edi daraxt uchida,
Yostigʻini yirtib, otdimi, netdi?
Chirpirab toʻzgʻigan parqu ichida,
Dov -daraxt, dalalar koʻrinmay ketdi.
—————————
28 oktyabr, 2014 yil. Kanada.
————————
Oy koʻnglimiz singari yarim
————————
Toʻrgʻay boʻlsam tongi dalada,
Chugʻurlardim muallaq sayrab.
Qarar eding quvnab yanada,
Koʻzga kafting soyabon aylab.
Tipratikon boʻlsam, butunlay,
Men Vatandan ketmasdim badar.
Oy yoritgan xovlingda tinmay,
Chopar edim to tonga qadar.
Muhabbatning rubobi sindi,
Borolmayman endi sen tomon.
Biz uchrashgan dalada endi,
Gʻuvillaydi darbadar shamol.
Dov daraxtni kech kuz qaritgan,
Bogʻlarda bor hayo va sharm.
Sohillarni gʻamgin yoritgan,
Oy koʻnglimiz singari yarim.
————————————
19/06/ 2011. Kanada.
——————————
Birinchi qor
———————-
Oppoq qor qoplagan dalalar roxin,
Angraygancha tildan qolibdi bogʻlar.
Qor yuki egibdi daraxtlar shoxin,
Qaxrli qagʻillar tumanda zogʻlar.
Baqirmay sekinroq qagʻillasa ham,
Eshitaman axir, emasman garang.
Qorkoʻchki qoʻzgʻolar yoʻtalsa odam,
Qor turar daraxtlar shoxida arang.
Qor bosgan dalalar besado, besas,
Hech kim halal bermas xayollar sursang.
Yoʻlovchi jilmayib qoʻyar, ranjimas,
Qulochkashlab turib, qor bilan ursang.
—————————-
9/01/ 2013. Kanada. Toronto shahri.
——————
Tovush
——————
Yomgʻir yaraqlatar yoʻllarni yuvib,
Mudraydi bogʻlarning qargʻayu zogʻi.
Shamol qanotlari shalobbo ivib,
Ucholmay qaydadir yotibdi chogʻi.
Fonus shuʼlasidan nurafshon yoʻlak,
Sukunat odamday oʻylarga botar.
Koʻlmaklar limmo lim koʻz yoshga toʻla,
Xiyobon ruhimday xuvillab yotar.
Yomgʻirda yuvilgan xiyobonda jim,
Dov daraxt yoʻlakka termulgan oni,
Eshitdim jimlikda, aniq eshitdim,
Chirt etib yaproqning uzildi joni.
———————————
28/10/ 2014. Kanada.
————————
Osuda jimlik
———————-
Kuz kelibdi bildirmay, asta,
El ulusning tinchini buzmay.
Qushlar galasining bir pasda,
Ketganini qolibmiz sezmay.
Miq etmaydi, xayolga botgan,
Menga maʼlum uning kimligi.
Daraxtzorda berkinib yotgan,
Bu osuda kuzning jimligi.
Yaxshiyamki hech kim yoʻq ekan,
Borganimda daraxt kesgani.
Shoshilishda ketaveribman,
Pufaykamni kiyib teskari.
————————
26/10/2014. Kanada.
—————-
Odob
—————-
Daraxt shoxlarini silkitgan edi,
Qaxrabo barglari toʻkildi erga.
Farroshning soʻkinib aytganin endi,
Ayb boʻlar deyman, kiritsak sheʼrga?
Farrosh qoʻllarini kuxlab, isinib,
Xazonlarni toʻplab, gulxanda yoqar.
Soʻng oʻychan tutatib tamakisini,
Uzoq uzoqlarga xayolchan boqar.
Qir! qir! -deyaverib qirilib ketar,
Turnalarning uzun nayday tomogʻi.
Kuz bekor qushlarning qaytishin kutar,
Kiygan jandasida xazon yamogʻi.
—————————
27 oktyabr, 2014 yil.
Kech soat 7:44.
Brempton shahri, Kanada.
————————
Endi kezar u joylarda kuz
———————
Qanday yashnar edi dala tuz,
Shovqin solib yoqqan jalada.
Endi kezar u joylarda kuz,
Sholgʻom kovlar dexqon dalada.
Qush galasi deya oʻylabman,
Uchib oʻtsa gʻarib xazonlar.
Men ularga qarab toʻymabman,
Chirpiratsa telba toʻzonlar.
Darchalarga bosganicha yuz,
Yaproqlarin toʻkar qayinlar.
Yana qaytib kelinglar deb kuz,
Turnalarga qattiq tayinlar.
—————————
27 oktyabr, 2014 yil.
Kunduz soat 12:22.Brempton shahri, Kanada.
——————
Qor quvonchi
——————
Guppa guppa yogʻaverdi qor,
Tomlar oppoq, oqardi erlar.
Oq varaqday koʻchayu devor,
Qor xudoning rahmati derlar.
Qorboʻronda turtinib, toyib,
Yoʻlda odam tanimas doʻstin.
Qorboboday bogʻlar bukchayib,
Kiyib olgan qalin qorpoʻstin.
Gʻuvillaydi qorli dalada,
Choʻkirtaklar boʻgʻzigacha qor.
Darchadagi chiroq panadan,
Qorli yoʻlga boqar intizor.
Gʻijirlaydi qordagi qadam,
Qor ostida qolibdi yoʻlak.
Qorga qarab toʻymaydi odam,
Hamma xursand, farroshdan boʻlak.
—————————
25/10/2014. Kanada.
—————
Hotira
—————
Esingda boʻlsa, bundan roppa rosa
bir necha yuz ming mangulik muqaddam
uchrashib, tanishgan edik sen bilan.
Gʻam qaygʻu, tashvish, dabdaba, boylik
butunlay begona edi biz uchun.
Qalin oʻt oʻlanli oʻtloqda ikov,
oʻynab yurar edik, ishga ham bormay.
Anvoyi gullardan gulchambar yasab,
boshinga kiydirib qoʻyardim tojday.
U paytlar mening ismim — Odam,
sening isming Havvo edi, sevgilim…
—————
06/08/2022.
Kech soat 6:50.
Kanada, Onterio.
———————-
Oʻrmonlarga tutashdi yoʻlim
————————
Yoʻl chetida raqsga tushar,
Nozikkina navnihol qayin.
Yaproqlari chirpirab uchar,
Shamollarda chayqalgan sayin.
Kasod boʻldi qushlar bozori,
Sarmoyasi talandi, sindi.
Girvatlarga sovrildi bori,
Chorbogʻlarda ovozi tindi.
Tumanlarda xayolga tolgan,
Oʻrmonlarga tutashdi yoʻlim.
Boʻronlarda yaproqsiz qolgan,
Novdalarga oʻxshaydi qoʻlim.
—————————
25 oktyabr, 2014 yil.
Kunduz soat 3:54.
Kanada. Brempton shahri.
———————
Choʻtalchi
——————
Qoʻllarida «qirol», «dama», «tuz»,
Dov -daraxtlar oʻynaydi qarta.
Qimor oʻynab, toʻymaydi bu kuz,
Yutqazsa ham bir necha marta.
Sargʻaytirdi daraxtni hasrat,
Ishonmaydi aytsang birovga,
Oltinlarin avaylab, asrab,
Bogʻlar tikdi dovga, garovga.
Shamol tinmay chiylaydi qarta,
Bedanani qiynaydi yoʻtal.
Farrosh kelar kunda bir marta,
Olmoq uchun bogʻlardan choʻtal.
—————————-
25/10/2014. Brempton shahri. Kanada.
————————
Kuzning gʻarib, gʻamgin shamoli
————————
Toʻzgʻitganing etmasmi qasddan,
Qoʻy, quvlama yaproqni, shamol.
Sen ham hadeb izgʻiyvermasdan,
Bir zum toʻxta, madaniy dam ol.
Yosh emassan, umring ham yarim,
Qilgan savob ishlaring sana.
Chilpib kuzgi daraxt barglarin,
Farroshga ish oshirma, bola.
—————————-
22 oktyabr, 2014 yil. Kanada.
——————
Qorboʻron
——————
Ulovlar ham charchadi, tindi,
Oppoq qorga belandi shahar.
Koʻmib tashlar borliqni endi,
Qor tinmasa to tonga qadar.
Choʻzilgancha oʻrnimga shu dam,
Qordek oppoq oʻylarga botdim.
Yo uy yorugʻ qor shuʼlasidan,
Yo chiroqni oʻchirmay yotdim.
—————————
24 oktyabr, 2014. Kanada.
———————
Robinzon
——————-
Makonim shu, kimsasiz orol,
Kemalarning yoʻliga boqdim.
Qoʻlda qalam daxshatli qurol,
Sheʼrim qalab, gulxanlar yoqdim.
Sohilda suv yigʻlar chamasi,
Ummonlarni keladi kechgim.
Shovqin solar toʻti galasi,
Hayqiraman, eshitmas hech kim.
Yulduzli tun bayroqmi qaro?
Oy ham undan ketmaydi nari.
Uxlar havo ummoni aro,
Kosmosdagi orol — Er shari.
——————————
19 iyun, 2010 yil. Kunduz soat 2:44.
Toronto shahri, Kanada.
———————
Kuz manzarasi
———————
Tubsiz xandaklarning xaspoʻshlab ogʻzin,
Chevar oʻrgimchaklar toʻqiydi kashta.
Sukunatni tinglab, aqldan ozding,
Ne bor u davrada, boʻshliqda, dashtda?
Doʻstdek koʻrinadir koʻzinga yogʻiy,
Choʻchqa oxurida uxlama, uygʻon.
Qagʻillar kuzakning qargʻayu zogʻi,
Bogʻingda bubullar sayramay qoʻygʻon.
Qovjirab, qaqshaydi daryolar labi,
Yolgʻiz kapalakning topilmas tengi.
Xilpirar valiylar bayrogʻi kabi,
Qoʻriqchining uzun sadpora engi.
—————————-
26 avgust, 2010 yil.
Tungi soat 10:13.
Toronto shahri, Kanada.
——————
Telbalar shaharchasini sogʻinib
(Sharifjonga)
———————
Jussalari machta, kiyimi elkan,
Sevgidan telbarib qolgan avomat.
Qattiq nonni suvga ivitib erkan,
Borxesning kitobin aylar qiroat.
Ozgʻin qoʻllarida portfel shishar,
Namlikni oʻtkazar poyabzal charmi.
Zarb bilan yopsalar, uzilib tushar,
Eshikka qisilgan sharfning yarmi.
Yomgʻirda yuvilgan oyna yoʻlakka,
Yorliqday yopishib qolar edi barg.
Qor yogʻsa telbalar ketib pinakka,
Qutb ayigʻiday uxlar edi park.
«Kitob» nomli ogʻir dardga chalingan,
Telbalar har tamon tirqirab uchdi.
Non oʻrniga kitob sotib olingan,
Telbalik yillarim yodimga tushdi.
—————————
21/10/2014.Kanada. Brempton shahri.
———————-
Dadamni eslab
———————
Oʻltirardik porloq oyga termulib,
Daryo tamonlarda yulduz chamani.
Uzoqdan oʻtardi poezd chinqirib,
Olis temir yoʻlning uchqur samani.
Suvqogʻoz parnikmas, oʻtov deng qadim,
Tunlar ichkarida porlardi chiroq.
Men pechka yoquvchi goʻlaxi edim,
Koʻmir bor, gaz degan yoʻq edi biroq.
Uzoqda xorigan traktor «Altay»,
Kezar ekan turtinib zulmat qaʼrida,
Tumanda adashib qolgan odamday,
Ingrardi noyabr zulmatlarida.
Ibodat qilardi dadam uyda jim,
Balki farz nomozi, balki vitiri.
Men esa parnikda kitob oʻqirdim,
Suvqogʻoz tom uzra qorlar shitiri.
——————————
15/10/2014. Kanada.
——————
Kuzatish
——————
Jilmaygancha koʻz yoshlaringni,
Yashirasan, aldab netasan?
Men perronda qolaman yolgʻiz,
Sen poezdda yigʻlab ketasan.
Jiqqa yoshga toʻlgan koʻz bilan,
Yoʻl olasan uzoq ellarga.
Yugiraman poezd ortidan,
Soʻzlar uchar sovuq ellarga.
Chirpiraydi poyimda xazon,
Kuz borliqni tumanga belar.
Xuvillagan perronda turib,
Poezd kabi chinqirgim kelar.
—————————
1992 yil, dekabr, Toshkent, Talabalar shaharchasi.
————————
Sadoqatli chirildoq
—————————
Oqshom. Dala xovli, oʻyga choʻmasan,
Xonang derazasin bogʻlarga ochib.
Menchi kiprik qoqmay turaveraman.
Ering kelganda ham ketmayman qochib.
Esingdami, seni firoq oʻtida,
Kuydirib bir zamon ketgandim oʻlib.
Mana, tagʻin qaytib keldim yoningga.
Qaytadan tirilib, chirildoq boʻlib.
Xovlingda buncha koʻp boʻlmasa gullar?
Yo bugun bayrammi, gullar saylimi?
Sevgilim, shu gullar ochilib yotgan,
Xovlingda chirillab yursam maylimi?
———————————
1999 yil , avgust .Toshkent.
————————
Qadrdon qirgʻoqlar
———————
Oʻtib ketdi bir birin quvlab,
Kunlar, oylar va yillar zumda.
Esingdami, sohil suvlari?
Erir edi izlaring qumda.
Uchrashganda sehrlanganday,
Soʻzlasholmay, qolardik tildan.
Oʻylar edim sen haqda tinmay,
Uzoq edi sekundlar yildan.
Laʼl, javoxir yulduzlar ila,
Tun osmoni ketganda boyib.
Uxlar eding baland soʻrida,
Sochlaringni daryoday yoyib.
Oʻtar eding goʻyo beparvo,
Pinxon tutib koʻzdagi yoshing.
Sevgim choʻkib, gʻarq boʻlgan daryo —
Yot yostiqqa yoyilgan soching.
Balki bizsiz sohilda hamon,
Toʻlqinlarni shabboda quvar.
Qoradaryo oy tovogʻida,
Yulduzlarni oltindek yuvar.
—————————
8/07/2006. Kunduz soat 2:41.
Bishkek shahri, Sovetskaya koʻchasi, 128.
—————————
Sirli maktublar
————————-
Daraxt menga yoʻl boʻshatadi,
Oʻtganimda shu yoʻldan doim.
Va daraxtning sargʻarib ketgan,
Xatlariga koʻmilar poyim.
Daraxt yozgan maktublarini,
Kimdir olib oʻqishin poylar.
Xatlarini olis olisga,
Olib ketar poʻchtachi soylar.
Sevib qolgan kimnidir daraxt,
Sevgan yori yozmaydi javob,
Xatlarini yashirib, oʻqib,
Yigʻlab — yigʻlab etmaydi tavof.
Daraxt har yil yozaveradi,
Siyox, dastgox, qalam, dovotsiz,
Xatlarini xech kim oʻqimas,
Uning sevgilisi savodsiz.
————————-
1991 yil , kuz , Toshkent shahri.
————————-
Baxt nolib yurmasin baxtsizligidan
—————————
Jimirlaydi yombi, xazina kabi,
cheku chegarasiz «O»simon osmon,
yoʻqlik ramzi nol raqamiday.
Osimon ummon. Unda miltillaydi
yulduzlarning sonsiz uvildirigʻi.
Uvildiriqlar aro ohista suzar,
botargoxda qatl etilgan oyning
oltin boshi, misli kumush lagandagi
qahramonning boshi singari.
Hademay osuda, oppoq tong otar.
Faqat sizdan bitta iltimos,
baxt qushining tuxumlaridan,
quymoq qilmang zinxor ba zinxor.
Ularni bostiring parrandalarga.
Ochib chiqsa, qirgʻiylardan qoʻring
baxt qushining joʻjalarini.
Baxtning polaponi koʻpayib ketsin,
tarqatinglar, hammaga etsin,
hamma baxtli boʻlsin Vatanda.
Baxt nolib yurmasin baxtsizligidan,
xafa boʻlib yurmasin shodlik.
Ovqat och qolmasin, kiyim yalongʻoch
suvlar chanqamasin, tomogʻi qaqrab.
Olov sovqatmasin qaltirab, qaqshab …
———————————
1993 yil, Maslaxat qishlogʻi.
—————————
Zor — intizor
—————————
Qurgʻoqchilik kunlari keldi,
Saxro kabi qaqragan koʻzga.
Bu dunyoda, sevgilim endi,
Goʻzal soʻz yoʻq ismingdan oʻzga.
Kengliklarga chiqib ketaman
Sogʻinchlaring qiynasa yomon,
Soʻzanaklar tentirab uchgan,
Jim, kimsasiz dalalar tamon.
Qurillaydi baqalar mayus,
Sohilda tun etagin teshib.
Yuksaladi koʻklarga ruhim,
Oy nuridan arqonlar eshib.
————————
1999 yil , avgust. Maslaxat qishlogʻi.
——————
Yozuv
——————
Sen magʻrur oʻtasan misoli roʻyo,
Tashlab asta iloxiy odim.
Izlaringda men emas , goʻyo,
Qolar ruhsiz yuz yilgi yodim.
Yuksalganday boʻlasan koʻkka,
Dalalarni yoritgan oydek.
Men bir chetda qolib ketaman,
Oy yorugʻi tushmagan joydek.
Termulaman seng ketgan yoʻlga,
Tumanlarga singiydi jisming.
Derazaning oynasin kuxlab,
Xovurlarga yozaman isming.
——————————————
1991 yil , dekabr. Toshkent. Talabalar shaharchasi, 14 -yotoqxona.
———————
Qargʻaga
———————
Qargʻa, seni tezakxoʻr desak,
Hafa boʻlma, olmagin malol.
Chunki tezak baʼzi odamning,
Luqmasidan ming bora halol.
Qor qoplagan chorbogʻlarga boq,
Kumush qordan daraxtlar boʻrki.
Qarr! Qarr! — desang tumanda shu chogʻ,
Goʻzal qishning ortadi koʻrki.
Seni yomon degan kimsaning,
Komilligi emasdir yaxlit.
Eng yaxshi qush oʻzingsan, chunki,
Bulbullarga qilmaysan taqlid.
—————————
2008 yil, 30 iyul, dushanba. Tungi soat 2:04.
Toronto shahri. Kanada.
———————
Hotira
——————-
Unutmayman endi hech qachon,
oʻsha qaygʻuli tongni,
oʻchgan chiroqlarni,
oqarishib kelayotgan
olachalpoq osmonni,
yiroqlarni.
Fil suyagi kabi
oppoq qoʻllaru
shunday jussani.
Muyulishga etganimda
koʻzim girdobiga
choʻkkan gʻussani.
Endi u joylarga bormayman,
borsam,
Shamollar yigʻlaydi
qamish tilida.
—————————
1993 yil. Andijon.
———————-
Qiziq dunyo
———————
Qorongʻudan chiqib qorongʻulikka,
Ketguvchi umrlar aylana chiziq.
Boshing sharga oʻxshar buning ustiga,
Shar ustida yashash undan ham qiziq.
Qiziq tuyularkan er — bepul uchoq,
Doim xizmatingga tursa shaylanib.
Sen borib yurmasang, ochgancha quchoq,
Fasllar yoninga kelsa aylanib.
Qiziqda, bir umr koinot bilan,
Qoʻshilib aylansang, aylansang erga.
Undan ham qizigʻi, bu voqeani.
Kimdir aylantirib yuborsa sheʼrga.
—————————
2000 yil 28 iyul, yarim tun .
Maslaxat qishlogʻi .
———————-
Tungi sayr
———————-
Osmon degan parashyutda shom,
Oʻtloqlarga qoʻnarkan asta,
Sargʻayadi darchalarda rom,
Mashriqda oy kumush patnisday.
Oy osmonning oppoq siynasi,
Sutga goʻyo choʻmilgan kecha.
Oʻrtansa dil, hijron qiynasa,
Deyman — borku kimsasiz koʻcha.
Ruhi sokin jimlikni suygan,
Darbadarman, daydi sayoqman.
Qochib chiqdim men yana uydan,
Maxbus qochgan kabi qamoqdan.
—————
20/06/2022.
Tungi soat 11:41.
Kanada, Onterio.
———————-
Yomgʻirli shahar
————————
Fonus oʻychan boqadi erga,
Koʻlmak jimirlaydi yoʻlakda.
Oʻq uzadi qaldiroq — mergan,
Yomgʻir hamon quyar chelaklab.
Darchalardan oʻychan boqar el,
Odimlaysan, soyabon boshda.
Koʻlmaklardan chopib oʻtar el,
Koʻchada suv daryoday toshgan.
Oynalarni yuvsada yomgʻir,
Surishtirib yurmas ish xaqin.
Gʻamgin chaqnab qoʻyadi gohi,
Tramvaylar shoxida chaqin.
———————
21/06/2022.
Kunduz soat 11:16.
Kanada, Onterio.
————————
Toʻrgʻay qoʻshigʻi
————————-
Joʻnayman bir oʻzim bugʻdoyzor tomon,
Tabiat qilt etmas, ketganmi hushdan?
Toʻrgʻay sayrar dala ustida hamon,
Kuychi kabi, arshi aʼlodan tushgan.
Havoda muallaq, qanotin rostlab,
Vijir -vijir sayrab, chorlaydi kimni?
Kuylar goh balandlab, gohida pastlab,
Yodga solib olis bolaligimni.
Osmonga boqaman, yoqamni ushlab,
Quvonchlarga toʻlib, toshadi yurak.
Toʻrgʻay yolgʻizlikni, jimlikni hushlar,
Toʻrgʻaylarga ozod kengliklar kerak.
—————
19/06/2022.
Kunduz soat 4:40.
Kanada, Onterio.
————————
Qoʻriqchiga
————————-
Kiygan kiyimlaring chirigan, yagʻir,
Turibsan laylakdek bitta oyoqda.
Na ota onang bor, na jigar bagʻir,
Doʻsting seni tashlab ketdi qayoqqa?
Teshib oʻtganmi yo koʻylagingni oʻq,
Boʻyninga lattaxoch taqib olibsan.
Qashshoqsan, kissangda sariq chaqa yoʻq,
Dala etagida yolgʻiz qolibsan.
Baxt degani senga boqmabdi qiyo,
Olmaysan, menimcha maosh ham oylab,
Nafaqa pulini kutyapsanmi yo,
Gʻirrom pochtachining yoʻlini poylab?
Feʼlingda koʻrinmas kibrdan nishon,
Donishmand validay tejaysan soʻzni.
Men ham qoʻriqchiman, qoʻriqchi, ishon,
Doim qorovulday sezaman oʻzni.
Chetlab lovullagan ufqlar olovin,
Turnalar karvoni janubga shoshar.
Bunda shoxu gado barcha qorovul,
Hamma nimanidir qoʻriqlab yashar.
————
19/06/2022.
Kunduz soat 2:01.
Kanada, Onterio.
————————
Mabodo
————————
Hech yoʻq, boʻlsam edi yolgʻiz popishak
pupupub — pupupub — pupupub
pishsh shsh! — deya
olis uvotlarda sayrardim uzoq.
Dexqonlar ishlashdan toʻxtab, jilmayib
bir zum quloq tutardi menga.
Yo boʻlmasa, omadim chopib,
chigirtkaga aylanib qolsam,
oy porlagan mahal, oqshomlar
yozgi Qirgʻizxoji dalalarida
tunni zirillatib chirillar edim.
Yoki deylik, birdan falokat bosib,
odam boʻlib qolsam, kutilmaganda
katta — kon odam,
bolaligim kechgan daryo sohilidagi
«Choʻchqaxona»* xarobasidan
qarardim bepoyon mangu osmonga
oʻzimning naqadar muvaqqat, ojiz
zarra ekanimni anglamoq uchun.
————————-
15/10/2006. Kanada.Onterio.
*»Choʻchqaxona» — Qoradaryo sohiladagi biz bolalikda toʻp tepib, oʻynab, katta boʻlgan qadimiy choʻchqaxona xarobasi.
———————-
Shukrona
———————
Olloxim, anavi yon qoʻshnim borku,
oʻshandan degin,
belkurak oluvdim er agʻdargani.
Oʻsha qoʻshnim bir soat oʻtgandan keyin,
bergan belkuragin soʻrab chiqibdi.
Sen boʻlsang,
tugʻilganimdan beri ishlatib yurgan
belkurakdan afzal qoʻllarimni
mana, oʻttiz yildirki,
qaytarib ber deya qistab kelmaysan.
Yaqinda Komxozdan, B.T.I dan,
Gorgazdan, Elektrosetdan,
Soliq idorasidan
xoʻmraygan badqovoq odamlar keldi,
semiz — semiz popka koʻtarib.
Toʻlov miqdorini eshitgach,
hushdan ketay dedim, koʻkarib.
Olloxim,
yaxshiyamki farishtalaring,
semiz — semiz popka qoʻltiqlab,
quyosh, yomgʻir , shamol xaqini
surishtirib kelmas uyimga.
Yaxshiyamki nafas yoʻlimga
havo xisoblagich oʻrnatmagansan.
————————————
1992 yil, Maslaxat qishlogʻi.
———————
Sukunat
———————
Osuda, bepoyon yulduzli osmon,
somon yoʻli kimsasiz, boʻm -boʻsh.
Oy yoritgan dala ortida xurar
berilib, oʻzini unutib, itlar.
Faqat sen qolganday dunyoda yolgʻiz.
Shunday oydin sukunatki, goʻyo,
aniq eshitadi butun koinot,
unitazning chuqur xoʻrsinigʻini.
——————-
23/07/2022.
Kunduz soat 9:36.
Kanada, Onterio.
——————-
Veteran
(Ikkinchi Jahon Urushi ishtirokchisi, hamqishlogʻim Fozil ota hotirasiga)
———————
Uning dil koʻzgusin parchalagan oʻq,
Chil — chil sinib ketgan, boʻlmaydi butlab.
Doʻstim, u insonga qoʻl choʻzib, hech yoʻq,
Buyuk bayram bilan qoʻysangchi qutlab.
Miskarnay boʻgʻzida bizga tanish «Vals»,
Engil sadolari oʻynar havoda.
Qahramonning siyrak sochlarin besas,
Toʻzgʻitib oʻynaydi tongi shabboda.
Shu kunlarda qolgan u yolgʻiz, yoʻlsiz,
Yoʻqdir uning bunda tengdoshi, tengi.
Uzoqlarga maʼyus termular, qoʻlsiz,
Shamolda bayroqday xilpirar engi.
————————————-
15 avgust, 2010 yil.
Tong. Toronto shahri, Kanada.
—————————
Men gʻarib shomlarda gʻamgin chaqnagan chaqmoq edim
—————————
Ey Vatan nomli chinor, shoxingda bir yaprogʻ edim,
Yozgi bugʻdoyzor aro iz tushmagan soʻqmoq edim.
Mustabidlar dastidan vaqtincha tark etdim seni,
Men gʻarib shomlarda gʻamgin chaqnagan chaqmoq edim.
Darchadan termulsa oy yoʻqlab qadrdonlar kabi,
Kimsasiz oydinda tunlar to sahar uygʻoq edim.
Kunbotarda oh chekib, uchganda sohil qushlari,
Koʻkka toʻlqin sapchigan tosh qoyali qirgʻoq edim.
Toptading, teshdi oyogʻingni tikonlar, ey gʻanim,
Chunki men poyingda oʻsgan gul emas, yantoq edim.
Yigʻlamang aslo mozorim ustida, oʻlsam agar,
Qoʻydilar tuproqqa jismim, men axir tuproq edim.
—————————
07/11/2016.
Kunduz soat 1 dan 47 daqiqa oʻtdi.
Kanada, Onterio.
———————
Shavkat Rahmon hotirasiga
————————
«Osmon toʻla havolar, faqat menga etmaydi.»
Shavkat Rahmon.
————————
Xato qilgʻay desa kimki vabo oʻldirdi shoirni,
Demang tillo kumush ohanrabo oʻldirdi shoirni.
Labinda gʻunchadek nozik tabassum, qoʻynida hanjar,
Baxil, qalbi qaro «doʻst — aqrabo» oʻldirdi shoirni.
Yayov yolgʻiz kezarkan bir oʻzi oydin chamanlarda,
Sahar gʻir -gʻir esib oʻtgan sabo oʻldirdi shoirni.
Muhabbat dardiga topmay davo, sheʼr yozdi u bedor,
Kiyib gulgun qabo nozik ado oʻldirdi shoirni.
Kelib koʻklam, chaqin chaqnab, chopib yomgʻir aro shodon,
Shalobbo koʻylagi bir dilrabo oʻldirdi shoirni.
Xazonlar raqsiga termultirib boʻm — boʻsh xiyobonlar,
Samoda turnalar aytgan vido oʻldirdi shoirni.
Yalongʻoch dov daraxtlar berkinib sokin tumanlarga,
Xazonli bogʻdagi sharmu hayo oʻldirdi shoirni.
Nazm boʻstoniga keltirdi sof muzdek havolarkim,
Bu ne qismat, qarang, oxir havo oʻldirdi shoirni.
——————————
05/08/2015 yil.
Kechki soat 6 dan 36 daqiqa oʻtdi.
Kanada. Onterio.
—————————
Farid Usmonga
————————-
Qon tomirlar rishtadir, shundan jarangdor sozimiz,
Bizga shunday soz ato etgan Xudodan rozimiz.
Sheʼr yozishdek bedavo bir dardni yuqtirgan aziz,
Kamtarin shoir Farid Usmon bizim ustozimiz.
Shum qadamlar etmagan tosh qoyalar mangu makon,
Koʻkda burgutlar kabi koʻz ilgʻamas parvozimiz.
Qilmagʻaymiz eʼtibor yogʻiy gʻanimlar hayliga,
Bor adolatli Xudo -yavmul qiyomat Qozimiz.
Yigʻlamay quvnoq yasharmiz bu fano tuprogʻida,
Titratar olamni garchand oh ila faryodimiz.
———————
16/06/2016.
Kech soat 8:02.
Kanada. Onterio.
——————————
Ayo soqiy
(Hofiz Sheroziy gʻazaliga Xoldor Vulqon muhammasi)
—————————
Yuzin koʻrgim kelur har on, bu hijron lahzasi yillar,
Firoq sahrosida qiynab, koʻzimga tortadir millar,
Azobim yuklasam nogox, chidolmay chinqirar fillar,
Ayo soqiy sunib joming qil ehson, yashnasin dillar,
Koʻrundi avval ishq osonu soʻngra tushdi mushkullar.
Vujudim rishtasiiga tim qaro soch tolasii bandkim,
Labiining bolidin sharmandadir novvot ila qandkim,
Junun sahrosida chekkan azobim Qays uchun pandkim,
Sabo echmoqchi boʻlgan soochining xushboʻyiga ontkim,
Muanbar xalqa — xalqa soochidin qon boʻldi bu dillar.
Muhabbat rozinii dilbar kelib sirri nihon aytsa,
Qulogʻimga pichirlab, jilmayib shirin suxon aytsa,
Gʻanim koʻz yoshiga choʻkkay chekib oxu figʻon, aytsa,
Botir sajjodanii mayga agar piri mugʻon aytsa,
Yoʻlovchiga erur maʼlum yoʻl ahvoli va manzillar.
Sanam mujgonidan paykon kelib sanchilsa gar bir dam,
Jigar sadporalar boʻlgʻay berolmas hech kishi yordam,
Magar hoziq tabibim yor, tirilgay soʻzlasa murdam,
Menga yor uyida ishrat qurish imkoni yoʻq har dam,
Qilurkan qoʻngʻiroq faryood, bogʻlang yukni gʻofillar.
Ayo ey dil tilab vaslin yutarsan qon ila zardob,
Qoʻyar joninga oʻt dilbar kiyib qirmiz qabo zarbob,
Bu yoʻlga kirma deb ogoh etibdur ishq elin arbob,
Qorongʻudir kecha qoʻrqinchli mavj, daxshatlidir girdob,
Na bilgʻay holimizni chetda turgan yuuki engillar.
Falakning charxi kaj , undan muruvvat kutma, ey Hofiz,
Zaminnii titratib Vulqon kabi qon yutma, ey Hofiz
Kezib sahro biyobonlar aro yoʻl tutma, ey Hofiz,
Agar vasl istasang undan uzoqqa ketma, ey Hofiz,
Tilakni izla, qoʻy dunyoni, ber orzuga tabdillar.
—————————-
23 may, 2010 yil.
Tungi soat 12 dan 45 minut oʻtdi.
Toronto shahri, Kanada.
————————-
Men diyoru yorisiz
( Piri ustodimiz hazrati Amir Alisher Navoiy gʻazaliga muhammas )
————————
Masjidim mayxona har dam koʻzlari hummoorsiz.
Misli roxib togʻu tosh bagʻriyda yolgʻiz, gʻoorsiz,
Kimsasiz sahroda qoldim kulbayu devoorsiz,
Navbahor ayyomi boʻlmish men diyoru yoorsiz,
Bulbul oʻlgʻondek xazon fasli gulu gulzoorsiz.
Teshdi osmonlarni boshim, buncha ummonlar sayoz?
Kuydirib kul qildi poyim qahraton qishlik ayoz.
Boʻldi alvonrang qizil qonim siyoxidin qogʻoz,
Gohi sarv uzra gahi gul uzra bulbul nagʻmasoz,
Vaxki menman gungu lol ul sarvi gul ruxsoorsiz.
Qoshlaring shamshiridin toʻgʻrab otilgan burdaman,
Kechalar oydek jamolingdin taralgan nurdaman,
Intizor, vaslingni izlab na tirik na murdaman,
Tong emasdur, gar diyoru yooorisiz ozurdaman,
Kim emas bulbul, gulu gulzoorsiz, ozoorsiz.
Choʻgʻ kabi alvon labingdin sachragay qonimgʻa oʻt,
Soʻzlaringdinkim ilashgay laxza har yonimgʻa oʻt,
Oʻrlagay zulmatda guvlab oxu afgʻonimga oʻt,
Ravza ashjori oʻtindur, gullari jonimgʻa oʻt,
Mumkin oʻlsa anda boʻlmogʻliq dame Dildoorsiz.
Parpirar yulduz va oy, sokin halovatligʻ kecha,
Dur toʻkilmishdur guhar, gulgun dudogʻingdin necha,
Jilmayib siymin bogʻichlardin mayin soching echa,
May chu berding, zulf ila band et meni, ey mugʻbacha,
Kim xush ermas mugʻ bila ichmak qadax zunnoorsiz.
Bu umr iz tushmagan qorli, salobatli dovon,
Intilar qorli dovonlar qasdida piru javon,
Jomi vahdat birla qorlar ostida qoldik omon,
Topmaduq gul rangi jomi bexumor ey boogʻbon,
Vaxki bu gulshan aro gul butmas ermush xoorsiz.
Bu kecha oy nuridan boʻlmish charogʻon sogʻu soʻl,
Navbahor oqshomi sokin, yashnagay sahroyu choʻl,
Qaqragan dashtlar aro Vulqon hayot daryosi boʻl,
Ahli zuxd ichra Navoiy topmadi maqsadgʻa yoʻl,
Vaqtingizni xush tuting ey jaʼmikim xummoorsiz.
9 mart, 2009 yil.
Kunduz soat 4:45.
Toronto shahri.
—————————
Yaxshiligʻ
( Zahiriddin Muhammad Bobur gʻazaliga Xoldor Vulqon muhammasi )
—————————
Kutma oʻzni fil atab yurgan quyondin yaxshiligʻ,
Koʻrmamish olam eli, kasbi ziyondin yaxshiligʻ,
Etmagʻay insonga hech qurtu chayondin yaxshiligʻ,
Kim koʻribdur, ey koʻngil, ahli jahondin yaxshiligʻ,
Kimki ondin yaxshi yoʻq, koʻz tutma ondin yaxshiligʻ.
Ahli dillar oʻrtanur zulmatda har on, har daqiq,
Jilmayar poygakda donish, zaʼfaron, roʻyi aqiq,
Boshiga tushganda kulfat boʻlmadi davron shafiq,
Bu zamonni naafʼiy qilsam, aayb qilma, ey rafiq,
Koʻrmadim hargiz netoyin, bu zamondan yaxshiligʻ.
Kimsasiz oydin sukunat toʻldi maxzun koʻnglima,
Gohi burgut qoya oshyon boʻldi maxzun koʻnglima,
Bepoyon, darvesh shamollar eldi maxzun koʻnglima,
Dilrabolardin yomonligʻ keldi maxzun koʻnglima,
Kelmadi jonimgʻa hech oromi jondin yaxshiligʻ.
Yaxshilarga chox qazib goh otmagil toʻfangu toʻp,
Sen alarning gardi poyin koʻzga surt, ardoqla, oʻp,
Telba, dovdir kimsalardek chopmagin qoʻllarda choʻp,
Ey koʻngil, chun yaxshidin koʻrding yomonligʻ asru koʻp,
Emdi koʻz tutmak ne maʼni har yomondin yaxshiligʻ.
Gʻam ema qoʻzgʻolsa boshing ustida toʻfoni Noʻh,
Oʻksima gardun yoʻlinga gul emas, sochganda choʻgʻ,
Jilmayib boshing baland tut, otsalar koʻksinga oʻq,
Bori elgʻa yaxshiligʻ qilgʻilki mundin yaxshi yoʻq,
Kim, degaylar, dahr aro qoldi falondin yaxshiligʻ.
Porlasin koʻksingda, Vulqon, botining zoxir kabi,
Bodai rahmatni dilda saqlagʻil chogʻir kabi,
Naʼra tortsang titragay er goh zamon oxir kabi,
Yaxshiligʻ ahli jahondin istama Bobur kabi,
Kim koʻribdur, ey koʻngil, ahli jahondin yaxshiligʻ.
————————
22 may, 2010 yil.
Kunduz soat 5 dan 43 minut oʻtdi.
Toronto shahri, Kanada.
———————
Kelmaysan
(Dilorom Ergasheva gʻazaliga Xoldor Vulqon muhammasi)
——————-
Sogʻinch sahrosida rangim somon boʻlguncha kelmaysan,
Tutib qoʻlga aso, qaddim kamon boʻlguncha kelmaysan,
Nahot dunyo tugab, oxir zamon boʻlguncha kelmaysan,
Yoshim yomgʻir boʻlib, jonim xazon boʻlguncha kelmaysan,
Hayot mushkul, oʻlim undan oson boʻlguncha kelmaysan.
Toʻlin oy darchadan boqqan qorongʻu kecha, yolbordim,
Kelarsan deb senga, ey gul sahovatpesha, yolbordim,
Choʻkib tiz, el ulusdin qilmayin andesha yolbordim,
Sanga jon — tan bilan bordim, kuyingda necha yolbordim ,
Vujudim bir tomon, jon bir tomon boʻlguncha kelmaysan.
Makonim yoʻq mening hijron firoq sahrosidin oʻzga,
Xayolan goh musavvirdek chizarman surating boʻzga,
Goʻzal ismingni yozsam oʻt ketar deb qoʻrqaman soʻzga,
Majolim yoʻq yurarga, kelgil — ey san, sangdil koʻzga,
Borar yoʻllarda har tosh bir dovon boʻlguncha kelmaysan.
Hayotim shuʼlaafshondir qorongʻu kechalar shamdan,
Kavokib kiprigi uzra omonat titragan namdan,
Hajr sahrosida menga xayoling hamnafas, hamdam,
Ayo, kelmay yomon — yaxshimda bir Dil soʻrmading gʻamdan,
Nahotki, endi bir yaxshing yomon boʻlguncha kelmaysan?
———————
29/10/2020.
Kunduz soat 10:10.
Kanada, Onterio.
——————————
Kuz ilhomlari
——————————
Voh, kuzgi daraxt shaklida hayronani koʻrdim,
Yolgʻiz va gʻarib, bir dili vayronani koʻrdim.
Jim jit koʻchada oʻynadi raqqosa shamollar,
Charx urdi hazon girvati, parvonani koʻrdim.
Darcham yonidan oʻtdi uchib yovvoyi gʻozlar,
Parvoziyu faryodida devonani koʻrdim.
Qushlar uyasin tutdi daraxt shoxida, yo Rab,
Inlarga boqib, gʻam toʻla paymonani koʻrdim.
Zaʼfar kapalaklar kabi uchganda xazonlar,
Barglarga koʻmilgan koʻcha, ostonani koʻrdim.
Yoʻllarga xazonlar toʻshadi kuzgi Toronto,
Boqqancha chinor bargiga Fargʻonani koʻrdim.
Ishq bodasidan mastu alast shomu sahar dil,
Uzlat uyida xilvati mayxonani koʻrdim.
Doʻst topmadi Vulqon bu jahon mulkida izlab,
Har erda gʻanim, vaxshati begonani koʻrdim.
—————————
26 oktyabr, 2010 yil. Kanada.
————————————-
VATAN
(Oʻzbekiston xalq hofizi Sherali Joʻraevga bagʻishlanadi)
——————————
Sen agar bugʻdoy boshoq boʻlsang somoningman, Vatan,
Toabad boshing omon boʻlsin, tovoningman, Vatan.
Barcha yaxshi, barcha oqil, barcha dono, faylasuf,
Qimtinib bir chekkada yurgan yomoningman, Vatan.
Chor taraf zulmat, tuman, uvlaydi ming -minglab shoqol,
To sahar gulxan yoqib chiqqan choʻponingman, Vatan.
Barcha jim, tilsiz pisib, mum tishlaganda, xayqirib,
Haq soʻzin dor ostida aytgan zaboningman, Vatan.
Boʻlmasin ovvora yov oybolta qayrab qatlima,
Qatl etib oʻldirsa xam oʻlmas omoningman, Vatan.
Yurtda Vulqon choʻqqidek boshim bulutlardan baland,
Yov uchun mangu oʻtib boʻlmas dovoningman, Vatan!
——————————
2004 yil. Andijon.
—————————
****************************
Yapon sheʼriyatidan Xoldor Vulqon tarjimalari
Xayku va tankalar:
—————
Xayku va tankalar xaqida
Xayku va tankalarda koʻp qirrali nimkosa maʼno, kinoya, fisqu fasod, falsafiy mazmun mushoxadalar yoʻq.Bu ixcham poetik janr goʻzal tabiat manzaralarini, yoxud narsalar xolatini, yoki odamning muayyan ruhiy kayfiyatini aks etdirish orqali oʻquvchiga xayrat bagʻishlash, osuda tonglar kabi toza tuygʻular baxsh etish sanʼatidir.Xayku va tankalarda aks etdirilgan manzaralarni koʻz oldingizga keltira olsangiz, togʻdagi qishloqda oy chiqishini sargʻayib kuzatayotgan dexqonlar holatini,butazorlar ortidan ohista koʻtarilayotgan toʻlin oyni koʻrayotganday, chigirtkalar chirillashini eshitayotganday, boʻlasiz.Tahayyul va tahayyur shuʼlalariga yoʻgʻrilasiz.Quyida bundan olti asr avval yozilgan yapon xaykularini va tankalarini oʻz tarjimam orqali hukmingizga havola qilaman.
Xoldor Vulqon
Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasining aʼzosi
1983 — 2013 yillar.
———————————
Xaykular.
———————
Matsuo Basyo
——————-
***
Qorli tong.
Yana quritilgan baliqni
eyman shekilli yolgʻiz bir oʻzim.
***
Dengiz suvida suzib yurar
mayda yaltiroq baliqchalar.
Tutaman desang, yoʻq boʻlib qolishar.
***
Shu qoyadan turib,
koʻm — koʻk dengizga
qalpogʻimni uloqtiraman!
***
Qishki dala.
Uzoqlarda yurar dexqonlar
qolgan — qutgan choʻplarni yigʻib.
***
Sochim oʻsibdi.
Ozib ketdim, rangim olingan
bugʻu oyidagi yomgʻir toʻxtamas.
***
Banan yaproqlari soʻlgʻin.
Oyning porlab chiqishini
sargʻayib kuzatar dexqonlar.
***
Yoʻllar toygʻoq muzlama.
Attang, toyib yiqildi
shirakayf doʻstim.
***
Oʻlgan oʻgʻlin eslab yigʻladi ota.
Soʻnayotgan gulxan choʻgʻlari
oʻchib qoldi uning koʻzyoshlaridan.
***
Egnimdagi qogʻoz koʻylagimni
ivitib yirtibdi
bahor yomgʻiri.
***
Muzlagan olabugʻa baliqlari
irjaytirib yotar tishlarin
sovuq doʻkon peshtaxtasida.
***
Qaydasan sen, mening tayanchim?
Xassa qilib olgan choʻpagimni
sindirdi kuzgi shamol.
***
Ufqlarga botmoqda quyosh.
Kuzgi daryo suvlarida
yaltillaydi mayda baliqlar.
***
Choponim yupqa.
Kun boʻyi oʻtirib undagi bitlarni
terib oʻldirdim.
***
Juda qalin qor yogʻibdi.
Endi Xakbinz togʻidan
qanday oshib oʻtar odamlar?
***
Yosinodagi gullagan giloslarni
koʻrsataymi senga,
mening qalpogʻim?
***
Oxir quvib etdim nihoyat,
Oʻtgan bahorni
Olis «Vaka» bandargoxida.
***
Voy bayov!.. Voy bayov!..
Yana nima deyish mumkin siz xaqingizda
Yosinodagi gullagan giloslar!
***
Ustunlariga has — xashak ilingan
koʻprik xayrlashayotir
toʻlin oy bilan.
***
Qaydan keldi bu yalqovlik?
Bugun arang uygʻotishdi meni,
shovullaydi bahor yomgʻiri.
***
Quvonchla boqamiz yonarqurtlarga,
qayiqchidan umid yoʻq, u mast.
Toʻlqinlar qayiqni surib bormoqda.
***
Oydin qish kechasi
qor bosgan yoʻllar.
Itga otay desam topilmaydi tosh.
—————————
Kobayasi Issa
—————————-
***
Kechib oʻtdim sayoz va toshli,
feʼruzarang daryo suvlarin,
shippagimni qoʻlimga olib.
***
Oydin kecha.
Tiniq sholipoya suvida
oqib yurar gilos gullari.
—————————-
Kovaxigasi Xekigado
—————————
***
Suzayotir qora kemaday,
sekin asta bulutlar aro
togʻning choʻqqisi.
***
Shilliqqurtning sira
chigʻanogʻidan chiqqisi kelmas
kuzgi shamollar.
————————
Masaoka Siki
—————————
Gullagan Yamabuka soyasi.
Suv solingan qovoqda
biltanglaydi kumushrang baliq.
***
Kimsasizlik.
Daraxt ostidagi shaloq oʻrindiqda
qaragʻayning igna barglari.
————————
Nayto Meysetsu
————————-
***
Qaytarib keladi oʻz ovozimni
yana oʻzimga
kuzgi boʻronlar.
***
Yurmayotgan otining
jilovidan tortar zoʻr berib
aravakash sovuq kechada.
***
Eshitilar oyna ortidan
dexqon ketmonining chiqirlashlari.
Shudgorda tosh koʻp.
***
Zilol suvli daryoda,
lapanglab oqmoqda
suvga qulatilgan xodalar.
***
Tutunlarda koʻrinmay ketar
sargashta roxib.
Olislarda yangrar qoʻngʻiroq.
***
Chugʻurchuqlar galasi
uchib oʻtdi tepamdan.
Eshitdim qanotlar shuvillashini.
***
Menga sovgʻa berishdi.
Oltin baliqchani olib ketyapman
suvli qovoqda.
***
Qish yomgʻiri.
Hamma narsa jim.
Qirgʻoqdagi qayiq ham hatto.
***
Goʻyo itoatkor kapalakni oldiga solib,
xaydab kelayotganga oʻxshar
soʻqmoqdagi yoʻlovchi.
————————
Taneda Santoka
—————————
***
Shunday ketmoqdaman
soʻzanakni qalpogʻimga
qoʻndirganimcha.
***
Yolgʻiz oʻtiribman
romga elimlab
yangi qogʻozni.
***
Qanday va qayoqdan qaramayin,
hamon yogʻayapti toʻxtamay
yogʻayapti qor.
***
Chirildoqlar chirillar.
Berkinishning iloji yoʻq
bu tovushlardan.
***
Hamon uchayapti
kuzgi daraxtlarning
yaproqlari sovuq shamolda.
***
Dam olib yotgan chogʻim
qip qizil soʻzanak
oyogʻimga qoʻndi oʻtloqda.
***
Yaxshilab chaynash kerak,
xafsala bilan.
Guruch bu guruchda…
***
Boʻkib sake ichib, mast boʻlib,
chirildoqlar bilan birga
uxlab qolibman.
***
Yozgi sel shovqini
yillar oʻtishi bilan men kabi
qaribdi u ham.
***
Ayozli qish kechasi
sovuq izgʻirin.
Men qaerda tunayman endi?..
***
Qayoqqadir shoshar
sovuq bulutlar
cheksiz osmonda…
***
Dalada izgʻirin.
toshlarni teraman
kuzgi shamolda…
***
Qanday ivib ketdima
boyagina huv anavi,
bulutlardan yoqqan yomgʻirda!..
***
Uziliksiz kavshanaman.
Mening ovqatim —
guruch kepagi.
***
Hoy, noinsof chigirtka!
xaltadagi guruch oʻzi oz!
ertagacha etsin…
***
Emoqqa ovqat yoʻq.
kuzataman quyoshni gʻamgin
baland, olis togʻlar ortiga…
***
Yolgʻiz, begʻam, oppoq kapalak
Uchib aylanmoqda pildirab.
Hamma yoqda tosh.
***
Kulbam ayvonida yolgʻiz oʻltirib,
rohatdan koʻzlarim yumib, kavshanib,
Uembosi qiyomin eyman . . .
***
Yolgʻiz va sokin
jim — jit oʻngirlarning
shaffof tonglari . . .
***
Iyul jalasi
oʻprilib ketdimi deymanda,
samo toʻgʻoni . . .
***
Xotiralar uchib kelar
qaydandir birdan
oppoq yuvosh kapalak bilan . . .
***
Atrof togʻ, qaragʻay oʻrmoni.
Toshni yostiq qilib yotibman.
Shosha pisha suzar kuzgi bulutlar. . .
***
Tungi ibodatxonada
tongacha mushuk
oʻynaydi parvona kapalak bilan.
***
Yoʻlda kasal boʻlib qoldim.
Mana endi tungi zulmatda,
tinglayapman sel shovqinini . . .
***
Qorongʻi tushdi.
Endi oydin togʻlardan
axtaraman tunamoqqa joy.
***
Naxot shu kul qolgan boʻlsa
yoqib yuborilgan kundaligimdan ?. . .
***
Tong pallasi yirik tomchilar
nogʻora qilib chalar
pastakkina kulbam tomini.
***
Meni burga chaqib, uxlatmayapti,
yulduz toʻla bepoyon osmon . . .
***
Dengizlarga tikilganimcha
sohildagi oʻtloqda
boʻshanaman , xojat qilaman.
***
Kuzgi shamollarda
Ot sugʻoraman . . .
***
Choʻchqa menga tikildi.
Qiziqishdan ochilgan ogʻziga
Kirmoqda kuzgi shamol .
***
Kun boʻyi yomgʻir yogʻdi .
Men oʻyladim xasratga choʻmib ,
olislarda qolgan Vatanimni.
***
Buncha ham mazali
boʻlmasa guruch .
Kavshanaman bir oʻzim oʻychan.
***
Oftob qizdirmoqda
ustarada taglab qirilgan
taqir boshimni…
——————————
Isikava Tokuboku
—————————
***
Turgenevning romanini
poezdda oʻqib ketayotib
«Isikari» dan oʻtib ketibman.
————————-
Midzuxara Syuosi
————————-
***
Qishloq uzra gʻamgin porlagan oyni,
tomosha qilmas hech kim.
Barcha sholi oʻrimida . . .
***
Olmalar gullagan .
boyagina yoqqan bahor selida,
oppoq gul qopladi soxil suvlarin.
***
Oy porlar .
Qayinlar soyasi sezilmas ,
tumanlarga choʻmgan qayinzor.
***
Bahorni kuzatayapman
yomgʻirlarda shalobbo ivib
bulutlar bilan yuzma — yuz , togʻda.
***
Yomgʻirli kun .
Oqin boʻylab oqar xrizantemalar
koʻrinmaydi bironta qayiq.
***
Choy gullaydi baland qoyada ,
shom zulmati qoplagan togʻlar.
Olislardan koʻtarilar oy.
***
Qaldirgʻochlar chiyillab uchar ,
gir aylanib, togʻdagi kulbamning,
tomi ustidan.
***
Xagi gullayotgan.
Asama togʻiga chiqaman
bulutlarni qayrib . . .
***
Jarlar aro , toʻlqinlar uzra ,
chagʻalaylar ini yonida
olxoʻri gullar . . .
***
Berkinadi oʻt — oʻlan ichra
tunash uchun oʻtloq kakkusi ,
yaqinlashar tun . . .
—————————
Akutagava Ryunoske
—————————
***
Mana tong otdi.
Qoʻshigʻini toʻxtatib birdan ,
chirildoq jimib qoldi.
***
Togʻ etaklarida
yumilib qolibdi sovuq ayozdan ,
choy gʻunchalari.
***
Qishki yomgʻirlar,
kanal qirgʻogʻidagi choyxonada
yolgʻiz bir mexmon . . .
***
Bogʻ yoʻlakchasidagi
koʻlmakda aks etar
Azaliya gullari . . .
—————————-
Natsume Soseki
—————————
***
Men kasal yotgan xonaning
bambuk pardasiga ohista qoʻndi
kuzgi kapalak.
***
Kuzgi daryo, baland sohillar.
Daryo uzra aks — sado yangrar.
chayla qurishyapti uzoqda.
——————
Iida Dakotsu
———————
***
Pechka eshikchasin ochib, qarayman.
Koʻmir oxista, istamaygina,
«qraq, qraq» etib yonmoqda ekan. . .
***
Shamolda chayqalib jaranglar
eshikka osilgan mitti qoʻngʻiroq.
Anor gullabdi . . .
***
Pashshaxonaga kirib yotibman
soʻnayotir kuzgi saharda.
Oʻchoqdagi kechagi choʻgʻlar . . .
***
Qor koʻmib tashladi
barcha yoʻllarni.
Isinaman oʻchoq oldida yolgʻiz . . .
———————
Nayto Meysetsu
——————-
***
Shaffof suvda
qilt etmaydi mudroq baliqlar.
Kuzgi shamol . . .
——————
Takaxama Kyosi
———————
***
Guvillagan sovuq shamolni,
koʻksim bilan qarshi olib .
bir zumga unutdim qariganimni . . .
***
Xademay jimib qolar
oʻtinchining boltasi togʻda.
Kuzgi yomgʻirlar . . .
***
Loyqalatib ariq suvini,
dexqon sholgʻom yuvar
hafsala bilan . . .
***
Birinchi qish yomgʻiri,
mening yuragimda umrbod
qolar endi u . . .
***
Boshim uzra uchib oʻtdi qush,
tumshugʻida nimadir choʻqib .
Meva shekilli . . .
***
Mana , yana bitta chinor novdasi,
yaproqlarin toʻkib, yalangʻochlandi . . .
Suv quyganday jim jit chor taraf.
***
Baland togʻ yonbagʻirlaridan turib,
oʻtinchilar oʻychan termulib qarar,
vodiydagi qolgan qutgan qorlarga . ..
———————
Kovaxigasi Xekigado
———————
***
Oyogʻim ostida oʻralashib ,
oʻsib yotgan maysalar aro
chiyillaydi mitti joʻjalar.
***
Men tun boʻyi xayku yozaman,
kamsuqumgina xotinim esa,
kiyimini yamab — yasqaydi . . .
***
Oʻtloqqa chiqaman ,
qizgʻaldoqlar toʻzgʻir shamolda.
Suqsirlar uchib oʻtar sarosar. . .
***
Kartoshka qaynataman.
Goʻyo koinotning boʻshliqlarida
yigʻlar bolakay . . .
***
Qoraygan oʻchoq moʻrisi uzra
aylanadi inga joy izlab
qaldirgʻochlar baxorda . . .
***
Qishloqda bayram,
qirmizi fonuslar yonar.
Boʻkiradi bugʻu zulmatda . . .
***
Suv charxpalagin aylantirishdan,
Charchab holdan toydi odamlar
Sholi ekish mavsumida . . .
***
Bugʻda pishirilgan sholgʻomni
Suzmaga qoʻshib eb
Oʻltirdim gʻamgin . . .
***
Sovuq suyagimdan oʻtib ketdi
Choshgox payti soxilda
Qaragʻaylar aro daydiyman hamon.
————————-
Isikava Takuboku
—————————-
Kasalxona derazasiga
yaqin olib kelishdi meni.
Odamlarni koʻrib quvondim.
***
Oxiri uloqtirdim
kuya egan telpagimni men.
olti yil kiydim uni.
————————
Toki Dzemmaro
————————
***
Uzoqlarni koʻrsatdim barmogʻim bilan,
u yoqlarda, u oʻlkalarda
oqib yotar Volga daryosi.
***
Uziliksiz, xuddi telbadek,
oʻylayverdim achchiq tamaki chekib
olis Sibir qorlari xaqda.
***
Qayta — qayta oʻqiyman koʻzlarimda yosh,
yurakka yaqin Turgenevning bu kitobi.
Muqovasi sargʻayib ketgan…
***
Ox, necha bor oʻchdi papiros choʻgʻi,
hasratli oʻylar —
achchiq Rus tamakisi, qish…
————————-
Nasivaki Dzyundzaburo
————————-
Kuzgi daryo qirgʻogʻi.
Uzun — uzun oʻt — oʻlan ichra
baliq tutar qarmoqda kimdir.
—————————
Masaoka Siki
—————————
***
Chirildoqlar chirillar,
ammo ming afsus
quloqlari kardir otamning…
***
Qishloqdan shaharga kelib,
gullagan gilosni tomosha qilayotgan
dexqon hamyonini kesib ketishdi…
***
Rangpar oy.
Mening birdan
tarvuz oʻgʻirlagim keldi negadir.
***
Oʻgʻrini tutib,
simyogʻochga bogʻlab qoʻydilar.
tungi ayoz…
***
Oqshom,
hovuzdagi oʻrdaklar ustiga
qor yogʻayotir.
***
Shom payti qiynalib yurib,
fonusni osdim
gullayotgan gilos shoxiga…
***
Tumanlarning qaʼridan chiqdim.
Ehhe, qanchalar buyuk dengiz
roʻparamda yastanib yotar!
***
Yozgi daryo.
Koʻprik boru lekin,
otlar oʻtar sayoz kechuvdan…
***
Juda koʻpchilik
yotib olgan kema saxniga.
Porlar yozgi oy…
***
Ortimga oʻgrilgan paytim,
hozirgina yonimdan oʻtgan yoʻlovchi
tumanlarda koʻrinmay ketdi…
***
Qayiqdan, koʻpriklardan
kir yoyadigan joydan,
hamma yoqdan qararlar oyga…
***
Bahor oqshomi,
kimdir oʻtdi yonimdan
sibizgʻa chalib…
***
Qanday qaygʻuli koʻrinish!
Oʻrgimchak toʻriga
kapalaklar ilinib yotar…
——————————
Tankalar
Saygyo sheʼriyatidan
——————————-
***
Duvillab toʻkildi
uzun — uzun oʻt — oʻlanlardan .
billur shudringlar.
Kuzgi shamol guvillar
Myagino dalalarida.
***
Nixoyat kuzgi osmonda,
qosh qoraygan on,
arang — arang yaltirab,
koʻrindi nihoyat uzoq kutdirgan,
sogʻintirgan oy.
***
Endi qandoq qilaman men,
koʻylagimning namchil engida
yalt etdi shuʼla.
Botib ketdi bulut ortiga
kuzgi mayus oy.
***
Kuz oqshomi, oydinda
yoprildi bulutlar
oy yuzin toʻsmoq uchun.
Yoʻq , koʻzlarimni aldabdi
gʻozlar galasining koʻlankalari.
***
Osmonda oy yoʻq.
Chiqarmikin u ?
Men ayvonda oʻltirganimcha
uzoq kutdim, juda ham uzoq
oy chiqishin togʻli qishloqda.
***
Kunduzgiday yop — yorugʻ kecha
koʻlankam ham koʻrinmas.
Oy yaraqlab porlar
borar manzilimni angladim
qoʻngʻiroqlar tovushidan.
***
Shudringlarin toʻkmay
uzib oldim men
gullagan Xagi butogʻini,
chigirtkalar qoʻshigʻin tinglab
oy yorugʻida.
***
Qora siyox bilan yozilgan
xatlarga oʻxshab
gʻozlar qanot qoqib
gʻogʻolab uchar
tungi osmonda.
***
Oʻt — oʻlanlarni qayrib
yurdim qaygʻuga botib
va shudringlardan ogʻirlashdi
koʻylagim engi.
Chigirtkalar menga qoʻshilib yigʻlar.
***
Bahor tumanlari,
qayoqqa , qaysi tarafga
uchib ketdi ekan qirgʻovullar ?
Ular tuxum qoʻygan oʻtloqqa
bolalar oʻt qoʻyibdi…
***
Tuman qoplagan dala,
oʻraman oʻt — oʻlanni.
Tumanlar qaygʻuli
bolaligim berkinib olgan
huv olisda , tumanlardan ham narida.
***
Tumanli tepaliklar tamonga
berkingan qirgʻovullar.
Uzoq — uzoqlardan
qanotlar sharpasi
sezilar menga…
***
Tinchim yoʻqolgan mening,
tinimsiz oʻylayman, qaysi oʻngirda
qaysi togʻ yonbagʻirida
qaysi olcha
gullar ekan birinchi boʻlib?..
—————————-
Vakayama Bokusiy yozgan tankalar
—————————-
***
Vulqon poyida oʻsgan
qaragʻay oʻrmonida
oy kumush shuʼlalar taratgan kecha
tun boʻyi tinmay
sayradi kakku.
***
Eski kvartalda
ufqdagi shom bulutlariga
qarab toʻymayman .
Kechki soat vaqtin xabarlab,
jom chaladi ibodatxona.
***
Sajdagoxdan tushaman ,
zinama — zina yurib, oxista
va quyuqlashayotgan zulmatda
butun vujudim bilan
his qilaman bu kuz , bu tunni . . .
***
Shom hasrati choʻkkan kulbada
qirmiz koʻmirlarga sochsang
ozgina sake,
hushboʻy koʻkatlarning xidiga
toʻlib ketar oʻshanda xonang .
***
Uzoq uzoqlarda qorli choʻqqilar,
haybatli qoyalar poyida esa
Shovullaydi dolgʻali dengiz.
Qirgʻoq boʻylab sayr qilaman
bahor quvonchiga toʻlib vujudim.
***
Yarim kecha oydinda yolgʻiz
kulbamga qaytaman.
Soʻng zinapoyada toʻxtayman,
engimdagi archa ignabarglarin
qoqib tushirmoq uchun.
***
Bulutlar tarqadi.
Men Asama choʻqqisidagi
soʻqmoq uzra yuribman daydib.
Vulqon moʻrisi ustida
bulut parchasiga oʻxshagan tutun.
***
Termulaman koʻm koʻk dengizga,
eshitaman suvlar shovqinin.
toʻlqinlar qoyaga oʻzini urar,
goho koʻkka sapchib , goxida pastlab
Yuragimni toʻldirar gʻamga.
***
Dud burqsigan loypaxsa oʻchoq,
tutun xidi kelar
kurujkadagi qaynoq suvdan.
Togʻdagi qishki kulbada sovir
gʻaribgina kechki ovqatim.
***
Daraxt shoxlari aro
porlaydi qishki quyosh.
Yuzlarimni ohista silar
uning xorgʻin nurlari.
Yoritadi , lekin isitmas !
**
Men uzoqqa ketdim .
va dengiz soxilida
tunamoqchi boʻldim.
Endi yotgan edim, yarim kechasi.
quydi daxshatli jala.
————————
Yosii Isamu
———————-
***
Havoda suzadi tamaki xidi,
oydin kecha kimsasiz yoʻllar.
Jubbamga burkanib, yuribman daydib
qingʻir — qiyshiq jinkoʻchalarda.
Gion xavosidan simirib yolgʻiz . . .
***
Poytaxtda ayoz.
Muzlab qolmadimikan Uchib ketayotib
qoʻngʻiroqlar jarangi?..
Asta valdirayman
sovib qolgan soke ustida . . .
***
Bilganimda edi, oʻshal derazadan
tumanli zulmatlar aro porlagan
fonusning xira xorgʻin yogʻdusi aro
oydin sukunatda oynasin asta
taqillatgan boʻlardim albat.
***
Nahot hech kim kelmas oʻlganimdan soʻng
soʻppayib yotgan yolgʻiz qabrimni
ziyorat qilmoqqa, koʻzyoshi toʻkib?
Oʻlganingdan keyin unutilishingni
Oʻylamoq qaygʻuli . . .
***
Eshitdim , Bokusiy tark etibdi
oxiri bu telba dunyoni.
O, kuz bunchalar mayus va gʻarib,
hattoki yurt ba yurt daydib yursamda ,
hatto eb — ichsamda, huzurlansamda ! . .
***
Kamdan — kam odamga nasib qiladi
totmoqlik namxush qaygʻuni —
lablar bilan xis qilmoq
tinimsiz ichilgan sake taʼmini
hayot va mamotning chegarasida . . .
***
Fevral oyi oxirlab borar,
eshitaman olis qaldiroqlarni —
bahorning birinchi aks — sadosi .
Krab chigʻanogʻida Sake qaynatyapman
dengiz sohilida bir oʻzim, yolgʻiz.
***
Qaerda , qanday va qachon ,
tark etarkinman bu dunyoni men
Men xayotim xaqida oʻylayman,
oʻlimim xaqida fikr qilaman
Ino tekisligida, oydinda.
***
Iztirobli oʻylar ogʻushida jim
oʻchoqqa oʻt qalayman, puflayman tutun.
Va tun boʻyi bedor oʻltirib
hasratli bexudud oʻyga choʻmaman
qizargan koʻmirlarni kovlab, agʻdarib . . .
***
Sening fikringa qoʻshilmagan
odamlarni savalash shartmi?
Yaxshisi qoʻlinga tolxivich olib
oʻz — oʻzingni ayovsiz savalab
momataloq qilgan yaxshiroq . . .
***
Xasratli qaygʻular!
Bugun yana oʻchoqdagi koʻmir choʻgʻida
sake isityapman bir oʻzim yolgʻiz.
Kundan kun tobora qishga
singib borayotir Nirao darasi . . .
———————
Ito Satio
——————-
***
Men yomgʻirli tunda
pion gullarini sogʻinib ketdim .
va toshfonarni yoqib, ohista
tashqariga chiqdim, pion gullarini
koʻrib kelmoqlik uchun.
***
Koʻrayapman — tosh ustin yopib
va daraxtlar poyini qoplab,
goʻyo birgalashib , yigʻilib ,
hamkorlikda chirpiramoqqa
hozirlanar bargi xazonlar . . .
***
Xorigan er, charchagan osmon
tong otguncha uyquga ketar.
Zulmat quyuqlashar
va bepoyon dengiz ustidan
begʻamgina koʻtarilar oy . . .
—————————-
Simaki Akaxiko
—————————
***
Gullayotgan oʻtloqlar aro
oʻt — oʻlanli soʻqmoqdan yurib
etib keldim bugʻdoyzorga men.
Va xoʻrsinib, dedim: -Jim — jitlik!
oʻrdak gʻaqilladi menga javoban . . .
***
Yarim kecha
quyuqlashgan tumanlar aro
sizar yogʻdular
va sirgʻalgan oy shuʼlasida
gʻira — shira jilvalanar suv . . .
***
Oʻrmon sayxonligidagi
uzun uzun oʻt -oʻlan oʻsgan oʻtloqda
oʻylanib oʻltirib, yolgʻiz bir oʻzim
togʻli oʻlka bilan xayirlashyapman.
Qaygʻuli va ogʻir bu yurak uchun.
***
Chiroq shuʼlasiga talpinganicha
parvonalar aylanar uchib.
Uyda , men bilan yonma — yon ,
bolalarim uxlar
eski — tuskilarga oʻranib, qotib . . .
***
Yomgʻir tindi, yorishdi osmon.
shundan boʻlsa kerak,
havo toza, muzdek musaffo.
Guruch qogʻozining qirgʻoqlarida ,
yonib tugayotir botish shuʼlasi . . .
***
Jim kimsasiz tungi koʻchalar.
Soʻngan kullar qurumi bosgan
oʻchoq moʻrisining qirgʻoqlarini
qirov bilan bezaydi
izgʻirin ayoz . . .
***
Uzoq uzoqlardan, zulmat qaʼridan
elas elas eshitilar quloqqa
toʻlqinlarning boʻgʻiq shovqini.
Daraxtlar soyasi choʻzilib yotgan
oydinda raqs tushar dexqonlar.
***
Yozayapman , yozayapman ,
qorongʻi tushsada
hatto chiroqni yoqish uchun ham
oʻrnimdan turgim kelmas.
Yolgʻiz qarshilayman oqshomni shunday . . .
***
Dalalarda erib ketdi qor,
qoʻngʻir tuproq yalongʻochlandi
va osilib turar er uzra
botayotgan quyosh lappagi,
koʻrinishi kichik va sovuq . . .
—————————
Nagatsuka Takasi
—————————
***
Dala ortidagi zovurda
boshlarini chiqarib suvdan
baqalar kuylaydi.
Bahorgi oʻrmonlarda esa
kalinalar gullabdi oppoq .
***
Uy oldidagi bogʻda
sukunatli sokin tumanlar.
Tongi gʻira — shirada
badyan shoxlaridan toʻkilgan
xazonlarni supuraman jim.
***
Loviya palaklari
yigʻishtirib olingan.
kuzgi daladagi
toʻrsaygan kulrang tikanlar aro
chigirtkalar chirillar gʻamgin . . .
***
O ,Kameliya guli ,
muzlab sovqotding ,
sovuq shamolda.
senga xech kim achinib boqmas .
oʻxshash bizning taqdirlarimiz . . .
***
Bugun tunda jarangdor
ovoz bilan kuylar chirildoq .
Qaerdadir shu yaqin atrofda —
balki , misol uchun , oshxonada , yoki
sabzovot solingan toʻrvada kuylar . . .
———————-
Koidzumi Tikasi
———————-
***
Botayotgan kunning shuʼlasi
qirmizi yongʻinday shomgi togʻlarda .
bambuklarning qoraygan
soyalari esa aks etar
qogʻoz devorda . . .
***
Qoʻshnilar meni
bugʻli xammomida choʻmilish uchun
taklif qilishdi .
Qaytayotib osmonga boqdim .
uchqunlardi qor . . .
***
Qadrdon doʻstimni
ziyorat qilgani bordim.
Juda erta ochilibdi
oppoq moychechaklar
chetan devorli bogʻlarda.
***
Fonarni oʻchirib
boraman tong saxar chogʻi .
va koʻraman olisda
oppoq tumanlar bulut singari
yumalanib suzar er uzra . . .
———————
Syaku Tyoku
———————-
***
Boʻm — boʻsh yoʻl .
quyiladi atrofga jimlik.
Qichishadi burun katagim
yoqilgan gulxanning achchiq dudidan .
choy qaynatmoqdaman . . .
***
Qalbda xotirjamlik !
baxor boʻronidan soʻng
hamma narsa tinchlandi, mana.
Eshitila boshladi koʻchada yana
yogʻoch kovushlarning toʻqillashlari . . .
***
Bulutlardan sizib oʻtayotgan
oyning xira yogʻdusida
toshayotgan daryo kechuvidagi
sholipoyalar aro
boʻqoq tortgan sholilar xidi . . .
***
Togʻdagi qishloq
qor bosgan daraxtlar .
oppoq osuda jimlik.
Odam ham , it ham koʻrinmas
qargʻalar yuribdi kulbam oldida.
***
Mana , yana qaytib keldim men,
tomida oy porlab turgan oʻsha
togʻdagi pastakkina kulbamga.
Oshxonada yangrar qadrdon qoʻshiq .
bu mening hamxonam — yolgʻiz chirildoq . . .
—————
Xaykular
—————
* * *
Baland qoyadagi daraxtga yana
ilinib qolibdi
mening varragim . . .
Kobayasi ISSA .
* * *
Oyning birinchi kuni , mening ushoqdek
varragim boshqa varraklar bilan
qoʻshilib likillar Edo* ustida . . .
———————
* Edo- Tokioning eski nomi.
Kobayasi ISSA .
* * *
Sel toshqini.
Oh, qanchalar toʻlib oqmoqda
qalʼa atrofidagi zovurlar !
Masaoka SIKI .
* * *
Bahor seli.
Okeanga quyilmoqda
boʻtana suvlar . . .
Yosa BUSON .
* * *
Suv toshqini.
Mushuk tushib ketdi oqimga
Sakrab oʻtolmadi bechora .
XORO
* * *
Bahor shamoli.
Yutoqib — yutoqib suv ichar sichqon
Sumida daryosidan . . .
Kobayasi ISSA .
* * *
Ajoyib varrak koʻtarildi
kambagʻalning tomi ustidan
koʻm — koʻk osmonga . . .
Kobayasi ISSA .
* * *
Qayiq ustida varaqlari
tosh bilan bostirilgan kitob.
Bahor shamollari esar . . .
KITO
* * *
Bahor shamoli .
Turnalar oqarib xurpayar ,
qaragʻaylar orasida . . .
RAYDZON .
* * *
Xuddi odamlarday daydib yuribdi
kaptarlar , chumchuqlar
baliq ovi mavsumida .
Kobayasi ISSA .
* * *
Baliq ovi mavsumida
qisqichbaqa ishonqiramay
oʻlchab yurar qumda oyoq izlarin . . .
ROFU
* * *
Sholi ekish mavsumi.
Ox qancha qaygʻu, qancha tashvishlar
quyilgan — a bu qoʻshiqlarga !
Kobayasi ISSA .
* * *
Dexqon uxlar togʻ etagida,
ketmonchaga boshini qoʻyib.
Toʻrgʻay sayramoqda havoda.
Kobayasi ISSA
* * *
Sholipoya chopgani chiqdim .
Qush ham sayrab qoʻymas aqalli
togʻ yonbagʻrida . . .
Yosa BUSON .
* * *
Men bu erni agʻdargunimcha
ketib qopti dala osmonida
suzib yurgan bir parcha bulut . . .
Yosa BUSON
* * *
Oqshom tutunlari.
Nogʻoralar zirillar gulxan tomonda.
Chalinadi quloqqa qoʻshiq . . .
RYoTA .
* * *
Kun uzoq choʻzilar.
Koʻprikka qoʻnganicha turar tustovuq.
Ketmaydi uchib . . .
Yosa BUSON .
* * *
Kun uzundan uzoq.
Olisdan elas — elas eshitiladi ,
objuvozning horgʻin gʻijiri . . .
YaXA .
* * *
Uzoqda uchmoqda bir gala oʻrdak.
Men ketmonchamni chayqayman.
Gʻaq etadi nimadir suvda . . .
Yosa BUSON .
* * *
Oʻtloq uzra tutun choʻzilgan.
Vaysashmoqda bir narsalar deb
ikkita biya . . .
Kobayasi ISSA .
* * *
Eh sen bulbul!
Loy oyogʻingni arttayapsanmi ,
olxoʻri gullariga . . .
Kobayasi ISSA .
* * *
Bulbul sayrayapti,
har zamonda tashlab qahrli nazar
mening kulbamga . . .
Kobayasi ISSA .
* * *
Dexqon ishlayotgan
orol ustida ham
toʻrgʻay qoʻshigʻi . . .
Kobayasi ISSA .
* * *
Yashil javdarizor.
Toʻrgʻay koʻtarildi dala ustiga
soʻng yana pastladi . . .
ONITSURA .
* * *
Narsalarni yoruqqa qoʻyib,
kuzataman soyalar tugʻilishini
kuzgi choshgoxda . . .
KYoSI .
* * *
Tong yorishar.
Qoʻngʻiroqlar ovozi
tumanlarga belanar.
Matsuo BASYo .
* * *
Kuz kechasi.
Oʻraladi noʻnoq yoʻlovchi
yupqa koʻylakka . . .
Kobayasi ISSA .
* * *
Taralmoqda o — o — o — ou !
Mungli chorlov aks — sadosi.
Tun qoʻynida daydiydi bugʻu . . .
Matsuo BASYo .
* * *
Kuzgi togʻda ibodatxona.
Ayvonda turgancha tingladim maʼyus
bugʻu chorlovin. . .
Kobayasi ISSA .
* * *
Bugʻu ovozi
olisga jaranglab singadi
maʼyus va maʼyus.
Matsuo BASYo .
* * *
Tungi sovuq.
Menga juldur toʻnin qarzga berarmi
daladaga yolgʻiz qoʻriqchi? . .
Matsuo BASYo .
* * *
Izgʻirin.
Uzoqda xurpaygan turnani
koʻrayapman men . . .
Yosa BUSON .
* * *
Poʻsht — poʻsht , chirildoq,
hozir yonboshimga agʻdarilaman.
Qani , joʻnab qol — chi bu erdan !
Kobayasi ISSA .
* * *
Oʻchoq boshidagi kovakka
chirildoq kirib olgan.
Tungi sovuq . . .
Yosa BUSON .
* * *
Kuz kelmoqda.
Bu xaqda xabar olib ,
uchib keldi qizil ninachi .
SIRAO .
* * *
Zogʻcha tutib oldim.
Uning koʻzlariga qarab bildimki,
kuz kelayotir .
DAKOTSU .
* * *
Ilgaklangan eshik.
Hovli sahnasida
oʻynar xazonrez . . .
TEYGA .
* * *
Akillaydi bezovta koʻppak,
ajratib qurigan xazon shitirin.
Xovlida boʻron . . .
Sisey — DZYo .
* * *
Oppoq xrizantema.
Mana qarshisida toʻxtab qaychi ham
qotib qoldi bir daqiqaga .
Yosa BUSON .
* * *
Yangi bogʻ yaratdim.
Nihoyat undagi toshlar namlandi
birinchi qish yomgʻiri . . .
SYaDO .
* * *
Birinchi qish yomgʻiri.
Maymun ham qarshilik qilmaydi
kiydirsang chopon.
Matsuo BASYo .
* * *
Qanday qaysar odam !
Baliq tutar qish yomgʻirida
qosh qoraygan chogʻ . . .
Yosa BUSON .
* * *
Men shamolga qarshi yurayapman.
Soyabonim ortga tortadi
qishki yomgʻirlar vaqti . . .
Sisey — DZYo
* * *
Dexqon keng dalada
menga yoʻl koʻrsatdi
yulingan sholgʻom bilan . . .
Kobayasi ISSA .
* * *
Tovuqlar katakda uxlashayotir.
Qor esa yanada qalinroq
qoplayotir dalalar ustin.
Kobayasi ISSA
* * *
Shamol qalpogʻini uchirib,
savalaydi sellar beayov
Qoʻriqchi dalada . . .
XAGI — DZYo .
* * *
Oydin kecha.
Naqadar ayanchli , naqadar baxtsiz
daladagi qoʻriqchi . . .
Masaoka SIKI .
* * *
Daladagi qoʻriqchi
hatto Xizr boʻlib kelganida ham
boshdan olmas evroqalpogʻin .
DANSUY
* * *
Hoy, hovlida yana ne shovqin?!
Bu qoʻriqchi, kuchli shamolda
erga qulab tushdi gursillab.
BONTYo .
* * *
Gʻoz, yovvoyi gʻoz,
ayt necha yil uchding sarosar
oʻrmonlar ortiga, dengiz ortiga ?. . .
Kobayasi ISSA .
* * *
Yovvoyi gʻozlarning galasi
gʻogʻolab pastladi yaydoq dalaga .
Kuchaymoqda tungi sovuqlar . . .
KYoROKU .
* * *
Qizilishton taqillatmoqda.
Kun botsa ham hamon tinmaydi
hamon oʻsha eski joyida . . .
Kobayasi ISSA
* * *
Oʻchoq boshidagi kovakda
kuylar tamom oʻzin unutib
tanish chirildoq . . .
Matsuo BASYo .
* * *
Teshik soyabon —
qishlov uchun qoʻl keldi juda
Koʻrshapalaklarga !. . .
Yosa BUSON .
* * *
Sovuq tun.
Jigʻimga tegishchun qoʻshnilar atay
qozon taqirlatayotirmi?
Yosa BUSON .
* * *
Sichqon chiqib borar
koʻrpam yonidagi jinchiroq sari.
Yogʻ ham muzlabdi . . .
Yosa BUSON .